O‘zbek tili punktuatsiyasining asosiy qoidalari

Tinish belgilarining gap oxirida qo‘llanishi

1. Nuqta

1. Tugallangan darak gaplarning oxiriga nuqta qo‘yiladi:
Qo‘qon tomon ketyapmiz. Hozirgina bizni kuzatib qolgan bu ajoyib inson to‘g‘risida o‘ylayapmiz. Uni birinchi marta ko‘rishimiz. Faqat bir soatgina u bilan hamsuhbat bo‘ldik. (S.Ahmad)

2. Darak mazmunidagi gaplar tuzilishi jihatidan qanday bo‘lishidan (sodda, qo‘shma, to‘liqsiz, atov, ilova va sh.k.) qat’i nazar, ularning har qanday tipi oxiriga nuqta qo‘yiladi:
Har yil bir keladigan bahor sevinchi yana ko‘ngillarni qitiqlay boshladi. (Cho‘lpon)
Dunyoda qanday yaxshilik va xayriyatlik bo‘lsa, hammasini shu birgina qizi uchun istar va orzu qilardi. (Cho‘lpon)
Qo‘chqor: Bolalaring qani? Qumri: Maktabda. Undan chiqib, to‘g‘ri shu yoqqa kelishadi. (Sh.Boshbekov)
Shavkatning xonasi. Karavotda Binafsha pishillab uxlab yotibdi. (Sh.Boshbekov)
Jalil aka deraza tagida yotardi. To‘shakda. Bolishi baland. (Sh.Xolmirzayev)

3. Agar alohida emotsionallikka ega bo‘lmasa, buyruq gaplar oxiriga nuqta qo‘yiladi:
Foyda chiqadigan tomonini ko‘zlayvering. (A.Qahhor)
Bolalarga biron narsa olib ber. (A.Qahhor)
Erkalikni Begimqulga qiling. (O.Yoqubov)
Eson-omon xizmatni bajarib kel. (O.Yoqubov)

4. Gaplar sarlavha vazifasida qo‘llanganda, darak (va nominativ) mazmunida bo‘lishiga qaramasdan, ularning oxiriga nuqta qo‘yilmaydi:
Mustaqillik o‘zlikni tanimoqdir (B.Qosimov)
Ular xalqning yuragida yashaydi (B.Qosimov).

Ammo sarlavha ikki gap (qism)dan iborat bo‘lsa, mazmun shuni talab qilsa, birinchi qismdan keyin nuqta qo‘yiladi:
Hukmlarning son va sifat jihatidan birlashgan klassifikatsiyasi. Hukmlarda terminlarning bo‘linishi («Logika» o‘quv qo‘llanmasi).

5. Muayyan tasnif tarkibidagi tartibni bildiruvchi raqamlardan keyin nuqta qo‘yilgan bo‘lsa, bu raqamlar bilan ko‘rsatilgan gaplardan keyin ham nuqta qo‘yiladi:
Kelishik shaklidagi so‘zlar gapda boshqa so‘zlar bilan quyidagicha munosabatda bo‘ladi:
1. Qaratqich kelishigi ot bilan otni grammatik aloqaga kiritadi: kitobning varag‘i, odamning gavdasi.
2. Tushum, jo‘nalish, o‘rin, chiqish kelishiklari otni fe’l bilan aloqaga kiritadi: kitobni o‘qidi, bozorga bordim, maktabda ko‘rdim, institutdan keldim («Hozirgi o‘zbek adabiy tili» darsligi).

Ammo mazkur tartibni bildiruvchi raqamlar (yoki harflar) qavs bilan ajratilgan bo‘lsa, ular bilan ko‘rsatilgan gaplarning so‘ngisidan boshqalari oxiriga nuqta emas, balki nuqtali vergul (ba’zan vergul) qo‘yiladi:
Dialektologiya fanining ob’ekti mahalliy lahja va shevalar bo‘lib, maqsadi va vazifasi quyidagilardan iborat:
1) ayrim sheva va dialektlarning fonetik, morfologik, sintaktik va leksik xususiyatlarini har tomonlama tavsif qilish;
2) milliy tilning paydo bo‘lishi va taraqqiyotida shevalarning tutgan o‘rnini va shu milliy tilga asos bo‘lgan shevalarni aniqlash; < …>
5) umumiy o‘xshash lingvistik xususiyatlarini belgilash asosida shevalarning ma’lum hududlarda tarqalish xaritalarini tuzish va shevalarni tasnif qilish («O‘zbek dialektologiyasi» darsligi).

2. So‘roq belgisi

1. So‘roq mazmunidagi gaplar oxiriga so‘roq belgisi qo‘yiladi:
Hay, nima bu hammayoq jimjit bo‘lib qoldi? Zebinisaxon qanilar? Saltanatxon, aylanay, o‘rtoqjoningizni topmaysizmi? (Cho‘lpon)
Odamlar ko‘ngliga Sen ham bitta nihol ekdingmi? Bahra ololdimi bir zot yuragi? Biror qalb g‘uborin yuva oldingmi? Sen ham o‘z she’rlaring zamiridagi Sho‘r suvlarni quva oldingmi? (E.Vohidov)

2. So‘roq mazmunidagi gaplar qanday vositalar yordamida shakllangan bo‘lishidan (so‘roq olmoshlari, so‘roq-taajjub yuklamalari, so‘roq intonatsiyasi va sh.k.) qat’i nazar, ularning har qanday ko‘rinishi oxiriga so‘roq belgisi qo‘yiladi:
Sizlar amal talashgan chog‘da Kim turg‘izar burchakka sizni? (E.Vohidov)
Janob Pakavira, Hindistonga qachon kelgansiz? Uch yil? Uch yildan buyon qayerda istiqomat qilmoqdasiz? (P.Qodirov)
Xo‘p, Binafsha. Familiyasi?
— A?.. Kimni?..
— O‘zingizning bolangizmi, axir? (Sh.Boshbekov)
Yo‘q, familiyangiz? Qurbonov? Aha, yaxshi, yaxshi! Sog‘liq qalay, o‘rtoq Qurbonov? Otday bo‘lib yuribsizmi? (T.Murod)
Ichingda armonlaring bordir, axir? (S.Ahmad)

3. So‘roq mazmuni ifodalangan sodda gaplarning ham, qo‘shma gaplarning ham oxiriga so‘roq belgisi qo‘yiladi:
Sen… bu yerda nima qilib yuribsan? (O.Yoqubov)
Esingizdami, bir marta ikkalamiz yalpiz tergan edik? (O‘.Umarbekov)

Ammo gapda kuchli emotsionallik, his-hayajon mavjud bo‘lganda, so‘roq belgisidan keyin undov belgisi ham qo‘yiladi:
Qachon jilovlab qo‘yiladi bu ig‘vogar, g‘alamislar-a?! Qachon bartaraf bo‘ladi bu anonimchilar-a?! (T.Murod)
O‘tgan bozor kuni yegan anoringni o‘ynashing olib kelganmidi?! (A.Qahhor)
Asqarali tog‘a, bas endi, shu choyni ichaymi-yo‘qmi?! (T.Malik)
O‘g‘lingiz ot olmoqchi edi bu pulga, sizda insof degan narsa bormi?! (T.Malik)

4. Qo‘shma gaplar (bog‘lovchisiz bog‘langan, bog‘lovchili bog‘langan, ergashgan) komponentlarining har ikkisida ham so‘roq mazmuni ifodalanishi mumkin, ammo so‘roq belgisi faqat yaxlit qo‘shma gapning oxiriga qo‘yiladi:
Nega yerda uchrashdilar bu ikki malak, Nega suhbat qurmadilar fazolar aro? (E.Vohidov)
O‘rniga kim ekan — bilsak bo‘ladimi? (E.A’zam)
Biz, rahbarlarga ishonasizmi yo mana shunga o‘xshagan podachiga ishonasizmi? (T.Murod)
Bu o‘zingning fikringmi yo biror ko‘rsatma bormi? (T.Malik)
Rang-ro‘yingga nima bo‘ldi, tuzukmisan o‘zi? (E.A’zam)

5. Qo‘shma gaplar (bog‘lovchisiz bog‘langan, bog‘lovchili bog‘langan, ergashgan) komponentlarining faqat bittasida so‘roq mazmuni ifodalanishi mumkin, ammo so‘roq mazmunini ifodalagan komponentning oldin yoki keyin turishidan qat’i nazar, so‘roq belgisi yaxlit qo‘shma gapning oxiriga qo‘yiladi:
Otasi ham hayron: kimga tortgan bu qiz? (O‘.Hoshimov)
Avval menga ayting, shu qishloq qizidan olim chiqadimi? (S.Ahmad)
Shu ahvolda o‘lib-netib ketsang, shuncha bola chirqillab qolishini o‘yladingmi? (S.Ahmad)
Darhaqiqat, tuyaning ustiga g‘am yukini ortsa, nega kofirlar ozod bo‘ladi? (S.Ahmad)
Esingizdami, bir marta ikkalamiz yalpiz tergan edik? (O‘.Umarbekov)
Jalil ota karaxt tortib qoldi: qayoqdan paydo bo‘ldi bu dard? (Sh.Xolmirzayev)
Qanday donishmand odamsizki, qalbimni darhol bildingiz? (Sh.Xolmirzayev)

6. Ritorik so‘roq gaplar oxiriga, asosan, so‘roq belgisi qo‘yiladi:
Biron orzusi bo‘lmagan, biron narsaga intilmagan odamning mushukdan nima farqi bor? (A.Qahhor)

Ammo gapda kuchli emotsionallik, his-hayajon mavjud bo‘lganda, so‘roq belgisidan keyin undov belgisi ham qo‘yiladi:
Xalqini sevgan qaysi farzand Vatanini ozod ko‘rishni xohlamaydi?! (E.A’zam)

7. So‘roq mazmunidagi gaplar sarlavha vazifasida qo‘llanganda, ulardan keyin so‘roq belgisi qo‘yiladi:
Toshpo‘lat tajang nima deydi? (A.Qodiriy)
Shamol nimadan paydo bo‘ladir? (Cho‘lpon)
Men nechun sevaman O‘zbekistonni? (A.Oripov)
Vatanni nega sevadilar? (B.Qosimov)
O‘zbekistonda kim yaxshi yashaydi? (Sh.Jabborov)

8. O‘zganing fikr-mulohazasiga shubha yoki e’tiroz-norozilikni ifodalash uchun ba’zan matnda mazkur fikr-mulohaza bayon qilingan iqtibosdan keyin qavsga olingan so‘roq belgisi qo‘yiladi:
Nasriy ifoda bo‘lsa: «Bu Zarafshon daryosi tepalikda joylashgani uchun (?) «Ko‘hak» deb nom berdilar… Shu tepalikdan pastga qarab quyilgani uchun ham (?) Zarafshonni Ko‘hak daryosi deydilar»(104-bet). Samarqand Afrikada yoinki Amerika qit’asida emas, shundaygina ikki qadam joyda, ko‘pchiligimiz ko‘rganmiz va Zarafshonning qayerdan, qanday oqishini bilamiz. Hech zamonda daryo tepalikdan pastga qarab oqqanmi? (N.Komilov. «Tarjimami yo talqin?» maqolasi.)

3. Undov belgisi

1. Undov gaplar oxiriga undov belgisi qo‘yiladi:
Buni qarang, unashtirishni to‘y deb yursa-ya! Qo‘ying, domlasi, hozir unashtirishdan ham aynidim! Vaqt-soati yetganda bo‘lar! Vaqt-soati yetganda, kuyovni o‘zingiz topasiz! To‘yga o‘zingiz bosh bo‘lasiz! (A.Qahhor)

2. Tarkibida emotsionallikni kuchaytiradigan qanday, qanchalik, qanaqa, naqadar, muncha, bunchalik kabi so‘zlar mavjud bo‘lgan gaplar oxiriga undov belgisi qo‘yiladi:
Yashash qanday yaxshi, tag‘in shunday katta, go‘zal shaharda! (O‘.Umarbekov)
Qara, u qanday yaxshi yigit! (O‘.Umarbekov)
Hayot! U naqadar murakkab va naqadar ulug‘! (O‘.Umarbekov)
Bu yo‘l naqadar ulug‘, sehrli va muqaddasdir! (U.Hamdam)
Chand bibi Humoyunga tegmasdan oldin qanchalik sho‘x va quvnoq edi! (P.Qodirov)
Muloyim qo‘llarda ivib, suvga aylangandan keyin go‘zal ko‘zlarning supasida yonboshlashni muncha yaxshi ko‘rar ekan bu ko‘kat! (Cho‘lpon)
Ohanrabongiz bunchalik zo‘r bo‘lmasa! (E.A’zam)

3. Emotsionallik darajasi kuchli bo‘lgan ritorik so‘roq gaplar oxiriga ba’zan undov belgisi qo‘yiladi:
Ona o‘z bolasiga yomonlikni ravo ko‘radimi! (A.Qahhor)

4. Buyruq, talab, undash mazmuni emotsional shaklda buyruq maylidagi fe’l yoki boshqa vositalar orqali ifodalangan buyruq gaplar oxiriga undov belgisi qo‘yiladi:
Shukur qiling! Sevining! Mundoq bir kuling! Kulimsirang! Iljaying! (Cho‘lpon)
Baxt xususida uni yanglishtirmang! Yanglishtirmang qiz bechorani! (A.Qahhor)
Qizingizning baxtini birovlarning ostonasidan qidirmang! (A.Qahhor)
Oyijon, qani, bu yoqqa! (S.Ahmad)

5. His-hayajon intonatsiyasi bilan talaffuz qilingan nominativ gaplar oxiriga undov belgisi qo‘yiladi:
Favqulodda manzara! (Kitlar osmonda uchib ketayotgan turnalar kabi o‘tkir uchburchak hosil qilib suzib borishar edi.) (Ch.Aytmatov)
Ana turmush! Ana kuyov-qayliq! (Poshshaxon bilan Sultonxon qayliq bo‘libdimi?) (Cho‘lpon)
Shunday go‘zalga musht ko‘tarish! (O.Yoqubov)
Ammo bu og‘riq, bu xo‘rliklarga chidamoq! (E.A’zam)

6. Murojaat ob’ektini ko‘rsatuvchi, ya’ni vokativ gaplar odatda emotsionallikka ega bo‘ladi va ular oxiriga undov belgisi qo‘yiladi:
Ona tilim! Mehring bu qadar O‘rtaguvchi ekan jonimga. (E.Vohidov)
Do‘stlar! Siz ham Matmusa Hikmatin unutmanglar. (E.Vohidov)
Enaxon! Jonim o‘rtog‘im! Bormisiz? (Cho‘lpon)

7. Emfatik urg‘u olgan so‘zni emotsionallikni kuchaytirish maqsadida takrorlash holatlari mavjud bo‘lgan gaplar oxiriga undov belgisi qo‘yiladi:
Ha, ot surmoq darkor, ot surmoq! (O.Yoqubov)
Yonib yasha to tanda jon bor, Quyosh bo‘lgin, azizim, quyosh! (E.Vohidov)
Zebixonni qarang, Zebixonni! (Cho‘lpon)

8. Emotsionallikni kuchaytirish maqsadida bo‘laklari inversiv holatda (odatdagi tartibdan farqli) qo‘llangan gaplar oxiriga undov belgisi qo‘yiladi:
O‘lganim yaxshi mening! — dedi u. — Ko‘ngildagidek bir siylay olmasam mehmonlarimni! (Cho‘lpon)
Orzusiga endi yetdi u! (O‘.Umarbekov)

9. Undovlar alohida gap vazifasida kelganda, undan keyin undov belgisi qo‘yiladi:
Oh! U yoqda xo‘rladilar, bu yoqda kaltakladilar (R.Haydarova)
Hoy! Ovqatlaringdan darak bormi? (O‘.Umarbekov)
Obbo! Yana kutarkanmiz-da! (O‘.Umarbekov)
Kisht! Kisht-e, qirilibgina ketgur!.. (Sh.Boshbekov)

10. Tarkibida his-hayajon undovlari mavjud bo‘lgan gaplarda emotsionallik yorqin ifodalanadi va bunday gaplar oxiriga undov belgisi qo‘yiladi:
O ayol qalbi! Dunyoda mavjud barcha fojialar sel bo‘lib yopirilsa chidar-u, ammo erining xiyonatiga sira-sira chiday olmas! (T.Malik)
Ey Odam farzandlari! U o‘limni va hayotni sizlarning qaysi birlaringiz amalda yaxshiroq ekanliklaringizni sinash uchun yaratgandir. (T.Malik)
Eh, xo‘rlik qursin! (Oybek)
O‘sha lahza ona bilan farzand orasi, Oh, naqadar yaqin edi, naqadar uzoq! (E.Vohidov)

11. Salomlashish-xayrlashish, tabrik, minnatdorlik, tashakkur, uzrxohlik, ma’qullash, rag‘batlantirish kabi muomala odatlarini bildiradigan gaplarda ham ko‘pincha emotsionallik yorqin ifodalanadi va ularning oxiriga undov belgisi qo‘yiladi:
Men ketdim! Xayr! (O‘.Hoshimov)
Xayriyat! (Bu kimsasiz orolda bittagina insofli tirik odam bor ekan!) (T.Malik)
Marhamat! (Ulug‘sifat bo‘lib ko‘rinish uchun — o‘ttiz yoshdaman demoqchi edi) (Ch.Aytmatov)
Ofarin! Haq gapni aytayotir! (Ch.Aytmatov)
(Bunga chidash mumkinmi?!) Yo‘q! (T.Malik)
Balli! Ot aylanib qozig‘ini topadi! (A.Qahhor)
Avvalambor, to‘ylaring muborak bo‘lsin! (Sh.Xolmirzayev)

12. Gapda emotsionallik darajasining behad ortiq ekanligini ko‘rsatish uchun ba’zan gap oxiriga birdan ortiq (uchtagacha) undov belgisi qo‘yilishi mumkin:
Voy dod! Ayajon!! — qichqirdi kimdir. — Meni tashlab ketmang, ayajon!!! (O‘.Umarbekov)
Ha, men o‘g‘riman!!! Shu yo‘l bilan kun ko‘raman! Sen tug‘ilguninggachayam shunaqa edi. (Sh.Boshbekov)

13. Undov gaplar sarlavha vazifasida qo‘llanganda ham ularning oxiriga undov belgisi qo‘yiladi:
Ko‘klam keladir! (Cho‘lpon. She’r sarlavhasi)
Qovun tushiray debman-ku! (S.Ahmad. Hajviy hikoya sarlavhasi)

14. O‘zganing fikr-mulohazasiga muallifning o‘ta ma’qullash, alohida ta’kidlash, rozilik yoki kinoya-achchiqlanish, ajablanish munosabatini ifodalash uchun ba’zan matnda mazkur fikr-mulohaza bayon qilingan iqtibosdan keyin qavsga olingan undov belgisi qo‘yiladi:
Iqtisodiy yuksalish natijasida, turmush darajasi sezilarli ravishda yaxshilangan onalar o‘limi 2 barobar, bolalar o‘limi 3 barobar kamaygan, odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi 67 yoshdan 73 (!) yoshga, jumladan, ayollarning o‘rtacha umr ko‘rishi 75 (!) yoshga yetgan. (A.Ibrohimov. «Umrimiz boqiydir, boqiy!» maqolasi)
Lekin bu fikrlarga kelguncha she’rning markaziy qismidagi vaqtning yangi tufli kiyib o‘tishi-yu lirik qahramonning eti (!) eski tuflilardek teshilib ketishi nimani anglatadi, harchand tirishmay, idrok etolmadim. (B.Nazarov. «Yigirma yoshdagi shoirlarimiz» maqolasi)

4. Ko‘pnuqta

1. Mazmunan tugallanmagan darak gaplar oxiriga ko‘pnuqta qo‘yiladi:
To‘yni kelasi yil qilsak qilarmiz… (A.Qahhor)
Poyezdga bilet olib qo‘ygan bo‘lsak, poyezd uch soatdan keyin ketsa… (A.Qahhor)
Bo‘lmasa, kunda nima ayb, xudoning hamishagidek karami keng bir kuni… (A.A’zam)

2. Gapdagi turli uzilishlarni ko‘rsatish uchun ko‘pnuqta qo‘yiladi:
Hay-hay, ukam, shundoq baobro‘ odam sizni ko‘rgani kelsa-yu, siz xursand bo‘lish o‘rniga… (A.A’zam)

3. Gap muallifining o‘ylanib qolish, ikkilanish, hayajonlanish kabi holatlarini ko‘rsatish uchun ko‘pnuqta qo‘yiladi:
O‘zing tengi bolalar lager palatkalarida maza qilib uxlab yotganida, sen suv sepib, yo‘lka supurishing… Nima desam ekan… Sal alam qiladi kishiga. (O‘.Hoshimov)
Mayli, chavgonni… ertaga peshindan so‘ng tamosho qilg‘aymiz. (P.Qodirov)
Hazratim, ijozat bering, — dedi. — Men qizni… ko‘rib, rizoligini olmaguncha… kimligini aytmay turay. (P.Qodirov)

4. Nutqda kutilmaganda bir fikrdan boshqasiga o‘tib ketishni ko‘rsatish uchun gapda ayni o‘tish o‘rniga ko‘pnuqta qo‘yiladi:
Seni siypab, erkalatib, Asta-sekin ko‘kartirgan Go‘zal ko‘klam… o‘tib ketdi. (Cho‘lpon)
Yarim kechada uyga qaytsam… hammayoq jimjit. (O‘.Hoshimov)

5. Gapda berilgan sanoqdagi qatorni yana davom ettirish mumkinligini, uning tugamaganligini ko‘rsatish uchun ko‘pnuqta qo‘yiladi:
Gullarning nomini juda topib qo‘yishadi-da, — dedi, — tugmachagul, gulibeor, qirqog‘ayni, oqqaldirg‘och… (N.Eshonqul)
Bolaligimda ko‘p kasal bo‘lardim: qizamiq, ko‘kyo‘tal, bezgak… (O‘.Hoshimov)

5. Mazmuni aniq ochilmagan gaplardan keyin ko‘pnuqta qo‘yiladi va undan keyin shu mazmunni ochadigan gap keltiriladi:
1914 yil… Shu yildan o‘zbek she’riyati osmonida «Cho‘lpon» degan mitti yulduz charaqlay boshladi. (N.Karimov)

6. Matnda muayyan sabab bilan uzilib qolgan fikr bayonining davom ettirilganini ko‘rsatish uchun gap boshiga ko‘pnuqta qo‘yiladi:
…Bolaligimni eslasam, iliq yoz kechalari ko‘z oldimga keladi. (O‘.Hoshimov)
…Bu tushning oxiri emas edi. Bu ibtidosi edi. (N.Eshonqul)

7. Sarlavha vazifasida qo‘llangan gaplardan keyin mazmun taqozosiga muvofiq ko‘pnuqta qo‘yiladi:
Bir yigit kuylar ekan… (Oybek. She’r sarlavhasi)
Yoshlikni eslab… (Oybek. She’r sarlavhasi)
Iztirob ekan-ku muhabbat!.. (X.Do‘stmuhammad. Hikoyalar turkumining nomi.)

Tinish belgilarining gap ichida qo‘llanishi

1. Vergul

1. Gapda bog‘lovchisiz, tenglanish intonatsiyasi bilan bog‘langan uyushiq bo‘laklar bir-biridan vergul bilan ajratiladi:
Kitob, qalam, daftar bo‘lsin yo‘ldoshing. (Habibiy)
Bir kuni avliyoning huzuriga baland bo‘yli, uzun sochlari yelkasiga tushgan, yalangoyoq bir odam kirib keladi. (I.Sulton)
Stolga ikkita muzqaymoq, bir shisha limonad, ikkita bo‘sh stakan qo‘yildi. (Sh.Boshbekov)

2. Zidlovchi teng bog‘lovchilar vositasida bog‘langan uyushiq bo‘laklar ishtirok etgan gaplarda mazkur bog‘lovchilardan oldin vergul qo‘yiladi:
Dadam sekin, ammo tahdidli ohangda dedi. (O‘.Hoshimov)
Oqto‘sh Xo‘jayinning rahmi kelayotganini, lekin ilojsiz ekanini tushundi. (B.Murod Ali)
Mingboshi bu birgina, lekin kutilmagan so‘zga bir oz hayron bo‘ldi. (Cho‘lpon)

3. Takror qo‘llanuvchi teng bog‘lovchi yoki bog‘lovchi vazifasidagi birliklar (biriktiruvchi, ayiruvchi, inkor) vositasida bog‘langan uyushiq bo‘laklar vergul bilan ajratiladi:
Odam bir yo‘la ham muhabbatidan, ham do‘stidan ajralib qolsa yomon bo‘larkan. (O‘.Hoshimov)
Yo qayg‘u, yo sevinch ko‘zga berar yosh. (I.Mirzo)
O‘ldiradir bir kun meni yo unisi, yo bunisi. (A.Obidjon)
Oyim goh menga, goh Hoji buvaga qarar edi. (O‘.Hoshimov)
Yo‘lchi ba’zan yolg‘iz, ba’zan o‘z yoniga birovni hamroh qilib, suv keltirar edi. (Oybek)
Bunda bor na ofat, na g‘urbat, na g‘am. (G‘.G‘ulom)
Lekin hozir bu haqda o‘ylashga uning na imkoni, na xohishi bor edi. (O‘.Umarbekov)

4. Murojaat ob’ektini ifodalovchi undalmalar gapning boshida kelganda, undan keyin, gap o‘rtasida kelganda, har ikki tomonidan, gap oxirida kelganda esa undan oldin vergul qo‘yiladi:
O‘g‘lim, gapimga diqqat bilan quloq sol. (I.Sulton)
Xudoning dargohi keng, o‘g‘lim, tavba qil. (I.Sulton)
O‘zingiz ayta qoling, Matlubaxon. (O.Yoqubov)

5. Undovlar gapning boshida kelganda, undan keyin, gap o‘rtasida kelganda, har ikki tomonidan, gap oxirida kelganda esa undan oldin vergul qo‘yiladi:
Ajabo, sening qismating biznikidan farqli emasmidi? (I.Sulton)
Voy, muncha ochilib ketibsan! (O.Yoqubov)
Kuzatishda foydalaniladigan zamonaviy uskunalarning rivojlanib ketgani esa, eh-he-e, alohida mavzu. (X.Do‘stmuhammad)
Shu tobda bir g‘aram bedaning ustiga chiqib cho‘zilsang bormi, oh, buning gashtiga nima yetsin! (M.Mansur)
Vaqt-soati yetganga o‘xshayapti, uf-f. (X.Do‘stmuhammad)

Ammo gapda undalmalardan oldin kelgan undovlar odatda undash, murojaatni kuchli darajada ifodalash uchun xizmat qiladi, shuning uchun undalmalar oldidan kelgan undovlardan so‘ng odatda vergul qo‘yilmaydi:
Kel, ey Furqat, suxanni muxtasar qil. (Furqat)
Ey qotil, nega shunday azim terakni nobud qilding? («El desa Navoiyni» kitobi)
Kunlar g‘animat, e og‘a, bu davru davron qaytmagay. (A.Obidjon)
Hoy egachi, shu yerlikmisiz? (O‘.Hoshimov)
Chuh jonivor, chuh (Ch.Aytmatov)

6. Kirish so‘z va kirish birikmalar (so‘zlovchining bayon qilinayotgan fikrga munosabatini ifodalaydi) gapning boshida kelganda, undan keyin, gap o‘rtasida kelganda, har ikki tomonidan, gap oxirida kelganda esa undan oldin vergul qo‘yiladi:
Afsuski, u haqiqatning yuza qatlaminigina ko‘ra oldi. (I.Sulton)
Nihoyat, mo‘ljallagan joyiga yetib keldi. (Sh.Boshbekov)
Juvonning toqati toq bo‘ldi, shekilli, dumalayotgan o‘g‘lini yerdan yulqib ko‘tardi. (O‘.Hoshimov)
Oftobni ona deyishlari, ehtimol, shundandir. (O‘.Hoshimov)
Hali hech kim bilmaydi, menimcha. (A.Namozov)
Ularning fikricha, Akbarning shuhrati va obro‘si davlat manfaatlariga xizmat qiladi. (P.Qodirov)
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smirlar olamidagi jinoyatning 70 foizi aynan shu badmastlik oqibati ekan. (T.Malik)
Mavlono Majdiddinning aytishiga ko‘ra, xazinada atigi ikki tuman ham pul qolmabdur. (I.Sulton)
Ko‘p emas, bir-ikki kun birga ulfatchilik qilib, o‘z ta’biri bilan aytganda, «jinnilik» qilib ketadi. (O.Yoqubov)

7. Kirish gaplar (so‘zlovchining bayon qilinayotgan fikrga munosabatini ifodalaydi) ham asosiy gapning boshida kelganda, undan keyin, o‘rtasida kelganda, har ikki tomonidan, oxirida kelganda esa undan oldin vergul qo‘yiladi:
O‘ylab qarasam, pastkashlikning katta-kichigi bo‘lmas ekan. (S.Ahmad)
O‘zingiz bilasiz, nimaiki yangi gap chiqsa, avval shofyor xalqi biladi. (S.Ahmad)
Men sizga aytsam, o‘rtoq Eshquvvatov, asrimizning o‘ziga xos kasalliklaridan biri ham shu… asab kasalligi bo‘lyapti. (Sh.Xolmirzayev)
Bamisoli qalam emas, men sizga aytsam, ovozsiz o‘qday gap bu. (A.Muxtor)
Chorva ham, o‘zingiz bilasiz, haminqadar. (S.Ahmad)
Bir parcha qog‘ozga yozilgan jo‘ngina xat har qanday odamning boshiga yetardi, men sizga aytsam. (A.Muxtor)
Sizni dog‘da qoldirmaydi, ishonavering! (U.Uteuliyev)

8. Gapda qani, nima, xo‘sh kabi so‘zlar gap bo‘laklari bilan grammatik aloqaga kirishmagan holda turli modal ma’no nozikliklarini ifodalashga xizmat qilib, asosiy gapning boshida kelganda, undan keyin, o‘rtasida kelganda, har ikki tomonidan, oxirida kelganda esa undan oldin vergul qo‘yiladi:
Qani, Yo‘ldoshali, oshga qarang. (O.Jorqinboyev)
Nima, men go‘dakmidim? (Sh.Xolmirzayev)
Men qachon nonu tuz ko‘tarib, yovuzlarga peshvoz chiqqan ekanman, qani, ayt! (A.Muxtor)
Xo‘sh, nima qilish kerak endi? (Sh.Xolmirzayev)
Suvi bir xil, yeri bir xil, lekin ikkita baravarini topib ber, qani? (A.A’zam)
Tushundim, xo‘sh? (T.Murod)

Ba’zan mazkur so‘zlar yonma-yon kelsa, ular ham bir-biridan vergul bilan ajratiladi:
Xo‘sh, qani, bizga qanday xabarlar keltirdingiz? (E.Vohidov)
Qani, xo‘sh, masalan, choynakning qopqog‘ini ruscha nima deydi? (A.Qahhor)

9. Salomlashish-xayrlashish, tabrik, minnatdorlik, tashakkur, uzrxohlik, ma’qullash, rag‘batlantirish kabi muomala odatlarini bildiradigan so‘z va qoliplashgan birikmalar gap boshida kelsa, undan keyin, o‘rtasida kelsa, har ikki tomonidan, oxirida kelganda esa undan oldin vergul qo‘yiladi:
Salom, Amirqul aka, hormang! (O‘.Umarbekov)
Xayr, siz bilan kechqurun ko‘rishamiz. (T.Malik)
Uzr, tajribasizlik qilibman. (A.Meliboyev)
Og‘ayni, tegib ketgan bo‘lsa, uzr, kechiring. (A.Obidjon)
Rahmat, do‘stlar, buning hojati yo‘q. (P.Qodirov)
Marhamat, keling, o‘rtoq Abdurahmonov! (Sh.Xolmirzayev)
Xudoga shukur, qo‘shnilarim tillo odamlar. (T.Malik)
Shukur, sog‘, ba’zi ishlar bilan bo‘lib kelolmadi. (A.Qodiriy)
Men esam, shukur, yuzdan o‘tdim. (A.Abdullayev)

10.  Gapda tasdiq (ha, xo‘p, mayli) va inkorni (yo‘q) bildiradigan so‘zlar alohida gap yoki gap bo‘lagi vazifasida qo‘llanmagan va boshqa gap bo‘lagi bilan grammatik aloqaga kirishmagan hollarda ular vergul bilan ajratiladi:
Ha, balli, buni fahmlab yetibsan. (T.Malik)
Xo‘p, men shug‘ullanaman bu bilan. (O‘.Umarbekov)
Mayli, yaxshi o‘qish bo‘lsa bora qolsin. (O‘.Umarbekov)
Yo‘q, u ertaga uchrashuvga bormaydi. (O.Yoqubov)
Sen-ku, mayli, o‘zimiznikisan. (U.Hamdam)

Tasdiqni bildiruvchi so‘zlar yonma-yon qo‘llanganda, ular vergul bilan ajratiladi:
Ha, mayli, bir piyola choy ichsak ichibmiz-da. (U.Hamdam)
Xo‘p, mayli, agar Otani sizning makoningizga olib borsam, yaxshi kuta olasizmi? (O.Yoqubov)

11.  Gapda takrorlangan so‘zlar orasiga vergul qo‘yiladi:
Qani, qani, mehmonlarning qo‘liga suv quyvoringlar. (A.Obidjon)
Kelib, mana, Farhodning uyqusini buzishibdi, uzr, uzr.
(E.A’zam)
Rahmat, rahmat, o‘zlari ko‘raversinlar. (E.A’zam)
Hozir, hozir mo‘yqalamni olamanu… mana bunday qilib… (O.Jorqinboyev)
Bas, bas! Buyog‘ini eshiting, opa. (Sh.Xolmirzayev)
Yo‘q, yo‘q, siz meni jentlmenlik yoshidan o‘tgan deb o‘ylamang. (P.Qodirov)

12.  Muayyan ikkinchi darajali bo‘lakni mazmun va mantiq jihatidan odatdagiga qaraganda kuchli, ta’sirli, emotsional qilib berish, uning ma’nosini izohlash, aniqlashtirish maqsadi bilan mazkur bo‘lak gapda ajratiladi va bunday ajratilgan bo‘laklarning har ikki tomoniga odatda vergul qo‘yiladi (ba’zan ifoda maqsadiga muvofiq tire ham qo‘llanadi, bu haqda quyiroqda aytiladi):
Enaxonning onasi, o‘zi pakana va uning ustiga bukchaygan kampir, o‘yin qilgan bo‘lib, hammani kuldirdi. (Cho‘lpon)
Onam uvushgan oyoqlarini uqalagancha orqaga, bola yig‘layotgan tomonga, qarab ketdi. (O‘.Hoshimov)
Qayerdadir, yaqin joyda, daryo shovullaydi. (O‘.Hoshimov)
Haligi yigit, qo‘lida tuguni bor edi-ku, sartarosh, ertaga ta’tilga chiqar ekan. (A.G‘ulomov)
Nasihatimni, otangning so‘zini, esingda tut. (A.G‘ulomov)
Kechqurun, yotar paytda, kampir ikkovini yoniga chaqirib, o‘z fikrini aytdi. (Cho‘lpon)

13.  Gapda -(i)b qo‘shimchasi bilan yasalgan ravishdoshlar o‘ziga tobe boshqa so‘zlar bilan kengayib kelganda, ulardan keyin vergul qo‘yiladi:
Uni kim quchoqlab, kim o‘padi? (Cho‘lpon)
Binafsha uzoqdan yugurib kelib, dadasining bo‘yniga osilib oldi. (Sh.Boshbekov)
Ular soy bo‘yiga chodir tikib, bir-ikki hafta turishgan edi. (O.Yoqubov)
Qaysi bir yil olis bir qishloqdan o‘gay akasi kelib, uch-to‘rt kun qo‘nib ketgan edi. (Cho‘lpon)
Siz, axir, men bilan bir shapaloq yerni talashib, shu to‘g‘rida nari-beri bo‘lishib, shu tufayli shaharga kelib qolgan edingiz… (Cho‘lpon)

Ammo -(i)b qo‘shimchasi bilan yasalgan ravishdoshlar o‘ziga tobe boshqa so‘zlar bilan kengaymagan bo‘lsa, ravishdoshlar odatdagi ravishlar bilan bir xil ma’noviy-grammatik maqomda bo‘ladi va shuning uchun ulardan keyin vergul qo‘yilmaydi:
Qo‘shni xonada turadigan bir qiz yugurib kirdi. (O.Yoqubov)
Divanda g‘ujanak bo‘lib uxlab yotar edi. (O.Yoqubov)
Kotiba ko‘zlarini pirpiratib chiqib ketdi. (A.Namozov)

Biroq kengaymagan ravishdosh bilan fe’l kesim orasida to‘ldiruvchi yoki hol vazifasidagi so‘zlar kelganda, shu bo‘limning 13-bandidagi kabi, ravishdoshdan so‘ng vergul qo‘yiladi:
Matluba bir-bir bosib, orqaga qaytdi. (O.Yoqubov)
Ko‘klamning sayroqi qushlari tabiat ko‘rinishlarini kuylamoqdalar, ko‘m-ko‘k ko‘katlar silkinib, qushlarni olqishlamoqdalar. (Oybek)

Shuningdek, -(i)b qo‘shimchasi bilan yasalgan ravishdoshli qurilmalar tilda idiomatik, frazeologik iboralarga aylanib qolgan bo‘lsa, ulardan keyin vergul qo‘yilmaydi:
Bugun… yeng shimarib ishlab o‘tirsam, qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. (A.Meliboyev)
Og‘zingga qarab gapir, men Vatan uchun jang qilib edim! (T.Murod)
Ammo ko‘zingga qarab ishla. (O‘.Hoshimov)

14. Gapda -gach qo‘shimchasi bilan yasalgan ravishdoshlar o‘ziga tobe boshqa so‘zlar bilan kengayib kelganda, ulardan keyin vergul qo‘yiladi:
Bir marta qaysi bir to‘y bir haftaga cho‘zilib ketgach, oltinchi kuni bizning so‘fi eshondan so‘ramay qochib kelgan! (Cho‘lpon)
So‘fining baqirishidan so‘ng bir oz shoshib turgach, ular yugurgancha uyga kirdilar. (Cho‘lpon)
Hech natija bo‘lmagach, uni bo‘shatishga qaror qilindi. (T.Sodiqova)
Maydonga to‘rtta nazoratchi kirib kelgach, gazetchilar shaqirlatib suratga tushira boshlashdi. (N.Eshonqul)

15. Gapda -gan qo‘shimchasi bilan yasalgan va o‘rin-payt kelishigining qo‘shimchasini olgan sifatdoshlar o‘ziga tobe so‘zlar bilan kengayib kelganda, ulardan keyin vergul qo‘yiladi:
Otam cho‘ponlik qilganda, men qo‘zi-uloq boqqanman. (Sh.Xolmirzayev)
Ular dabdurustdan o‘rinlaridan turishganda, tag‘in xijolat hissi ezdi meni. (Sh.Xolmirzayev)
Qosimjon mashinada xotinini bir aylantirmoqchi bo‘lib turganda, eshik taqillab qoldi. (S.Ahmad)
O‘yin tamom bo‘lib, palov dasturxoni yozilganda, oy ancha balandga ko‘tarilgan edi. (Cho‘lpon)

Ammo gapda -gan qo‘shimchasi bilan yasalgan va o‘rin-payt kelishigi qo‘shimchasini olgan sifatdoshlar o‘ziga tobe so‘zlar bilan kengayib kelmagan bo‘lsa, ulardan keyin vergul qo‘yilmaydi:
Kutilmaganda yaqinginada Eronga otlangan Amir Temur Ko‘ragondan chopar yetganini aytdilar. (M.Ali)
Kulganda ham silkinib-silkinib kuladi. (S.Ahmad)
O‘n so‘m qarz berib turing, xotinim kelganda beradi. (S.Ahmad)
Qariganda gina-kuduratni unutib, bordi-keldi qilaylik. (T.Malik)

Shuningdek, -gan qo‘shimchasi bilan yasalgan va o‘rin-payt kelishigi qo‘shimchasini olgan sifatdoshli qurilmalar tilda idiomatik, frazeologik iboralarga aylanib qolgan bo‘lsa, ulardan keyin vergul qo‘yilmaydi:
Ko‘pam hovliqavermanglar, kelinni kelganda ko‘r, sepini yoyganda ko‘r. (S.Ahmad)
U kun bo‘yi saroydagi do‘kondan chiqmas, uyga qosh qorayganda qaytardi. (T.Malik)
Noinsofning kech kirganda uxlashini qarang! (Cho‘lpon) Bir yilgacha marosimlarni o‘tkazaman deb, qoqqanda qozig‘im, osganda xurmacham qolmaydi. (S.Ahmad)

16.  Bog‘lovchisiz bog‘langan qo‘shma gap tarkibidagi gaplar o‘rtasida alohida mazmuniy munosabatlar mavjud bo‘lmay, bu gaplar bir paytda yoki ketma-ket sodir bo‘lgan (bo‘ladigan, bo‘layotgan) voqea-hodisalarni ifodalasa, odatda, ular o‘rtasiga vergul qo‘yiladi:
Ko‘klamning sayroqi qushlari tabiat ko‘rinishlarini kuylamoqdalar, ko‘m-ko‘k ko‘katlar silkinib, qushlarni olqishlamoqdalar. (Oybek)
Botirlari kanal qazadi, shoirlari g‘azal yozadi. (H.Olimjon)
Sohibqironning bug‘doyrang yuzi xiyol qoraydi, ko‘zlari katta-katta ochildi. (M.Ali)
Avval ular bizga yetib olishsin, keyin birga jo‘naymiz. (X.To‘xtaboyev)
Sidiqjon to‘xtadi, orqasidan kimdir kelayotgan edi. (A.Qahhor)

17.  Bog‘langan qo‘shma gap tarkibidagi gaplar o‘zaro ammo, lekin, biroq kabi zidlovchi bog‘lovchilar bilan bog‘langanda, bu bog‘lovchilardan oldin vergul qo‘yiladi:
Kunlar ilib qolgan, ammo yerdan hali qishning zahri ketmagan. (O‘.Hoshimov)
U xuddi shu shaharga kelayotgan yo‘lovchiday chaqqon tushdi, lekin qayerga kelganini hali bilmasdi. (A.Muxtor)
Havo aytarli sovuq emas, biroq kuchsiz izg‘irin badanni junjiktiradi. (T.Malik)
Hammasini tinglardim, ammo O‘xshashini topmasdim aslo. (H.Olimjon)

18. Bog‘langan qo‘shma gap tarkibidagi gaplar o‘zaro -u (-yu), -da yuklamalari vositasida bog‘langanda, bu yuklamalardan keyin vergul qo‘yiladi:
Mevasini yeng-u, bog‘ini surishtirmang, jonidan! (O.Yoqubov)
Termometr hamshiraning qo‘lidan tushib ketdi-yu, bir tomchi simob yaltirab polga dumaladi. (S.Ahmad)
Zum o‘tmay qo‘lini yuvib chiqdi-da, mehmonlarni kutib olish uchun shoshildi. (O‘.Hoshimov)
Lo‘li yigit Hikmatilloning kaftini chap qo‘liga olib, o‘ng qo‘li bilan sharaqlatib urdi-da, poyezdga qarab yugurib ketdi. (O.Yoqubov)
Bu holat mazkur yuklamalardan keyin zidlovchi bog‘lovchilar qo‘llanganda ham saqlanadi: Bu holat shuv etib o‘tib ketdi-yu, lekin kayfiyatimni buzdi. (A.A’zam)
Soqchilar yaqinlashayotgan qora sharpani ko‘rishdi-yu, ammo uxlab qolganlarini o‘zlari ham sezishmadi. (T.Malik)

19. Bog‘langan qo‘shma gap tarkibidagi gaplar o‘zaro takrorlangan ayiruvchi bog‘lovchilar (yo…, yo…; goh…, goh…; dam…, dam… kabi) bilan bog‘langanda, takrorlanayotgan bog‘lovchidan oldin vergul qo‘yiladi:
Yo mehmon kelganini bilmaydi, yo o‘zini bilmaganlikka soladi. (N.Jaloliddin)
Dam jahlim chiqadi, dam kulgim qistaydi. (Oybek)
Nuri goh sevinib, shirin xayollarga boradi, goh butun vujudini qo‘rquv bosadi. (Oybek)
Goh katta shaharlarga borib qolaman, goh daryolarda suzaman. (O‘.Hoshimov)

20.  Bog‘langan qo‘shma gap tarkibidagi gaplar o‘zaro takrorlangan inkor bog‘lovchisi (na…, na…) bilan bog‘langanda, takrorlanayotgan bog‘lovchidan oldin vergul qo‘yiladi:
Na bironta odamning sharpasi ko‘rindi, na bir shitirlagan tovush eshitildi. (O‘.Umarbekov)
Na savdo-sotiq qiladi, na dehqonchilikka urinadi, na kosib-hunarmandlik peshasini tutadi. (Cho‘lpon)

21. Ergashgan qo‘shma gaplarda ergash gap bosh gap bilan chunki, negaki, shuning uchun, go‘yo kabi bog‘lovchilar yoki bog‘lovchi vositalar bilan bog‘lansa, ulardan oldin vergul qo‘yiladi:
Ular mening aytganimni qilishadi, chunki men oilamizning kenjatoyiman. (E.A’zam)
Hozircha shunday deymiz, negaki uning o‘zi shu uchrashuvni uzoq vaqtgacha baxtim deb yurdi. (O‘.Umarbekov)
U Mingbuloqqa kelganidan xursand, shuning uchun xayollari Mingbuloqdek tiniq edi. (O‘.Umarbekov)
Tamara sahnada qushday uchadi, go‘yo go‘zal tovus o‘ynab uchadi. (G‘.G‘ulom)

22. Ergash gap bosh gapga -ki yordamida bog‘lansa, undan keyin vergul qo‘yiladi:
Odam bolasi borki, barhayotlikni orzu qiladi. (I.Sulton)
Bu hol shu qadar tez sodir bo‘ldiki, Shavkat biron nima tushunishga ham ulgurmadi. (Sh.Boshbekov)
Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlaymanki, mening kasb tanlashimga otamning do‘mbirasi sababchi bo‘lgan. (M.M.Do‘st)

23.  Kesimi shart maylidagi fe’l (-sa qo‘shimchasini olgan) bilan ifodalangan ergash gapli qo‘shma gaplarda mazkur kesimdan keyin vergul qo‘yiladi:
Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi. (Maqol)
Qayerda ahillik bo‘lsa, o‘sha yerda qut-baraka bo‘ladi. («Tafakkur gulshani»)
Kim yalqov bo‘lsa, uning qo‘lida obod yer ham xarob bo‘ladi. (S.Abdulla)
Ko‘ziga nima ko‘rinsa, shu uni qiziqtira boshladi. (Oybek)
Dunyoda qanday yaxshilik va xayriyatlik bo‘lsa, hammasini shu birgina qizi uchun istar va orzu qilardi. (Cho‘lpon)

24. To‘siqsiz ergash gaplarning (-sa ham shaklida ifodalangan) kesimidan keyin vergul qo‘yiladi:
Shahodat xola ko‘nglida qarshi bo‘lsa ham, erining ra’yini qaytara olmadi. (O‘.Umarbekov)
Yarim tunda yotsa ham, ertalab tong otar-otmas uyg‘onar edi. (P.Qodirov)
U o‘g‘lining tirishib o‘qiyotganini bilsa ham, talabni yanada qattiqroq qo‘yaverardi. (T.Malik)

25. Ergash gap bosh gapga deb vositasida bog‘lansa, undan keyin vergul qo‘yiladi:
Hovlidagi supaga to‘shalgan bo‘yra ustiga yoyilgan turshaklarni qush talamasin deb, qo‘riqlab o‘tirdim. (O‘.Hoshimov)
Vatan uchun jangga bor deb, qurol berdim qo‘lingga. (H.Olimjon)
Yubkaga mos tushsin deb, yo‘g‘on poshnali qora amirkon tuflisini ham berdi. (O‘.Umarbekov)

26. Ba’zan deb shakli gap tarkibida sababli, tufayli, uchun kabi yordamchi so‘zlarning sinonimi kabi qo‘llanadi, bunday holatlarda deb so‘zidan keyin ham, oldin ham vergul qo‘yilmaydi:
Arzimagan oshiq-ma’shuqning xati deb butun pochta ovora bo‘ladi. (O‘.Umarbekov)
Yur, seni deb men ham kechikyapman. (A.Namozov)
Bu dunyo deb u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku. (Cho‘lpon)
Nega… Nega o‘ldiribdi?
Sizning ishingiz deb.
Mening ishim?  hayron bo‘ldi Rahim Saidov.
Ha. I-109 S deb. Ular preparatingizni yo o‘girlamoqchi, yo yo‘q qilmoqchi bo‘lishgan. Xotiningiz… Munisxon bosh tortgan. (O‘.Umarbekov)

27.  Ba’zan deb shakli gap tarkibi sifatida yordamchi so‘zining sinonimi kabi qo‘llanadi, bunday holatlarda ham deb so‘zidan keyin ham, oldin ham vergul qo‘yilmaydi:
Uyga ham, xotiniga ham o‘z institutining, o‘z hayotining bir qismi deb qarardi. (O‘.Umarbekov)
Said buni sovg‘alarning debochasi deb bilardi. (U.Hamdam)
U senga odam deb qaraydi. (Cho‘lpon)
Albatta, bu unga Mirazim oldida o‘zini gunohkor deb his etmasligi uchun yetarli emasdi. (U.Hamdam)

2. Nuqtali vergul

1. Gapda uyushiq bo‘laklar me’yoridan ortiq ko‘p bo‘lganda, ularni muayyan bir tarzda guruhlab berish zarurati tug‘iladi va ayni shu guruhlarning har biri nuqtali vergul bilan ajratiladi:
Demak, bu daraxt ro‘dapo boyar choponlariniyu xipcha kamzul, yasama sochlarni; qora frak va tsilindrlaru charm kurtka va budyonovkalarni; shalviragan ishtonlaru torpocha shimlarni ko‘rgan. (R.Hamzatov)

2. Muayyan tasnif tarkibidagi tartibni bildiruvchi raqamlar (yoki harflar) yarim qavs bilan ajratilgan bo‘lsa, ular bilan ko‘rsatilgan so‘z, so‘z birikmasi va gaplar oxiriga (eng so‘ngisidan tashqari) nuqtali vergul (ba’zan vergul) qo‘yiladi:
Nutq ham til va yozuv kabi ikki xil shaklga ega: a) og‘zaki nutq; b) yozma nutq. («Hozirgi o‘zbek adabiy tili» darsligi)
To‘liqsiz gaplar bir qancha ko‘rinishda bo‘ladi:
1)
ega aytilmagan bo‘ladi <…>;
2)
kesim aytilmagan bo‘ladi <…>;
3) ega ham, kesim ham aytilmagan bo‘ladi <…>;
4)
ikkinchi darajali bo‘laklar aytilmagan bo‘ladi <…>. (A.G‘ulomov)

3. Bog‘lovchisiz yoki murakkab qo‘shma gap tarkibidagi gaplar mazmunan sezilarli mustaqil bo‘lib, bir-biriga mazmunan bevosita yaqin bo‘lmaganda, odatda, ular orasiga nuqtali vergul qo‘yiladi:
Hamidaning boshi og‘irlashib ketdi; ikki marta sekin, og‘zini ochmasdan esnadi. (A.Qahhor)
Faqat pashsha g‘ing‘illaydi, bemor inqillaydi; har zamon yaqin-yiroqdan gadoy tovushi eshitiladi. (A.Qahhor)
U otasi singari baland bo‘yli, keng yag‘rinli; otda ko‘p yurgani uchun oyog‘ini kerib tashlaydi, ovda ko‘p bo‘lganidan fikrini qo‘l harakati bilan ham tushuntirib gapiradi. (Sh.Xolmirzayev)

4. Bog‘lovchisiz yoki murakkab qo‘shma gap tarkibidagi gaplar bir nechta bo‘lsa, ularning mazmunan bir-biriga yaqinlari vergul bilan ajratilib, qolgan muayyan bir yoki bir nechtasi nuqtali vergul bilan ajratiladi:
Xotin uzoq yig‘ladi, eriga qattiq gapirganiga pushaymon bo‘ldi, o‘zini qarg‘adi, o‘lim tiladi; yig‘idan tolib, tashqariga chiqdi. (A.Qahhor)
Unsin ko‘kragiga nihoyatda og‘ir bir narsa bilan urilganday ko‘ngli ozib tentirab ketdi-yu, yiqilmadi, lekin oyoq uzra turib hushidan ketdi; oradan qancha vaqt o‘tganini bilmadi, ko‘zini ochib qarasa, jonivor yelkasidan tushipti, emaklab boyagi sag‘ananing orqasiga o‘tib ketdi. (A.Qahhor)
Yigit pochasini shimarib olgan, ikkisi ham oftobda pishib, yuzlari bo‘g‘riqib ketgan; buloqni topib borib, uzala tushgancha rosa suvga to‘yishdi, yuzlarini chayib, bir-birlariga suv sachratib o‘ynashdi, yayrab ketib, xoli joyda ekanliklarini unutishdi, shekilli, xuddi o‘z uylaridagiday qiy-chuv qilishdi. (A.Muxtor)

5. Bog‘lovchisiz yoki murakkab qo‘shma gap tarkibidagi gaplarda ifodalangan voqea-hodisalarni solishtirish, qiyoslash mazmuni aniq ifodalanganda, ular orasiga nuqtali vergul qo‘yiladi:
Ba’zilar ularning juda-juda inoq yashashlarini aytisharmish; ba’zilar esa aksincha, gap tarqatisharkanki, osmondan tushib, yerdan chiqqandek ko‘payishib ketgan odamlarning bir-birlarini ko‘rishga ko‘zlari, otishga o‘qlari yo‘q. (Sh.Bo‘tayev)
Hovuzni o‘ragan pastak devor ortidagi tosh ko‘chadan qachon o‘tsangiz, changalzordan qushlar chug‘urini eshitasiz; hovuzning u tarafidagi supada esa oq tug‘i o‘ngib ketgan tanho qabr ko‘rinib turadi. (Sh.Xolmirzayev)

6. Bir qancha gaplar uyushganday bo‘lib, yaxlit bir bog‘lovchisiz qo‘shma gapni tashkil etganda, ular orasiga nuqtali vergul qo‘yiladi:
Razzoq so‘fining sovuq yuzlari uning ko‘zlaridan yiroqlashgan; nasihat yo‘li bilan minglarcha marta aytilgan va ta’kidlangan so‘zlar unutilgan; sovuq so‘filarning «harom» degan da’volari sinib, parcha-parcha bo‘lgan; «nomahramlik» safsatalari ot oyoqlari ostida yanchilgan; to‘rt devorning bu tutqun qizi o‘ziga o‘xshagan tutqunlardan boshqa hech bir guvoh va tilchi bo‘lmagan shu keng dalaning quloch yetmas bagrida yillardan beri tugilib kelgan alamlarini kuyga aylantirib, cheksiz bo‘shliqlarga yoyib yuborgan edi. (Cho‘lpon)

3. Tire

1. Ot kesim ot, son, olmosh, harakat nomi, taqlidiy so‘zlar yoki ular hokim bo‘lgan so‘z birikmalari bilan ifodalanib, bog‘lamasiz qo‘llanganda, ega va kesim orasiga tire qo‘yiladi:
Ulug‘ ustozlarim so‘zi — qoida. (I.Mirzo)
O‘g‘ilni uylantirish — otaning vazifasi. (A.Mamarasulov)
Uyqu — umrning tanobi! (Cho‘lpon)
Samarqand — olamning sayqali, ko‘rki. (I.Mirzo)
Bu — hayvonlarga xos bo‘lmagan xislat. (H.Shayxov)
Dunyo go‘zali — sen, qadoqqo‘l singlim. (I.Mirzo)
Ikki o‘n besh — bir o‘ttiz. (Maqol)
Lekin hozir bizni qiynayotgan birdan-bir masala — siz bilan bevosita fikr almashish metodikasini aniqlash. (H.Shayxov)
Oyoq osti — «chilip-chipip», Zirqiraydi eski yaralar… (A.Muxtor)
Shabnam, bu — tunda oy to‘kkan achchiq yosh, Hovur, bu — quyoshning ko‘ksida alam. (I.Mirzo)

2. Ammo ot kesim inkor shaklida (ya’ni, undan keyin inkor ifodalovchi emas so‘zi kelgan) bo‘lsa, ega va kesim orasiga tire qo‘yilmaydi:
Har qalay, er xotinning yugurdagi emas. (A.Mamarasulov)
Salim Karimovich yomon odam emas. (O.Yoqubov)
Odam bolasi quyon emas-ku! Yiliga o‘n-o‘n beshtadan tug‘sa. (S.Ahmad)

3. Agar ega bilan ot kesim orasida kirish so‘z, undovlar kelsa, ular orasiga tire qo‘yilmaydi:
Rashk, avvalo, kuchli muhabbat belgisi. (O‘.Hoshimov)
Tantana qahramoni, albatta, Bahrom Farang. (M.Xo‘jayev)

4. Ega bilan ot kesim orasida ham, faqat kabi yuklamalar kelgan bo‘lsa, ot kesimdan oldin tire qo‘yilmaydi:
Rahmat ham o‘qituvchi.
Velosiped ham transport vositasi.
Mening bilganim faqat Sunnatullayev.
(T.Malik)

5. Ot kesimli gap tilda idiomatik, frazeologik iboralarga aylanib qolgan bo‘lsa, ega va ot kesim orasiga tire qo‘yilmaydi:
Insonning qo‘li gul. (Maqol)

6. Ega kishilik olmoshlari bilan ifodalanganda, odatda, ot kesimdan oldin tire qo‘yilmaydi:
Sen Lutfiyning so‘lim g‘azali. (A.Oripov)
Sen urush qatnashchisi. (T.Murod)

Ammo qarshilantirish ma’nosi voqelanganda, tire qo‘yiladi:
Men — o‘qituvchi, sen — talaba.

7. Ot kesim (yoki ega) so‘roq olmoshlari bilan yoki yuklamali so‘zlar bilan ifodalanganda, ega va ot kesim orasiga tire qo‘yilmaydi:
Do‘sting kim? Do‘sting nechta? To‘y qachon? Oralaringda chaqqon va bilag‘on Botirmi? Suv sening shaxsiy mulkingmi? (E.A’zam)

8. Ot kesim sifat, ravish, tartib son yoki egalik olmoshi bilan ifodalanganda, ega va kesim orasiga tire qo‘yilmaydi:
Dalalar ko‘m-ko‘k. Havo toza, musaffo, zangor. (E.Vohidov)
Issig‘i baland, alahsiraydi. (T.Malik)
Ammo Miryoqub akaning yurishi ko‘p! (Cho‘lpon)
O‘sha amal seniki, xijolat tortma.
(A.Namozov)
Mana shu uy-joy turish-turmishi bilan seniki. (T.Murod)
Eti sizniki, suyagi meniki, deb uyiga tashlab kelaman. (S.Ahmad)
Mening o‘g‘lim hamisha birinchi… (T.Murod)

9. Makon, zamon va miqdor chegaralarini («…dan …gacha») ko‘rsatuvchi so‘zlar orasiga tire qo‘yiladi:
Andijon — O‘sh yo‘lini quyuq tuman bosgan. (S.Ahmad)
XII — XVI asrlarda bu shahar Yassi deb yuritilgan. (N.Karimov)
Yosh Mirtemirning eski maktabda o‘qigan davri 1914—1915 yillarga to‘g‘ri keladi. (N.Karimov)

10. Gapda uyushiq bo‘laklardan keyin kelgan umumlashtiruvchi so‘zdan oldin tire qo‘yiladi:
Yozuvchining shaxsiga, qanaqa asarlar yozayotganiga, qanday yozishiga, hatto kechasi yo kunduzi yozishigacha — hamma-hammasiga qiziqadilar. (S.Ahmad)
Ovozidagi boyagi bolalarcha hayrat, uyqusiz ko‘zlarida porlagan quvonch, batareyalarni silagandagi bo‘lakcha mehr — hammasi birdan so‘nib, ovozida, xatti-harakatlarida kutilmagan bir horg‘inlik paydo bo‘ldi. (O.Yoqubov)

11. Gapda umumlashtiruvchi so‘zdan keyin kelgan uyushiq bo‘laklar aniqlashtirish, izohlash, ilova mazmuniga ega bo‘lsa, umumlashtiruvchi so‘zdan keyin ikki nuqta emas, balki tire qo‘yilishi mumkin:
Olloh taolo bul yulduzlarni uch maqsadda — osmonga ziynat, shaytonlarga otiladirgan tosh hamda bandalariga yo‘l ko‘rsatuvchi alomatlar bo‘lmog‘i uchun yaratdi. (N.Jaloliddin)
Aytib beraversa barchaga barin — Omadu judolik va yonganini, Rashk, umid, alami va afsuslarin, Aldagani, quvonganini. (A.Muxtor)
Zotan, ziyolikka bir qaraganingizdayoq unda uzoq asrlar mobaynidagi murakkab taraqqiyot jarayonida yuzaga keluvchi fikrlovchi mavjudotga xos hamma sifatlar — aql, farosat, bahodirlik, ko‘tarinki ruh, olijanoblik, yumor va hokazolarni payqab olish sira qiyin emasdi. (H.Shayxov)

12.  Gapda umumlashtiruvchi so‘zdan keyin kelgan uyushiq bo‘laklarni kuchli ta’kidlash zarurati mavjud bo‘lgan yoki ular ajratilgan izohlovchiday qo‘llangan hollarda uyushiq bo‘laklar ikki tomonidan tire bilan ajratilishi mumkin:
Sudda juda ko‘p narsalar — tergovchilarning jinoyatkorona xatti-harakatlariyu dastlabki sudning yuzakiligi, tergov va sudning protokolidagi qalbakiliklar — aniq isbotlar bilan fosh qilindi. (N.Aminov)
Ikkala yosh — yuzlari kulgan, ko‘ngillari yozilgan — qo‘ltiqlashib ayvonga bordilar. (Cho‘lpon)

13.  Gapda aniqlashtirish, izohlash mazmunidagi ajratilgan bo‘laklardan oldin tire qo‘yilishi mumkin:
Gangrenaga — qorasonga aylanib ketsa nima bo‘ladi? (S.Ahmad)
Bu masalani hal etish, chamasi, hushyor, dovyurak, idrokli, aqli raso, iste’dodli yoshlarimiz — kelajak avlodlar zimmasiga tushadi. (M.Hasaniy)
Alibek eng asosiysi — majaqlangan inni yerga tashlagandan keyin darhol tepkilash kerakligini esdan chiqargan ekan. (A.Mamarasulov)
Xalqaro savdo yo‘li — Buyuk ipak yo‘li Temur va temuriylar davrida juda serqatnov bo‘lgan. (B.Ahmedov)
Tashqarida — gulzor tomonda esa ola qorong‘ilik hukm surardi. (Cho‘lpon)

14.  Ajratilgan bo‘laklarni gapda alohida ta’kidlash zarurati bo‘lganda, ular har ikki tomonidan tire bilan ajratilishi mumkin:
Toy hammadan uzoqdan — Beshqo‘rg‘ondan — o‘ziga o‘xshash yuvosh sigirini oldiga solib kelardi. (O‘.Hoshimov)
Oyim ko‘p tayinlagani uchun biz — bolalar — unga tegmasdik. (O‘.Hoshimov)
Shuhrat Salimovich — mening sobiq yordamchim, meditsina fanlari kandidati, dotsent — xonamga kirib keldi. (H.Shayxov)
Shu topda uning juda ehtiyot bilan — hech bir sharpa chiqarmay — bosgan qadamlarining bo‘shang shitirlashi ham o‘tirganlarga malol kelgan kabi edi. (Cho‘lpon)

15.  Kirish va kiritma birliklar gapda har ikki tomonidan tire bilan ajratilishi mumkin:
Bittasi — ularning kattasi bo‘lsa kerak — yonidagi sherigiga «beshikni yo‘qot» deganday ishora qildi. (Sh.Boshbekov)
Chaqaloq — tonggi salqinda sovuq qotganmi yo qorni ochganmi — big‘illab yig‘lardi. (Sh.Boshbekov)
Gulmiraning onasi — og‘zi to‘la tilla tish, pakana, semiz ayol — barmoqlari bilan stolni asabiy chertib o‘tiribdi. (Sh.Boshbekov)
Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li — boyagi o‘n to‘qqiz yashar yigit — shunday xatti-harakatga jur’at etgandi. (N.Karimov)
Miryoqub — bir joyda bir nafas o‘tirolmaydigan narsa — olti-etti kundan beri mingboshi yonidan jilmaydi. (Cho‘lpon)

16. Bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlari orasida o‘xshatish munosabati ifodalanganda, ular orasiga tire qo‘yiladi:
Hamal keldi — amal keldi. (Maqol)
Qor yog‘di — don yog‘di. (Maqol)
Yulduz o‘chadi — Yo‘qlik dunyosiga ko‘chadi. (A.Muxtor)

17. Bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlari orasida savol-javob munosabati ifodalanganda, shuningdek, faqat birinchi qismi savoldan iborat bo‘lganda, ular orasiga tire qo‘yiladi:
Atrofda nima ko‘p — kimyo zavodlari ko‘p. (H.Shayxov)
Etimlik nima — mendan so‘rayver. (Sh.Boshbekov)
Xayolidan ne o‘ylar o‘tdi — yolg‘iz xudoga ayon. (Sh.Boshbekov)

18.  Bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlari orasida zidlash, qarshilantirish munosabati ifodalanganda, ular orasiga tire qo‘yiladi:
Yulduzlarni xayolida har xil rangga bo‘yab ko‘rdi — yulduzlar o‘z rangida xira miltillab turaverdi. (A.Muxtor)
It huradi — karvon o‘tadi. (Maqol)
Jismimiz yo‘qolur — o‘chmas nomimiz. (H.Olimjon)

19.  Bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlari orasida shart munosabati ifodalanganda, ular orasiga tire qo‘yiladi:
Birovga ayta ko‘rmang — ikkovimiz ham baloga qolamiz. (S.Ahmad)
To‘g‘ri bo‘ling — bexavotir bo‘lasiz. (Maqol)
Qo‘shning tinch — sen tinch. (Maqol)
Odamlarni biriktir — har birining yuragida bo‘ron qo‘zg‘aladi. (Oybek)

20.  Bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlari orasida sabab-oqibat, asos-xulosa munosabati ifodalanganda, ular orasiga tire qo‘yiladi:
Sen borsan — men uchun bu hayot go‘zal, Sen borsan — men uchun dilbar koinot. (A.Oripov)
Endi nima bo‘lib shundoq bo‘lganini aytib o‘tirishga fursatim yo‘q — idorada odamlar kutib o‘tiribdi. (A.Qahhor)
Uyda qadam bosgani joy yo‘q — hamma yoq o‘yinchoq. (Sh.Boshbekov)
Keyingi kunlarda daryo qirg‘og‘ini chumchuq bosib ketdi — kanal miroblari suvi chekinib, ochilib qolgan orolchalarga sholi ekishgan. (S.Ahmad)
Qarasam, oshxona tomondan gup-gup etgan tovush kelyapti — oyim o‘g‘irda tolqon qilyapti. (O‘.Hoshimov)
Narigi tomonda taraq-turuq boshlandi — quruvchilar ishga tushdilar. (N.Jaloliddin)

21.  Bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlari orasida payt munosabati ifodalanganda, ular orasiga tire qo‘yiladi:
Arava notinch bo‘ldi — qo‘shquloqdagi sut chayqaladi, to‘kiladi. (A.Qahhor)
Yon tarafdagi salobatli eshik ohista ochildi — yordamchi kerakli qog‘ozlarning barchasini olib kirdi. (A.Toshmatov)
Chala-chulpa u gapirdi — men angladim, chin ko‘ngildan men gapirdim — u angladi. (Cho‘lpon)

22. Bog‘lovchisiz qo‘shma gapning ikkinchi qismi izoh, ilova xarakteriga ega bo‘lsa, ular orasiga tire qo‘yiladi:
Esladi — u sevgilisi Layli haqida gapirgandi. (N.Jaloliddin)
Uning sarkash fe’li bor edi — birovning o‘ziga bo‘lgan munosabatining ma’nosini oydinlashtirmaguncha tinchimasdi. (N.Jaloliddin)

23. Bog‘lovchisiz qo‘shma gap tarkibidagi ikkinchi gapning kesimi tushib qolgan hollarda ikki gap vergul bilan ajratilib, ikkinchi gapdagi egadan keyin tire qo‘yiladi:
To‘rg‘ay dashtda kuylar, bulbul — chamanda. (I.Mirzo)
Oltin o‘tda bilinadi, odam — mehnatda. (Maqol)
Yaxshidan ot qoladi, yomondan — dod. (Maqol)

24. Ko‘chirma gapli qo‘shma gaplarda muallif gapidan oldin tire qo‘yiladi («Ko‘chirma gapli qo‘shma gaplarda tinish belgilari» deb nomlangan qismda bu haqda batafsil aytiladi).

25. Dialoglarning replikalari ketma-ket bir qatorda emas, balki ularning har biri alohida abzats shaklida yangi qatordan berilsa, replikalar oldidan tire qo‘yiladi:
— Jadiding nimasi? Nima degan gap o‘zi?
— Maktabini yoptirgan vaqtingizda aytib bergan edim-ku.
— Esda qolgan deysanmi?
— Jadid degani «yangi» degani bo‘lsa kerak. Yurt orasida yangilikni rasm qilarmishlar… Yangi o‘qish, yangi maktab, yangi urf-odat, yangi kiyim har narsa yangi…
— Eskicha bo‘lsa, kimga zarari tegar ekan?
— Unisini bilmadim… Ishqilib, jadidlarning qasdi shu emish… (Cho‘lpon)

4. Ikki nuqta

1. Muayyan fikr-mulohaza, hukm, ilmiy ta’rif, qoida kabilarni ifodalovchi gaplardan keyin ayni fikr-mulohaza, hukm, ta’rif, qoidalarning to‘g‘riligini asoslash uchun keltirilgan birdan ortiq daliliy faktlarni ta’kidlab ko‘rsatish maqsadida ikki nuqta qo‘yiladi:
U (gap) ega va kesimdan yoki ega-kesim va ikkinchi darajali bo‘laklardan iborat bo‘ladi: Saida kuldi. Qalandarovning ko‘zlari olayib ketdi. (A.Qahhor.) Tong. Havo salqin. Yumshoq shamol mayingina esib turibdi. (A.G‘ulomov)

Ba’zan bunday hollarda mazkur gaplardan keyin masalan, misol, dalil, chunonchi kabi so‘zlar qo‘llanishi mumkin, bunda ikki nuqta ayni so‘zlardan keyin qo‘yiladi:
U (gap) ega va kesimdan yoki ega-kesim va ikkinchi darajali bo‘laklardan iborat bo‘ladi. Masalan: Saida kuldi. Qalandarovning ko‘zlari olayib ketdi. (A.Qahhor.) Tong. Havo salqin. Yumshoq shamol mayingina esib turibdi. (A.G‘ulomov)

2. Tasniflash qoliplari aks etgan gaplarda tasnif asosini ifodalovchi gapdan keyin tasniflangan birliklarni ta’kidlash uchun ikki nuqta qo‘yiladi:
Bog‘lovchi vositalarsiz birikkan qo‘shma gap o‘z tarkibidagi qismlarning munosabati jihatidan ikki xil bo‘ladi: 1) teng qismli qo‘shma gap; 2) tobe qismli qo‘shma gap. (M.Asqarova)

3. Uyushiq bo‘lakli gaplarda umumlashtiruvchi so‘z bu bo‘laklardan oldin kelsa, umumlashtiruvchi so‘zdan keyin ikki nuqta qo‘yiladi:
Bu sirni faqat uch kishi: Abdulla, o‘zi va Samad bilardi. (O‘.Umarbekov)
Ichkaridagilar: chaqaloqning ota-onasi, opa-akalari, Shavkatning ikkita sherigi ham qulab tushgan tom tagida qolib ketdi… (Sh.Boshbekov)
Qish bo‘yi allaqaysi go‘r ostlarida junjib chiqgan qush zotlari: chumchuqlar, chittaklar, to‘rg‘aylar, sa’valar va boshqa allaqancha qush turkumlari o‘z to‘plari bilan vijir-vijir, chug‘ur-chug‘ur sayrab kuladirlar. (A.Qodiriy)

4. Ba’zan uyushiq bo‘laklarni alohida ta’kidlash maqsadi bilan ular gapdan tashqariga chiqariladi, bunday hollarda bevosita umumlashtiruvchi so‘zdan keyin emas, balki asosiy gapdan keyin ikki nuqta qo‘yiladi:
Lekin undan qimmatli narsalar ham bor: obro‘, vijdon, aql, madaniyat. (O‘.Umarbekov)
Divan oldidagi uch oyoqli stolchada talay qoqmevalar turibdi: chaqilgan yong‘oq, bir hovuch turshak, bir hovuch qora kishmish. (Sh.Xolmirzayev)
Sizlarga faqat shular kerak: yeyish, ichish, kiyinish, pul… (Sh.Xolmirzayev)
Abdulla ko‘prikka yetganda, Gulchehraning eshigidan ikki kishining hovliqib chiqqanini ko‘rdi: bittasi Samad, bittasi esa Gulchehra edi. (O‘.Umarbekov)
Erkak zotining bari bir xil: Amerikada ham, o‘sha Afg‘onida ham! (E.A’zam)

Gapda umumlashtiruvchi so‘z bo‘lmagan hollarda ham asosiy gapdan keyin uyushiq bo‘laklarni ta’kidlash uchun ikki nuqta qo‘yiladi:
Mana shu qizil «Jiguli»damiz: xotinim, o‘tim, qizim. (Sh.Xolmirzayev)
Chiqib keldilar qator: Dante, Shiller va Bayron, Firdavsiy, Balzak, Tagor. (E.Vohidov)
U tanidi: otasi, Hafiz, Ubaydulla aka… yana qandaydir ayollar. (O‘.Umarbekov)

5. Bog‘lovchisiz qo‘shma gapda keyingi qism oldingi qismdagi olmosh (yoki olmoshga vazifadosh so‘z, gap, odat, narsa, tomon, fikr kabi mazmuni tavsiflanishi lozim bo‘lgan so‘zlar) bilan ifodalangan yoki ifodalanmagan eganing mazmunini izohlab, aniqlab kelsa, oldingi qismdan keyin ikki nuqta qo‘yiladi:
Faqat shu esida: ertasi kuni ko‘zini ochganda, yonida Sobirjon yo‘q edi. (A.Qahhor)
Masalan, qadimdan qolgan gap bor: ovchi kiyikdan bitta otishi kerak… (Sh.Xolmirzayev)
Uning g‘alati odati bor edi: birov bilan suhbatlashganda, ko‘zoynagi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, xuddi ko‘zoynak tagidan qaraganday gaplashardi. (Sh.Boshbekov)
Militsiyaga bir narsa qorong‘i edi: u tasodifan tushib ketganmi yo o‘zini tashlaganmi?! (O‘.Umarbekov)
Pishmagan yong‘oqning bitta yaxshi tomoni bor: og‘ir bo‘ladi. (O‘.Hoshimov)
O‘shanda uning xayoliga yomon fikr keldi: mashina xotinini yoki o‘zini bosib ketganda nima bo‘lardi? (O‘.Umarbekov)

6. Bog‘lovchisiz qo‘shma gapda keyingi qism oldingi qismdagi olmosh (yoki olmoshga vazifadosh so‘z) bilan ifodalangan kesimning mazmunini izohlab, aniqlab kelsa, oldingi qismdan keyin ikki nuqta qo‘yiladi:
Bu doktorxona to‘g‘risida Sotiboldining bilgani shu: salqin, tinch parkda, daraxtlar ichiga ko‘milgan baland va chiroyli oq imorat; shisha qabzali kulrang eshigida qo‘ng‘iroq tugmasi bor. (A.Qahhor)
Men oldinga surayotgan fikrning qisqacha mazmuni shu: inson tug‘ilishidan qobiliyatsiz bo‘lmaydi. (E.Vohidov)
Endi gap bunday: bugundan boshlab siz opkegan harom ovqatingizniyam yemayman. (Sh.Boshbekov)
Ravon yo‘l bitta shu: bu ham yaxmalak. (A.Oripov)
Erkak kishi o‘zi shunaqa: bir kun uyda bo‘lsa, o‘n kun ko‘chada. (O‘.Umarbekov)
Orzum shul: o‘chmasin yongan chirog‘ing. (A.Oripov)

7. Bog‘lovchisiz qo‘shma gapda keyingi qism oldingi qismdagi olmosh (yoki olmoshga vazifadosh so‘z) bilan ifodalangan yoki ifodalanmagan to‘ldiruvchining mazmunini izohlab, aniqlab kelsa, oldingi qismdan keyin ikki nuqta qo‘yiladi:
So‘ngra men bir narsani ko‘rdim, aniqrog‘i, ishondim: bizning o‘zbek bolalari yaxshi urishar ekan! (Sh.Xolmirzayev)
Matluba o‘shanda yana bir narsani ko‘ngliga qattiq tugdi: o‘qishi kerak! (O.Yoqubov)
Muovinimga ayting: o‘rningizga boshqa birovni tayinlasin! (O.Yoqubov)
Sizni ishontirib aytaman: qayerda bo‘lmay, doim sizni o‘ylayman. (O‘.Umarbekov)

8. Bog‘lovchisiz qo‘shma gapda keyingi qism so‘roq shaklidagi gapdan iborat bo‘lib, oldingi qismdagi ifodalangan yoki ifodalanmagan to‘ldiruvchining mazmunini ochishga xizmat qilganda, oldingi qismdan keyin ikki nuqta qo‘yiladi:
Lekin men bir narsani o‘ylab qoldim: bolangni nima qilasan? (A.Qahhor)
Endi sizdan shuni ham so‘rayin: xo‘jasiga sodiq bir qul, sizning ta’biringizcha, ma’naviy bir padar o‘z o‘g‘liga yomonlik sog‘inarmi? (A.Qodiriy)
Xudoyimni o‘rtaga qo‘yib ayting: astoydil do‘stmisiz? (Cho‘lpon)
Aytaman-u o‘ylayman: onaning yosh-qarisi bo‘ladimi? (O‘.Hoshimov)
Siz ham yotig‘i bilan gapirib bering: nimaga tashqaridan kirar-kirmas, Zebini so‘radingiz? (Cho‘lpon)
Endi bir boshdan gapirib ber: kim nima dedi, nima qildi? (Sh.Boshbekov)

9. Bog‘lovchisiz qo‘shma gapda keyingi qism oldingi qismda ifodalangan voqea-hodisaning sababini bildirsa (ikki gap orasiga chunki bog‘lovchisini qo‘yish mumkin bo‘lsa), oldingi qismdan keyin ikki nuqta qo‘yiladi:
Soat 12 da institutda bo‘lishim kerak: darsim bor. (Sh.Xolmirzayev)
O‘zingga qiyin bo‘ladi: uchta bolang bor, qo‘lingda hunaring yo‘q… (A.Qahhor)
Pakavira quvonib ketdi: ikki man oltin hazilakam boylik emas, bunga yangi bir kema sotib olish mumkin! (P.Qodirov)
Lekin ancha vaqt shaharda qolib ketdim: Yakkachinorga boradigan bironta ham mashina yo‘q edi. (O‘.Umarbekov)
Yanglishasiz: men ko‘klarga berkingan Yer qizidan xayolimni olmaymen. (Cho‘lpon)

10. Bog‘lovchisiz qo‘shma gapda oldingi qism keyingi qismda ifodalangan voqea-hodisaning sababini bildirsa (ikki gap orasiga shuning uchun bog‘lovchi vositasini qo‘yish mumkin bo‘lsa), oldingi qismdan keyin ikki nuqta qo‘yiladi:
Omon ovchining ov sarguzashtlari ko‘plarni qiziqtirardi: ko‘plari hikoya eshitish uchun kelardi. (Sh.Xolmirzayev)
U haligi yuksak qahqahani eshitgach, uning ma’nisini angladi: yugurib Zebining yoniga kirdi. (Cho‘lpon)

11. Bog‘lovchisiz qo‘shma gapda keyingi qism oldingi qismda ifodalangan voqea-hodisaning natijasini, oqibatini bildirsa, oldingi qismdan keyin ikki nuqta qo‘yiladi:
Keyin u yoqqa chopdim-bu yoqqa chopdim: uch-to‘rt qop tsement topdim. (Sh.Xolmirzayev)
U chidayolmadi: so‘richadan turib kelib, uy darpardalaridan birining takkinasiga o‘tirdi. (Cho‘lpon)
Istiqpol yillarida bizda Navoiyga munosabat davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi: shoir yangidan qadr topdi, shon-shuhrat shohsupasiga ko‘tarildi. (E.Ochilov)

12.  Bog‘lovchisiz qo‘shma gapda keyingi qism oldingi qismdagi olmosh (yoki olmoshga vazifadosh so‘z) bilan ifodalangan yoki ifodalanmagan aniqlovchining mazmunini izohlab, to‘ldirib kelsa, oldingi qismdan keyin ikki nuqta qo‘yiladi:
Ey Salomxon, bu eshon pochchamning o‘g‘illari bir yigit bo‘ldi: o‘ktamlikdayam, suqsurlikdayam tengi yo‘q. (M.Mansur)
Shoirlardan doimo talab: O‘qimog‘i kerak yangi she’r Va aytmog‘i kerak yangi gap. (E.Vohidov)
Sizdan bugun birgina o‘tinch: Yolg‘iz qo‘ying meni, do‘stlarim. (E.Vohidov)
Adolatxondan xunuk bir xabar keldi: u Samarqanddagi maktabni bitirib, Toshkentga ketibdi. (A.Qahhor)

13.  Qo‘shma gapning oldingi qismida ko‘rmoq, qaramoq, diqqat qilmoq, eshitmoq, bilmoq, tushunmoq, sezmoq, eslamoq kabi fe’llar qo‘llanib, keyingi qismda keladigan muayyan fakt bayoni yoki muayyan tavsifga semantik ishora qilib tursa, har ikki qism orasiga ikki nuqta qo‘yiladi:
Ertasiga ko‘rdim: ishkom boshida yolg‘iz bir tup shaftoli qiyg‘os gullab chiqibdi. (M.Mansur)
Avval yosh xotinning ko‘zlariga qaradi: horg‘inligi, uyqusiraganligi ochiq ko‘rinib turardi. (Cho‘lpon)
Diqqat qildim: ko‘nglida ajib bir olov yona boshlaganga o‘xshaydi. (Cho‘lpon)
Rangidan sezgan edim: maishatining mazasi yo‘q. (Sh.Xolmirzayev)
O‘zim ham bilgan edim: katta omburga chap berib bo‘lmaydi. (A.Qahhor)
Muhammad Churog‘a dodxoh esladi: besh yil avval Samarqandda Bog‘i Bihisht mehmonxonasida ham xuddi shunday voqea yuz bergandi. (M.Ali)
Bular darvozadan chiqib, muyulishga yetganda u yoqdan O‘lmasjon ko‘rindi: charchagan otini horg‘in-horg‘in qamchilab, asta-asta sudralmoqda edi. (Cho‘lpon)

14. Qo‘shma gapning keyingi qismi oldingi qismdagi mazmunni umuman izohlab kelsa, ikki qism orasiga ikki nuqta qo‘yiladi:
Mana, maqsadiga yetdi: mashhur Otashqalbning sevikli Ma’shuqasi nomini oldi. (E.A’zam)
Daraning aholisi o‘z ishi bilan mashg‘ul: o‘spirinlar podalarni haydab chiqib ketadi, erkaklar qo‘sh qo‘shib shudgor qilmoqda. (S.Ayniy)
Musofir muxlis uni darrov tanidi: u tanimay kim tanisin! (E.A’zam)
Sobiq maktabdoshini tanib-tanimay, noqulayroq biror gapni qo‘zg‘ab qolishidan yuragi taka-puka bo‘lib o‘tirgan Oqsoqol shoir, nihoyat, yengil tortdi: shunisiga ham shukr! (E.A’zam)

5. Qavs

1. Gap ichida asosiy fikrga qo‘shimcha sifatida beriladigan izoh, ma’lumotni ifodalaydigan kiritma so‘z yoki birikma qavsga olinadi:
Uni birinchi marta To‘la aka (T.Xo‘jayev)ning repetitsiyasida ko‘rganman. (A.Meliboyev)
Gulya Lagutina ichkarigi xonada o‘ziga o‘xshashib ketadigan (yo armani, yo ozari) bir ayol bilan achomlashib-cho‘lpillashib, pichir-pichir qila boshladi. (E.A’zam)
Bunga kaminaning qulog‘ida va tevaragida kuchaygan (botiniy va zohiriy) shovqin ham sabab bo‘ldi-yov. (E.A’zam)
Farhodning taxminicha, kinoga bevosita daxldor bir-ikkitasini aytmasa, davradagilarning aksariyati (kelib-ketuvchilarini ham qo‘shganda) anchayin san’at atrofida o‘ralashib yuradigan, ammo o‘zini uncha-munchadan kam sanamaydigan omadsizroq bir toifa edi. (E.A’zam)
Bordi-yu, hushyorlik qilinmaganida, qora bozorga kamida 50 ming so‘mlik (o‘sha yillarning bahosida) zahri qotil mahsulot chiqib ketgan bo‘lar edi. (A.Meliboyev)
Jarohat o‘rniga qov (kuydirilgan paxta) qo‘ydi. (G‘.G‘ulom)

2. Gap ichida asosiy fikrga qo‘shimcha sifatida beriladigan ma’lumotni ifodalagan kiritma gap qavsga olinadi:
O‘sar Hojarga uylangach (uylanganigayam yigirma yildan oshdi), ana shu eski uychaga taqab bir dahliz va bir mehmonxona-yotoqdan iborat boshpana qurib olgan edi. (Sh.Xolmirzayev)
Ota ishongan odamlar (ular orasida Sarkor ham bor) quvgunga tushmasa hali! (O.Yoqubov)
Matluba indamay park darvozasiga tomon yo‘naldi. Samig‘jon parkdan chiqishi bilanoq besh panjasini ko‘rsatib (bu uning «besh so‘m beraman» degani edi), duch kelgan birinchi mashinani to‘xtatdi. (O.Yoqubov)
Yana eshitganim (buni menga qishlog‘imizdagi bir mayxo‘r shinavanda asta qulog‘imga shipshib qo‘ygan) jin, alvasti aroq ichgan odamdan sal nari yurar ekan. (A.Meliboyev)

3. Boshqa tildagi gapning yoki boshqa tildagi muayyan bo‘lakning tarjimasi qavsga olinadi:
Ok. Continue the fly («Yaxshi. Uchishda davom eting») (I.Sulton)
Yes, sir (Xo‘p bo‘ladi, ser) (I.Sulton)
Mening birinchi maqolalarim qirg‘iz tilida chiqadigan «Emgek danqi» («Mehnat shuhrati») nomli tuman gazetasida bosilgan. (A.Meliboyev)

4. Gap ichida asosiy fikrga muallifning sub’ektiv munosabatini ifodalaydigan kirish so‘z yoki birikma qavsga olinadi:
Muqaddas esa (ajabo!) go‘yo hech narsani sezmas, u nimagadir sevinib, hadeb kular… edi. (O.Yoqubov)
Birov o‘q borib uning qo‘liga tekkan desa, boshqa birov (Astag‘furulloh!) naqd og‘ziga tekkan deydi. (E.A’zam)
Menga bitilgan xatni ikki kun (ikki kun-a!) saqlab yuribsiz, o‘sha ikki kun mobaynida xayolan ikki yuz ming ko‘chaga kirib chiqqanimni tasavvur qilasizmi? (X.Do‘stmuhammad)
Tuyqus yon tomondan qo‘plarida cho‘qmor (ha, ha, rostakam cho‘qmor!), korjoma kiygan ikki barzangi sahnaga kirib keldi. (E.A’zam)

5. Gap ichida asosiy fikrga muallifning sub’ektiv munosabatini ifodalaydigan kirish gap qavsga olinadi:
Ko‘ngil qo‘yganlari boshqa edi, boshqalar edi. Uni biz bilamiz (Bilmaylar ketaylik, iloyim!) (E.A’zam)
Sizning xayollaringizni ostin-ustun qilgan o‘zimdagi fazilatlarni (Rostdan ham, bormi ular?) topib, ardoqlab yashayman. (X.Do‘stmuhammad)
Boylar bo‘lsa na fuqaroni bir chaqaga oladi (bunisi-ku mayli-ya), na mingboshini (mana munisiga chidab bo‘lmaydi!) Ochiqdan-ochiq so‘kadi, haqorat qiladi… (Cho‘lpon)

6. Sahna asarlari matnidagi turli izoh, remarkalar qavs ichida beriladi:
SOHIBQIRON. Yo‘q! Bari Ollohdan. Yaratgan egamning xohishi shul erkan. O‘z jannatidan joy ato qilgay! (Qalqonbekka) Dafn taraddudini ko‘ringlar! (Yuziga fotiha tortadi. Saragulni o‘rnidan turg‘izadi) Sen qachon kelding bu maskanga? (O.Yoqubov)
OLIMJON (Alomatga qarab turib) Ie, bu o‘chib qopti-ku… (Robotning yelkasidagi blokni kavlashtira boshlaydi.) (Sh.Boshbekov)

6. Qo‘shtirnoq

1. Har biri alohida abzats ko‘rinishida yangi qatordan emas, balki ketma-ket bir qatorda berilgan dialog replikalari shaklidagi ko‘chirma gap qo‘shtirnoqqa olinadi («Ko‘chirma gapli qo‘shma gaplarda tinish belgilari» deb nomlangan qismda bu haqda batafsil aytiladi).

2. Turli manbalardan olingan iqtiboslar qo‘shtirnoq ichida beriladi:
Navoiy umrining oxirlarida yaratgan «Mahbub ul-qulub» asarida yozadi: «Yaxshi-yamonning fe’lini bilibmen va yamonu yaxshi xislatlarin tajriba qilibmen». (N.Komilov)
«Odami ersang, demagil odami Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami». (Alisher Navoiy)
Cho‘lpon shunday deb hayqirgan edi: «…Kishan kiyma, Bo‘yin egma Ki, sen ham hur tug‘ilg‘onsen!» Yunonlarning Lukian degan yozuvchisi o‘tgan. Eramizdan avval. Uning «Vatan sha’niga» degan asari bor. Undagi birinchi jumla shunday ekan: «O‘z ona-otasini sevmagan farzand o‘zga ota-onalarni hurmat qila bilmaydi. Va o‘z vatanini sevmagan kishi o‘zgalar vatanini hurmat qila olmaydi!» (Sh.Xolmirzayev)

3. Ichki nutq shaklidagi birliklar (o‘y-xayol, mulohaza, tasavvur kabi) qo‘shtirnoqqa olinadi:
Shavkat sekin oynasi darz ketgan suratga termilib qarar ekan, xayolidan ushbu o‘ylar o‘tdi: «Qiynalib ketdim, Surayyo… Sen bo‘lganingda, bu ko‘rgiliklar yo‘q edi… O‘zing hammasini eplarding…» (Sh.Boshbekov)

4. Gapda odatdagi ma’nosidan boshqa ma’noda qo‘llangan, shuningdek, eski, yangi yoki chet so‘zlar qo‘shtirnoqqa olib beriladi:
Borib-borib yirikroq «ish»ga o‘tdi odamlarning uy-joyi, mol-holini o‘g‘irlaydigan bo‘ldi. (Sh.Boshbekov)
Shundagina Shavkat «o‘tlab» ketayotganini anglab qoldi. (Sh.Boshbekov)
Bu turqi sovuqning sho‘rlik Otaga «mehri» tushgan ekan, uni tinch qo‘ymadi. (O.Yoqubov)
(Malades, Shayx! Orangutan bo‘p ket-e!) Bunday «maqtovlar» Shayxni battar jazavaga soladi. (O‘.Hoshimov)
Ko‘p o‘zingdan ketaverma, adang «shishka» bo‘lsa o‘ziga! (Sh.Boshbekov)
U kelganimizdan beri allaqanday lug‘atni yonidan qo‘ymaydi, biroq ovqat mahali bor bilimi esidan chiqib ketadimi, nuqul «fish» (baliq), «chiken» (qovurma jo‘ja go‘shti), «ti» (choy) yoki «bia» (pivo) deydi. (E.A’zam)

5. Turli asarlarning, shuningdek, kitob, gazeta, jurnallarning nomlari, sarlavhalar alohida olinganda emas, balki matnda qo‘llanganda, qo‘shtirnoqqa olinadi:
A.Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanini o‘qidim; O‘.Hoshimovning «Dunyoning ishlari» qissasi; A.Oripovning «O‘zbekiston» she’ri; «Maftuningman» badiiy filmi; «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» darsligi; «Mehnat kodeksi» kitobi; «Xalq so‘zi» gazetasi; «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi; «Sharq yulduzi» jurnali; «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnali kabi.

6. Muassasa, tashkilot, korxona va shu kabilarning shartli nomlari qo‘shtirnoqqa olinadi:
«O‘qituvchi» nashriyoti, «Fan» nashriyoti, «Jahon» axborot agentligi, «Oila» ilmiy-amaliy markazi, «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi, «Oltin meros» xalqaro xayriya jamg‘armasi kabi.

7. O‘zbekiston Respublikasi orden va medallarining nomi qo‘shtirnoqqa olinadi:
«Mustaqillik» ordeni, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni, «El-yurt hurmati» ordeni, «Sog‘lom avlod uchun» ordeni, «Oltin yulduz» medali, «Jasorat» medali, «Shuhrat» medali kabi.

Ammo buyuk shaxslar nomi bilan atalgan orden nomlari qo‘shtirnoqqa olinmaydi:
Amir Temur ordeni, Jaloliddin Manguberdi ordeni kabi.

8. Turli mahsulotlarning shartli nomlari qo‘shtirnoqqa olinadi:
«Qoraqum» konfeti, «Paxta» torti, «Samarqand» sovutkichi, «Neksiya» avtomashinasi kabi.

Ko‘chirma gapli qo‘shma gaplarda tinish belgilarining qo‘llanishi

1. Ko‘chirma gaplar alohida abzats ko‘rinishida yangi qatordan emas, balki ketma-ket bir qatorda berilgan bo‘lsa, qo‘shtirnoqqa olinadi:
Muning ustiga yana ta’na ham qilib qo‘ydi: «Kim olardi endi u kampirni?» (Cho‘lpon)

Ammo agar ko‘chirma gap alohida abzats ko‘rinishida yangi qatordan berilgan bo‘lsa, qo‘shtirnoqqa olinmaydi va uning boshlanishi oldidan tire qo‘yiladi:
Shunda keksa olim dedi:
— O‘tingizning dunyoda tengi bo‘lmaydi. (O‘.Umarbekov)
Birdan u qaddini rostladi va o‘choq boshiga qarab baqirdi:
— Oyi! Otini nima qo‘yamiz? (O‘.Umarbekov)
Eshikka yetganda Obid aka:
— Teshavoy! deb chaqirdi. (O‘.Umarbekov)

2. Agar ko‘chirma gap muallif gapidan keyin kelsa, muallif gapidan so‘ng ikki nuqta qo‘yiladi va ko‘chirma gap bosh harf bilan boshlanadi; ko‘chirma gap darak mazmunida bo‘lsa, nuqta qo‘shtirnoqdan tashqarida, so‘roq mazmunida yoki emotsionallikka ega bo‘lganda esa so‘roq yoki undov belgisi, shuningdek, ko‘pnuqta yopiluvchi qo‘shtirnoqdan oldin qo‘yiladi:
Barcha dedi barobar: «Ona tilim o‘lmaydi». (E.Vohidov)
Otasi gapini ma’qulladi: «Tentirab yurma begona yurtlarda! Kelaver, ochingdan o‘lsang, men kafil». (O‘.Hoshimov)
Mansurning og‘zidan nogoh chiqib ketdi: «Jo‘ra, bir o‘tirish qilsam, nima deysiz?» (Sh.Xolmirzayev)
Shahobiddin gap qotdi: «Otasi sotarmikan bu hurliqoni yo sandiqqa qamab, narxini oshirib o‘tiraverarmikan?» (A.Ibodinov)
Salim uning qo‘lidan yulqinib, uyga chopdi, zum o‘tmay otasidan qolgan qo‘shtig‘ni ko‘tarib chiqib, Polvonga o‘qtaldi: «Ket, bo‘lmasam, otaman!» Mahfirat miltiqqa ko‘kragini tutdi: «Avval meni otasan!..» (M.M.Do‘st)
Dam o‘tmay ko‘chada onaning fig‘oni eshitildi: «Mening bolam o‘g‘ri emas, nega uni qiynaysizlar. Uning jigari kasal…» (T.Malik)

3. Ko‘chirma gap muallif gapidan oldin kelsa, muallif gapidan oldin tire qo‘yiladi; ko‘chirma gap darak mazmunida bo‘lsa, qo‘shtirnoqdan keyin vergul qo‘yiladi, so‘roq mazmunida yoki emotsionallikka ega bo‘lganda esa so‘roq yoki undov belgisi, shuningdek, ko‘pnuqta yopiluvchi qo‘shtirnoqdan oldin qo‘yiladi, muallif gapi esa kichik harf bilan boshlanadi:
«Tushunsangiz-chi, aya, o‘z holimga qo‘ying, yosh bola emasman», dedi. (O‘.Hoshimov)
«Sizga bir og‘iz gapim bor edi», dedim. (Sh.Xolmirzayev)
«Kimsan o‘zing?» dedim jahlim chiqib. (E.A’zam)
«Hoy, shu kuningdan o‘lganing yaxshimasmi?» deb baqirdim. (Sh.Xolmirzayev)
«O‘zing panohingda asra, xudo!» deydi Muyassar xayolan. (O‘.Hoshimov)

4. Muallif gapi ko‘chirma gapning ichida kelganda, muallif gapi ikki tomonidan tire bilan ajratiladi; bo‘laklangan ko‘chirma gap qismlarining har biri emas, balki yaxlit ko‘chirma gap qo‘shtirnoqqa olinadi, ya’ni ichida muallif gapi mavjud bo‘lgan ko‘chirma gapning boshida qo‘shtirnoq ochilib, uning oxirida yopiladi; bo‘laklangan ko‘chirma gapning birinchi qismi

bo‘laklangunga qadar vergul, nuqtali vergul, ikki nuqta, tire kabi tinish belgilarini taqozo etgan yoki hech qanday tinish belgisini taqozo etmagan bo‘lsa, ko‘chirma gapning ayni uzilgan joyida vergul qo‘yiladi va muallif gapidan keyin ham vergul qo‘yilib, muallif gapi, shuningdek, ko‘chirma gapning ikkinchi qismi kichik harf bilan boshlanadi:
«Kim astoydil harakat qilsa, — deydi keksalar, — o‘sha har qanday maqsadiga erishadi». (Gazeta)
«Shuni ham aytib qo‘yay,
— so‘zida davom etdi Ibrohimov, — hozirgi zamonda xotin baxtini erdan kutmaydi». (A.Qahhor)
«Lekin qobiliyat keyin ham yuzaga chiqishi mumkin, — deb o‘zicha to‘ng‘illadi Zokir O‘rin nihoyat. — Buyam talantday gap». (Sh.Xolmirzayev)
«Talabalar, — deydi ustozlar, — o‘z ustlarida muntazam ishlamoqlari lozim». (Gazeta)

5. Agar bo‘laklangan ko‘chirma gapning birinchi qismi bo‘laklangunga qadar nuqtani taqozo etgan bo‘lsa, ko‘chirma gapning ayni uzilgan joyida vergul qo‘yiladi va muallif gapi kichik harf bilan boshlanib, undan keyin nuqta qo‘yiladi; ko‘chirma gapning ikkinchi qismi bosh harf bilan boshlanadi:
«Ma, — dedi mashinaning qiya ochiq eshigidan uzatib. — Gulandomniyam og‘zi tegsin». (O‘.Hoshimov)
«Uch yildan beri shu gapni kutar edim sizdan, — dedi Omon iymanib. — Qiling. Bir yonini o‘zim ko‘taraman…». «Yo‘q, hammasi o‘zimdan, — kesib ta’kidladi Mansur. — Armonim shu edi, jo‘ra». (Sh.Xolmirzayev)
«Kambag‘alning ekkani unmaydi, bolasi ko‘payadi o‘zi, — deb o‘yladi Shoikrom ijirg‘anib. — Shu kunimdan ko‘ra urushga borib, o‘lib keta qolganim yaxshiydi». (O‘.Hoshimov)

6. Agar bo‘laklangan ko‘chirma gapning birinchi qismi bo‘laklangunga qadar so‘roq yoki undov belgisini taqozo etgan bo‘lsa, ko‘chirma gapning ayni uzilgan joyida so‘roq yoki undov belgisi qo‘yiladi va muallif gapi kichik harf bilan boshlanib, undan keyin nuqta qo‘yiladi; ko‘chirma gapning ikkinchi qismi bosh harf bilan boshlanadi:
«Nahotki, Sultonmurod akam? — deyman. — O‘zi qolib, sherik boshlab keptimi endi?.. Bo‘lakdir-e, o‘pibdimi?!» (M.Mansur)
«Tavba! — deyman. — Bu qanaqasi bo‘ldi!» (Sh.Xolmirzayev)
«Menga desa, otib yubormaydimi?! — deb o‘yladi u ayvon labiga cho‘qqayib o‘tirganicha usti yopiq simni ochiq simga ildam ularkan. — Harna bitta haromxo‘rni o‘ldirganim». (O‘.Hoshimov)

7. Ko‘chirma gap muallif gapining ichida kelganda, u bosh harf bilan boshlanib, qo‘shtirnoqqa olinadi va uning oldidan ikki nuqta qo‘yiladi; ko‘chirma gapdan keyin uning mazmuniga muvofiq vergul (yopiluvchi qo‘shtirnoqdan keyin) yoki so‘roq, yoki undov, yoki ko‘pnuqta (yopiluvchi qo‘shtirnoqdan oldin) qo‘yiladi, bu belgilardan keyin esa tire qo‘yiladi:
Kampirni uyg‘otib: «Tur, karomatingni ko‘rsat», — dedim. (Oybek)
Bunga qarshi o‘jar cho‘loq: «Avval quda qilib, keyincha o‘zim ham shaharga ko‘chmoqchiman», — deb javob berdi. (Cho‘lpon)
Mehmonlarga: «Zerikmadingizlarmi?» — deb, supaning bir chetiga o‘tirdi. (Oybek)
To‘n kiyib, belbog‘ bog‘lagan bolakaylar ko‘zidan duv-duv yosh oqib: «Buvijonim, buvijonim!» — deb chirillashar edi. (O‘.Hoshimov)
Ona esa: «Bolam, qishlog‘imiz, odamlarimiz yana ham yaxshi bo‘lib ketdi, mana, kelsang ko‘rarsan…» — derdi. (S.Ahmad)
Qizaloq: «Otam sizni yo‘qlayotuvdi. Zerikkanlar…» — dedi. (Sh.Xolmirzayev)

8. Ko‘chirma gap mazmunan muallifning o‘y-xayoli, ichki kechinmasi, ichki fikr-mulohazasi kabilarga daxldor bo‘lib, bevosita talaffuz qilingan nutq maqomida bo‘lmasa, ya’ni muallif gapining sintaktik asosini …deb o‘yladi, …deb xayol qildi, …deb fikr-mulohaza qildi, …deya xavotir oldi, …deya qo‘rquvga tushdi kabi, shuningdek, …degan fikrdaman, …degan gap, …deganday bo‘ldi, …deganday ishora qildi kabi so‘z shakllari tashkil etgan bo‘lsa, ko‘chirma gap kuchsizlangan, undagi voqeani nomlash darajasi esa kuchaygan bo‘ladi, shuning uchun mazkur «ko‘chirma gap» qo‘shtirnoqqa olinadi, undan keyin yoki oldin esa hech qanday tinish belgisi ishlatilmaydi; faqat agar «ko‘chirma gap» emotsionallikka yoki so‘roq mazmuniga ega bo‘lsa, yopiluvchi qo‘shtirnoqdan oldin undov yoki so‘roq belgisi qo‘yiladi;
«Nahotki, birga o‘qisak, yaxshi qiz ekan» deb o‘ylardi. (O‘.Umarbekov)
«Yana fe’li aynibdi cholning!» deb o‘yladi kampir. (Cho‘lpon)
Hozir, birpas nafasni rostlab olay, keyin «Yo pirim!» deb ko‘taramiz-u, ketaveramiz. (Sh.Boshbekov)
«Yo‘q, gaplashish qiyin bo‘lsa kerak» deb o‘ylayman. (O‘.Umarbekov)
«Uyda xotinim bor, qizim bor, ular nima yeydi?» deb o‘ylamaydi. (Cho‘lpon)
«Bu joyda o‘zga maqsad bo‘lishi mumkin emas!» deb o‘ylardi u. (Cho‘lpon)
«Bu ketishda, qizim sho‘rlik, to‘yga yetarmikan, yo‘qmikan?» degan xayollar onaning bag‘rini tilardilar. (Cho‘lpon)
«Tashi yaltiroq, ichi qaltiroq» degan gap bor. (Cho‘lpon)
Zunnun «Yo‘q, yo‘q» degan ma’noda qo‘lini chaypidi. (Cho‘lpon)
Nizom qayiqni sokin qo‘ltiqqa burib kelib to‘xtatganda, Hamidaga ma’yus termilib, «Yana qachon ko‘rishamiz?» degandek qaradi. (P.Qodirov)
«Men qo‘yib yubordim, siz ham qo‘yib yuboring» degan ishorani bildirdi. (T.Murod)
Ulug‘bek «Jim!» deganday o‘ng qo‘lini sal ko‘tarib qo‘yib, Abdulvahobga tikildi. (T.Malik)
Yigitlar «Kim javob beradi?» degandek bir-birlariga qarab olishdi. (T.Malik)
«Sendan yozuvchi chiqadi-yov» degan maqtovdan taltayib, oldidagi qog‘ozga battar yopishadi. (E.A’zam)

Filologiya fanlari doktori, professor N.M.Mahmudov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent A.P.Madvaliyev, filologiya fanlari nomzodi, dotsent N.Mahkamovning «O‘zbek tili punktuatsiyasining asosiy qoidalari» risolasidan («O‘zbekiston» NMIU, 2005 yil)

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Apisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti ilmiy kengashining 2015 yil 20 maydagi 5-majlis qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika ta’lim markazi ilmiy-metodik kengashining 2015 yil 15 iyundagi qarori bilan ma’qullangan.