Turob To‘la (1918-1990)

Turob To‘la (taxallusi; familiyasi To‘laxo‘jayev, 1918.24.12 hozirgi Janubiy Qozog‘iston viloyatining Turbat qishlog‘i — 1990.20.4, Toshkent) — shoir, dramaturg va kinodramaturg. O‘zbekiston xalq shoiri (1988). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1967). Toshkent teatr bilim yurtida (1934—38), Toshkent pedagogika institutining til va adabiyot fakultetida (1938—41) o‘qigan. «Yosh leninchi» gazetasida adabiy xodim (1935— 41), O‘zbekiston Davlat radioeshittirish qo‘mitasida muharrir va diktor (1935—48), «Qizil O‘zbekiston» gazetasi tahririyatida adabiy kotib (1948—49), partiya idoralarida instruktor (1949—51), O‘zbekiston Davlat nashriyotida muharrir (1953—57), «O‘zbekfilm» kinostudiyasida stsenariy bo‘limi boshlig‘i (1957—62), Kinochilar uyushmasida kotib (1962-67), Madaniyat vazirligi qoshidagi San’at ishlari boshkarmasida boshliq (1967-76), Hamza teatrida direktor (1977-79), Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyat bo‘limi va Adabiyotni targ‘ib etish markazida rahbar (1980—90).
Dastlabki «She’rlar» to‘plami 1939 yilda nashr etilgan. Shundan keyin shoirning «Shodligim» (1941), «Tabassum» (1944), «Baxt tongotari» (1948), «Muborakbod» (1949), «Bolalar dostoni» (1950), «Qanotlan, qo‘shiqlarim» (1955), «Tanlangan asarlar» (1958), «Oromijon» (1961), «Gulyor» (1968), «Oftob nayzada» (1974) singari she’r, qo‘shiq va dostonlardan iborat to‘plamlari e’lon qilingan.
Turob To‘laning she’riy ijodi lirik she’r, qo‘shiq, ballada va dostonlardan iborat. Asosan, qo‘shiq janrida samarali ijod qilgan («Hayo bilan», «Sumbula», «Ko‘chalar», «Do‘ppi tikdim», «Sartarosh qo‘shig‘i» va b.).
Turob To‘la «Hamiyat» (1948), «Shahlo», «Zamon hukmi» (1968), «Suyuk momo» (1975), «Tramvayda topilgan daftar» (1978) singari dostonlarida mehnatsevar zamondoshlari hayotiga murojaat etish bilan birga tarixiy o‘tmish sahifalarini ham varaqlash va moziyda ro‘y bergan muhim voqealarga hozirgi davr nigohi bilan qarashga intilgan.
«Qizbuloq» (1968), «Quvvai qahqaha» (1969) va boshqa pesalar yozgan. 1969—70 yillarda F. Shillerning «Mariya Styuart» tragediyasini o‘zbek tiliga tarjima qilgach, mashhur o‘zbek shoirasining fojiali hayotiga bag‘ishlangan «Quvvai qahqaha» dramasini qayta ishlab, uni «Nodirabegim» nomi bilan sahnaga olib chiqqan (Hamza, Muqimiy va b. teatrlarda qo‘yilgan). Turob To‘la ayni paytda o‘zbek va qardosh xalqlar adabiyotidagi sara asarlarning sahna variantini yaratish maqsadida Ch. Aytmatovning «Momo yer» qissasi asosida shu nomdagi musiqali drama, Oybekning «Qutlug‘ qon» romani asosida «Zulmatdan ziyo» opera librettosini, Hamid Olimjonning «Oygul va Baxtiyor» dostoni asosida shu nomdagi she’riy drama (1979)ni, «Malikai ayyor» o‘zbek xalq dostoni asosida shu nomdagi opera librettosi (1987)ni yaratgan. G‘.Zafariyning 20-yillarda respublika teatrlari sahnalarida katta muvaffaqiyat bilan o‘ynalgan «Halima» musiqali dramasini qayta tiklab, Muqimiy teatrida sahnalashtirgan. Bulardan tashqari, o‘zbek xalq ertaklari asosida yaratilgan «Samarqand afsonasi» baleti librettosi ham bor.
«Maftuningman» (1958), «Furqat» (M. Melkumov bilan hamkorlikda, 1960) kinofilmlari va «Shashmaqom» videofilmi stsenariysi muallifi. Turob To‘la o‘ziga zamondosh bo‘lgan o‘zbek adabiyoti va san’ati arboblari hakida qator adabiy portret, ocherk va xotiralar yozgan («Nafosat», 1967; «Kamalak» 1972). U. Shekspirning «Qiyiq kizning quyulishi» komediyasi, A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, N.A. Nekrasov, T. Shevchenko, A. To‘qay, S. Muqonov asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.


O‘ZGA

Ko‘z ochib ko‘rmadi ko‘z mardumi sandin o‘zga,
Seva olmaydi meningdek sani mandin o‘zga.

Bag‘ri keng, ishqi musaffo guli, bulbullariga
Bormi olamda chaman hech bu chamandin o‘zga!

Bilinur mard kishi mardlik ila bu maydonda,
Saman o‘rnini bosolmaydi samandin o‘zga.

Yuragim torida yo‘q boshqacha kuy, boshqacha soz,
Sen otib poralagan zarbi kamandin o‘zga.

Bari mehrimni olib kimga in’om aylaganing,
Menga ne qoldi xayolingda chamamdin o‘zga?

OHISTA-OHISTA

Ko‘ngil mulkiga kirding, dilrabo, ohista-ohista,
Uning dildori bo‘lding bebaho ohista-ohista.

Banogoh beijozat kirdingu hayratda qoldirding
Olib domingga bir ohanrabo ohista-ohista.

Dilim bog‘iga o‘tqazgan bu ezgu dard niholingdin
Vafo undi, vafo undi, vafo, ohista-ohista.

Shirin damlar ato qilding xayolim koinotiga,
O‘zing kel endi jono, marhabo, ohista-ohista.

Ko‘zidin o‘zga aybi bormidir olamda ohuning,
Ko‘zing mardumi-la etgil shifo, ohista-ohista.

IShQ BORKI…

Ishq borki go‘zal olam, u ko‘zlar qarog‘inda,
U borki ko‘ngil so‘nmas hattoki firog‘inda.

U borki bahor hargiz bog‘laydi yarang guldan,
Mas’udi, maloling ham qosh ila qovog‘inda.

Dasht birlan o‘tib ketdi bir ohu misol navro‘z,
Lolai gulobingni ezg‘ilab oyog‘inda.

Qolmishdi yaqo yirtib barginda tiniq, shabnam,
Go‘yoki fig‘onidin yosh erdi yonog‘inda.

U tobe etar go‘yo baxtingni qilib gulxan,
Olamga bayon aylab mash’ali mayog‘inda.

Qancha dardi-hasrat bor, qancha qulfi tilsimot,
U uzgan ko‘ngil torin har bitta ulog‘inda.

Barchasin bilar ko‘ngil, barchasin etar barham,
U bois rivoyatlar el-yurti qulog‘inda!

YoR ETMA

Agar ahdimni buzsam, dilnavozim, asti yor etma,
Muhabbat bog‘ini tark et va aslo guluzor etma.

Agar yov oldida behuda ish birlan asir o‘lsam,
Qasos nafrat bilan o‘ldir, meni aslo xumor etma.

Harom o‘lsin muhabbat gar yo‘limdan bir qadam qaytsam
Raqibim bo‘l, rafiqam bo‘lmagil, motam mazor etma.

Zafar birla jahonga ko‘rsaturman chin muhabbatni,
Muhabbat farz ham qarzdir, qo‘zim, nomusi or etma,

Qo‘limdan tushmagay aslo qasos shamshiri janglarda,.
Agar o‘lsamki mardona, o‘zingni g‘amguzor etma.

Va lekin qumrilar g‘am birla aslo nolavor bo‘lmas,
Ko‘zingga bu jahonni asti, yorim, tangi tor etma.

Go‘zal gulshan Turobi pok etilgay tezda yovlardan,
Agar ahdimni buzsam, dilnavozim, asti yor etma.

MUHABBAT MADHI

«Jonim», dedim qulog‘ingga, ohista «jon», deding,
Ortiq bu jon sensiz menga, jonim, inon, deding.

Gul o‘rniga durdek terib kelgan kalomimni
A’lo bilib hamisha sen «bu doston», deding.

Quyosh bo‘lib kirding mening qalbimga bir yo‘la,
Qalbing menga keng, beg‘ubor bir osmon, deding.

Aytgil, dedim bormi tag‘in olamda baxtiyor,
Xumor boqib «mening bilan sen begumon», dednng.

Bu baxtga qilsam arzigay koshona armug‘on,
Nozim bilan Muhabbating bo‘lsin omon, deding,

«Jonim», dedim qulog‘ingga, ohista «jon», deding,
Ortiq bu jon sensiz menga, jonim, inon, deding.

KUYLATIB QUYDING MENI

Bir qiyo tashlab ko‘ngilga, o‘ylatib qo‘yding meni,
Bir mug‘anniy, oshiqona kuylatib qo‘yding meni.

Chaqdingu chaqmoq, qilich solding dilim osmoniga,
Oh, dilim birla barobar o‘ynatib qo‘yding meni.

Oldingu ketding o‘yimni, tinchimu sabrimgacha,
Izlatib ko‘yingda jon, ko‘y-ko‘ylatib qo‘yding meni.

Shuncha ham qimmat bo‘lurmi bir qiyo bir zorga,
Har chaman, har boqqa bir bo‘y-bo‘ylatib qo‘yding meni.

Endi bildim, tog‘ ekan Majnun qalbi, yopiray,
Ko‘cha-ko‘yda har kishiga so‘ylatib qo‘yding meni.

ONAIZOR
(«Osiyo ustida bo‘ron» kinofilmidan)

Yaxshi so‘z chiqqay yurakning qa’ridan,
Bormikin bahr olmagan yor bahridan!
Bormikin issiq, iliqroq bir bag‘ir
Olam ichra onaizor bag‘ridan!

Ey, janubga talpinib uchgan xayol,
Sog‘inishdan o‘rtagan bag‘rimni ol,
Onaizorimni etgil baxtiyor,
Intizor u, intizor u, intizor!

Lochining bor, deb onamni shod qil,
Ayriliqning dardidan ozod qnl.
Baxt bo‘lib, oro bo‘lib kir bag‘riga,
Bag‘rini gul, ko‘nglini obod qil.

Aylanur tun bag‘ri to‘lgan oy bilan,
Aylanur bosh o‘ynab oqqan soy bilan!
Baxt kelur, baxting kelur, kutgil, ona,
Har na kelgay jang bilan, ham joy bilan.

Yaxshi so‘z chiqqan yurakning qa’ridan,
Bormikin bahr olmagan yor bahridan!
Bormikin issiq, iliqroq bir bag‘ir
Olam ichra onaizor bag‘ridan!