Toshpo‘lat Hamid (1927-1984)

Toshpo‘lat Hamid 1927 yilda tug‘ilgan. Buxoro Davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida va Moskvadagi Oliy adabiyot kursida o‘qigan. “Quyosh sha’niga”, “Mening asrim”, “Tabarruk tuproq”, “Qora kiyik”, “Quyosh zarralari” nomli she’riy kitoblari nashr etilgan. “Asqad Muxtorning poetik mahorati” mavzuida nomzodlik dessertatsiyasini yoqlagan.
Toshpo‘lat Hamid 1984 yilda vafot etgan.

UMR ChO‘QQISI

Quyoshga qaradim peshin chog‘ida,
Bosh uzra tik edi, qamashdi ko‘zim.
Umrim ham tik yarim yil sanog‘ida,
Ba’zida ishonmay qolaman o‘zim.

Shu yarim umrimda omoch, jinchiroq,
Raketa, robotlar guvohi bo‘ldim.
Ovundim eshitib quruq shaqildoq,
Gohida dard chekdim, gohida kuldim.

Kimyogar donishmand mitti zarrani
Yuz million bo‘lakka bo‘lolgani rost.
Eshitdim yoqqanin men qizil qorni,
Bunga ham topildi mantiqiy asos.

Afsuski, o‘limga topilmay chora,
Mo‘tabar yaktolar bo‘ldilar qurbon.
Umrimiz uzayar bora va bora –
Bir kuni o‘limni yengajak inson…

…Yaxshilik siladi boshimni obdan,
Yaxshi so‘z bir sabab zavqqa, ilhomga.
Yaxshi odamlardan qarzdorman ko‘pdan,
Ular-chun hayotim tayyor in’omga.

Quyoshga qaradim peshin chog‘ida,
Bosh uzra tik edi… Qamashdi ko‘zim.
Umrim ham tik yarim yil sanog‘ida,
Ba’zida ishonmay qolaman o‘zim!

TO‘LIN OY KEChASI

Huv, uzoqda nola qilar nay,
O, oydin tun,
Xislatlaring mo‘l.
Oshig‘ingman, namozshomgulday
Quchog‘ingda yozaman ko‘ngil.

Oyga qarab to‘ymayman, aslo,
Yosh go‘dakday sanayman yulduz.
Dalalarga bo‘lib mahliyo,
Tasviringga topolmayman so‘z.

Oy nurini to‘kar yuzimga,
Tun gashtini suraman yakkash.
Yaydoq tog‘ ham shu kech ko‘zimga
Ko‘rinadi bo‘lib mehnatkash.

Ariq bo‘ylab tut daraxtlari
Xayolimni tortadi bir dam.
Ayamaydi ular barglarin
Go‘yo saxiy, mehnatkash odam.

Borlig‘ini hayotga berib,
Osoyishta oladi nafas.

GUMBAZLAR SADOSI

Buxoro tunlari…
Sehrgar tunlar,
Qa’ringiz tubida bor nash’u navo.
“Labi hovuz” gullari bag‘riga undar,
Sayrgoh ko‘chalar buncha dilrabo.

Nur o‘ynar qo‘ng‘iroq, ipak sochlarda,
Nur o‘ynar rang-barang misli guldasta.
Fontan otiladi qayrag‘ochlarga,
Yuraman go‘zallik ko‘rkidan mastday.

Turfa rang xonatlas kiygan jononlar
Ko‘zlarin yashnatar chamanday yonib.
Qora ko‘zoynakda kelgan mehmonlar
Qaytishar “Labi hovuz” sayridan qonib.

Minora ustida suzar rangpar oy,
Nurini toshlarga etib baxshida.
Asriy obidalar ochadi chiroy,
Men tilsim ko‘raman toshlar naqshida.

Uchqur xayollarga ergashib shuur,
Yoniq tuyg‘ularning tutib baridan,
Tuproqda zar ko‘rib, har bir toshda dur.
Xayolan gumbazlar sari uchaman,
Oy nuri osmondan sochadi zarhal…

RANGLAR

Bilmagan narsam ko‘p hali dunyoda,
Kunlarim o‘tmoqda, afsus, besamar.
Ming yillik umr bor ba’zi giyohda,
Bu dunyo murakkab, dunyo sehrgar.

Ne uchun insonning nozik yuragi?
O, qani metindan bo‘lsa edi u?
Odamzod bo‘lardi osmon tirgagi,
Sira yo‘l bermasdi yig‘iga kulgu.

Ko‘zimda eriydi atrof-tegralar,
Olam o‘qilmagan kitob, muammo.
Ne uchun quyoshda yayrar chehralar,
Yurakka g‘am tushar, qoraysa samo?!

BOG‘

Jonimga jon bo‘lur, serfarah bu bog‘,
Bunda nur mo‘tadil, soya mo‘tadil.
Quyosh zar kokili tarog‘u tarog‘,
Subhidam sayribog‘ istar bunda dil.

Mayin havolardan yutaman qonib,
Tunlari zar sochar ko‘kdan to‘lin oy.
Tabiat mahv etar, yuraman yonib,
Surmaday tortaman ko‘zimga chiroy.

Chorlaydi bag‘riga ufqlar bunda,
Chorlaydi oftobning gulgun yonog‘i.
Nurafshon to‘yxona samovot tunda,
Oy go‘yo qo‘shnining yongan chirog‘i.

Yulduzlar boshginam ustida shundoq,
Qo‘l cho‘zsam teraman bitta-bittalab.
Go‘yo yor bo‘ynida yaltiroq munchoq,
Tun bo‘yi yuraman goh yulduz sanab.

Ming xilda sayraydi bundagi qushlar,
G‘unchaga roz o‘qir bulbul butoqda.
Rayhonlar, jambillar xayolim ushlar,
Egilib cho‘milar maysa qirg‘oqda.

Jonimga jon bo‘lur, sarfarah bu bog‘,
Bunda nur mo‘tadil, soya mo‘tadil.
Quyosh zar kokili tarog‘u tarog‘,
Subhidam sayribog‘ istar bunda dil.