Sobit Madaliyev (1949)

Shoir, nosir, tarjimon va publitsist Sobit Madaliyev 1949 yil 2 martda Jambulda tug‘ilgan. 1969 yili Toshkentga ko‘chib o‘tgan. 1972–1990 yillarda Moskvada ishlagan. 1977 yili M. Gorkiy nomidagi adabiyot institutini bitirgan. 1990 yili Toshkentga qaytgan.

Sobit Madaliyev 1991–1996 yillarda «Zvezda Vostoka» jurnalining bosh muharriri bo‘lgan. Uning she’rlari «Zvezda Vostoka», «Drujba narodov», «Novыy mir», «Ogonek», jurnallarida, «Yoshlik», «Kichik ipak yo‘li» almanaxlarida chop etilgan.

She’riy kitoblari: «Vremya tsveteniya persika» (1977), «Poyuщiye peski» (1979), «Marafon» (1983), «Vosxojdeniye» (1986), «I polыxayet solntse» (1986), «Iyulskiy vozdux opalyayet dux» (1988), «Rubai» (1999).

GULLAR

O‘zbeklar gullarsiz yasholmas zinhor,
Qoq yerni qo‘l bilan iydirar obdon.
Chelakdan suv kabi – ter to‘kib takror
Ulug‘lar beo‘xshov o‘zligin hamon.

To nafas olarkan, bor ekan joni,
Charchoqlar bahsiga bo‘lmas hamnishin.
Hech pisand etmagay qoq saratonni,
Kutib ham turmaydi, kelsin deb peshin.

O‘zbeklar gullarsiz yasholmas zinhor,
Tark etar orombaxsh uyning quchog‘in.
Mayliga, ust-boshin chang bossin takror
Qaqragan yerlarga oshiqar tag‘in.

ChO‘LDAGI SO‘QMOQ

Goho parvoz etib baland barxanga,
Pastlikka otilar goh o‘qday shundoq.
Belanib – sho‘r bosgan to‘zonu changga
Harsillab chopadi cho‘lda bir so‘qmoq.

Unga zahrin sochar shuvoqu yovshan,
Ko‘mib tashlamoqchi bo‘lar daydi qum.
Tunlari jarlikka berkinar yovdan,
Ya’ni, och qashqirlar qilganda hujum.

Sharq uzra balqigach oqbadan sahar,
Chiqa solib tunning qa’ridan shu choq –
Qumlarni to‘zg‘itib, nuratib battar
Vishillab,
Chiyillab yugurar so‘qmoq.

Sira o‘xshamas u holsiz yirtqichga…
Gar unga duch kelsang issiqdan tolib.
Yo‘lovchi,
Quvonching sig‘masin ichga
U biror manzilga boradi olib.

Topganday bo‘lasan o‘sha choh quduq,
Quduqki, zilolga limmo-lim, to‘liq.

Qorni och bo‘lsa-da qumlarga sho‘ng‘ib,
Barxanlardan sakrab, goh yurib vazmin.
Yakkash bir qabrga eltadi seni
Qabr-chi nuragan, ko‘rimsiz… ozg‘in…

Bu joyga dag‘altus ovul ham yaqin,
Seni qarshi olar itlar serzarda.
Va… obi hayotni simirasan sen
Nim kosa ko‘zingga tashiydi parda.

Joningni asragan so‘qmoqdan qayta
Manzilga yo‘l solsang, qarshilab tongni.
Ruhiga hududsiz tahsinlar ayta
Eslaysan,
Ko‘milgan shohid insonni.

* * *

Shabnamlar sachraydi gullar bargidan,
Soyadagi gullar so‘qmoqda yayov.
Poyida – zax tuproq va muz qumlar shan,
Kaftida – sho‘x portlash va tutam olov.

Ular kam. Yurakni siqqudayin kam.
Dunyoning qo‘rqinchin tushundi yoki,
Osmonga to‘zonlar ko‘tarilgan dam?
Shunchaki yashashdan toliqdi balki!

QUYoSh XOTIRASI

Tur o‘rningdan, do‘stim!
Saodating nurlarini yig‘,
mard bo‘l, kurash boshla,
Quyoshga ko‘maklash!
M.PRIShVIN

Hayqirib bezdirsa elektrovoz,
Tinglasak avtolar yurak urishin.
Tramvayga ursak o‘zni shu alfoz,
Qayga kechikmoqqa shoshyapmiz, tushun?…

Poytaxtda sudralar qishloqi odam,
Yoningdan o‘tmaydi qush kabi uchib.
Ko‘zlarin keng ochib, cho‘ng binolarning
Ko‘hna haybatiga qaragay cho‘chib.

Har bitta haykalga tekkizadi qo‘l,
Qo‘zg‘olon maydoni og‘dirar esdan…
Qaygadir imillab olarkansan yo‘l
Serqatnov ko‘chadan o‘tasan tezdan.

Tormozlar chinqirib quvar oroming,
Avtolar g‘iybati qiladi bezor.
O‘limdan sog‘ qolgan anov haydovchi
Ayamay
Asabin g‘ishtlarin buzar.

Bexos quvib o‘tgan mashina tomon
To‘rtburchak mushtumin o‘qtalar, ana.
Uyda ham jiringlab tinmas telefon,
Balkonlarga qochib chiqamiz yana.

Hovlilar jamoli berar tasallo,
Ko‘krakdan hovurday purkalar hasrat.
Sertartib gulzorlar shu fursat ammo
Majruh asablarni qoladi asrab.

Olovga tap-tarang samoviy sharning
Nurlarin miriqib ko‘ramiz ushlab.
Unutib boramiz shaddod shaharni
Shovqindan vujud ham boradi bo‘shab.

Ruhingga engashib qaraysan birdan,
Qaragan singari quduqqa ziyrak.
Quyoshning umrini hayoting bilan
Taqqoslab qolasan…
Naqadar siyrak!

Sening ruhing bo‘lgan ul tirik quyosh
Quduqning tubida yiltirar muzday.
Oroming qaygadir olib ketar bosh,
Va…
Bo‘m-bo‘sh kunlaring ko‘ksingda to‘zgay.

* * *

Qayg‘u ham, quvonch ham yurakda joysiz,
Sening alahlashing yotu yovvoyi.
Zaminni zabt etmoq – qanday mudhish so‘z,
Bu xil xayollarning bari havoyi.

Undagi narsalar buyurtma emas,
Shunday qil, yur bunda sen hushyor bo‘lib.
Xudoyim, bu nechuk haqoratdir, bas,
Bizsiz ham yer yuzi turibdi to‘lib!

Rus tilidan Nazar Shukur o‘girgan