Saydazim Ravshanov (1955-2020)

Saydazim Ravshanov 1955 yil 1 mart kuni Jizzax viloyati, Baxmal tumanida dehqon oilasida tug‘ilgan. Jizzax davlat pedagogika institutini tamomlagan. Ilk mehnat faoliyatini 1976-1996-yillarda Baxmal tumanidagi 14-maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan. 1996-1998-yillarda Samarqand qishloq xo‘jalik institutida o‘qituvchi, 1998-2001- yillarda “Baxmal tuman xalq ijodiyoti va tarixi” muzeyida rahbar vazifalarida faoliyat olib borgan.

Saydazim Ravshanov maktabda ishlab yurgan paytida o‘zi yashayotgan hudud tarixini izchil o‘rganib badiiy publitsistik yo‘nalishdagi “Baxmalnoma” (“Sangzor” nashriyoti, 1988), “Moziy tuhfasi” (“Sangzor” nashriyoti, 1991) asarlarini yaratadi.

“Baxmal tuman xalq ijodiyoti va tarixi” muzeyida faoliyat ko‘rsatish jarayonida ham viloyat tumanlari haqida asarlar yozishni ko‘ngliga tukkan yozuvchi “Mirzacho‘l” (“Sangzor” nashriyoti, 1998) badiiy publitsistik asarini yozib chop ettiradi. Shuningdek, yozuvchining “Uchrashuv” (“Sangzor” nashriyoti, 2005) hikoyalar to‘plami ham o‘z o‘quvchilarini topgan. 2008 yilda adibning “Hayratdan to‘kilgan satrlar” she’riy to‘plami (“Sangzor” nashriyoti) chop etilgan.

HAYRAT

Ey, gullar, g‘unchalang! Avji payt keldi,
Qadni dol tashlaysiz, tushkunlik nega?
Subhidam shamolin qarshilang xushhol,
O‘xshasangiz, axir, bo‘lmasmi menga?
To‘lg‘anib tong sahar g‘uncha yordi lab,
Tikoni nishlamay chiqdi bir ega.
Hissiz bir malakning ilkida so‘ldi,
Dedim: – Munchalar ham o‘xshamang menga.

BITTA GAPDAN QOL

Naqllaring bor bo‘lsin, xalqim,
O‘zing kabi kamtirin, halol.
Yutganidin yuttirgani ko‘p,
Mana biri: “Bitta gapdan qol”.
“Oltin qo‘llar…” dedi qimtinib,
Himmimiz-chun hurmatli bir chol.
O, yutganing zahar bo‘ldi-yu,
Qinoating: “Bitti gapdan qol”.
O‘z xalqining peshonisiga
Qo‘riqchi ham bitmagin zotlar.
Temur kabi jahongiringga
Otsa, ne dey, tosh – malomatlar!?
O‘z yurtingda zulmatda qolmish,
Jihon aro ziyo tiratib.
“Boburnoma” sensiz kezindi,
Bobomga ne uni yaritib?
Aro yo‘lda qoldi suvlaring
Armon to‘lib oroling qoldi.
Mehrobingda ruhlar kezinib,
E’tiqoding, imoning qoldi.
Sening noming bilan so‘zlagan
O‘g‘illaring beqabr ketdi.
Naqling to‘sgan o‘sha gapni ayt,
Yo‘qsa, navbat tilinggi yetdi.

SO‘NGGI GAP

Mayitni tuproqqa topshirdi qishloq,
Sha’niga oyatlar o‘qildi uzok.
So‘raldi: – Falonchi edi-ya qandoq?
Javob shu: – Zap odam edi rahmatli.
Vatanfurush o‘tdi gunohi kabir,
Padarkush uchun ham topildi sabr.
O‘g‘ri, muttahami o‘tdi birma-bir,
Ammo der: – Xo‘p odam edi rahmatli.
Fohisha, murtadlar qilmishin o‘rab,
Valadi zinolar o‘tdi yurt so‘rab.
So‘nggi yo‘l borishda bitta hukm-gap,
Deymiz: – Yaxshi odam edi rahmatli.
Taomil shunaqa bu jumard elda,
Yomonin yashirmoq bu ham bir fe’l-da.
Ayriliq bo‘ldimi, belbog‘i belda,
Derlar: – Yaxshi odam edi rahmatli.