Safar Olloyor 1969 yil 25 aprelda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Oqrabot qishlog‘ida tug‘ilgan. 1996 yilda O‘zMUning jurnalistika fakultetini bitirgan. Dastlab Dehqonobod tuman gazetasida adabiy xodim, so‘ngra Respublika Radiosida muharrir, katta muharrir va O‘zbekiston televideniyesida muharrir, katta muharrir, bo‘lim boshlig‘i; keyinchalik “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” va “Adolat” gazetalari hamda “Tafakkur” jurnali tahririyatlarida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan. So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining axborotnomasi – Byulleten Verxovnogo suda Respubliki Uzbekistan” huquqiy, ilmiy-amaliy jurnali va “Kuch – adolatda” huquqiy gazetasi birlashgan tahririyatida bosh muharrir o‘rinbosari, bo‘lim muharriri vazifalarida ishlagan. Ayni paytda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi.
1996 yildan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining a’zosi. 1998 yil 22 iyundan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Yilning yang yaxshi jurnalisti” tanlovi sovrindori (1997).
“Ishq yo‘li” (G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1996), “Umid o‘zani” (“Nasaf” nashriyoti, 1996), “Nafis idrok” (“Yangi asr avlodi” nashriyoti, 2000), “Omad ko‘zi” (“A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007), “Odam va Omad” (“Akademnashr” nashriyoti, 2018) kabi she’riy to‘plamlari va “Ko‘zgusiz go‘zal” – “Tanlangan asarlar” to‘plamining 1-jildi (“Tafakkur” nashriyoti, 2020) nashr etilgan.
Safar Olloyor tarjimon sifatida Iogann Volfgang Gyote, Franchesko Petrarka, Jon Kits singari jahon adabiyoti yuksak namoyondalarining, shuningdek, Senegal she’riyatidan Semben Usmon, David Diop, Lamin Diakate, Malik Fal hamda Nepal she’riyatidan Lekxnatx Paudyalay, Bxuni Sherchan, Lakshmiprasad Devkota, Bxavani Bxikchu, Madxavprasad Gximire she’rlarini ona tilimizga o‘girgan.
Safar Olloyor ijodi namunalari rus, ingliz, hind, qozoq, turkman, turk va boshqa chet tillarga tarjima qilingan.
NOMA
Asriy buloqlarning ko‘zin ochgansan,
Muazzam tog‘larning ko‘kragin kergan,
Maftunkor bog‘larga bag‘rini bergan,
Ochiq qalb, bag‘ri keng, maftunkor, Vatan!
Jo‘shqin daryolarga yo‘l ochgan o‘zing,
Amu, Sir, Zarafshon… — bayoting-so‘zing.
O‘zbek kamoliga tikilgan ko‘zing,
Daryodil, sobitso‘z, ulug‘vor, Vatan!
Mag‘rur burgutlarga baxsh etib parvoz,
Nekbin turnalarga bo‘lgan jo‘rovoz,
Quyoshu oylarga ko‘zguvash pardoz,
Sarparvoz, sarovoz, serviqor Vatan!
Beadoq ummonday daryovash dillar,
Mehringdan bahramand nurli ko‘ngillar.
Ay mushfiq onalar, opa-singillar,
Siz kabi mehrda barqaror, Vatan!
Garchand dildoshdirman, kelar havasim:
Ko‘ngilga hamohang esar hur nasim,
Etti yot hadikdan olloh asrasin,
Barcha dilbandingning baxti bor, Vatan!!!
HIKMAT DARChASI
Vaziyat o‘zgacha: ruhmi uyg‘ongan,
Tuyg‘ular jilvasi nurchan, teranroq.
Ajib kuy taralmish muazzam tongdan,
Zaminga cho‘t emas bir zayl tebranmoq.
Tasanno ibtido shamoyiliga,
To abad asragay sinoatini!
Illo ne dard ingan inson diliga,
O‘zi o‘qiy olmas o‘z dastxatini.
Asriy zimistonda yuz ochmish ko‘ngil,
Qiya ochilganda hikmat darchasi.
Ajab, shamsday yorqin nur sochmish ko‘ngil,
Olamga yoyilmish bu yog‘du sasi.
Ki ahvol o‘nglanmish emdi mutlaqo,
Kitobday jamlanmish hayot mazmuni.
Insonga samimiy dil yormish baqo,
Valekin tinglanmas, anglanar uni.
Shu zahot o‘zgarmish xizmat ila ish:
Uzlatga chekinmish g‘araz, kin, kadar…
Faqat to‘kis umr kechirar emish
Ana shu hikmatni anglayotganlar!..
OQISh ShAShTI
Pand berib qo‘ymasa tanlangan o‘zan,
Olis manzillarda kutar saf payg‘om.
Hech qaysi to‘siqqa tobe emassan —
Shuni talab qilar daryo degan nom.
Senga yetolmagan jilg‘alar bisyor,
Biri boqqa, biri paykalga singgan.
Oqish nima bilmas ko‘lmaklar ham bor,
Seldan paydo bo‘lib bir joyda tingan.
Betavfiq tinishdan naf yo‘qdir garchand,
Dimoqni ezg‘ilar qora loy hidi.
Kuchingni bo‘lsada har qaysi sarband,
Behad shavqqa to‘la oqish mavridi.
Xudo sabot bersin, ey daryojonim,
Kurashga loyiqsan sobitlik uchun!
Senga boqib jo‘shar or-hayajonim,
Gashtimiz ayroyu shashtimiz uyg‘un.
Alhol, zamon ulug‘, imkon yetarli,
Tegramda do‘stlar ko‘p orkash, daryodil.
Ko‘nglim qirg‘og‘ingda bir so‘z aytardi:
— Suvingdan ichganga shasht baxsh aylagil!
OQISh GAShTI
Ey, qalb, daryoliging muborak senga,
Asriy buloqlardan jamlagansan kuch.
Baqamti yor bo‘lgay bu yurak senga,
U muqim qirg‘oqdir, shu o‘zanni quch!
Oqish neligini bilmagan qancha,
Turg‘un holatidan bamisli mag‘rur.
Ajab, senda hislar suzar chalqancha,
G‘avvosday sho‘ng‘ib ham topishar huzur.
Kunduzi farahbaxsh ziloling bilan
Rohat ulashasan chanqoq dillarga.
Tunda ko‘ksingdagi hiloling bilan
G‘oyasan tabiat otlig‘ asarga!
Sharqiroq ohanglar, jo‘shqin qo‘shiqlar
Mavjlaring avjidir sobit va nomdor.
Muhabbat talablar yo‘lingga chiqar,
Barining ko‘ksida inja umid bor.
Ularning ra’yiga bo‘ysunma, aslo,
O‘z nomus-sha’ningga tushurmagil dog‘.
O‘zligingda faqat ezgu hislar jo,
Tashrifingga ilhaq barcha bog‘u rog‘!
Yo‘lga kuzatarkan, vazmin cho‘qqilar
Safaringga omad va baxt tilaydi.
Daryolar istasa cho‘lni yo‘q qilar,
Zotan orkash shahdni tangri qo‘llaydi.
Ey, qalb! Daryoliging muborak senga!..
KO‘ZGUSIZ GO‘ZAL
U hammaning ko‘zi o‘ngida
Uyg‘onar va kiyina boshlar.
Inja hayo bo‘zlar ko‘nglida,
Yuragidan g‘ayrati toshar.
Naki tani, har bir tukiga
Guldor ko‘ylak kiygizar birdan.
Hech kim daxl qilmas mulkiga,
Chunki Haqdan inoyat bo‘lgan.
Hayajondan titrab, iymanib
Ta’rifiga chog‘lanar so‘zlar.
Ishonmaysan — bo‘lmaydi tanib,
Olazarak boqar lol ko‘zlar.
Ko‘lmaklar ham tiniqmas axir,
Loyqalanib oqadi anhor…
Qaray desa, ko‘zgusi yo‘qdir —
Go‘zalligin bilarmi bahor!
PARIRO‘
Qizlar bor, bozorga soladi o‘zin,
Qizlar bor, farq qilmas
xonaki guldan.
Ochib yuborasan hayotning ko‘zin
O‘n sakkizga kirgan
shu chehrang bilan.
YaShASh ShAVQI
Yashasang, odamga o‘xshab yashagin —
Ko‘ngil koshonangni bezab yashagin.
Ajdodlar orini caqlagan bo‘lsa,
G‘ururli otangga o‘xshab yashagin.
Ustuni mustahkam ayvonda yasha,
Tuynuksiz chodirlar —
betavfiq go‘sha.
Sobitlik — eng ulug‘ ziynat,
Hamisha
Musulmon odamga o‘xshab yashagin.
Ariqqa boqsang-chi, soyin sevadi,
Hatto qaro tunlar oyin sevadi.
Chin inson tug‘ilgan joyin sevadi,
Pokdomon odamga o‘xshab yashagin.
Bu yurtning sha’nini
shamollar siylar,
Madhini humoyu bulbullar kuylar.
Yurakdan kuylaydi zo‘r mug‘anniylar,
Begumon odamga o‘xshab yashagin.
G‘amning o‘lchami keng,
kuyning — ko‘lami,
Dillarga malhamdir elning o‘lani.
Holbuki, bu dunyo — sinov olami,
Bearmon odamga o‘xshab yashagin!..
FURSAT
Olis manzillarga chorlayverar yo‘l,
Chiniqqan desantday
shay turar mador.
Nechun yaqinlashmay uzatasan qo‘l,
Bunda ojizlikning alomati bor.
To‘g‘ri, mag‘rurlikning
o‘rni kam juda,
Saxovat xokisor turobdan ibrat.
Ortiqcha urinish, bil’aks, behuda —
O‘z vaqtin kutadi
har qaysi fursat.
Umr — mashaqqatli yo‘ldir sarosar,
Qismatdan umidvor
Insonning mayli.
Fursat ham nozikta’b
mehmonga o‘xshar:
Hurmatin qilmasang —
qaytib kelmaydi.
JUMBOQ
Ko‘nglimda bemaslak,
notavon g‘ashlik,
Ichimdan nimadir g‘ajir etimni.
Biz istak bog‘ida birga adashdik,
Dilim, ko‘tarsang-chi
kayfiyatimni!
Sizlarni angladim O‘zim deganda,
Balki bu aldovdir,
balki rost — bilmam.
Jumboqlar uchrar-ku
har qanday fanda,
To‘la anglashilmas hali bu olam.
Men kimman…
Mensiz ham dunyo tinch yashar,
Beshak, yangrab turar salom-aligi.
Lekin nega uni bunchalik ezar
Ozurda ko‘nglimning bezovtaligi?!
YaXShILIK FALSAFASI
Mahmud Sa’diyga
1
Dunyoning bori shu: siru tilsimot —
Kim birovning, kim o‘z g‘amini yeydi.
Mahmud Sa’diy degan ulug‘sifat zot
“Yaxshilik jazosiz qolmaydi” deydi.
Bu gapga unchalik
parvo qilmasdim,
Qaysidir kitobdan o‘qigandir, deb.
Chunki har xil to‘plam
chiqar betinim,
Shaksiz, turfa fikr unga bergay zeb.
Yanglishgan ekanman, yaqinda chindan
Shu gapning o‘rnini
bilib qoldim, voh.
U hayotdan yulib olingan ekan,
Sizni ham shu sirdan aylagum ogoh…
2
Lekin ikkilanib o‘ylandim rosa,
Bu — yangi g‘oyami, yo naql fanga?!
Holanki, yuzlandi teran xulosa:
Yaxshilik qilish shart —
Biladiganga!..