Odil Og‘a (1968)

Odil og‘a (Odiljon Umarov) 1968 yilda tug‘ilgan. ToshDU (hozirgi O‘zMU) ning o‘zbek filologiyasi fakultetida o‘qigan. “Ilova” nomli she’riy to‘plami chop etilgan. Ayni paytda, Buvayda tumanidagi 9-umumta’lim maktabida o‘qituvchi.

ShE’R

Ko‘chaga yalang‘och chiqqan kishini
“Devona” atarlar, “jinni” atarlar.
Yo‘qotgan bo‘lsa kim esu hushini
Unga yo‘q chegara, ta’qiq, xatarlar.

She’r yozish ham ko‘ngil kiyimin yechish,
E’lon qilmoq – ko‘z-ko‘zlamoq a’zoyin.
Va tuyg‘u nomusin toptamoq, kechish –
Olomon o‘ngida qilmoq sazoyi…

* * *

Yuzing ko‘zgusida
O‘zimni ko‘rib,
Men o‘zimni
Haydab yubordim.

FARQIMIZ

Senga mudom yetmaydi yolg‘on,
Meni qiynar ortib qolgan rost.

XAT

Rahmon aka Qo‘chqorovga

Rahmon aka, omonmisiz,
Bug‘doymisiz, somonmisiz?
Yaxshilikdan xayriyat yo‘q,
Balki, anglab yomonmisiz?

Uchta o‘g‘il – uchta paykon,
Uchida ham nuri Rahmon.
Ko‘zlamishlar bari osmon,
Yo‘llab ilhaq kamonmisiz?

Na tadqiqot, na maqola,
Ko‘rinmaysiz, na bahona?
Hayrat qilay deb havola,
Yozyotirsiz romanmi siz?

Zamon – shamol, qo‘zg‘otdimi,
Kuldirdimi, bo‘zlatdimi?
Yo sizni ham o‘zgartdimi,
Yo o‘zingiz zamonmisiz?

Payhon asl adabiyot,
Hayron asl adabiyot,
Himoyaga bormi sabot,
Hanuz nutqi ravonmisiz?

Har manglayda turfa insho,
Lek ostida bitta imzo:
Uzoq Jo‘ra, Iqbol Mirzo,
Siz Ulug‘bek Sultonmisiz?

Dunyo ba’zan yorug‘, kengday,
Goho pastkash bilan tengday,
Ketgim kelar, siz ham menday
Fosiqlarga nishonmisiz?

Kimga xoku kimga tog‘man,
Biroz baxtli, chala sog‘man,
Tushunmayman, ko‘ngli dog‘man,
Siz ham dili xuftonmisiz?

Yashash – bir fan, hayot – ilm,
Yov tarafdan to‘xtab zulm,
To‘yu aza, bayram,o‘lim,
Urf-odat deb sarsonmisiz?

Poytaxt borib, qaytib keldim,
Ojizligim aytib keldim.
Men manzilga yetib keldim,
Abadiyat tomonmi siz?

Rahmon aka, omon bo‘ling!..

ILOVA

Erta yog‘ib qo‘yib qor – donim somonda qoldi,
Otmadim nega bir bor – o‘qim kamonda qoldi.

Bu dunyoning loyidan tegib qoldi etakka,
Yoshlik – vijdon beg‘ubor qadim zamonda qoldi.

Yaxshilarning ichida men izlagan odam yo‘q,
Bo‘lmadim batamom xor, ilinj yomonda qoldi.

O‘ylardim, gar ot solsam, yarim dunyo meniki,
Shoshni ko‘zlagan tulpor charchab dovonda qoldi.

Kesishga va osishga xo‘p o‘ng‘ay mag‘rur boshim,
Har qadamda yuzta dor, qanday omonda qoldi?

Boshimga balo bo‘ldi bilganlarim barchasi,
Qalbga kirmadi zinhor, “Mushaf” javonda qoldi.

Ichim – shayton uyasi, “iymonsiz” der bilganlar,
Birov der meni “dindor”, nomim talonda qoldi.

Qirq yil qalbni qamchilab, qismat qildi qontalash,
Chandig‘i bo‘lsin tumor, zahmi tovonda qoldi.

Har sahar qaylargadir ketmoq istaydi ko‘ngil
To‘rt tomonim ham devor, qiblam qayonda qoldi?

Qumda yotgan baliqday dunyoga mos tushmadim,
Ajrim Rahim va Qahhor – O‘zi tomonda qoldi.

Xo‘p valaqlab bironta dardimni sharhlolmadim,
Battar bo‘ldi dil afgor, dodim zabonda qoldi.

Erta yog‘ib qo‘ydi qor…

* * *

Bugun u o‘zicha sovrindor, g‘olib,
Choptirar qaramay oldinga, ortga.
Uzoqqa boradi o‘tirib olib,
Men ketiga tepib haydagan otga.

* * *

Bemavrid boshga qo‘nsa, qirovdan rozimasman,
Mendan avvalroq so‘nsa, olovdan rozimasman.

Yor, sen-la yasholmadik, onda so‘roqdan hadik,
Men seni ayro ko‘rsa, so‘rovdan rozimasman.

Qanotlarim – nomus-or, idrok, fikr – qo‘sh tulpor,
Zulm – zulmatga ko‘nsam, ulovdan rozimasman.

Men haqda talay gumon, mayli, qiling imtihon,
Fosiqni qilsa xursand, sinovdan rozimasman.

Tishin qayrab har bir it, qopmoqqa qilar tahdid,
G‘ar qolib menga hursa, talovdan rozimasman.

Siz-la oramiz ochiq, vijdonim – oppoq sochiq,
Da’vogar qozi bo‘lsa, to‘lovdan rozimasman.

Men – xojamga sodiq ot, haq uchun jang-e’tiqod,
Shu janggohdan yuz bursa, jilovdan rozimasman.

Mag‘lub bo‘lsam men yana, da’yus qilsa tantana,
Ulardan oldin o‘lsam, birovdan rozimasman.

NAVOIYMAN

Qariyb olti yuz yilki, turkiylar yodidaman,
O‘zidan ustun bilgan Boyqaro otidaman,
Qalam tutgan har qo‘lning qaynoq ijodidaman,
Asrlarni nazarga ilmagan Navoiyman.

Dehlaviy – porloq yulduz bu nazm osmonida,
Nizomiy – yo‘lbars panja, yengish bor imkonida,
Men ham o‘zni sher bildim bu “Xamsa” maydonida,
Mag‘lubiyat neligin bilmagan Navoiyman.

“Xazoyin ul-maoniy” – so‘zlarga oro hislar,
“Majolis un-nafois” – qurdim nafis majlislar,
“Arba’in”da – ikkinchi umrin yashar hadislar,
Xudodan o‘zga yori bo‘lmagan Navoiyman.

Turkiy tilga haykallar qo‘ydim asarlarimda,
Xalq valiy karomatin ko‘rdi amallarimda,
Lek Xudoga yig‘ladim yozgan g‘azallarimda,
Oxiratni yod etib, kulmagan Navoiyman.

Yaxshilarga yondashdim, ishim yo‘q yomonlarda,
Ezgu so‘z g‘olib bo‘lgan har qaysi zamonlarda,
Boburshoh degan zot bor Andijon tomonlarda,
Maktubin o‘qib o‘zin ko‘rmagan Navoiyman.

Orzudagi parivash Gulimidi, Gulmidi?
Balki, uni so‘ldirgan men haqir bulbulmidim?
Yaratganning manglayga yozgani yo shulmidi?
Qismatdan o‘ksik ko‘ngli to‘lmagan Navoiyman.

Jahonda bor ekan to dil degan go‘zal dunyo,
Unga ziynat bo‘lg‘usi she’r otlig‘ sohir bino,
Yor itin tirnog‘iga qonidin qo‘yib xino,
Baytlarda mangu yashar, o‘lmagan Navoiyman.