Mahkamboy Umarov 1949 yilning 9 fevralida Toshkent viloyati, Qibray tumanidagi Tuzel qishlog‘ida tavallud topgan. O‘rta maktabni tamomlab, Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika institutining qozoq tili va adabiyoti fakultetida tahsil olgan.
Mahkamboyning otasi — Umar Shodi o‘g‘li Toshkent viloyatidagi mashhur xalq baxshilaridan biri edi.
M. Umarovning “Ettisoy ohanglari”, “Dunyo”, “Muhabbat” nomli she’riy kitoblari chop etilgan.
U Respublika Ta’lim markazining qozoq tili va adabiyoti kengashi a’zosi, O‘zbekistondagi qozoq maktablarining 1, 2, 3, 4- sinflari uchun “Alifbo”, “O‘qish”, “Ona tili”, “Qozoq tili”, “O‘qish kitobi” kabi qator darsliklarning muallifi hamdir. Shoir Tursunboy Adashboyev bilan hammualliflikda 1-sinf uchun “Kitobim — oftobim” nomli sinfdan tashqari o‘qish darsligini ham yaratgan.
Mahkamboy Umarov 2021 yil 6 avgust kuni vafot etgan.
TURNALAR
Quvnatar turnalar parvozi,
Bir xilda saflarin uzmasdan.
Janubga yo‘l olar shu zayl,
Sira ham qatorni buzmasdan.
Nazdimda tumalar ko‘k toqin,
G‘ubordan tozalab, artibdi.
Bu qushga yarashgan fazilat,
Juda ham odobli, tartibli.
Jahonda qush zotin turi ko‘p,
Barchasi qatorin to‘ldirmas.
Turna-chi, hamjihat, shu bois,
Qatordan hech birin qoldirmas…
KAPALAKLAR
Oq kapalak, sap-sariq, ko‘k kapalak,
Ranglari turli-tuman, ko‘p kapalak.
Atirgulning hididan rohatlanib,
Uchib, qo‘nib o‘ynaydi to‘p kapalak.
Chechaklarga bag‘ishlar hayotini,
Gulga aytar qo‘shig‘i, bayotini.
Aytganday, qaysi rassom bo‘yar ekan,
Turfa xil kapalaklar qanotini?..
BIZNING ELDA
Aytayin bir shukurchilik,
Kun ham bugun rosa qiziq.
Ko‘zlarimdan yosh oqizdi,
Piyoz kessam suti chiqib.
So‘zimni kim tinglar ekan:
Toshkent degan — qut-barakam,
Bizning elda sigir tugul
Piyozda ham sut bor ekan.
KIM BO‘LASAN?
— Kuchuk, sen kim bo‘lasan
o‘sib-unsang?
— It bo‘laman haddidan
oshmaydigan.
— Qulluq, sen-chi?
— Ot bo‘laman qing‘ir yo‘lni
bosmaydigan.
— Jo‘ja, sen-chi?
— Xo‘roz bo‘lgum bemahal
qichqirmaydigan,
— Xo‘tik, sen-chi?
— Eshak bo‘lgum o‘rinsiz
hayqirmaydigan.
— Uloq, sen-chi?
— Serka bo‘lgum hech kimni
suzmaydigan.
— Qo‘zi, sen-chi?
— Menmi, axir qo‘y bo‘laman
O‘zidan ulug‘larni sizlaydigan…