Jumagul Suvonova (1961)

Jumagul Suvonova 1961 yil 5 may kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. 1989 -94 yillar Samarqand davlat universitetida, 1996-99 yillar Samarqand davlat chet tillar instituti aspiranturasida tahsil olgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi targ‘ibot markazi, keyin O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyatlararo targ‘ibot markazi,undan so‘ng Respublika teleradiokompaniyasi «Yoshlar» radiokanalida katta muxbir va muharrir vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan. 2001 yil yanvar oyidan buyon Samarqand viloyat hokimligi o‘rta maxsus kasb hunar ta’limi boshqarmasi «Ulug‘bek vorislari» gazetasida muharrir vazifasida
ishlab kelmoqda.
Uning «Binafsha» esdalik guldastasi, «Tillaqosh», «Yig‘layotgan ohu», «Men sig‘magan dunyo», «Olovli fasl», «Odamqush qo‘shig‘i» nomli she’riy hamda «Umr karvoni», «Qirmiz qizning qissasi» nomli nasrdagi nazm va hikoyalar to‘plamlari chop etilgan. Yaqinda «Usmon Azim she’riyatida badiiy tafakkur» nomli monografiyasi va «Tuproq isi» she’riy to‘plami nashrdan chiqdi.

TUPROQ ISI

Shu muattar tuproq suvratin
Jon-jonimga solib yuribman.
Unda neki bo‘lsa, barini
Nigohimda olib yuribman.
Yo‘lim burib o‘ziga tomon,
Hayot meni tortib boradi.
Qancha uzoqlashsam, tuproqqa
Shuncha mehrim ortib boradi.
Neki ifor chorlasa bari,
Ne tarovat yozsa ismini –
Hech bittasi bosolmas otam
Quchib yotgan tuproq isini.
Shu tuproqning gardiman, axir,
Orzularim yo‘li…
Qisqasi…
Kelganimdan buyon yozganim –
Tuproqqa tutashish qissasi.
Sevgimni ham, ozorimni ham
Yozayapman,
Qo‘llarim tolib.
Borayapman
Mangu ezgulik
Diyoriga boshimni olib.

* * *

Tolmoqda
Vujudim bandu bandida
Tirik tomirimning
Har bir tolasi.
Ertaga
Tuproqqa
Engashib qo‘yar
Shu yurtning
Yuragi oydin bolasi.
Ertaga…
Ha, yana keladi erta,
Kiftimdan tog‘larni
Qo‘yaman
Surib.
Tuproqda
Ko‘nglimni ochaman sizga,
Tuproqning
Yuragi bo‘lib,
Qulf urib.
Yo‘llarim
Azobga qorishgan edi,
Ko‘zimda yosh bilan
Engdim barini.
Mehnat, mashaqqatlar
Horishgan edi,
Boshimga solib
Dard, sitamlarini.
Barchasi hech edi,
Barchasi ojiz –
Hisobin bityapman
O‘tgan har damni.
Lek yozolmayapman
So‘ngsiz bir og‘riq
Changallab turganin
Bugun yoqamni.

* * *

Bu ummon naqadar bahaybat,
Naqadar tiniq va tubsizdir.
Bir g‘avvos qirg‘oqda o‘tirib,
Saralar marvarid-javohir.
Bu ummon naqadar sokin va
Hayotbaxsh, billurdek tovlanar.
Bir g‘avvos ko‘ksini burdalab,
Ummonga etadi sovg‘alar.
Bu ummon gohida evrilib,
Gohida yastanib, oqar tik.
Uning dard qavartgan bag‘rida
Ezgulik ulg‘ayar, ezgulik.
Bu ummon, yaxshiyam, mangudir,
Yaxshiyam, do‘st tutar quyoshni.
Yo‘q esa kim ilg‘ay olardi
Qirg‘oqda o‘tirgan g‘avvosni.
Bu ummon naqadar bahaybat…


TABASSUM

Suv bo‘lib ko‘ksingga
To‘kildim doim,
Goh tun, goh nur bo‘lib
Sochingga qo‘ndim.
Zamin, yuragingga
Etib borguncha,
Har gal qayta-qayta
Joningda undim.
Yam-yashil chiroying,
Qirmizi labing,
Ishqing ummoniga
So‘roqsiz kirdim.
Sening jamolingda
Ochilmoq uchun
Toza tuproq bo‘lib
Tabassum qildim.

* * *

Olislardan kuy sasi kelar,
Chanqovuzning g‘amzasi kelar.
Adirlardan, qirlardan chopib,
Ona yurtim nafasi kelar.
Beshigida bolasi bilan,
Ko‘pchib turgan dalasi bilan.
Dilni chorlab, tog‘u qirlarga
Sochib qo‘ygan lolasi bilan.
Charaqlagan ko‘zlari bilan,
Tig‘day keskir so‘zlari bilan.
Yuraklarni yondirgan olov,
Kuydirmajon qizlari bilan.
Yalpizlarin ifori bilan,
Sumalakning xumori bilan.
Bog‘larini erkalab xandon
Quchayotgan shamoli bilan.
Chiroyining zakotin to‘lab,
Sevgisiga sadoqat so‘rab.
Egnidagi yam-yashil, harir
Ko‘ylaklari kelar hilpirab.
Olislardan kuy sasi kelar,
Chanqovuzning g‘amzasi kelar.
Adirlardan, qirlardan chopib,
Ona yurtim nafasi kelar.