Jontemir (1994)

Jontemir (Toshtemirov) 1994 yilning 18 sentyabrida Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. 2013 yil Qarshi davlat universiteti qoshidagi 2-akademik litseyni tamomlagan. 2020 yili yosh shoirlar o‘rtasida o‘tkazilgan «Duel» loyihasida g‘olib bo‘lgan.

* * *

Kuz. Daraxtlar a-asta yechindi,
Archa bundan mustasno faqat.
Yomg‘ir –
Ishchi zaminga jindek,
Ko‘kdan uzatilgan choy-chaqa.

Tanga yog‘ar bulutdan iyib,
Xonaki gul – chehrasi tajang.
Ishhaqidan quruq qolmay deb,
Sudraladi yalqov chuvalchang.

Qanchasini cho‘ntakka tiqdi,
Quduq. Unda karnay ishtaha.
Tuni bilan yo‘talib chiqdi,
Usti boshi jiqqa pul shahar.

Men tonggacha chiqmadim uydan,
Kerak emas ko‘kning oyligi.
Etib ortar uning labidan
O‘marilgan qaynoq boyligim.

* * *

Men kim?
Oshiq,
Avlodi Majnun,
Kavla, ushshoq chiqar hamyondan.
Bir qultum may xumori uchun,
Bor-yo‘g‘idan kechgan Hayyomman.

Tushlarida ko‘tarib dovush,
Hofiz bilan she’r aytishgan, mast.
Tabriziyni sog‘ingan kovush,
Parilarga xushdor, ishqparast.

Nafsni qondan olgan ajratib,
Va’dasidan topgan tasalli.
Dunyosiga peshob sachratib,
Xilvatlarda yashovchi dalli.

Ko‘r olomon bosh ko‘targan tun,
Qoq ikkiga bo‘lingan hilol.
Xojasidan ayrilgandan so‘ng
Madinani tark etgan Bilol.

Erdan baland, osmondan pastda,
Ko‘zdan g‘oyib in qurgan Semurg‘.
Tayyorlanib uchmoqqa, asta
Engillashib borayotgan ruh.

* * *

1

Mixlab qo‘ydim devorga vaqtni,
Sensizligim o‘sar gurkirab.
Hovlidagi uch to‘p daraxtning
Tushlariga qaynoq cho‘l kirar…
…Ishtahaning jahlin qo‘zg‘atib,
(Ortig‘iga yetmas imkonim.)
So‘nggi tamakimni cho‘g‘latib,
Varaqlayman Yevtushenkoni.

2

Halovatim bormaydi ko‘pga,
Ilhom aql devorin mushtlar:
Daraxtlar uchishdi janubga,
Patlarini to‘kvordi qushlar.
O‘xshamadi.
Asablar tarang,
G‘udranaman oyga (kuyaman) –
Yoqmayapti sovuq basharang,
Darpardani tortib qo‘yaman.

3

Xotirangni ochar sukunat,
Titkilaysan o‘tmishni – cho‘ri.
G‘aladondan topilgan surat,
Bor kuchingni oladi so‘rib.

Senga tanish suluv suratda,
Yonida yot, kelishgan jasad.
Qo‘lingdagi xanjarni tikka,
O‘shaning ko‘ksiga sanchasan.

4

Tumshug‘imni ko‘tarar g‘urur,
Dalda berar Navoiy, Jomiy.
Ko‘zlarimdan sizib chiqaru
Lablarimni kuydirar noming.

* * *

hirsning ko‘zlariga hissiyot sepdim
chirsillab yondi u o‘tmishim yanglig‘
hayqirdi
faryodin ichdi sukunat
(asabim singari taranglik)
tilimni chaynadi ochiqqan bo‘shliq
nigohim torlikdan oyga ko‘chirdim
binafsha hidlagan paridek mushfiq
jazbamni kuldonga bosib o‘chirdim
yuzimga sachradi alvon tomchilar
(ruhimni poklashga nahot intilding)
kasriga do‘zaxlar qulasa qular
peshonam lavhiga chuqur bitilding
xayolim sabuhiy
tushlarim ra’no
tonglarga yo‘llayman ishq atalmish xat
ko‘yingda tentirab yurar ming Sa’non
angladim vaslingdan quyida jannat

«JO‘RAM»

Bobo… Yo‘q. Bu so‘z g‘aliz!
Do‘st. O‘rtoq. Jo‘ra…
Ha, ha, axir, sen eng yaqin jo‘ram eding-ku!
Tepakal jo‘ram-a…
Soqolli jo‘ram…
Jo‘ralar esa bir-birlarini sizlashmaydi.
Qara,
Xuddi senga o‘xshab o‘sdim —
G‘irt daydi.
Na makonim bor
Na manzil tayin,
Diydam tosh qotganu
Yuragim mayin.
Bilasanmi,
Xudoga yaqinlashyapman
Seni o‘ylagan sayin…

Boringda berkitib chekardim,
Endi… Endi erkinman!
Etar shuncha erkalatganing,
Hech yo‘q
Tushlarimdan berkinma.

Aytganingdek
Kalapo‘shingdan tor ekan dunyo,
Choponing baridek keng ekan dunyo.
Bir chaqaga arzimas, goho
Ming tilloga teng ekan dunyo.
Men buni kech angladim,
Bilsamda parvo qilmasdimmi yo?!

Ketganingdan beri:
Maysalar sir aytmay qo‘yishdi menga,
Suhbatiga qo‘shmaydigan bo‘ldi daraxtlar.
Yon-verimda qora-qizg‘ish kiyingan
Sharpalar yuribdi hushni karaxtlab.
Ortiq yozolmasam kerak
Qo‘rqaman.
Yozsamda almoyi-jalmoyi chiqar.
Anglaganim meni so‘z tuqqan,
Tiqsa ham o‘sha so‘z tuproqqa tiqar.

Tepakal jo‘ram-a…
Soqolli jo‘ram…
Kelajak kunlarim — mahbuslarga boq,
Kuldonga bosilgan afsuslarga boq…
Nafsini qul etgan Mashrabim, To‘ram!
Tepakal jo‘ram-a…
Soqolli jo‘ram…

Shisha sinig‘idek botar bo‘g‘zimga,
Sensiz yutilyotgan bir burda oq non.
Xayolimda jannat — bog‘, zimdan
Meni kuzatyapsan qo‘lingda qoq non.

Silkinib-silkinib tushyapti yelkam,
Tepakal jo‘ram-a…
Soqolli jo‘ram…

Ichimda hayqiriq,
Ko‘zimda vulqon!
Ichaman barini unutmoq bo‘lib,
Jomdagi may emas,

UL QON!
(yurak ham bormoqda nurab)
Va seni chorlayman-
Ayqiri-ib,
Ayqiri-ib,
«Tepakal jo‘ram-a…
Soqolli jo‘ram…»

* * *

Ancha yillar bunda bo‘lmadim,
Yurtni kezdim rizqimni terib.
Biroq sensiz baxtim kulmadi,
Qorapoycha — sog‘ingan yerim.
Ancha yillar bunda bo‘lmadim.

Tag‘in qaytdim bag‘ringa bu kez,
Ayni o‘rim, terim mahali.
Tor ko‘changda duch keldi bir qiz,
Ismini ham bilmayman hali.
Tag‘in qaytdim bag‘ringa bu kez.

Cho‘chib ketdi ko‘rinishimdan,
Xo‘rpaygan soch, beo‘xshov mo‘ylab.
Muz ustida yurgan kishiday,
Arang keldim uyga toy-toylab.
Cho‘chib ketdi ko‘rinishimdan.

Bosh ustimda zangori osmon,
Rus go‘zalin ko‘zlari yanglig‘.
Hadya etar qo‘shig‘u doston,
Endi menga shu keng yalanglik.
Bosh ustimda zangori osmon.

Tag‘in qaytdim bag‘ringa bu kez,
Ayni o‘rim, terim mahali.
Tor ko‘changda duch keldi bir qiz,
Ismini ham bilmayman hali.
Tag‘in qaytdim bag‘ringa bu kez.

Tor ko‘chada duch kelgan dildor,
Ortiq qochma qoshing qayirib.
Bo‘lmasa-da, u yigit puldor,
Shu qishloqning tanho shoiri.
Ortiq qochma qoshing qayirib.

Unga jonday qadrdon shu yer,
Kulgularing sachragan havo.
Bug‘doyzorda yozilajak she’r,
Sho‘x jilg‘alar chalguvchi navo.
Unga jonday qadrdon shu yer.

Yo‘ng‘ichqaning bo‘yiga xumor,
Chigrtkalar qo‘shig‘idan mast.
Chopib yurgan bo‘ynida tumor,
Toychoqlarga qiladi havas.
Chigrtkalar qo‘shig‘idan mast.

Yo‘q, cho‘chima zinhor, dilrabo,
Balki o‘tli muhabbatdir bu.
To‘rtta ummon turganda yo rab,
Ko‘zlaringa cho‘kib ketdi u.
Balki o‘tli muhabbatdir bu!

ALAM

Sig‘masada inson aqliga,
Men istalgan narsa shakliga
Kira olaman.
Bemalol aytavering do‘stim Rahmiddin,
Sizningcha nimaga aylangan lozim?
Kaminaga yarashar qanday lavozim?

-Kuldon!

O, ajoyib taklif.
Mana, men kuldon!
Qani, chekavering,
Turmang tortinib.
Kuydirib gardishlarimni
Bo‘g‘zimgacha kulga to‘ldirib.

Pushkin, Lermontov,
Pand bergan Yesenenga,
Vladimir Vladimirovich umriga nuqta qo‘yib,
Hemengueyni yenggan
To‘pponchaga aylansammikan?!
Atom bomba shaklida
Qo‘rqitaymi dunyoni?
Gugurtcho‘pga taqlidan
Ko‘rsatayinmi yonib?

Menga ko‘proq ayg‘ir bo‘lish yoqadi.
Tutqunlikda yashasam
Emrilar toqatim.
Daryo qo‘shig‘in kuylab,
Tog‘larda kishnab, o‘ynab
Dardu tashvishdan holi,
Bo‘ronlarga qasdma-qasd
Shamolda to‘zg‘ib yolim
Ko‘rganda qo‘zg‘ab havas
Chopib yurgim keladi…

Xo‘sh,
Yana kimda taklif bor?
-Gul!
-Xanjar!
-Parijga viza!
Yaxshi, yaxshi, chakkimas,
Marhamat janob:
-Yuliy Sezar!
Eplasa bo‘ladi.
Gapir bolakay:
-Qirol Artur qilichi!
(Jodugar Margana soldimi tahdid)
Qulog‘im senda qariya.
-Ilich…
-Tss. Axir bu siyosatga zid!
O, to‘pori ahli olomon,
Hu azaldan mo‘jizaga o‘ch.

Men har nega do‘na olaman,
Faqat ruhni qiynar og‘ir kuch.
(Egam bir tarafdan zaiflatib qo‘yar ekan ko‘ngil — qal’ani)
Onamning ko‘zyoshi va
Sevgilimning yuragiga
Aylanolmaslik alami…