Jonibek Subhon (Jonibek Suvonqulov) 1944 yil 9 iyunda Jizzax viloyatining Zomin tumanida tug‘ilgan. Samarqand Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. «Sirdaryo haqiqati» gazetasida (1970—1980), O‘zTAGning (hozirgi «O‘zA») Sirdaryo viloyati bo‘yicha o‘z muxbiri (1980—1984), Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limida adabiy maslahatchi (1984—1986), G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida (1986 yildan) ishlagan.
Birinchi she’riy to‘plami «Zangori ufqlar» 1978 yilda chop etilgan. «Qirralar» (1988), «Ota makon» (1991), «Tazarru onlari» (1993), «Silsila» (1994), «Ro‘yo» (1994) she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Shuningdek, u «Senga intilaman» (1987), «Katta hayot bo‘sag‘asida» (1987), «Zamon qo‘ng‘irog‘i» (1990) to‘plamlarining ham muallifi.
RO‘Yo
Naq yetmish yil soyalar deb quripti silla,
Tegmapti ham jonga soxta, go‘yoligimiz
Nasib etib qolganga ham o‘xshaydi, illo,
O‘zimizning o‘zimizga ro‘yoligimiz.
Itqitaylik boshimizdan ta’qib soyasin
Ko‘zimizni yana bir bor cho‘qimasidan.
Quvg‘in qiling tez jirkanchli qullik g‘oyasin
Miyamizning hatto so‘nggi to‘qimasidan!
Undan zarra qolsa ongda, boshlab o‘shandan
Qatron qilib chiqajakman tovonga qadar.
Men ruhimni ozod qilib qizil kishandan,
Sarob hislar vatanidan etarman badar.
Meni yulqib sug‘urdilar ildizim bilan
Diyonatning dinidagi paymon yurtidan.
Hatto nafas olmog‘im ham bir izn bilan,
Yuragimni asrolmadim zug‘m qurtidan.
Tilimdagi, dilimdagi tugun zangini
Qonim bilak ketkazishga hoziroq shayman.
Ko‘zlarimni qoplab olgan aldoq changini
Sovuq nafrat yoshi bilan yuvib tashlayman.
Yashabman-a so‘zlarimning sadosi bo‘lib,
Aylanibman orzularim sharpasiga bir.
Iliq so‘zcha mehrning xor gadosi bo‘lib,
O‘zligimdan chiqib ketib, yashabman haqir.
Bugun qayta kirib keldim ilk vujudimga,
Vatanim ham vatanligin his qildi go‘yo.
Bugun sohib bo‘ldim ruhiy o‘z hududimga,
Beqiyofa Jonibekmas, men bugun — ro‘yo!
1992
MEN AYTAJAK GAP
Yurtim, pok zamining toptamadi kim?
Qutlug‘ joylaring kim etmadi poymol?
O‘z-o‘zingga seni gij-gijlab, xalqim,
Uzilmas kishanga solishdi alhol!
Seni mehmondo‘st, deb maqtab avvalo,
Tekin ne’matingdan kelib so‘ng tobga,
O‘shalar boshingga yog‘dirdi balo,
O‘g‘ridan olib-u solib kazzobga.
Sen ko‘rgan kuningga aytib shukrlar,
Barin qabul qilding zamon zayli, deb.
O‘tmishing so‘ksa ham gala nonko‘rlar,
Sabr qilib kelding hamon, mayli, deb.
Tarixning bu yanglish so‘qmoqlaridan
O‘tgancha gul kabi necha qirilding.
Mayishib kelishdi to‘qmoqlaridan,
Ahyon-ahyongina chala tirilding.
Yangidan yaralar or-nomus va burd,
Bir erkin maromda tepajak yurak.
Yangidan tug‘ilgan jabrdiyda yurt,
Seni boshqa holda ko‘rmog‘im kerak.
Vatan-ku, yasharar, yasharar orzu,
Biroq dilda yotgan alam qarimas.
Yurakdan yulqingan nolalarim — bu —
Hali men aytajak gapning barimas!
1992
QO‘RQUV
Dunyo, dunyoliging tan olmagayman,
Qoshingda bosh egib lol qolmagayman,
Fosh etib sirlaring hech tolmagayman,
Tantilik shartlarin etmasang ijro!
Lol boqding: qatag‘on qilindi ruhlar,
Qo‘l qoqding: sadosiz so‘ndi anduhlar,
Ayb topding: o‘zini g‘arq qildi Nuhlar…
Taskin topmading biz parchalanmay to.
Daryomiz sohilin o‘pmasa — alam,
Dengizimda to‘lqin qo‘pmasa — alam,
Go‘daklarda yurak tepmasa — alam,
O, bular nelarning bo‘lgani ro‘yo?
Ro‘yodir oqibat, imon ketgani,
Elg‘onning ketidan zamon yetgani.
Endi aytgil, seni omon tutgani
Qanday ilinj qoldi dillarda, dunyo?
Etmish yil taomil bo‘ldi shakkoklik,
Mazaxga uchradi ko‘p asriy poklik,
Qizil qafaslarga tushdi beboklik,
Nahot shular bizga ko‘rildi ravo?!
Kimgadir gizlangan sovuq o‘q edik,
Gar hayot tarozu — vazni yo‘q edik,
Turfa aldoqlardan ko‘ngli to‘q edik…
Bugun barchasidan soqitmiz illo!..
1991
HAYKALLAR
Xoh jez quy, xoh bog‘la oyog‘iga tosh,
Haykallar bostirib kelavergandir.
Haykal oyog‘iga urganicha bosh,
Haykalparast o‘zbek o‘lavergandir.
Bu yurtda qolmadi biror sof maydon,
Ishg‘ol bo‘ldi tarix shoxsupalari.
Dahodir, jalloddir — ikki qo‘li qon
Boqiylik da’vosin qilishdi bari.
U toshmi, tirikmi, bag‘rini ochib,
Kutib olaverdi o‘zbek — boshi xam.
Haykal zug‘umidan farishta qochib,
Yuragi toshlashib bordi har odam.
Kelib yo‘rgakda qon yalagan zamon,
Haykallar qulatdi e’tiqod qasrin.
Garchi bu el edi ruhan musulmon,
Boshlatdi Buddaga sig‘inish asrin…
1992
ARMON
Onang bo‘lsa dunyo dunyo ekandur,
Onangizga hayot chaqir tikondur,
Ona degan bahosi yo‘q jahondur,
Onasizning uyi g‘amga makondur,
Buni kechroq anglaganim bir armon…
O‘zim demay, borin menga tutgan ul,
Kunduz — azob, tunlar zaqqum yutgan ul,.
Mendan orzu, havaslarni kutgan ul,
Biroq yorug‘ kunlar ko‘rmay o‘tgan ul,
Alamlarim kimga oshkor etarman?!
Meni o‘ylab bag‘ri kabob edi-ya,
Hijron mendan qaytar javob edi-ya,
Tegmagani mendan savob edi-ya,
Nahot menda mehr kamyob edi-ya?!
Tabiatning hukmimi bu, netarman?
Bag‘rim alam, armon qaynar dosh go‘yo,
Ko‘kragimda tepgan zilday tosh go‘yo,
Necha yilki, yelkamda yo‘q bosh go‘yo,
Onam ruhi chimirganday qosh go‘yo,
Pushmonlarim yuragimga yutarman.
Onam ruhi mendan ogoh turganday,
Kapalakmi, qushmi bo‘lib yurganday,
Tunda yulduz bo‘lib meni ko‘rganday,
O‘ylab meni, bo‘lar holim so‘rganday, —
Toki uning diydoriga yetarman…
Nechun ko‘zdan yuvdi yoshlar mardumni?
Nechun ohim titratmadi gardunni?
Ayo, do‘stlar, sezdingizmi dardimni?
Tushirmasdan sizga g‘ubor, gardimni,
Ozor bermay xotirlarga, ketarman…
1992