Jamol Sirojiddin (1955-2015)

Jamol Sirojiddin 1955 yilda Tayloq tumanida tug‘ilgan. ToshDUning (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Siyob oqshomlari”, “Tanbur”, “Mening kasbim cho‘ponlik”, “Zahhok saltanatinda” nomli kitoblar muallifi.

AYoL MEHRI

Bashar paydo bo‘lgan dastlabki kundan
To hozirga qadar bo‘lgan e’tiqod –
Qaysi u?
Ey shoir, xabar ber shundan,
Qaysi e’tiqod u, qolar barhayot?
– Ayol mehri!

Qanchalar to‘fonu, muzlik, qahraton
Va qirg‘inlar bo‘lgan tarixda. Ammo,
Nechun yengilmadi, kurashdi inson?
Qay kuch u, to hanuz o‘lmas rahnamo?
– Ayol mehri!

Metin irodali, zabardast, mag‘rur,
Pahlavon yigitlar bosh egar nechun?
Yoydayin egilar iroda, g‘urur
U qanday qudratdir, doimo ustun?
– Ayol mehri!

Shoir, kim tutqazdi qo‘lingga qalam,
Qalbingga jo etib nur hamda soya?
Kim baxsh etdi shodlik, ba’zida alam,
Ijodingda nima asosiy g‘oya?
– Ayol mehri!

Ha do‘stginam, bilsang, quyoshdir u mehr,
Bahor ul azalu abad yashnagan.
U hayotbaxsh suvdir, u jodusiz sehr…
Shuning-chun men unga mudom tashnaman.
Ayol mehri!..

MUZEYDA

Tili bo‘lsa edi manavi egar
Aytardi kimlarni mindirganligin.
Bu qilich, dahshatdan qinidan chiqqan
Ne-ne ko‘z nurlarin so‘ndirganligin.

So‘kilgan bu sovut, kamon o‘qlari
Yonma-yon turmasdi, bo‘lsa gar joni.
Pachoq bu dubulg‘a shashpar – gurzini
G‘ajib tashlar edi dahoni.

Bu chachvon, paranji ruxsoralarga
So‘ylardi: «Mahram ne, nomahram nadir?»
Alanga til bilan lablarin yalab,
Yana non haqida kuylardi tandir.

Zarbof to‘n kerilib maqtanarmidi
Ne-ne g‘unchalarni so‘ldirganini.
Tili bo‘lsa edi shu ajdar to‘plar
Aytardi kimlarni o‘ldirganini…

BOYSUNGA QAYTISh

Alloh bergan ne’matni banda tortib ololmas,
Nasib etsa to‘qson alp dilga qutqu sololmas.
Niyat qilsang, qalmoq shoh bunda olib qololmas
Oy Barchinim yor-yor, gul Barchinim yor-yor,
Boysun sari qayturmiz, kul Barchinim yor-yor.

Tog‘lar ko‘rkli qor bilan, yigit nomus-or bilan,
Hamroh bo‘ldik Qorajon – do‘sti vafodor bilan.
O, dil faqat dosh bergil visol qursak yor bilan
Oy Barchinim yor-yor, gul Barchinim yor-yor,
Ortda qolgan Bobotov, ul Barchinim yor-yor.

Bu cho‘llarda choshgohda olam qizib borodi,
Nortuyada Qorajon qumni chizib borodi.
Atrof to‘la kanizlar ko‘zin suzib borodi,
Oy Barchinim yor-yor, gul Barchinim yor-yor,
Cho‘qqisi yo‘q Asqartov bul Barchinim yor-yor.

Peshvoz chiqqan Boysunning eli bo‘lar yor-yor,
Kuyov sopu kelinchak keli bo‘lar yor-yor.
Oltoy tuysang kelini beli bo‘lar yor-yor,
Oy Barchinim yor-yor, gul Barchinim yor-yor,
Beldan ma’lum qiz ermas, ul Barchinim yor-yor.

Etar shuncha zorlanding g‘ayri tilda yor-yor,
Etar shuncha xorlanding g‘ayri elda yor-yor.
Mana bozor, mozoring, beri kel-da yor-yor,
Oy Barchinim yor-yor, gul Barchinim yor-yor,
“O‘lan to‘shak” degani shul, Barchinim yor-yor.

QADIMIY QO‘ShIQ

Og‘alari Yusufni chohga otib ketdilar.
Og‘alari Yusufni cho‘lda sotib ketdilar.
Og‘alari Yusufni sotgan pulga zormidi?
Azal-azal, ey dunyo, senda insof bormidi?
Yusufning uch ko‘ylagi sening ramzing shu dunyo.
Qonli,
Yirtiq.
Shifobaxsh bo‘ying oxir huvaydo.
Yusuf tug‘ilgunicha ko‘ylak yirtgan Zulayho
Uyal…
Chiqar, Yusufni tutma zindoning aro.
Zindon asli badandir,
Badan jonga Vatandir.
“Qo‘g‘irchoqning ichida qo‘g‘irchoq”day bu tandir.
Mayda, mayda qo‘g‘irchoq tahlil etar dunyo bu,
Yaxshi-yomon raftoring sarxil etar dunyo bu.
O‘shal kunlar arvohga yog‘ilmasmu haqorat?
Bo‘ldi,
Etar…
Bosh baytlar bo‘lar yana naqorat:
Og‘alari Yusufni chohga otib ketdilar.
Og‘alari Yusufni cho‘lda sotib ketdilar.
Og‘alari Yusufni sotgan pulga zormidi?
Azal, azal, ey dunyo, senda insof bormidi?

SUVQOVOQ

Olmurudning yelkasiga chirmashib
Masxaralab kula boshlar suvqovoq:
“Bu dunyoda ellik yillab chiranib,
Bo‘ying shumi, mevang shumi, hoy, ahmoq?!

Meni qara, uch oyda qancha o‘sdim,
Bir palagim tepa shoxing shodasi.
Soyamdasan. Bilki, o‘sishing to‘sdim,
Har bir mevam mevalaring “doda”si.

Sencha umr ko‘rsam oyga yetarman,
Oy nimadir yetgum Bahrom, Zuhroga.
Balki… balki quyoshdan ham o‘tarman,
Palak yozib shu yulduzli fazoga.

Har bir mevam bitta yangi sayyora,
Sayyora ne, yana bittadan yulduz…
Qani tez bo‘l, ellik yillik ovvora
Meni yuksak ko‘tar, o‘s kecha-kunduz.

Ellik yildir, har yil go‘yo naqorat,
Yangi o‘sgan suvqovoq der haqorat…

KETGIM KELUR…

Ketgim kelur, ko‘zu quloqsiz
Sarhadlarning qo‘yniga cho‘mib.
Ona qishloq, yashirgil meni
Bedazorlar nahriga ko‘mib.
Toliqtirdi na-da do‘stligi,
Na yovligi ma’lum bu xilqat.
Mijg‘ovliklar qurboni bo‘ldi
Qudratlardan qudratli qudrat.
Ketgim kelur,barchasi bekor,
Kimga kerak so‘zu gudozim.
Mijg‘ovlarga mijg‘ovlar kerak,
Sin-ey sozim, tin-ey ovozim!
Otameros qadrdon ketmon
Kel, vorisning yelkasiga min.
Men qa’ringga she’rlarim ekay,
Sen undirib ber, ona zamin.