Husniddin Sharipov 1933 yil 10 fevralda Pop shahrida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1983). Toshkent qishloq xo‘jalik institutining o‘rmon-melioratsiya fakultetini tugatgan (1949— 54). Dastlabki she’riy to‘plami — «Nihol» (1956). «Ko‘ngil buyurgani» (1961), «Quyoshta oshiqman» (1963), «Tuproqqa qasida» (1965), «Lirika» (1970), «Hayajonli daqiqalar» (1980), «Oh, go‘zal» (1981), «Yor istab» (1992), «Asiringman» (2003) singari she’riy to‘plamlari hamda «Do‘stim Tojiddin» (2001) nomli voqeiy qissa muallifi. «Bir savol» (1972) she’riy romani ham bor. Pesalari respublikamizdagi musiqali drama teatrlarida sahnalashtirilgan («Seni sevaman», 1958 va boshqa). Ko‘plab she’rlari qo‘shiq bo‘lgan. «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (2001).
AHILLIK
Avlodlar safida shiddat yangidir,
Davr xotirini etgaydir obod.
O‘shandan boshlangay: «Niyatlar ezgu!»
Degan shiorini har yangi avlod.
Kimdir arbob bo‘lar, kim esa — ishchi,
Vaqt — bu uchqur tulpor, berolmagay dosh.
Baxtni ahillikdan izlagan kishi,
Baxsh eta oladi yurtga ham rivoj.
Hayot dostoniga huda-behuda,
Yozilmas hech qachon kimningdir ismi.
Go‘zal tush ko‘rmoqchi bo‘lsak uyquda,
Gul ekib bezaymiz kunduzimizni.
Chamamda, havomiz qozoni qizib,
Uch karra bollandi mevalar bu yil.
Ey qalbim gulobi, tomirdan sizib,
Jo‘sh urgin, muhabbat nahriga quyil!
QALBIMIZ QONUNI
Farzanding xoh o‘g‘il, xoh barno qizdir,
Qalbiga muhabbat suvratin chizdir.
Har ozod yurakdan taralsin navo:
Elimga saodat — qonunimizdir!
Ko‘kda kezib borar yer shari bedor,
Xavotir olmagay bu yashil diyor:
Sarhadlar mustahkam, posbonlar hushyor,
Vatanga sadoqat — qonunimizdir!
Umr garchi emas — sayru sayohat,
Hech kim taqdiridan qilmas shikoyat.
Qo‘lga qo‘l beraylik: yoshlik — shijoat,
Keksaga farog‘at — qonunimizdir!
Zaminni ardoqlab yurtim dehqoni,
Bog‘lari so‘limdir, butundir noni.
Jannatni ko‘rganday yayrar mehmoni,
Mehr va saxovat — qonunimizdir!
Nur emgan g‘unchalar gulga aylanar,
Bu gul bir faslda bolga aylanar.
Soat ham biz bilan olg‘a aylanar,
Shu yo‘lda adolat — qonunimizdir!
YaShAYDIRMAN
Hayotimni qilib xonish yashay derman, yashaydirman,
Netayki, yo‘qdir oson ish, yashay derman, yashaydirman.
Bahor, yoz, kuz boshimdan sochdiyu gul, meva, yaproqlar,
Qitiqlab qochdi sakson qish — yashay derman, yashaydirman.
Qaribsan-ku demang, ilhom parisin yor etibmanki,
Berar umrimga oroyish: yashay derman — yashaydirman.
Oqar satr ichra har onim, uzzu-kun to‘lg‘anar jonim,
Nasibam bo‘lsa ham yonish, yashay derman, yashaydirman.
Qalam yer o‘z ichin, evoh, olar o‘ch so‘ngra qog‘ozdan,
Qog‘oz shod, yog‘dirar olqish: «Yashay derman, yashaydirman!»
Shirin tushlar bezab, ertakka aylangach tunim goho,
Hukmronim bo‘lar donish — yashay derman, yashaydirman.
Bilarman bir binokordek, g‘azal qasrin devoriga
Qo‘yilmas xom va arzon g‘isht — yashay derman, yashaydirman.
So‘zimning mag‘zi shulki, nazm otlig‘ bu bo‘stonda
Muzaffar, misli Alpomish yashay derman, yashaydirman.
Tugab nazmimda kam-ko‘stlar, tabassum aylagach do‘stlar,
Yurak ham bersa farmoyish, yashay derman, yashaydirman.
Bir hikmat kashf etolsam bas, qizitib dil bozorini,
Bo‘lib boshimga baxt bolish yashay derman, yashaydirman.
OT IZIDAN
Ot izidan toyi kelar,
Bir o‘ynoqi kuyi kelar.
Yorim o‘tgan bog‘ko‘chadan,
Gullolaning bo‘yi kelar.
Yoshlik degan yo‘l tozadir,
Pok sevgidan andozadir.
Muhabbatim ziyosida,
Dil g‘unchasi gul yozadir.
Kuylar bulbul gulzoriga,
Talpinar dil o‘z yoriga.
Ta’zim aylang, vafodorlar,
Chin muhabbat diyoriga.
Ot izidan toyi kelar,
Nay navosi, kuyi kelar.
Yorim o‘tgan bog‘ko‘chadan,
Gullolaning bo‘yi kelar.
POKIZA NOM
Vatan ko‘p asrlar, kurashlar hamda
Noma’lum dehqonlar ijodi erur.
Uni yuksaltirmish yorug‘ olamda
Hazrat Navoiylar baxsh etgan g‘urur.
Alanga tiliday beqaror hislar
She’rga aylangandek nogoh ilhomdan,
Vatan boshlanadi siz bilan bizlar
Avaylab asragan pokiza nomdan.
DAHOLAR KELGAY
Hayot ishqi yonar jonimda,
Bosib hovrim, sabolar kelgay.
Umr mag‘zin chaqar onimda
Ulug‘lardan nidolar kelgay:
«Iymoningni avaylab, Inson,
Etar bo‘lsang muhabbat ehson,
Nasibangdir halol, totli non
Va haqqingga duolar kelgay!»
Bu so‘z oltin barobar, do‘stlar,
Ko‘ngil qushday havolar, do‘stlar,
Alam-dardim davolar do‘stlar,
Nigohimga ziyolar kelgay.
Shukrlarkim, balanddir boshim,
Olisdan ham yaraqlar tojim,
Butun olam bo‘lib qardoshim,
Qatorimga daholar kelgay.
Kulab toglar, g‘animlar g‘oyib,
Bu yo‘ldan ham o‘tarmiz g‘olib,
Agar yursang hayotdan nolib,
Samovatdan sadolar kelgay:
«Iymoningni avaylab, Inson,
Etar bo‘lsang muhabbat ehson,
Nasibangdir halol, totli non
Va haqqingga duolar kelgay!»
BARDOSh
Uyat yo ayb emas egilsa kishi,
Ota farzand uchun qulluq qilar goh.
Peshonang tuproqqa tekkani yaxshi
Onani zaminga qo‘yayotgan chog‘.
Sabab bag‘oyat ko‘p bosh egmoq uchun,
Hech gapmas o‘tmog‘i umring bukilib.
Taajjub qilishmas,
Bir kunmas-bir kun
Umurtqa pog‘onang tushsa to‘kilib.
O‘zing-chi?
Bo‘lsang gar sifat noziri,
Umringga bosarding ne degan tamg‘a?
Esla o‘tmishingni,
O‘yla hozirni:
Nimaga bosh egding?
Qanday odamga?
Bitta qullug‘ingga arzirmidi u?
Bitta armoningta bo‘ldimi sherik?
Inson yolg‘iz ekan, ichadi og‘u,
Inson hamdardlarning tafti-la tirik.
Sen, axir, ichingga yutsang-da yoshing,
Baribir,
dardingdan etgali ogoh,
Qop-qora soch ila egilgan boshing –
Qayta tiklanguncha bo‘ladi oppoq.
BEG‘UBORLIK HAQIDA
Ko‘ksingdan joy bersang zarra riyoga,
Kirishing mushkuldir yangi dunyoga.
Shuning-chun, ehtimol,
Zaminni oftob
Aylantirib ko‘rar,
tutib ziyoga.
KAMTARONA…
Hayot dehqonga yer etibdi ato,
Temirchiga – bosqon, chumoliga – xas.
Men yurmog‘im uchun yayrab el aro
Qalam ko‘targudek quvvat bersa bas.