Hamid G‘ulom 1919 yil 25 aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1979). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1969). O‘rta Osiyo industrial institutining ishchilar (1933) va tog‘ fakultetlarida (1935—37), Pedagogika institutining rus tili va adabiyoti fakultetida (1938—41) taxsil olgan. «Qasosim bor» (1942), «Haykal» (1943), «Vatan kuylari» (1949), «Yangi bog‘» (1951), «Qit’alar uyg‘oq» (1960), «Oshiq ko‘ngil» (1974), «Vafoning uzun yo‘li» (1988) kabi she’riy to‘plamlar muallifi. Ko‘proq nasriy janrlarda ijod qilgan («Mash’al», 1958—61; «Toshkentliklar», 1967; «Mangulik», 1976 va boshqa romanlar). Pesalar («Toshbolta oshiq», 1965), opera teatri uchun «Xorazm qo‘shig‘i» (1964) librettosini yozgan. U. Shekspirning «O‘n ikki kecha», Firdavsiyning «Shohnoma»siga kirgan ayrim dostonlar va bir qancha chet el yozuvchilarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «El-yurt hurmati» (1998) va «Mexnat shuhrati» (2004) ordenlari bilan mukofotlangan. 2005 yil 21 avgustda Toshkent shahrida vafot etgan.
OH, SENING YoShLIGING MENDA BO‘LSAYDI…
Ko‘ngil yoshligani har dam qo‘msaydi,
Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi!
Takror etmas edim bag‘ri toshliging,
Oh, menda bo‘lsaydi sening yoshliging!
Namuncha yengilsan, namuncha daydi!
Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi!
Bo‘lmasdi beg‘amlik, bebardoshliging,
Oh, menda bo‘lsaydi sening yoshliging!
Tong yulduzi kabi bir on kulsaydi!
Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi,
O‘tda yondirardim ko‘ngil g‘ashliging,
Oh, menda bo‘lsaydi sening yoshliging!
Yurak ilk sevgaga yana to‘lsaydi!
Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi,
Shodlik, ko‘klamliging, serquyoshliging
Jahon yoritardi xuddi Yoshliging!
VISOL
Ko‘ksimga yarqirab quyosh chiqadi,
Boshimga mehribon baxt qushi qo‘nar.
Ayriliq tog‘ini visol yiqadi,
Ko‘ngil gulzorida chechaklar unar.
Chunki… sen kelasan quyoshday kulib,
Chunki… sen kelasan tole qushiday,
Chunki sen kelasan chiroyga to‘lib,
Shoirning tong chog‘i ko‘rgan tushiday.
Uzoqdan tovshingni eshitganim on,
Unutilar ko‘yingda chekkan kulfatim.
Dil quvnab misralar keladi ravon,
Ilhomim bo‘ladi aziz ulfatim.
Sen bilan o‘tgan kun men uchun – davron,
Qaynaydi istaklar, yashnaydi o‘yim.
Misralar qog‘ozga tizilar ravon,
Sen bilan o‘tgan kun – eng shirin to‘yim.
Ruhimda uyg‘onar hayot shovqini,
Vaslingga to‘yadi intizor ilhom.
Umrimning sen bilan o‘tgan har kuni –
Men uchun eng totli, nash’ali ayyom.
Shodliksan, sevgisan, qo‘shiqsan, kuysan,
Vafosan, hayotsan, toza husnsan.
Yoshliksan, orzusan, mast qilgan o‘ysan,
Tong chog‘i bitilgan she’rim o‘zingsan!..
KO‘KLAMLARING
O‘n sakkiz yosh – o‘n sakkiz ko‘klamlaring,
Gul hayotingda g‘animat damlaring.
O‘n sakkiz yil – o‘n sakkiz chaqmoq misol,
Do‘stlaring, sirdoshlaring, hamdamlaring.
Ilk muhabbat nozli mehmoning bo‘lur,
Mahv etur ishqing gumonu g‘amlaring.
Kunduzi oftob yo‘lingda mash’aling,
Ko‘qda yulduzlar tuningda shamlaring.
Bir nafas tark etmagay tun-kechalar
Tushlaring, orzularing – o‘ktamlaring.
Dushmaning hijron bo‘lib qolgay mudom,
Do‘stlaring vasl – dardingga malhamlaring.
Sevgi ummoniga yuksaqdan otil!
Ishq – hayotingda g‘animat damlaring.