Elbek (1898-1939)

Elbek (taxallusi; asl nomi Yunusov Mashriq) (1898, Bo‘stonliq tumani Xumson qishlog‘i — 1939.11.2, Magadan) — shoir, tilshunos va folklorshunos. 1911 yilda muhtojlik orqasida Toshkentga ko‘chib kelib, qarollik bilan shug‘ullangan. Xizmatdan bo‘sh vaqtlarida «Xoniy» maktabi (1911), so‘ng Avloniyning «usuli savtiya» maktabi (1914)da o‘qigan. Ayni paytda bosmaxonada ishlab, gazeta sotish bilan turmush kechirgan. Narimonov nomidagi ta’lim-tarbiya texnikumida o‘qituvchilik qilgan (1920 yildan). Madaniy qurilish ilmiy tekshirish institutida ilmiy xodim (1931—34).
Ijodi 1917 yildan boshlangan. Dastlabki she’rlari «El bayrog‘i», «Turon», «Turk so‘zi», «Ulug‘ Turkiston» gazetalari, shuningdek, «O‘zbek yosh shoirlari» to‘plami (1922)da bosilgan. Elbek — «Armug‘on», «Yolqinlar» (1925), «Sezgilar» (1927), «Mehnat kuylari», «G‘unchalar», «Chirchiq bo‘ylarida» (1935), «Bolalar qo‘shig‘i», «She’rlar to‘plami» (1936), «She’rlar» (1937) singari she’riy to‘plamlar, «Anorgul» (1926), «Go‘zal qiz» (1927), «Turkiston» (1928), «Bizniki», «Paxta», «O‘tmishim», «Chirchiq» (1929), «Batrak kolxozi» (1930), «O‘zbekiston» (1934), «Bog‘bon», «Etik», «Mergan» (1935) singari dostonlar, «Tozagul» (1934) she’riy romani, «Qo‘shchi Turg‘un» (1925), «Dadamat» (1936) hikoyalar kitobi muallifi.
Elbek she’riy va nasriy asarlarida o‘zbek xalqining yaqin tarixidan olingan, shu jumladan, shoirning kechmish-kechirmishi bilan bog‘liq voqealar tasviri muhim o‘rinni egallaydi. U tarixiy o‘tmishga murojaat etganida ham, zamonaviy mavzularda qalam tebratganida ham ibratli voqealarni tasvirlashga, zamondoshlarining, ayniqsa, yosh avlodning dunyoqarashi va axloq-odobini shakllantirishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni ko‘tarishga intilgan. Elbek shu maqsadda hamma uchun tushunarli, ommabop til va uslubda, masal, rivoyat, qo‘shiq singari xalqchil janrlarda asarlar yozishga alohida e’tibor bergan. A. Avloniy va Hamza qatori, Elbek ham masal janrida olib borgan izlanishlari bilan Gulxaniyning masalnavislik an’analarini davom ettirgan, bolalarga bag‘ishlangan asarlari bilan o‘zbek bolalar adabiyotining rivojlanishiga sezilarli hissa qo‘shgan, 20-asr o‘zbek adabiyotida birinchi bo‘lib she’riy roman janrini boshlab bergan.
Elbek 2, 4-sinf o‘quvchilari uchun «Yozuv yo‘llari» (1-bo‘lak, 1921), «O‘rnak», «Boshlang‘ich maktabda ona tili» (1923), «Go‘zal yozg‘ichlar» (1925) kabi o‘quv qo‘llanmalari va majmualarni yaratgan. Xalq og‘zaki ijodi materiallarini to‘plash va o‘rganish maqsadida 1921—22 yillarda Bo‘stonliq tumaniga, 1932 yilda esa Ohangaron va Chirchiq tumanlariga hamda Farg‘ona vodiysiga ekspeditsiya uyushtirgan. Elbek ilmiy safarlar natijasida to‘plangan materiallardan 1, 3-sinflar uchun «Bilim» to‘plamida keng foydalangan. «Ashulalar to‘plami» (1934—35 yillarda 2 marta nashr etilgan), «Laparlar» va «Ertaklar» (1935) to‘plamlarini e’lon qilgan.
Elbek I.A. Krilov, A.S.Pushkin va N.A. Nekrasovning bir necha she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning «O‘zbekcha shakldosh so‘zlar» lug‘ati (1934) o‘zbek tilidagi dastlabki omonimlar lug‘atidir.
Elbek 1937 yilda qatag‘on etilib, 10 yillik jazo muddatini o‘tash uchun Magadanga jo‘natilgan va o‘sha yerda vafot etgan. 1957 yil 1 avgustda oqlangan.
Naim Karimov


TUTQUN QUShChA

Oltindan to‘qulg‘on tor bir qafasda
Yotardi bir qushcha doim qayg‘uda.
Ul har kun shul holda yotg‘och qamalib,
Yig‘lardi ko‘b vaqt, tinmayin o‘ksib.
Buning qayg‘isidan xabarsiz inson
Go‘yokim, bo‘lib ul bunga mehribon,
Qafasning oldidan uzmayin o‘zin,
Qushchaning sayrashin kutib turardi.
Qushchaning mungli, hazin nolasi,
Tutqinlik qiynog‘in aytib yig‘lashi
Unga ko‘b yoqardi, lazzat berardi,
Quvonchdan o‘ynab ul, tinmay kulardi.
Shul choqda bu holni uzokdan bir qush
Ko‘rdi-da qushchaga dedi: — «Boyaqish,
Seni bu tutqinga solg‘on – sayrashing,
Esizdir, oqizma endi ko‘z yoshing!
Bu oltin qafaslar yolg‘uz sen uchun,
Sening shul ingragan bir tovshing uchun.
Sening bu ingrashing insonlar uchun
Keng, totli, yoqimli turmush bag‘ishlar.
Sening bu foydangdan ko‘zlarin yumib,
Qachon bu insofsizlar qo‘yib yuborar?!
Qutilmoq istasang, sen, hech yig‘lama,
Ularga yolinma, sira indama!
Kuch to‘pla, kuch bilan qafasin buzg‘il,
Kulliqning oltinli bo‘g‘ovin uzg‘il!..»
1918

KO‘Z YoShLARIM

Qorong‘i kun, qora bir tun kabi edi bu ochun,
So‘nilg‘on erdi «yoniq»lar u kech ichinda butun.
Butun jim o‘lmish edi tegra yoq qorong‘idan
Yurak yonib tepar erdi qo‘rqinchli qayg‘udan.
Ko‘zim o‘nginda kelib turguvchi buzuq uylar,
Yurakni ezguvchi ul qayg‘uli go‘zal munglar…
Ochardi ko‘zlarimni ozda yumg‘ali qo‘ymay,
Sochardi yoshlarimni birda ting‘ali qo‘ymay.
Miyamdagi u go‘zal ezgu-ezgu umidlar,
Yurakda tebrangan ul qutli-qutli armonlar
Bari yo‘qolmish edi, qayg‘uning tegida qolib,
Yurak o‘tida sovingan edi yonib-da yonib.
Shu choq ko‘rindi sekin, ezgu qutli, nurli quyosh
Ochunga soldi ko‘zin, bolqunib-da kuldi yuvvosh.
Buning bu kulgisidan tindi ko‘zdagi yoshim,
U qo‘rqinchli ko‘rinishdan qutuldi bu boshim.
1919

QARG‘A

Bilasizmi, qarg‘a qanday bir qushdir?
Sevmaydir yoz, sevgani-da bir qishdir.
Ul sevadir, jonsiz, o‘ksiz qirlarni,
Istaydir ul yana sovuq kunlarni.
Sovuq kundan ajrab qolmas hech bir-da,
Sovuqlikni oxtarar ul tun, kunda.
Kdyg‘a ketsa, qayg‘a yetsa sovuqlik,
Ergashadir ketidan ul yorug‘lik (?).
Qunt qilsangiz, tanirsizlar ularni,
Yoz istamas go‘zal qanotlarini.
Ular bilmas bulbul kabi o‘qishni,
Bari bilar ko‘rganlarin cho‘qishni.
Shuning uchun ul qushlarni netarsiz?
Yoz kelgach-da, bulbullarni kutarsiz!..
1919

TIL

Mungli qushim, sayrab-sayrab kel, anglat –
Kimlar erur turk tilini sotg‘uvchi?
Bulbul kabi sayrab turg‘on bu tilni
Uyalmayin bu o‘lkadan otg‘uvchi?!
Boldan totli, jondan tunuq turkchani
Tushunmayin xo‘rlab-xo‘rlab yotg‘uvchi?!
Ochunlarda boyligin ko‘rsatmasdan,
Kimdur bunga: «yorarmi, yoramas» degan?
Mungli qushim, unlarni qo‘y, sen sayra,
Turk tilining dong‘in chiqar ko‘klarga!
Qo‘y ularni, ular yo‘ldan ozsunlar,
El ichida bo‘sh-bo‘g‘ozliq sotsunlar.
1920

YaNA ALDADING
(Chig‘atoy gurungi)

Qo‘llaringda ushlab turg‘on cholg‘ungni
Bir ko‘rishda «chin cholg‘u» deb o‘yladim.
O‘yladim-da yuragimning tegidan
Chin sevinchdan turli kuylar kuyladim.

Kuylarimni sekin-sekin tinglag‘och,
Yolg‘ondan bir aldabgina yig‘lading!
Yig‘lading-da turub-turub uzoqdan,
Menga boqib, bir necha so‘z so‘zlading!..

Men ham sening uzoqlardan munglanib,
Aytib turg‘on so‘zlaringni tinglarga
Yoning sari sekin borib yonoshdim,
Yonoshdim-da, yo‘llarimdan odoshdim.

Odashmasg‘a qo‘ymading, sen aldamchi!
Aylading, sen, bu kun mani yolg‘onchi!
Yosh chiqarmay, yig‘lab tusli ko‘runding,
«Ol cholg‘u», deb chin cholg‘uni yoshurding!

Bergan cholg‘ung cholg‘u emas-ku desam,
«Sen, cholg‘uni tanimaysan!» deb kulding!
«Chin cholg‘uni ber hozir!» deb qichqirsam,
Kulibgina: «O‘ynolmaysan!» deb so‘kding!
1920

BIR SO‘ROG‘
(… yo‘ldoshimga)

O‘ktam yurakli botir yo‘ldoshim,
Ezgu tilakli yovqur qo‘ldoshim!
Ayt menga — nechun qayg‘ulidirsan,
Qayg‘iga botib nima o‘ylarsan?

Burung‘i holing bu kun qolmamish,
Qizil yuzlaring so‘lib sarg‘aymish.
Tog‘ kabi gavdang, qil kabi muchang
Burung‘i holdan butun o‘zgarmish.

Ayt, bunga sabab kimlar bo‘lmishlar?
Seni bu holg‘a kimlar solmishlar?
Sen bunga javob birdan bermassan!
Kimlar ekanin menga aytmassan!

Mayli, aytmasang menga aytmagil,
Bu senga sirdir, mendan yoshirg‘il!
Biroq, ey yo‘ldosh, men buni ko‘pdan
Sezganman, sening ruhsiz yuzingdan…

Sening sirlaring menga belgili:
Yig‘lag‘ulikdir, emas kulgili.
Mayli, sen, bunga ortiq qayg‘urma,
Ruhing tushirib, umiding uzma.

Bu kabi ishlar choqli bo‘ladir,
Uzoq bormayin bitib ketadir.
Senga kerakdir chidamli bo‘lmoq,
Bir ozgina choq jim kutib turmoq.

Shul choq senga ko‘b ko‘mak yetadir,
Qorong‘iliqlar shu kez bitadir,
Ungacha sen ham qayg‘urib turma,
Yurgan yo‘lingdan orqag‘a burma!

Bu senga mendan osig‘li kengosh,
Qulog‘ingda tut, sen, buni, yo‘ldosh!
1920

BULBULG‘A

Tinmay tun-kun gul shoxida sayrab turg‘on mungli qush,
Ayt-chi, sening sayrashingni gul ham bir oz sezarmi?
Sezgan choqda sening shunday qizg‘onichli holingg‘a
Ko‘mak etib islaridan bir ozgina socharmi?
Sening har kun tong sahardan erta turub, uyg‘onib,
Ochilmagan g‘uncha uzra qo‘nib hamda munglonib
Aytgan butun sirlar bilan ohlaringni tinglag‘och,
Yashil yaproq orasidan senga kulib boqarmi?
Agar anglab barcha ishing kulib boqsa, mungdoshim,
Baxtli sen, butun umr qayg‘urmag‘il, yo‘ldoshim.
Agar sening hollaringni anglamasa, boqmasa:
Oqsun tinmay ko‘zlarimdan sening uchun qon yoshim…
1920

KIYIKKA

So‘yla, mening sevgan go‘zal kiyigim,
Nechun muncha mendan qochib, uzoqlarga tushibsan?
Go‘yo bu yer seni sig‘dirmag‘onday,
Borib-borib shu tog‘liqqa qochibsan!
Aytgil menga, ey qorako‘z oppog‘im,
Kimdir seni bu erkinli dunyo ichra qo‘ymagan?
Sening yirtqich bir jonivor emasliging bilsa-da,
Kim ul seni ko‘zni yumib, mundan qo‘ymay haydagan?
Ehtimolkim, sening shu xislatingdan
Haydaganlar erur, bu keng yerlardan.
Kel, mundan so‘ng o‘zim ila birga bo‘l,
Birga yurib, birga turib, o‘ynab-kul!
Seni saqlab kelg‘on ushbu tog‘laring
Endi mundan sungra sira soqlolmas.
Kecha-kunduz «ov» oxtarib yurgan u och bo‘rilar,
Seni qo‘lg‘a tushirgusi, tushirmaguncha qo‘ymas.
Shuning uchun qo‘rqma, menga kel yaqin,
Tashla mangu vafo qilmas ul tog‘in…
Men seni chin asraguvchi bir tog‘man,
Qo‘rqma endi, kel yonimg‘a, seni o‘zim saqlayman…
1922

PARChA

Qor qarshisida qarg‘a qag‘irlab quvonchda
Qoqar qanotin, qayg‘uli qolmas qora qishda.
Qot-qot qorini qayg‘isida qolmasa qorg‘a,
Qoqmasdi qanotini quriq, qo‘rqqili qarg‘a.
1922

PARChA

Ko‘klamda ko‘karsa ko‘k ko‘katlar,
Ko‘klarga ko‘milsa katta-kattalar,
Ko‘m-ko‘k ko‘karib ko‘rinsa ko‘llar,
Ko‘ngilni ko‘tarsa ko‘rkli gullar…
1921

UYG‘ON, KO‘NGLIM

Uyg‘on, ko‘nglim, uyg‘on, bir oz yumg‘on ko‘zing ochilsun,
Erda bo‘lgan shu hollarni ko‘rub yoshing sochilsun…
Yong‘il bir oz yolqunlanib, ey yuragimning o‘ti,
Chiqsun sening yolquningdan alangalar ko‘k sari.
Chiqqach unga ko‘kning yuzi tomug‘ kabi qizartsun,
Guldiratsun ko‘kni hamda yoshinlarni yoshnatsun.
Chulg‘ab olsun ochiq qo‘ymay ko‘kning hamma tegrasin,
Yoqsun qo‘ymay bu kun uning butun borliq narsasin.
Tozalasun shu ochunni bu qayg‘ili kunlardan,
Qutqarilsun butun jonvor shu qorong‘i kechlardan.
Kerak emas bizlar uchun u ko‘rungan havolar,
Ham yerdagi oqib turg‘on buyuk-buyuk daryolar.
Bordir bizda uning o‘rnin qoplayturg‘on «chin havo»,
Bordir bizda suv o‘rnig‘a oqaturg‘on chin daryo.
1922

KESILG‘ON UMID

Ko‘b chokdan beri sevgi ko‘kida
Sen bilan yoshab, sen bilan yurdim.
Baxtimning qushi talpinib uchqoch,
Qo‘nar o‘rnini yuksakda ko‘rdim.

Ko‘rgach o‘ylamay, sira to‘xtamay,
Baxtim so‘ngidan o‘kday yugurdim.
Borib yetishgach, ul o‘runga men:
Baxtimning qushin bir guldan topdim.

Gul ochilg‘ondi islarin sochib,
Nozli qiz kabi bag‘rini ochib.
Qush ham sayrardi ko‘b sevinch bilan
Gul butog‘ida o‘tli un chekib.

Gul-da istardi shunday bir zamon,
Oh!.. Baxtsizlik qo‘ymadi omon.
Qushning bag‘rig‘a o‘q kelib tegdi,
Gul butog‘idan tushdi-da o‘ldi.
Ko‘b chokdan beri to‘plangan dardlar
Yurakda qoldi, umid kesildi.
1922

MUJDALAR

El kezar, yellar kezar, yellar kezar,
El sezar, ellar sezar, ellar sezar.
Ko‘rkli dengiz suvini har yon urar,
Kayflanar, lazzatlanar, davron surar.

El kezar, yellar kezar, yellar kezar,
El kezar, ellar kezar, ellar kezar.
Kuchli tog‘lar yo‘lni bog‘lar, gerdayar,
El ularga qo‘lni chog‘lar, erdayar.

Toshqin o‘lmoq, intiqom etmak istagan
Tog‘lar ortiq tortisholmas, jim qolar.
Na’ra tortib yel-da, ketmak istagan
Yoqlariga g‘olibona ot solar…

G‘amli yelda, tutqun elda bandilar
Qop-qorong‘u zindon ichra termilar.
El esar, unlar sari yo‘rtar, yelar,
Eltmak istab erkin eldan mujdalar.

To‘xtamas tun-kun yurar, seldek toshar,
Hovriqar, tog‘lar oshar, suvlar oshar!
El kezar, yellar kezar, yellar kezar,
El sezar, ellar sezar, ellar sezar.

SAHRODA

Yulduzlar ko‘qda porlar,
Sahro jimgina uxlar.
Tevalar sekin-sekin
Ko‘lkadek olg‘a bosar.

Tarqalar qo‘ng‘iroqdan
Bir tovush umid to‘la.
Aks etib kirib uzoqdan,
Derki: «naridan so‘ra!»

Ko‘b yo‘llar ortda qoldi,
Ketish, surulish yana.
Meni kim yo‘lg‘a soldi?
Intilish bor ko‘ngilda.

Charchamaydi tevalar,
Yo‘qmidir yo‘l so‘ng-boshi.
So‘ylar allanimalar
Yulduzlarning qaroshi.

KEChQURUN

Quyosh sekin bekindi
Qarshimdog‘i tog‘larda.
Borliqni ko‘zi tindi
Yolg‘iz dam shu chog‘larda.

Qir tumon-la burundi –
Tog‘dan tushdi suruvlar.
O‘ynoq qizdek burulib
Oqardi pastda suvlar.

So‘ngra ko‘kni yoritib
Chiqdi soriq bir chechak.
Oqshom ko‘nglin ovutib,
Allalardi sharsharak.

KO‘KLAM ChOG‘IDA YaPROQLAR

Ko‘kargan yaproqlar og‘ochlar uzra
Jilmayib, quvonib yayrab tururlar;
To‘xtovsiz eskuchi – kuchli shamollar
Bularni ayashib, sekin ururlar.

Og‘ochlar yam-yashil yaproqlar ichra
Ko‘milib, jimgina pusib o‘ltirar:
Ko‘klamning yomg‘uri yoqqach bularga,
Ko‘zlardan oqquchi yoshday miltirar.

Kim bilur, bu yoshlar balkim chindanam
Og‘ochlar ko‘zidan chiqib tomadir:
Ko‘klamning bu erkin mazgillarini
Doimiy emasin yaxshi biladir…

Kuzning u qop-qora, sovuq tuslari
Balkim og‘ochlara yomon ko‘rinar;
«Koshki ko‘rmasaydik!» – deb shu kunlarni,
Boyaqish yaproqlar g‘amdan sarg‘ayar.

Qayg‘urmoq yarashmas, bo‘shdir qayg‘urmoq!
«Ko‘klam bir kelmas», ey go‘zal yaproq!..

TIL

Mungli qushim, sayrab-sayrab kel, anglat,
Kimlar erur Turk tilini sotg‘uchi?
Bulbul kabi sayrab turgan bu tilni
Uyalmayin bu o‘lkadan otguchi?
Bolday totli, jondan aziz turkchani
Tushunmayin, xo‘rlab-xo‘rlab yotg‘uchi?
Mungli qushim, ularni qo‘y, sen sayra!
Turk tilining dong‘in chiqar ko‘klarga!
Qo‘y ularni, ular yo‘ldan ozsinlar,
El ichida bo‘sh bo‘g‘uzlik sotsinlar!

QALBIM

Xayolim qo‘limdan kapalak kabi
Uchqinib yo‘qoldi, bilmadim qayga,
Uni axtararkan, qalbim nazari
Tashlandi yaltirab turuvchi oyga.
Hoy, so‘yla oy! Mening xayolim qayda,
Yo sen o‘g‘irlab olib qo‘ydingmi?
Hoy qalbim, aytgil sen, u qaysi joyda?
Yoki sen ham axtarishdan to‘ydingmi?
Angladim, tushundim, xayolim mening
Shu chiroyli oyning qo‘yniga qochgan.
Balki qalbim senga, ko‘zlaring sening
Uni ko‘ra olgan, oy sirin ochgan.