Ahli Rasul Muhammad (Abdurasul Mamadaliev) 1952 yil avgustida Tojikistonning Shahriston tumanidagi O‘roqli qishlog‘ida tug‘ildi. 1969 yilda Zafarobod tumanidagi 1-o‘rta maktabni, 1974 yilda esa Leninobod davlat pedagogika instituti (hozirda XDU) filologiya fakultetini tamomladi. Ko‘p yillar o‘rta maktablarda o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars o‘tdi, matbuot bilan doimiy hamkorlikda bo‘ldi. «Tayanch nuqtasi», «Yohu», «She’riyat» she’riy kitoblari nashr etildi.
Ahli Rasul Muhammad «Tong» gazetasiga muharrirlik qildi. Hozirda Tojikistonda o‘zbek tilida chiqadigan «BendB» bolalar gazetasining bosh muharriri.
OMON BO‘LGIN
(Sonet)
Qalbda na kin, na adovat bor,
Omonlikni tilayman faqat.
Bo‘lsam agar qancha g‘azabkor,
Shuncha bordir menda ham shafqat.
Engilishni o‘ylamas yurak,
Tug‘yon urib yuguradi qon.
Mag‘lub bo‘lish kimga ham kerak,
Tug‘ilmagan buning-chun inson.
Agar ketsam oyoqdan nogoh,
Achinmagay dushman degan zot.
Mening qo‘lim baland kelsa goh,
Unga shirin tuyulgay hayot.
Kurashlarga chorlovchim manim,
Omon bo‘lgin sen ham, dushmanim!
1972.
OHUGINAM
Hey ohujon, cho‘chidingmi meni ko‘rib uzoqdan?
Ko‘ngling shuncha zadamidi sayyod qo‘ygan tuzoqdan?
Sapchib ketding toshlar aro, ko‘rmay qoldim bo‘yingni,
Ohuginam, kechir meni, buzgan bo‘lsam o‘yingni.
Men na sayyod, na merganman, angladingmi so‘zimni?
She’r izlagan xayolkashman, yiroq tutma o‘zingni.
Tongda chiqsam yo‘llaringga, ohuginam, qochmagil,
Lekin hamma she’rparast deb quchog‘ingni ochmagil.
Sen joningni olib qochsang, hech kim nomard demasdir,
Yo‘ling kesib o‘tganlarning bari ham mard emasdir…
1973.
SUKUNAT VA SADO
Ulkan bir tosh yotar dong qotib,
Suluv irmoq yonidan o‘tar.
U chuldirab tongni uyg‘otib,
Tilsiz toshdan sas-sado kutar.
Tosh – sukunat mulkiga sulton,
Irmoq esa sadoga singil.
Ikkisiga panohdir osmon,
Erga qo‘ymish ikkisi ko‘ngil.
Ammo ular topisholmas til,
Xohishlari ketar samarsiz.
Yashaydilar birga uzoq yil,
Bir-biridan bo‘lib xabarsiz.
O‘zgalarga tuyilar: ular
Oshiq-ma’shuq bo‘lib yotganday.
Go‘yo biri dardini kuylar,
Biri esa tinglab qotganday…
1978.
JAVOBSIZ QOLGAN SAVOLLAR
– Nechun tik boqmaysan ko‘zimga,
Nahot bor holimcha men yo‘qman?
– …
– Nechun tushunmaysan so‘zimga,
Nahot men soqovman, duduqman?
– …
– Yig‘lab yubording-ku sel bo‘lib,
Nahot quvonchlardan to‘ygansan?!
– …
– Nahot dushmanimga el bo‘lib,
Sen meni o‘ldirib qo‘ygansan?!!
– !!!
1982.
E DO‘ST
Tumonli xayollar chulg‘ab boshimni,
Lablarimda sezib sho‘rta’m yoshimni,
Elkamda ko‘tarib men o‘z loshimni
Turganimda, e do‘st, qaylarda eding?
Juldur hayotimni yuz, ming bor yamab,
Bir yorug‘ kun uchun yillarni sanab,
Dardu fig‘onimni ko‘ksimga qamab
Yurganimda, e do‘st, qaylarda eding?
Yulduzlar daryosi oqdilar qalqib,
Oylaru quyoshlar boqdilar balqib,
Men esa halqobdek bir yerda chalqib
Turganimda, e do‘st, qaylarda eding?
Hech kimni qo‘ymagan dunyoga bog‘lab,
Bo‘lmaydi hech kimni qoralab, oqlab,
Har holda, men yolg‘iz seni so‘roqlab
Yurganimda, e do‘st, qaylarda eding?
1987.
OZODLIK
(Ballada)
Tushdami yo hushdami
(Sharhlash qiyin bu holni)
uchratdim bir yigitni,
biroq suvrati cholni.
Etmish yilcha vaqt o‘tib
qo‘li bog‘liq bu tutqun
ozodlikka yetibdi
men uchratgan o‘shal kun.
Kishandan bo‘shalgan qo‘l
karaxt bo‘lib qotmishdir.
Ibtidoiy uyg‘oq kuch
ko‘zin yumib yotmishdir.
Saldan so‘ng ozod qo‘llar
sekin-asta uchdilar.
Barmoqlar bir-birlarin
qisirlatib quchdilar.
Yuzlarni silay-silay
birdan tirnay boshladi.
Og‘riqdan rohat tuyib,
qonga qorib tashladi.
So‘ng yuzni yelpidi qo‘l,
qoni qatrondek qotdi.
Barmoqlar bigiz bo‘lib
qaboqlar ichra botdi.
Ko‘z soqqasin shart yulib,
itqitib yuborgan choq
o‘rnida ikki chuqur
o‘yilib qoldi shundoq.
Saldan so‘ng yana qo‘llar
o‘ynab-o‘ynab uchdilar.
Barmoqlar bir-birlarin
jaranglatib quchdilar.
So‘ng changallab ko‘krakni,
Mushaklari tugildi.
Barmoqlar xanjar yanglig‘
yurak sari yugurdi.
Sug‘urib olgach uni,
joyida jarlik qoldi.
Jardan uchgan qush kabi
yurak ko‘zdan yo‘qoldi.
O‘ziga ne bo‘lganin
anglolmay qoldi odam.
Qo‘llar yana muz qotdi,
tugadi Ozodlik ham…
1989.
KO‘NGIL KO‘ZI
Peshonamda yozuq ekan, qirq yil toshdek qotibman,
Azozilning changalida qirq yil asir yotibman.
Asal deya zahar bersa, tomshiy-tomshiy totibman,
Endi bilsam, gunohlarning botqog‘iga botibman.
Ko‘ngil ko‘zi ko‘r bandangga ko‘z ato et, Ollohim,
Bu dunyo-yu u dunyoda sensan tanho panohim.
Ne bilibman, go‘dak edim, mana shu – yo‘l dedilar,
Tiril desak tirilginu o‘l desak o‘l dedilar,
Bu toifa gar o‘ng bo‘lsa, unisi so‘l dedilar,
Bo‘yningdagi alvoningga sen sodiq bo‘l dedilar.
Ko‘ngil ko‘zi ko‘r bandangga ko‘z ato et, Ollohim,
Bu dunyo-yu u dunyoda sensan tanho panohim.
Xudo yo‘q deb so‘zlattirib, zabondan ayirdilar,
U dunyosi bekor deya makondan ayirdilar,
Tan birlamchi deya ruhiy imkondan ayirdilar,
Oqibatda jonni sendek jonondan ayirdilar.
Ko‘ngil ko‘zi ko‘r bandangga ko‘z ato et, Ollohim,
Bu dunyo-yu u dunyoda sensan tanho panohim.
Necha podsho ko‘rgan bo‘lsam, dahoman deb bong urdi,
Biri o‘lgach, boshqa biri uni xasdek supurdi,
Tirigida o‘pib, quchib, o‘lgandan so‘ng tupurdi,
Bunday davlat tarbiyasi meni ham yo‘ldan urdi.
Ko‘ngil ko‘zi ko‘r bandangga ko‘z ato et, Ollohim,
Bu dunyo-yu u dunyoda sensan tanho panohim.
Angladimki, Olloh degan so‘zdan ulug‘ so‘z yo‘qdir,
Ko‘ngil ko‘zi – rabboniy ko‘z, undan yorug‘ ko‘z yo‘qdir,
Men kabi ko‘r, men kabi g‘o‘r gunohkorga ro‘z yo‘qdir,
Oqarganmi, qizarganmi, bilmam, menda yuz yo‘qdir…
Ko‘ngil ko‘zi ko‘r bandangga ko‘z ato et, Ollohim,
Bu dunyo-yu u dunyoda sensan tanho panohim.
1990.
QUR’ONGA QAYTISh
Erda qo‘psa nogoh zilzila
Jonsiz tanda jonlanar titroq.
Men chiqaman uydan yugura
Duv to‘kilib yelkamdan tuproq.
Boshim uzra charx urgan quzg‘un,
Payt poylaydi meni cho‘qishga.
Najot istab o‘shanda horg‘in,
Tutinaman Qur’on o‘qishga…
1990.
***
Har kuni O‘limim kelar qoshimga,
U bilan mahramiy suhbat tuzarman.
Goh yulduzlar osha boqib loshimga,
Kiyimsiz, jismsiz osmon kezarman…
Har kuni O‘limim kelar yonimga,
Suhbat davom etar qizg‘in va pinhon.
Goh shu qadarliki, sho‘rlik jonimga
U bilan yashamoq tuyular oson…
Har kuni O‘limim men bilan birga,
Uldir sadoqatli posbonim mening.
Vafosizlik qilsa Tiriklik yerda,
Bag‘riga olguvchi osmonim mening…
1990.
***
Jon pardasi to‘smishdir Ollohning jamolidan,
Bir kun ul ko‘tarilgay qazoning shamolidan.
Mehr ko‘rgaymi shoyon, qahr ko‘rgaymi ayon,
Ko‘rgay har kim yo yaxshi, yo yomon a’molidan.
Savob ish qilar qo‘lni yomonga cho‘zmasang-chi,
Olloh ehsonlaridan ko‘ngilni uzmasang-chi.
Tiklolmasang bir yangi imoratni, sabr qil,
Eskisi tura tursin, sen uni buzmasang-chi.
Ushbu ma’nini aslo ko‘hna deb burmagil yuz,
Asli unutilgandir sen yangi degan har so‘z.
Men bilan gurunglashib topolmassan biror zavq,
Joynamozni yozgilu Olloh bilan suhbat tuz.
1990.
***
Amir Temur qabrini buzib ochgan osiylar,
Ayting, nelar topdingiz chirik suyakdan o‘zga?
Nahotki, marhumlarni tiriklar shundoq siylar?
Nahotki, ish qolmadi shundan zarurroq Sizga!
Sizga ma’lummasmidi kimligi ul podshohning?
Axir ul imon bilan insofning cho‘ng qoyasi.
Haq rasuli aytgandek, axir ul ham Ollohning
Erdagi bir suyukli ham quli, ham soyasi.
Soyani shundoq titib chopmoq bo‘ldingizmi, hay,
Mana, ko‘rib qo‘yinglar olimlikning kuchin deb.
Ilmsizligingizni yopmoq bo‘ldingizmi, hay,
Qabr buzishlarimiz ilmu urfon uchun deb.
Ko‘rsaydingiz ko‘z bo‘lib o‘shanda ul Amirni,
Boshingizda jimgina turar edi kuzatib.
Qabrin ochar chog‘ingiz ul Sizga ulug‘ sirni
Ochmoqchi bo‘lib qo‘lin qo‘yar edi uzatib.
Lekin Sizda ko‘z qani ko‘rinmasni ko‘rmoqqa?
Faqat etu suyakka o‘tar edi tishingiz.
Amir Temurning ruhi arshlarda charx urmoqda,
Siz esa yerga cho‘kkan, g‘ofil qolgan kishisiz.
Meniki Siznikidan ortib tushmasmi magar,
Aybingizni axir men ta’na qilayotirman.
Barcha gunohlarimga tavba aytuvdim sahar,
Shomda bitta gunohni yana qilayotirman…
1990.
MUSTAQILLIK BALOSI
Ko‘zlarimni ko‘zguga qadab
Termulaman aksimga uzoq.
Demak, manov barvasta odam
Men bo‘laman, bilib qo‘y, o‘rtoq.
Lablarimda cho‘zilar kulgu,
Aksim esa… uyadi qovoq.
Demak, demak, ko‘zgudagi bu
Men emasman, shoshmay tur, o‘rtoq!
Qosh chimirib jiddiy va sipo
Boqay qani, nima bo‘ladi:
Ko‘zgudagi aksim, ajabo,
Chappa qarab piq-piq kuladi!
Jahlim chiqib, mushtim tugilib
Men ko‘zguga tashlayman razm:
Aksim esa ikki bukilib
Menga qarab qiladi ta’zim!
Yo alhazar! Bu qanday balo?
Uchib ketar boshimdan aql.
Aksim deydi: «Cho‘chima aslo,
Bo‘lmoqchiman men ham mustaqil…»
1994.
TURON
(She’riy triada)
1.
Bobolarim saltanati azaliy Turon
bitta butun Ko‘zgu edi bamisli osmon.
Parchalanib yotar bu kun shu azim Ko‘zgu
aks ettirib vorislarin siniq, notavon…
2.
Bilsangu biror so‘z demasang,
ko‘rsangu biror so‘z demasang,
turaversang toshdek sukutda,
sen kimsan, yurtdoshim, sen kimsan?
Turonzamin – yagona makon
bo‘laklarga bo‘linib yotsa,
chala-yarim qilib so‘yilgan
pajmurda vujuddek parishon,
ota kirolmasa ruxsatsiz
o‘z o‘g‘lining xonadoniga,
borolmasa simto‘rdan oshib
bola onasining yoniga,
etti yotdek begona bo‘lib,
yursalar tug‘ishgan millatlar,
egizaklar bir-biroviga
loylar otib qilsa tuhmatlar,
jannatmisol ma’vo ersa-yu
elning qorni yolchib to‘ymasa,
mustaqillik otliqqa erku
piyodaga baxsh etsa qullik,
Lenin telba bo‘lsa-yu, biroq
chiqmasalar uning chiziqdan,
o‘sha chiziq – qizil xarita
eng tabarruk hujjat sanalsa,
dohiysidan yuz o‘girganlar
dahochalar bo‘lib olsalar,
o‘zlaridan aqlliroqning
qo‘llariga kishan solsalar,
bo‘linganni yemoq vojibdir
deya og‘zi karrak bo‘rilar
g‘ajishga shay tikilib tursa
shimolu g‘arb, janubu sharqda.
Shularni bilsang-da jim tursang,
shularni ko‘rsang-da jim tursang,
turaversang toshdek sukutda,
Sen kimsan, yurtdoshim, sen kimsan?
Fursat yo‘q nazmimni bezashga,
vaznu qofiyasi kelishmas.
Maqsadim shaldiroq gazet yo
yaltiroq jurnalga berishmas.
Daftarimga to‘kdim ko‘nglimni,
axir to‘lib ketsa netayin.
Turon qolar bo‘lsa o‘tmishda,
uning yodin olib ketayin.
Bilmadim, o‘ngdami, tushdami,
har holda, shu she’rni yozdim men.
Ajdaho bo‘g‘ziga cho‘zib qo‘l,
ehtimol, aqldan ozdim men…
3.
Seni, Turon, ona obu gil,
hushdan ketar qadar suyarman.
Ingranasan buncha demagil,
suyamanki, senga kuyarman.
Sen azaldan yaktan, yakvujud,
shartmas buni qilmoq arzi hol.
Bolam ko‘ngli bo‘lsin desang but,
bir qo‘zg‘olib butun bo‘lib ol!
1999.
VATANNI SEVISh
Magar men chinnidek chin inson ersam,
Qandoq tuzay ekan dil suhbatimni.
Vatanim, men seni sevaman, desam,
Minnat qilgandayman muhabbatimni.
Seni quchish lozim ochmasdan quchoq,
Seni o‘pish lozim qo‘ymasdan dudoq.
Seni sevish lozim, va lekin seni
Sevaman demasdan lozimdir sevmoq.
1999.
ONAM, ONAJONIM
Eshigi yo‘q uying yoniga,
Onajonim, mana men keldim.
Quchmoq uchun bo‘yningdan nega
Ko‘kragimni tuproqqa berdim?
Darvoqe, sen dunyoda yo‘qsan,
Darvoqe, men yetim, benavo.
Bu kun endi sen yorug‘ ruhsan,
Jisming sening nur ila havo.
Cho‘kib qolgan qabringga bu dam
Cho‘kayotgan qalbimni qo‘ydim.
Hech kim to‘ymayotgan bo‘lsa ham,
Hidigayoq dunyoning to‘ydim…
Chorasizmiz biroq biz ikkov,
Netay, to‘nib, qotib qolmasman.
Chiqolmassan uyingdan birrov,
Men ham unga kira olmasman.
Eshigi yo‘q uying yoniga,
Onajonim, yana men keldim…
2000.
ABADIYaT MUJDALARI
1.
Menkim, ismi xato qo‘yilgan
son-sanoqsiz tuynuk-eshikli
binodurman poydevori loy.
Olam yuzin yoritmoq uchun
mendan chiqib, menga botar Oy.
Bu shunchalar shodon bir kuyki,
o‘zdan ketib besas, besado
o‘krab-o‘krab yig‘lagaydurman.
Nurab garddek to‘zg‘iyurmanu
men o‘zimni yig‘magaydurman.
Nur to‘zoni yanglig‘ men to‘zib,
shamollarga qorishib bir kun,
tegrangda tong bo‘lib otarman.
Qayon boqsang meni ko‘rarsan –
Eru ko‘kni tutib yotarman!..
2.
Senga yetmoq o‘limdir asli.
O‘lolmadim men baxti qaro.
Umrimning eng gullagan fasli
Kezinaman xazonlar aro.
Ishq berguvchi, jon olguvchi sen,
Nechun Ishqni dilga solmading?
Olaringni olib jim, sekin,
Beraringni bera qolmading.
Bu dunyoning pardasi chirik,
Qorilgandir qonga ismati.
Odamlarni yer tirikchilik,
Sho‘rliklarning sho‘rdir qismati.
Tirnoqchadek homila – hilol
Borayotir tobora to‘lib.
Tiriklikda uxladim, alhol
Uyg‘onaman endi men o‘lib…
3.
Xayr, Dunyo,
Ey yorug‘ Dunyo!
Eshigimni yopay yuzingga.
Ko‘rinmagil mayli sen,
men ham
ko‘rinmayin sening ko‘zingga.
Bir-birovga mos bo‘lolmadik,
Sen boshqayu men butkul boshqa.
Ko‘rmaganing qolmadi sening,
Ko‘ray men ham ne kelsa boshga.
Sendan nechun gina qilay men,
Goh to‘kilib, goh ko‘nglim to‘lsa?
Axir qandoq sig‘dirasan sen
Bag‘rim mening sendan keng bo‘lsa?..
2001.
BAXTNING IFODASI
Yig‘i – noyob tuyg‘u,
ko‘ksingga yashir.
Eng yorug‘ kuningda yaragaydir u.
Chunki jaranglagan har qanday kulgu
Baxtning ifodasi bo‘lolmas axir…
2001.
VLADIMIR VISOSKIY SO‘ZI
Ahli Rasul ukam,
Tingla bir nafas,
So‘ylanayin senga – o‘zimga o‘zdek.
Inson dardlarining millati bo‘lmas,
Garchand men o‘risman, sen esa o‘zbek.
Qirq ikki yoshimda ketdim qiyilib,
Sen ellik ikkiga kirib turibsan.
Men aslo yurmadim, titrab, tiyilib,
Sen bo‘lsang tilingni tishlab yuribsan.
Kuyladim xirillab o‘lgunga qadar
Bo‘g‘ib tursalar ham kekirdagimdan.
Boshimga chiqmoqchi bo‘lgan ovsarlar
Joy so‘rab turibdi bu kun tagimdan.
Men rollar o‘ynadim turfa xil siyoq,
Men qo‘shiq kuyladim qalblarga doir.
Bor vujudim yonib bir umr biroq,
His qilib yashadim men o‘zni Shoir.
Ich-ichdan xohladim menga ham bilib
A’zolik yorlig‘in berishlarini.(1)
She’rlarimni esa kitobat qilib
Bosma harflarda terishlarini.(2)
Biroq tan olmadi meni dimog‘dor
Adabiyot bog‘in qorovullari.
Go‘yoki, bu yerda senga nima bor,
Ey darvesh-devona, degandek bari.
Faqat muxlislarim ko‘tardi meni
Hech kim chiqolmagan taxti ravonga.
Tingladilar ular yig‘lab she’rimni,
Men sig‘may qolganda yeru osmonga.
Olmonu faranglar uzmadilar ko‘z
Haqparast ovozim tomosha aylab.
Garchand tushuniksiz tilimdagi so‘z,
Sevdilar meni-da men kabi anglab.
Ammo ayozdagi bo‘sadek qaynoq
Vatan – Rossiyadan ayrilmadim hech.
Ishonmasang, mening she’rlarimga boq,
O‘zidan o‘zgaga qayrilmadim hech.
Qovjirab, yo‘q bo‘lib ketsa-da tanim,
She’ru qo‘shiqlarim gul kabi yashnar.
Er bilan bittadir barcha dushmanim,
Mening g‘olib ruhim osmonda yashar.(3)
2004
_________
1.V.Visotskiy SSSR Yozuvchilar Ittifoqi a’zoligiga qabul qilishlarini so‘rab olti marta ariza yozgan. Ammo uning birorta ham arizasi ko‘rib chiqilmagan va shoir Yozuvchilar Ittifoqi a’zoligiga qabul qilinmagan.
2. V.Visotskiy hayotlik chog‘ida uning she’rlari deyarli e’lon etilmagan. «Nerv» («Asab») nomli ilk she’riy kitobi shoir vafotidan so‘ng nashr qilindi.
3. V.Visotskiy vafotidan so‘ng galaktikada yangi topilgan sayyoralardan biriga uning nomi berildi.
ShAXMAT TAXTASIDAGI ShOH ARMONI
Men shohmen, bu jahon mening ayvonim,
Ammo yuragimda so‘nmas armonim.
Bir piyoda bo‘lsam bo‘lmasmi erdi,
Piyodaga taslim etguncha jonim.
2007.
JAHL USTIDA YoZILGAN ShE’R
Siz aytgan har bir so‘z egrimas, to‘g‘ri,
Siz mo‘min musicha, biz mushuk – o‘g‘ri.
Nohaq bo‘lsangiz ham baribir haqsiz,
Axir Siz olamda tanho, mutlaqsiz.
Biz – qora fuqaro, Siz – buyuk millat,
Biz g‘irt illatdirmiz, Siz nuqul hikmat.
Sizga tenglashmoqqa yo‘l bo‘lsin bizga,
Ahmoq bo‘libmizmi tenglashib Sizga…
2007.
INSON
Chang-to‘zon ufurar ko‘zga nafasing,
Quloqqa tosh kabi urilar sasing.
Bunchalar g‘adirsan,
Buncha bujursan,
Bunchalar dilimni aylaysan vayron,
Ey sen, tomchi suvdan yaralgan inson?!
Qochib ketayotib sendan uzoqqa,
Tushib qoladirman, e voh, tuzoqqa.
Bunchalar ayyorsan,
Buncha g‘addorsan,
Bunchalar ko‘nglimni aylaysan yakson,
Ey sen, tomchi suvdan yaralgan inson?!
Seni she’rga soldim, she’rim yig‘ladi,
Yarador qalbimni ezib tig‘lading.
Bunchalar johilsan,
Buncha g‘ofilsan,
Bunchalar bag‘rimni qiladirsan qon,
Ey sen, tomchi suvdan yaralgan inson?!
Bir tomchi suv bo‘lib aslingga qaytsang,
Va senda yarq etib quyosh aks etsa,
Bo‘larmiding go‘zal,
Shaffof, mukammal,
Bo‘larmidi dunyo butkul charog‘on,
Ey sen, tomchi suvdan yaralgan inson?!
Men bir gulxan yoqdim, cho‘g‘ida o‘zim,
Uning borida-yu yo‘g‘ida o‘zim,
Aslingdan ogoh bo‘l,
Menga hamroh bo‘l,
Insonsan, ulfating bo‘lmasin shayton,
Ey sen, tomchi suvdan yaralgan inson!..
2008.