Abduqayum Yo‘ldosh (1962)

Abduqayum Yo‘ldosh 1962 yil 29 fevralda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. Toshkent Politexnika institutini (hozirgi Texnika universiteti) bitirgan (1985). «Qaro ko‘zim. Shayx ur-rais» (1990), «Sunbulaning ilk shanbasi» (1998), «Timsohning ko‘z yoshlari» (2003), «Parvoz» (2004), «Bir tun va bir umr» (2007) kabi kitoblari nashr etilgan.
R. Bredberi, A. Kristi, F. Braun, E. Potter hikoyalarini, Ye. Berezikovning «Buyuk Temur» romanini (H. Shayxov bilan hamkorlikda), P. Shermuxamedovning «Buyuk Xorazmiy» romanlarini o‘zbekchaga tarjima qilgan.
«Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).

BALLADA

… Serviqor liboslar siymin tanda xor,
Ko‘rkam chehralarda jahoniy malol.
Jur’atsiz nigohlar qalashgan qator
Zinalarni bosib chiqmoqda Ayol.

Bigiz poshnalarga bosganicha lab
Cho‘tir ostona ham ingrar bemador.
Tashqarida…
Tunni kunduzga ulab
Elanib-elanib yog‘ar oppoq qor.

Eshik ochiladi — egilmas sarv qad,
Eshik yopiladi — sarv qad qilt etmas.
Xudoyim-ey, bunday ilohiy tal’at
Inson bolasiga hech nasib etmas…

Kalit buraladi…
Muzday manglayin
Muzdayin ko‘zguga bosadi Ayol —
Parda yopilgan so‘ng oqqush libosin
Yulqigan kampirdan yashringan misol.

Ko‘zgu xira tortar — alamli nafas,
Lablar pir-pir uchar — o‘kinch yo‘ldoshi.
Zada ko‘ngil tomon mildirab, besas
Quyila beradi achchiq ko‘z yoshi.

Fayzsiz uyni muzday sukutga chulg‘ab
Viqor liboslari oyoq osti, xor.
Tashqarida…
Tunni kunduzga ulab
Elanib-elanib yog‘ar oppoq qor.

Zanglagan yuragi ilvirar, ojiz
Va so‘nggi yaproqday titraru behol.
Liboslar ustiga qulaydi jonsiz
Bukchaygan, bechora, mushtipar Ayol.

… Nogoh chalinadi qo‘ng‘iroq. Eshik.
Nahotki u kelgan…
Ayol lol, garang…
Ayol sarvday qaddin tutganicha tik
Muzdayin kalitni buraydi arang.

Ostonada esa qopin orqalab
Yangi yil shartini etgudek ado,
Telba hayajondan titrab-qaltirab
Turar soch-soqoli oppoq Qorbobo.

— Yangi yil muborak…
Ayol banogoh
Chinqirib yuborib chekinar ortga,
Bu ovoz… bu ovoz… bu ko‘zlar… evoh!
Nahot… qaytgan bo‘lsa!
Bu axir o‘sha…

Qorbobo ostona hatlar bejur’at,
So‘ng Ayol qoshiga tiz cho‘kar nolon:
— Men keldim, azizam,
Sen kechir faqat,
Sensiz yasholmayman, ishongin, ishon…

Ayol qalqib ketar, titraydi, hushsiz,
Tiyolmay quyilib kelgan ko‘z yoshin,
Tuyqusdan bekalom bukkanicha tiz,
Yigitning ko‘ksiga qo‘yadi boshin.

Qorbobo Ayolni quchar avaylab,
Lablaridan bo‘sa olar beozor.
Tashqarida…
Tunni kunduzga ulab
Elanib-elanib yog‘ar oppoq qor.

Qaydandir zang sasi. Soat o‘n ikki.
Hovlida mushaklar otilar shodon.
Bunda quvonch bilan qorishgan yig‘i,
Bunda ajrasholmas bir yillik armon…

Aloha quchoqdan chiqar Qorbobo,
Ayolga tik boqmas, alanglar nochor:
— Men endi ketmog‘im kerak, alvido,
Mening hali borar manzillarim bor.

Ayol… tushunadi.
Beun bosh eggan,
Yigitning qo‘llarin mahkam ushlaydi.
Mana shu turishda vidolashyotgan
Yarador oqqushga juda o‘xshaydi…

Eshik aybdorona yopilar chog‘i,
Xonaga sizadi muzdayin xayol.
Bari tamom bo‘ldi, o‘krab yig‘laydi
Bukchaygan, bechora, mushtipar Ayol.

(Men nima qilardim, ne imkonimda,
Ko‘ksimni changallab bo‘zlab yig‘layman.
Ayolga uch yuzu oltmish besh kunda —
Bir bormas, har kunlik visol tilayman.)

Axir… axir bunga bo‘lmaydi chidab,
Oldinda bir yillik achchiq firoq bor.
Tashqarida…
Tunni kunduzga ulab
Elanib-elanib yog‘ar oppoq qor…

QIYShIQ POYDEVOR QURBONLARI

Doston

I

“Men yaxshi ko‘raman!”
Agar shu iqror
Borliq hislarimni etolsa bayn,
Takrorlab-takrorlab milyon-milyon bor,
“Savdo”larim ochib tashlardim oson.

Lekin so‘z tan ersa, sevgi ruh erur,
So‘z agar moddiydir, ishq ilohiydir…
Eh, paxta ichida o‘tgan so‘ng umr,
Chiroyli so‘ylamak qanchalar og‘ir.

Garchand to‘porilik qonimga singgan,
Qadoq qo‘lda ravon suzmagay qalam,
Zim-ziyo xonaga termulib chiqqan
Oqshomlari she’rlar bitganman men ham…

She’rlar o‘z yo‘liga, to‘lgan ko‘ngilni
Sirdosh bir habibga bo‘shatgan misol.
Biroq sezmoqdaydim, mening o‘zimni
Bandi etmoqdaydi tushuniksiz hol.

Shomda chog‘ishganday kunduz bilan tun,
Umid-umidsizlik chog‘ishgan onlar,
Gumirib ketardi negadir ko‘ksim,
Titrab qo‘yar edi sirli vulqonlar.

Vujudim misli xum, qudratim-chi jin,
Muhabbatim xumni siypalagan kaft —
Bir kun chok-chokidan so‘kildi ko‘ksim,
Ozodlikka chiqdi bemisl qudrat:

Bulutlarga boqdim, chaqmoqlar chaqdi,
Buyumlar jonlandi boqqanim chog‘lar.
Tog‘lar gulxanlardan sirg‘alar taqdi,
Xazonlar dudiga ko‘mildi bog‘lar…

…Ammo yashab bo‘lmas zamondan ayri,
Xususan bu taxlit dolg‘ali paytlar.
Men — O‘zbekovulning oddiy dehqoni,
Bitib borar edim o‘zimcha qaydlar.

Ehtimol, muhabbat jur’atga doya,
Ehtimol, muhabbat tafakkurga esh…
Muqoyasa etib bildim nihoyat,
Ishlar faqatgina qog‘ozlarda “besh”.

Nega yashayapmiz yo‘qsuldan-yo‘qsul,
Nega g‘am-tashvishlar maydadan-mayda.
Naq o‘n yil miyamga quyilgan har kun
Nurli voqeiylik — qayda u, qayda?!

Nega gurunglarning bosh mavzusi pul,
Ko‘proq yulib qolgan izzatda chunon.
Mening ona yurtim, jon O‘zbeovul,
Aytgil, tanazzulga yuz burding qachon?..

O‘, elatdoshlarim, sizlarni ko‘rib,
Dilimda tuyaman taxir bir tuyg‘u.
Aytar ta’nalarim qog‘ozga to‘kib,
Shivirlab qo‘yaman nochor:
“Xalqmi shu…”*

Achchiq qora nonga sarimsoq surib
Emoqdan qanchalar topasiz huzur.
Payg‘ambar yosh o‘n yil narida turib,
O‘tgan umringizga qilasiz shukur.

O‘chganmi jo‘mardlik hislari dildan,
Oshqozon to‘lgani — shumi bor surur.
Nega burda nonni qo‘ymaysiz tildan,
Nega sira tinmay aytasiz shukur.

Ajdodingiz kimdir, mard sarbadormi
Yo jangarin qudrat sohibi Temur.
Bugun ko‘ksingizda zarra cho‘g‘ bormi
Yo faqat muzday kul — o‘limtik shukur.

Sahardan dalaga, to shomga qadar,
So‘ng ham uyda qirt-qirt: tomorqa, oxur.
Yarim tun o‘ringa qulab bemador,
G‘udranib qo‘yasiz: “O‘zingga shukur…”

Rosti, tushunmayman, bu qanday mazhab,
Bu qanday e’timod, bu qanday shuur.
Elkaga zahmatlar yukin orqalab,
Burunda yer haydab, o‘qiysiz shukur.

Qo‘llarim yoqamda, topolmayman so‘z,
Hayrat istisnoga egizak erur.
Vo darig‘, siz agar bitta bo‘lsangiz,
Aytmasmidim o‘zim eng avval shukur…

O‘ylarim so‘yladim men unda-bunda:
“Bu turmush turmushmas, ezguvchi” deya.
Oqibat “O‘tyoqar” nomim yoniga
Laqab tirkadilar “Yozg‘uvchi…” deya.

II

Iztirobim ortar atrofga boqib,
Dilim jarohati battar maddalar.
Bir kun to tonggacha o‘chirib-yozib,
She’r bitib, nom qo‘ydim: “ALAMZADALAR”:

“Boshimizdan sochib qizil xitoblar,
Bizlarni aldadi qizil kitoblar.
Mute ongimizga o‘rnashdi yomon
“Davlat, bu — biz” degan qip-qizil yolg‘on.

Agar biz davlatmiz, agar davlatmiz,
Ongsiz ijrochimiz, quruq savlatmiz.
Faqat bir narsaga hayronmiz, hayron:
Kimning Irodasi bizga hukmron?

Agar biz davlatmiz, agar davlatmiz,
So‘qir olomonmiz, manqurt kelbatmiz.
Yana bir narsaga hayronmiz, hayron:
Qayga borayapti bu telba davron?..”

Qurimasdan turib she’rning siyohi,
Hali yo‘llanmasdan turib gazitga
(Qaydan xabar topgan), raykom vakili
Hovliqib kep qoldi yangi “Gazik”da.

Go‘yo qiziqqanday turmushim ila,
Vayrona kulbamni kuzatgach biroz,
Vakil muruvvat-la lab juftlaganda,
“Avval o‘qing-chi”, deb tutdim bir qog‘oz.

“Majburiyatlarga mavsum yil boshi,
Biz ham qabul qildik, qarori mana:
— Ahd etdik ovulning keksayu yoshi,
Endi ishlagaymiz butkul g‘arbona…”

Vakil tamom bo‘ldi — quladi hushsiz!
Xayriyat, topildi taqchil novshadil…
— Mana, o‘zingizga kelib qoldingiz…
Xullas, quloq soling, hurmatli vakil.

“Sotsializm-chi?” deb bukmangiz barmoq,
Qalqon qilavermang dohiylar ismin.
Kimning dasturxoni, ayting, to‘kinroq,
O‘zbekningmi, “mazlum” shved ishchisin?

“…quryapmiz!” demang, bas, ensa qotadi,
Bu ko‘pdan siyqasi chiqqan ibora.
Bu qanday binodir, yetmish uch yilki,
Qiyshiq poydevorga bir xalq ovora?!

Yorliqlar taqishga ustasiz, yorab,
Bizni ham “dushman” deb etursiz e’lon.
Hukmingizni qo‘llab, qurbonlik so‘rab
Qarsaklar chalgusi so‘qir olomon.

Qarshi kurashmoqqa bizda yo‘q fursat,
“Daqiqa — oltin!” der kapitalizm.
Demak, yumush vaqti yumushga faqat,
Demak, bekorchi bahs sizga, azizim.

…Tuzumning nomida emas gap, illo,
Tuzum, mayli, qanday nom olsa olsin.
Faqat unda yashar xalqning doimo
Qorni to‘q, usti but, ko‘ngli tinch bo‘lsin…

Tilga kirolmasdan baribir sho‘rlik
Idora tarafga shamolday yeldi.
Ortidan quyuq chang bilan qo‘shilib
“Hali ko‘rishamiz!” degan do‘q keldi.

III

Ko‘rishdik…
Raisning xonasiga jam
Bo‘lganda faollar bari sarbasar.
Maktab kashshoflari yetakchisidan,
Ovul amollarin sarboni qadar.

Gapga chechan ekan vakil degani,
Naq yarim soatcha po‘stagim qoqdi.
Menga “siyosiy ko‘r… laqma… millatchi…
Ekstremist…” degan yorliqlar taqdi.

Emishki, men o‘ynab nog‘orasiga
Chirkin G‘arbning, hatto Amriqoning ham,
Eng buyuk Sovetlar oilasiga
Raxnachi kaslarga bo‘libman hamdam.

— Lekin bizga bari ayon va ma’lum,
Barini bilardik! — Vakil o‘shshaydi. —
Isbot uchun tinglang, biz o‘n kun burun
Olgan bir shig‘iri nega o‘xshaydi:

“Imkoniyat

Suratlar kichkina, ammo
Vatanimiz asli juda keng.
Madh etishga tushsa shuaro
So‘z boshida mudom turar “Eng…”

Kasalni ming yashirgan bilan
Isitmasi qiladi oshkor,
Men ozgina istehzo qilsam,
Demak, bunga o‘z asosim bor.

So‘z tanlashga, derlar, yo‘q ta’qiq,
Ahli qalam bari birday teng.
Ustozlardan olib yo‘l-yo‘riq,
So‘z boshiga men ham qo‘ydim “Eng”:

Eng kasaldir bizda sog‘lomlar,
Eng sog‘lomdir bizda kasallar.
Eng shirindir bizda sholg‘omlar,
Eng achchiqdir bizda asallar.

Eng kattakon boshliq eng o‘g‘ri,
Eng bosh jallod — eng katta posbon,
Eng kambag‘al ishchi eng to‘g‘ri,
Eng saxiy zot — eng yo‘qsul dehqon…”

Axir, bu… mazaxlash turmushimizni…
Shu payt Shokir mirshab berganrcha chest
G‘o‘ldiradi:
— O‘rtoq vakil… haligi…
Bu bola afsungar… pol… pol… poltergeyst**…

— Ah-ha… Shunaqami?! — Vakil iljaydi. —
Dema, jinni! Xullas, hisobot tayyor.
Bir enlik qog‘oz bas “U — telba” degan,
Nusxasin “tepa”ga yo‘llashim darkor…

Balki… telbadirman, yurmog‘im lozim
Ko‘chalarda sarson, egnimda hirqa.
Ammo eshitib qol oxirgi so‘zim:
Adashding,
adashding,
adashding, firqa!

Men boqdim vakilga
qattiqdan-qattiq,
Nafratim nigohga jam eta oldim.
Irodamdan xoli va yoki bog‘liq
Qandaydir qudratning izmida qoldim.

U avval joyidan ko‘tarildi-da,
Muallaq qotdi minbar bilan shift aro.
So‘ngta to‘ntarildi, boshi quyida,
Oyog‘i tepada, osilgan go‘yo.

Ko‘zidan paxtasi chiqar. Baqirmoq
Bo‘lib u og‘zini baliqday ochar.
Yordam so‘rashga yo‘l qo‘ymayman biroq,
“Baxtiyor ochun…”ni kuylab yuborar.

O‘zimni odil his etmoq tuyg‘usi
Es-hushimni butkul qamrab oladi.
Lazzatli, huzurbaxsh qasos qutqusi
Qudratimga battar qutqu soladi.

Qayga yo‘naltirdim so‘qir qudratim,
Intiqom joizmi bir manqurt kasga.
Minbar ustidagi darg‘a suratin
Olovga yem qilib qo‘ydim bir pasda.

Qattiqroq tikildim.
Vakil chiranib
Kuylarkan: “Ey sen, eng baxtiyor ochun…”
Zarrin bo‘yinbog‘i nogoh sarg‘ayib,
Sizib chiqa berdi achimsiq tutun.

“Xonanda” quyiga qular chinqirib —
“Pov” etib o‘t olar kamzul nogahon.
Faollar biridan birisi o‘zib
Mudirga ko‘makka otilar shu on.

Olov o‘chirildi.
Vakil hansirab
Tirarkan aftoda, notavon, g‘arib,
Menga birrov qarab qo‘ygach xavfsirab,
Qoraygan suratni baland ko‘tarib:

— Mana dalil! —dedi. — Baring guvoh-a!
Men-ku, kechirarman, ammo bu surat…
Endi bu jinniga shafqat yo‘q sira,
Endi qutqarolmas milyonta hujjat!

Tupukka bulg‘adi kimlar ko‘ksini,
Kimlar Suqrotona o‘yga toldilar.
Ertasi kun mahkam bog‘lab ko‘zimni,
Meni o‘z kulbamdan haydab soldilar…

“Qora bog‘ichsiz ham zulmat-ku har yon”,
Hayratim sukunat tubiga cho‘kdi.
Faqat tushunmadim: johil olomon
So‘zimdanmi va yo ko‘zimdan qo‘rqdi…

Ehtiyot morlari yelkadan o‘sib,
Oziq miyalarin talab etdilar.
Beminnat shotirlar yo‘limni to‘sib,
Bo‘ynimga shaqildoq osib ketdilar.

Faylasuf kunduzi chiroq yoqqanda***
Lol qolib, tiz bukkan avom olomon,
Kunu tun bog‘ich-la tentigan jonga
Malomat sanglarin otdi beomon.

Kezaman, kunduzmi-tunmi, bilmayman,
Bitta ma’qulotni**** tuyaman faqat:
Meni bu ko‘ylarga jodu solmagan,
Meni bu ko‘ylarga solgan muhabbat.

Ne deyin, mo‘jiza inshoga o‘gay,
Ruhning in’ikosi bo‘yoqlardamas.
Matlabim, ko‘ksimning olovi so‘nmay,
Umrim sehrlarga hamdam o‘tsa bas.

Biroq o‘ta hushyor shotirlar qancha,
Meni atab: “Xavfli tinch zamonaga”,
Oyoq-qo‘llarimga kishan solgancha,
Sudrab keltirdilar jinnixonaga.

Sezaman, yalang‘och devorlar muzday,
Panjara ortida bir parcha osmon…
Odamni uqmoqlik, oh, mushkul shunday,
Odamni uqmaslik, oh, shunday oson…

IV

Bir kun kalit tushdi kishanlarimga,
Ko‘zlarim bog‘ichdan ozod etdilar.
To‘rt qoruvli yigit oldi-ortimda,
Torgina yo‘lakdan haydab ketdilar.

Beton katalakka kirdik aloha
(Derazasiz xona xonami axir).
Bunday qutilarda menga ko‘pincha
Havo yetishmasdan qolar negadir.

Cho‘qqisoqol do‘xtir dardmand jilmayib,
Qo‘lin uzatgancha chiqarkan peshvoz:
“O‘tiringiz, — dedi, — bir gurunglashib,
Ko‘ngil chigilini yozaylik biroz”.

Qattiq o‘rindiqqa cho‘kdim bemajol,
Yigitlar ortimda saf tortdi qator.
Angladim, qaltisroq qimirlasam sal,
Sakkkiz juft qo‘l iylab tashlashga tayyor.

Mo‘ysafid, yoshiga munosib oqil —
Qay Bayttul-hazandan bundayin adab! —
Mening ahvolimga ko‘z solib zingil,
“Faxriy soqchilar”ga boqdi darg‘azab.

Ular chiqib ketdi. Faqat birovi
Eshikning yonida haykalday qotdi.
O‘qlar otganida cholning nigohi,
“Ko‘rsatma!” deb javob o‘qlari otdi.

— Maylida-ey… Sho‘rlik bir askarcha-da… —
Do‘xtir ko‘znoynagin taqib xo‘rsindi.
Ishlamoqlik ushbu muassasada,
Nazarimda, unga og‘ir ko‘rindi.

— Qani, so‘ylab bering, navqiron do‘stim,
Boshingizga tushdi qanday savdolar.
Bizning “sariq uy”ga — o‘h, nomi qursin! —
Sizni boshlab keldi qanday g‘avg‘olar.

Salomga yarasha alik, har qalay,
Yaxshi gapga chiqar inidan ilon.
Men nechun borini ochiq so‘ylamay,
Savollar samimiy bo‘lgani zamon.

V

“Men yaxshi ko‘raman!”
Agar shu iqror
Borliq hislarimni etolsa bayn,
Takrorlab-takrorlab milyon-milyon bor,
“Savdo”larim ochib tashlardim oson.

Lekin so‘z tan ersa, sevgi ruh erur,
So‘z agar moddiydir, ishq ilohiydir…
Eh, paxta ichida o‘tgan so‘ng umr,
Chiroyli so‘ylamak qanchalar og‘ir.

Garchand to‘porilik qonimga singgan,
Qadoq qo‘lda ravon suzmagay qalam,
Zim-ziyo xonaga termulib chiqqan
Oqshomlari she’rlar bitganman men ham:

Yur, ketaylik tog‘lar sayliga,
Yuksaklikka o‘zni chog‘lab shaxt.
Quyida ne qolsa — mayliga,
Quyida kim qolsa — marhamat.
Men bilaman: sen shijoatli,
Sof qalbingga siqqusi jahon.
Yuksakdagi yuksak cho‘qqini
Zabt etamiz beshak ikkovlon.
Unda bir yon qorbo‘ron o‘ynab,
Bir yonida gullar teramiz.
Kuppa-kunduz hislarimizni
Yulduzlarga so‘ylab beramiz.
Unda ikkov! O‘zga zotlarning
Yo‘l-yo‘rig‘i, fikridan yiroq,
Hech shubhasiz, bir-birimizni
Tushunamiz hazor bor tezroq.

She’rlar o‘z yo‘liga, to‘lgan ko‘ngilni
Sirdosh bir habibga bo‘shatgan misol.
Biroq sezmoqdaydim, mening o‘zimni
Bandi etmoqdaydi tushuniksiz hol.

Shomda chog‘ishganday kunduz bilan tun,
Umid-umidsizlik chog‘ishgan onlar,
Gumirib ketardi negadir ko‘ksim,
Titrab qo‘yar edi sirli vulqonlar.

Vujudim misli xum, qudratim-chi jin,
Muhabbatim xumni siypalagan kaft —
Bir kun chok-chokidan so‘kildi ko‘ksim,
Ozodlikka chiqdi bemisl qudrat:

Bulutlarga boqdim, chaqmoqlar chaqdi,
Buyumlar jonlandi boqqanim chog‘lar.
Tog‘lar gulxanlardan sirg‘alar taqdi,
Xazonlar dudiga ko‘mildi bog‘lar…

Tupukka bulg‘adi kimlar ko‘ksini,
Kimlar Suqrotona o‘yga toldilar.
Ertasi kun mahkam bog‘lab ko‘zimni,
Meni o‘z kulbamdan haydab soldilar…

VI

Suv ichyotgan jonga teginmas ilon,
Lablar qovushganda uzmagaylar o‘q.
Inson tazarruga tiz bukkan zamon
Uchinchi bo‘lmoqdan ortiq gunoh yo‘q.

Tazarru hamisha yolg‘izlikka xush —
Insoning ilohga e’tirofidir.
Mening misolimda bul ezgu yumush
Insonning insonga e’timodidir.

Tuyqusdan
Sharaqlab ochilar eshik,
Kira oq xalatli xo‘ppa semiz zot.
Na salom bor va na salomga alik,
Dag‘dag‘aga o‘tdi yutinib bot-bot:

— Bekor yozilganmi instruktsiya?
Nega unga amal qilmayapsiz, xo‘sh?!
Sanitarlar qani? Bezobraziya!
Nimaga psixning oyoq-qo‘li bo‘sh?

O‘rtoq do‘xtir, sizga qaytaray yana,
Bu yerning mudiri siz emas, menman.
Mabodo biron-bir ChP yuz bersa,
Balogardon bo‘lmoq bir o‘zimga tan.

Bola bog‘chadamas, “sariq uy”dasiz,
Qattiqroq bo‘ling-da shunga munosib.
Siz-chi, ko‘zingizdan suv oqizasiz
Har bitta telbaga qo‘shilib olib.

Siz tilxat yozdingiz: “Soppa-sog‘ mutloq”,
Qo‘ydik ijroqo‘mni so‘kkan Saboni.
Qaytib opkelishdi hafta o‘tmayoq,
Moskovga yozibdi… obkom bovoni.

Yoki milisalar hazillashgan qiz,
Almoyi-aljoyi edi har so‘zi.
Uvoli sizda, siz ozod qildingiz,
Yoqib yubordi-ku o‘zini o‘zi.

Yoki Mahamatni oling, sog‘ kishi
Samolyotga ketmon irg‘itib yurmas.
Bola zaharlansa, bu — SESning ishi,
Sizning sohangizga ximikat kirmas.

Baribir siz ozod qildingiz uni,
Ortidan qo‘l siltab, bo‘zlab qoldingiz.
U ximskladni yoqib qamalgan kuni
O‘zingizga qanday saboq oldingiz?

Surnaychi baloga qoldi oqibat,
Siz dong taratdingiz: “Mehribon, olim…”
Men esa raykomda terlab bir soat,
Oxirgi “strogiy vigovor” oldim.

Qay birini aytay, misollarim ko‘p.
Bundan keyin meni etmang norizo.
Aytganimga amal qilsangiz, xo‘p-xo‘p,
Amal qilmasangiz — yozing ariza.

Siz axir erkinsiz bedana kabi,
Qayga borsangiz ham birday “pitpildiq”.
Sizni infarkt qilmas “zam”ning hasadi,
“Do‘stlar”ingiz qildan qidirmas qiyiq.

Bir yilgina qoldi, keyin pensiya,
O‘, o‘sha kunlarga yetib olsam bas!
Tushungan chiqarsiz, do‘xtir, bir yilcha
Bironta psixni qo‘yvorib bo‘lmas.

Oyoq ostida-ku ChP har mahal,
Yuzidan birovi ko‘rsatsa qiliq,
Ishim “personalniy” ko‘rilib, bu gal
Partbiletim olib qo‘yishar aniq.

Bir kunga o‘lmaydi eshak degani,
Bir yilga chidaydi jinnilarimiz.
Burnidan chiqadi zato yegani,
Zato bir sauna qurib beramiz…

VII

Qalt-qalt titrab ketdi do‘xtir nogahon,
Rangi paxta kabi oqardi oppoq.
Oraga suqilmoq garchand ko‘p yomon,
Miyamda chaqnagach g‘azabdan chaqmoq —

Men boqdim mudirga
qattiqdan-qattiq,
Nafratim nigohga jam eta oldim.
Irodamdan xoli va yoki bog‘liq
Qandaydir qudratning izmida qoldim.

U avval joyidan ko‘tarildi-da,
Muallaq qotdi pol bilan shift aro.
So‘ngra to‘ntarildi, boshi quyida,
Oyog‘i tepada — osilgan go‘yo.

Ko‘zidan paxtasi chiqar. Baqirmoq
Bo‘lib u og‘zini kappa-kap ochar.
Yordam so‘rashga yo‘l qo‘ymayman biroq,
“Baxtiyor ochun…”ni kuylab yuborar.

O‘zimni odil his etmoq tuyg‘usi
Es-hushimni butkul qamrab oladi.
Lazzatli, huzurbaxsh qasos qutqusi
Qudratimga battar qutqu soladi.

Qattiqroq tikildim.
Mudir chiranib
Kuylarkan: “Ey sen, eng baxtiyor ochun…”
Ustidagi qorday xalat sarg‘ayib,
Sizib chiqa berdi achimsiq tutun.

“Xonanda” quyiga qular chinqirib —
“Pov” etib o‘t olar xalat nogahon.
Do‘xtir shaytonlagan soqchini qo‘yib,
Mudirga ko‘makka otilar shu on.

Olov o‘chirildi.
Mudir hansirab
Tiklarkan chil-parchin, aftoda qaddin,
Menga birrov qarab qo‘ygach xavfsirab,
Qizil tugmachaga bosdi orqasin.

Sirena yangradi. Eshik ochilib
Soqchilar otilib kirganda, mudir:
— Mana buni oling! — dedi bo‘kirib.
— Siz ham arizangiz tayyorlang, do‘xtir!

Jununda chog‘im yo‘q qudratimga chek,
Telba g‘azabimning avjiga yetdim.
Shotirlarga boqdim qattiq-qattiq, lek
Havo yetmay qolib hushimdan ketdim.

VIII

Tobutga tiqdilar meni tiriklay —
Beton katalakka joylab qo‘ydilar.
Po‘lat kishanlarga qanoat qilmay,
Ko‘zlarimga bog‘ich bog‘lab qo‘ydilar.

Beton kursi muzday o‘tiray desam,
Suyanayin desam muzdayin devor.
Rutubat ufurgan uvada ko‘rpam
Burgayu bitlari qaynagan bozor.

Turaman, kunduzmi-tunmi, bilmayman,
Deya savdoyiga chindan evrilmay,
Garchand baxshilikni da’vo qilmayman,
Qo‘shiq aytaverdim ming‘irlab tinmay:

“Tabiat, ato et menga qo‘sh qanot,
Suyukli maskanga bir zumda yetay.
Yorimning poyiga tiz cho‘kayin shod…
Tabiat, zindonni zumga tark etay.

Dil dardi g‘uluga soldi vujudim,
Qo‘llarim kun-bakun bemador, ojiz.
Tabiat, zulmatda qolmay shuurim
Qo‘llagil, men senga yolvordim yolg‘iz.

Tabiat, tabiat, qodir tabiat,
So‘lyotgan niholni o‘z bag‘ringga ol.
Sen menga bir zumga quvvat ber faqat,
Bir zumga ko‘mak ber sen humo misol.

Tabiat, ato et menga qo‘sh qanot,
Suyukli makonga bir zumda yetay.
Yorimning poyiga tiz cho‘kayin shod,
So‘ng foniy dunyoni mayli tark etay…”

Zamona qo‘rg‘onin fursat to‘zg‘og‘i
Emira borgani singari betin,
Irodam — qudratga qolmayin chog‘i —
Cho‘ka bordi lanjlik loyiga sekin…

IX

O‘tdi balki to‘rt oy, balki yarim yil,
Bir kun nazoratchi qo‘yarkan non-suv
Shivirladi: “Bo‘ling endi sal oqil,
Ko‘tarib yurmang ham bekorchi g‘uluv.

Sizni chaqiryapti shaxsan o‘zlari”.
U kishanlar bilan bog‘ichni yechdi.
Shiftdagi chiroqni ko‘rib ko‘zlarim
Quyoshni ko‘rganday qamashib ketdi.

Shunda nazoratchi eshikni yopib,
Qo‘limga bir g‘ijim qog‘oz uzatdi.
O‘zi esa darrov engashib olib,
Go‘yoki etigin changini artdi.

Men shoshib o‘qidim: “Aziz yosh do‘stim,
Tushkunlikka tusha ko‘rmangiz aslo.
Sinovlardan sobit o‘ta olsa kim,
O‘shanga saodat yordir doimo.

Harakat qilyapmiz.
Siz erta-indin
“Sariq uy”dan ozod bo‘lasiz beshak,
Umr oldda…
Bardam bo‘ling, yosh do‘stim,
Siz suygan qiz hafta bo‘ldi — kelinchak…”

Ortiq o‘qib bo‘lmas, chaplashar yovuz…
Nelarnidir taxmin qilgandim, biroq
Yalang‘och haqiqat — noma’lum og‘u,
Ta’siri kutgandan ko‘ra kuchliroq.

Kimga yozg‘irayin, kimni qarg‘ayin,
Bariga sababchi o‘zimman, o‘zim…
Bir umr muhabbat nedir, bilmayin
O‘tmadim-ku, yurak, o‘zingga to‘zim…

Yupanch — shirin aldov,
Oniy sarxushlik
Ortidagi taxir asliyot g‘olib…
Nazoratchi turtdi, ochildi eshik,
Torgina yo‘lakka chiqdim sudralib.

Allaqanday hasrat, qandaydir alam
Ko‘ksimni g‘ijimlab, ming bir tig‘ sanchar.
Bukilar chirib sob bo‘lgan irodam,
Misli po‘panakdan qilingan xanjar.

Ko‘rdim… odam bo‘yi ko‘zgu qarshimda,
Unda men: bukchaygan, aftoda, g‘arib.
Shunda, oh… ko‘zguga qattiq boqdim-da,
Ololdim o‘zimni o‘zim boshqarib.

Qanisan, ey so‘nggi misqol qudratim,
Qanisan, muzday kul ostidagi cho‘g‘.
Bu dunyoga kelib bir bora sevdim,
Ikki bor sevmakdan ortiq gunoh yo‘q!

Ko‘zgu… qoq ko‘ksidan darz ketdi birdan,
O‘rgimchak to‘riday izlar chizildi.
Yuzlab parchalarga bo‘lingan gulxan
Ko‘zlarimga qaytib kelib quyildi.

Bir dahshatli og‘riq…
Dahshatli og‘riq…
Ikki ko‘zim birdan oqib tushdi-yov…
Bu o‘zim-o‘zimga eng so‘nggi tortiq,
Bu o‘zim-o‘zimga eng so‘nggi olov…

X

Mana endi, ko‘ring, men oddiy odam,
Oddiyligim ta’kid etib tolmayman.
Qo‘sh qabariq oynak taqib yursam ham,
Bir qadam narini ko‘ra olmayman.

Endi olov yonmas boqqanim chog‘lar,
“Xavfli” ham emasman “tinch zamonaga”.
Muhrli qog‘oz bor, mas’ul o‘rtoqlar
Yaqin yo‘latmaslar jinnixonaga.

Men oddiy odamman ko‘plar singari,
Ahli mardumga hech da’voyim yo‘qdir.
Izimdan ergashib sur sharpa kabi
Piq-piq yig‘lashini qo‘ysin-da do‘xtir…

Oddiyman…
Mayliga etayin ayon,
Garchand bu mendagi eng oxirgi sir:
Yolg‘iz ekanimni tuyganim zamon
Shivirlab qo‘yaman:
“Sevganman, axir…”

1989
_______________________
* O. Matjondan
**Poltergeyst —olmoncha atama, “shovqin-suron”, “ruhlar o‘yini” ma’nolarini bildiradi. Buyumlarning “jonlanishi” — o‘z-o‘zidan yiqilishi, otilib ketishi, yonib ketishi hodisasi; keng ma’noda, favqulodda mo‘jizaviy qobiliyati vositasida shu hodisani yuzaga keltirgan kishi.
***Kunduzi chiroq yoqib yaxshi odamni izlagan Diogen nazarda tutilmoqda
****Ma’qulot — aksioma