Abdulkarim Bahriddin (Karim Bahriyev) 1962 yilda Samarqand viloyatining Urgut tumanida tug‘ilgan.
Samarqand Davlat universitetida va Moskva Davlat universitetida oliy tahsil olgan. «O‘zbekiston adabiyoti va sanati» gazetasida katta muxbir, «Marifat» gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari, «Xo‘jalik va huquq» jurnali hamda «Hurriyat» gazetasida Bosh muharrir, “Jahon adabiyoti” jurnalida bo‘lim mudiri lavozimlarida ishlagan. 1990-1995 yillarda O‘zbekiston xalq deputati sifatida mamlakat parlamentida faoliyat yuritgan. Ayni paytda «Merosnyus» axborot xizmati rahbaridir.
Karim Bahriyev «Sabr kosasi siniqlari», «Tilovat» she’riy kitoblarining, «Demokratiya va inson huquqlari», «Jurnalistning huquqlari, majburiyatlari va masuliyati», «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy asoslari» nomli o‘zbek tilidagi ilmiy-ommabop kitoblarining, “So‘z erkinligi haqida so‘z” nomli o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi kitobning, qator tanqidiy-tahliliy maqolalarning muallifidir.
Seneka, Platon, Volter, Monten, Paskal, Vovenarg, Laroshfuko, Labryuyerning falsafiy asarlari, Chingiz Aytmatov, Dino Butstsati, Jovanni Papini, Korrado Alvaro, Marchello Venturi hikoyalari, uyg‘ur shoiri Temur Davomatning sheriy kitobi, ozar shoiri Romiz Ravshanning sherlari va dostoni, A.Avtorxonovning «Kreml saltanati» kitobi uning tarjimasida chop etilgan.
TUNGI HUJUMLAR
Alparslon Turkesh xotirasiga ehtirom ila
Sokina kechalar… Ko‘chalar tingach,
Eshikka tizilgach horg‘in kovushlar,
So‘zamol el kirib uyga berkingach,
Eshitila boshlar ezg‘in tovushlar.
U ovoz kuchayar.
Tinimsiz.
Uchqur.
Qoshida ojiza ovozim, so‘zim.
Butun xalq uyquga botganda chuqur,
Qaydadir bo‘rilar uvillar uzun.
Erdanmi,
Ko‘kdanmi,
Mening ichimdan –
Gursillab tashlanar og‘ir qadamlar.
Go‘yo shaharlarga shaxd qilib zimdan
Kelar sahrolardan otlig‘ odamlar.
Uyqu bosgan elni yana ne bosar?!
Kelarsiz dashtlardan, olis tog‘lardan –
Urholar tinglayman tunlar jonsirab,
Enasoy tomondan, Dashti Qipchoqdan.
Olis ajdodlarim, bahodir xunlar!
Bo‘zqurtlar! Yuragi o‘tlug‘, butunlar!
Oromini topib uyga berkingan
Sog‘lar o‘lkasiga keling, majnunlar!
Dimog‘im achitar tuyoqlar changi,
Mudroq tanga tushsin qaynoq qoningiz,
Erkning qullarisiz, vahmning shohi,
Sharobday achchiqdir sizning joningiz.
Shirin jonlarimiz – sadaqa, biling,
Shaharlarni yiqing, buzing tomlarni.
Issiq to‘shaklarni nayzaga iling,
Sindiring xapdori ichgan jomlarni.
Saroylar qoshida o‘tovlar tiking,
Titrasin oromi, haromi yurtlar.
Rohat ko‘shklarini bezovta yiqing,
Keling, ajdodlarim – botir bo‘zqurtlar!
Avlodni uyg‘oting, tursin tirik jon,
Savalang ko‘zguga maftunalarni.
Yolg‘on kitoblardan yondirib gulxan,
Tarqating aldamchi mafkuralarni.
Tozalang yo‘llarni, mahzun dillarni,
Yugurar molini tashlab savdogar.
Shoirlar hansirar, osib tillarni,
Bol tomgan tilidan chakillar zahar.
Yoqing, yiqing, sanchib qilichlar,
Tekislab, omochlab, haydangiz shudgor.
Qolsa uch-to‘rt oshiq, to‘rt-besh darvishlar,
Ularga uy bo‘lar biror dashtu g‘or…
Sokina kechalar… Istayman – hujra.
To‘kilar sabrimu ham nolalarim.
Sekin cho‘ka boshlar xotin ham mudrab,
Negadir uxlamas sho‘x bolalarim.
1993 yil.
PS. Bunday tuyg‘u ko‘plarning ko‘nglidan kechgandir – kattaroq muhabbat, kattaroq shiddat, ehtiros istagi, millatni uyg‘oq ko‘rish istagi. Bu she’r – kayfiyat mahsuli. Nitshega Meksika zilzilasida minglab odam o‘lganini aytishganda, u hayajonlangan va “Yaratgan qanchalar hudratli, insonlar qanchalar ojiz… ?, bu naqadar go‘zal!” – degan. Millat tinchlik paytida nafsga beriladi, ko‘proq mol-dunyo ilinjiga asir bo‘ladi, faqat jang paytida qo‘rqoq-botir ajraladi, derdi. 1992 yilning iyunida “Turkiy xalqlar kongressi”da Alparslon Turkesh qabulida bo‘lgandim. Unga Samarqand to‘nini yopganimda, u menga bo‘ri suvratli uzuk tuhfa etgan va nasihat qilgandi.
TILOVAT
Bismillohir rohmanir rohiym.
1.
Tun bo‘yi ruhimni chaqirdi qushlar,
Vujudimga indi ilohiy majol.
Qulog‘imga oqdi toza tovushlar,
Etimni siladi abadiy shamol.
Kirdi dimog‘imga tuproqning hidi…
Ko‘zlarimni ochdim. Ayladim duo.
Tanimda aylangan xush nafas chiqdi,
Tilimda “oh” bo‘lib tirildi: “Alloh!”
Ilohim, subhidam shavqidan qondim,
Tilim so‘zga kirib bo‘ldim sasli ham –
Tashakkur, bu tong ham yana uyg‘ondim!
Axir, mumkin edi uyg‘onmaslik ham…
2.
Allohim, tashakkur dardlaring uchun,
Boshimga tizginsiz g‘amlar tashlading –
Boshim ko‘kka etdi, azoblaringga
Bandalar ichidan meni tanlading.
Tashakkur, tishimni tishimga bosdim,
Jonimda tovushsiz, nurli kulasan…
g‘amlar yuboribsan, demak, dunyoda
Mening borligimni bilasan…
3.
Bu ozor – sendandir, meniki – mozor,
Bo‘g‘zimda turibdi inja jon, titroq.
Bugun men o‘limdan qo‘rqmayman zinhor,
Gar o‘lim keltirsa senga yaqinroq.
Jonim senikidir olmog‘ing mumkin,
Kuzgi yaproq kabi omonat nafas.
Muqarrar bir ajal – bu mening mulkim,
Hayotim olarsan, o‘limni emas.
Va kattakon gunoh meniki, Alloh,
Daryo dil seniki, sabru toqatsen.
Shu qadar ulkandir men qilgan gunoh –
Kechira olgaysan uni faqat sen…
4.
Tongdan dilga tushdi bir ma’yus hasrat…
Do‘st sari otlandim, yo‘ldan qaytmadim.
Lekin do‘stim edi juda ham xursand,
Men ham kulib turdim.
Dardim aytmadim.
Borib so‘zlay, dedim otam, onamga –
Yo‘q-yo‘q, ko‘p ozorlar etkazdim rostdan.
Ozroq aqlim kirdi.
“Baxtiyorman” deb
Ota uydan qaytdim dardim aytmasdan.
Kimga borsam, aytar o‘z quvonch-g‘amin,
Men faqat tingladim,
So‘zlay olmadim.
Baxtlilarning bazmin kelmadi buzgim,
Baxtsizlarga badtar qayg‘u solmadim.
Aytsam bo‘lar edi yorim, bolamga,
Ko‘nglimni hasratim yalar betinim.
Bolam jilmayardi yorug‘ olamga,
Tinmay kular edi baxtli xotinim…
Bildim,
g‘amgin odam yoqmas hech kimga,
Hech qaysi makonda yoqmas ko‘z yoshi.
Allohim,
Dardimni aytdim o‘zingga,
Yo‘qdir sendan boshqa mening darddoshim…
5.
Kechir, Qodir Alloh, bandalaringni,
Oftob – tafting erur, qahringdur – muzlar.
Sen yaratgan gullar – bizga mo‘jiza,
Mo‘jiza – oydinlar, tunlar, yulduzlar…
Kechir, Qodir Alloh, menday bandangni,
Shamol – nafasingdir, poyingni o‘pdim.
Sen yaratgan erda uzoq kezdimu,
Kechir, men o‘zingni juda kech topdim.
Ishva qilib keldi oyday parilar,
Soyaday ergashib o‘tdi oylarim.
Kechir, Ka’ba emas, qizning etagi
Bo‘ldi topinajak qadamjoylarim.
Tovonimga tinmay osildi maysa,
Gullarga termuldim: “Ana, baxtim!” – deb.
Kechir, bu olamdan hayratga tushdim,
Lekin so‘ramabman: “Kim yaratdi?!” – deb.
Jilva qilib keldi makkor saltanat,
O‘zni sanamlikka chog‘layur kimlar…
Kechir, gohi seni unutib ko‘kda,
Erda yurganlarga sajda qildilar.
Bugun seni topdim, Alloh, sevinchim,
Sig‘mayin bordur bag‘rim, ichimga…
Endi faqat senga topinurman jim,
Endi sig‘inmasman erda hech kimga.
6.
Olis manzillarga termulaman zor,
Goho yorug‘ olam fikrimga tordir.
O‘ylayman: “Yulduzlar ortida ne bor?
Quyoshdan narida nimalar bordir?!”
Sening inoyating – mening yodim ham,
Shuurim qa’rida nurday yoriding.
Shamol ham yo‘q edi, yo‘q edi olam,
Oftob ham yo‘q edi… O‘zing bor eding.
Nechun seni izlab ko‘kka boqqaylar,
Axir, erda ham – sen, suvlarda ham – sen.
Olovda ham borsen – o‘zni yoqqaylar,
Odamning ichinda ham mujassamsen.
Ko‘rdim – to‘rt tomonda o‘zing muhayyo,
Yomg‘irda – shafqating, poklikda – qorsan.
Biz o‘tib ketarmiz dunyodan, illo,
Dunyo turgunicha sen O‘zing borsan.
Munis bandalaring yig‘lab o‘turlar,
Yurakdan sizgan ul nuri jolasan…
Dunyo ham tugaydi, balkim, bir kuni,
Dunyodan keyin ham O‘zing qolarsan.
7.
Yo, Alloh, bandangman, dilafgor qilma,
Nomard eshigida talabgor qilma,
Olam jamoliga aylama oshiq,
Shohlarning noniga xaridor qilma.
Xor qilma, xor qilma, xor qilma, Alloh.
Dunyo juda go‘zal, gulday sanamlar,
Rayhonning bargida suzar shabnamlar.
Nozikbel maysalar eshilib o‘ynar,
O‘tar shirin kunlar, oydin oqshomlar –
O‘tkinchi dunyoga yor qilma, Alloh.
Zim-ziyo koinot ichinda men ham –
Yonib tugayotgan miltiroq bir sham.
O‘zing madad bergil! Sen qutqarmasang –
Qutqara olmaydi odamni odam,
Insonni insonga zor qilma, Alloh.
Xalqqa sabr bergin va parcha non ber,
Podshohga kuch berding, endi iymon ber.
Hamma ishimizni ko‘rib turibsan –
Ko‘ngillarni keng qil, daryozabon ber,
Yo‘llar – tor, dillarni tor qilma, Alloh.
Borarman ismingni dilimda qutlab,
Boshimda aylanar notinch bulutlar.
Oyog‘imga tinmay osilar o‘tlar,
Bezovta silkinar teraklar, tutlar.
Daraxtni beshik qil, dor qilma, Alloh.
O‘tkinchi dunyoga yor qilma, Alloh.
Insonni insonga zor qilma, Alloh.
Yo‘llar – tor, dillarni tor qilma, Alloh.
Daraxtni beshik qil, dor qilma, Alloh.
Xor qilma, xor qilma, xor qilma, Alloh…
8.
Noayon,
Bepoyon,
Ulkan dunyoda
Inson – bir to‘zigan gard kabi, evoh.
Milliard odamlarga to‘lgan dunyoda
Hech bitta odamni unutma, Alloh.
Kishini g‘am bilan qoldirma yakka,
Hech kimni yo‘qlikning qa’riga otma.
Nomardga – dil bergin, qo‘l bergin – mardga,
Meni ham unutma.
Tokim quyosh chiqar har tong saharda,
Koinotda horg‘in er kezar tokim –
Bu keng samolarda,
Qaro erlarda
O‘zingsan hokim,
Allohim.
Bemorga – shifo ber, sog‘larga – umr.
Yolg‘izga – yo‘ldoshu, yupunga – tugma.
Ochlarga – non bergin, to‘qlarga – shukur,
Meni ham unutma.
Uysizga – uy qurgin, yo‘lsizga – yo‘l ber,
Sahroga – yomg‘iru, tog‘larga shamol.
Maddoh fahm topsin, gunglarga til ber –
Muattar so‘zlarni aytsin bemalol.
Borlarga – insof ber, g‘aribga – sabr,
Botirga – tulporu, olimga – rutba.
Kim o‘lsa, ber mayin tuproqli qabr,
Meni ham unutma.
Yozda nurlar sochgin, qishda qor yog‘sin,
Ko‘kda – burgut, suvda baliqlar oqsin.
Kar quloqlar nogoh ochilsin, Alloh,
Ko‘r ko‘zlar yarq etib olamga boqsin.
Sendan boshqa hech kim bermas beminnat,
Kimdan ham tilaylik, voh, sendan boshqa –
Shafqatni hech kimdan sen darig‘ tutma,
Adashgan barchani haq yo‘lga boshla,
Meni ham unutma.
Nafsimni jilovla va hirsni sovut,
Ruhimni charxlagin, ko‘nglimni keng qil.
Beshikdan tushganning tulpori – tobut,
Bizni ham azizlar qoshida teng qil.
Bihisht arig‘idan asal sut ichir,
Tiriklik gulini aslo so‘litma.
g‘ofilni kechirgin, hammani – kechir,
Meni ham unutma…
Kechir.
1984-1995