Ubaydiy (1486-1540)

Ubaydullaxon, Ubaydulla Sulton, Ubaydiy (to‘liq ismi: Abulg‘oziy Ubaydulloh Bahodirxon ibn Mahmud Sulton ibn Shoh Budog‘ Sulton ibn Abulxayrxon) (1486, Xorazmning Vazir shahri yaqinidagi Tirsak mavzesi — 1540.17.3, Buxoro) — Buxoro xoni (1533—40), shoir. Shayboniylar sulolasidan. Muhammad Shayboniyxonning jiyani, Mahmud Sultonning o‘g‘li.

Otasining iltimosiga kura, unga Xoja Ubaydulloh Ahror o‘z ismini bergan. Tasavvuf bo‘yicha dastlabki saboqni otasining piri Mavlono Muhammad Qozidan olgan. Ubaydullaxonga o‘z davrining mashhur ulamolari Fazlulloh ibn Ro‘zbehon, Maxdumi A’zam, Mavlono Muhammad Azizon, Mavlono Xoja Muhammad Sadr va boshqa ustozlik qilgan. Xususan, unga davlat arbobi va sarkarda amir Abdulla Yamaniy (Buxoroda Mir Arab nomi bilan mashhur bo‘lgan) harbiy san’atdan saboq bergan va o‘ziga murid qilib olgan.

Xorazm va Buxoro hokimi bo‘lgan otasi Mahmud Sulton Qunduzda vafot etgach (1504), unga O‘rusbek Do‘rmon (1512 yil Ko‘li Malikda bo‘lgan jangda o‘ldirilgan) otaliq qilib tayinlangan. Ubaydullaxon amakisi Shayboniyxonning Xorazm (1505), Balx (1506), Hirot va Mashhad (1507)ga qilgan harbiy yurishlarida qatnashgan. Dastlab safaviylar qo‘shinining Movarounnahr ichkarisiga bostirib kirishidan cho‘chigan Ubaydullaxon va Muhammad Temur Sulton (Shayboniyxonning o‘g‘li) shoh Ismoil I bilan elchilar almashib, sulh tuzishga uringanlar.

Shayboniylar sulolasining xoni Ko‘chkunchixoning asosiy noibi (1510 yildan) va Buxoro hokimi (1504 yildan) sifatida Ubaydullaxon dushmanga qarshi kurashga otlangan. 1511 yilda bo‘lgan jangda yengilgan Ubaydullaxon va Ko‘chkunchixon, Samarqand hokimi Suyunchxo‘jaxon, shuningdek, Muhammad Temur Sulton va Jonibek Sulton o‘z yaqinlari bilan Turkiston shahriga chekinadilar.

1512 yil 28 aprelda Ko‘li Malik jangida Ubaydullaxon g‘alaba qozonib, Buxoro va Samarqandni egallaydi. 1512 yil bahorida Ubaydullaxonning shijoati natijasida Movarounnahr yana shayboniylar qo‘liga o‘tdi. Biroq Ismoil I yuborgan Najmi Soniy boshchiligidagi 60 ming kishilik safaviylar qo‘shiniga suyangan Bobur 1512 yil kuzida G‘uzor va Qarshini egallaydi. Najmi Soniy qo‘shini G‘ijduvonni qamal qilishga kirishdi. Ubaydullaxon va Jonibek Sulton Karmanaga; Ko‘chkunchixon va Temur Sulton Miyonkolga chekinib, hal qiluvchi jangga tayyorgarlik kurishadi. 1512 yil 24 noyabrdagi G‘ijduvon jangida Ubaydullaxon boshchiligidagi qo‘shin g‘alaba qozongan.

1513 yil yanvarda Ubaydullaxon boshchiligidagi qo‘shin Xurosonga harbiy yurishlar qilib, safaviylarga kuchli zarbalar berdi. 1513 yil 11 martda Ubaydullaxon Marvni egallaydi. Bu orada Ubaydullaxon Xorazmni ham egallab, o‘g‘li Abdulazizxonni hokim qilib tayinlaydi. Uzoq davom etgan harbiy to‘qnashuvlardan so‘ng Mashhad, Hirot (1529) va boshqa shaharlar egallandi. Ubaydullaxon Hirotdagi murakkab vaziyatni tartibga solish (bu yerda shialarning ta’siri kuchayib ketgan edi) va uning Buxoro bilan aloqalarini mustahkamlashga katta e’tibor qaratgan. Kuchkunchixon vafot etgach, uning o‘g‘li Abu Saidxon davrida ham Ubaydullaxon noiblik vazifasida qolgan.

1533 yilda Abu Saidxon vafotidan so‘ng, turkiy an’anaga binoan sultonlar ichida eng yoshi ulug‘i Ubaydullaxon Buxoroda shayboniylar sulolasining xoni qilib ko‘tarilgan. Poytaxt ham Samarqanddan Buxoroga ko‘chirilib, davlatning nomi rasmiy ravishda Buxoro xonligi deb atalgan. Ubaydullaxon hukmronligi davrida Buxoroning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaz sifatidagi mavqei kuchaydi. Buxoroda Mir Arab madrasasi, Mirak Sayd G‘iyos bog‘i, Ko‘hak (Zarafshon) daryosi ustida Mehtar Qosim ko‘prigi va boshqa inshootlar qurildi.

Ubaydullaxon yassaviya va naqshbandiya tariqatlariga e’tiqod qilib, shayx sifatida muridlar ham tarbiyalagan. Ubaydullaxon «Ubaydiy», «Qul Ubaydiy», «Ubaydulloh» taxalluslari bilan uzbek, fors va arab tillarida ijod qilgan. Uning uchala tildagi devonlarini o‘z ichiga olgan kulliyoti keyinchalik Mir Husayn al-Husayniy tomonidan ko‘chirilgan (1583). Ubaydullaxonning turkiy devonida 310 g‘azal, 430 ruboiy, 11 tuyuq, 18 masnaviy, 7 muammo, 2 yor-yor mavjud. Shuningdek, devondan diniy-tasavvufiy va axloqiy-didaktik ruhdagi «Omonatnoma», «Shavqnoma», «G‘ayratnoma», «Sabrnoma» manzumalari o‘rin olgan.

Forsiy devonida esa 163 g‘azal, 418 ruboiy, 7 qit’a, 1 fard, 1 masnaviy, 1 tarje’band va 3 muammo bor. Arab tilidagi merosi 35 ga yaqin g‘azal, qit’a va fardlardan iborat. Ubaydullaxon Ahmad Yassaviy asos solgan hikmatnavislik an’anasini rivojlantirgan. Undan 1786 baytdan iborat 220 dan ortiq hikmat yetib kelgan. Ubaydullaxon ijodida diniy-tasavvufiy g‘oyalar yetakchilik qiladi.

Ubaydullaxon o‘zbek va fors adabiyotidagi yirik ruboiynavislardan hisoblanadi. Uning bu 2 tildagi ruboiylari 850 ga yaqin. Xususan, o‘zbek adabiyotida ruboiyning Boburdan keyingi taraqqiyoti Ubaydullaxon nomi bilan bog‘liq. Shoir she’rlarida o‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan, uziga xos xususiyatlaridan mahorat bilan foydalangan.

Ubaydullaxon Buxoro yaqinida joylashgan Bahouddin majmuasidagi Daxmai shohon (Shoxlar daxmasi)dagi shayboniylar xilxonasida dafn etilgan. Ubaydullaxon kulliyoti yagona nusxada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qulyozmalar fondida (inv. №8931), «Devoni Ubaydulloxon» qo‘lyozmasi Turkiyaning Nuri Usmoniya kutubxonasida (inv. №4904), «Masoil us-salot» nomli terma bayozi Ko‘niyodagi Izzatquyun xususiy kutubxonasida saqlanadi.

* * *

Oshiq ermastur kishi devona bo‘lmasa,
G‘am dashti ichra sokini vayrona bo‘lmasa.

Ne oshiq o‘lg‘ay ul kishikim jonu ko‘nglini,
O‘z dilbarig‘a sarf etib, afsona bo‘lmasa.

Kelmas o‘ziga oshiqi madhush soqiyo,
Ohu fig‘onu na’rai mastona bo‘lmasa.

Bo‘ston aro ochilmag‘usi g‘unchadin ko‘ngul,
Gul mavsumida bodayu paymona bo‘lmasa.

G‘am kulbasida naylag‘ay erding, Ubaydiy,
Soqiyu jomu mutribu paymona bo‘lmasa.

* * *

Yor istamakim, olam aro yor topilmas,
Topilsa dag‘i mushfiqu g‘amxor topilmas.

Axtarsang agar bir yaratib ikki jahonni,
Mendek senga bir zoru giriftor topilmas.

Hushyor netarsen tilabon, ey ko‘zi usruk,
Mastona ko‘zung davrida hushyor topilmas.

Ko‘p yor agarchi topilur senga valekin,
Jon berguchi men kabi vafodor topilmas.

Diydor g‘animat turur, ey telba Ubaydiy,
Diydoridin ayrilmaki, diydor topilmas.

* * *

Ko‘rar ko‘zimsan, ey jonu jahonim,
Sevar yorim, azizim, mehribonim.

Tarahhum qilki, bo‘ldi xoki rohing,
Tani farsuda, jismi notavonim.

Ko‘ngul uyin buzar seli sirishkom,
Ham o‘tluq nolayu ohu fig‘onim.

Sening ishqingda Majnun qissasidek,
El ichra topti shuhrat dostonim.

Ubaydiyg‘a topilmas olam ichra,
Seningdek mushfiq, ey oromi jonim.

* * *

Bir lahza ko‘nglum o‘lmadi beg‘am zamonadin,
To‘ydi zamona mendinu men ham zamonadin.

Etmay ko‘ngulga shodlig‘, ey hamdamim,yetar,
Yuz ming g‘amu alam anga hardam zamonadin.

Jam’iyatiki bor edi ko‘ngul diyorida,
Ul dog‘i bo‘ldi bir yo‘li darham zamonadin.

Ko‘nglum guli bu gulshan aro so‘lg‘ali dame,
Umrim niholi bo‘lmadi xurram zamonadin.

Marham jarohatingg‘a, Ubaydiy, tilarni qo‘y,
Etmas jarohat ahlig‘a marham zamonadin.

* * *

Sham’ erur parvonaning holig‘a giryon har kecha.
Yig‘laram oni ko‘rub men ham farovon har kecha.

Ahdu paymonni tanimas tongg‘a budur turfakim,
Jonu ko‘nglum birla aylar ahdu paymon har kecha.

Ko‘rgali husn avji uzra mohi tobonim aning,
Uyalib yuz yoshurur xurshedi tobon har kecha.

Anbar afshon zulfining savdosidin Majnun bo‘lub,
So‘zni o‘z-o‘zumga ayturmen parishon har kecha.

Tortamen ummed ila har kun firoqi dardini,
Vaslidin qilg‘aymu deb dardimg‘a darmon har kecha.

Aylaram bir gul g‘amidin notavon bulbul kabi,
Tinmayin har lahza tong otquncha afg‘on har kecha.

Holima rahm aylamay ko‘nglim qushin parvonadek,
Ey Ubaydiy, o‘rtar ul sham’i habiston har kecha.

* * *

Necha ul oy jonimizg‘a javru bedod aylagay,
O‘zgalarning shod aylab, bizni noshod aylagay.

Ko‘rsat, ey ko‘nglum, borib o‘zingni ul dilbarg‘akim,
Shoyad ul soat seni ko‘rgach, meni yod aylagay.

Ohkim g‘am selidin vayron erur ko‘nglum uyi,
Emdi ul vayronani kim bo‘lg‘ay obod aylagay.

Ishqi ish andoq qilay davringda, ey laylivashim,
Ne oni Majnun qila olg‘ay, ne Farhod aylagay.

Ey Ubaydiy, yo‘qtur andoq dilbari olam aro,
Notavon ko‘nglumni g‘am qaydidin ozod aylagay.

* * *

Sarv qadlar sarvari gulchehradur, yor-yor,
Dilrabolar dilbari gulchehradur, yor-yor.

Gulchehralar birla bog‘ gulshan erur, yor-yor
Gulshan aro siz mudom gulxan erur, yor-yor.

Gulchehralar isidin to‘ldi jahon, yor-yor,
Boshdin oyoq muattar bo‘ldi jahon, yor-yor.

Gulchehralar qomati to‘bi erur, yor-yor,
Jannat aro to‘bining xo‘bi erur, yor-yor.

Sarvi sahiydek bo‘yi nozik emish, yor-yor,
Bo‘yi kabi ham xo‘yi nozik emish, yor-yor.

Mehrki guldin ayon bo‘lg‘usidur, yor-yor,
Bulbulu gul mehribon bo‘lg‘usidur, yor-yor.

Bir-birining qadrini bilsa kerak, yor-yor,
Aylagusi shukrini qilsa kerak, yor-yor.

* * *

Qoyin ena davlati yanga erur, yor-yor,
Izzatiyu hurmati yanga erur, yor-yor.

Qoyin ini yangasin olg‘usidur, yor-yor,
Oy yuzingga ko‘zlarin solg‘usidur, yor-yor.

Ursa safoyi aning shaydo bo‘lur, yor-yor
Gloyati yo‘q mehr anga paydo bo‘lur, yor-yor.

Bir-biriga mehribon bo‘lg‘usidir, yor-yor,
Bir-biri mehri bilan to‘lg‘usidur, yor-yor.

Yanga muningdek zarif bo‘lmas emish, yor-yor,
Xulqiyu husni latif bo‘lmas emish, yor-yor.

Qayni ini yanganing qadrini bil, yor-yor,
Bilib aning qadrini shukrini qil, yor-yor.

Nuqtasiga bu so‘zning yetmak kerak, yor-yor,
Izzatini yaxshiroq etmak kerak, yor-yor.

* * *

Sabzai xattin ko‘rub, dermenki, bersam jon anga,
Kim xatidur Xizru manzil chashmai hayvon anga.

Ko‘rmadim bir zarrai mehr ul quyoshdin, ey rafiq,
Munchakim ko‘nglum falakdek bo‘ldi sargardon anga.

Vasli ko‘nglumning nasibi bo‘lmog‘idin angladim,
Kim nasib o‘lmish azaldin mehnati hijron anga.

Chun ko‘nguldin chiqsa hijron kechasi ohim o‘ti,
G‘unchadek o‘tluq ko‘nguldur otashin paykon anga.

Ey Ubaydiy, holatingni yig‘labon yor ollida,
Oshkor etmak na hojat, chun emas pinhon anga.

* * *

Gul sori qilmon nazar zebo jamoling borida,
Ko‘zga olmon sarvni nozik niholing borida.

Qilmadi husn ahlig‘a hargiz vafo husnu jamol,
Qil vafo, ey bevafo, husnu jamoling borida.

Istamon hayvon suyin, bosmon, dog‘i ichmon ani,
Dam-badam jon berguchi shirin ziloling borida.

Har sori qilsa azimat, borg‘il ul dildor ila,
Qolma zinhor ey ko‘ngul, andin majoling borida.

Ey Ubaydiy, ul parivash vaslini qilg‘il xayol,
Qilmag‘il o‘zga xayol ushbu xayoling borida.

* * *

O‘rtanur hajr o‘tig‘a jismi figorim sensiz,
Kuyadurmen, netay, ey lola uzorim, sensiz.

Ravnaqi bog‘u bahorim eding, ey sarvi sehi,
Topmadi nash’u namo bog‘u bahorim sensiz.

Har necha ko‘kdin o‘tub buzdi maloyik ko‘nglin
Ohu afg‘onim ila nolai zorim sensiz.

Tufrog‘im sovrulubon chiqti quyundek, ey sarv,
Sarsari hajr ila gardung‘a g‘uborim sensiz.

Sabr etib qilmas edim nola Ubaydiy yonglig‘,
Yo‘qturur, vah, netayin sabru qarorim sensiz.

* * *

Umrlar aylab salomat so‘zlarin o‘zdin yiroq,
Bo‘lmadim hargiz salomat ahlidek so‘zdin yiroq.

Shomdek zulfungni olg‘il subh (da) yuzdin, dedim,
Dedikim: bo‘lg‘on emastur kecha kunduzdin yiroq.

Ko‘zni, bilmon, nega yumdum vasl ayyomidakim,
Ko‘z yumub ochquncha bo‘ldum ul qaro ko‘zdin yiroq.

Qo‘ymadi bir dam vafosiz charx, qilmay oqibat,
Zarra yanglig‘, vah, o‘shal xurshiddek yuzdin yiroq.

Ko‘zlari sayyorasidin boshqa (hech) ko‘rmay yuzi,
Ey Ubaydiy, ko‘rsa bo‘lmas oyni yulduzdin yiroq.

* * *

Ey ko‘ngul, qilma tama ul dilsitondin yaxshiliq,
Notavon jonimg‘a ul oshubi jondin yaxshiliq.

El ichida yaxshiliq ko‘rmaymen ondin, der edim,
Ey ko‘ngul, men ko‘rmadim, kim ko‘rgay ondin yaxshiliq.

Ey guli ra’no, hazar qil ohi sardimdin mudom,
Hech gul ko‘rgan emas bodi xazondin yaxshiliq.

Mehribonliq ko‘rsatib, ko‘nglumni oldi oqibat,
Shukri lillah, ko‘rdum ul nomehribondin yaxshiliq.

Ey Ubaydiy, yaxshiliq ko‘z tutmayin, ne bok, men,
Ne umid etgay kishi mendek yamondin yaxshiliq.

* * *

Jon fido qilmay sanga naylayki, jonimsen mening,
Jon bila ko‘nglumdin ortuq dilsitonimsen mening.

Xoh qil mehru vafo, xohi jafou javr ham,
Mehr yo‘q mahvashlar ichra mehribonimsen mening.

Ey hayotim senga, jismim evida jon naqdini —
Sarf qilsam, ayb emaski, mehmonimsen mening.

Hamdamimdur fig‘on aylarda, ey jon bulbuli,
Nola aylab, oh urarda hamzabonimsen mening.

Jonfizo la’linnga jon bersam Ubaydiydek hanuz
Yovar etmas xo‘yi bebok, badgumonimsen mening.

MASNAVIY

Qoyinini davlati yanga erur, yor-yor,
Izzatiyu xurmati yanga erur, yor-yor.

Qoyinini yangasin olg‘usidir, yor-yor,
Oy yuzunga ko‘zlarin solg‘usidur, yor-yor.

Ursa safoyi aning, shaydo bo‘lur, yor-yor,
G‘oyati yo‘q mehr anga paydo bo‘lur, yor-yor.

Bir-biriga mehribon bo‘lg‘usidur, yor-yor.
Bir-biri mehri bilan to‘lg‘usidur, yor-yor.

Yanga munungdek zarif bo‘lmas emish, yor-yor,
Xulqiyu husni latif bo‘lmas emish, yor-yor.

Qoyinini, yanganing qadrini bil, yor-yor.
Bilib aning qadrini, shukrini qil, yor-yor.

Nuktasiga bu so‘zning yetmak kerak, yor-yor.
Izzatini yaxshiroq etmak kerak, yor-yor.

QIT’ALAR

Do‘stlar, ixtiyot gulshanida
Ayshu ishrat bila nishot qiling.
Chunki shart o‘ldi ixtiyot etmak,
Sharti borincha ixtiyot qiling.

* * *

Do‘stning uzrini qabul etmak
Do‘stluqning ulug‘ nishoni erur.
Kimki qilmas qabul uzri aning,
Bilkim, ul do‘stning yamoni erur.

RUBOIYLAR

Ko‘rguz manga ul sho‘x vafosin, yorab,
Ko‘rguzma aning manga jafosin, yorab.
Yorab, ne duo qilur, sen o‘z lutfung ila
Bu qulning ijobat et duosin, yorab.

* * *

Sabr etsa kishi, murodig‘a yetgusidir,
O‘zini sabur ahlidin etgusidur.
Sabr etmakidin anga yetib xurramliq,
G‘am xayli aning xotiridin ketgusidur.

* * *

Ey do‘st, dame bo‘lmadi g‘amdin qutulub,
Mazlum kabi zulmu sitamdin qutulub.
Faryodu fig‘onu ohkim, bo‘lmas emish,
O‘lmay sitamu g‘amu alamdin qutulub.

* * *

G‘ayrat yuzidin kimki qilich uzra mudom,
Olg‘usidur mulk arusidin kom.
Yor etsa agar adolat etmakni anga,
Shak yo‘qkim, olur adl ila olamni tom.

* * *

Do‘stning uzrini qabul etmak
Do‘stluqning ulug‘ nishoni erur.
Kimki qilmas qabul uzri aning,
Bilkim ul do‘stning yomoni erur.

* * *

Gar urush tushsa iki hamdam aro,
Bot aning tadbirini etmak kerak.
Biridin ayb o‘lsa zohir, ul biri
Uzr aytib aybini yopmoq kerak.

* * *

Hijron g‘amidin ko‘ngul ichi to‘ldi yana,
Ko‘nglum uyi qayg‘u maskani bo‘ldi yana.
Hajr o‘ldi visol o‘rnig‘a tole yo‘qdin,
Naylayki davo dardgg‘a yuruldi yana.

* * *

Yorin kishi, ey yor, sog‘inmasmu bo‘lur,
Mahjurini dildor sog‘inmasmu bo‘lur.
Ko‘zu qoshidin musofir o‘lg‘on yorin,
Ey sho‘xi sitamgar sog‘inmasmu bo‘lure

* * *

Majnun ishidin ulkishikim ogahdur,
Ushshoq orasinda Ubaydullahdur.
Payvasta junun ahli erur hamrah anga,
Ul rahbar erur alarg‘ayu, ham shahdur.

* * *

Sarviki yuzi gulu qaddi ra’nodur,
Jon moyil o‘lub, anga ko‘ngul shaydodur,
Ey kimki tilasang xo‘bluq asbobini,
Ul ruhi mujassamda bori paydodur.

* * *

Seningdek bu jahonda g‘amguzorim yo‘qtur,
Ko‘rmay seni bir yerda qarorim yo‘qtur,
Ey yor, demaki o‘zga yoring bor emish,
Yorim sen erursen, o‘zga yorim yo‘qtur.

* * *

Ey noma, o‘zingni vaslig‘a yetkura ko‘r,
Ilkini o‘pub, yuzingga olib sura ko‘r,
Men xastalig‘imdin ko‘ra olmay qoldim,
Sen bori aning husnu jamolin ko‘ra ko‘r.

* * *

Ey jon, g‘amu dard poymol o‘lg‘usidur,
Hamdam senga ul toza nihol o‘lg‘usidur.
Zinhor ko‘ngulni solma hijronidakim,
Hajr o‘lsa bu kun, tongla visol o‘lg‘usidur.

* * *

Har do‘stkim ul dushmaningga yor durur,
Bilkim senga ul yor emas, ag‘yor durur.
Aylang hazar andinkim aningdek kishida
Bir nav’ xayolu, bir balo bor durur.

* * *

Ey sho‘x, meni husnungga hayron qilg‘il,
Yo ishqing aro besaru somon qilg‘il.
Yo yetkur ayog‘ingg‘a mening boshimni,
Yo soya kabi yer bila yakson qig‘il.

* * *

Ko‘ngul sanga, ey g‘unchai xandon, berayin,
Kofir ko‘zungga din bila imon berayin,
Jonimni agar olur xayoling bo‘lsa,
Kel-ke-lki seni bir ko‘rubon jon berayin.

* * *

Sharh aylama dardsizga rohat qadrin,
Mehnat ko‘rgan bilur farog‘at qadrin.
Chekmay alamu og‘rimayin bilmas emish,
Umrinda kishi rohatu sihhat qadrin.

* * *

Bo‘lmas nima olamda adabdin yaxshi,
Ham rohatu ham g‘am adabdin yaxshi,
Yo‘qtur ko‘ramen barcha sifatlar orakim,
Yaxshi sifat odamda adabdin yaxshi.

TUYuQLAR

* * *

Kirsang, ey jonu jahonim tushgasen,
Lutf etib ko‘nglum uyiga tushgasen,
Kelayin deding tong otqach kelmading,
Bu dag‘i xushturki, kelsang tushga sen.

* * *

So‘g‘d ichinda o‘lturubdur yobu*lar,
Yobularning mingan oti yobular,
Yobularning ilgidin el tinmadi,
Yo bular tursun bu yerda, yo bular.

* * *

Ey muhiblar jannat o‘lsun doringiz,
Yor bo‘lsun dushman uchun doringiz,
Solsangiz yo‘l baytul-ahzonim sori,
Bir faqire bor edi deb doringiz.

* * *

Sayr etarda guluzorim bog‘ini,
Bog‘lamas gulgun qaboyi bog‘ini.
Buzdilar barcha ulusni bog‘ilar,
Tangri yo‘q etkay, ilohi, bog‘ini.

* * *

Yorama ul oy marham yoqmadi,
Ohkim, anga ne o‘tlar yoqmadi.
O‘zgalarga yoqti ul tavri aning,
Kim aning ul tavri manga yoqmadi.

* * *

Ul pari majnun ko‘ngul jononidur,
Ko‘ngul o‘zidur aning, jon onidur.
Manga muncha lutfu qahring yor egach,
Jonima javr etmaking, jono, nedure

HIKMAT

Ayo do‘stlar, jondin kechib, ishq erkin tuttum mano,
Vahdat mayin ichkuncha ne xunoblar yuttum mano.

Uch yuz oltmish daryo o‘ta, yurmay kishi sud aylamas,
To‘rt yuz qirq to‘rt tog‘din oshib, borisidin o‘ttum mano.

Vosil meni vaslig‘a ul qildi, murodim vasl edi,
Yuz ming shukr har dam anga, maqsudima yettum mano.

Chun mosivallah ko‘yida istab meni topmas kishi,
Bas, o‘zga yerda istangiz, ul ko‘ydin kettum mano.

Solik topa olmas nishon mendin talab vodisida,
Ey Qul Ubaydiy, jon kibi istay ani, yettum mano.

IZZATINI YaXShIROQ ETMAK KERAK

Tarix shuni ko‘rsatadiki, xonlar bilan xonlarning, amirlar bilan amirlarning, beklar bilan beklarning farqi bor. Birlari o‘zidan yaxshi nom qoldirish uchun kurashgan va yashagan bo‘lsa, ikkinchilari ko‘p vaqt o‘z huzur-halovatini, boylik orttirishni, bor narsalarni buzishni, yo‘q qilishni o‘ylagan, yaratuvchilik g‘oyasidan yiroq yurgan.
Buxoro hokimi Mahmud Sultonning o‘g‘li Ubaydulloxon ibn Mahmud Sulton esa shayboniylar sulolasining yirik namoyandalaridan biri bo‘lishi, hokimiyat uchun kechgan jangu jadallarda faol qatnashishi bilan birga o‘z davri madaniyatining katta arbobi, XVI asr o‘zbek adabiyotining yirik vakili darajasiga erishgan edi.
Turkiston xalqlari siyosiy tarixida Ubaydulloxonning eng katta xizmatlaridan biri shundaki, u Movarounnahrni Ismoil Safaviy boshchiligidagi eroniylarning, tarixchi Hofiz Tanish Buxoriy tili bilan aytganda, «qizilboshlar»ning istibdodidan saqlab qoldi. Ubaydulloxonning harbiy mahorati va jasorati uning davlat arbobi sifatida qattiqqo‘lligi tufayli safaviylar qo‘shini orqaga chekindi. Ularning O‘rta Osiyo shaharlarini qirg‘in qilishi, talashi to‘xtatildi. Ubaydullaxon Shayboniy hukmdorlardan Qo‘chkinchixon (1510—1530), uning o‘g‘li Abdusaid (1530—1533) hukmronligi davrida noib, 1533—1539 yillarda esa xon ko‘tarilib, mamlakatni boshqardi. Hofiz Tanish Buxoriy o‘zining «Abdullanoma» asarida yozishicha: «Uning davlati va xalofati zamonida Movarounnahr, ayniqsa, Buxoro viloyati gullab yashnadi». Ubaydullaxon o‘sha davrda o‘z mablag‘iga mashhur Mir Arab madrasasini qurdirdi. U 1539 yili vafot etgan bo‘lib, xoki shu madrasa xonalaridan biriga qo‘yilgan.
Ubaydullaxon ham o‘z davri hukmdorlaridan Husayn Boyqaro, Shayboniyxon, Bobur kabi muttasil ijod bilan shug‘ullanib «Ubaydiy», «Qul Ubaydiy», taxalluslarini qo‘llar edi. Ubaydiyning o‘zbek, fors va arab tilidagi she’rlaridan iborat uch devoni bir muqova ichiga joylashtirilgan. Bu uch tildagi devonning yagona qo‘lyozma nusxasi 1583 yilda Mir Husayn al-Husayniy tomonidan ko‘chirilgan bo‘lib, kotib uni «Kulliyot» deb atagan. Bu qo‘lyozma O‘zFA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.
Ubaydiyning o‘zbek tilidagi devonida 306 g‘azal, 435 ruboiy, 25 qit’a, 13 tuyuq, shuningdek noma, muammo, masnaviy, hikmat, tarje’bandlaridan namunalar mavjud. Shoirning boy adabiy merosi hali mahsus o‘rganilmagan. Ubaydiy o‘zining o‘zbek tilidagi g‘azal va ruboiylari, qit’a va tuyuqlari bilan, hech shubhasiz, she’riy turlar taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan.
Masalan, Ubaydiy asosan besh baytli g‘azallar bitgan; bu uning g‘azaliyotiga xos xususiyatlardan biri. Shoir asarlari ko‘proq an’anaviy mavzular — ishq va muhabbat, vafodorlik va do‘stlik, ayol go‘zalligi va oshiq sadoqati, saxovati talqinidan iborat. Biroq bu she’rlardagi badiiy ifodaning o‘ziga xosligi, shoir shaxsiyatining yuksak axloqiy fazilatlari bilan uniig go‘zal nafis dunyosi o‘rtasidagi uyg‘unlik har qadamda kitobxon diqqatini o‘ziga tortadi. O‘zbek adabiyotida ishqiy she’rlar ko‘p. Lekin Ubaydiyning bu mavzudagi quyidagi satrlarini qaysi shoirning she’riga o‘xshatish mumkine

Ko‘nglum bila dildorni men yod etadurmen,
Xotirni dog‘i yodi bila shod etadurmen.
Bedod etadur jonima dildor, netaykim,
Demas: «Nega bu xastag‘a bedod etadurmen!»

Ubaydiy she’riyatida o‘ziga xoslikka intilish ustun. Shoir she’riy uslubida soddalikka moyillik, o‘z fikrini mumkin qadar xalqchil bayon etishga urinish yorqin seziladi.
Ubaydiy hukmron sulola vakili bo‘lsa ham, uning hayot yo‘lini silliq, faqat zafarlardan iborat deb tasavvur etish to‘g‘ri emas. G‘azallarining birida:

Bir lahza ko‘ngul o‘lmadi beg‘am zamonadin,
To‘ydi zamona mendinu men ham zamonadin, —

deb yozgan shoir doim feodal nizolarning, ichki ziddiyatlarning ichida yashagan, buning ko‘p jabrini ham tortgan. Bir g‘azalida shoir gadolig‘ni podsholikdan afzal ko‘rib, quyidagi baytni bitgan ekan, bunda katta hayotiy haqiqat va samimiyat bor:

Base farog‘ati bor, do‘stlar, gadolig‘ning,
Balou mehnati ko‘p asru podsholig‘ning.

Shuning uchun biz, Ubaydiyning o‘sha murakkabliklar va ziddiyatlarga to‘la davrdagi faoliyatida amaldorlik va hukmdorlikka nisbatan ma’naviy kamolotga, she’riyat va ijodga intilishi ustun bo‘lgan, deb xulosa chiqarsak, xato qilmaymiz. Masalan, Ubaydiyning o‘z yigitlarini bir tukeg‘ida bozordan yaxshi ot olish bilan cheklanmasdan, o‘zidan jamiyat tarixida yaxshi ot qoldirishga chaqirishida katta ma’no, axloqiy poklikka intilish belgilari yaqqol ko‘zga tashlanadi:

Ey yigitlar, yaxshi-yaxshi ot oling,
Yaxshi otlar birla yaxshi ot oling.

Ubaydiy ruboiylarida ham umuminsoniy muammolar o‘zining yorqin ifodasini topgan.
Adabiy merosiga bir yoqlama sinfiy munosabatda bo‘lish hozirga qadar Ubaydiy ijodini o‘rganishga imkon bermadi. Endi biz bu noyob she’riy iste’dod egasining uch tildagi asarlarini atroflicha va ixlos bilan o‘rganishga, targ‘ib etishga kirishmog‘imiz zarur.

Abduqodir HAYITMETOV,
filologiya fanlari doktori, professor
«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 10-son.