To‘lagan Xo‘jamyorov — Tavallo XX asr boshlari Toshkent adabiy muhitining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan edi. U 1882 yili Toshkentning Ko‘kcha dahasida ziyoli oilada tug‘ildi. Avval eski maktabda, so‘ng Beklarbegi madrasasida tahsil oldi. Beklarbegi madrasasi bu davrlarda Toshkent adabiy hayotining markazlaridan biri edi. Tavallo shu yerda Karimbek Kamiy, Miskin, Xislat, Yusuf Saryomiy kabi zamonasining atoqli shoirlari bilan tanishadi. Ayniqsa, Yusuf Saryomiy bilan yaqin aloqaga kirishib, uni o‘zining piri, ustozi sifatida e’tirof etadi. «Tavallo» deb taxallus olishi ham mazkur ustoz da’vati bilan bo‘ladi.
Tavallo o‘zi yashab turgan voqelik mohiyatini, Turkistonning chor istibdodi ostida huquqsiz, zabun bir qismatga mahkum ekanligini anglagan pallada, ya’ni 1905 yillardan boshlab jadidchilik harakatlariga qo‘shiladi. Bu harakatning barcha muhim jabhalarida ishtirok etadi. Xususan, milliy matbuotimizning ilk namunalari hisoblangan «Taraqqiy», «Shuhrat», «Sadoyi Turkiston», «Sadoyi Farg‘ona» gazetalarida uning she’r va maqolalari muntazam chiqib turadi.
1914 yil 30 avgustda Munavvarqori, Avloniy, M.Podshoxo‘jayev, Husanxo‘ja Dadaxo‘ja o‘g‘li (yozuvchi Said Ahmadning otasi), Saidabdullo Saidkarim o‘g‘li Saidazimboyev, Komilbek Norbekov (jami 12 kishi)lar bilan birgalikda Toshkentda «Nashriyot» shirkatini tuzib, kitob chiqarishni yo‘lga qo‘yadilar. 1915 yilda esa Avloniylar tashabbusi bilan tuzilgan “Turon” jamiyatida faoliyat ko‘rsata boshlaydi.
1913 yilning o‘rtalarida Toshkentda birinchi milliy teatr truppasi faoliyat boshlaydi. 1914 yilning 27 fevralida «Kolizey» teatr binosida namoyish etilgan «Padarkush» spektakli shu truppaning ilk milliy teatr tomoshasi edi. Tavallo bu harakatning ham tashkilotchilari va jonkuyarlari qatorida ko‘rinadi. Ana shu voqeaga bag‘ishlab maxsus she’rlar yozadi.
1918—19 yillarda Toshkentning dastlab Eski shahar, so‘ng Yangi shahar ijroiya qo‘mitalarining a’zosi bo‘lgan. Keyinchalik turli xo‘jalik ishlarida ishlagan.
1916 yili Tavallo o‘zining matbuotda e’lon qilingan va bosilmagan she’rlarini to‘plab, «Ravnaq ul-islom» nomi bilan chop ettiradi. To‘plamda yetmishga yaqin she’r jamlangan bo‘lib, ularning deyarli barchasi ma’rifatparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan.
Tavallo 1917 yil oktyabr to‘ntarishidan so‘ng turli idoralarda ishladi. «Mushtum» jurnalida hajviy she’rlar bilan faol ishtirok etdi.
Tavallo 1937 yil 14 avgustda «Turon», «aksilinqilobiy», «Milliy ittihod» va boshqa tashkilotlarning a’zosi bo‘lganlikda, «she’rlarida millatchilik g‘oyalarini ilgari surgan»likda ayblanib, qamoqqa olingan. 1937 yil 10 noyabrda NKVD qoshidagi uchlik hukmi bilan otib tashlangan. 1968 yil 18 oktyabrda oqlangan.
Tavallo qabrining qayerdaligi noma’lum.
* * *
Dargahinga bosh egib, kildim, Xudoyo, iltijo,
Afv kil yozg‘onlarimda garchi ko‘b sahvu xato.
Aqli ojiz qudrating avsofida har bandani,
Fahm qosir, san’ating yozg‘on bilan bo‘lmas ado.
O‘n sakiz ming olami xalk aylabon, ey Biru Bor,
Odamu Havvoni tufroq-loydin kilding bino.
Banda yo‘qtur bequsur, ey Qodiru Hayyu G‘afur,
Qahru lutfingdin hamisha menda ko‘b xavfu rijo.
Amru farmoningsiz unmaydur daraxtda barglar,
Aytadur dashtu biyobon, tog‘u tosh hamdu sano.
Birni baxtin ko‘ldin olib, birni qilmoq baxtlik,
Sanga maxsusdur: gado – shoh o‘lmog‘i, shohlar – gado.
Sandin ermasmu bu yanglig‘ ro‘shnolik bizlara,
Bo‘lmasa, kim kildi bizga muncha hurriyat ato.
Ey Xudovando, nasib ayla jamoling Hashrda,
Bandai bechoradurman qilmag‘il baxtiqaro.
Ostoni ajzig‘a shul kun Tavallo bosh qo‘yub,
Iltijo qildi, qabul ayla duosin, Xoliqo.
OHU HASRAT
Ey Xudoyo, ber bizingdek bedavolarga davo,
Qildi millat ko‘kragini ta’na tirnoqi yaro.
Jumla Turkiston elidin topmag‘aysiz oxtarib,
Millat uchun qayg‘urarlik bir saxovatli g‘ano.
Dunyoda yo‘qtur gazit bizdan shikoyat qilmagan,
Biz hanuz g‘aflatdadurmiz, korimiz kayfu safo.
Boshqalar ilm izlasa, bizlar xudoyi osh uchun,
Ertadin to kechg‘acha bo‘lduk eshiklarda gado.
Ilm uchun bersa birovlar oyiga so‘mlar ko‘ring,
Bir paqir-chun biz qilib panjshanba kunlar mojaro.
Necha turli joma kiysa elda atrof odami,
Biz yururmiz qayda ko‘rsang bosh yalang, ochiq yaqo.
Rus vatandosh maktabi to‘lg‘on zebu ziynat ilan,
Yo qamishdur bizni maktab yo churigan bo‘riyo.
Yosh jujuqlar borsa maktab, titrayur bezgak kibi,
Loy o‘lur maktab ichi yog‘mur agar yog‘sa havo.
Ilmsizlikdin emasmu, muhtaram kardoshlarim,
Qiz anosidin bo‘lub, o‘g‘ul atodin norizo?
Millata maktab kerak, yo‘qmu g‘anilar, o‘ylangiz,
Sarf etar to‘yu azo deb necha ming – bari riyo.
Kim qilur bizdin bo‘lak dunyoda mundog‘ bid’ati,
Xoh Arabga, xoh Ajamga, xoh borg‘il Ovrupo?
Sharqdin Mag‘ribgacha bizdek jahonda xor yo‘q,
Bizga ne bo‘ldi, bilolmam, yo Rasuli Mustafo?
Yozdi bir oz hasratidin, oshnolar, avf eting,
Deb tavallo aylaramkim, bo‘lsa she’rimda xato.
O‘Z VIJDON — VUJUDIMA XITOB
Ey, qo‘lum, pul tutma hech, millatga yordamlashmasang,
Bo‘lma xushnud, ey dilim, millat g‘amin g‘amlashmasang,
Ravshan o‘lma, ey ko‘zum, yoshing to‘kub namlashmasang,
Fikrim ochilma, agar she’ring yozib hamlashmasang,
Chiq ichimdan, jonim ey, san manga hamdamlashmasang.
Lol agar o‘lsun tilim, mundin bo‘lakni so‘ylasa,
Zaxm yetsin husha millatdin digarni o‘ylasa,
Hech dimog‘ ochilmasun, kim o‘zga gulni bo‘ylasa,
To‘ymasun qornum mani, bir kunda besh to‘y to‘ylasa,
Chiq ichimdan, jonim ey, san manga hamdamlashmasang.
Soch oqarsa qayg‘u millatda, yoronlar, shodman,
Tomsa tinmay yoshlarim, o‘rnig‘a qonlar, shodman.
Hasrati millat uchun qilsam fig‘onlar, shodman,
Ukkidek tutsam xarobotda makonlar, shodman,
Chiq ichimdan, jonim ey, san manga hamdamlashmasang.
Na uchun sinsun ayog‘im deb yozurman, do‘stlar,
Chandir o‘lsun nega yog‘im deb yozurman, do‘stlar,
Kar nechuk bo‘lmas qulog‘im, deb yozurman, do‘stlar,
Bilmasun hech is dimog‘im deb yozurman, do‘stlar,
Chiq ichimdan, jonim ey, san manga hamdamlashmasang.
Ko‘rdi elni ko‘zlarim bir zarra ibratlanmadi,
Boshqalar qilg‘onin aqlim bildi, g‘ayratlanmadi,
Borcha eldin ortda qolib ham jur’atlanmadi,
Millat uchun qayg‘ururga dil hamiyatlanmadi,
Chiq ichimdan, jonim ey, san manga hamdamlashmasang.
Doimo yurdim bekor, millatga xizmat qilmadim,
Edim, ichdim, uxladim, millatni qadrin bilmadim.
O‘zginamni o‘yladim, el-yurtni ko‘zga ilmadim,
Jahldin sharbat ichib xotirda o‘zga kelmadim,
Chiq ichimdan, jonim ey, san manga hamdamlashmasang.
Behuda pul sarf etib, uch pul gazetga bermadim,
Menga kim qildi nasihatlar so‘ziga kirmadim,
Olmadim jurnal, gazet, har satridin gul termadim,
Millatim ahvolini yodimga ham kelturmadim,
Chiq ichimdan, jonim ey, san manga hamdamlashmasang.
Deydilar, bas qil, Tavallo, she’rlar manzur emas,
Millati mahv o‘lsa, parvo qilmayurlar, g‘am yemas,
Bunlaring sho‘rbo, palov, norin yebon choy ichsa bas,
So‘ngra ikki yelkasiga tepsalar ham indamas,
Chiq ichimdan, jonim ey, san manga hamdamlashmasang.
QARINDOSh VA HAMShIRALARIMIZ — MAZLUMA QIZLAR TILINDAN
Atolar, ko‘rsating, yo‘l bizga ham ilmu sinoatdan,
O‘quting, qutqaring bechora qizlarni halokatdan,
Soling har yerga maktab, qo‘l yig‘ing bug‘zu adovatdan,
Zarurdur ilm o‘qutmoq bizlara har qaysi bobatdan,
Kelingiz, foyda yo‘q sizlara to‘yu ziyofatdan.
Oling bizlar uchun baldoq, marjonlar kerakmazdur,
Bering kog‘az, qalamlar, zebi gardonlar kerakmazdur,
Tumoru cho‘lfi-so‘lfi, durri g‘altonlar kerakmazdur,
To‘quz-to‘quz cho‘yandin bizga qumg‘onlar kerakmazdur,
Ilm bizlar uchun ortiq sizi qilg‘on bizoatdan.
Bukun bezordurmiz sizni qilg‘on qo‘sh falaklardan,
Bosub chang yotguchi dorlarni ustida alaklardan,
Zaru kimxobu sholu atlasu turluk ifaklardan,
Qasam billohi kechduk bargaku oltun ziraklardan,
O‘quting, qutqaring dunyoda bizlarni malomatdan.
Ilohi tikka-tikka o‘lsun ul qo‘ltuq tumorimiz,
Chunon yuz pora o‘lsun uy ichinda zardevorimiz,
Nisor o‘lsun, ato, urfon uchun bu yo‘qu borimiz,
Bo‘lakdek biz ham emdi ilm o‘qumoqg‘a xumorimiz,
Kanizakmizmu bizlar, qo‘rqung, ey, vahmu qiyomatdan.
Duo aylang, anolar, emdi bid’atlar qurub ketsun,
Bizichun sizni qilg‘on mol sanduqda churub ketsun,
Atolar rahm edub, maktab solub, bizlarni o‘qutsun,
Agar o‘qutmasa, Lut qavmidek bizlarni yer yutsun,
O‘lum bizlarga ortuq ilmsiz dunyoda rohatdan.
O‘qutg‘on so‘ngra vergonda, kuyov tengdoshimiz o‘lsun,
Ikov ham ilmlik, yoshlikda birdek yoshimiz o‘lsun,
Jahonda shod o‘lub hamoxirat qardoshimiz o‘lsun,
Agar chollarga tushsak, zahr ichkon oshimiz o‘lsun,
Ilohi saqla bizni dunyoda mundoq falokatdan.
Xudoyo, bahra ver bizlarga ham ilmu fununlardan,
Xabardor o‘l hamisha biz kabi baxti zabunlardan,
Maorif yodi birlan ko‘zdin oqg‘on chashmi xunlardan,
Etushtur ilm o‘qug‘on bizga yorab, rahnamunlardan,
Tavallo aylayurmiz ko‘z tutub tong-la shafoatdan.
TOTOR QARDOShLARIMIZNING MAShHUR ShOIRI MARHUM ABDULLA AFANDI TO‘QAEVNING ShE’RINA TAZMIN
Jumla fikrim kecha-kunduz sizga oid millatim,
Sen salomat — men farog‘at, illatingdur illatim.
Marhum Abdullo To‘qaydek yosh chog‘imda ketmasam,
Ojizona shoiring bo‘lmoqg‘a vordur niyyatim.
Endi yil to‘ldi vafotig‘a To‘qayni deb bu kun,
Bog‘ladim she’rina tazmin, yodlanib durri yatim.
Ey ko‘zum nuri, belimni quvvati, jonu dilim,
To tirikman, madh etarman millatim, milliyatim.
San tufayli maqsada yetsam tong ermas deb umid,
Aylaram xizmat sanga, yo‘q boshqa mashg‘uliyatim.
Qalbu vijdonim mani andin bo‘lakni istamas,
Gar xayol aylarda sansan, voy mamnuniyatim.
Bulbuling gul ishqida qilsa chamanda nolalar,
Bir nafas tinmas sani ko‘yingda mavjudiyyatim.
Har zamon dod aylayurman she’ra, tanqid aylayub,
Avf qilg‘il, yozaman, tutganda majnuniyatim.
Har zamon yod etsa millat bizni Abdullodek,
Shul manga iqbolu maqsad, baxtu mas’uliyatim.
Millatim, milliyatim, bir yaxshi xizmat qilmadim,
Qil sado, boshimg‘a kel, ketsun boshimdan g‘aflatim.
Gar Tavallo she’ri Abdulloga yoqsa ne ajab,
Topishurdi oxiratda yosh-yosh ikki yatim.
OLAMGA BIR NAZAR
Osmondagi tayyoralar, boqg‘il qayonga boralar,
Ey nafs ila ovoralar, nechun ko‘rolmaysiz hanuz.
Simsiz birovlar so‘ylashib, millat g‘amini o‘ylashib,
Yurganda siz to‘y-to‘ylashib, hech bir uyolmaysiz hanuz.
Askar otib yel zamburak, borlarni qildi bod(pa)rak,
Siz bog‘da cholib tartarak, sopqon otolmaysiz hanuz.
G‘irromofo‘n aylar sado, bir igna birla ming navo,
Fatnus olub, ey bedavo, tinch uxlayolmaysiz hanuz.
Gimnozu simnorga borub, tahsil ulum etti o‘qub,
Sizlar hamon zanbil to‘qub, adres yozolmaysiz hanuz.
Maktabni qadrin bilmayin, inson kabi ish qilmayin,
Hozirda o‘zga kelmayin, hech ibrat olmaysiz hanuz.
Ruslardin ibrat olmayin, yoshlarni yo‘lga solmayin,
To‘y-ma’rakadin qolmayin, hech bir turolmaysiz hanuz.
Chiqdi birovlar osmon, moshinasi — ayruplon,
Sizlar tramvaydin hamon, nechun tusholmaysiz hanuz?
Ey Toshkand ahli, bugun, sizlar o‘qung ilmi funun,
Ilmsiz kishi bo‘lg‘ay zabun, yokim bilolmaysiz hanuz?!
G‘aflatda ko‘r choyxonalar, boqur ko‘ring bedonalar,
Bilmam qachon uyg‘onalar, siz uyg‘otolmaysiz hanuz.
Ko‘r, Yevrupo ahli, nedan, tinmay o‘qurlar ilmu fan,
Ko‘krak ochiq sizlar chapan, inson bo‘lolmaysiz hanuz.
Yozdi Tavallo hasratin, bildurdi sizga niyatin,
Suygan ayo o‘z millatin, demang yozolmaysiz hanuz.
QALAMGA XITOB
Ey, qalam, sirrimni sen etting jahonga foshlar,
Bu sababdan bir nechalar bo‘ldilar kundoshlar.
To‘g‘ri yozg‘il hasratu, anduhu mehnat ey qalam,
Ahli vijdon o‘qisa oqsin ko‘zidin yoshlar.
Bizni elga to‘g‘ri so‘z yoqmas takalluf bo‘lmasa,
Qil hamisha onlari haqqinda san maxtoshlar.
Ilmu fansiz nechalar aylab o‘zini «obrazon»,
Man taraqqiy ayladim deb ursa lof xarxoshlar.
Soch qo‘yub, falto kiyib, bir ruscha maktab ko‘rmayin,
Aylasa sanga nasihat aylag‘il bardoshlar.
Ko‘r, taraqqiyg‘a qadam qo‘ysang ko‘rolmas, ey qalam,
Qobiliyat mahv etar bir necha mone’ yoshlar.
Avvalo simnoru gimnoz borsun, o‘rgansun ilm,
Bas, kelib andin keyin bersun sango kengoshlar.
San qalam, qo‘ygil qadam, turma ayog‘ing ko‘tarub,
Cholmasun bir xil sani betarbiyat beboshlar.
Nega kor etmas mani yozg‘onlarim deb ranjima,
Foydamu olg‘oy agar yoqg‘onda yomg‘ur toshlar.
Qilmayin insof o‘zi yo‘l olmayin yotsa hamon,
Yo malaklarmu tushub onlarni yo‘lga boshlar.
Millating qayg‘usi xo‘bdur yema boshqa qayg‘uni,
Ey qalam, aylar adam, borma xudoyi oshlar.
Kel, Tavallo, bo‘l musavvir, ol qalamni qo‘lg‘a san,
Chek frontlar suratin ko‘rsun hama naqqoshlar.
HAQQONA BIR SO‘Z
Fosh o‘ldi olam ichra bul, ey do‘stlar, ahvolimiz,
Hayratda qoldi ko‘rgan el, bizni qilan af’olimiz.
G‘urbatda rangi sarg‘ayib, behuda umrin o‘tkazib,
Yoshlar takalluf axtarib, nafsoniyatda cholimiz.
Qilg‘on ishi doim ziyon, hech bir kushoda ko‘rmagon,
Ketti nedan, bilmam, qayon avvaldagi iqbolimiz.
G‘aflatkashida biz kabi, g‘am birla kulfat hamdami,
Shod o‘lmadik biz bir dame, hasratda qaddi dolimiz.
Maktabni qadrin bilmayur, bir ezgu ishni qilmayur,
Hargiz ko‘chadin kelmayur, nodon bizi atfolimiz.
Bosmay taraqqiga qadam, o‘tkuzsamiz bizlar bu dam,
G‘aflat bizi aylar adam, bo‘lmaski qilu qolimiz.
Ko‘rgil zamona yoshlarin, ne yerga urdi boshlarin,
Oldi o‘zin qardoshlarin, bizni to‘qulsun yolimiz.
Tushsak kurash, tiksoq yamoq, bumi hunar chopsoq uloq,
Isriq supurgi boylamoq, yo‘qtur bo‘lak a’molimiz.
Yo‘q bizda bir fikr o‘ylasak, arzir bukun qon yig‘lasak,
Til yo‘qki, bir so‘z so‘ylasak, dunyoda gungu lolimiz.
Yozsa Tavallo, turmadi, maktab sarig‘a yurmadi,
So‘zlar quloqg‘a kirmadi qirq yilgi yotkon sholmiz.