Hofiz Xorazmiy (taxallusi; ismi Abdurahim) (14-asrning 2-yarmi, Xorazm — 15-asrning 30—40-yillari, Sheroz) — shoir. Eski o‘zbek tili rivojiga katta hissa qo‘shgan. Yoshligi Xorazmda kechgan. Bu yerdagi notinchliklar tufayli 14-asr oxirlarida o‘z vatanini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Samarqand, Buxoro, Xo‘jand, Iroq, Kirmon, Isfahon, Tabrizda bo‘lib, Sherozda turg‘un yashab qolgan.
Ibrohim Sulton saroyiga yaqin bo‘lgan. Hofiz Sheroziy ijodiga hurmat bilan qarab, uning an’analarini o‘zbek she’riyatiga olib kirgan, o‘zbek xalqini Sheroziyniki kabi yetuk ishqiy-falsafiy she’riyatdan bahramand qilish niyatida «Hofiz» taxallusini tanlagan.
Hofizni ko‘rung ushbu zamon turk tilinda, Gar keldi esa forsda ul Hofizi Sheroz.Hofiz Xorazmiy ham o‘z zamonasining insonparvar, ma’rifatparvar vakili sifatida Hofiz Sheroziy, Jomiy, Navoiylar singari diniy-tasavvufiy dunyoqarash vakilidir. She’rlarida Mansur Hallojni chuqur hurmat bilan tilga olgan.
Hofiz Xorazmiy turkiy tilda boy adabiy meros qoldirgan. She’rlaridan devon tuzgan. Devonida 1052 g‘azal, 9 qasida va qator muxammas, tarje’band, tarkibband, ruboiy, qit’alardan iborat 37264 misra she’r bor. Ularda inson baxt-saodati, erkinligi, dunyoviy sevgi-muhabbat madh etilgan, zamonasidagi turli ijtimoiy illatlar ochiq ko‘rsatilgan.
She’rlari mazmun-mundarijasining kengligi, falsafiy teranligi, insonparvarlik ruhi, yuksak badiiyati bilan ajralib turadi. Tili sodda, ravon, xalq tiliga yaqin, Xorazm shevasiga xos unsurlar ko‘p uchraydi. Devonining 15-asrning 30-yillarida ko‘chirilgan yagona qo‘lyozmasi Hindistonning Haydarobod shahridagi Salorjang muzeyi kutubxonasida, fotonusxasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
* * *
Diydor izdangiz bu tun,ey ko‘zlari bedorlar,
Bedorlarg‘a ro‘ziydur chun davlati diydorlar.
Bu xori hastiyni qachon yoqsang muhabbat o‘tina,
Ko‘rguzg‘ay erdi ko‘zinga yuzin gulu gulzorlar.
Xori balog‘a sabr qil bu olami foniydakim,
Lutfi bila bo‘lg‘usidur gulzorlar bu xorlar.
Vobasta bo‘lma o‘zungga bu yo‘lda izdasang kushod,
Bog‘lanmasang bu o‘zunga ochilg‘ay erdi korlar.
Bozori ishq izdar ersang kechgil ziyonu suddin,
Sudu ziyondin kechmayin topmas chu jon bozorlar.
Ma’mur izdagan kishi boqiy jahonda jonini,
Munchamu qildi foniy dunyoda dov-devorlar.
Uryon bo‘lub chun mehru mah ko‘nglungda nuri haq tila,
Diydorg‘a mone’ erur chun ko‘zguda zangorlar.
Zohirda murshidman temak ne foyda berg‘ay sanga,
Joning Belinda chunki bor pinhon base zunnorlar.
Chun bir erur asli jahon, ul birin hosil aylagil,
Tahaqquqi ilm ushbu erur,nega kerak takrorlar.
Sog‘inma o‘z-o‘zingni san mantak jahonda yo‘q teyu,
Chun oqibat boshdin chiqar bu manlugu pindorlar.
Ul kim sanga hamroh emas, vollohki jonning boridur,
Ey jon,jon dedim, taqi eshitmading san borlar.
Bossang qadamin faqrning yo‘ling‘a sodiqlar bikin,
Balgurgay erdi ul zamon ag‘yor birla yorlar.
Mardona jon birla bosh o‘ynag‘il muhabbat yo‘lida,
Chun jon bila bosh o‘ynadi sarvarlaru solorlar.
Yaxshi-yomon teb,Hofizo,hech kimga inkor etmasang,
Kelturgay erdi mo‘minu kofir sanga iqrorlar.
* * *
Senga kim tedi,ey jon, noz qilma,
Manga noz aylamakni oz qilma.
Niyoz aylarman,nozing tilarman,
Niyozimni ravo qil,noz qilma.
Nasibi dardu g‘amni baxsh etarda
Manga san o‘zgani anboz etma.
Gadolarg‘a jafo qilmoq tilasang,
Duochi bandadin og‘oz qilma.
Ko‘ngul sirrini bo‘lmasun tesang fosh,
O‘shul g‘amzani san g‘ammoz qilma.
Sanga man oshiqi jonboz erkan,
Nazar o‘zgaga,ey jon,boz qilma.
Bu Hofiz yonina ohang qilmay,
Jafo qonunini san soz qilma.
* * *
Ul parivash zulfidin devona bo‘ldum oqibat,
Ko‘rgil emdi xalq aro afsona bo‘ldum oqibat.
Ishq asrorin bilib,ko‘rgil,vafo yo‘linda man
Jon berib jononag‘a,jonona bo‘ldum oqibat.
Eshigining itlarig‘a oshno bo‘lub,ko‘rung
Barcha yoru do‘stdin begona bo‘ldim oqibat.
Furqat o‘tig‘a yonib-yonmay ravon jondin kechib,
Sham’I ruxsori uchun parvona bo‘ldum oqibat.
Benishon bo‘lib jahonni sarbasar kezdim,vale
Ganji husnin topmayin vayrona bo‘ldum oqibat.
Ko‘z yoshim daryo qilib g‘avvostak,ko‘rgil mani,
Ishq bahringa cho‘mub,durdona bo‘ldum oqibat.
Qochib ul dilbar jafosindin xayole etadur,
Hofizi miskin bila hamxona bo‘ldum oqibat.
* * *
Qaro kofir ko‘zung ayni balodur,
Yangaqlaringning oli ko‘ngul oladur.
Yuzung uzra ko‘rinur boqiy,
O‘shandin yuzungga ko‘zum boqodur.
Nechakim yoqsa ishqing o‘ti jonni
O‘shal yoqmoqi jong‘a xush yoqodur.
* * *
Voy,o‘shul miskingakim,bir g‘amguzore topmasa,
Ishqda jon o‘ynasa-yu,e’tibore topmasa.
Kechsa koru bordin bir yo‘li-yu,o‘z shohining
Eshiginda itlarincha koru bore topmasa.
Ne tarioqa bo‘lg‘ay ul bechora oshiq holikim,
Bulbuli oshufta yanglig‘ guluzore topmasa.
Bulbuli nolon bikinkim gul yuzidin sayradim,
Bilg‘ay ul qadrimni gar mantak hazore topmadim.
Benishon bo‘lg‘anda bilg‘ay qadri holimni sanam –
Kim,mani isdasa-yu mandin g‘ubore topmasa.
Yorliqning dardini ul damda bilg‘ay yorimiz –
Kim,kishini sevsa-yu,hamdard yore topmasa.
Chunkim ul dildorining zulfinga ko‘runmas qaror,
Ne ajab bo‘lg‘ay agar Hofiz qarore topmasa.
* * *
Jahonda barchadin dildor yaxshi,
Tuman ag‘yordin bir yor yaxshi.
Raqib aning qoshinda yaxshi bo‘lmas,
Chu gul qoshinda bo‘lmas xor yaxshi.
Hamisha xastadur dardi bilan jon,
Bo‘la bilmadi bu bemor yaxshi.
Tilarman doimo bedor anikim,
Saodat doimo bedor yaxshi.
Kerakmastur manga kunji savomiy,
Chu andin xonayi xammor yaxshi.
Qora zulfi bila ko‘zi xush erur,
Chu tarror iladur ayyor yaxshi.
Ko‘zi Hofiz ko‘zinga xush ko‘rinur,
Chun erur barcha mardumdor yaxshi.
* * *
Jonsan temay,ul sarvi ravong‘a ne teg‘ayman,
Mundin o‘ngin ul ofati jong‘a ne teg‘ayman.
O‘q yangli qading rost mani o‘rtadi temay,
Ul sharti bu buzuq,qavli yolong‘a ne teg‘ayman.
Umrumdur o‘shul qadingu umrumni savarman,
Temayin o‘shul umri javong‘a ne teg‘ayman.
Yaxshilar aro men kim ani yaxshi bilibman,
Yaxshi temayin,yaxshi yamong‘a ne teg‘ayman.
Ko‘rgali yuzini bo‘lubon volavu shaydo,
Bilmasman o‘shul huri jonong‘a ne teg‘ayman.
Ul qosh ila g‘amza qiladur jonima chun qasd,
Tuhmat qilibon tiru kamong‘a ne teg‘ayman.
Suchi so‘z ila tor og‘zi jon tilar ersa,
Hofiz bikin ul sirri nihong‘a ne teg‘ayman.