Dilafgor (XIX-XX asr)

Abdulboriy Shermuhammad Hoji o‘g‘li (Dilafgor) XIX asrning ikkinchi yarmi, XX asrning birinchi yarmida Toshkentga yaqin Pskent shahrida tug‘ilib, yashab, o‘z davrining maktab va madrasasida tahsil olib, jo‘shqin iste’dodi bilan zamondosh muxlislarining ehtiromiga sazovor bo‘lgan shoirlardandir.
Dilafgor, xususan, Andijonda yashab, madrasada o‘qigan vaqtida Sa’diy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Kamol Xo‘jandiy, Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bedil va Fuzuliylarning she’riyatidan bahra olgan.
Umrining yetuk qismini ilmu ma’rifat tarqatish yo‘lida, ya’ni kitob do‘konida mudirlik vazifasini ado etishda sarf etadi. Uning «Gulshani Dilafgor» nomli majmuasi 1914 yilda Toshkentda, matbai G‘ulomiyada bosilgan. 1916 yilda qayta nashr etilgan.
Ushbu to‘plamga 23 g‘azal, 20 muxammas (1 muvashshah), 3 musaddas (1 tarje’band), 1 chiston (topishmoq) va 2 fard kiritilgan.
Dilafgorning 8 g‘azal, 2 muxammasi Abdurashid Abdug‘afurov tomonidan «O‘zbek adabiyoti»ning 4-tom, 1-kitobiga kiritilgan.

G‘AZALLAR

* * *

Qonga to‘ldi yuragim, bir dilrabodin ayrilib,
Ezilib oqdi jigarlar, oshnodin ayrilib.

Oh, ul Majnun kabi g‘am dashtida qon yig‘ladim,
Sabru oromim ketib Layliuzodin ayrilib.

Yig‘lamaymu g‘am chekib, qaddim duto, ahboblar,
Toleimni kamlig‘i ul mahluqodin ayrilib.

Necha muddat bodai husni bilan sarshor edim,
Ey, bu kunlar tashnaman, dorushshifodin ayrilib.

Tiyra ko‘nglimga farahlik g‘aybdin o‘lmas zuhur,
To hanuz g‘amzodaman, qoshi qarodin ayrilib.

Ey, menga darkor emas, ushbu tiriklikni netay,
Ro‘zgorim tiyra bo‘lsa ro‘shnodin ayrilib.

Varna kesmas, deb Dilafgor rishtai ummedini,
Kelsa bir kun ne ajab, ul oshnodin ayrilib.

* * *

Darig‘o, umrim o‘tdi, ey pari, hajringda jono deb,
Qarong‘u bo‘ldi olam ko‘zlarimg‘a, sho‘xu barno deb.

Bo‘libman misli Majnun, qil tarahhum, yori jononim,
Yutay tokayg‘acha qon laxta-laxta, oh Laylo, deb.

Qo‘yibman ostonangg‘a boshimni, ey jafopesha,
Jahon mahvashlaridin sen pari paykarni a’lo deb.

Xaloyiqlarg‘a so‘z bo‘ldim chekib hajringni, ey dilbar,
Qoshingni yo bilib, ham ohudek chashmingni shahlo deb.

O‘tar bo‘lsang mabodo rastadin yuz g‘amzalar birla,
Ko‘rub husningni mardum aytishur, bul qaysi ra’no, deb.

Menga ko‘p yaxshi aytur dedilar bo‘lma ovora,
Vafo qilmas sitamgar, bermagil ko‘ngilni aslo deb.

Ayo ey berahm, ayla nazar bul xasta holimg‘a,
Qalay hajrimda holing, ey Dilafgor, xasta shaydo deb.

* * *

Dardi hajringg‘a kuydim, ayla, ey dilbar, iloj,
Haq mukofotig‘a bersun sham’i husningga rivoj.

Rahm etib, bir yo‘l muruvvat qil saxovat xonidan,
Bistari g‘am uzra vaslingg‘a bo‘libman ehtiyoj.

Izlasam dardimni dorusin tabiblar ahlidin,
La’li nobingni davo deb ko‘rsatur, ey xushmizoj.

Oh tortib misli Majnun man, girebon chokman,
Hasratingda bo‘ldi ashkim misli daryoyi mavoj.

Bir ko‘rib husningni bo‘ldim mubtalo, zoru asir,
Xotirim g‘amdin mukaddar to bu dam, yo‘qtur siroj.

Xubliq mulkida, jono, bir ajoyib shoh san,
Mulki olam ahli bersun senga har doim xiroj.

Aylamas ersang tarahhum xasta holimg‘a agar,
Ko‘ksuma xanjar solib, g‘amzang bilan qonimni soch.

Naqdi umrum ishqi husning birla, ey Laylo, gahi,
Kecha-kunduz g‘am chekib o‘tdi Dilafgor, noiloj.

* * *

Kishi bormu mening yanglig‘ birovni mahvi diydori,
Xayolimdan nari ketmas o‘shal barnoni asrori.

Agar chiqsa xirom aylab, boqib har yona, har yona,
Muqarrar solg‘usi xurshidni tashvishi ruxsori.

Yuzi gul, sochi sunbul, qomati zebo alif yanglig‘,
Latofatda barobar kelmas anga dahr gulzori.

Qoshi bir-birga payvasta, qalamdek, qayrilib tushgan,
Va yo rayhoni jannat rasta-rasta, ayni osori.

Xo‘tan ohulari sharmanda bo‘lg‘ay lofi chashm etsa,
Qarodur hajr shomidin muqarrar chashmi xummori.

Turib atrofida saf-saf misoli lashkari Xoqon,
Qilurg‘a qatli om albatta, nargis teg‘i xunxori.

Sabo tarqatsa nogoh subhidamda yor zulfini,
Muattar aylagay ro‘yi zaminni mushki totori.

Xijolat aylagay to‘tiyu qumrini qilsa xanda,
Takallumda o‘tar qandu asaldan shahdi guftori.

Falotunta’bdurkim vasfini aytsam ado bo‘lmas,
Rasodur zehnu xush odobida har fe’lu atvori.

Menga ta’n aylamang har necha kim, ohu fig‘on etsam,
Azalda bo‘lmisham ul mohtal’atni giriftori.

Tirikman, toki o‘lguncha bilingiz, ey birodarlar,
Erurman qudratim imkonicha Sa’di xaridori.

Muhabbat ahliga lazzat berar olib o‘qug‘onda,
Dilafgor benavoni harna aytgan she’r-ash’ori.

MUXAMMASLAR

* * *

Arzim budirki, ey shahi mahbubi dilrabo,
Bo‘ldim ajab visoling muhtoji chun gado.
Dil xastalarga nazar qil, lutfing bilan qiyo,
Sandin tarahhum aylamoq, mendin bu iltijo,
Etsam visolingga, shudir ko‘nglimda muddao.

Har kecha nola aylaram hajringda, ey habib,
Har subhidam fig‘on etib monandi andalib,
Rahm aylabon fig‘onima vaslingga qil qarib,
Ag‘yorim ila har kecha san, bunda rashk etib,—
Xun bo‘ldi bag‘rim, yuragim hajringda doimo.

Bo‘ldim asiru mubtalo husning xayolida,
Zahr o‘ldi bu maisha.tim vaslingni yodida,
Bemori furqating manam hajring firoqida,
Uldim ko‘yingda darbadar vasling so‘rog‘yda,
Sabru qarorim qolmadi na shomu na sabo.

Rahm aylagil bu holima, ey sho‘xi pursitam,
Basdur ko‘yingda o‘lganim, ming dardu pur alam,
Tokaygacha bo‘lub sanga ag‘yor muhtaram,
Tarki jafo etib manga bir aylagil karam,
La’li labingni qandini istarman, oshno.

Ey shahsuvor, dilbari xurshidu gul’uzor,
Taxti malohat avjida Yusuf kabi qaror,
Bo‘lsun jahonda davlating izzatda ustuvor,
Vasling havosida mani dilxasta Dilafgor,
To tanda jon boricha qilg‘um senga duo.

HAZINIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Hajringda fig‘onim ko‘p, jonona, tong otkuncha,
Oromu qarorim yo‘q hijrona tong otkuncha,
Majnun kabi ishqingda hayrona tong otkuncha,
Hijron o‘tig‘a bag‘rim so‘zona tong otkuncha,
O‘rtab yuragim, bag‘rim biryona tong otkuncha.

Men Majnunu sen Laylo, arzimni etolmayman,
Farhod kabi Shirin deb, bir yona ketolmayman,
Tohir manu Zuhro san, ishqingda yotolmayman,
Men Vomiqu sen Uzro, vaslingga yetolmayman,
Har kecha qarorgohim ostona tong otkuncha.-

Ishqing‘a asir o‘ldim, ey dilbari ayyorim,
Dardingni bayon etsam, yo‘q mahrami asrorim,
Za’farga badal bo‘ldi bul chehrayi gulnorim,
Rahm ayla bu holimga, ey ko‘zlari xummorim,
Hajringda bu kangullar vayrona tong otkuncha.

Naylayki, olibdursan fikr ila xayolimni,
Doim to‘karam ko‘zdin bu ashk ila ohimni,
Rahming kelibon bilgil, bu nukta savolimni,
Hech kimga deyolmayman arz ila bu holimni,
Qong‘a jigarim to‘ldi giryona tong otkuncha.

Maxmuri visolingman, har kecha fig‘on aylab,
Bulbul kabi hajringda ashkimni ravon aylab,
Doim tilaram haqdin, bag‘rimni chu qon aylab,
Xilvatda agar ko‘rsam, arzimni bayon aylab,
San birla bo‘lay anda hamxona tong otkuncha.

Rahm ayla g‘ariblarg‘a, bazmingni muxayyar qil,
Jon uyini orazing sham’ini munavvar qil,
Jonimni fido aylay, vaslingni muyassar qil,
Oqshomda jamolingni bir lahza muattar qil,
Aytay senga holimni, parvona tong otkuncha.

Ishqing o‘tig‘a, jono, bag‘rimni chu dog‘larman,
Tig‘ ostida o‘lmog‘ni Tohir kabi chog‘larman,
Hajringda Dilafgordek vaslingni so‘rog‘larman,
Naylayki ilojim yo‘q, har ko‘chada yig‘larman,
Tor o‘ldi Haziniyg‘a Farg‘ona tong otkuncha.

MUQIMIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Muncha ham bo‘lmish bu gulshanda qading zebo, sharob,
Barcha gulruxlar jamolingga yana shaydo, sharob,
Sochlaring rayhoni jannat, ko‘zlaring shahlo, sharob,
Soqiyo, lutf ayla jomim, qilma istig‘no, sharob,
No‘sh etib solmay bu kun dodi g‘ami dunyo, sharob.

Dilrabolar ichra bo‘lmish muncha zebo surating,
Nechalarni aylagay bazm ichra shaydo surating,
Toqat etmaydur kishi ko‘rganda aslo surating,
Bazm aro, jono, o‘tar o‘rnig‘a zebo surating,
Qomating mino, labing sog‘ar, tiling go‘yo sharob.

Dahr aro hech kim seningdek yorni ko‘rgoni yo‘q
Balki bul ro‘yi zaminga sen kabi kelgoni yo‘q,
Hech ko‘z mardumlari bir sen kabi ko‘rgoni yo‘q,
Hech bo‘ldum ham degaymu hasratu armonim yo‘q,
Sen bilan ichkan kishini kechasi tanho sharob.

Har zamon o‘tsang, nigoro, rastadin aylab salom,
Yo‘l-yo‘la sochib damo-dam shakkaru shirin kalom,
G‘amzai imo bilan oshiqlaring aylab tamom,
Rux ochib mohtoblarda, noz etib, aylab xirom,
To ko‘rib lof urmasun qadding guli ra’no sharob.

Sayri gulshanda damo-dam noz etib, gasht aylasang,
Dilrabolar bazmiga parvoz etib, gasht aylasang,
Zulfi anbarni solib, dil xush etib, gasht aylasang,
Bu sifat gul-gul yonib, may no‘sh etib, gasht aylasang,
Tushmasunmu olam ichra sho‘rishu g‘avg‘o, sharob.

Ey pari, tanho erursan iqlimi Farg‘onada,
Soqiyo, qilg‘il karam, labtashna man g‘amxonada,
Oh urib yig‘lar Dilafgor kulbai vayronada,
So‘rma maxmuri mukadardurlikni bu mayxonada,
Kecha-kunduz oh urib, derman Muqimiy, yo sharob.

KAMIY ShOShIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Sayd ko‘ngillarni, jono, endi rom aylab keling,
Behayo ag‘yorlar subhini shom aylab keling,
Baytul-ehzonim sari ahdu payom aylab keling,
Man sari ohista-ohista xirom aylab keling,
Bilmasun ag‘yor, jono, vaqti shom aylab keling.

Doimo vasfing etarman shohlig‘din, ey pari,
Mujda ber oshiqlara irshodlig‘din, ey pari,
Qo‘lni tortib zulm ila bedodlig‘din, ey pari,
Vah, o‘lub qolmay kamoli shodlig‘din, ey pari,
Bexabar qo‘ymay meni avval payom aylab keling.

Yig‘latib bizlarni noshod aylamak maqsud esa,
Yoki lutf ila muruvvat aylamak maqsud esa,
Yo raqib so‘zi bilan qayd aylamak maqsud esa,
Murg‘i jon yo ko‘nglumi sayd aylamak maqsud esa,
Halqa-halqa bori kokillarni rom aylab keling.

Jilva, nayrangu fusun ushshoqlarg‘a dilrabo,
Basdur, ammo aylangiz shirin-shakar, ey mahliqo,
Ramz, istig‘no, tag‘ofillar bilan shomu sabo,
Noz birlan qo‘llara olib barahna, beibo,
G‘amzangiz tig‘ig‘a ko‘ksimni niyom aylab keling.

Jonajonim, dilbarim, husningga mast aylab mani,
Kokiling tori bila chun bandi dast aylab mani,
Xurramu ag‘yor, ammo dilshikast aylab mani,
Betakalluf bir kuni ko‘nglimga qasd aylab mani,
Sho‘xliq birla kulub, o‘ynab, salom aylab keling,

Ey qamartal’at, shakar la’ling shudur obi hayot,
Yo‘llaringda ko‘zlarim bo‘ldi netay misli Firot,
Bazm asbobi muhayyo, kel pari, bergil najot,
Yo‘l-yo‘la sochib damo-dam shakkaru qandu nabot,
Ya’ni jonparvar labingizdan kalom aylab keling.

Nozanin, vaslingg‘a yetmak nechani haddi emas
Yoki sandin kimsani dam urmaki haddi emas,
Yo Dilafgorni senga so‘z aytmaki haddi emas,
Kecha yo kunduz demak, jono, Qamiy haddi emas,
Xubliqni fursati yodin davom aylab keling.

DUOYI SALOM

Ey sabo, mandin yetur arzu samolarga duo,
Shahri Fiskand mardumi, shohu gadolarga duo,
Rastayi yarmankada ahli vafolarga duo,
Jumlai qavmu qarindosh, aqrabolarga duo,
Barchayi xeshu tabor, ahli salolarga duo.

Abdumavlon maxdumi donochaga behad salom,
Ham yana ul Sayyid A’zamxon shakarfazga payom,
Mulla Ibrohim, Abulqosim tikuvchi subhu shom,
Xotiringdan ketmasun, albatta-albatta kalom,
Mulla Odil vofurush kasbi havolarga duo.

Bormu Omilxon to‘ra sihat-salomat mulk aro,
Ham yana mulla Muhiddin dilbari huri liqo,
Degil albatta ba sad albatta, ey bodi sabo,
Harna ko‘rgoningni bir-bir so‘zlagil qilmay ibo,
Jumlayi xurdu kalon tab’i rasolarga duo.

Mulla Fayzi katta yo‘l ustidadur bo‘lsun omon,
Lafkador erdi qaroqosh bir yigit Noyob degon,
Sog‘larmu vaqti xursandmu Siddiqboy do‘sti jon,
Ul Sulaymonxoni mavzuin ham Qomilxon osgumon,
Chahorsuda jumlai ahli kazolarga duo.

Holi ham bormu salomat ul In’omxon chitfurush,
Tim tagida mulla Samsoq, kasbi kori nosfurush,
Bormular sihat-salomat ul Xudoyqul to‘nfurush,
Mulla Muxtor qorini ko‘rsang agar aylab xurush,
Aytako‘r albatta xushfahmu zakolarga duo.

Boqma olifta yuronlarni qilon raftorig‘a,
Dilrabolarni fasohatda shakar guftorig‘a,
Xolisallilloh so‘rab qo‘yg‘il, suxan osorig‘a,
Mahzumi Abdullajonu Abduno‘mon qorig‘a,
Ham Fo‘lodxoja eshondek mahliqolarg‘a duo.

Garchi lutf aylab mabodo madrasa qilsang guzar,
Mulla Nodirxon, Niyozmat qorini ko‘rsang agar,
Degil albatta salomi beadad gar so‘rsalar,
Ahli madrasa chiroylik, dilrabolarga nazar
Aylasang, albatta ayt husni ziyolarga duo.

Ro‘zi panjshanba tamosho aylabon yarmarkani,
Ul Uzoq qassob, samovarchi Muhammadalini,
Ham Husanboyu Hasanboy, Abdurahim qorini,
Qo‘z tanish ahli guzar, jumla qadrdon borini,
Biz uchun albatta, ey sohibsadolarga duo.

Ayta ko‘r albatta-albatta bu yanglig‘ arzi hol,
Andijonda sog‘-sihat bor deb, qil qilu qol,
Qunduzi dunyo uchun ovvoraman, ahli xisol,
Qildi hasratdin Dilafgor sizlara arzi maqol,
Qattayu kichik tamomi oshnolarga duo.

ChISTON

Ul nadurkim, kecha-kunduz tinmayin aylar safar,
Yo‘q anga ichmak-emakdin, ochlik etmas asar,
Doimo daryoda gorgay, bo vujudi tashnadur,
Ketgusi rohi adamga qatra suv ichsa agar.
(Kema)