Ahmad Yugnakiy (XII-XIII asr)

Ahmad Yugnakiy (12-asr oxiri, Samarqand, Yugnak qishlog‘i — 13-asr 1-yarmi, ?) — shoir, mutafakkir. Tarjimai holi haqida deyarli ma’lumot yo‘q. «Hibat ul-haqoyiq» («Haqiqatlar tuhfasi») asari bizgacha yetib kelgan. Uning oxirida Adib Ahmad ismi tilga olinadi. Asar nusxalaridan biriga temuriy amaldorlardan Arslonxoja Tarxon tomonidan ilova qilingan 10 baytli masnaviyda Yugnakiy haqida ba’zi ma’lumotlar mavjud. Undan ma’lum bo‘lishicha, Adib Ahmad Yugnak degan so‘lim va bahavo joyda tug‘ilgan. Otasining oti Mahmud Yugnakiy bo‘lgan.

Kitobi adabdan iborat bo‘lib, nomi —«Hibat ul-haqoyiq». Kitob koshg‘ariy tilda she’riy yo‘l bilan yozilgan. «Qutadg‘u bilig»dan 1—2 asr keyin yaratilgan bu asar o‘zbek mumtoz adabiyotining noyob durdonasi hisoblanadi. Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» tazkirasida Yugnakiyni O‘rta Osiyoning mashhur shayxlari qatoriga qo‘yib, uning tug‘ma ko‘rligi xususida so‘zlaydi, yana Navoiy Husayn Boyqaroning o‘g‘li Badiuzzamonga yozgan xatlaridan birida ham «Hibat ul-haqoyiq»dan parchalar keltiradi. «Hibat ul-haqoyiq» asari shoir haqidagi ma’lumotlarni birmuncha to‘ldirishga, Yugnakiy yashab ijod etgan davrni tahlil qilishga imkon beradi.

Yugnakiy tug‘ilgan joy olimlar o‘rtasida ko‘p tortishuvlarga sabab bo‘lgan. Samarqand, Farg‘ona va Turkistonda Yugnak degan joy borligi aytilsada, ko‘pchilik uni Samarqand atrofida deyishga moyil va keyingi tadqiqotlar bu fikrning to‘g‘riligini tasdiqlaydi. 12-asrda yashagan mashhur muarrix Abulkarim as-Sam’oniy «Al-Ansob» («Nasabnoma») kitobida yozadi: «Bu nisba (taxallus) «Yug‘anak»dan va bu (joy) Samarqand qishloqlaridan. Bu nisba bilan Abuhomid Ahmad ibn Abu Ahmad al-Yug‘anakiy mashhurdirlar».

Shoir «Hibat ul-haqoyiq»ni tugatib, uni hukmdori Dod Sipohsolorbekka taqdim etadi. Mashhur sharqshunos olim Ye.E.Bertels bu asar qadimiy o‘zbek adabiy tilidan mumtoz o‘zbek adabiy tiliga o‘tishda bir ko‘prik bo‘lganini aytadi. Asar tilida qadimiy turkiy so‘zlardan ko‘ra, arab va fors so‘zlarining ko‘p qo‘llangani shundan dalolat beradi. Yugnakiy bu asari bilan o‘zbek adabiy tili va adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shgan.

«Hibat ul-haqoyiq» 14 bob, 512 misradan iborat. Dostonning 1-bobi Allohga hamd, 2-bobi Muhammad (sav) na’ti va choryorlar ta’rifiga, 3-bobi Dod Sipohsolorbek madhiga bag‘ishlangan. 4-bobda kitobning yozilish sabablari bayon qilingan. Dastlabki 4 muqaddima bobdan so‘ng asosiy qismga o‘tiladi. 5-bob — ma’rifatning foydasiyu jaholatning zarari, 6-bob — til odobi, 7-bob — dunyoning o‘tkinchiligi, 8-bob — saxiylik va baxillik, 9 va 10-boblar turli masalalarga bag‘ishlangan bo‘lib, 11-bob — kitobning xotimasi (asarning 1480 yil Istanbulda Abdurazzoq Baxshi tomonidan ko‘chirilgan nusxasida 11 bob mavjud — 3 bob yo tushib qolgan, yo boshqalariga qo‘shilib ketgan).

Yugnakiy o‘zini shoir emas, balki adab muallimi, deb hisoblagan. O‘ziga xos axloq kitobi bo‘lgan bu asarga Qur’oni karim va Hadisi sharif ma’nolari singdirilgan. U islom dini axloqini tashviq qilish, komil insonni tarbiyalab yetishtirish maqsadi bilan yozilgan.

«Hibat ul-haqoyiq» ilk bor uyg‘ur yozuvida bitilgan. Uning nusxalari ko‘p bo‘lib, ularda asar hajmi turlicha. Hozircha ma’lum qo‘lyozmalardan 3 tasi (biri uyg‘ur yozuvi, ikkinchisi arab va uyg‘ur yozuvi, uchinchisi esa arab yozuvi bilan bitilgan) to‘liq, qolganlari parchalardan iborat. 1444 yil Samarqandda Zaynulobidin baxshi, 1480 yil Istanbulda Abdurazzoq baxshi va Turkiyaning To‘pqopi kutubxonasidagi noma’lum kotib tomonidan ko‘chirilgan qo‘lyozmalar e’tiborli nusxalar hisoblanadi.

Asarni 1-marta turk olimi Najib Osimbek topib (inv. №4757), nashr ettirgan (qisqartirilgan nashri — 1906, to‘liq nashrlari 1916, 1925). Keyin 1951 va 1992 yillarda uni R. R. Arat so‘zboshi, izohlar va 6 ta nusxasining faksimilesi va Turkiyada 16-asrda ko‘chirilgan arab yozuvidagi nusxasining tarjimasi bilan nashr ettirgan. O‘zbekistonda asardan parchalar Fitrat, Oybek, P.Shamsiyev, S.Mutallibovlar tomonidan o‘zbek adabiyoti namunalaridan tuzilgan majmualarda e’lon qilingan. So‘ng u Q.Mahmudov tomonidan alohida kitob holida e’lon qilindi (1968; 1971). O‘tgan asr oxirlarida uyg‘ur olimlari H.Temur va T.Ayyub, qozoq olimlari E.Qurishjonov va B.Sog‘indiqovlar uni asl matni, tarjima va fotonusxalari bilan nashr ettirganlar. Shuningdek, Ye.E.Bertels, Fitrat, Fuod Ko‘prulu, T.Takin, E.Rustamov, N.Mallayev, A.Qayumov, A.Hayitmetov, A.Rustamov, M.Imomnazarov, B.To‘xliyev, N.Rahmonov, I.Haqqulov, G.Xo‘janova va boshqalar Yu. va «Hibat ul-haqoyiq» haqida u yoki bu darajada tadqiqot ishlarini olib borganlar.

Ergash Ochilov.

“HIBATUL-HAQOYIQ”DAN

[Ilm manfaati va jahl zarari haqida]
 
Biliktin ayurman[1], so‘zumga ula[2],
Bilikka, yo do‘st, o‘zungni ula[3].
 
Bilik birla bilnur saodat yo‘li,
Bilik bil saodat yo‘lini bo‘la[4].
 
Baholiq dinor[5] ul biliklik kishi,
Bu johil biliksiz — bahosiz bishi[6].
 
So‘ngakka yiliktak eranga[7] bilik,
Eran ko‘rki aql, ul so‘ngakning yilik.
 
Biliksiz — yiliksiz so‘ngaktak qoli[8],
Yiliksiz so‘ngakka sunulmas alik[9].
 
Bilik bilti bo‘lti[10] eran belguluk,
Biliksiz tirikla yituk[11] ko‘rkuluk.
 
Biliklik er o‘lti — oti o‘lmatu,
Biliksiz esan erkan oti o‘luk.
 
Biliklik biringa bshshksiz mingin[12],
Tengakli tengadi bilikning tengin.
 
Boqa ko‘rgil emti uqa[13] sinayu[14],
Nanang bor biliktin asig‘liq[15] o‘ngin[16].
 
Bilik birla olam yuqar yo‘qladi[17],
Biliksizlik erni cho‘kardi[18] qudi.
 
Bilik bil o‘sanma[19] bil ul haq rasul,
Bilik kimda ersa siz arqang[20] tedi.
 
Biliklik bilikni adarkan[21] bo‘lur,
Billik tatg‘in, ey do‘st biliklik bilur.
 
Biliksizga haq so‘z tatiqsiz[22] erur,
Anga pand, pasihat osig‘siz erur.
 
Na turluk oriqsiz[23] orir yudisa[24],
Johil yub orimas, arig‘siz erur.
 
Biliklik kishi ko‘r bilur ish o‘zin,
Bilip etar ishni, o‘kunmas kedin.
 
Na turluk ish ersa biliksiz o‘ngi[25],
O‘kunch[26] ul anga yo‘q o‘ng[27] anda adin[28].
 
Biliklik keraklik so‘zin so‘zlayur,
Keraksiz so‘zini ko‘mub kizlayur[29].
 
Biliksiz na aysa ayur uqmatin[30],
Aning o‘z tili, o‘z boshini yeyur[31].
 
Bilik birla bilinur to‘ratvan[32] idi[33],
Biliksizlik ichra xayir[34] yo‘q dedi.
 
Biliklik so‘zi[35] pand, nasihat, adab,
Biliklikni o‘gdi ajam[36] ham arab.
 
Tovarsizg‘a[37] bilgi[38] tuganmas tovar,
Hisobsizg‘a[39] bilgi yirilmas[40] hisob. .
 
[Til saqlash haqida]
 
Eshitgil biliklik nagu tep ayur[41]
Adablar bashi til kutazmak[42] turur.
 
Tiling bekta[43] tutg‘il tishing sinmasun,
Qali[44] chiqsa bekta tishingni siyur.
 
Sanip[45] so‘zlagan er so‘zi so‘z sog‘i[46],
O‘kush[47] yangshag‘an[48] til eyalmas yag‘i[49].
 
So‘zung bo‘shlug‘ ezma yig‘a tut tiling,
Yetar boshqa bir kun bu til bo‘shlug‘i.
 
Xiradliqmu[50] bo‘lur tili bo‘sh kishi,
Talim[51] boshni yedi bu til, so‘z bo‘shi.
 
Bir ul yangshar[52] ersa keraksiz so‘zin[53],
Iking yalg‘on ersa ul erning tili.
 
Tili yalg‘on ertin yiroq tur teza[54],
Kechur sanma umrung ko‘nilik[55] uza.
 
Og‘iz til bezaki ko‘ni[56] so‘z turur,
Ko‘ni so‘zla so‘zni dilingni beza.
 
Ko‘ni so‘z asaltek, bu yalg‘on basal[57],
Basal yeb achitma og‘izni asal[58].
Yo yolg‘on so‘z ik[59] tak ko‘ni so‘z shifo,
Bu bir so‘z o‘zog‘i[60] urulmish masal[61].
 
Ko‘ni bul kuni qil otin ko‘ni[62],
Ko‘ni teyu bilsun xaloyiq seni.
 
————————————————
[1] Ayurman — ayturman.
[2] Ula — ulan, ulash, quloq sol.
[3] Ula — ulan, ulash, yopishtir.
[4] Bo‘la — topgin, erishgin.
[5] Baholiq dinor — qimmatli mablag‘.
[6] Bishi — yaramas narsa.
[7] Eran — er kishi.
[8] Qoli — holi.
[9] Alik — ilik, qo‘l.
[10] Bilik bo‘lti — bildi, bo‘ldi.
[11] Yituk — yitgan, yo‘qolgan.
[12] Bir bilimliga ming bilimsiz.
[13] Uqa — uqib, tushunib.
[14] Sinayu — sinab, tajriba qilib.
[15] Osig‘liq — foydali.
[16] O‘ngin — boshqa.
[17] Yo‘qladi — yuqoriga oshdi.
[18] Cho‘kardi — cho‘ktirdi.
[19] O‘sanma — g‘ofil bo‘lma.
[20] Arqang — maqtang!
[21] Adarkan — axtargan, izlagan.
[22] Tatiqsiz — totimsiz, lazzatsiz.
[23] Ariqsiz — nopok, bulg‘onch.
[24] Yudisa — yuvsa.
[25] O‘ngi — oldida.
[26] O‘kunch — pushaymon.
[27] O‘ng — oson.
[28] Adin — boshqa, pushaymonlikdan boshqa.
[29] Kizlayur — yashiradi.
[30] Uqmatin — uqmay.
[31] Eyur — yeydi.
[32] Turatvan — yaratgan.
[33] Idi — ega (tangri).
[34] Xayr — yaxshilik.
[35] O‘gdi — maqtadi.
[36] Ajam — arab xalqidan boshqa hamma xalqlar.
[37] Tovarsiz — molsiz.
[38] Bilgi — ilm.
[39] Hisobsiz — darajasiz, martabasiz.
[40] Yirilmas — bitmas-tuganmas.
[41] Ayur — aytadi.
[42] Til kutazmak — tilni tiymoq, tilni ehtiyot saqlamoq.
[43] Bekta — pishiq, puxta.
[44] Qali — egar.
[45] Sanip — o‘ylab, fikr qilib.
[46] Sog‘i — to‘g‘risi.
[47] O‘kush — ko‘p.
[48] Yangshagan — yaiglishgan.
[49] Yag‘i — dushman.
[50] Xiradliq — aqlli.
[51] Talim — ko‘p.
[52] Yangshar — yanglishadi.
[53] So‘zin — so‘z bilan.
[54] Teza — tez-a.
[55] Ko‘nilik — to‘g‘rilik.
[56] Ko‘ni — to‘g‘ri.
[57] Basal — piyoz, achchiq.
[58] Og‘izni asal — asal og‘izni.
[59] Ik — kasallik
[60] O‘zog‘i — ilgarigi.
[61] Masal — maqol.
[62] Otin ko‘ni — to‘g‘ri, sodiq deb ot chiqar.


BAYTLAR

Ilmsiz iliksiz so‘ngak kabi bo‘shdir, iliksiz so‘ngakka qo‘l urilmaydi.
Bilim bilan kishining martabasi oshdi, ilmsizlik esa kishini tubanlashtirdi.
Bilimli kishi keraqli so‘zni so‘zlaydi, keraksiz so‘zni ko‘mib tashlaydi.

* * *

Bilim bilan saodat yo‘li ochiladi, shunga ko‘ra,
Ilmli bo‘l, baxt yo‘lini izla.

* * *

Mingta do‘sting bo‘lsa, uni ko‘p ko‘rma,
Bitta dushmaning bo‘lsa, uni oz dema.

* * *

Yaxshi fe’l bilan kishilar ko‘nglini olib,
O‘zingni yomon qiliqlardan saqlab yasha.

* * *

O‘ylab so‘zlagan kishining so‘zi to‘g‘ridir,
O‘rinsiz ko‘p vaysagan til shafqatsiz yovdir.
Og‘iz va tilning bezagi to‘g‘ri so‘zdir, to‘g‘ri so‘zla, tilingni beza.

* * *

Kimdakim manman deb, o‘zini baland tutsa, uni na xalq, na tangri sevadi.

* * *

Xalqning yetugi saxiy kishidir, saxiylik sharaf keltiradi.

* * *

Qaramsiz kishi mevasiz daraxtdir, mevasiz yeg‘ochni kesib yondirgin.

* * *

Do‘stim deb ishonib, sir aytma, ehtiyot bul.

* * *

Ulug‘likka yetishsang — yanglishma, atlas kiysang, bo‘z ko‘ylagingni unutma.

* * *

To‘g‘ri bo‘l, to‘g‘ri ish qil, to‘g‘ri deb nom chiqar,
Xaloyiq seni to‘g‘ri, deb atasin.

* * *

Gunohkor kishini gunohini kechir, adovat ildizini kes va qo‘porib tashla.