Ilhomiy yosh, umidli shoirlardan. Uch-to‘rt kitobi chiqqan. O‘ziga yarasha muxlislari bor.
Bir kuni shu shoirning uyiga qo‘ng‘iroq qilishdi.
– Ismim Nargiska, – dedi qiz bola ovozi. – Qo‘shuv etaman. Mashhur bo‘lishshi istiyman. Manga bitta cho‘tkiy sheer kere. Uni Sizdan qachon osam bo‘ladi?
Ilhomiy kalovlanib qoldi. To‘g‘risi uning o‘zi ham she’rlari qo‘shiq bo‘lishini xohlardi. Bu mashhurlik sari dadil qadam ekanliginiyam bilardi. Yana Nargiska deganlariniyam eshitgani bor edi. U qizning bir-ikki klipini televizorda ko‘rgandi.
– Yaxshi,– dedi Ilhomiy. – She’r qaysi mavzuda bo‘lsin?
– O, albatta muxabat! – deya Nargiska “muhabbat” so‘zini ruscha talaffuz qildi.
– Yaxshi, – shirin entikdi shoir. – Ertaga soat o‘nda keling. She’r tayyor bo‘ladi.
Kechasi Ilhomiy yaxshi uxlay olmadi. Qizning ehtirosli so‘zlari, “muhabbat” degani qulog‘i ostida jaranglayverdi. Nargiskaning qanaqa ekanligini eslashga harakat qildi. Eslolmadi. Uni xayolida qayta yaratdi. Atlas ko‘ylakli, sochi taqimini o‘pgan, chamandagul do‘ppisi yarashgan qiz deb tasavvur qildi. U bilan gulzor aylandi. Bog‘larga kirib-chiqdi. Meva-cheva terdi. Xullas, tongda sevgi haqida ajoyib she’r yaraldi.
Soat o‘n bo‘ldi. Eshik jiringladi. Ilhomiy yana bir bor oynaga qarab, galstugini to‘g‘riladi. Gellangan sochini siladi. Beshinchi marta atir sepib, eshikka qarib yurdi. Shoirning yuragi “gurs-gurs” urardi. U eshikni ochdi va…
Nargiska deganlari beligacha tushadigan sochini yoyib, uch xil rangga bo‘yabdi. Betiga upa-elikni chunonam chaplabdiki, yuzining asl terisini ko‘rish uchun yarim soat sovunlab yuvish kerak. Qosh-ko‘zlar malla rangga, lab nimagadir havo rangga bo‘yalgan. Qulog‘ining bittasida beshta isirg‘a, ikkinchisida bittayam yo‘q. “Yarimta” koftasi bilan kalta shimi shu darajada torki, kiyilayotganida yirtilib ketmaganiga hayron qolasan, kishi.
– Sa-lom, – Nargiska shoirga ola qarash qildi. Qotib qolgan Ilhomiy alik olib, yo‘l bo‘shatdi.
Nargiska ichkari kira solib, maqsadga o‘tdi.
– Nu, qani she’r?
Ilhomiy she’rni ko‘rsatdi. O‘qib berdi. Nargiskaning afti bujmaydi. Burni jiyrildi.
– Nu, qaysi tilda yozgansiz buni? – Nargiska tirnog‘i yarim mertlik barmog‘i bilan qog‘ozning bir uchidan ushladi.
– Nu-ka, “fig‘on”, kakayta “faryod”, “ashk”, “hajr”, “visol” eto chto?! Man bu so‘zlarni etomiyman. Molodyojlar ham bu qo‘shuvni qabul qilomiydi. Tushunishmiydi!
Ilhomiy so‘zlarini tushuntirmoqchi bo‘lib, endigina og‘iz juftlagan ediki, Nargiska o‘zini sarak-sarak qildi.
– Bo‘ldi. Boshqa… she’r yozasiz! Kelishdik? Mana, qiz qo‘ltig‘i ostidagi eni uzun sumkachasini ochdi:
– Vash gonarar!
Yuz dollarlikni ko‘rgan Ilhomiyning og‘zi ochilib qoldi. To‘g‘rida axir, hozirgi zamonda pul berib, she’rini qo‘shiq qildiradigan, pul berib aytdiradiganlar kammi?!
U gonorar olishni xayoliga ham keltirmagandi. Ayniqsa birinchi she’riga, hali qo‘shiqchiga foyda keltirmay turib.
– Xo‘p, singlim, Siz aytganday bo‘ladi.
– She’r yozasiz – gonarar olasiz! – shunday deb Nargiska qo‘ltig‘idagi pulni sumkachasiga solib qo‘ydi.
– O‘ziga pishiqqina ekan, – deb o‘yladi Ilhomiy qiz ketganidan so‘ng. – Ha, mayli nasiya bo‘lsa ham va’da qildi-ku.
Ilhomiy yana she’r yozdi. Bu safar uning ko‘zining oldida xayoliy Nargiska emas, uning so‘zlari va yuz dollarlik turdi. O‘rtacharoq she’r paydo bo‘ldi.
Ketar chog‘ida qiz “endi men kemeyman, endi Siz borasiz” degani uchun Ilhomiy ertasi kuni she’rni olib kelishilgan joyga yo‘l oldi. Endu u avvalgiday hayajonlanmas, o‘zini hamkorini kutayotgan ishbilarmonday his etardi.
Nargiska keldi. U kechagiday, faqat boshqacha fasonli yarimta kofta bilan etagi qiyshiq yubka kiygandi. Ko‘zida yuzining yarimini egallagan jigarrang ko‘zoynak.
– Salom! Nu-ka. – Qiz ko‘zoynagini ham yechmay, she’rni oldi. Uni o‘qiy boshladi.
– Hmm, xorosh… bu nimasi? Yana tushunarsiz so‘zlar. Kakoyta “armon”, “jonon”… go‘zal deng, go‘zal. “Chunon?!” Chto eto “chunon?”
– I… i…
– Bo‘miydi!
Ilhomiyning og‘zidagisi og‘zida qoldi. Yana boshqa “she’r” yozish uchun nasya yuz dollarni o‘ylagancha uyiga qaytdi.
Ilhomiyning fig‘oni falakka chiqdi. U uyini kuldonga aylantirgancha, ikki quti sigaret chekib, navbatdagi “she’r”ni yozdi. Bo‘shroqqina bir narsa chiqdi.
She’rni o‘qigan Nargiska avval jilmaydi. Keyin birdan jiddiy tortdi.
– “Poyandoz?!” Chto eto “poyandoz?!” Xokandoz chto li? Yo‘o‘, bunaqasi ketmiydi.
– Shu bitta so‘zmi? Hozir almashtirib beraman.
– Yo‘o‘, yo‘o‘. Nima she’r sizga o‘yinchog‘mi, bir minutda almashtirasiz. Buni uyingizga olib keting. – Qiz she’rni yigitga qayparib berdi. – Ertaga boshqa she’r yozib, o‘zingiz uyimga oborib berasiz! – Qiz shunday dedi-da, tashrif qog‘ozi uzatdi.
“Xo‘p” deyishdan boshqa iloji qolmagandi bechora Ilhomiyning.
Ilhomiy hayajonlanmadi, ilhomlanmadi, hech nimani o‘ylamadi. Uyiniyam kuldonga aylantirmadi. Faqat yozdi. Dabdala bir narsa chiqdi.
U “she’r”ni ko‘tarib, tashrif qog‘ozida yozilgan manzilga bordi. Eshikni o‘rta yoshlardagi berilib pardoz qilgan ayol ochdi.
– Kim kerak?
– Men shoirman. Nargiska bilan…
– Yaxshi. Nargiska sanga kelishibdi.
– Kim? A-xa, – shoirni ko‘rgan Nargiska shunday holatda ediki, uning hursand bo‘lganiniyam, ensasi qotganiniyam bilib bo‘lmasdi. U salom-aliksiz shoirning qo‘lidan “she’r”ni yulib oldi. Ilhomiy tashqarida, u ichkarida turgan holda, yigitni uyga taklif qilishni xayoligayam keltirmagancha, she’rni o‘qishga tushdi.
Shoir zimdan qizga nazar soldi. Uning egnida qora mayka bilan oq shorti bor edi. Sumbul sochlari odatdagidek parishon. Qiz bir qo‘li bilan sochini to‘g‘rilagancha “she’r”ni bu safar ovoz chiqarib o‘qidi.
Kecha-kunduz men seni
O‘ylaganim-o‘ylagan.
Sen haqda qo‘shiq aytib,
Kuylaganim – kuylagan.
Yuragimni tilaman,
Sevishimni bilaman.
Lekin senga sevgimni
Qanday izhor qilaman?!
Seni bir kun ko‘rmasam,
Sog‘inaman, azizam.
Ko‘zim yoshlab sen uchun.
Og‘rinaman, azizam.
Seni sevaman, jonim,
Faqat senda xayolim.
Yolg‘iz o‘zing go‘zalim,
Sevgilimsan, asalim!
– O, bravo! Yaxshi! – Qiz sevinib ketdi. Keyin shoirga barmoqchasini sarak-sarak qilib, dakki bergan bo‘ldi.
– Bo‘larkan-o‘!
– Ha, – dedi Ilhomiy ham taqdirga tan berib bo‘shashgan ko‘yi.
– Bo‘lar ekan.
– Ho-zir, – qiz uyiga kirib, yuz dollarlikni olib chiqdi.
– Mana Sizga gonarar! Aytganday she’rga familiyangizni, toyis, taxallusingizni yozmabsiz.
– Qo‘yavering, – Ilhomiy qizning qo‘lini qaytardi. – Faqat iltimos, bu she’r meniki ekanligini hech kim bilmasin!
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 3-son