Itning faqat tili yo‘q, ammo aqlli, hushli jondor. Vafodorligiga-ku qiyos yo‘q! Shu – ko‘pchilik odamlardan ham vafodorroqmi-yov, deyman-da! Bo‘lmasa, haydashingga qaramay eshigingda yotib olib, uyingni qo‘rib chiqarmidi?! E-e, nimasini aytay, bu jondorning fazilati ko‘p. Menam bilib aytayapman, yo‘qsa, bu gaplar qayerda, deysiz…
Itning sadoqati to‘g‘risidagi bir voqeani ancha burun eshitganim bor. Bir itni shunchalik, debdi-da…
Qahatchilik zamonlari ekan. Ishlaysan-ishlaysan, yeyishga hech vaqo yo‘q. Bir hovuch bug‘doyni bolalarimga, deb yashirsang, ana, uying kuydi, mana, uying kuydi. So‘roq-po‘roq qilmasdan, aristonga jo‘natadi-qo‘yadi. U yerdan omon kelasanmi-yo‘qmi, Xudoyjon biladi! O‘lmay ketib, kelmay ketganlar ko‘p-da.
… E, mening chechanligim qursin, yana gapdan chalg‘ibman-ku…
Shuytib, qahatchilikning diydori qursin! Odamlarga shu yetmaganday, o‘g‘irligu talon-tarojlar avj olib ketadi. Xudoyjon qahriga olsa, shunday bo‘larmikan yo?
O‘sha dumurlarda cholimning Avazboy degich bo‘yinsasi bo‘lardi. Cho‘pon edi, hukumatning molini boqardi. Odamlarning aytishicha, juda bama’ni yigit bo‘lgan. Shu deng, u kuz-qish vaqtida molini Egizak tomonlarda boqar ekan.
U paytda qo‘tonlar hozirgidek puxta-pishiq bo‘lmagan. Qayerda qulay joy bo‘lsa, o‘sha yerga molni yotqizib ketavergan. Buyam yetmaganday, qishloqqa kelib, dam olish qayoqda, deysiz. Kelsayam chulig‘i borganda bir kun-yarim kunga “g‘ir” etib kelib ketgan. Palakat bo‘lgan yili esa yordamchisi ham bo‘lmagan. Endi uning kunini ko‘ravering. Har kuni suruv ortidan yurib, tuyoq sanagani-sanagan. Haliyam baxtiga Bo‘ynoq degich aqlli iti bor. Ba’zan shu itni suruvda qoldirib, o‘zi qishloqqa kelib ketarkan. Shu zaylda kunlar dumalab-dumalab o‘taveradi.
… Tiramaning qaysidir kuni, kallai saharlab Bo‘ynoq qishloqda paydo bo‘ladi. Uydagilar hayron. Avvaliga “Avazjon urishgan bo‘lsa, uyga kelgan-da”, deb o‘ylashadi. Jonivor hech kimga yaqin kelmasdan, faqat g‘ingshirmish. Sal turib razm solib qarashsa, itning tanasi momataloq, bir-ikki joyi nima bilandir tilingan. Qon qotgan joylari bilinib turar, kimdir non beraman, deb oldiga chaqirsa, junini hurpaytirib, tishlarini ko‘rsatib, irillagan. Balki unga bari odamlar yovuz, qonxo‘r, o‘g‘ri, kallakesar bo‘lib ko‘rindimi…
Odamlar itning ahvolidan ko‘ngillariga har balolarni keltirib, unga yanayam iliqroq gapiribdi. Shunda deng, jonivor ishonch hosil qilgandek, ularga yaqinlashadi. It odamlarning bunchalik aqlsizligi, fahmsizligidan kuygan, yig‘lagan, deb gumon qilayapman…
Avaz bebaxtning munkillab qolgan otasi bo‘lardi. U hovliga chiqib qarasa, itning avzoyi buzuq. Uning ko‘ngliga shubha oralaydi. It cholni ko‘rib, go‘yo arz-dod qilganday, uning etagidan tishlab, dasht tomonga sudrab, tortarmish. Chol darrov sezgan. U qo‘ni-qo‘shnini yig‘ib, yo‘lga chiqadi. Odamlarning harakatlanganini ko‘rgan Bo‘ynoq ularga ergashib, bir to‘xtab, bir choparmish, bir chopib, bir to‘xtarmish.
Ular qo‘tonga keladi. Bu yerda qiyomat qoyim bo‘lgan. Hamma tomon qon! Avazboy besh-olti joyidan pichoq yeb, o‘lib yotarmish. Suruv esa allaqayoqqa haydab ketilgan.
Ko‘rganlarning aytishicha, Avazboy va Bo‘ynoqning o‘g‘rilar bilan ko‘p olishgani shundoq bilinib turarmish. Yolg‘iz guvoh – it shu yerda ham u yoqdan-bu yoqqa chopar, bir o‘lib yotgan egasining oldiga kelar, yana qayerlarga borib kelarkan. U shu harakatlari bilan ko‘rganlarini aytmoqchi bo‘lgan-ov, menimcha. Ammo o‘lik bilan bo‘lib, unga hech kim e’tibor bermagan. O‘zi, doim shunday bo‘ladi, odamzod o‘z dardi bilan bo‘lib, boshqani eshitmaydi yoki eshitishni istamaydi. It buni sezganmi deyman, odamlardan o‘n-o‘n besh odim nari borib, mung‘aygancha yotib oladi. Sho‘rlik yig‘lagan, o‘kirgan, ammo buni hech kimsa bilmaydi, bir Xudoyjondan bo‘lak.
O‘sha kunning o‘zida keksalar maslahatlashib, Avaz bechoraning jasadini o‘zi shahid bo‘lgan joyga qo‘yadi. Hukumatdagilar o‘g‘rilarni izlashga tushadi. Oradan bir necha kun o‘tib, Xudodan qaytgan bosqinchilarni bozordan tutib keladi. Ular qilmishiga yarasha jazosini olgan. Ammo o‘rtada bir odamning nobud bo‘lib ketgani yomon bo‘lgan-da…
Qisqasi, Avaz rahmatlining uydagilari ko‘p kuygan. Axir, hazilakam dog‘mi bu?! Hali chimildiq ko‘rmagandi, bebaxt! Ammo nimayam qilardi: yig‘lashdi, kuyishdi, oxiri, ko‘nishdi.
Hasratdan yanayam munkayib qolgan chol o‘g‘lining yettisidan so‘ng qabr boshiga borib kelishni niyat qilib otlanibdi, deng. Borib qarasa, jonivor egasining qabri yonida mung‘ayib yotarmish. Odamni ko‘rib, hushyor tortadi. Uning qabr boshiga kelayotganini fahmlagan jonivor yaqinlashtirmaslikka harakat qiladi. Tishini ko‘rsatib, irillaydi. A, nimasini aytsin. Uning sodiqliginimi yoki bolasining do‘ppaygan qabrini ko‘ribmi, chol tushmagur yig‘labdi, tiliga almoyi-aljoyi so‘zlar kelibdi:
… Men, shu bir jonivorchalik ham bo‘lolmadimmi, bolam?!
… Keksayganda shu dog‘ni so‘rabmidim Sendan?!
… Endi shu dog‘ bilan o‘laman…
Cholning keyinchalik aytishicha, it keksa egasini endi tanigandek, uning dardini tushungandek, qabr boshiga yo‘l beradi. Nimasini aytayin, it sezgan! Bo‘lmasa, yo‘l berarmidi?..
Dunyosi tang bo‘lgan chol qabr boshida qancha turganini bilmaydi. Shomga yaqin qaytadi. Ketayotib “Bolamdan bitta yodgorlik shu – it, uning eng yaqin do‘stiyam shu. Kel, uni uyga olib borib, yaxshi parvarish qilay”, degan o‘yda itga yaqinlashadi. Buni sezgan jonivor ro‘yxushlik bermagan. Chol ming makr bilan uning bo‘ynidan arqon o‘tkazadi, otiga taqib, uyiga olib keladi.
Jonivor yo‘l-yo‘lakay qancha g‘ingshimagan, orqaga qarab tisarilmagan, deysiz. Odam bag‘rini tosh qilib, ko‘zidan tizilib oqayotgan yoshni yengi bilan artib, tortqilab kelaveradi. Uyga kelgandan so‘ng qochib ketmasin, tag‘in, deb bog‘laydi. Ammo bu yerda yaxshi parvarish qilishayotgan bo‘lsayam vafodorga Avazdan bo‘lak odamlar yetti yot begona. Shuning uchun u hech narsa yemaydi-ichmaydi, ikki-uch kunda o‘zini oldirib qo‘yadi.
Uchinchi kechasigami, to‘rtinchi kechasigami, Bo‘ynoq arqonni tishi bilan uzib, g‘oyib bo‘ladi. Bunga hamma hayron. Birov-yarim yosh-yalanglar:
– Olib kelaylikmi, – deydi. Ammo bir nimani sezgan chol tushmagur:
– Yo‘q, tegmanglar, egasining yoniga ketgan, u endi boshqa joyda yashay olmaydi, – deb yigitlarni shashtidan tushiradi.
… Oradan bir-ikki kun o‘tib, borib qarashsa, Avaz rahmatlining qabri yonida yana bir qabrga o‘xshash do‘nglik paydo bo‘lganmish. Voqeadan xabardor qaysidir rahmli odam vafodorning o‘lib yotganligini ko‘rib, shu yerga ko‘mib ketgan. O‘tgan-ketganda ko‘rganmisilar-yo‘qmi, bilmadim, lekin haliyam shu ikki qabr bor.
… E, gapning qizig‘i qolib ketibdi-ku. O‘sha imonli odam qabr yonidagi tobatoshga pichoq bilanmi, yo boshqa biron narsa bilanmi, har holda, tirnab, adashmasam, shunday gaplarni yozib ketgan: “Hammasidan xabarim bor edi. O‘tib ketayotib, itning o‘lib yotganini ko‘rdim. Tilsiz jonivor sadoqati shuncha bo‘ladimi deb, xo‘p yig‘ladim! Keyin o‘ylab o‘tirmasdan, chuqur kavlab, qadrdonining oyog‘ uchi tomonga ko‘mdim. Buni tushunasizlar, deb o‘ylayman!”
Qabr boshiga borganlarning bari buni o‘qib, o‘kirib-o‘kirib yig‘labdi, yig‘lab-yig‘lab o‘kiribdi. Keyinchalik o‘tgan-ketgan ham bu yerga bir to‘xtab o‘tar, ko‘z yoshi qilib ketarkan. Shu yozuv hozir bor-yo‘g‘ini, bilmayman. Chunki odamlarning bu haqida gapirmay qo‘yganiga ko‘p zamon bo‘lib ketdi. Lekin, aniq bilaman, qabrlar haliyam bor.
… Voh jonivor-a, voh jonivor-a, sening ko‘nglingga muncha mehr, muncha vafoni kim soldi?! Voh jonivor-a, voh, vafodor-a…
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 2-son