Qorabayir
Bolaligimda yuz bergan bir voqea hali-hanuz yodimda. O‘shanda men yozgi ta’tilni tog‘da, yilqichi bobomning qishlog‘ida o‘tkazgan edim. Bobom bir kuni bizga yilqini qaytarib kelishni buyurdilar. Mahmudjon ikkalamiz otlarimizga yaydoq mindik-da, “kim o‘zar” qilib choptirib ketdik. Tezda yilqi o‘tlab yurgan o‘tloqqa yetib bordik. Keng yaylovda otlar yayrab o‘tlab yurishibdi. Toylar irg‘ishlab, bir-birlarini quvalashyapti. Biz ularni bir oz tomosha qilish uchun yong‘oq daraxti yonidagi katta xarsangga yaqinlashib, otdan tushdik, otlarimizni qo‘yib yubordik. Oradan hech qancha vaqt o‘tmagan edi hamki, o‘ynoqlab yurgan toylarning qo‘rqinchli kishnaganlarini eshitdik. Mahmudjon cho‘chib o‘rnidan turdi-da, uzoqqa tikilib qoldi. Men ham qaradim.
– Voy, – dedi Mahmud hayajonlanib, – ikki bo‘ri bir toychoqni quvlab yuribdi! Men qo‘rqib ketdim. – O‘chakishgandek miltiq ham olmagan edik. Endi nima qildik?!
– Qochaylik! – dedim, yig‘lagudek bo‘lib.
– Qo‘rqma, – menga dalda berdi Mahmudjon. – Hozir bo‘rilarni o‘ldiramiz!
– Qanday qilib o‘ldiramiz? – ajablandim men.
– Hozir ko‘rasan. Qashqa ularning adabini berib qo‘yadi.
– Ho‘, ana! Bolasining kishnaganini eshitib Qashqa ayg‘ir kelyapti, – dedi Mahmudjon.
Haqiqatdan ham peshonasi bilan to‘rt tuyog‘ining tepasi oq, katta qora ayg‘ir bo‘rilar quvlashib yurgan tomonga o‘qdek uchib kelardi.
Shu chog‘ Mahmudjon bir irg‘ib yong‘oq shoxiga osilib, pastga tomon qattiq silkindi. Yong‘oq shoxi egilib, sinib tushdi. Mahmudjon ketmon sopidek shoxni sindirib olib, yugurar ekan menga buyurdi: “Sen ham sindirib ol! Tez bo‘l! Bo‘rilarning adabini beramiz!”.
Men hayratdan dovdirab qoldim. Qashqa ayg‘ir endigina toychoqning orqa soniga irg‘igan bo‘riga yetib bordi. U quloqlarini chimirib, og‘zini katta ochib, dahshatli ovozda kishnadi, so‘ngra xuddi tepalab tashlaydigandek jon-jahdi bilan bo‘riga tashlandi. Bo‘ri bo‘lsa kutilmagan hamladan qo‘rqib qocha boshladi. Men otning bo‘ridan qo‘rqmasligini o‘shanda ko‘rdim. Qashqa ayg‘ir xuddi shamoldek uchardi. U bo‘riga yetib borishi bilan bo‘ri chap berdi. Ot o‘zini to‘xtatolmay yerni changitib oldinga o‘tib ketdi. So‘ng qaytib bo‘rini yana quva ketdi. Bo‘ri qochaverdi, ot quvaverdi. Ular goh yaylovning bir tomoniga, goh ikkinchi tomoniga o‘tib ketishardi. Oxiri bo‘ri charchadi shekilli, to‘xtab qoldi. Shunda ayg‘ir boshini chayqab, tishlarini ochib, bo‘ri tomon kela boshladi. Bo‘ri esa joyidan qo‘zg‘almay tishlarini g‘ijirlatib turardi. Kutilmaganda uning orqa tomonidagi toshlar orasida pusib borgan Mahmudjon bo‘rining boshiga qo‘lidagi gavron bilan juda qattiq urdi. Bo‘ri yiqilmadi-yu, bir zum gangib qoldi, keyin shiddat bilan qocha boshladi. Ot uni quvlab, yetib bordi. Ikkinchi bo‘ri bir zumda qirning ortiga yo‘qoldi. Ayg‘irning oyoqlari ostida qolgan bo‘ri dumini qisib, otga hamla qilmoqchidek tishlarini g‘ijirlatdi, u qo‘rquv bilan otga qarab tashlanishga shaydek turar ekan, Mahmudjon yana qo‘qqisdan yo‘g‘on gavroni bilan uning boshiga savalay boshladi. Bu orada men ham vujudimdagi qo‘rquvni unutib, Mahmudjon turgan yalanglikka yetib bordim. So‘ngra men ham bor kuchim bilan bo‘rining duch kelgan joyiga ura boshladim.
Shu tariqa ikkovlashib bo‘rini holdan toydirdik.
Yirtqichning harakatsiz yotganini ko‘rgan Qashqa ayg‘ir boshini baland ko‘tarib, yollarini selkillatib yilqi tomon keta boshladi. Bizlar hamon yerda so‘ljayib yotgan bo‘rini savalardik.
– Og‘ziga ur, og‘ziga! – dedi Mahmudjon, – yirtqichning tishlari to‘kilib ketsin! – Nihoyat bo‘ri qimirlamay qoldi. – Bas, – dedi Mahmudjon. – Yur, toychoqdan xabar olaylik. Balki bechorani yomonroq tishlagandir, bu la’nati.
– Biz bo‘lmasak, qashqa ayg‘ir bo‘rini nima qila olardi? – deb so‘radim, qiziqsinib.
– Halok qilardi. Holdan toydirguncha quvlardi-da, yo tishlab osmonga irg‘itardi, yoki oldingi oyog‘i bilan ezg‘ilab, pachoqlab tashlardi.
– Agar ikki-uch bo‘ri birdaniga hujum qilsa-chi?
– To‘rttasi hujum qilsa ham baribir. Zotdor ayg‘irlar qo‘rqishmaydi. Oldidan hamla qilib kelsa, tishlaydi, ortidan kelsa, palaxmondek tuyoqlari bilan ayovsiz tepib tashlaydi. Ot tepkisini yegan bo‘ri o‘zini o‘nglab ololmaydi.
Men butun avlod-ajdodi qishloqda yashab o‘tgan do‘stim Mahmudjonning xulosalarini eshitar ekanman, tulporlarimizning shiddatiyu shijoatiga lol bo‘lib qoldim. Yaqinda Qorabayir zotli otlarning kamayib ketganligi haqidagi maqolani o‘qib, yoshligimdagi ana shu voqea-hodisalar qayta jonlandi.
Yaylovda
Biz ovdan qaytar edik. Bobom birdan bezovtalanib:
– Qani, chiroqlarim! Tezroq yuringlarchi, – dedilar, – vaqtliroq o‘tovga boraylik!
– Men hayron bo‘ldim. Hatto Mahmudjon ham ajablanib so‘radi:
– Ha, bobojon, nega buncha o‘tovga shoshib qolyapsiz? Tinchlikmi?
– Tinchlik, chirog‘im! Tinchlik. Havoning avzoyi buzilyapti.
– Voy, havo juda yaxshi-ku, bobojon! – dedi Mahmudjon osmonga, tevarak-atrofga ko‘z tashlab. – Quyosh ham kulib turibdi!
– Sen bilmaysan, chirog‘im! Abr bezovta, – deya tushuntira boshladilar bobom qo‘llaridagi ovga o‘rgatilgan qo‘ng‘ir qanotli burgutga ishora qilib. – Chiroqlarim, shuni unutmanglar-ki, tabiatda yuz beradigan jiddiy o‘zgarishlarni eng avval qushlar sezadi, yuringlar, qolganini yo‘lda tushuntiraman. Sovuq yomg‘ir, do‘l yog‘adigan, dovul, bo‘ron turadigan bo‘lsa, eng oldin burgutlar, qirg‘iylar va qaldirg‘ochlar sezishadi va o‘z harakatlari – ya’ni bezovtaligi bilan kishilarga belgi beradilar. Burgut va qirg‘iylar o‘z parvozlarini tezlatadilar, qaldirg‘ochlar esa odatdagidan pastroq uchadilar.
– Nima uchun past uchadi? – deb so‘radim men. Bobom esa ohista tushuntira boshladilar.
– Chunki havo nam bo‘lgan kezlarda mayda hasharotlar, kapalaklarning qanotlari og‘irlashib, pastlab ucha boshlaydilar. Oqibatda ularni ovlaydigan qaldirg‘ochlar ham past uchishga majbur bo‘ladi. Sichqon, kalamush, yumronqoziqlar ham inlaridan chiqib, ovqat izlab, u yoqdan-bu yoqqa yugura boshlaydi. Shuning uchun lochin, qirg‘iylarning ham harakati jadallashib qoladi. Shuni yaxshi bilinglarki, chiroqlarim, yaylov ob-havosi o‘zgaruvchan bo‘ladi. Bir zumda yomg‘ir do‘lga, shamol bo‘ronga aylanishi mumkin.
Bobom otga qamchi urib yana ham bu yerdan tezlatdilar. Biz hali soydan chiqqanimiz ham yo‘q ediki, uzoqda momaqaldiroq gumburladi. Osmonni qop-qora bulut qopladi. Momqaldiroq tobora qattiqroq vahima sola boshladi. Bobom otni yeldek uchirib ketdilar. Biz ham orqalaridan ot qo‘ydik. Men otda unchalik ko‘p yurmaganimdan bo‘lsa kerak, tez chopolmadim. Yo‘lning yarmini bosmasimizdan sovuq shamol turdi, ozroq fursat o‘tib esa yomg‘ir boshlandi. O‘n minut o‘tar-o‘tmay, bobom aytganlaridek, yomg‘ir do‘lga, shamol bo‘ronga aylandi. Men qo‘rqib ketdim. Buni bobom sezdilar shekilli, o‘zlari minib kelayotgan ot boshini tortib, menga yaqinlashib, shunday dedilar:
– Qo‘rqma, chirog‘im! Qo‘rqma!
– So‘ngra xurjundan kichkina kanopdan to‘qilgan qopcha olib, uning bir burchagini bukdilar-da, boshimga qalpoq qilib: – Kiyib ol lingchani! – dedilar. Men kiydim. Natijada yelkam ham, boshim ham do‘ldan saqlandi.
Do‘l tobora avj oldi. Bora-bora har biri danakdek, kichik yong‘oqdek bo‘lib ketdi. Bo‘ron sovuq do‘lni yuzlarimga ayovsiz ura boshladi. Yaxshiyam qopdan yopinchiq qilib oldim. Agar lingchani yopinmaganimda, ahvolim xarob bo‘lishi aniq edi. Hatto otim ham do‘ldan bezovtalanib, boshini sarak-sarak qilib, chayqab borardi. Men umrim bino bo‘lib, hali bunaqa dahshatni hech qachon ko‘rmagan edim. Biz it azobida o‘tovga arang yetib oldik. Otlardan sakrab tushib, apil-tapil ularni katta qoziqlarga bog‘ladik-da, o‘zimizni o‘tovga urdik. Biz o‘tovga kirib o‘tirar-o‘tirmas, xuddi bir paytda komanda berilgan to‘plardek momaqaldiroq ham, bo‘ron ham do‘l ham tindi-qoldi. Biz ajablanib tashqariga chiqdik. Go‘yo hech nima bo‘lmagandek, atrof jimjit, quyosh charaqlab nur sochib turibdi. O‘shanda keng, betakror yaylov tabiatining kutilmagan nag‘malarini ko‘rganman, umri dashtu dalalarda, yilqi, qo‘y va qoramol podalarini boqish bilan o‘tayotgan aziz va u kabi chorvadorlar sermashaqqat turmushining ayrim jihatlari bilan tanishganman. Shundan buyon chorvadorlar haqida gap ketsa, beixtiyor o‘sha dahshatli bo‘ron ko‘z o‘ngimda gavdalanadi va men barchaga chorvadorlardek jasur, dovyurak va mard kishilar bo‘lmasligi haqida hikoya qila boshlayman…