Zukkoyev bir oy ichida deyarli barcha xodimlarning e’tiborini qozondi. Uning ish joyi shahar markazidagi o‘ttiz qavatli binoning yetinchi qavatida joylashgan bo‘lib, qavatda ularning yuqori tashkilotiga bo‘ysunadigan yana uchta boshqarma faoliyat ko‘rsatar, xodimlarning umumiy soni yuztadan oshmasdi. Zukkoyev bir hafta ichida qavatdagilar bilan tanishibgina qolmay, ular orasida alohida hurmatga sazavor bo‘lishga ham ulgurdi.
Ishning birinchi kuni bo‘lim boshlig‘i Zukkoyevni o‘z xodimlari bilan tanishtirarkan, unga hamkasblari bilan hamkorlikda ishlashni, faqat shundagina yaxshi natijalarga erishish mumkinligini o‘qtirdi.
– Xo‘sh, boshladikmi? – xona to‘ridagi stolni egallagan semiz kishi xonani bo‘lim boshlig‘i tark etishi bilan stol tortmasidan gazeta chiqarib, hammaga savol nazari bilan tikildi.
– Boshladik.
– Xorij harbiy samolyoti.
Hamma o‘yga toldi. Zukkoyev majburiy xizmatda bo‘lganida harbiy texnikaga oid ma’lumotlarni puxta egallagandi. Shuning uchun bir necha samolyot nomini aytdi.
– «Yaguar» to‘g‘ri keldi. – Semiz kishi gazetaga so‘zni yozarkan, xonadagi ikki hamxonasiga o‘xshab, taajjublanganini yashirmadi.- Xo‘sh, keyingisi suv o‘ti.
Zukkoyevga o‘simlik dunyosi besh qo‘ldek ma’lum edi. Shu sababli hamkasblarining o‘ylab o‘tirishiga imkon qoldirmadi. Uning topqirligi bilan gazetaning bir betini egallagan krossvord yechimi bir soatda hal bo‘ldi. Semiz kishi gazetani olib chiqib ketdi.
Tushdan so‘ng bo‘lim boshlig‘i xodimlarni chaqirib, krossvord bahsida g‘alaba qozonilgani uchun ularga minnatdorchilik bildirdi. Qolgan boshqarmalar esa boshqotirmaning yarimini ham yechib ulgurishmagan ekan.
Ertasi kuni Zukkoyevni gazeta sotib olish ro‘yxatiga kiritishdi. Qavatdagi to‘rtta boshqarma boshliqlari tomonidan shaxsan tasdiqlangan ushbu ro‘yxat sahifalarida krossvord chop etiladigan gazetalar nomi, ularning sotuvga chiqish vaqti va gazetani sotib olishi lozim bo‘lgan xodimlarning nomlari bitilgan ma’lumotdan iborat edi.
Umuman, Zukkoyev ishxonada o‘rnatilgan tartibga qoyil qoldi. Ertalab, agar gazeta sotib olish uchun kechikkanlarni istisno qilganda, hamma o‘z vaqtida ishda bo‘lar, rahbariyat yechimi umumjamoa hukmiga havola etiladigan krossvordni tanlaguncha, bunga bir soatcha vaqt ketardi, xodimlar o‘z vazifalarini tezlik bilan bajarishar, so‘ng har kunlik asosiy ish bulgan krossvord savollariga javob topishga o‘tilardi.
Ish boshlangandan so‘ng ikki soatlar o‘tib, boshqarmada ish shunchalar qizg‘in tus olardiki, chetdan qaragan odam xodimlarning ishga bo‘lgan fidoyiligidan hayratlanmay qolmasdi.
Zukkoyev ishlaydigan xona xuddi chumoli uyasini eslatardi. Eshik har lahzada ochilib yopilar, boshqarma xodimlarining kirib chiqishi kanda bo‘lmasdi. Albatta Zukkoyev ba’zi ma’lumotlarni bilmasdi, lekin ularni qayerdan olish kerakligini bexato aytardi.
Telefonlar orqali so‘rovlar bir on tinmasdi.
– Alyo, bu televideniyemi? Sizlar qachon tashkil topgansizlar?
– Kechirasiz, tibbiyot institutimi, bel og‘rig‘ining lotincha nomini aytib yuboring.
– Falsafa institutimi, iltimos, xudolarning nomlarini faksdan jo‘nating.
Shunday surovlar, yo‘laklardagi yugur-yugurlar davom etayotgan bir vaqtda kotibaning hammani birinchi kunlar hayron qoldirgan, endi esa qandaydir asabga tegadigan xitobi yangrardi.
– Zukkoyev topshiriqni bajaribdi-i-i.
Belgilangan ishlarning bu qadar tez bajarilishi qavatdagi muhitga ta’sir etmay qolmadi, albatta. Har kuni bitta boshqarmaning ustun kelayotgani, eng yomoni, ish vaqti tugamay xodimlarning ishsiz qolayotgani ularning ishga bo‘lgan qiziqishi sussayishiga olib kelgandi. Zukkoyevning o‘ta bilimdonligi vujudga kelgan salbiy holatning asosiy sababi ekanini birinchi galda rahbarlar anglab yetishgandi. Shuning uchun ular jamoalaridagi vaziyatni oldingi holatga keltirish borasida fikr almashishni boshlab yuborishdi. Shunday bir vaqtda yuqori tashkilotdan rahbarlik lavozimiga nomzod so‘rab qolishgani ularga qo‘l kelib, bu o‘ringa Zukkoyevning nomzodini bir ovozdan taklif etishgani hech kimni hayron qoldirmadi. Aksincha, kuzatish marosimida so‘zga chiqqan barcha Zukkoyevni ta’riflab, uning yangi ishiga omad tiladilar. Bunday bilimdon mutaxassisning oralarida bo‘lmasligi jamoaga ancha qiyinchiliklar tug‘dirishini izhor etarkanlar, yuzlaridagi mamnunlikni yashirolmasdilar.
Afsuski sobiq hamkasblarning quvonchi ko‘pga cho‘zilmadi. Rahbarlikka ko‘tarilgan Zukkoyev ilgarigi ishiga shunchalar o‘rganib qolgandiki, har kuni ertalab boshqarma boshliqlarini chaqirib, ularga krossvordlar bo‘yicha topshiriqlar berar, kun oxirida esa ulardan javob talab etarkan, qarshisida o‘z vazifasini uddalay olmagan bechoralarning xayolidan bir xil o‘y kechayotgani, qo‘l ostlarida ishlagan xodimning yuqori tashkilotga o‘tganidan pushaymonliklarini bilmasdi.