Boshimda ahyon-ahyonda og‘riq sezardim. Buni hamkasblarimga aytgandim ular turlicha maslahat berishdi.
– Eng asosiysi, dardga e’tibor bermaslik kerak. Kasallikni o‘zingga oldingmi battar bo‘lasan,–dedi oldimda o‘tiradigan oshnam. -O‘ylaki, boshing og‘rimayapti. Ichingda ikki-uch qaytar boshim og‘rimayapti, boshim og‘rimayapti. Tamom, og‘riq o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.
— Bu g‘irt noto‘g‘ri fikr. – Yon tomonimda o‘tiradigan hamkasbim uning gapini bo‘ldi. –Kasallikning oldi olinmadimi, u og‘ir oqibatlarga olib keladi. O‘z vaqtida vrachga murojat qilish kerak.
Ikkinchi hamkasbimning gapi meni hushyor tortirdi. Axir jon shirin.
Ertasiga ertalab to‘g‘ri poliklinikaga yo‘l oldim. Ro‘yxatga olish xonasida nomimga daftar ochishdi va uni qo‘limga tutqazishib terapevtga uchrashishimni aytishdi.
–Xo‘sh, sizni nima bezovta qilyapti? – shifokor boshini ko‘tarmay qo‘li bilan yonidagi stulga o‘tirishimni ishora qildi.
–Boshimda og‘riq sezganday bo‘laman, — dedim uning beparvo munosabatidan o‘ksinib, iltijoli ohangda.
Ovozimdagi o‘ta shikastalik ta’sir qildimi, vrach yozishini to‘xtatib yuzimga tikildi.
–Ko‘rinishingiz yomonmas. Demak, qon bosimingiz joyida. Asabdan bo‘lsa kerak. Oyoq qanday?
Oldiniga ajablandim, keyin jahl bilan:
–Mening boshim og‘riyapti ,–dedim.
–O‘zingizni bosing, aytdim-ku nervdan deb, darrov asabiylashdingiz. Odamning a’zoyu-badani nervlardan iborat. Ular insonning boshida, ya’ni miyasida yig‘iladi. Tushunarlimi? Men sizni tegishli vrachga yuboraman.
Asab do‘xtiri bolg‘achasi bilan tizzalarimni urib ko‘rarkan:
— Qattiq qo‘rqqansiz,–dedi ishonch bilan .
Gumonsirayapti degan fikrga bormasin deya uning qattiyat bilan aytgan gapiga e’tiroz bildirmadim.
— Qo‘rquv asosan jigarga ta’sir qiladi. Sariq kasal ko‘paygan hozir.
Meni ko‘rgan navbatdagi vrach ichki kasalliklarni davolovchi mutaxassis ekan.
— Ichki a’zolarga eng yomon ta’sir qiladigani tashqi muhit. Masalan havoni olsak. Nafas olayotgan havomizning turgan-bitgani zahar…
Uning gaplarini eshitib bu odam ilgari tabiatni muhofaza qilish idorasida ishlagan bo‘lsa kerak, degan fikrga bordim.
Butun olamning zararlanayotganligini ma’ruza qilarkan, ikkala ko‘zimni obdan tekshirib, ko‘z do‘xtiriga uchrashni maslahat berdi.
Kelgandan buyon o‘ndan ortiq vrachlarga uchrab kunning yarmini o‘tkazgandim. Hech bo‘lmasa tushdan keyin ishda bo‘lish fikrida tepasida tish do‘xtiri degan yozuv bor eshik oldida to‘xtadim. Xayolimga ko‘z do‘xtiri albatta meni tish do‘xtiriga yuboradi degan fikr kelgandi. Shunday bo‘ldi.
Ichkariga kirib, qo‘lida ombur bilan meni qarshi olgan vrachga:
–Ko‘z og‘rig‘iga tishning ham ta’siri bormi, – deya murojaat qildim.
–Barcha kasallik tishni parvarish qilmaslikdan kelib chiqadi. – Vrach shu gaplar bilan meni stuliga o‘tqazdi va og‘zimni katta ochtirib diqqat bilan tishlarimni ko‘ra boshladi. U qo‘lidagi omburi bilan har bir tishimni urib ko‘rar, har urganda og‘zimdan taq-taq degan ovoz chiqar, vrachning «tak-tak» deyishi esa xuddi tishlarimdan chiqayotgan ovozga hamohang aytilayotgandek bo‘lardi.
–Og‘zingizni yoping, – dedi vrach tishlarimni ko‘rib bo‘lib. Uning ovozida hayratga o‘xshash bir ohang bor edi. So‘ng:
–Sizning qayeringiz og‘riyapti o‘zi? – so‘radi u.
–Tishim bo‘lsa kerak, – dedim men.
–Tishlaringiz soppa-sog‘. O‘ttiz yil tish do‘xtiri bo‘lib, bunday sog‘lom tishlarni ko‘rgan emasman. Menimcha, sizga kasallik varaqasi kerak. Bildimmi? Avval terapevtga borish kerak, mug‘ombir…
–Sizni nima bezovta qilayapti? – haligi terapevt boshini ko‘tarmay qo‘li bilan yonidagi stulga o‘tirishimni ishora qildi.
Unga nima deb javob berishimni o‘ylab qoldim. Sariq kasal bo‘lganmanmi? Yo‘q. Tishlarim sog‘. Qon bosimim joyida. Qiziq, yarim kundan buyon poliklinikada nima qilib yuribman?
–Sizni nima bezovta qilayapti? – ikkinchi bor so‘radi terapevt.
–Eslolmayapman. – To‘g‘risini aytdim unga.
Vrach boshini ko‘tarib hamdardlik bildirdi:
–Nervdan bu, asabingiz charchagan. Hozir asab do‘xtiriga yo‘llanma beraman.