– E-e, ha-a-a, salomlarim bo‘lsi-in-n!..
Temir darvozaning o‘rtasidagi yakka tavaqali, ensiz eshikchani ochib hovliga kirgan Romiz Jo‘ra ichkariga bir qadam qo‘ygan joyida dimog‘iga gup etib urgan anvoi hidlardan nafas ololmay qoldimi yoxud qiyg‘os ochilgan lolayu lolaqizg‘aldoqlardan ko‘zlari qamashdimi, noyob xushxabarni eshitgandek emas, uni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib turgandek azbaroyi entikib ketdi. Taqqa to‘xtadi. Bir nigoh tashlashda bog‘ni boshdan adog‘ kezib chiqdi. Yana va yana qaradi, razm soldi. Nigohini to‘xtatolmadi. Go‘yo hoziroq qarab to‘yib-to‘yib ko‘rib olmasa ko‘z o‘ngidagi bu ajib xushxabar-manzara qayoqqadir g‘oyib bo‘ladigandek.
– … S-s-alom…larim-m…
Romiz Jo‘raning tovushi juda past chiqdi. Butun bog‘ bo‘ylab ochilgan alvon lolazor cho‘chib ketmasin degan xavotirda tovushini yutib yuborgandi u. Go‘yo tarvaqaylab o‘sgan gilos daraxtining ostidagi temir so‘rida kimdir orom olib uxlab yotibdi-yu, o‘sha kimsani cho‘chitib yuborishdan ehtiyotlangandek, yo‘q-yo‘q, butun bog‘ ajib bir sehrlarga limmo-lim musiqaga raqs tushayapdi-yu, rango-rang libosga bezangan raqqosa… bog‘ni chalg‘itib yuborishni istamagandek oyoq uchida ohista ikki odim bosdi. Qadam bosdi-yu, behosdan, ha-ha, to‘ppa-to‘sindan bog‘ni qoplagan rango-rang lolayu qizg‘aldoqlar, ko‘m-ko‘k chuchmomalar jajji bog‘cha bolachalaridek baravariga chapak chalib yuborganidan cho‘chib tushdi. Lolalar chayqala-chayqala, qip-qizil gulkosalari, hali ochilib ulgurmagan mayin oqish tukli g‘unchalariyu yam-yashil yaproqlari va nozik-nihol novdalari yerga tegay-tegay deya tebranib olqishladi.
Romiz shoir juda-juda sog‘ingandi bog‘ini. Sog‘inish ham gapmi, bog‘ini unutib yuborgandek edi, nazarida. Unutish ham gapmi, batamom oqibatsizlik yo‘liga o‘tgan-u, mana, ko‘z-ko‘zga tushganda xijolat o‘tida yonayotgandek, izza bo‘layotgandek, istihola o‘tida qovrilayotgandek edi. Aksincha, mo‘jiza ustidan chiqdi u, ta’rif-tavsifiga so‘z topilmaydigan mo‘jizaga ro‘para keldi. Vaholanki, orada bir qish o‘tdi, xolos, qish bo‘yi u qadam bosmadi bog‘ga. Qish fasli hech kim qadam ranjida qilmaydi bu tomonlarga, biror-yarim qo‘ni-qo‘shni deganlar tasodifda daydib-uloqib yo‘li tushib qolmasa, atrof dala hovli kimsasiz ahvolda qishning, qor-yomg‘irning, izg‘irinli ayozning inon-ixtiyoriga qoladi. Yolg‘on bo‘lmasin, mushtipar qorovul xotin ikki o‘g‘il, bir qizi bilan ho‘-o‘ serdaraxt baland qirning belida ko‘rinayotgan yolg‘izoyoq yo‘lka bilan borib-qaytiladigan kulbachada qishlaydi. Dala hovlilar o‘shalarning qaramog‘iga o‘tadi. Ko‘klam shabadalari dala-qirni aylanib-o‘rgila boshladi degunicha esa bog‘ hovlilarga g‘imir-g‘imir, simir-simir, jimir-jimir qon kiradi-jon kiradi.
Romiz Jo‘ra shu yoshga chiqib hech qachon qishni bu qadar og‘ir o‘tkazmagandi. Qish odatdagi qishligini qildi – havo sovidi, yerdan qariyb qor arimadi. Qorli-qirovli, hatto achchiq izg‘irin zabtiga olgan oqshom chog‘lari poyi piyoda ko‘cha sayriga chiqish odatini kanda qilgani yo‘q Romiz shoir. Uy-joyi issiqqina, bola-chaqasi bag‘rida, xizmatiga borib-kelib turdi. Lekin yuragi siqildi, faqat nega, nimadan siqildi, ne hasratlarda bu qadar qisindi – o‘zi ham bilmadi, tagiga yetolmadi, tayinli javob topmadi. Xuddi barcha tushuniksiz dilxunliklari faqat va faqat dala hovli vasliga, diydoriga yetsagina tarqaydigandek tuyulaverdi. Bog‘ hovlisi tushlariga kirdi, tushida ham, uyg‘ongach, o‘ngida ham hademay bahor kelaqolsa, deya sabrsizlanaverdi, dala hovliga yetib borgan taqdirda ado etilajak yumushlarni xayolan rejalashtirishdan charchamadi, hatto necha qayta tun yarmida asta issiq o‘rnidan sirg‘alib chiqib allapallaga dovur “Dachada mo‘ljallangan ishlar” ro‘yxatini tuzdi. Erinmay-netmay qayta-qayta yozilgan ro‘yxatlarni noyobu nodir yozuvdek avaylab, o‘qiyotgan kitobi orasiga yashirdi. Qandaydir ko‘rinmas-mavhum kuch uning bu niyat-maslagiga yetishmoqlikka to‘sqinlik qilishi muqarrardek bot-bot ko‘r xavotirga tushdi. Tun yarmidan oqqan palla yuvinib-poklanib iltijolar ila tong ottirdi.
Xullas, u bog‘ hovliga boradigan kunini sabrsizlik bilan kutdi, betoqat kutdi, ma’shuqasidan ayrilgan oshiqdek kutdi. Nazarida jonining bir bo‘lagiga aylangan bog‘ hovlisi, o‘z qo‘li bilan bitta-bittalab tosh terib, tuproq tashib, loy changallab, mix qoqib bunyod etgan qo‘shxonali, g‘aribgina kulbasi mung‘ayib qolgandek tuyuldi. Necha qayta otlandi u bu tomonlarga, har safar ayoli yo‘lini to‘sdi, qo‘ysangiz-chi, dedi, shu sovuqda zarilmi, shamollab-netib ish orttirib kelasiz, deya izn bermadi. Ikki-uch daf’a o‘g‘il-qizining onasiga bildirmay yo‘lga ravona bo‘lish xayoliga ham bordi, axir dala hovli joylashgan maskan qochib ketgan emas, shahar sarhadi oshib yana ikki soatlar chamasi moshinasini g‘izillatib haydasa yetib boradigan manzil… jur’ati yetmadi Romiz Jo‘raning. Xotin kishi ham bilib aytadi, qolaversa, keyingi paytda nozikmizojroq bo‘lib yuribdi, ittifoqo falokat bosib, shamollab-netsa bormi, xotini aytmoqchi “ish orttirsa”, erta bahor tugul, ayni ko‘m-ko‘k ko‘klam qo‘shig‘i yangragan palla ham bog‘ hovliga kelish nasib etmay qolishi mumkinligini o‘ylab yurakkinasi orqaga tortib ketdi.
Dala hovli ham uni rosa sog‘ingan ekan, o‘ziyam. Shunday bo‘lishini taxmin qilgandi Romiz shoir, farazda adashmadi. Lekin bu qadar deb o‘ylamagandi, sog‘inch deganlari shunchalar alvon ranglarga burkanib, ochiq sahna to‘la cholg‘ular yanglig‘ jo‘r ovozda nola chekib yuboradi deb kutmagandi. To‘g‘ri-da, yon tomonlarda – gir atrofda lolalar, lolaqizg‘aldoqlar, yana ko‘m-ko‘k, pushti, sariq, moviy rang gulchechaklar kutaverganidan, sog‘inchli o‘rtanishlardan cho‘g‘ga, olovga – alangaga aylanib ketibdi!..
Romiz Jo‘ra darvozadan kirgan joyida qoqqan qoziqdek qimir etmay turaverdi. Mana, siz sog‘ingan bog‘ hovli, shoir, dedi ovozini chiqarib, bundan qanoat hosil qilmadi, yanayam tantanavor ohangda aytdi: ko‘zlaringiz to‘ygunicha bahra oling, Ramziy janoblari! So‘lim bahor tashrifingizga muntazir! O‘zlarining happayu halol amloklari muntazir poyqadamlariga! Olis va xolis niyatlar ijobati, qarang, naqadar tarovatli, naqadar go‘zal! Oydan-da, kundan-da, go‘zallardan-da go‘zal!..1
Romiz Jo‘ra avjiga mina boshlagan “shoirligi”ni amallab to‘xtatdi-da, behosdan yana bir qadam bosguday bo‘lsa, bog‘ni og‘ushiga olgan ajib tarovatga putur yetkazib qo‘yadigandek, hurkak qizg‘aldoq-qizaloqlarning uvoliga qoladigandek boshini goh u yon, goh bu yon burish-o‘girish bilangina kifoyalandi. Uning nazarida shamol tugul, hatto shabada ham esmayotgandek edi, biroq quyuq ochilgan lola-lolaqizg‘aldoqlar belga tepadigan o‘t-o‘lanlaru maysa-ko‘katlarga qo‘shilib, biri-biridan ajib va odamni mast qiluvchi iforlar taratib, hamon yerga tekkudek g‘amzalar bilan toshqin suvdek shovullab tebranayotgani aqlini shoshirib qo‘yayotgan edi. Lolalar har tebranganda jajji piyolachalaridagi shudring tomchilari duv-v etib yerga sochilar, Romiz Jo‘raning nazarida lolalar sevinch ko‘z yoshlarini to‘kayotgandek tuyulardi.
Lolaqizg‘aldoqlardan bir jufti til biriktirdimi, chirmoviqday achomlashib engashganicha Romiz Jo‘raning tizzasiga bosh urdi. Shunda Romiz shoir qo‘sh qizg‘aldoq gulkosa ichiga razm soldi. Cho‘g‘dek qizil yaproqlar tubi – tog‘ lolasining jajji yurakkinasi shu qadar sim-siyoh – tim qora baxmal-duxobaning o‘zginasi ekanligini hayotida ilk bora ko‘rayotgan odamdek hayratidan tili kalimaga kelmay qoldi.
– Sog‘indilaringmi, lolalarim, qizg‘aldoqlarim? Yolg‘izlarim? Ovunchoqlarim?..
Qo‘shaloq qizg‘aldoq novdasi qad rostladi, zum o‘tmay yana boyaginday achomlashgan holda bog‘ hovli xojasining tizzasiga bosh urdi – ko‘z yoshidek tiniq, dur tomchilar duvillab sochildi.
Romiz shoirning ko‘zidan yosh tirqirab ketdi… Etak tomonda qator saf tortgan mirza teraklarning endigina nish ura boshlagan yaproqchalari quyosh nurida jivirladi, yaqin-atrofida qandaydir qushlar sho‘x va mastona chug‘illadi, “chig‘-chig‘”lashib oyog‘ining ostidan quvalashib o‘tdi, osmon toqiga naqshlangan kumushday oppoq bulut parchalari sezilar-sezilmas suzib borayotgandi. Bulutlardan-da oppoq chinni kabutarlar galasi Romiz Jo‘raning ilk tashrifi sharofatiga dala hovlisi uzra kimo‘zarga qanot qoqib, tapillatib o‘yinga tushib, aylana yasay boshlashdi.
Romiz Jo‘raning betini mayin-muloyim shabada siypalab o‘tdi. U lang‘illagan alanga tutgan hovli manzarasini simirib ichguday tashnalik bilan miriqib-rohatlanib, to‘yib to‘yib kuzatdi. Pana joylarda laxtak-laxtak qor orolchalari ko‘lmak suvga o‘xshab jon saqlabdi. Charaqlagan oftobning zarrin nurlari beozor, ilmiliq. Illo, o‘t-o‘lan chunonam joni kirib o‘sibdi, o‘ziyam! Daraxtlarning tanasigacha, temir so‘rining ostigacha, qo‘sh xonali kulbaga dovur olib boradigan yolg‘izoyoq yo‘lkagacha ko‘rinmay ketibdi. Faqat choqqina hovuzcha ustiga gumbazsimon shamoyilda tortilgan suvyuqmas yelim matoning bir qarashda “turq”i… qabrni eslatishi Romiz Jo‘raning dilini g‘ashladi, xolos.
Qish qishligini qildi dedi-ku, ortga surilgani yo‘q, bahor esa ushbu dala hovli sohibiga o‘xshab oshiqmadi, balki har ikkala fasl boodoblikni o‘rinlatdi – birining safari nihoyasiga yetayozgan damlarda ikkinchisi hayot qo‘shig‘ini kuylashga kirishdi. Illo, nima bo‘lgan taqdirda ham, mana, sir ochildi – Romiz Jo‘ra bilan bahorning dili, tili, niyati bir ekan – ikki qalb, ikki vujud kimsasiz maskanda quchoqlashguday, achomlashguday bir-birining bag‘rida erib ketguday alfozda yuzlashib, diydorlashib turishibdi! Hamon shunday ekan, bu yog‘i yo ostidan, yo ustidan, nima bo‘lsa bo‘lsin, kim nima desa desin, Romiz Jo‘ra shamollasa shamollar, tobi qochsa qochar, muhimi, erta bahorni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish baxtiga muyassar u. Intiq kutilgan arzanda shodmonlikning o‘zginasi uni peshvoz chiqib, quchoq ochib kutib olmoqda, shunday ekan, ayni ayyom yumushlarini bir hamlada – ha-ha, bir hamlada bitirishga kirishsa, bog‘ hovli yashnab ketsa, qarsak chalib yuborsa, umri juda-juda qisqa bo‘lgan lola-lolaqizg‘aldoqlarining diydoriga to‘ysa, yo‘lkalarni, yolg‘izoyoq yo‘lkachalarni ochib, sarishtalasa, hademay yaproq yozish ayyomiga kirishadigan olma, anor, nok, gilos, bodom, xurmo, shaftoli va hokazo daraxtlar tanasini oqlasa, dov-daraxtlar “Oqqush ko‘li”ning ohumisol raqqosalaridek yasan-tusan qilib olsa, mo‘ljallangan har bir ish-yumush nihoyasiga yetgani sharafiga chinni kabutarlar galasi tabrik va olqishlar maqomida Ramziy shoirning bog‘ hovlisi tepasida aylana yasab uchaversa! Abqariy-y, yo, hayratiy! Hayratiy, yo, abqariy-y! Oh kuchingdan, voh joningdan, e, voh-voh-h jodularingdan, hayot!..
Romiz Jo‘ra to‘satdan qulog‘ini ding qildi. Jimjitlik va sukunatni uning hayratlanishlari buzayotgandi. Borliq esa o‘yga tolgandek, bog‘ sohibi tashrifiga atay hozirlik ko‘rib, nafasini ich-ichiga yutgandek… Romiz shoir yuzini xiyol osmonga qaratib, ko‘zlarini yarim yumdi. U olis-olislardan elas-elas eshitilayotgan dilgir kayfiyat bag‘ishlovchi musiqa tinglayotgandek edi. Vujudi quloqqa aylandi – nafas olishi eshitildi. Entikib ketdi. Xayoliga kelgan o‘ydan cho‘chib tushdi – xotinining ra’yiga yurib, shu safar ham kelmay qolganida bormi, dala hovlisiga erta bahor tashrifini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmaganida, o‘n sakkiz yoshli qizning bokira nafasidek havolardan to‘yib-to‘yib bahra olmaganida, ushbu go‘zaldan-go‘zal manzaraning tirik shohidi bo‘lmaganida hayotining mazmun-mohiyati – hikmatini anglamoqlikni boy bermasmidi?! Ahvoli nima kechardi u holda? Qish bo‘yi kutdi-ku, o‘zi! Aytdi-ku, negadir bu safargi qish tamomila o‘zgacha o‘tdi, Romiz Jo‘raning toqatlari toq bo‘ldi, yuraklari chok-chokidan so‘kilayozdi. Butun qish bo‘yi bahorni sog‘inib, bahorga intilib, uning ishqida kuyib-o‘rtanib kun sanadi, tun sanadi. Yoshi ulg‘aygani, keksalik-qarilik alomatlari ko‘ngliga g‘ulg‘ula soldi, shekilli, sabr qilolmadi, toqati yetmadi, go‘yo shu bugun dalaga – bog‘ hovlisiga chiqib bormasa, erta bahor tarovatini o‘z ko‘zlari bilan tomosha qilmasa, chinakam ko‘klamoy arazlab kelmay qo‘yadigandek, qaytib bahorning diydoriga yetishish nasib etmaydigandek xavotirda yurakkinasi o‘rtandi. Hovliqdi. Tavakkaliga ulovga egar urdi.
Faslning injiqliklariga qarab ish tutadigan zamonlar o‘tib ketgan, binobarin, andek bemavrid ekaniga qaramay, Romiz Jo‘ra yeng shimarib bir unnasa, dunyocha yumushni o‘rinlatib tashlaydi. Qarabsizki, chor atrofdagi qo‘ni-qo‘shnilar kelgunga qadar hovli qo‘g‘irchoqdek yasanadi, to‘yxonaga, ayyomxonaga aylanadi. Romiz Jo‘raning g‘ayratlariga ofarinlar yog‘dirishadi hali. O‘zlari har yildagidek picha hayallashganlarini xaspo‘shlab… uh dangasa, uh ishyoqmas chiqdi hamsoyalari! Vaj desa qop-qop: hali bahor kelganicha yo‘q, hali yerdan zax ko‘tarilganicha yo‘q, uylar sovuq, loygarchilik… shaharda xizmatchilik. Tanbalga bahona qahatmi?! O‘zlaring zax, o‘zlaring sovuq, o‘zlaring dangasa! Ana bahor, mana bahor, dalamizga-bog‘imizga chiqinglar, marhabo, barchamizga intizor-mushtoq-ku bahor!
Umrida ikki bayt bitmagan banda qayerdan “shoir”lik martabasini orttirgan – Romiz Jo‘raning o‘zi ham aniq-tiniq bilmaydi, illo, ayni shu tobda… qaranglar, hovli ho-ov etakka dovur qip-qizil ko‘l misoli tovlanib jilvalanar, sal ehtiyotsiz xatti-harakatga yo‘l qo‘yguday bo‘lsa, qirmizi ko‘l suvi lop etib alanga olishi muqarrardek ajib va g‘aroyib manzara!.. Shu xayol aralash mo‘yqalam tutishda uquvsizligini o‘ylab joni o‘rtandi. Attang, agar men rassom bo‘lsam edi, chizib berardim… Tangri taolo shul mo‘jiza san’atdan qismaganida bormi, ayni behisht suvratiga kirgan bu chaman, bu chorbog‘ni tasvirlashda Rerixdan tortib Tansiqboyevgacha, Dalidan tortib Axmarovgacha yaxday suv ichsinlar edi, uning oldida!..
Oradan bir zum o‘tar-o‘tmas, joni o‘rtanayotganini unutishga ulgurmay turib bastakorga aylanib qolishini va bog‘ning ushbu tarovatiga monand kuy bastalashni tusadi ko‘ngli. Xayoli izmidan chiqqandi uning, g‘ayrishuuriy alfozda o‘zini mohir tanburchidek his eta boshladi, yana soniya o‘tmay fikridan qaytdi – sozlarning sozi sato, dedi-yu, tuyqus joniga igna suqilganday ko‘ksi jazillab achishdi. Axir tanbur yo satosiz hayotining bir kuni-bir lahzasini tasavvur qilolmasa, nima jin urib, kech kuzda dov-dastgohni moshinga ortganicha shaharga jo‘nab ketayotib jondek shirin sozini manavi kulbada unutib qoldirdi?! Uzun qish bo‘yi bu ayriliqqa qanday dosh berdi?! Dala hovli sog‘inchidan bu qadar o‘rtaniblar ketayotganining boisi shundadir, hoynahoy?! Mana, xayriyat, nihoyat, yetib keldi, yaxshiyam, tavakkaliga ish tutdi, hoziroq, hayallamay kulbasining eshigini ochadi, kira solib tanburini qoziqdan oladi – zax uy ichida nam tortganmi-yo‘qmi, qat’i nazar, noxunni barmog‘iga qadaydi, yo‘q, kamonni shaylab sozni sozlab ham o‘tirmaydi – kulbani, lolayu lolaqizg‘aldoqqa limmo-lim to‘lgan ko‘l-hovlini, butun atrof-javonibni, hoovv ko‘rinib turgan qorli tog‘ cho‘qqilariyu yam-yashil libosga burkangan qir-adirlarni tanbur navosi, sato nolasi tutadi – Romiz Jo‘ra mast bo‘lib o‘zi yangigina, ho-ozirgina bastalagan “Erta bahor” kuyini chaladi!..
Dastavval boshpanaga olib boradigan yo‘lni ochsa, uyga kirsa, ust-boshini almashtirsa, omborxonadan mehnat aslahalarini olib chiqsa… shu-da, “Erta bahor” kuyi, shu-da, o‘ynoqi tanburu sato nag‘masining avji osmonlarga yetgani – erta bahor yumushlarining boshlangani!
Romiz Jo‘ra beliga uradigan balandlikda o‘sgan o‘t-o‘lanni dam oyoqlari, dam qo‘llari bilan avaylabgina ikki tomonga bukib, yo‘l ochib uy tomon yurdi. O‘-o‘, baraka, ho‘-ho‘, baraka!.. Qish asnosi tuproq momiq qor ko‘rpasi ostida miriqib nafas rostladi, bahor seryog‘in keldi, momaqaldiroq bearmon qaldiradi – miriqib o‘sdi, bearmon o‘sdi bu o‘t-o‘lan deganlari! Bay-bay, bay-bay!..
Yo‘lning yarmiga yetar-etmas Romiz Jo‘ra bir zum tek qotdi. Yana beixtiyor butun vujudi quloqqa aylandi. Jimjit, tiq etgan-chirq etgan sas-sado yo‘q. Jim turing-g, shovqinlamang-g, uyg‘onur uyqudin ko‘klamoy pari! Hoy, mo‘ysafid qish, bas endi, turaqol, nari!.. Yuzini ko‘kka tutganicha ko‘ksini to‘ldirib-to‘ldirib nafas oldi, ming turfa o‘t-o‘lanning anvoyi isi dimog‘ini yorib yuboray dedi. Huzurlanganidan g‘ayrishuuriy tarzda ko‘zlari yumildi.
– Jim turing-g, shovqinlamang-g…
Tizzasining ko‘zi sovuq qotdi. Romiz Jo‘ra shimi tizzadan yuqorisigacha shilta bo‘lganini ko‘rdi. Tizzadan suv kechib borayotgandek eti junjikdi. Shudring batamom to‘kilib ulgurmaganini hisobga olmabdi, picha shoshibdi. Qo‘liga tayoq-payoq olib, o‘sha bilan yo‘l ochish xayoliga kelmabdi. Xotini bilgandek aytgan ekan – egningiz ho‘l bo‘lsa quritolmaysiz, degandi.
Bu yog‘i tavakkal, dedi o‘ziga o‘zi Romiz Jo‘ra. Yo‘lida davom etdi. Oldi ochiq ayvonga yetdi-yu, yalang joyga chiqqanidan yengil tortdi, oyog‘ini tapillatib siymon yerga urdi. Shimi, tuflisidan zumrad tomchilar har yonga sachradi. Romiz shoirning badaniga titroq yugurdi. Qo‘ltig‘idagi bo‘xchani deraza tokchasiga qo‘yib, ortiga o‘girildi – lolayu lolaqizg‘aldoqlarga, ularga basma-basiga ochilgan chuchmomayu binafshalarga endi ayvon tomondan ko‘z yugurtirib, g‘aroyibotga ro‘para kelgan ajnabiy sayyohdek ko‘zlarini uzolmay qoldi. Insonga yana qanday mo‘jiza kerak?! Birov ekmagan, urug‘ini sochmagan bo‘lsa, qishi bilan qor ostida jon saqlab yotgan-u, yo qudratingdan, quyosh yilt etib charaqlagan zamoni gurillab ko‘kka intilgan, porillab, lovullab, chappar urib ochilgan! Dala hovlini, atrof-javonibni, butun olamni yashnatib yuborgan! Ramziy shoir chertmasa kim chertadi quvnoq tanbur navosini?!
Romiz Jo‘ra kalit shodasini olib, avval temir panjara qulfini, so‘ng eshik qulfini buradi, eshik ochilayotib g‘ichirlab-zorlanibgina emas, faryod chekib yubordi. Hijron azobida qolgan oshiq-ma’shuqning ohu nolalarga to‘la gina-kuduratidek eshitildi Romiz shoirning qulog‘iga. Uning betiga gup etib sovuq epkin urildi. Zax havo uyga biqinib olgan-da qishi bilan. Tag‘in ichkariga kirib uzoq o‘tirmang, zaxlab yotgandir, degandi ayoli. Xuddi ko‘rganday aytgan ekan. U ichkariga qadam bosdi. Oyog‘ining ostini chayon chaqqandek irg‘ib tushdi. Nam tortgan shimi tizzasi, boldiriga chippa yopishdi. Eti junjikdi.
– S-salomlarim-m…
Romiz Jo‘ra bu safar og‘zini to‘ldirib butun dala hovlini boshiga ko‘tarib salom berish odatini kanda qildi – uy ichiga ta’zim bajo aylaganda ovozi aks sado bermay, yalang devorlarga singib ketdi-o‘chdi. O‘t-o‘lan oralab kelaturib qo‘zg‘atib yubordi-da, hovli tomondan yopirilgan turfa anvoyi hidlar zumda uy ichini to‘ldirdi.
– Shudring selgimagan ekan… shimning shiltasi chiqdi, onasi, – dedi u ikkala qo‘lidagi tugunchani pastak kursi ustiga tashlab.
– Aytmaganmidim?!
– Aytganding, aytganding. Hozir, o‘ylab ko‘ray, bir zumda chorasini topamiz. Shimning pochasi tez quriydi. Yechaman, hovliga olib chiqib oftobga yoyaman – quriydi-qoladi. Hech kim-hech zog‘ yo‘q – Ramziy janoblari bir pas-yarim pas uyda, yo‘q, ayvonda o‘tira turadilar, yo‘g‘-e, ish kiyimlarim bor-ku, o‘shalarni kiyib olaman, vassalom, onasi.
Romiz Jo‘ra hozirgina olib kelgan tugunlardan birining bog‘ichini yechayotib kursidan ko‘z uzolmay qoldi. Almisoqdan qolgan, rangpar chorburchak kursi boyagina yetimxonaga tashlab ketilgan go‘dakdek qunishib turardi. Bolalik kezlari qishin-yozin sandalga qo‘yilardi. Qayta-qayta bo‘yalganidan olachalpoq tusga kirgan, to‘rt oyog‘ida bazo‘r qad rostlab turgani qiyofasidan ma’lum. Ustma-ust taxlangan to‘rtta kosa ham qariyb kursining yoshida – qadimgi kosalardan, to‘q ko‘kish gullari yirik-yirik. Hozirgi kosalar onasidan meros bu kosalar oldida misoli piyola. Javondagi lampa shisha-chi? Volidai mehriboni uni o‘g‘il-qizlari bitta ko‘rpa ostida qatorlashib yotadigan uylari tokchasiga tun bo‘yi yoqib qo‘yar, bola Ramziddin ko‘zi uyquga yumilguniga qadar sirli bir jumboqqa javob topmoqchidek lampa shishaning maydataroq toqili shiftga urilib turgan shu’lasidan ko‘zini uzolmasdi.
Oynavand javonda cheti uchgan sopol likopcha, likopcha o‘rtasida nimkosa kattaligidagi sap-sariq idishcha – igna-ip, angishvona saqlagan onasi rahmatli unda… Romiz Jo‘ra tosh qotgan devor soatiga termilib qoldi. Otasi allaqaysi yurtga borganida keltirgan – qo‘ni-qo‘shnilar, yaqin-yiroqlar atayin osma soat tomoshasiga gala-gala bo‘lib chiqishgan, zang chalinishini o‘z qulog‘i bilan eshitish niyatida erinmay kutib o‘tirishgan ularnikida. Xonadonning arzandasi edi, endi esa… ovloq dacha mulkiga aylanganiga allaqancha yillar o‘tdi. Yurmasa ham mayli, chiqillamasa ham, zang urmasa ham mayli, devorda turibdi-ku, osh-non talab qilmayapti-ku. Ahyon-ahyonda tikilib-termilib qoladi Romiz shoir, shunday damlarda kapgiri qilt etmasa-da, zang chalmasa-da, soat hamisha yurib turganday, o‘g‘li uylanishi munosabati bilan zamonaviy ta’mirdan chiqqan uy-joyiga sig‘may qolgan bu topilmas bisot mutlaqo, hech qachon, zinhor-bazinhor to‘xtamaydiganday chiq-chiq, chiq-chiq, chiq-chiq sadosi qulog‘ining ostidan uzilmaydi…
Romiz Jo‘ra pochalari tizzasiga dovur shiltasi chiqqan shimini almashtirish niyatida ichkari xona eshigini ochdi-yu, yuragi shuv etib ketdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, to‘rdagi devordan unga ota-onasi tikkasiga qarab turishardi! U yugurib devor yoniga bordi, ikki qo‘llab mixga ilingan suratga talpindi, kechirilmas ayb ish qilib qo‘ygan odamdek vujudidan duvva hovur ko‘tarildi. Badaniga qaltiroq turdi. Qish bo‘yi-ya?! Kimsasiz, sovuq-zax kulbada-ya?! Nechun shuni o‘ylab ko‘rmadi-ya, nahot shunchalar beta’mizlikka yo‘l qo‘ydi-ya?!
Romiz Jo‘ra suratni ikki qo‘llab tutganicha yuz-ko‘ziga bosdi, apil-tapil chang-g‘uborini sidirib tashlab, uzr so‘rayotgandek entika-entika o‘pdi – suratni qay holatda tutmasin, Romiz Jo‘ra harchand nigohini olib qochmasin, otasi bilan onasi undan ko‘zlarini uzishmadi – kulimsirab, vazmin… minnatdor nigoh-la termilgancha qarab turaverishdi.
Romiz Jo‘ra temir karavot chekkasiga ohista cho‘kdi. Yuz yildan oshgan-ov, bu xonadon xizmatiga yollanganiga! Bu ham otasi va onasidan yodgorlik… Aytmoqchi, shahri azimdagi shohona uy-joylariga nimaiki sig‘masa, bari shu yerga – dala hovliga tashib keltirilgan. Oyoq ostidagi kigizni aytmaysizmi! Romiz bolaligidagi changlarning isi keladi undan. Bolalik uylarida, sandalning chekkalariga solar edi onasi. Ostidan bo‘yra to‘shalgan, so‘ng kigiz. Namat deyishardi. Hozir bolalari namat nima ekanini bilishmaydi. O‘g‘li aytib qo‘ymaydi: ada, uyda shuuncha gilam o‘rami yotibdi chang bosib, o‘sha namatni bahridan o‘taqoling, degani-degan. Romiz Jo‘ra o‘laman sattor, ko‘nmaydi, namat ekan-u, labi uchgan piyola, dastasi uzilib tushgan obdasta, ichiga yosh bola yashirinib olsa bo‘lgudek, endi hech narsaga yaramaydigan xum – hamma-hammasi, ha-ya, ana, qoziqda – ikki oyoq-ikki tizza o‘rni o‘yilib tushayozgan, sajdaga borgan manglay o‘rni oqarib ketgan guldor joynamoz – birortasining bahridan o‘tishga yuragi dov bermaydi, ko‘ngli bo‘lmaydi, istamaydi, tashlab yuborish tugul, shunday xayolga borgan dam ota-onasiga xiyonat qilayotgandek ichlari o‘rtanadi. Otamdan, onamdan nimaiki qolgan va uyimizga sig‘mayotgan bo‘lsa, beringlar, hammasiga dachada joy topiladi, deydi. Bajonidil opkeladi. Har biri otasi va onasini eslatuvchi ro‘zg‘or buyumlarini sog‘inib keldimikan bu safar Romizjon, dala hovliga?!
– Dacha omborxonaga aylanib ketdi, baraka topgur, – deydi ayoli norozilanib.
– Ombor emas, muzey, – deydi otasini ranjitmaslik uchun yumshoqroq qilib o‘g‘li.
– Loaqal dachani adammi ixtiyorlariga qo‘yaylik, – deb uning yonini oladi qizi.
Romiz Jo‘ra qo‘l uchi tegsa g‘ichirlab ketadigan yozuv kursisi ustida qolgan bir varaq qog‘ozdagi tanish xatga ko‘z yugurtirdi. Ovoz chiqarmay o‘qidi: “Ushbu hujjat ila dalolat keltiramankim, Xapu-Xapu ko‘chasidagi Chinnioy xonimga qarashli 8-uyda yashovchi, asli xonim afandi bozordan arzongarovga sotib olgan Petrus o‘tkir savdoyilik xastaligiga giriftor bo‘lgan, shu munosabat bilan…” O‘zining dastxati. Qayerdan kelib qoldi?.. Romiz Jo‘ra qog‘oz ostida yana bir varaq borligini ko‘rdi. Undagi yozuvni hijjaladi: “Nastoyaщim udostoveryayu, chto Pyotrus, projivayuщiy po adresu: ul. Xapu-Xapu, 8 u g-ji Chin, priobretennыy yeyu na rыnke, stradayet ostrыmi pristupami bezumiya i, v svyazi s etim…”2 Oxirigacha o‘qimay turib yodiga tushdi. Qandaydir vaj bilan, yodida yo‘q, yoki bekorchilikdami, o‘zini sinab ko‘rish niyatida shu matnni tarjima qila boshlagan-u, chala qolgandi. “Shizotimiya”si nima? “Siklotemiya”si-chi?.. Shunga o‘xshash atama so‘zlar tarjimasiga tishi o‘tmay chala qoldirgandi, chog‘i, boshlagan ishini. Tishi o‘tganda-chi? Kitob-lug‘at titkilab topganda-chi? Boshiga uradimi bu tarjimani?! Gadovachcha xastahol Petrus juhudning tashvishi yetmayotgandi Romiz Jo‘ra janoblariga?! Shoirlik ham evi bilan-da, okosi! Qish bo‘yi xotiringni bejam qilgan niyatingga yetay deb turibsan, mana, naq jannati na’iym islari gurkirab, peshvoz kutib olmoqda. Ana, bahoroy! Mana, ko‘klamoy! Bunchalar ko‘zlaring, ko‘zlaringga qo‘shilib idroklaring qamashdi, Romizboy?!
Shu payt qayerdandir shovqin keldi. Romiz Jo‘ra diqqatini jamladi. G‘alati g‘ala-g‘ovur eshitildi. Iya, mendan ilgari otni qamchilaganlar borga o‘xshab qoldi-yu! Kim keldiykin?! Ovozlar qay tomondan chiqyapti, o‘zi? Jalol qo‘shni – yo‘q, Qoravoy aka – yo‘q, domla – jazirama saraton havoga o‘t qo‘ymagunicha qorasini ko‘rsatmaydi. U holda… Uch-to‘rt hovli naridan bir qancha erkak-ayolning qah-qah otib kulishgani eshitildi. Meni mazax qilishmayaptimi, ishqilib – xayoliga oralagan gumonni o‘sha zahoti unutdi Romiz Jo‘ra. Moshinasoz usta, qo‘li yengil – bozori chaqqon usta, ishning ko‘zini biladigan usta. Qachon qaramang, uch-to‘rtta shogirdini boshlab keladi. O‘zi tinim bilmaydi, o‘zgalarni ham tindirmaydi – ishlatgani-ishlatgan.
Romiz Jo‘ra ham shogirdlari qurshovida kelmoqchi edi, ayoli qo‘ymadi, shu izg‘irinda o‘zingiz borganingiz yetmaganday, shogirdlaringizni qo‘ya turing, dedi, oldi – yoz, obborarsiz, dedi. Yo‘qsa… Usta moshinasozning qiyqirib butun dala hovli deparasini boshiga ko‘tarib “voh-ha-ho”lashi eshitildi. Demak, olib kelsa bo‘lardi. Ikkitasi yo uchtasiga bir og‘iz imo qilsa, bari beminnat yigitlar – uchib kelishardi. Xotini, sovuq kunda uzoq qolib ketmang, tezda izingizga qayting, deb javraganiga qaramay, Romiz Jo‘ra mo‘ljallagan bir dunyo yumushni shu kunning o‘zida bitirib yuborardi. Hoy, derdi, sen u ishni qil, hoy, sen bu yumushni uddala, deb har kimning vazifasini belgilab berardi. Eh, attang! Xotinning so‘ziga kirdi-ya!.. Dachada shoirlik ketmaydi, deb necha qayta o‘ziga o‘zi tanbeh bergandi-ya! Bir safar tor ko‘chadan darvozaga qadar moshinasida kirib keldi-yu, yomg‘ir yog‘ib o‘tganini hisobga olmagan ekan, arobasining g‘ildiragi loyga botdi-qo‘ydi. Harchand urindi, qani endi, “Neksiya” tushmagur joyidan jilsa! Aksiga olib qo‘ni-qo‘shnilar yo‘q, Romiz ko‘makka yaraydigan erkak izlab ketdi. Aylanasiga bir chaqirim yurdi eshikma-eshik, yo‘q, erkak zoti qolmabdi qishloqda. Qaysi eshikka bosh suqmasin, xotin-xalajning ming‘irlagan ovozini eshitdi: “Tirikchilik, tog‘o, dadasi safar ketganicha daragi yo‘q…” Bog‘ hovli ishni puxta qilganniki! Bu yerda birovning savobiyu gunohi o‘zgaga begona. Obbo, Petrusbachcha-ey, sening dog‘ingda kelmagandim… Chala-chulpa qoralangan varaqdan chakak-chakak bo‘lib ketgan, rangi zahil, joni ilviragan pajmurda bashara mo‘ltayib qarab turganday… Manavinday behisht bog‘ini umrida ko‘rmagan-da, bola paqir! Shizotimiyani o‘qigan, tsiklotemiya asrorlaridan najot istagan, oqibati esa… paymona poyoniga yetayozgan… Manavinday lolazorlarda taniyu joni yayrab-yashnab nafas olmagan – bahra topmagan, tanbur-sato chertmagan, munojotlar aytmagan, na bu dunyo, na-da… Petrus-s… shizo-tsiklotemiya… aka-uka, egiz xastalik… tanbur, sato… chamanzor… lolazor… lola-a…
– Pochcha-a!
Romiz Jo‘ra birov orqadan kelib shapaloq tortgandek qulog‘i shang‘illab ketdi, ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Kimdir chaqirdimi yoxud qulog‘iga chalingandek bo‘ldimi, diqqatini jamlamoqqa urindi-yu, afti bujmaydi. Xayoli o‘zida bo‘lmasa-da, Omadning ovozini darhol tanidi. Qayerdan paydo bo‘la qoldi?! Osmondan tushdimi-erdan chiqdimi?! Kim chaqirdi uni bu yerga? Shayton boshlab keldimikan yo?.. Har yili, shu yozda dachangizga boraman, pochcha, deb boshini qotiradi-yu, qadam bosmaydi. Boltun!.. Opasi bilan yetaklashib kelishdimi yo?..
Romiz Jo‘ra xayolida aralash-quralashgan so‘z o‘yinini uvol qoldirishni istamay, uni tugallab qo‘ydi: …O‘zlaridan ko‘rsin! Badbaxt Petruslar qavmi na bu dunyoda, na u dunyoda ko‘radi bunday bog‘larni!..
Romiz Jo‘ra istar-istamas ayvonga chiqdi-yu, oyoq ostida ustma-ust yotgan ketmon bilan boltaga ko‘zi tushdi. Ajablanib ulgurmagan ham ediki, bir qo‘lida belkurak, boshqasida tesha ko‘targan Omad paydo bo‘ldi.
– Bilaman, pochcha! Kitob titkilashga tushsangiz dunyoni unutasiz. Bog‘ yumushlarini manga qo‘yib bering, o‘zim boplayman, illo, siz ichkarida zax tortib qolmang-da. Bahorri yumushi ko‘p, qarang, nimadan boshlashshi ham bilmaysan, odam! To‘g‘rimi?
– Har banda, har narsa zimmasida o‘z vazifasi, o‘z yumushi bilan keladi dunyoga…
Romiz Jo‘ra shunday deb ayvon sahnida yotgan ketmonga termilib qoldi. Otasi rahmatli atay temirchilar ustaxonasiga borib, quydirib kelgan, “Obidketmon” deb nom qo‘ygandi – beso‘naqayligini demasa, haliyam binoyiday yaraydi. Arraga ham otasining dasti tekkan… Aslahaxona qulf edi, Omad tushmagur kalitni so‘ramadi ham?..
– Ja, tagdor gap qilasiz-da, pochcha! – Shang‘i ovozi keldi Omadning. U uyning orqa tomonidagi aslaha-anjomlar saqlanadigan omborchani taraqa-turuqlatib kavlashtirayotgan, yana nimanidir izlayotgan, chakagi esa biror nafas tinay demasdi. – Man konkret odamman, konkret gapiraman. Ma’nolarga to‘la tagdor gapingizga kelsak, siz bilan biz-ku, bandamiz, to‘g‘ri aytdingiz, bu dunyoda har bir odammi o‘ziga yarasha yumushi, vazifasi… lo‘ndagina qilib missiyasi deylik, tushunarli-da, to‘g‘rimi?.. Manimcha esa, pochcha, rahmatli otangizdan qolgan manavi temir-tersaklarning ham… – Romiz Jo‘ra “Buncha shang‘illamasa!” deb ko‘nglidan o‘tkazib ulgurmagan ham ediki, Omad zipillab ayvon sahnida ko‘rindi, shosha-pisha yerda yotgan aslahalarga ko‘z yugurtirdi-yu, taqqa to‘xtadi: – Iya, teshavoy janoblari o‘z oyoqlari bilan chiqibdilar-ku! Yoki, siz opchiqdiyzmi? Izlamagan joyim qolmadi-ya!..
– Men hali orqaga o‘tganimcha yo‘q… Omborri kaliti mana…
Omad pochchasining salmoqlanib, hatto ortiqcha ro‘y-xush bermay ming‘irlashiga ham, uning kaftida turgan kalit shodasiga ham e’tibor qilmadi, ovozining boricha, lekin kaltagina qilib “Xah-ho” deya kuldi-qo‘ydi, so‘ng yerda yotgan aslaha-anjomlarga qarata so‘zamolligi tutdi:
– Teshavoy janoblari… Ketmonali… Arrajon-arra! Hammasini missiyasi konkret, pochchajon pochcha! To‘g‘rimi?.. Mana shu instrumentlar hammasi o‘z vazifasini ado etsa, dunyoda bitmaydigan ish qomaydi, demoqchisiz-da, to‘g‘rimi?.. Manavi o‘rmonni, o‘t-o‘lanni lola-polasi bilan!.. Iya, tavba, tog‘ lolasi, lolaqizg‘aldoq, binafshayu chuchmomalar birvarakay chappar urib ochilgan bog‘ni birinchi ko‘rishim umrimda, pochcha! Nima balo, bog‘ingizni sehrlab qo‘yganmisiz, oka?!
– Men bog‘ni emas, bog‘im meni sehrlab qo‘ydi, Omad, bog‘im.
– Bu jannati gulzor oralab hurlar ham chiqib kelar astalab deng, pochcha-a! Ah-ha-ha-he-ey-y!
– Omad tushmagur-ey! Sizga gap bo‘lsa!..
– Alo-omat! Bu yog‘iga qarab turing, hammasini shest sekundda yumaloq yostiq – guldur gupp, qip tashlayman!..
Romiz Jo‘ra qo‘rqib ketdi, sapchib Omadga tashlanmoqchi, agar u qo‘liga birorta aslahani tutgan bo‘lsa, jon-jahdi bilan yulqib olmoqchi edi. Xayriyat, Romiz shoirning xayolidan kechgan gapi nihoyasiga yetib ulgurmay qaynisi lip etdi-yu, tog‘dan tushib kelgan sharpaday g‘oyib bo‘ldi. Zum o‘tmay uning ovozi uy orqasidagi maydoncha tomondan eshitildi.
– Pochcha! – deb chaqirdi u uyga o‘t tushganday hovliqib. – E, buni qarang, bu yoqqa o‘tsangiz-chi! Tezroq, oka!
Romiz Jo‘ra bir-bir odim tashlab, uyning orqa tomoniga o‘tdi. Maydoncha torgina, ixchamgina, lekin maxsus bo‘yab qo‘yilganday yam-yashil, qizil, sariq, targ‘il lolayu lolaqizg‘aldoqlar chunonam tig‘iz va quyuq ochilgan ediki!..
Romiz Jo‘ra Omadning tizzalab cho‘k tushgancha qo‘llarini boshi uzra ko‘tarib, ko‘kka qarata nola chekayotgan, tavallo qilayotgan alfozda ko‘rib hayron qoldi.
– Dacha emas, oka, – dedi dona-dona qilib Omad. Uning tovushi xushovoz hofizning ovozidek jarangdor va tiniq chiqdi. – Jannat-ku bu, Ramziddin pochcha, jannatning o‘zginasi-ku! Shuncha yil, shu-uncha zamondan buyon bu yerga qadam bosmagan men tentak, men durrak! To‘g‘rimi, pochcha?!
Romiz Jo‘ra ko‘z o‘ngidagi manzaradan tili aylanmay, g‘o‘ldirab qoldi. Xiyla muddat jim turgach, tilga kirdi:
– O‘t-o‘lan, lola-lolaqizg‘aldoq, dala-tosh, bog‘u bahor – shu-da, hammasi o‘z burchini ado etayotgani…
Omad hamon hayrat iskanjasidan chiqolmayotgandi. Pochchasining aytganlari qulog‘iga kirmadi ham.
– To‘g‘rimi?.. – Holdan toygan yo hushidan ayrilayozgan odamdek so‘ray oldi u shivirlab. – Odamlarni jannatga kelishga ham vaqti yo‘q…
– To‘g‘ri aytasan, Omad, jannatning o‘zginasi, biroq…
Biroq Romiz Jo‘raning bu javobi ham Omadning qulog‘iga yetib bormadi, chunki qaynisi to‘satdan irg‘ib qad rostladi-da, pildiraganicha ayvon tomonga o‘tib ko‘zdan yo‘qoldi. “Betoqat! – Sokin halovatini buzgani uchun hamon qaynisidan ranjigani alamida dedi Romiz Jo‘ra. – Besabr!”
Ranjidi, ijirg‘andi, ensasi qotdi… zo‘raki iljaydi, Omadning hovliqishlari battar g‘ashini keltira boshladi. “O‘zi so‘raydi-da, javobiga quloq ham solmaydi…” – Romiz Jo‘ra ichida shunday deb ulgurmay Omad “obidketmon”ni ikki qo‘llab tutganicha pochchasining ro‘parasiga kelib to‘xtadi.
– To‘g‘ri aytdingiz, jannatni o‘zginasi! Odamlar vaqt topmasa – o‘ziga!.. Men o‘z missiyamga kirishaveraymi?
Romiz Jo‘ra javob o‘rniga indamay yaqin borib, qaynisining qo‘lidan ketmonni oldi-da, ohista chekkaga qo‘ydi.
Bu orada quyosh ikki terak bo‘yi ko‘tarilgan, aksari lolaqizg‘aldoqlar yaprog‘i to‘kilib, to‘kilmaganlari esa yumilib, so‘liy boshlagan edi. Romiz Jo‘ra ichkariga kirdi-da, ko‘pam hayallamadi, engil-boshini almashtirib, zumda qaytib chiqdi. Chiqqan zahoti yerda yotgan asbob-uskunalarga razm soldi. Ularning orasida qaysi biridir ko‘rinmadi. Romiz Jo‘ra qaynim ishga tushib ketdimikan degan xavotirda shoshib qoldi. Jadal yurib maydonchaga o‘tdi.
Omad maydonchaning bir burchida o‘t-o‘lan orasida arang ko‘zga tashlanayotgan yong‘oq daraxtidan qolgan to‘ngak tepasida enkayganicha girdikapalak bo‘layotgan edi. Romiz Jo‘ra uning o‘zidan ko‘ra qo‘lidagi teshaga xavotirlanib qaradi.
– Omad! – deb chaqirdi.
Omad pinagini buzmadi, go‘yo dala hovlida tanho o‘zi qolgandek, bu yerda o‘zi xon – ko‘lankasi maydondek, ko‘ngli nimani tusasa o‘sha bilan mashg‘ul bo‘ladigandek, mezbonning chaqirishiga ham parvoyi palak edi.
– Ilon! – dedi u, pochchasi yoniga yaqinlashib kelganida. Shunday dedi-yu, ikki ko‘zi o‘t-o‘lan orasida, qo‘lidagi teshani boshi uzra shay tutgan alfozda, Romiz Jo‘raga qayrilib qaramadi. – Sap-sariq! Mana mu-u-unday-y! – dedi ikkala qulochini keng yoyib.
Romiz Jo‘ra qaynisi ko‘rsatgan joyga qarab ulgurmay, Omad yana vahima ko‘tardi:
– Ketdi! Qochdi!
Ilon o‘t-o‘lan oralab uyni yonlab uzoqlashdi, shekilli, Omad boyagi-boyagi engashganicha o‘sha tomon yugurdi. Romiz Jo‘ra yugurmadi-yu, qaynisining izidan jadal ergashdi. Unga yetib olgach, oshiqmay, zarracha hovliqmay, Omadning kapalagini uchirib yuborgan maxluqni nigohlari bilan izladi. Topdi. Uzungina, daraxtning yangigina archilgan po‘stlog‘idek sap-sariq, terisida allaqanday naqshin chiziqlar yaqqol ko‘rinib turibdi. Ilonlar maysa, o‘t-o‘lan orasida chaqindek tez sudralishini u yaxshi bilardi.
– Kallasini yanchaman! – deb baqirdi Omad hamon pochchasiga qaramay-netmay, teshani boshi uzra o‘ynatib. – Ikki bo‘lib tashlayman!
Romiz Jo‘ra avval g‘oyatda bosiqlik bilan qaynisining kiftiga qoqib qo‘ydi, shunda ham o‘ziga o‘girilib qaramayotgan Omadning qo‘lidagi teshani avaylabgina olib, keksa tol daraxtidan meros – necha yillardan buyon shu yerda uzala tushib yotgan to‘sinbop xodaga o‘tirdi. Omad qayerdandir qo‘liga ilingan so‘yil bilan qurollanib, hamon ilonni quvishda davom etdi. Zum o‘tmay uning afsuslangani eshitildi.
– Yo‘q, yo‘qoldi!.. Qayoqqa qochdi?! Bir ursam o‘lardi-ya, pochcha, to‘g‘rimi?!
– O‘lmaydi, o‘lmaydigan xilidan… – Ilon g‘oyib bo‘lganidan mamnunligini yashirmay kulimsirab javob qaytardi Romiz shoir. – Begona emas, beziyon, qiyomatli jo‘ra tutunganmiz…
– Ola-a! Ja, opqochasiz-a, pochcha?
– To‘g‘risi, men yo‘g‘imda bog‘ni qo‘riqlab yotadi. Jo‘ra tutinganimiz rost.
Omad bilganidan qolmadi. U shosha-pisha maydoncha tomonga o‘tib ketdi. Romiz Jo‘ra endi qaynisining bu qilig‘iga e’tibor qilmay qo‘ydi, u Omadni “qurolsizlantirgani”dan xotirjam tortdi, charaqlagan quyosh yorug‘ida yanayam yashnab ketayotgan bog‘ manzarasidan dili yayrab, yana xoli qolishni ko‘ngli tusadi. Bog‘ hovlini og‘ushiga olgan sukunatga vujud-vujudi bilan singib ketgisi keldi. Yonginasidan, yo‘q, o‘zi orom olib o‘tirgan to‘sin-o‘rindiq ostidan o‘tgan choqqina ariqchadan oqib borayotgan suvning jildirashi eshitildi. Odatda bu ariqchalarga suv bog‘lab kelish koni mashaqqat edi, hozir esa bog‘ sohibining muborak tashrifi sharafiga, mehr-sadoqatiga tabrik va tortiq maqomida buloq suvidek tiniq suv o‘z “oyog‘i” bilan chopqillab kelgandi…
Romiz Jo‘ra xiyla pallagacha ixtiyorini parishon xayollari izniga qo‘ydi. Ko‘zi chaman bo‘lib yasangan bog‘da, xayolida esa… ayoli, qizi, o‘g‘li… akasi, opalari, do‘stlari… ustozlari, sadoqatli shogirdlari… u bilgan-netgan hamma-hamma yaxshi odamlar bu go‘zal hovliga jamlanishgan, hammalarining chehralarida tabassum, shodmonlik… Shu chog‘da, shu bog‘da har narsa go‘zal, har narsa ko‘kargan, har narsa kular… Romiz shoir umri mobaynida dilda pinhon tutgan orzusiga yetgan, armonlari qolmagan odamdek dam shuuri, shuuriga qo‘shilib vujudi zaminu osmon orasida muallaq parvoz qilayotgan bulut parchasidek o‘zini yengil his qilar, dam esa qo‘l-oyog‘i holsizlanib tanasi toshdek og‘irlashib ketar, bunday o‘zgaruvchanlik boisini tushunolmay xavotirda turmoqqa shaylangan, hozirlangan ham ediki, birdan o‘rindiq qars etdi. To‘sin Romiz Jo‘ra o‘tirgan joyidan sinib, egilib yerga tegib qoldi. Romiz Jo‘ra turib ketmadi, qimir etmadi ham. Xayolining bir chekkasidan “Tabiiy, necha yillik tol qor-yomg‘ir ostida chirigan” degan o‘y o‘tdi, xolos. Shu payt Romiz Jo‘ra mutlaqo kutmagan hodisa yuz berdi: ko‘z qiri bilan qandaydir g‘imir-g‘imir harakatni ilg‘agandek bo‘ldi. E’tibor bermadi. Biroq bir zum o‘tar-o‘tmas e’tibor qilmaslikning iloji qolmadi: Romiz Jo‘ra butun badani bo‘ylab qumursqalar chopqillab qolganini ko‘rdi. Kuldi. Nima qilishini bilmadi. Xiyolgina qo‘zg‘almoqchi yoki barmog‘ining uchginasini salgina qimirlatmoqchi bo‘lgandi, chumolilar chunonam ko‘paydiki, chunonam jazavaga tushdiki!.. Yirik-yirik, oqish, sarg‘ish, qoramtir. Oyoqlari uzun-uzun. Qulog‘ining uchi jizilladi, “Tishladi, – dedi Romiz Jo‘ra. – Qulog‘imga kirib ketyapti”. “Labimni chaqdi…” deb ulgurmay chumolilar galasi qoshi, kiprigi orasini “payhon” qilib ko‘zlarini talashga kirishdi. Romiz Jo‘ra shunda ham qarshilik ko‘rsatmadi, chidadi. Qumursqalarni haydab solish o‘rniga o‘zini chalg‘itishga tutindi. Ko‘z qiri bilan yon-tevaragiga alangladi, qaynisining qorasi ko‘rinmasa-da, ko‘mak istadi, shekilli, ovoz chiqardi:
– Omad.
Jim.
– Omad! – yana chaqirdi u bu safar ovozini xiyol balandlatib.
Omaddan sado kelmadi.
– Vazifangni, missiyangni aytmoqchi edim, payqading-a? – deb savol qotdi u.
Hovli, atrof-javonib shu qadar jimjit ediki, ariqchadagi suvning jildirashi emas, hatto lola-lolaqizg‘aldoqlarning mayin shabadada ohista tebranishi va butun bo‘y-basti bo‘ylab shiddat ila yugurgilab chopqillayotgan bezovta chumolilarning oyoq tovushlaridan chiqqan “shtir-shtir”gacha eshitilardi.
– Qachongacha shu ahvolda yurasan, Omad? Vaqtida oila qurish ham er yigitning vazifasi, burchi. Shu yoshingda so‘qqabosh yurish yarashmaydi, uka… – Romiz Jo‘ra aytayotgan gaplarini qaynisi eshitayotganiga ishonchi komil edi. Omad bog‘ hovlida turib aytgan gapingni shahardagi uyida turib ham eshitadiganlar toifasidan. Ha, uning qulog‘i hamisha ding!
– Voyy, ustozzz!
Romiz Jo‘ra sapchib tushdi. U o‘zini o‘nglab, og‘iz ochib ulgurmay, yonginasida paydo bo‘lgan Farida ikki qo‘llab hay-haylaganicha Romiz Jo‘raning boshi, beti, yelkalarini qoqa ketdi.
– Asta, Faridaxon, asta, – dedi shipshib Romiz Jo‘ra. Uning gapirayotganidan foydalangan chumolilar tap tortmay og‘ziga ham kirib ketayotgandi. – Shovqin ko‘tarmay qo‘ya qoling.
Farida quloq solmadi. O‘z bilganidan qolmay Romiz Jo‘raning butun gavdasi bo‘ylab pastdan tepaga, tepadan pastga qarab quvalashayotgan, chopqillashayotgan tumonat chumolini qoqib tashlashga tutindi. Ustozini bu ahvolda ko‘rganidan behad xavotirga tushgandi. Biroq u harchand unnamasin, chumoli izdihomi kamayadiganga o‘xshamadi. Shunga qaramay, qizgina mehribonchilik ko‘rsatishdan to‘xtamas, Romiz Jo‘ra esa uning bu qadar kuyunchakligidan xijolatda joni halak, qolaversa, atayin bir o‘zi kelgan dala bog‘i shu qadar gavjumlashib ketgani sirini tushunolmayotgan edi.
– Kela qoling, Ziyoda, qayoqda yuribsiz? Bir o‘zim uddalolmayapman!
– Ziyoda?!
Kutilmagan tashrifdan Romiz Jo‘raning ko‘zlari charaqlab ketdi. “Ana, xolos!” deb yubordi u ro‘parasida paydo bo‘lgan yana bir sadoqatli shogirdiga ko‘zi tushib. Bo‘ychan, adl qomatli, ko‘zlari moviy, o‘zi – yuz-ko‘zi, bilaklari, uzun-uzun barmoqlari paxtaday oppoq Ziyoda vahima ko‘tarish bobida Faridadan o‘tib tushdi. U ham ahvolni ko‘rgan zahoti, dugonasidan so‘rab-surishtirmay bo‘yniga tashlagan ro‘molchasi yordamida Romiz Jo‘raning ust-boshidan qumursqalarni qoqib tushirishga kirishib ketdi.
– Ko‘klardan malaklar qiz bo‘lib tushsalar…
Romiz Jo‘ra harchand hoy-hoylamasin, bu ikki farishta misol qizni bunchalar mehribonlikdan to‘xtatolmasligiga ko‘zi yetdi.
– Qo‘ynimga to‘lsalar, qo‘ynimdan toshsalar gullarning hidlari…
Menga emas, bog‘ga, lolazorga qaranglar, lolaqizg‘aldoqlar go‘zalligidan bahra olinglar, jon qizlar, – deya ularning e’tiborini bo‘lmoqqa urindi Romiz shoir… urinishlari zoye ketdi. Shunda… shunda birdan Romiz Jo‘ra xayoliga kelgan fikrdan quvonib, o‘sha zahoti o‘yini ijro etishga kirishdi. Qizlarga sezdirmaygina asta o‘rnidan qo‘zg‘aldi, biroq boshidan oyog‘igacha qumursqaga talosh odam go‘yo uchib borayotgandek oyoqlari yerga tegmay lolazor tomon yaqinlasha boshlaganini payqagan qizlar yig‘lamsiragan va yolboruvchan tovushda qichqirib yuborishdi. Biroq Romiz Jo‘ra suvi belidan keladigan hovuzga tushgan odamdek lolazor oraladi. Farida bilan Ziyoda uni ta’qib eta boshlashdi. Romiz shoir dam-badam qadamini jadallashtirdi. Yugurdi. Yugura turib oyog‘i chalishib yiqildi, o‘t-o‘lan orasida chalqanchasiga g‘arq bo‘lganicha hayrat ila bepoyon osmonga tikilib qoldi, ko‘zini uzolmay tomosha qildi – bunday tiniq osmonni ko‘rmagandi Romiz Jo‘ra hayotida! Boshi uzra oppoq chinni kabutarlar gir aylanib uchib o‘tishdi – Romiz Jo‘ra kabutarlarning qanot qoqishini emas, hatto nafas olishini-da eshitdi. Qizlar hamon uning izidan quvib kelishayotganini ko‘rdi, turasolib moviy chamanzor oralab qochishda davom etdi.
Qochish va quvish xiyla cho‘zildi. Egilib-bukilgan o‘t-o‘lan orasida ilonizi so‘qmoqchalar paydo bo‘ldi. Romiz Jo‘ra yana yuztuban yiqildi. Qizlar hayratdanmi-quvonchdanmi yo qo‘rquvdanmi… jim bo‘lib qolishdi. Romiz Jo‘ra boshi uzra, uning bog‘ hovlisi uzra oq chinni kabutarlar oftob nurida yaraqlab-charaqlab gir aylanayotganidan nazar-nigohini uzolmadi. O‘zi ham ularga taqlidan lolazor ichra aylana yasab qochgisi keldi, mayliga, qizlarning esa uni quvishda davom etishlarini juda-juda istadi. Va yosh bolalardek qochib keta turib yo‘l-yo‘lakay ikki qo‘llab lola terishga tushdi. Tergan lolalari bir quchoq bo‘lgandagina yugurishni bas qildi, qadamini sekinlatib, xarso-xars olayotgan nafasini rostlashga urinib, boyagina o‘tirgan – singan to‘sinning bir chekkasiga cho‘kdi. Zum o‘tmay uning izidan qizlar ham yetib kelishdi. Ular kela solib Romiz Jo‘raning ust-boshiga qarashdi.
– Voy, bittayam qolmabdi! – deya baravariga chapak chalib yuborishdi Farida bilan Ziyoda quvonganlaridan, shunday bo‘lsa-da, beixtiyor ustozning ust-boshini harir ro‘molchalari bilan qoqib, artib-surtib mehribonlik ko‘rsatishdan to‘xtashmadi.
Romiz Jo‘ra quchog‘i to‘la lolalarni baland ko‘targanicha ikkala qizning boshi uzra silkitdi. Qizlar shodlana-shodlana qah-qah otib kula boshladilar, zum o‘tmay ular boshdan-oyoq alvongul yaproqlariga chulg‘angancha bir-birlarini qutlay ketishdi. Romiz Jo‘ra bu ajib manzaradan sarxush kayfiyatda… ayni shu payt darvoza tiqirlaganday bo‘ldi. Romiz Jo‘ra birdan hushyor tortdi. Xayol gulzori to‘zidi-ketdi. Shunday tuyuldimi, degan o‘yda quloq soldi. Darvoza tiqirladimi-taqilladimi, har qalay, kimdir chaqirayotgani eshitildi. Romiz Jo‘ra darvoza tomon ikki-uch qadam qo‘ygan joyida taqqa to‘xtadi, iziga qaytdi va yerda yotgan aslahalarga qaradi. Birov ko‘rib qolmasin degan xavotirda shosha-pisha ularni ustma-ust qo‘liga olganicha uy ortidagi maydoncha tomon yugurdi. Jadal bora turib, yo‘l-yo‘lakay gapirdi: “Yaxshiyam kelgan ekanman!” U kaftlarini bir-biriga urib qoqa-qoqa darvoza tomon borarkan ovoz chiqarib takrorladi: “Erta bahordan aylanay, erta bahordan! Yaxshiyam kelgan ekanman. Yaxshiyam!..”
Romiz Jo‘ra jadal borib, darvozaning yakka tavaqli eshikchasini astagina ochdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ro‘parasida jingala sochlari sutdek oppoq betlariga, tim qora ko‘zlariga biram yarashgan, oq, sariq, qizil gulli yap-yangi harir ko‘ylakchasi tor va ovloq ko‘chani yashnatib yuborgan jajjigina qizaloq turardi.
– Man-chi, sizga shirin-n ovqat opkeldim, amaki…
Qizaloq jarangdor ovozda shunday dedi-da, qo‘lidagi tugunchani Romiz Jo‘raga uzatdi. Romiz shoir jur’atsizlanib tugunchani olishini ham, olmasligini ham bilolmay, hamon hayratlardan hushini yig‘olmay alangladi.
Ko‘cha kimsasiz, jimjit edi…
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 2-son