Xo‘p, ajabtovur zamonlar bo‘ldi-da! Toshqul qayerdayu olisdan-olis o‘zga bir yurtda davru davron surib yashayotgan sohib janoblari va uning rafiqasi qayerda – ularning to‘qnash-ro‘para kelishini kim tushida ko‘ribdi – aql bovar qilmaydi, aql! Borib turgan tasodif, g‘irt tasodif, ishonay desangiz, hech bir mantiqqa sig‘maydi. Lekin, u holda nega, nima sababdan, nima jin urib… keling, voqeani bir boshdan hikoya qilaylik.
Toshqul safardoshlar safiga qo‘shilgani haqida xabar topganida “Xo‘p, mayli”, deya rozilik bergandek bo‘ldiyu o‘sha zahoti tilini tishladi. Hamisha pand beradigan ko‘ngilchanligidan qutilmadi-qutilmadi-da! Endi “Attang!”lab til tishlashi ortiqcha, afsus ortiqcha, befoyda. Illo, hamrohlarga malolim kelmasaydi, degan xavotirda tobi kelishmayroq turganidan ogohlantirdi, hatto mezbon davlatni, u qadimiy diyorning ahli-odamlarini yaxshi bilishini, binobarin, safardan qoldirishgan taqdirda ham zinhor ranjimasligini qistirib o‘tdi. Biroq uchoq qo‘nar manzilga eson-omon yetib bordiyu xohish-istaklariga, mazasi yo‘qligiga keyingi paytlarda zo‘rayib borayotgan jami injiqliklarini qo‘shib-chatib unutdi-qo‘ydi. Dunyo kezgan, dovrug‘i olamga yoyilgan aeroportlaru bandargohlarni ko‘raverib
diydasi qotgan kimsan Toshqulday odam hayajonini jilovlolmay qolsa deng!
Kenglikni, bepoyonlikni qarang! Dam haybatidan yurak orqaga tortadigan, dam o‘yinchoqqa o‘xshash jajji-bejirim uchoqlar tabiat sayriga otlangan bog‘cha bolalaridek izma-iz, ohista-ohista bepoyon maydon o‘rtasidagi yo‘lakka yaqinlashyapti, musobaqa boshlanishi oldidan nafas rostlayotgan poygachidek bir dapqir kuchanib-ayuhannos ko‘targach, shiddat bilan olg‘a, olg‘a, olg‘a – osmoni falakka ko‘tarilmoqda. Katta-kichik uchoqlarning bu tarz shiddat-la havoga ko‘tarilishi “Osmon bizniki! Bu osmon ostida hushimizga kelganicha parvoz qilamiz!” degan iddaoni anglash mumkin edi.
“Osmon to‘la varraklar, qani sening…” Uchoqdan tushgan mehmonlarni mindirib borayotgan hashamatli avtoulov qo‘nalg‘a binosi yaqinida bir soniya to‘xtadiyu Toshqulning xayoliga tirg‘algan she’rxonlik kayfiyati tarqadi-ketdi.
U qo‘l cho‘zsa yetgulik oraliqda uchala eshigi lang ochiq alomatnusxa uchoqqa ko‘zi tushgan zahoti beixtiyor “I-i-i!” deb yubordi, azbaroyi tovush chiqarib. Yonida qoyadek qad rostlab turgan hamrohi o‘g‘li tengi o‘spirin yigit ekan.
– Uch qavatli, – dedi u pinagini buzmay, bosiqlik bilan.
– Uch qavatli?! – hayqirib yuborayozdi Toshqul, angrayib. – Samolyot uch qavatlimi?!
– Lifti ham bor.
– Ofarin! – tasanno aytib yubordi Toshqul hayratini yashirmay, astoydil. Xiyla o‘zini bosib olgach, ilova qildi: – Aql-idrok, ilm-bilim g‘ij-g‘ij bo‘lgach, ixtiro qilaveradi-da!
– G‘ij-g‘ij aqliga yarasha aqchasi ham g‘ij-g‘ij. Bularning qo‘li yetmaydigan narsa qolmagan, dunyoda.
O‘spirin yigitning shu bir og‘iz lutfi Toshqulning ichida bamisoli tegirmon toshini aylantirib yuborgandek bo‘ldi, g‘alayon ko‘tardi. Beixtiyor takrorladi: “Bularning qo‘li yetmaydigan narsa qolmagan, dunyoda”. Hamrohining keyin shivirlab aytgan so‘zi esa og‘ir botibgina qolmay, uni gangitib qo‘yayozdi.
– Bu – boshlanishi. Hali rosa tomosha qilasiz. Faqat og‘irroq bo‘ladilar-da…
– Nega? Nega og‘irroq?! – tutaqib ketdi Toshqul, ovozini balandlatib. – Hayratlanishga ruxsat, izn yo‘qmi?! San… siz…
U hali tanishib ulgurmagan qariyb o‘smir yoshidagi safardoshining avzoidagi sezilar-sezilmas tahdid ohangi ta’siridami, zumda unga “Zumrasha” deb laqab qo‘yib ulgurdi. Ichida “Bu go‘dak bilan gaplashib qo‘yay” degan niyatda og‘iz juftlagan ham ediki, biqin tomonida paydo bo‘lgan notanish yigit xuddi eski qadrdonlardek iljayib, bosh irg‘adi-da, “Assalyam! Assalyam!” deya unga quyuq iltifot ko‘rsatdi.
– Mezbon! – dedi “Zumrasha” nigohi bilan salom bergan yigitga imo qilib.
Mezbon o‘z tilida nimadir dedi, juda tez, bidillab aytdi. “Zumrasha” uni tarjima qildi:
– Bizni sohibning o‘zlari kutib olayotgan ekan!
Toshqul ko‘nglida ko‘z ochgan faromushlikdan zumda o‘zini o‘nglab oldi. Bunda uning tabiatidagi, fe’lidagi qaysar-kajbahsligi qo‘l keldi. “Sohibning o‘zlari bo‘lganda-chi?! Osmondan tushgan bo‘lsayam, dard ko‘rmagur, bir banda-da!”
Avtoulov yelib borayaptiyu Toshqulning nigohi, nigohiga qo‘shib o‘zi shoshgandan-shoshib qola boshladi. Ikki tomonda g‘ir-g‘ir ortda qolayotgan manzaralarni nigohi ila ilg‘ab ulgurmayapti. Bu uy-joylar, bu imoratlar, bu ulovlarning xilma-xilligi! “Uy-joy” demoqlikka til bormaydi, “koshona”, “saroy”, “qasr” degan so‘zlar ham jo‘n-jaydari bu osmonga qadalgan… mahobat to‘kib qad rostlagan osmono‘parlarga nisbat olganda! Yo‘llar, yo‘lkalar, bog‘-rog‘u xiyobonlar yog‘ tushsa yalaguday! Ana hayot, ana taraqqiyot! Uch, to‘rt, besh qavatli burama ko‘priklar ostidan oqib o‘tayotgan suv tinsa-tinar, to‘xtasa-to‘xtar, ammo-lekin ming bir xil rusumdagi avtoulov oqimining adog‘i ko‘rinmaydi, adog‘i! Bu shaharmi yoki ochiq osmon ostidagi tomoshaxonami?! Bu zamin, bu yurt ahlining dunyoda qo‘li yetmaydigan narsasi qolmagani shu bo‘lsa kerak-da?!
U “Zumrasha”ga dakki berish niyatini ham unutdi, unutibgina qolmay, yigitchaning, “og‘irroq bo‘ladilar-da” degan ogohlantirishi kor qilib, yangidan-yangi quyilib, po‘rtanadek qaynab-toshayotgan hayratu havaslarini jilovladi, ichiga yutdi. Yutishga yutdiyu illo ilk tanishuv nonushtasi chog‘i allaqachon tumshug‘idan ilinganiga iqror bo‘ldi.
“Xush ko‘rdik” mazmunida so‘z olgan mezbonlarning kattasi – sohib janoblari nima dedi deng?
– Aziz mehmonlarimiz orasida bizning afsonaviy diyorimizga ilk bora tashrif buyurgan, xususan, mo‘tabar yoshdagi qadrdonlarimiz borligidan shaxsan o‘zim shoyon mamnunmen!
Biri-biridan nozik chinni idishlar, likobchalarga suzilgan rang-barang taomlardan nigohini uzmay o‘tirgan Toshqul birdan sergak tortdi. Yalt etib so‘zlovchiga ko‘z tashladi. Sohib janoblari esa “Ha, bu gapim shaxsan senga qaratilgan” degandek Toshqulga serviqor, bepisand va sovuqdan-sovuq bezraydi.
Bu osmondan kelib nazar tashlash oldida boyagi faromushlik, aralash-quralash hissiyotlar holva bo‘lib qoldi. Yo‘q, faromushlik gazak olmadi, qaltislashmadi ham, balki Toshqulning qitiq pati lat yedi. Lat yeganda ham, jahli chapaqay chiqdi. O‘zbekcha chapaniligi tutdi. “Iya, – deb yubordi u ichida. – Mezbonboyning niyati boshqachayu! Bizni kim deb o‘ylayapti?! Biz!..” Shu xayolga kelgan zamoni odamning yuz-ko‘z qiyofasi orqali uning qalbiga “mo‘ralash”ga doir ho‘-o‘ yoshlik chog‘larida o‘qib-uqqanlari xotirasida jonlandi. Yodida qolgan butun “amal-aslaha”larini safarbar etib, mezbonlarning kattasiga chimirildi. O‘qotar merganlar olisni bexato mo‘ljalga olsalar, Toshqul odamning ichini bexato ko‘rish-bilish borasida ustasi faranglardan edi. Razm soldi, sohibning turqidagi biron tuki qilt etmasligini, u toshdan o‘yib ishlangan ma’buddek behis-bezraygan, na nigohi, na yanog‘i, na-da lab-lunjida o‘zgarish sezilayotganini hisobga olib qo‘ydi.
Toshqul yer ostidan mehmonu mezbonlar qatoriga ko‘z yugurtirib, “Zumrasha”ni izladi. Topmadi. G‘animlar qurshovida yolg‘iz qolib ketgan askardek picha esankiradi ham, lekin bunday tushkunlik uzoq cho‘zilmadi, darhol o‘zini qo‘lga olishdan o‘zga iloji yo‘qligini payqadi.
Sohib tabrikni muxtasar qildi. So‘zini tugata turib, tantanavor ohangda dedi: “Donishmand bobomiz “Fozil insonga ro‘para kelganda, undan ibrat ol” deganlar, sizlar bugundan fozillik va farovonlikda o‘xshashi yo‘q diyorimiz mehmonisizlar, demak, chinakam hayratlar oldinda! Asl ibratlar muntazir, sizlarga!”
Ayni shu soniyada sohib bilan Toshqulning ko‘zlari to‘qnashdi. Bu hol ixtiyoriy ravishda yuz berdimi yoxud beixtiyormi, tasodifmi – o‘ylab-mulohaza yuritish mavridi emasdi.
Toshqul chaman-chaman ochilgan gulzorni eslatayotgan sarxil va anvoyi taomlardan cho‘qilay turib janobni zimdan kuzatdi – bo‘ychan, qotma, barkash yuz, baliq ko‘z. Tim qora sochi silliq taralgan. Betida ajin-izdan asar yo‘q. Bosiq, vazmin… yo‘q, Toshqul darhol payqadi – sohibning ayni shu bosiq-vazminligi pardasi ostiga yashiringan bepisandlik, viqor, kibr-havoni ilg‘ash qiyin emasdi. Illo Toshqul ham anoyi emas, uning quv-sinchkov nigohlaridan sohib janoblarining nonushta chog‘i biron marta chehrasida tabassum sharpasi sezilmagani, ikki daf’a nomigagina suv ho‘plaganini aytmaganda, mutlaqo totinmagani e’tiboridan chetda qolmadi.
“Ichida dardi bor!” Toshqulning bu tashxis-xulosasini binoning ichkarisiga olib boradigan eshik tomonda boya – aeroport avtobusida “Assalyam”lab tirjaygan yigitning besaramjon turishi, poyma-poy qadam olishi, ko‘zlari tinmay olma-kesak terayotgani tasdiqladi-qo‘ydi. U sohib janoblarining yaqin yordamchisi ekanligi ko‘rinib turardi. “O‘-o‘, dardingdan!” deb yubordi Toshqul ichida, beixtiyor.
Nonushta nihoyasiga yetib, mehmonlar tashqariga – ko‘rkam bog‘ qo‘yniga chiqishganida mezbonlar guruhi ehtirom ramzi o‘rnida saf tortdi. Safdan bir odim oldinda ikki qo‘lini yoniga taqab nim ta’zim bajo aylab turgan sohib janoblari har bir mehmon ro‘parasiga kelib, alohida bosh irg‘ab omonlashdi. Toshqulning keksalik va horg‘inlik nuqsi urgan chehrasi ko‘nglini eritdi chog‘i, janobning qimtilgan yupqa lablari chekkasida tabassum sharpasi sezildi. Hatto tovushini chiqarmay, pichirladi. Sohibning yonida hoziru nozir bo‘lgan tilmoch bidilladi:
– Sizlarning hayratingizga sazovor maskanlarimiz hali oldinda.
Mehmon degan baraka topgur izzatini bilib, sukut saqlab tursa olam guliston edi, eh, Toshqul chol, Toshqul chol! Hammasiga o‘zi sabab – sinchkovligidan, bilag‘onligidan va o‘sha damda tilini tiya olmaganidan boshlandi.
– Siz aytgan donishmand bobongizning boshqa bir o‘giti yodimga tushdi, – dedi u sohibga emas, tilmochga qarab. Sohib qulog‘ini ding qildi. Tilmoch vazifasini ado etdi.
– Xo‘sh? – dedi sohib Toshqul tomon quloq tutib.
– Davlating, aqling ko‘kka yetgan taqdirda ham kibrlanma…
Toshqul yodiga tushgan hikmatni oxiriga yetkazmadi. Yetkazmasa-da, mezbonlar rahbariga boyadan beri ko‘rk-savlat bag‘ishlab turgan mag‘rur vazminlik “qirs” etib singan chinnidek darz ketgan edi.
– Tanishib qo‘yaylik.
Sohib janoblari shunday dediyu favqulodda mamnunligini izhor etmoqchidek istar-istamas kulimsiradi, yo‘q-yo‘q, Toshqul adashdi, sohib uning nazaridagina kulimsiragandek tuyulgan, zero, u o‘zini “Toshqul” deb tanishtirgani ham mezbonlar rahbarining qulog‘iga kirmagan, buning sababi… sababi xiyol oldin – bir necha lahza avval ayon bo‘lgan – sohib “Sizlarning hayratingizga sazovor…” deya so‘z boshlagan damda uning yon cho‘ntagida nimadir g‘ivirlaganida edi.
Sezgirlikda ukkini bir cho‘qishda qochiradigan Toshqul yonida kelgan vatandoshi “Zumrasha”dan, hushyoru quvlikda sohib janoblaridan qolishmas edi, zero, darhol payqadi – “Uyali telefon!” degan fikr yalt etib o‘tdi xayolidan, vaholanki, telefon g‘ivirlamadi ham, tovushi o‘chirilgan shekilli, o‘z “tili”da shivirladi, xolos. Shivirladi. Toshqul bu shivirni eshitmaganlikka, payqamaganlikkka oldi, sohib esa, voy tulki, voy ukki, voy qarchig‘ay, Toshqul shunday qilganini sezdi-ya! Sezdiyu sezganini sezdirmadi. “O‘h, kuchingdan!” deya ichida mezbonga tan berib qo‘ydi, mehmon. “Nafaqat kasb taqozosi, balki fe’li shunday, tug‘ma bu, tug‘ma hushyor!” degan xulosa chiqardi o‘zicha Toshqul.
Toshqul sohib janoblarining qanday inson ekaniga doir tashxis qo‘yishda yanglishmagan, lekin u bedor chog‘idagina emas, hatto uyqusida ham “bekor” yotmasligini, qolaversa, bu inson ichidagi qanday darddan bezovta ekanligini chamalashga kirishgandi…
Bir necha kun burun favqulodda noyob hodisa yuz berdi – tunda sohibning uyqusi buzildi, uyg‘ongan zahoti soatga ko‘z tashlashga odatlanmaganmi, qaradi: soat raqamlari “ikkiyu ellik sakkiz”da nur sochib turar, yonida yotgan ayolining o‘rni esa bo‘sh edi. “Tashqariga chiqqan” degan o‘yda shirin uyquni kelgan joyidan davom ettirdi sohib.
Haddan tashqari hushyorlik va ziyraklik odamni jonsarak qilib qo‘yishini janob yaxshi bilar, nafaqat bilar, bunday behalovatlik uning qon-qoniga singib ketgandi. Binobarin, qattiq uyquga ketgan taqdirda ham xayolining bir chekkasi, chekkasi ham emas, ko‘z ilg‘amas zarrasi ayolini kutish bilan “shug‘ullanish”da davom etdi. Oradan qancha fursat o‘tdi-o‘tmadi, o‘sha behalovat zarra qutqusida ko‘zini ochib-ochmay kaftini ayolining yostig‘iga cho‘zdi.
Yostiq muzday edi.
Janob cho‘chib, ko‘zini ochdi. Soat uchu yigirma besh!
Sohib yostiqdan boshini uzmay, qulog‘ini ding qildi. Sukunat. Qo‘shni xonalarga olib boradigan yo‘lakni nimchiroq arang yoritib turibdi. Eng chekkadagi xonada oqsoch tunaydi – u tomon ham jimjit.
Xonim afandi qayerda?!
Qandaydir noxushlikni payqagandek, sohibning ko‘ksi bezovta ura boshladi. U asta o‘rnidan turdi, yo‘lakka chiqdi. Zaruratxona, yuvinish xonasi darchalarida chiroq o‘chiq, oshxona qorong‘i. U oyoq uchida ayvon tomon ikki-uch odim tashladi – xonim afandi chiroqni yoqmagan bo‘lishi mumkin. Biroq janoblarining bu taxmini ham puchga chiqdi. Uyqusi tamom o‘chib, o‘rnini g‘alati vahm egalladi. “Zumrad mehmonxona”, “Binafsha mehmonxona” otlig‘ katta-kichik xonalarga, “Bolajonlar” xonasi, teletomoshaxona – hatto sohibdan boshqa hech kim yo‘lamaydigan xos ish xonasigacha birma-bir bosh suqib qaradi. Nimalar bo‘lyapti?! Suyukli va sadoqatli rafiqasi bilan emin-erkin, to‘kin-sochin yashayotgan o‘z uyi-o‘lan to‘shagida qayerdan keldi bu ko‘r xavotir? Xonim afandi xonalarning birortasidan tuyqus qaytib chiqsa va u bilan betma-bet to‘qnashib ketsa, qay ahvol yuz beradi? Ayoli: “Yarim tunda meni ortimdan poyloqchilik qilyapsanmi?” desa, kim degan odam bo‘ladi, sohib? Biroq uning ichida – ko‘ksining allaqayerida paydo bo‘lgan bezovta dukur-dukur uning ko‘nglida ko‘z ochmoqqa chog‘langan xijolatvozlikni o‘sha zamoni quvib soldi. Uchta xona eshigidan bosh suqib, “quruq” qaytgan sohib jiqqa terga botib ulgurgan edi. So‘nggi umid-ilinj… “Zumrad” mehmonxonani kirib ko‘rmadi, bordiyu rafiqasi u yerda ham bo‘lmasa! Bo‘lmasa-ya?! Janob jon holatda “Yu!” deb yubordiyu tovushidan o‘zi cho‘chib tushdi, shoshilib kaftini og‘ziga bosdi. Xayriyat, zum o‘tmay o‘ylasa, ayolining ismini ichida aytgan ekan.
U kattagina “Zumrad” xonaning o‘rtasiga yetgan joyida betiga sovuq shabada urildiyu badaniga qon, qon aralash jon yugurdi.
Qiya ochiq eshikdan ayvonda turgan ayolining sharpasi hadya etgandi janoblariga, bu qon bilan jonni!
U yanayam ehtiyotkor odimlar bilan oyoq uchida yurib, iziga qaytdi. O‘rniga kelib, cho‘zildi.
Kallaisaharlab uyg‘ongach, bet-qo‘lini yuvib, uyali telefondagi so‘nggi xabarlar shodasiga ko‘z yugurtira boshlaganida tungi qiliqlari yodiga tushdi. Beo‘xshov, bachkana qiliq bo‘lmay nima?! Dunyoning yarmini larzaga solib turgan davlatning ishonchini qozongan kap-katta amaldor-a?! Tunning o‘zidek qop-qora xavotiri kunduzgi yorug‘likdan rang olgandek yorishib, bema’nidan bema’ni tuyuldi. Tishini tishiga bosdi. Axir, u oila davrasida yuz berib turadigan shunga o‘xshash yengil-elpi sarguzashtlardan, eh-h-e-e, ancha-muncha baland odam deb biladi o‘zini.
Behad bandlik va shu bandlik ortidan tug‘ilgan tizginsiz balandlik tuyg‘usi sohib janoblarini g‘oyatda serviqor odamga aylantirgan edi. Hazilmi, mamlakatga yog‘ilib kelayotgan sayyohu mehmonlarga ko‘z-quloq bo‘lish, ularning ko‘nglini ovlash, e-eng muhimi, ochig‘ini aytganda, ularni hayronu lol qoldirish… ha-ha, bu zaminga qadami yetgan jonzot borki, uni lol qoldirish davlat ahamiyati maqomiga ko‘tarilgan… ana shu g‘oyatda muhimdan-muhim vazifa sohib janoblarining, u boshchiligidagi bir guruh azamat yigitlar, barno qizlar zimmasida! Mehmonlarga peshvoz chiqadi, ularni tanishuv nonushtasiga taklif etadi, so‘ngra belgilangan manzil-maskanlar sari yo‘llaydi. Shu asnoning o‘zida mehmon ahli necha nafar bo‘ladi, buning farqi yo‘q, barchasi janobi sohibning nazar-nigohi g‘alviridan o‘tib ulguradi. Janoblari o‘z ishining xo‘p hadisini olgan, mana man degan odamni bir qarashda, bir daf’a qo‘l olishib omonlashishda, bir piyola choy ustida saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib tashlashga qodir noyob iqtidor sohibi edi.
Shunday noyob hunar egasi uchun o‘ttiz yillik umr yo‘ldoshining fe’lida paydo bo‘lgan ajabtovur odatni vaqtida payqash qiyinmi? Malolmi?! Unday desa, aytishga ham arzimaydi, nimasi g‘alati? Ba’zan uyqu qochishi tabiiy hol, odam tungi osmonga termilib xayolga tolgisi keladi, orzu-niyatlar xayolni to‘zg‘itadi. Unday desa, sohib boshliq oila bepoyon vatanning sadoqatli bir bo‘lagi, ya’ni vatan qanday bo‘lsa, u ham shunchalar qudratli: na vatanda, na-da janobi sohib boshliq xonadonda erishilmagan orzu-niyat, orzu-havas qolmagan. Dunyo lol qolmoqda, falon mamlakat desa, tamshanib, og‘zidan suvi kelmoqda. Ma’murlik, to‘kinlik, qulaylik, sarishtalik, taraqqiyot deysizmi, boshqa ta’rifu tavsiflarni qalashtirib tashlaysizmi, ixtiyoringiz, illo lutfan aytganda, bu vatan-bu xalqning qo‘li yetmaydigan joy-narsa qolmadi, ha-ha, qo‘li yetmaydigan!.. Sohib oilasi bilan hayot kechirayotgan xonadonga bosh suqqan odam qaytib chiqqisi kelmaganidek, bu yurt-bu diyorga qadami yetgan mehmon yo sayyoh hayratdan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladi, yurtiga, bola-chaqasining huzuriga qaytib borgach ham tushlariga kirib chiqadi, og‘zidan qo‘ymay safar taassurotlarini to‘kib soladi, doston qiladi, doston!..
Shunday g‘aroyib mulohazalar aqidasiga aylangan sohibday odam uchun yarim tunda yonida yotgan jufti halolining bemavrid uyg‘ongani va ayvonga chiqib xayolga tolganini kavlashtirishi pashshadan fil yasashdan boshqa narsa emas. Ayol kishining fe’lida nish bergan qandaydir ko‘zga ko‘rinmas va o‘tkinchi bir injiqlikdan bachkanalarcha vahima yasashning o‘zginasi edi.
Xonim afandining navbatdagi injiqligi yana kutilmaganda yuz berdi.
Sohib janoblari nonushta chog‘i qaynoq sut ichishni xush ko‘rar, undagi bu odat xonim afandiga ham yuqqan, biroq har safar oqsoch xonim piyolasimon taqsimchada sut keltirib qo‘yganida janoblari qo‘l telefonidagi xabarlar shodasidan nigohini uzolmas, ayoli, “Telefonni qo‘ya tur”, “Sut sovub qoladi” deya tiqilinch qilar, ba’zan erining qo‘lidagi telefonni nozikkina barmoqlari bilan beozorgina tortib olar, o‘zi esa zinhor eridan avval sutga qo‘l uzatmasdi.
Boshlanishi aynan takrorlandi: oqsoch xonim sutni keltirdi, sohib xabarlar oqimidan ko‘zini uzmadi, uzmasa-da, ko‘nglining bir chekkasida ayolining mehribona dakkisiga umid bog‘ladi. “Hozir chaqira boshlaydi” deb kutdi. Toqati yetmay, qo‘limdan telefonni avaylabgina tortib oladi, deb chamaladi. Bu – qariyb o‘ttiz yildan buyon ahil-totuv yashab kelayotgan er-xotinni bir-biriga bog‘lagan kishibilmas karashmasi, avaylashi, e’zozlashi rishtasi-timsoliga aylangandi.
Xullas, sohib ko‘z qiri bilan ayoliga razm soldi, aniq ko‘rdi: xonim afandi eriga qaramas, boshini xam qilgancha choy qoshiqni tutgancha sutdan ko‘tarilayotgan hovurga termilgan… va orada necha lahza, soniya o‘tdi – Yu xonim nafasi qisgan odamdek sezilar-sezilmas yo‘taldi, so‘ng, avval sutning hovuri yo‘qoldimi yoxud ayoli qaynoq sutdan ko‘tarilayotgan hovurdek ko‘zdan g‘oyib bo‘ldimi, sohib sezmay qoldi. U fe’liga xos bo‘lmagan g‘ayrishuuriy talvasada irg‘ib o‘rnidan turdi. Oshxona eshigiga yetdi. Oqsoch xonim yolg‘iz o‘zi tova tepasida ovora, xonim afandi esa…
– Yu!..
Ovozi qaldirab taraldi xonalar bo‘ylab janobning.
– Yu-yu!..
Oshxonadan ildam odimlab chiqqan oqsoch xonim sohibga to‘qnashib ketayozdi, taqqa to‘xtadi.
Sohib beixtiyor kulimsiragan edi, chamasi, afti qiyshayib ketdi, undagi qo‘rquv oqsoch xonimga ko‘chdi, ayol lom-mim demay to‘g‘ri “Zumrad” xona tomon yugurdi. Qaytdi. Endi sohib oqsochning ko‘zlariga iltijo ila tikildi. Javob yo‘q. Sohib yotoq bo‘lmasi tomon oshiqdi. O‘rinlar yig‘ilgan, sarishta, jimjit va… kimsasiz! Janoblari ovozi boricha baqirib yuborayozdi. Xotini qani? Qayerga yashirindi? Nega, nega yashirinmoqda u?! Boisi bormi, o‘zi?! Bu qanday yarashmagan, beo‘xshov qiliq?!
Katta mehmonxona, kichik mehmonxona, ish xona, yemakxona, bolalar xonasi – xonim afandi yo‘q, yo‘q, yo‘q! Sohibning toqati qolmadi.
– Yu! – deb chaqirdi. – Yu-yu, deyapman!..
Avvaliga ovozi bo‘g‘ilib, tahdidnamo chiqqan bo‘lsa, so‘ngra iltijo ohangida chaqirdi janob. Yo‘lakda devorga suyanganicha tek qotgan oqsoch xonimga bosh-oyoq sinovchan razm soldi, sohib o‘zi qolib, oqsoch xonimning qo‘l-oyoqlari titrayotganini ko‘rdi. U necha yildan buyon xonadonida xizmat qiladigan oqsoch ayol bilan biror marta gaplashmagan, hatto uning ismini ham bilmasdi. Ayolga qarab zo‘rma-zo‘raki kulmoqchi edi, kulolmadi. Yana, yana xonalarga birma-bir bosh suqish, stol ostlarini, kiyim ilgich shkaflar ichini titkilash, yana… Ayni shu damda xonim afandi yotoq bo‘lmasi eshigida sharpadek paydo bo‘ldiyu behol-bemajol devorga suyandi. Sohib janoblari azbaroyi ko‘zlariga ishonmaganidan xotinining boshi tepasidan yotoq bo‘lmasiga bosh suqdi, derazaning ochiq tavaqasini to‘sgan og‘ir pardasi elas-elas tebranayotganini ko‘rdi.
U sovugan sutga qo‘l urmadi. Tuz ham totimadi. Yu-yu xonimning yuz ifodasida zarracha bezovtalik, o‘zgarish, parishonlik sezmadi. Hech qanday favqulodda holat yuz bermagandek osuda. Sohib churq etmadi, xizmatga oshiqar ekan, kayfiyatiga putur yetkazadigan kor-hol yuz bermagandek tutdi o‘zini. Nima uchun kayfiyatiga putur yetishi kerak? U ado etayotgan mas’ul xizmat tashvishlari oldida shu ham voqeami, hodisami?! Hatto aylanib-o‘rgilib ayolining qo‘yniga qo‘l suqishning ham hojati yo‘q, zero, ayoli sezilar-sezilmas yo‘talib qo‘yayotganini aytmasa, u sog‘lom, nigohlari beg‘ubor.
Beg‘ubormidi?.. Sohib janoblari ana shu savolga javob izlamaganiga, shu haqda bosh qotirmaganiga – qoniyu joniga singib ketgan hushyorlikni unutganiga a-ancha kechikib iqror bo‘ldi. Iqror bo‘lguniga qadar esa…
Mehmonlarga bag‘ishlangan xayrlashuv tushligi nihoyasiga yetgan, janob o‘sha yerda hozir bo‘lishi, hatto mehmonlarni uchoq qo‘nalg‘asiga qadar kuzatib borishi tayinlangan. Yordamchilari o‘n ikki nafar mehmonning har biri haqida batafsil ma’lumot berishdi, hammasi odatdagi gap-so‘zlar takrori, faqat Toshqul boshqalarga o‘xshamagan odamligini aytishdi. “Assalyam” batafsil gapirdi, Toshqulning dam quvnoq, dam o‘ychan, dam sergap, dam odamovi ekanligidan so‘zladi. “Hatto do‘stlashib qoldik!” deb tugatdi og‘zaki ma’lumotnomasini.
– Hayratlanganini tan oldimi? – so‘radi sohib quruqqina ovozda, xo‘mrayib.
– Hayratlanishga hayratlandi, lekin anchagina quv ekan, sezdirmadi, – javob qildi “Assalyam”, jiddiy tortib.
Sohib battar qovog‘ini uydi – uning xayoli uyda edi. U nonushta chog‘i yuz bergan g‘ayrioddiy hodisadan uzilib ketolmayotgan edi.
Sohib janoblari uydan chiqayotib odatdagidek xonim afandining yanog‘idan emas, atayin manglayidan o‘pich oldi. “Harorati joyida” dedi ichida, picha xavotiri arib. Shunday bo‘lsa-da, qo‘ng‘iroq qilib, yarim yildan buyon xizmat safarida yurgan o‘g‘li bilan telefonda gaplashgan-gaplashmaganini surishtirish bahonasida, ayolini gapga soldi.
– Kelinga ayt, bolasi bilan kelsin, nevarang bilan ovunasan.
Xonim afandi erining bu gapiga javoban churq etmadi, aksincha nimadir yodiga tushgan odamdek zipillaganicha yurib, bolalar xonasiga kirib ketdi, u yerdan zumda qo‘lida nimadir ko‘tarib qaytib chiqdi va ayvon tomonga o‘tdi. Sohib beixtiyor unga ergashdi. Ayvonga chiqib, katta tavaqasi lang ochiq derazadan tashqari qarab turgan xonimga, uning qo‘lidagi qo‘g‘irchoqqa ko‘zi tushdi – xotini nevarasi har kelishida qo‘lidan qo‘ymay o‘ynaydigan qo‘g‘irchoqni tutib turardi.
Nevarasini ko‘z oldiga keltirgan sohib jilmaydi, jilmayishi xotinining qiyofasida qanday o‘zgarish yasashini kutib, undan ko‘z uzmay turib qoldi. Xonim afandi ko‘zlarini qisib, uzoq-uzoqlarga qaradi, ho‘-o‘ pastda qumursqaday o‘rmalab ketayotgan odamlarga, jimit-jimit avtoulovlarga qarata biror nima demoqchi bo‘lgan odamdek tikilib qoldi, betiga urilgan shabadadan nafasi qaytib, qalqib ketdi. Entikdi. O‘pkasiga toza havo yetib bormayotgan bemordek tusi gezardi.
– Ih-h-h! – degan bo‘g‘iq tovushi eshitildi, to‘satdan uning.
– I-i, Yu-yu! – chapak chalgancha qoldi sohib.
Xotini tashlab yuborgan qo‘g‘irchoq uchar pufakdek anchagacha havoda muallaq parvoz qila-qila tushib bordi va nihoyat, yerga yetay deganda daraxt shoxlari orasida ko‘zdan yo‘qoldi. Sohib “Bu nima qiliq?” deb xotinini savolga tutmoq niyatida unga tomon o‘girildi, biroq xonim afandi allaqachon ichkariga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandi.
…Aeroport sari yo‘l olgan avtobusga sohib janoblarining mehmonlar qatori minishi uning qo‘l ostidagi yigitlaru yordamchilari uchun favqulodda hodisa edi. Sohib birinchi qator o‘rindiqqa joylashgan Toshqulning yonidan joy oldi. U bilan bosh irg‘ab salomlashdi. Toshqul, bu g‘o‘daygan mezbon meni gapga soladi deb kutgandi, yo‘q, u oyoqlarining uchiga tikilgancha churq etmadi. Tashqarida esa shahar manzaralari – ko‘rkam ko‘chalar, shinam xiyobonlar, adoqsiz avtolar, ozodalik, sarishtalik ko‘zni oladi, aqlni lol qoldiradi. “Bularning qo‘li yetmaydigan narsa qolmagan dunyoda! Bularning qo‘li yetmaydigan…” Bir payt Toshqul yonida o‘tirgan sohib engashib, baland qavatli bino tepasiga alanglayotganiga qaradi. Sohib shu qadar hardamxayol ediki, mehmonni avtobus devoriga qisib qo‘yayotganini ham sezmadi. Mehmon hayron bo‘layotganini payqadi shekilli, “Mening uyim!” dedi barmog‘ining uchi bilan tepa tomonga ishora qilib. Bir qarashda uyning uzunligini ham, balandligini ham bilib bo‘lmadi.
– Hammasimi? – yarim kinoya-yarim piching aralash so‘z qotdi, o‘sha zahoti, Toshqul.
Sohib uning tovushidagi kesatiqni payqamadi.
– Uyim osmonda, ana, elliginchi qavatda! Osmonda yashaymiz, osmonda! – dedi u o‘zi hardamxayol bo‘lsa-da, keksa mehmonning aqlini lol qoldirish niyatida, odatiga ko‘ra mag‘rurlanishning kiftini keltirib.
Toshqul javobni eshitdiyu lol qolish u yoqda tursin, dam mezbonlar kattasidan, dam u yashaydigan ellik qavatli turar-joyning mahobatiyu vajohatidan norozilanganini yashirmay, boshini sarak-sarak chayqadi. Sohib savol nazari bilan unga tikildi. Boshqalariga o‘xshamagan bu mahmadana mehmon yana qanday gap topadi deb kutayotgan edi u.
– Osmonda?! – dedi Toshqul ko‘kka bo‘y cho‘zgan binoning tepa tomoniga barmog‘ini nuqib, boshini chayqaganicha. – O‘-o‘, kuchingdan! Men senga aytsam, osmonda yashash bexosiyat, bexosiyatgina emas, bamisoli bir dard, kasallik, bu. Dardingni olay, janob, sen pastga tush, odam osmonda emas, yerda yurishga yaratilgan, yerda…
Oradan bir kun o‘tdi. Ona yurtiga qaytgan Toshqul shohona qabul uchun minnatdorlik izhor etish niyatida telefon raqamini terdi. Javob bo‘lmadi, ertasi yana urinib ko‘rdi – yo‘q, javob yo‘q. Ajablandi. To‘rtinchi kun deganda, nihoyat, telefon ulandi. Toshqul sevinib ketdi.
– Assalyam! Nega telefonni olmaysan, do‘stim? Sohib janoblari yaxshimilar? O‘zing-chi? – ketma-ket savol qalashtirdi Toshqul. – Hamon mehmonlarni hayratga solishdan charchamayapsilarmi?
“Assalyam”ning qo‘l telefoniga o‘rnatilgan tarjimon-moslama Toshqulning o‘zbekcha so‘zlarini o‘sha zahoti burro-burro qilib o‘girdi. Shundagina Toshqul telefondagi suhbatdoshining shashti ancha past ekanligini payqadi.
– Falokat, fojea, – dedi “Assalyam” bo‘shashib. – Sohib qamaldi.
– Qamaldi?! – astoydil hamdardlik ila so‘radi Toshqul. – Nega? Nima sabab?!
– Yu-yu xonim o‘zini uyi derazasidan tashlabdi.
– Yo, alhazar! Sohibni nima uchun qamashdi?!
– Xotini yomon dardga chalingan ekan, juda xavfli, yuqumli. O‘sha dardni yashirganlikda ayblashmoqda…
“O‘zAS”dan olindi.