– Ma’sumani o‘zim kelin qilaman. Bitta-yu bitta o‘g‘lim bo‘lsa, u topgan qiz bizlarga el bo‘ladimi, yo‘qmi? Ma’suma o‘zimniki. Achchiq gapimniyam ko‘taradi, shirin so‘zimgayam taltayib ketmaydi. Borimizni sarishta qiladi, yo‘g‘imizga ko‘nadi, – derdi qismatidan nolib, yolg‘iz o‘g‘liga suyanib qolgan ona.
Ma’firat opa o‘g‘lining qarshiligiga qaramasdan, katta orzu-umidlar bilan Ma’sumani kelin qildi.
Orzu-havasli kelinchak darroz hammaning ko‘nglidan chiqdi. Sahar turib, choy qo‘yadi, so‘ngra o‘zlari yashaydigan ko‘pqavatli uyning yo‘lagini tashqarigacha tozalab, artib chiqadi. Qaynonasi uyg‘onganda dasturxonda nonushta tayyor bo‘ladi. Shukur ham o‘zlarining xonasidan og‘zi qulog‘ida chiqib keladi-da, yengilgina tamaddi qilib, ishiga – bankka, “Pensiyagayam bir yilgina qoldi”, deydigan qaynona esa maktabga yo‘l oladi.
Kunlarning birida Shukur xursand bo‘lib, ikki qo‘li to‘la bozorlik ko‘tarib kirib keldi.
– Oyijon, meni tabriklanglar! – dedi qo‘lidagilarni Ma’sumaga bera turib.
– Qanday xushxabar olib kelding, bolam?
– Meni bo‘lim boshlig‘i qilishdi.
– Aylanay sendan! – onasi o‘g‘lining peshanasidan o‘pdi. – Xudoyo martabang bundan ham ziyoda bo‘lsin! Iloyo, kelinimning qadami qutlug‘ kelgan bo‘lsin!
Oradan ko‘p o‘tmay yana quvonch ustiga quvonch qo‘shildi.
Tong mahali edi. Fevral, ayni qishning qanqillagan vaqti. Tashqarida qor, yer muzlagan, tarnovlarda sumalaklar osilib turibdi. Bunday kunlarda ishga borish uchun ertaroq harakat qilmasa, transport ham muammo bo‘lishini bilgan Shukur odatdagidek xotini bilan bir paytda turib, endi egniga qalin jemperini kiyib, yuz-qo‘lini yuvish uchun xonadan chiqmoqchi edi, joylarini yig‘ishtirayotgan Ma’suma uni to‘xtatdi.
– Qarang, sizga bir narsa aytmoqchi edim-da… – dedi istihola bilan.
Xotinining bunday iymanib, nimadir demoqchiligi Shukurning ko‘ngliga birdan ming xil shubha soldi.
– Aytaver. Tinchlikmi?
Ma’suma qo‘lidagi yostiq quroqlarini silagancha ko‘z ostidan eriga qaradi va go‘yo tilini yutgandek jim qoldi.
– Qanday aytishniyam bilmayman…
– Aytaver! – Shukur battar hayron bo‘ldi. – Nima gap o‘zi?
– Mening sho‘r olma yegim kelyapti-da… – Ma’suma bu gapni aytdi-yu, go‘yo ayb ish qilib qo‘ygandek yostiqlarni taxmonga qo‘yish bahonasida birdan yuzini yashirdi. – To‘g‘ri tushuning, hech chidolmayapman…
– Nima?! – Shukurning vujudini iliq bir harorat egalladi. Go‘yo hozir nimadir qilmasa, quvonchdan yuragi tars yorilgudek edi. U bir lahza joyida tek qoldi. So‘ngra Ma’sumani quchoqlab oldi.
– Voy, bunday qilmang-e… – Ma’suma kulib yubordi.
– Yo, Alloh, o‘zingga shukur! – dedi Shukur va eshikka qarab yura boshladi. – Men ketdim, aytgan narsangni topib kelaman!
– Ustingizga biror nima kiying. Tashqari sovuq!
Shukur egniga kurtkasini ildi-yu, chiqib ketdi. Ma’suma esa jilmayganicha qolaverdi. So‘ngra birdan derazani ochdi va tashqariga qaradi. Shukur endi yo‘lakdan chiqqan edi.
– Yuzingizni yuvmaysizmi?
Shukur javob o‘rniga “esim qursin”, degandek boshini ushladi va atrofga boqdi. Uy oldidagi iz tushmagan yerdan qor ustini sidirib tashladi-da, sovuq qorga yuz-qo‘lini yuvdi.
– Voy, jinni… – uni kuzatib turgan Ma’sumaning eti jimirlab ketdi. – Shamollab qolmasa bo‘ldiydi.
Shundagina Ma’suma tashqarining qanchalar sovuqligini, o‘zi ham sovqotib ketganini sezdi va erining ortidan qo‘l silkib, derazani yopdi.
Sahar chiqib ketgan Shukur yuz-ko‘zi qizarib, quloqlari uzilib tushgudek bo‘lib, tushga yaqin ikki kilogina ko‘m-ko‘k sho‘r olma ko‘tarib keldi.
– Ha, bolam, sahar chiqib ketgan ekansan, tinchlikmi? – dedi Maxfirat opa uni ko‘rishi bilan.
– Keliningiz… – u Ma’sumaga qarab jilmayib qo‘ydi. – Olmang ham bor bo‘lsin. Shaharda birorta bozor qolmadi. Hammasini ko‘rib chiqdim, bunaqa sho‘r olma yo‘q. Oxiri bir dehqonga iltimos qilib, uyidan olib keltirdim.
– Rahmat… – Ma’suma olmalarni birdan oshxonaga olib o‘tdi va bitta katta, suvligini artdi-yu, “g‘arch” etkizib tishladi. Olma ham sho‘r, ham muzdek edi, butun a’zoyi badani titrab, ko‘zlari yumilib ketdi. Yana bir tishlagandi, eti jimirlab, tishlarigacha muzlab ketdi – go‘yo niyatiga yetdi. Xumori bosilgandek bo‘ldi. Yana bir tishladi, ammo endi unday huzur qilmadi, tanasi yayramadi. Bo‘ldi.
U olmalarni yuvib, dasturxonga qo‘ydi.
– Olingizlar.
– O‘zing yemaysanmi? – so‘radi Shukur.
– Yedim, bo‘ldi, – xotirjamlik bilan javob berdi Ma’suma.
– A, olma topib kelmasam, meni yeguday bo‘layotganding-ku?
Maxfirat opa “piq” etib kulib yubordi.
– Ha, sodda bolam-a. Boshqorong‘ilik degani shu. Ikki tishlasa bo‘ldi. Ko‘ngli joyiga tushadi. – Keyin yonginasida o‘tirgan kelinning yelkasini silab qo‘ydi. – Aylanay sendan. Endi o‘zingni ehtiyot qilgin. Ertalab “Shukur qani?” desam, “Ishlari bor ekan, chiqib ketdilar”, deganding. Gap bu yoqda ekan-da. Xudoyimning suyintirgani rost bo‘lsin.
Shu kundan Ma’sumaga e’tibor o‘zgardi. Maxfirat xola hatto kelinining ertalab yo‘lak yuvishini ham taqiqladi.
– Bolam, ikki-uch kunda bir o‘zimizning eshikning oldini tozalab qo‘ysang bo‘ldi. O‘zingni ko‘p urintirma. Og‘ir narsalarni ko‘tarma. Ana, biror narsa kerak bo‘lsa, o‘zim olib kelaman. Bozor-o‘charni Shukurjonning o‘zi qilaveradi. Ko‘ngling nimani tusasa, ayt, Shukurjon topib keladi.
Shukurning ham og‘zi qulog‘ida. Oy tug‘sa ham, kun tug‘sa ham Ma’sumaga bo‘lib qoldi. Xotini aytsa-aytmasa har kuni qo‘lida nimadir ko‘tarib keladi. Shifoxonaga borib, apparatga tushgach, tug‘ilajak farzandining o‘g‘il ekanligini bilganida esa o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi.
– Ismini Ne’matjon qo‘yamiz! – dedi shifoxonadan chiqishi bilan. – Axir u Yaratganning bizga bergan eng buyuk ne’mati-ku!
Erining quvonchidan Ma’suma jilmayib qo‘ydi. U farzandining sog‘-salomat dunyoga kelishini, tug‘ilayotganda qiynalish-qiynalmasligini, uning qanday chaqaloq bo‘lishini, qanday kulishlarini tasavvur qilar, xayolan alla aytib, beshik tebratar va shularni o‘ylab, allaqanday zavq tuyardi. Hali ism haqida ko‘p o‘ylamasdi ham. Shu sabab, “O‘zingiz bilasiz…” deb qo‘ydi.
***
Baxt ham egiz, baxtsizlik ham: “Birinchi farzandimiz o‘g‘il bo‘lar ekan”, degan Shukur bilan Ma’sumaning ham, “Xudoyim ol qulim desa, hech gap emas ekan-da”, deb suyinib yurgan muallimaning ham quvonchi uzoqqa bormadi. Tug‘ruqxonada tug‘ilgan go‘dak o‘zining dunyoga kelganini bildirib jar solib yig‘lamadi, tug‘ruqxona devorlarida bola yig‘isi aks-sado bermadi. “Balki qog‘onoq suvi yutgandir…” deb o‘ylagan vrachlar uning og‘ziga rezina ichak tiqib, illatlarni chiqarib tashladi, hatto chaqaloqni teskari qilib, ketiga ham sekingina shapatilashdi, ammo go‘dak qattiq tovush bermadi, faqat ojizgina “ing-ing” qildi.
Ma’suma doyaning bu harakatlarini ko‘rib turdi, ammo hech narsani tushunmayotgani uchun indamadi – o‘zi bilan o‘zi edi. Ammo palataga o‘tganidan keyin xavotiri oshdi.
– Bu nimaga yig‘lamaydi, oyi? – deb uni ko‘rgani kirgan qaynonasidan so‘radi.
– Bilmasam, vrachlar sog‘lom deyishyapti-ku, – hayron bo‘ldi Maxfirat xola. – Ana, emishiyam yaxshi-ku…
– Ovoziniyam chiqarmaydi, oyi… – yig‘lamsiradi Ma’suma. – Faqat past tovushda “xir-xir” qiladi. Vrachlardan so‘rasam, hech narsani aytishmaydi. Yaxshi, yaxshi deb qo‘yadi.
– Yaxshini yaxshi deydi-da, bolam. – Maxfirat xola kelinini xotirjam qilishga urindi.
O‘sha kuni Maxfirat hola kelinini tinchlantirib uyiga qaytdi, ammo ko‘ngliga g‘ulu tushdi. Vrachlar jo‘yali gap aytishmagani uchun bu haqida birovdan so‘rashga ham iymandi.
Uyiga borib ertasiga tug‘ruqxonadan chiqadigan nevarasi uchun joy hozirladi. Toza va ozoda xonani yana yalab-yulqadi. Bu urinishlarning hammasi o‘zini ovutish uchun ekanini o‘z ko‘nglidan yashirishga qancha urinmasin, baribir kelinning: “Bu nimaga yig‘lamaydi, oyi?” degani xayolidan bir zum bo‘lsin ko‘tarilmasdi. Bir payt qarasa, Shukur katta bo‘lgan beshik ustiga boyo‘g‘li qo‘nib, tinmay sayrardi… U “kisht-kisht” deb boyo‘g‘lini haydadi, ammo qush uchib ketmadi. Shunda keksalaridan eshitgan bir gap yodiga tushib, boyo‘g‘liga qaratib kul sochmoqchi bo‘ldi. Qo‘lidagi bir lagan kulni beshik ustiga sochdi. Laganning daranglagan ovozidan cho‘chib ketdi. Jon halpida atrofga qaradi. Hech qanday beshik ham, chaqaloq ham yo‘q. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, gilamda guruch sochilib yotardi…
Avval pichoqning qiniga suv soldi. Keyin piyolaga to‘kdi. Mijjalaridan ko‘zyoshi qalqib: “Iloyo ko‘rganlarim yaxshilikka bo‘lsin”, deb piyolani sipqorib yubordi. Sekin borib, o‘g‘lining xonasiga quloq soldi. Jimjit. Shukur uxlab yotibdi.
Ona qaytib oshxonaga kirdi. Toza guruchni endi rostmana tozalash kerakligini angladi.
“Tavba… – deya o‘yga botdi. – Iloyo, nevaraginam tinch bo‘lsin-da. Hamma xavotirim shundan. O‘g‘lim bilan kelinimni to‘ydan oldin hamma tibbiy ko‘rikdan o‘tkazganman, biror muammo chiqqan emas. Qon guruhlariyam bir xil emas. Ammo chaqaloqning yig‘lamay tug‘ilgani qo‘rqitib qo‘ydi. E, xudojon, men-ku, hayotda ko‘p azob ko‘rdim, ko‘rganlarimga roziman, ammo bolalarim qiynalishmasin. Ularning ko‘zlarida yosh ko‘rsam, yuragim eziladi, Xudojon… O‘zing rahm qilgin, yo karami keng Egam!”
Tong yaqin ona g‘arib ko‘rpasini yosh qalqib turgan yonoqlariga bosdi.
***
Tug‘ruqxonadan ona-bolaga javob berishayotganda bosh vrach chaqaloqning otasini chaqirtirdi. Qo‘lida guvohnoma ko‘tarib yurgan Shukur vrach xonasiga kirdi.
– Chaqaloqqa bugun javob beryapmiz, – deya gap boshladi vrach bosiqlik bilan. – Kelin ham aytgan bo‘lsa kerak, bola yaxshi. Hech qanday muammosi yo‘q. Tug‘ruqxonada olishi kerak bo‘lgan hamma emlashlarni qilganmiz.
– Rahmat, sizlarga.
– Hammasi joyida, faqat bir narsaga tushunmay turibmiz.
– Nimaga, do‘xtir?
– Chaqaloq yig‘lamay tug‘ildi, ammo sog‘lom: yurak urishi, nafas olishi, hamma-hammasi joyida. Bizlarni haligacha o‘ylantirgani – uning yig‘lamay tug‘ilgani, yig‘lash o‘rniga past tovushda “xir-xir” qilishi.
– Ha, keliningiz aytdi. Biz ham shundan xavotirdamiz… – Shukur vrachning ko‘zlariga najotkorona tikildi.
– Sizlar er-xotin qarindoshmisizlar?
Shukur aybdorona bosh irg‘adi.
– Ha, u xolamning qizi…
– Sizday oliy ma’lumotli odam… – vrach afsus bilan bosh chayqadi va qo‘lidagi ruchkasini qog‘oz ustiga tashladi. – Ko‘nglingizga og‘ir botmasin-u, ertaga shu o‘g‘lingiz gapirmaydigan bo‘lsa, nima qilasiz?
– Xudo saqlasin-e…
– Xudo saqlasin, ammo o‘g‘lingizning harakatlari uning gung ekanligidan darak beryapti…
Tamom. Vrach yana nima dedi, nimalarni tushuntirdi, birortasi Shukurjonning qulog‘iga kirmadi. U yerdan qanday chiqdi, Ma’suma bilan o‘g‘li Ne’matjonni tug‘ruqxonadan qanday uyga olib keldi, ularni kutib turgan “aybsiz-aybdor” onasiga nima dedi, qanday o‘qrayib qaradi, hech qaysi esida yo‘q. Ularni uyga kiritishi bilan ko‘chaga chiqib ketdi va kech bo‘lganda oyoqda turolmaydigan mast bo‘lib kirib keldi.
– Hammasiga siz aybdorsiz! – uning onasiga aytgan birinchi gapi shu bo‘ldi.
– Bolam?.. – Maxfiratning birdan ko‘z oldida marhum eri bilan o‘tgan damlari jonlandi.
Maxfirat bilan eri o‘zlarini o‘tga, cho‘qqa urishib yetti yil deganda farzand ko‘rdi, qorong‘i uyi chiroqli bo‘ldi. Shukur – o‘sha chiroq. Er-xotin yana farzand umidida bo‘lgandi, ammo bu quvonch qayta nasib etmagan. Shukur yolg‘iz chiroqligicha qolgan.
Er-xotinning bor umidi shu Shukur edi. Elda qo‘sha to‘ylar bo‘lsa, qo‘shaloq kelinlarini yetaklab yurgan qaynonalarni ko‘rsa, Maxfiratning yarasi yangilanib, taqdiridan nolib qolardi: “Xudoyim menga birgina qiz bo‘lsa ham bermadi-ya…”
– Onasi, solsa, biridan ham soladi. Soluvi bo‘lmasa o‘nta bo‘lsayam bekor. Nasib bo‘lsa, Shukur qirq yigit tatiydigan o‘g‘il bo‘ladi, – deb yupatadi er.
Ayol: “Yaratganga shak keltirib qo‘ydim”, deya tavba qilar va dardi ichida bo‘lib qolardi, ammo xotiniga taskin-tasalli beruvchi er ayolning peshonasiga sig‘madi, umr chechagi erta so‘lgandi.
Er ham o‘rtoqlarining to‘yiga borsa yoki biror ziyofatda bo‘lsa, shunday tarang bo‘lib kelar, keliboq, uni ayblashga tushardi. Bugun bolasi ham “Agar o‘g‘lim gapirmasa” deb izillab, onani ayblab turibdi.
– Bolam… – ona o‘g‘lini bag‘riga bosdi va uning boshini siladi, ko‘ylagining yengi bilan ko‘z yoshlarini artib qo‘ydi, – hech kim Xudodan zo‘r emas. Boshga tushganni ko‘z ko‘radi. Sabr qilaylik-chi, vrachlar ham aniq bir narsa degani yo‘q-ku!
– Dedi-da, oyi… – hiqilladi Shukur. – Bugun bir professor: “O‘g‘lingizning harakatlari gung tug‘ilganidan darak beryapti”, dedi. Nima qilay, oyi? Bu qanday sharmandalik bo‘ldi, oyi?
– Unday dema, bolam. Bu sharmandalik emas…
Ona boshqa so‘z aytolmadi. Jimib qoldi. Narigi xonada ularning so‘zlarini eshitib turgan Ma’suma esa tizzasida pishillabgina uxlab yotgan go‘dagiga termilganicha ovoz chiqarmay yig‘lardi.
***
Ham sinovli, ham umidli kunlar, oylar o‘taverdi. Chaqaloq qalbi iztirobga to‘la onasining og‘ushida ulg‘ayar, beshikda uxlar, qo‘lda o‘ynar, past tovushda g‘ingshib yig‘lar, qiliqlari chiqib, qip-qizil milklarini ko‘rsatib o‘zicha kulardi. Ammo ovozi…
Ma’suma bolani har qancha “Ne’mat, Ne’matjon…” deb erkalamasin bola qayrilib ham qaramasdi. Uning eshitish va gapirish qobiliyati yo‘qligi ayon bo‘lib borardi.
Shukur o‘g‘lini necha bor vrachga ko‘rsatdi, ammo hammasidan bir xil javob oldi: “O‘g‘lingiz tug‘ma shunday. Gapirmaydi, eshitmaydi…”
Mutaxassislarning har bir javobi Shukurning boshiga to‘qmoq bilan urgandek bo‘lardi va endi u alamini araqdan olardi. U kundan-kunga o‘zgarib borardi. Bir kun uyga ichib kelsa, bir kun kelmaydi ham.
– Qayerda edingiz, dadasi? – so‘raydi ayoli.
– Ay-e, sen gapirma… – jerkib tashlaydi er.
– Nega bunday qilyapsiz? Axir bolaning aybi yo‘q-ku!
– Hamma ayb o‘zimda! Boshidan bu ishga umuman qarshi turishim kerak edi… Onamning yuzidan o‘tolmadim. Endi esa kech… – Shukur shunday deya boshqa xonaga kirib yotib oladi va deyarli hech kim bilan gaplashmaydi.
Maxfirat opa o‘g‘lidagi bu o‘zgarishlardan kuyunadi, ichikadi.
– Bolam, – dedi bir kech uning boshiga kelib, – seni shunday beoqibat o‘stirganmidim? Otang bo‘lmasa, aka-ukang, opa-singling bo‘lmasa. Men, sen va shu bechora xotining. Nega uni qiynaysan? U ham bu yerda kuni o‘tmay qolganidan emas, sen bilan meni deb yuribdi-ku! Peshanamizda bor ekan, bola gung tug‘ilibdi. Ammo o‘zlaring sog‘-salomat-ku! Nega bunday noshukur bo‘lasan? Balki keyingi farzandlaring sog‘lom tug‘ilar…
– Oyi, boshqa gapirsayam siz gapirmang! – Shukur jerkib tashladi. – Hammasi sizni deb bo‘ldi.
– Bunday bo‘lishini tush ko‘ribmanmi?..
– Shu ahvol bo‘lsa, hademay meni tush ko‘rasizlar…
– Aynima! Qadamingni egri bossang, sendan bu dunyo, u dunyo rozi emasman!
Maxfirat opa shu gapni aytdi-yu, chiqib ketdi. O‘z xonasiga kirib marhum eri qarshisida turganday o‘zi bilan o‘zi gaplasha boshladi.
– Dadasi, – dedi u, – sizsiz g‘arib bo‘lgan ahvolimga qarang. Yetti yil deganda Xudodan tilab olgan o‘g‘limiz bugun gapimni olmaydi. Yuzing, ko‘zing demaydi. Men xato qilgan emishman… Chindan xato qildim, xato qildi-im… Endi nima bo‘ladi, dadasi? Bu xatolikning badalini qanday to‘layman? Endi nima qilama-an, qanday qilama-an?..
Maxfirat aytib-aytib yig‘lar, ko‘z yoshlari ajin bosgan yuzida taralardi. Bir mahal kimdir yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. Boshini ko‘tarsa, chaqaloq ko‘targan kelini.
– Oyijon… – dedi Ma’suma bir qo‘lini qaynonasining yelkasiga qo‘yib. – Yig‘lamang. Bo‘lar ish bo‘ldi. Ortga yo‘l yo‘q. Sizni oyi deganman. Meni qizim desangiz, yig‘lamang. Ne’matjon gapirmasayam ko‘zi ko‘radi, emaklab yuradi, kula oladi. Hayotimizga quvonch bera oladi. Ko‘zimizni quvnata oladi. Nega noshukur bo‘lay? Yaratgan Egam o‘zining sevgan bandalariga sinov berar ekan. Yaxshilik ham, yomonlik ham O‘zidan-ku, oyi.
To‘lib turgan Maxfirat yana piqillab yig‘lab yubordi. Avval kelinini bag‘riga bosdi, so‘ngra nevarasini olib, peshanasidan o‘pdi.
– Yaxshiyam, sen borsan… Sadag‘ang ketay sening, bolajonim, sadag‘ang ketay…
Ne’matjon kulganda, o‘z bola tilida “ig‘i-ig‘i”lab nimalardir deganda ovozi chiqmasa-da, kundan-kunga ulg‘ayib borar, endi uyda emaklab o‘ynar, ammo eshikning ochilib yopilgani yoki kimningdir unga gapirayotganini anglamasdi, chaqirsa eshitmasdi. Emaklab biror joyga ketib qolmasin, xayolimdan qochmasin deb Ma’suma uning bo‘yniga so‘rg‘ich bilan birga mittigina qo‘ng‘iroqcha ham taqib qo‘ygandi. Ona shu orqali o‘g‘lining qayerda emaklab yurganini yoki qayerda o‘ynayotganini bilib turardi. Ammo Shukurning uyga kelishi kundan-kunga kamayib borardi. Kelsa ham birovga gapirmas, o‘g‘lini qo‘liga olmasdi. Bu Ma’sumaga og‘ir botardi va “Bir kun o‘ziga kelar…” deb kutardi.
O‘sha “bir kun” Ne’matjon yoshiga to‘lganda keldi. Shukur kechqurun ishdan ikki qo‘li to‘la bozorlik bilan qaytdi. Narsalarni xotiniga uzatib, emaklab yurgan Ne’matjonni ko‘tarib oldi va bir-ikki marta osmonga otib o‘ynatdi. Chaqaloq og‘izlarini katta-katta ochib, “g‘i-g‘i”lab kuldi, huzur qildi, yayradi, ammo barcha bolalarday qiqirlab kulolmadi. Ana shunda Shukur ko‘ngli qolganday bolani qo‘yib yubordi. Go‘dak otasiga bir qaradi-da, onasini izlab, yig‘lagancha oshxona tomonga emaklab ketdi. Bu yig‘i favqulodda o‘zgacha jarangladi. Bola bolalik haqqini talab qilayotganday, boshqalardan kam emasligini uqtirayotganday edi.
Shukur qarshisida turgan onasidan ko‘zlarini olib qochdi. Oshxona tomonga bir qarab qo‘ydi.
– Nimaga buncha bezovtasan? Ishlaring joyidami o‘zi? Oxirgi paytlarda uygayam bir kun kelib, bir kun kelmaysan? Yo ishing shunchalar ko‘pmi? Ikki smena ishlayapsanmi?
– Oyi… – Shukur yana nimalardir demoqchi edi, ammo gapira olmadi. O‘rnidan turdi va eshikka qarab yura boshladi. Oshxona ostonasida Ne’matjonni ko‘targan Ma’suma ko‘zda yosh bilan turardi.
– Meni to‘g‘ri tushun… – dedi u ayolining yuziga qaray olmasdan.
Ma’suma hech narsa demadi. O‘g‘lining yelkasiga bosh qo‘ygancha jim, bir nuqtaga tikilib turardi. Bolakay esa “ig‘i” deya otasiga qo‘l uzatdi, ammo qo‘li havoda qoldi…
***
Yillar o‘tdi.
Maxfirat opa nafaqaga chiqqan, uyda maktab yoshiga yetgan, ammo bog‘chaga ham borolmaydigan nevarasiga qarab o‘tiradi. Avvalgidek holi ham yo‘q, oyoqlari shishib, yurishga madorsiz bo‘lib qolgan. Shukur ulardan xabar olmay qo‘ygach, Ma’suma shahardagi bir yemakxonada idish-tovoq yuvadi. Ammo o‘g‘lini o‘rgatgan – nimadir zarur bo‘lib qolsa, qog‘ozga yozib bersa, Ne’matjon yugurib uy oldidagi do‘kondan olib chiqadi. Do‘kon egasi uning “tili”ni tushunadi.
Ne’matjon to‘rt yoshga to‘lganda Maxfirat opa nevarasining bo‘ynidagi qo‘ng‘iroqchani olib, kirish eshikka osib qo‘ygan. Hozir Ne’matjon uydan biror joyga chiqqudek bo‘lsa, kirgudek bo‘lsa ham qo‘ng‘iroqchani bir urib o‘tadi. “Jiring-jiring”. Maxfirat opa shu orqali uning qayerda ekanligini bilib turadi. Ammo nevarasi yoshiga yetgan, uni tengdoshlari qatori maktabga bera olmasligidan ichikadi. Yuragi sanchiydi. Ba’zan turishga ham madori bo‘lmay “Ne’mat, Ne’matjon!” deb chaqiradi. Nevara ko‘zi tushsa qaraydi, bo‘lmasa o‘yinchoqlarni o‘ynab o‘tiraveradi. Ammo buvisining qiynalayotganini ko‘rib qolsa, chopib keladi va sovuqchoy tutadi, dorisini olib beradi. Keyin nima qilishini bilmasdan, unga suyanib o‘tiradi, ba’zan oyoqlarini uqalab qo‘yadi. Nimalardir demoqchi bo‘ladi, ammo gapirolmaydi. Onasining ishdan kelishini kutadi.
Hayot shu tarzda davom etadi.
Ne’matjon bir kuni tushga yaqin issiq non olib chiqish uchun do‘konga tushdi-yu, bino oldida to‘p tepishayotgan bolalarning o‘yinini tomosha qilib, ancha qolib ketdi. Keyin nega chiqqani endi esiga tushgandek do‘kondan ikkita non oldi-da, uyga qaytdi. Ostona hatlayotib, qo‘ng‘iroqchasini bir urdi. “Jiring-jiring”. To‘g‘ri oshxonaga kirdi. Qarasa, buvisi yo‘q, nonni qo‘yib, kichik xonaga o‘tdi. Buvisi uxlab qolibdi. “Non olib keldim”, deya ishora qilmoqchi bo‘ldi, ammo xalaqit bermadi, yonida televizor tomosha qilib o‘tirdi. Kino tugadi, zerikdi. O‘yinchoqlarini o‘ynadi, undan ham zerikdi. Qorong‘i tusha boshladi, qorni ochdi. Ammo buvisi haliyam uxlab yotibdi.
Ne’matjon buvisining uxlashini tomosha qildi. Maxfirat opa bir tekis yotar, nafas olayotgani sezilmasdi. U bir muddat qarab turdi-da, hayron bo‘ldi, bola qalbi bilan angladiki, tushda yotgan odam kechgacha uxlamaydi. Shuning uchun buvining yelkasidan turtdi, uyg‘onmadi. Qayta-qayta turtdi, foydasi bo‘lmadi. Yuragiga qo‘rquv tushdi. Buvisining ko‘rpachadan chiqib, gilamda turgan qo‘lini olib silkiladi. Yo‘q, ko‘zlarini ochmadi. Qattiq-qattiq silkidi, xirillab ovoz chiqardi, ammo buvisi uyg‘onmadi. Oxiri turdi-da, eshikka osilgan qo‘ng‘iroqni yulib oldi va buvisining qulog‘i tagiga kelib chala boshladi. Chaldi, chalaverdi. Ammo buvisi uyg‘onmadi. Qo‘ng‘iroqni qo‘yib, boshini silkiladi, yelkalariga turtdi, ammo buvisi qilt etmadi.
Ne’matjon qo‘rqdi. Nima qilishini bilmay qoldi. Yostiq tagini ko‘tarib, buvisi ichadigan dorini oldi va suv ham olib keldi. Dorini ichirmoqchi bo‘ldi, ammo buvisining og‘zi ochilmadi. Shunday bo‘lsa-da, bola dorini buvisining quruqshab borayotgan labiga qistirdi va ustidan suv quydi. Suv tomoqqa ketmadi, dori bilan qo‘shilib, yoqasiga oqib ketdi. Bola qo‘rqqanidan “Ai-ai-ai!” – deb baqirib yubordi. Buvisini battar silkilay boshladi. Ammo buvisi hech narsani sezmas, silkilangani sayin boshidagi ro‘moli og‘ib borardi.
– Ai-ai-ai! – Ne’matjon takror-takror baqirdi. So‘ng yugurib tashqariga chiqdi va qo‘shnining uyini taqillata boshladi. Eshikni qo‘shnining Ne’matjon tengi qizchasi ochdi. Ne’matjon xirillab unga uylarini ko‘rsatib ishora qildi, ammo uning vajohatidan qo‘rqib ketgan qizcha eshikni yopib oldi. Uyda boshqa hech kim yo‘q edi.
Ne’matjon ikki eshik orasida bir muddat turdi-da, yugurib pastga tushdi. Do‘konga bordi. Ichkariga kirishi bilan do‘kon egasining qo‘lidan ushlab torta boshladi.
– Ha, nega meni sudraysan? – dedi baqaloq do‘konchi. Ne’matjon uni tortaverdi. Do‘kon egasi oxiri kassa oldida o‘tirgan xotiniga: – Chiqay-chi, nima deyapti bu garang. Bir gap bo‘lganga o‘xshaydi, – dedi.
Ayol hayron qarab qoldi.
Ne’matjon do‘kon egasini yetaklab, uyga kirib keldi. Kirayotib, qo‘ng‘iroqchasini chalish uchun eshik shiftiga qo‘l uzatdi, qo‘li hech narsaga tegmadi. Shunda qo‘ng‘iroqni olganini esladi va birdan ko‘rpacha oldida turgan qo‘ng‘iroqchasini olib chaldi, buvisi yana uyg‘onmadi. Uning harakatlarini ko‘rib, do‘kon egasi titrab ketdi.
– To‘xta… – dedi Ne’matjonga ishora qilib. Do‘kon egasi vrachlar kabi avval Maxfirat opaning bilagini ushlab ko‘rdi, so‘ngra tomog‘ini. Engashib, burniga yuzini tutdi. Nafas olmayapti. Vaziyatdan qo‘rqdimi, yo bunday holatni birinchi marta ko‘rishimidi, rangi oqarib ketdi. Atrofga qaradi. Eshik tomonga kursi qo‘yilgan bo‘lib, ustida ro‘mol osilib turardi. Ro‘molni oldi-da, marhumning jag‘ini bog‘ladi. So‘ngra Ne’matjonga qarab, “Buving dunyodan o‘tibdi…” degan ishorada yuziga fotiha tortdi.
Ne’matjon shundagina nima bo‘lganini tushundimi, hiqillab yig‘lab yubordi.
Do‘konchi mahalla raisiga qo‘ng‘iroq qildi.
Janoza ertasi kuni bo‘ldi. Barcha yaqinlar yig‘ilgan, hamma ma’yus. Onasining janozasiga yetib kelgan, ozib, sochlari oqarib, jag‘ suyaklari bo‘rtib qolgan Shukur esa tobutga qarab yig‘lar, pichirlab nimalarnidir aytar, ammo boshini ko‘tarolmasdi. U bir necha marta o‘g‘lining yoniga kelib, “Ne’matjon, o‘g‘lim…” dedi, ammo bola unga o‘girilib ham qaramadi. U ustiga oq surp yopib qo‘yilgan buvisining yumuq ko‘zlariga qarab telbavash o‘tirar, go‘yo hozir qo‘lidagi qo‘ng‘iroqchani jiringlatsa, buvisi uyg‘onib ketadigandek, turib uni bag‘riga bosadigandek goh-gohida jiring-jiring qilib qo‘ng‘iroq chalib qo‘yardi…
O‘sha kuni hech kim Ne’matjon bilan gaplasha olmadi. Do‘konchining taklifi bilan mahalla raisi uni ham qabristonga olib bordi. U nimalar bo‘layotganiga goh tushunib, goh tushunmay qarab turdi. Qabrga chim bosishayotganida, beixtiyor u ham bir chimni bosdi va cho‘ntagidan qo‘ng‘iroqchasini chiqarib, tez-tez chala boshladi. Go‘yo shunday qilsa, hozir buvisi tirilib keladigandek edi…
Janozadan qaytishayotganlarida Ne’matjon Shukurga qarab-qarab qo‘ydi. Endi buvisi yo‘q, onasi baribir yarim kechagacha ishda bo‘ladi. Bu odam ularning uyiga goh-gohida kelib turishini, har gal unga o‘yinchoqlar, yeguliklar olib kelishini eslay boshladi.
Marhumni kuzatib qaytganlar uy oldida o‘tirishib, yana duoi fotiha qilishgach, birin-ketin tarqalisha boshladi. Ana shunda Ne’matjon Shukurning oldiga keldi va qo‘lidan ushlab yuqoriga ishora qildi.
Ostonada bir qo‘lida qo‘ng‘iroqchasi, bir qo‘li bilan otasining qo‘lidan mahkam ushlab turgan o‘g‘lini ko‘rib, Ma’suma qalqib ketdi…
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 6-son