Ular ikki haftadan buyon yaydoq Yayilma dalalarida kartoshka kavlashardi.
Oqshom havo ochiq edi, yotib qolishga qaror qildilar.
Er cho‘kib, tars-tars yorilib ketgan taqir do‘nglikda pastak qamish chayla omonat qo‘nqaytirilgan. Tepasiga brezent tortilgan chayla yonida o‘choq; tezak uyumi, dastasi siniq ketmon, egar-to‘qim, jag‘i yirtiq bir poy etik, solyarka to‘ldirilgan vino shishalari, no‘shpiyoz, tarvuz po‘choqlari sochilib yotibdi. Qozon ustidagi qog‘oz qopning bir uchi kuygan, qorni pachoq oq bidon og‘ziga qurum bosgan qop-qora choygum to‘nkarib qo‘yilgan.
Chayladan sariq qalami shim kiygan kallasi katta, pakana, g‘o‘labir yigit kosa ko‘tarib tashqariga chiqdi. Ivirsib o‘choqqa o‘t qaladi-da, chelak olib pastga — Xonariqqa tushib ketdi.
Ho‘l tezak tutay-tutay qizigach, gurillab yondi.
Qosh qoraydi. Kunbotarda bir muddat cho‘g‘day yallig‘langan shafaq asta-sekin so‘ndi. Olovning yugurik qizg‘ish tillari atrofga sapchib, lip-lip soya tashlay boshladi. Birpasda qorong‘ilik cho‘kkan do‘nglik etagidagi kartoshkazordan kimdir xirillab baqirdi:
— Ho‘, To‘lavoy! Bugun pishadimi?!
Uchoq tepasiga engashgancha «jaz-biz» qilayotgan yigig kapgirni qozon ustiga ko‘ndalang qo‘yib qichqirdi:
— Kelinglar-ov! «Kartopelniy puyre» gatop!
Kartoshkasi kavlanib, shudgor ochilib qolgan paykaldan oldinma-keyin sudralib uchta ko‘lanka o‘choq boshiga chiqib keldi. Gavdasi tiqmachoqdek, cho‘yanday qop-qora Nabi salmoqlanib qadam tashlar, o‘rtada qop orqalagan Student, eng orqada qo‘llarini beliga qo‘ygan ko‘yi yerga engashgancha daroz qaddini bukib Asom buva kelar edi.
— Hormanglar endi! — dedi To‘lavoy tutundan achishgan ko‘zlarini ishqalab.
— Salomat… Uh… — Asom buva bora solib egarga o‘tirdi-da, qamish devorga suyandi. — Qiztaloq ish charchatdi-yov odamni.
Student qopni chaylaga qo‘yib chiqqach, shosha-pisha ko‘k paxtaligini yechdi, atrofdagilarning hay-haylaganiga qaramay, bidondan bir cho‘mich suv olib ichdi.
— Qag‘g‘! Qag‘g‘! Qag‘g‘!..
O‘ttiz odim chamasi nari tepalikdagi beso‘naqay qaqqaygan temir simyog‘ochda qator tizilgan uch-to‘rt qarg‘a bir-biriga gal bermay qag‘illardi.
— Ho‘, miyang qaynamay o‘l! — deya o‘shqirdi Nabi o‘sha tarafga xo‘mrayib.
Asom buva tashvishlanib osmonga tikildi:
— Havoga bulut chiqyapti. Yana bir baloni boshlamasa go‘rga edi…
— Va-a, onasini emsin, bu yil karchikani kavlolmay qor tagida qolib ketarkanmiz-da, — dedi To‘lavoy burniny tortib. — Parvo qilmang, Asom buva, sho‘tda qishlaymiz-qo‘yamiz. Ko‘klamda qazib olarmiz.
— Bu yil qiyg‘irakdan avval kuz tushdi, a, Asom buva? — Nabi bidon ustiga og‘ir cho‘kdi.
Asom buva og‘zidagi nosni tuflab, mujmal javob qildi:
— Xudoyimdan ham aylanay… Ja qahriga olvordiku. Kunora yomg‘ir-a, e, tavba! Munaqada tirikchilik bo‘ladimi?
— Paxtani ayting, paxtani! — To‘lavoy qozonning qopqog‘ini yopib, o‘rnidan turdi. — Bu yil planniyam to‘ldirolmasa kerak.
Indamay sigaret chekib o‘tirgan Student tanglayini taqillatib, so‘z qotdi:
— Paxta bo‘ladi-yu, terilmay qolarmidi?
— Bajara olarmikan-a? — deb so‘radi Nabi uning og‘ziga tikilib. — Bu… tinmay yog‘aversayam-a?
— Ha, texnikani nima deyapsiz?
— Hm, texnika emish… Shudgorning atalasi chiqib yetibdi-yu! Qani, «zangori kemang» joyidan qo‘zg‘alsin-chi!
— Nima bo‘pti? Odam qaysi texnnkadan kam?
— Toza boshlaring og‘rimagan-da, — Asom buvaning tajangligi tutdi. — Og‘ir-engili sanlarga tushdimi? Ekkanlar tervolar bir balo qilib. Karchikangni o‘ylasalaring-chi… Ko‘klamda bu hojim raisga aytdim: «Hoy, Mir Tolib xaltaning o‘g‘li, bu yer halqob, bo‘lmaydi karchikaga», dedim. Qayoqda!
— O‘rda-qirda, dehqonga qiyin bo‘ldi-da, bu yil, — deya salmoqlab xulosa chiqardi To‘lavoy. — Qani, kiringlar, ovqatni suzaman.
Nabi ichkariga kirdi-da, qorong‘ida timirskilanib burchakdagi o‘ninchi chiroqni topib yoqdi. Chaylaning ichi g‘ira-shira yorishdi. To‘rga yig‘ilgan o‘rin-ko‘rpa ustidagi choyshabda tepaga osilgan xalta-xultalarning soyasi paydo bo‘ldi. Poygakda, idish-tovoq qalashgan burchakda kerosinka miltillar, uning zaif shu’lasnida qamish devorning shox-shabbalari orasiga qistirib qo‘yilgan uch-to‘rtta mog‘orlagan non, pichoq, gazeta parchasi oqarib ko‘rinar edi.
— Voy, jonim-ey! — Asom buva dog‘ bosgan, isliqi namat chetiga o‘tirib uh tortdi, — Charchabman.
Choy damlayotgan Student unga achinish bilan tikildi.
— Sattor akam kelgan ekan-ku, bir-ikki kun qarashvorgin, demabsiz-da? — dedi u sekin.
Sattor — Asom buvaning yagona farzandi. Mototsikl bilan bir bolani bosib ketib, ikki yilga hukm qilingan, allaqayerda jazo muddatini o‘tamoqda edi.
Nabi uzala tushib yonboshlaganicha non kavshab iljaydi:
— Be, Sattorga ish desang, labiga uchuq toshadi-ku. Ishga terisi yupqaroqmi, a, Asom buva?
Cholning cho‘zinchoq, sarg‘ish yuzi qizarib, ko‘k ko‘zlari chaqchaydi:
— Sattorqul bizni kuydirvordi-ku… Yakka o‘g‘il, ko‘ngliga qarab… Ichkilikni orqasida… Mana, san yuribsan-ku azbaroyi dodangni qiymaganingdan, — deb Studentga yuzlandi u. — Bu xomqayish, ikkitaning otasi-yu, odamga tariqcha achinmaydi… Mayli, ishqilib, omon bo‘lsin.
Jimlik cho‘kdi. Chaylaning tepasida nimadir shitirladi.
— Hali yosh-da, esi kirib qolar, — deya o‘zicha yupatdi Nabi.
— O‘zi shu: boy bolasi o‘n beshida bosh bo‘ladi, kambag‘alning o‘g‘li o‘ttizdayam yosh bo‘ladi. — Asom buva so‘kina-so‘kina etigini yechdi. — Qani, hey, choyingdan quy.
Katta sopol laganda bug‘i chiqib turgan kartoshka qovurdoq ko‘tarib To‘lavoy kirdi.
— Boplab tashladim, «kartopelniy puyreni. Qani endi, bunga yarimta bo‘lsa! — dedi u ko‘zlari qisilib.
— Oq-oh… — Nabi og‘zining tanobini qochirib irshaydi.
Hazil-huzul bilan ovqatlana boshladilar.
— Ashulani qo‘ysalaring-chi, — deb qoldi bir payt Nabi.
Student o‘rnidan turdi-da, burchakka suyab qo‘yilgan qop ustidagi kichkina tranzistorning qulog‘ini buradi. Qitir-qitir tovush chiqarayotgan tembr to‘lqinlari orasidan ayol kishinnng past ovozi eshitildi:
«…o‘tar kechasi Isroil bosqinchilari yana Iordaniya chegarasiga hujum qildilar. Kuchli artilleriya otishmasi oqibatida…»
Lagandan qo‘l tortib, diqqat bilan quloq solib turgan Asom buva g‘ijinib bosh chayqadi.
— Tavba, xunasalarni urushdan boshqa dardi kasali yo‘qmi, a? Odamlar bug‘doy ekib, paxta ekib, dehqonchilik qilsa, bu qiztaloqlarning dehqonchiligi urushmi, deyman-da!
— E, nima deyapsiz, Asom buva, bular o‘likning yog‘ini sotib pul topadi, ha! Odamning soddasi siz bilan biz, yuribmiz-da ketmonga laqillab… — deya gapini ma’qulladi To‘lavoy og‘zini to‘ldirib.
Asom buva qo‘lini kir sochiqqa artib, choy ho‘pladi:
«— Dunyodayam yurt ko‘p ekan-da. Har otlari borki, aytaman desang tiling qavarib ketadi. Yerdanio deydimiyey, Qo‘ytikan deydimi-ey…
Student kulib yubormaslik uchun labini mahkam qimtidi: «Qo‘ytikan… Vatikan degani shekilli».
— Bu… o‘shalar ham o‘zimizning Zarkat, So‘qoqqa o‘xshagan joylar bo‘lsa kerak, — deya kiprigini pirpiratib, tusmolladi Nabi.
— Buyam rayonmi, oblastmi, bir narsa-da, a, Mirsobit? — deb Studentga yuzlandi To‘lavoy. — Bizga qaraydimi?
— Yo‘q, — deya bosh chayqadi Mirsobit ichki bir nadomat bilan.
— Ha, yemaysanmi? — deb so‘radi Nabi uning qo‘l artayotganini ko‘rib. — E, olsang-chi.
— To‘ydim. Bilasiz-ku, biz pulga ovqatlanaverib, chimxo‘r bo‘lib qolganmiz, he-he…
— Qilichak ekansiz, Mirsobit, yemadingiz-ku? — dedi To‘lavoy kavshangancha. — Ja, ustudentlarga qiyin ekan-a, hammasiyam shunaqa non yemasmi?
— O‘qish osonmi sanga? — deb uh tortdi Asom buva, — Bechora ustudentlar yuraverar ekan-da, rangi sarg‘ayib…
Mirsobitning g‘ashi keldi:
— Siz aytgan studentlarning davri o‘tib ketgan, Hozirgilar do‘ppisi tushib ketsa, pul berib oldiradi.
«Endi dilrabo qo‘shiqlar, yoqimli kuylar tinglab dam olnng, aziz do‘stlar», deb e’lon qildi diktor.
— Hozir «ko‘rpacha»ni beradi, mana ko‘rasizlar! — dedi ko‘zlarini o‘ynatib komil ishonch bilan To‘lavoy.
Ikki-uch daqiqadan so‘ng chiyildoq ayol ovozi betayin naqoratda aylana boshladi: «Soldik ko‘rpacha… ko‘rpacha… ko‘rpacha!»
Hamma kulib yubordi.
— Biz ham salkam avliyo! — To‘lavoy soxta g‘ururlanib, boshini ko‘tardi.
— Bularniyam topgan dastmoyasi nuqul ashula ekanda! — Asom buva qalampir chaynagan kabi aftini bujmaytirdi.
— Nima balo, Asom buva, nervinniymisiz?
— Buni eshitaversang san ham nervinniy bo‘p qolasan. Qiztaloqlar, hatto ob-havoni rost aytmaydi-yu!..
Chol qo‘l siltab, inqillagancha o‘rnidan turdi-da, tahorat olgani tashqari chiqdi. To‘lavoy erinibgina idish-tovoqni yig‘ishtirishga tushdi.
— Qani, yotamizmi? — deb so‘radi Nabi tish kavlarkan. — Darrov-a? — Mirsobit qoshini norozi chimirdi, — Hali erta. Oshqozon kasal shundan-da.
Nabi sap-sarnq tishlarini ko‘rsatgancha og‘zini katta ochib esnadi:
— Odam charchadi-ku, — dedi, — ha… san toshkanlik…
Mirsobit indamay iljaydi.
U ko‘ngli erib, beixtiyor Toshkentni, neon chiroqlar shu’lasiga cho‘milgan xayolkash xiyobonlarni, institutning beg‘am kulgi to‘ldirgan nimqorong‘i yo‘laklarini… esladi va Diloromni sog‘inganini, uni judayam ko‘rgisi kelayotgannni his etdi.
«Dilorom meni shu ahvolda uchratsa… — deb o‘yladi u ust-boshiga nazar solib. — Tanirmikan? Juda qizig‘-a… dunyoning allaqayerida bir umr shunday tirikchilik qiladigan odamlar borligini hatto tasavvur ham etolmasa kerak».
U tashqariga chiqdi, muzdek havodan entikib-entikib simirdi. Qora sovuq tushgan, izg‘irin izillaydi. Yulduzlarni yutib yuborgan osmon qop-qora.
Asom buva yelkasiga chopon tashlab pastdan chiqib kelarkan, allanarsaga qoqilib ketdi-da, to‘ng‘illab so‘kindi: «E, onangni…»
Chaylaga kirgach, chol fe’li aynib yana ming‘illadi:
— Xah, o‘zbekning ko‘rgan kuni qursin! Eshakday ishlab-ishlab dunyoni to‘playdi-da, qay go‘rdagi balo-battarlarga sovuradi. Uy solaman, to‘y qilaman… ishqilib, o‘lguncha talvasa-da…
— Jahonda zap yashashni biladigan odamlar bor, — dedn Nabi muzlab yotgan ko‘rpa qatiga sho‘ng‘ib, — U, bizda, o‘zi… Hozir birovga yuz so‘m bersang ham shu yerda uxlamas!
Chiroqni o‘chirishdi. Anchadan keyin Asom buva:
— Ho‘, To‘lavoy! Xaladelnik bo‘p ketdi-ku kapa o‘lgur, — deb tag‘in g‘ingshidi. — Hech oyog‘im isimayapti. Anavi eshikning o‘rniga bir narsa tutsang-chi!
— Nima tutaman?
Yon-atrofdan guvillab sovuq kirardi, To‘lavoy paypaslab, bir burchakdan uvada sholcha parchasini topdi-da, eshik o‘rniga tutarkan:
— Chimildiqlar muborak! — deya hiringlab kuldi.
…Chaylaning ichi bari bir isimadi — to‘rt tomondan g‘urillab sovuq urardi.
— Qotib qolamizmi, nima balo? — Asom buva o‘rnidan turib o‘tirdi. — Padariga la’nat…
— Juda qiziqsiz-ey, Asom buva, — Nabi pixillab gap qo‘shdi, — sizga nima azob o‘zi, agaratga kelib? Yotmaysizmi, qorinni silab…
— Ha, yotasan-a, yotasan… Ikkita nonni birov beradimi, a? Ishlamay bo‘psan!
— Ishdan odam o‘lmagan.
— To‘g‘ri, lekin… Tirikchilik. Kelmasang — yana bo‘lmaydi. O‘zingdan qolar gap yo‘q: Sattorqulni uylantirganimda uch ming qarz bo‘lganman, mingi hali shundoq turibdi. Dam ol, deb aytishga oson. Boshingga tushmaguncha gapiraverasan-da!
Chol javrab-javrab, nihoyat, jim qoldi…
Ertalab To‘lavoy «chimildiq»ning bir chetini ko‘tarib tashqariga qaradi-da, ko‘zini ishqalab:
— Voy-bo‘! Mu-u-uz!— deb yubordi.
Mirsobit ko‘rpadan bosh chiqarib, sekin mo‘raladiyu dildirab ketdi: hammayoq qor.
«Olam yam-yashil!» — deb o‘yladi u qachonlardir o‘qigan bir hikoyaning nomini eslab.
Asom buva joynamoz ustida o‘tirardi,
— Ish o‘ldi, — dedi yoniga qayrilib, — karchika muzlab qoladi endi. Kechagi o‘ttiz qopni bekor qoplagan ekanmiz-da…
— Voy, onangni, havo ochiq edi-ku… — To‘lavoy dir-dir titrab kiyina boshladi.
— Man kechasi eshikka chiqqanimda qor endi mushuk izi bo‘lgan edi. — Chol o‘rnidan qo‘zg‘aldi. — Azonga tomon yog‘ibdi-da.
Keyin pishillab uxlab yotgan Nabining yelkasiga turtib:
— Ey, Karim afandinnng nevarasi, turmaysanmi? — dedi. — Xuddi dodangga o‘xshaysan-a!
— Dodasi nima qilgan? — deya so‘radi Mirsobit qiziqsinib.
— E, dodasi juda bir sodda, yuvosh-qochag‘on odam bo‘lgan. Karim afandi laqabi… Bir zamonda bozorga karchika oborib sotgan ekan. Sotibdi-da, o‘ttiz kilochasi qolganda o‘tmabdi. Qopdagi karchikani ustiga pulni solib uyga jo‘nabdi. yo‘lda birov: «Sotasanmi?» desa: «Sotaman», debdi. «Qancha?» «Ha, falon pul». «Ma, falon pul. Qopingniyam beraqol?» desa, «Ha, olaver!» debdi. Shunaqa qilib, karchikadan ham, puldan ham ayrilgan ekan.
Mirsobit yayrab kuldi: «O, odamning anoyisi!»
— Turlaring, ho‘v ballar, «kartopelniy puyreng» ko‘ngilni ozdirib yubordi, — dedi Asom buva tashqariga chiqarkan. — Choy-poy qaynatinglar amallab.
Izg‘irin aralash shitirlatib yog‘ayotgan quruq qor yuz-ko‘zga ignadek sanchiladi. Kartoshkazor o‘rtasida taxlab qo‘yilgan qoplar qorayib ko‘rinadi. Qora qarg‘alar charx urib, shodon qag‘illaydi. Chayla oldidagn sovuq qaqshatib ketgan ikki-uch tup makkajo‘xorining yalang‘och poyasi egilib qolgan.
Asom buva kavushiga qor to‘lib, ichkariga qaytib kirdi.
Choydan keyin chol «ketaman»ga tushdi.
— Endi uch kunsiz bir ish bo‘lmaydi, — dedi etigini kiyarkan. — Ketdik. Chaylani bo‘ri yemaydi.
— Karchika-chi?
— Nima qilardi karchikaga? Turar…
— Yaxlab qoladi, Asom buva. — Piyoladagi choyga non to‘g‘rayotgan To‘lavoy yalt etib unga qaradi. — Biror ilojini qilish kerak.
— Nima qilardik? Yo mashina, yo traktor topilmasa…
Bo‘lgandayam hozir shudgorga kirish o‘limdan qiyin. Bu boqibeg‘am brigadirdan ham darak yo‘q.
— Ko‘rpalarni oborib yopsak-chi? — Jonsarak bo‘lib qolgan Student hammaga bir-bir tikildi.
Nabi bosh chayqadi:
— Tagi zax, bo‘lmaydi. Chaylaga olib chiqib, ustini yopsak — xayr…
— O‘ylab gapiryapsanmi? — deb to‘ng‘illadi Asom buva olayib. — Bir kilometrdan opchiqib bo‘ladimi? Ichaging uzilib ketar!
— Bir ilojini topish kerak-ku, axir! — To‘lavoyning ham tajangligi tutdi.
— E, o‘t tushib ketmaydimi manga desa kolxozning karchikasiga! — deya o‘shqirdi chol bo‘g‘ilib. — O‘lamanmi endi! Oyog‘im sinib ketay deyapti, jonim o‘zimga kerak… Ketmaysanlarmi? Bilganingnn qillaring!..
U shartta o‘rnidan turdi-da, choponiga o‘ralib, chayladan chiqdi. Bir oz bukchaygan daroz gavdasn oppoq adirlar ortida xiyol o‘tmay g‘oyib bo‘ldi.
— Nomard, uvolni o‘ylamaydi!.. — To‘lavoy jig‘ibiyroni chiqib, cholni so‘kdi. — Bizning jonimiz temirmi?
Xiyla tortishuv, maslahatlardan so‘ng, qoplarni chaylaga olib chiqishga kelishdilar.
Og‘ziga palak qo‘yib tikilgan katta sariq qopni birinchi bo‘lib Nabi orqaladi. To‘lavoy bilan Mirsobit inqillab arang yelkasiga qo‘ygan qopni azod ko‘tarib, bamaylixotir lapanglagancha tepalikka chiqa boshladi.
— Juda baquvvat ekan-ku, — dedi Mirsobit havas bilan.
— E, xirsi bezanjir bu, — dedi To‘lavoy hansirab, — Qani…
«Chaylagacha uch yuz odim. Qopning og‘irligi yuz kilogramm. Qoplarning soni o‘ttizta. Uch yuzga yuz — barobar to‘rt yuz, — deb o‘yladi Student. — Oddiy arifmetika…»
Dastlab ishning og‘irligi bilinmadi. Ammo uchinchi gal…
Nabi va To‘lavoy muttasil shu xil ishlarni bajaraverib pishib ketishgan, pishqirgancha sir bermay qatnashar edi. Mirsobit birpasda qora terga tushdi. Chaylaga o‘ttiz odimcha qolganda tizzalari qaltirar, bazo‘r sudrab tashlagan qadami orqaga qarab ketayotgandek tuyular, sirpanchiq, ola-chalpoq yer ko‘z o‘ngida gir-gir aylanar edi.
Beshinchi qop uning tinkasini quritdi. Oyog‘i toyib, munkib ketdi-da, chap qo‘liga tayangancha arang qaddini rostladi. Nafasi bo‘g‘ilib, ko‘z o‘ngini ko‘kimtir halqalar qopladi. So‘ngra bor kuchini to‘plab silkindi, qaltirab, ikki qadam olga siljidi.
Tepadan tushib kelayotgan Nabi irshayib kuldi:
— Tirikchilik, bola-chaqa boqish ana shunaqa og‘ir, Student…
Joni halqumida liqillab turgan Studentning fig‘oni chiqdi, tishlarini g‘ijirlatib qisdi.
U sariq qoplar qalashib yotgan xirmonga imillagancha yaqinlasharkan, har bitta qop ko‘ziga balo-qazoday ko‘rinardi. Keyin ich-ichidan uh tortib, yelkasini yana yukka tutardi.
«Yashash uchun kurash ba’zan shu qadar mashaqqatli bo‘lib ketadiki, bu talvasaning nomi hayot ekaniga mutlaqo ishonging kelmaydi», deya o‘zicha xayolga berildi u va shu zahoti: «Hozir falsafaga balo bormi?!» — deb o‘yladi ensasi qotib.
Tushdan keyin qor tindi. Izg‘irin kuchaydi. Uchib-qo‘nib qag‘illab yurgan qarg‘alarning qorasi o‘chdi.
Qoplarni chaylaga joylagach, ustini o‘rab-chirmab, «chimildiq»ni tutib qo‘yishdi. Bir burdadan suvi qochgan kon kavshab, Xonariq bo‘yiga jimgina yo‘l oldilar. Mirsobit bo‘ynini qisib borar, gardani muzdek qotgan, oyog‘i achishgan sayin g‘ashi kelar edi.
Katta yo‘l yoqasida depsina-depsina birpas o‘tkinchi mashina kutishdi. Qor ko‘zni qamashtirib jimirlaydi. Oltita suv nasosi o‘rnatilgan kotlovan chuquridan o‘qtin-o‘qtin taqillagan tovush eshitiladi. Bo‘y cho‘zib qolgan yalang‘och, nozik terak nihollarining uchi ko‘zga chalinadi.
— Shu yerga kim ekkan bo‘lsayam, ja kallali odam ekan, — dedi To‘lavoy.
— Ha-a, — deb ma’qulladi Nabi, — shundoq suv bo‘yi, ko‘m-ko‘k yashnab yotsa — jannat bo‘lib ketadi-da…
To‘lavoy uning gapini eshitmay, o‘zicha allanarsalarni hisobladi:
— Yuztasi bir so‘mdan yuz so‘m, mingta bo‘lsa ming so‘m, o‘h-ho‘… Agar sarrovga mo‘ljallab ikki so‘mdan sotsa… ikki ming degan gap. Naqd ikki ming-a!..
Qor bosgan, bitta-yarimta yantoq tikkaygan pastak tepalik ortidan bo‘g‘iq motor tovushi eshitildi.
— Mashina kelyapti, — dedi Mirsobit yo‘talib.
Ikki do‘ng orasidagi muyulishda moshrang «Zillis» paydo bo‘ldi.
— Rais-ku… Qayoqqa ketyaptiykin shu mahalda?
— Shu, rayonga tushgan bo‘lsa, hoynahoy, birrov xabar olish uchun bu yoqqa o‘tgandir-da… — dedi Nabi chaynalib.
— Mayli, ishqilib, bizni olib ketadi-ku!
Mashina yupqa muz qatlamlarini qisir-qisir sindirgancha ikki-uch qadam o‘tib to‘xtadi. To‘lavoy sekin eshikni ochib salom berdi. Egnida ko‘k drap palto, salqi yuzi bir oz shishinqiragan, barvasta gavdali rais labkga sigaret qistirib, alik olgandek im qoqdi:
— Xo‘sh?
To‘lavoyning nazari dastavval raisning oyog‘idagi top-toza, yaltillagan xrom etik uchiga tushdi. So‘ngra, uning qora ko‘zoynagiga, bardachok ustidagi «VT» qutisiga bir-bir qaradi va shosha-pisha o‘zining ust-boshiga ko‘z yugurtirib, hijolat tortdi. Badanidan gupillab anqiyotgan achimsiq hidni rais sezib qolishidan cho‘chigandek, beixtiyor bir qadam orqaga tislandi, shashti qaytib, dovdiradi:
— Shu, karchika shunaqa bo‘lib… yaxlab qolmasin, deb… haligi… ketmoqchi bo‘p turuvdik endi…
Rais o‘zini suyanchiqqa tashlagancha oynaga tikilib qilt etmay o‘tirardi.
— Endi nima bo‘ladi? — deb so‘radi tomoq qirib.
— Endi… Zanjirli traktor bo‘lsa, olib chiqamiz shudgordan.
Rais og‘ir qo‘zg‘alib qo‘ydi.
— Hm… Bo‘lmasa yo‘q, deng? Kolxozniki muzlayversin… Shunaqami? Ha, bu, shunchalik ekan, sal ilgari harakat qilish kerak edi-da! Hammayiz yurdiyiz bozorda, chakkayizga gul taqib! Endi zanjirli traktor kerakmish bularga…
To‘lavoy birdan rangi gezarib, quruqshab qolgan labini yaladi-da:
— Hech kim o‘ynab yurgani yo‘q, Najim aka, — dedi sekin. — Vaqtliroq qaziylik, deganimizda o‘zinglar ruxsat bermagansizlar…
Nabi yerga qarab indamay turar, aravaga qo‘shilgan ot kabi og‘iz-burnidan pag‘a-pag‘a hovur chiqardi. Studentning miyasiga gup etib qon urdi.
«Hoy, rais! — deya hayqirdi u. — Sizda insof bormi? Birov o‘lay desa, ko‘may deysizmi! Qorni bu bechoralar yog‘diribdimi? Tabiiy ofat-ku bu!.. Hayf sizdek rahbarga! He, o‘sha…» — U raisni qattiq siltab-siltab tashladi, Rais qizarib-bo‘zargancha churq etolmadi…»
Gurillagan tovush uni hushiga keltirdi. Yigit xayoliy uydirmasidan g‘ijinib, nari ketdi.
— Ha-a, — deya rais chuvak yuz shofyorga yuzlandi, — qani…
Mashina chayqalib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. To‘lavoy anqayib, qo‘llarini shim cho‘ntagiga tiqqan ko‘yi bir oz serrayib turdi.
— E, tavba! — dedi so‘ng bo‘g‘ilib. Keyin chirt etib yerga tupurdi-da: — Katta degan ham shunaqa bo‘ladimi? — deb to‘ng‘illadi.
— Buning otasini «Mirtolib xalfa» deyishar ekan, — dedi Nabi xomush. — Kecha Asom buva so‘kuvdi, «Mirtolib xaltaning o‘g‘li», deb…
Ular so‘kina-so‘kina yo‘lga tushdilar. Shag‘al yotqizilgan qatqaloq yo‘l tepalikka o‘rlar edi.
1977