Mahalla idorasining yangi binosi yonida sigareta tutatib turgan ikki quruvchi shunday ro‘paradagi eski, pastqamgina, otamzamondan qolgan bir uyga tez-tez ijirg‘anib qarab qo‘yardi.
– Ana, momoy yana chiqdi, – dedi kulrang shapka kiyib olgan kishi sherigiga imlab. Ikkovi ham o‘sha hovlida ko‘ringan kampirni kuzatib turishdi.
Momo munkillagancha uyidan chiqib, tusi o‘chib ketgan kalishini oyog‘iga ildi. O‘choqboshida kir yuvib o‘tirgan evarasi mag‘zava qo‘lini etagiga arta-arta yugurib kelib buvisining qo‘lidan tutib yordamlashmoqchi bo‘ldi. Momo “Qo‘yaver, o‘zim yuraman” degan ishorani qilib uni iziga qaytardi. Keyin devorga suyab qo‘ygan hassasini olib ko‘cha devori tomonga yurdi. Momo xastadek horg‘in qadam bossa-da, odatda, qo‘lidagi asoga suyanmay, har ehtimolga qarshi olib yurardi. Terak shoxidan sindirib olgan, yomg‘ir-qorda turaverib, hatto qurt yeb ado bo‘layozgan shu po‘k tayoq qachon qo‘liga tushganini eslolmasa ham kerak. Aslida kampir tayoqqa suyanadimi yoki tayoq kampirgami, zimdan kuzatgan odamning ichini shayton qitiqlaydi. Ammo bugun momo qo‘lidagi tayoqqa ehtiyot bo‘lib suyanar edi.
– Ashraf, qara, momoy biz tomonga qarab kelyapti, – dedi boyagi kulrang shapkali kishi sherigiga. – Tag‘in bir gaplashib ko‘rsakmikin-a? Yotig‘i bilan tushuntirsak rozi bo‘lar?
– Ikki dunyoda ham rozi bo‘lmaydi. Oqsoqolning ham, hokim bovaning ham tishi o‘tmadi, sen bilan menga yo‘l bo‘lsin, – dedi Ashraf sigareta qoldig‘ini chetga chertib.
– E, ularing osmondan kelib gapirishgan-da. Qariyalarga odamga o‘xshab muomala qilish kerak. O‘zi bu kampir nechchiga kirgan ekan-a?
– Yuzni urib qo‘yganiga ham allaqancha bo‘lgan deyishadi.
– Oh, qanday baxt.
– Baxtmi, yo‘qmi, bilmadimu, lekin mening bobom to‘qsonga kirganida: “Ey, haliyam yuribman-da ketolmay, Xudoning ham esidan chiqib ketdimmi”, deb yozg‘irgandi, – dedi Ashraf.
Momo devorga yaqinroq bordi. Yomg‘irlarda yuvilib ado bo‘layozgan paxsa devor osha ko‘chaga nazar tashladi. Devor orasiga eshik ham o‘rnatilmagan, o‘rniga bir juft xoda tirab qo‘yilgan. Ana shu xodalar ham kampirning qo‘lidagi tayoqdek chirigan bo‘lsa-da, hamon g‘ov vazifasini bajarib turardi. Devorning bir parcha qulagan joyiga terib qo‘yilgan kesaklarni shamol qurg‘ur tez-tez pastga tushirib ketadi. Kampir o‘zi bilan o‘chakishayotgan shamolga qasdma-qasd kesak terib, qayta qalab qo‘yishdan erinmaydi.
Aslida devorning qulashiga ana shu quruvchilar sababchi. Hali bahor yuz ko‘rsatmay, qishloqqa yopirilib kelishdi. Hammayoqni mashina-traktorlarning shovqini tutib ketdi. Eski-tuski imoratlar tekislanib, o‘rniga birpasda yangi uylar qurildi. Faqat Zaynab kampirning uyi shu paytgacha buzilmasdan turardi. Avval qurilish idorasining boshlig‘i kelib, momoga nimalarnidir tushuntirmoqchi bo‘lib ko‘rdi.
– Bu choldevorni endi buzamiz, ena, – dedi boshliq, kampirning qulog‘i yaxshi eshitmasa kerak deb o‘ylab engashib. – O‘zi atrofingizdagi qo‘ni-qo‘shnilarning ko‘pchiligi eski kulbalarini tashlab, boshqa joyga ko‘chib chiqishgan ekan-ku. Bu yerdan qatorasiga yangi uylar quramiz. Yangi qishloq bo‘ladi bu yerda.
Momo hamishalik odatiga ko‘ra uyning kunchuvoq tomonidagi tosh ustiga o‘tirib dam olayotgan edi. U bukchaygan gavdasini biroz ko‘tarib boshliqqa qaradi. Boshliq ham kampir nima derkan, deb kulimsirab qarab turaverdi.
– Odam yashayotgan uyniyam buzar ekanmi, – dedi momo hayron bo‘lib. – Biz qayerda qolamiz?
– Yangi uy quramiz, deyapman-ku. Mana bu choldevoringizning o‘rnigayam yangi uy quriladi, nevaralaringiz bilan maza qilib yashaysiz.
Momo, bu bolaning esi pastmi, deganday uning yonidagilarga ham bir-bir qarab qo‘ydi.
– Uyni buzsang, Himmatjonim kelsa qayerga boradi? Uyini topolmay ovora bo‘lsinmi? – deya momo xafa bo‘lib uyiga kirib ketdi.
Shundan so‘ng quruvchilarning boshlig‘i qancha urinmasin, kampirning ko‘ngliga yo‘l topa olmadi. Bir kuni qishloq oqsoqolini boshlab keldi. U ham ko‘ndirolmadi. Qurilish avjiga chiqqanda tuman hokimi Norimovning o‘zi kampirning tomi loysuvoq, devori nuragan, eshik-derazasi omonat – g‘aribgina uyiga qadam ranjida qildi. Baribir natija bo‘lmadi. Keyin momoning qizlari, kuyovlarini avrab ko‘rishdi.
– Kampir bechorani shu choldevorda qoldirib ketguncha, uylaringga olib borib qarasanglar bo‘lmaydimi, – deb koyigan ham bo‘lishdi.
– Enamiz bu uyni tashlab hech qayoqqa ketmaydi, – dedi kenja kuyov gapning indallosini aytib. – Ena, xohlang qizlaringiznikida, xohlang nevaralaringiznikida yashang, qaysi uyni tanlasangiz sizga hamma sharoitni qilib beramiz, deb ko‘p aytganmiz, unamadi. Bo‘lmasa mana bu devorlarni, uyingizni bashqatdan qurib beraylik, dedik. Hatto uyning tomini tomchi o‘tmaydigan qilib yopib berishimizga ham ko‘nmadi. To‘g‘risini aytganda, ko‘zining oqu qorasi – o‘g‘lini shu uydan urushga kuzatgan. Hali ham qaytib keladi deb kutgani-kutgan.
– E, shu paytgacha qaytmagan odam endi qaytarmidi. Urush tugaganiga yarim asrdan oshib ketdi-ku. Urush o‘z nomi bilan urush-da, – dedi boshliq.
– Shu gapni enamning o‘zlariga aytib ko‘ring-chi. U kishining o‘lgani haqida qoraxat kelmagan.
– Qora xat kelmagani tirik degani emas-ku.
– O‘ldi degani ham emas-da.
– Tirik bo‘lganda hozir necha yoshga kirgan bo‘lardi?..
Tortishuv qancha davom etmasin, bu gapni momoga uqtiradigan vallomat topilmadi.
Uch qizning orasidagi yakkayu yolg‘iz o‘g‘il Himmatjonni urush boshlangandayoq harbiy xizmatga olib ketishgan. Mo‘ylabi endigina sabza urgan yigit qishloqdagi urushga chaqirilgan katta-kichik erkaklar qatoriga qo‘shilganidan bir quloch o‘sdi. Buni ko‘rib Zaynabning ham ko‘ngliga iliqlik yugurdi. Ammo bu quvonch qo‘rquv va iztirob bilan qorishgan quvonch edi. Yigitlar yuk mashinasiga chiqqach, mashina yo‘lni changitib jo‘nab ketdi. Hammalari qo‘lini baland ko‘tarib silkitgancha xayrlashishdi. Himmatjon ularni kuzatgan odamlar ko‘rinmay qolguncha qo‘l silkitdi. U go‘yo urushga emas, bayramga ketayotganday kulib xayrlashdi. Balki yigitcha qayoqqa yo‘l olganini hali butunlay anglab yetmagandir ham. Uning ana shu beg‘ubor jilmaygan chehrasi onaning ko‘zlarida qoldi.
Hammayoqda urush tashvishi, bir-biridan vahimali xabarlar. Zaynabning ko‘zlariga uyqu kelmadi. Har bir nafasini xavotir bilan oldi. Bolamdan noxush xabar kelmasin, deb tunu kun Xudoga iltijo qilib chiqdi. Himmatjon bilan birga ketgan yigitlarning ko‘pchiligidan qora xat keldi. Bir hovuch odam yashaydigan qishloqda bir olam aza bo‘ldi. Zaynab ham aza tutganlardan kam yig‘lamadi. Urush tugaganini eshitganda, qilgan iltijolari besamar ketmaganidan kechayu kunduz Tangriga shukronalar aytib, o‘g‘lini ko‘zlari mushtoq bo‘lib kuta boshladi. Ammo…
Oylar ketidan yillar o‘tsa hamki, Himmatjondan darak bo‘lmadi. O‘tayotgan yillarga qo‘shilib er-xotinning umidlari ham so‘nib borardi.
– Zaynab, – dedi bir kuni eri xo‘rsinib, – Himmatjonning boshi omon bo‘lsa, bir kuni ostonamizni bosib kelar. Kelmasa, Yaratganning irodasi.
Zaynab nima deb javob qilishini bilmadi. Biroq oradan o‘n yilcha o‘tgan o‘sha kunlarda Toshtemir qassobning urush vaqtida qoraxat kelgan o‘g‘li o‘z oyog‘i bilan qishloqqa kirib kelganidan keyin Zaynabning umidlari bodroqday ochilgan bodom gullaridek uyg‘ondi.
– Mening Himmatjonim ham keladi. Mana men, deb kirib keladi, – deya o‘g‘lining yo‘liga ishonch bilan qaray boshladi.
Har kuni hovlini supur-sidir qiladi. Eri erta saharlab temirchilik ustaxonasiga kirib ketadi, qorong‘i tushganda qaytadi. Zaynab urush davrida dalada qanchalik yeng shimarib ishlagan bo‘lsa, endi yana shuncha kuch-g‘ayrat qo‘shilib, ter to‘kdi. Hali turmushga chiqmagan kenjasini uyda qoldirib:
– Hammayoqni supurib, choynak-piyolalarni yuvib qo‘y. Uy ivirsib yotmasin. Akang kelib qolsa darrov menga xabar ber, – deb qayta-qayta tayinlab ketardi.
Dalada kun bo‘yi qizining ana shu xushxabar bilan chaqirib qolishini vujudi quloq bo‘lib kutardi. Mabodo eshitmay qolmadimmikan, degan xavotirda har zamonda bug‘doyzordan boshini ko‘tarib atrofga qarab-qarab qo‘yadi. Lekin qaniydi o‘sha hayajonli hayqiriq eshitila qolsa. Buning o‘rniga shamolda g‘arq pishgan bug‘doy boshoqlari dengizday to‘lqinlanadi. Gala-gala chumchuqlar goh bulutday osmonga ko‘tariladi, goh shiddat bilan pastlab, bug‘doyzorga singib ketadi. Quyosh qizdirgandan-qizdiradi. Zaynab issiqdan kuyib, tomog‘i qaqrab ketsa ham buni sezmaydi. Butun xayoli uyda, yo‘lda, mashinada qo‘lini silkitib xayrlashib ketgan o‘g‘lining jilmayib turgan chehrasida. Yarim tunda ko‘kda balqib turgan to‘lin oyning yorug‘ida miskin tandiriga non yopganda ham, har gal o‘g‘li uchun alohida kulcha pishirar va shu kulchani ko‘zlariga surta-surta olam-jahon niyatlar qilib, to boshqa hamma nonlarni yeb bo‘lmagunlaricha uni dasturxonga qo‘ymay saqlardi.
Eri esa bir necha oy betob bo‘lib yotgach, oxiri omonatini topshirdi. Ko‘z yumar chog‘i Zaynabga achingandek uzoq termilib turdi. Keyin so‘nggi vasiyatga chog‘langandek chuqur nafas oldi-da, unga tasalli berdi:
– Zaynab, – dedi u ayolining qo‘lini jonsizgina ushlab, – umidingni uzma. Himmatjon o‘g‘limiz keladi, albatta, keladi. Ko‘ksiga nishonlar taqilgan askar kiyimida kirib kelishini ko‘rish menga nasib etmadi-da, attang…
Urush alangasini yoqqanlar bu alanga o‘chog‘idan necha o‘n minglab chaqirim uzoqlarda ham odamlar shu olov zahrining qurboni bo‘lajagini hech qachon xayollariga ham keltirmagan bo‘lsalar kerak. Har bir portlagan bombaning osmonu falakka o‘rlagan quyuq tutuni olis-olislarda ming bir xavotirda yashab yurgan odamlarning ham yuragiga qo‘rqinchli soya tashlashini ular mutlaqo tasavvur puchmoqlaridan o‘tkazmaydilar. Zaynabning eri armon bilan ketdi. Ayol taqdirning ushbu sinoviga ham chidashga o‘zida kuch topdi. “Hali Himmatjonim kelsin, hamma azoblar unutiladi”, deb o‘ziga taskin berardi.
Momo qarigan chog‘ida ham har kuni yo‘lga qarashni kanda qilmadi. Uyning kungay tomonidagi xarsang tosh ustiga o‘tirib, o‘g‘li qo‘l silkitib jo‘nab ketgan yo‘lga ko‘z tikadi. Nega eri ko‘pincha shu xarsang ustida xayol surib o‘tirganini endi payqadi. Bu yerdan o‘sha yo‘l to‘ppa-to‘g‘ri ko‘rinib turarkan. Mabodo Tangrining inoyati bilan Himmatjon qaytib kelsa ham bu yerdan uning kelayotgani hov uzoqlardanoq yaqqol ko‘rinadi va ona oyog‘ini qo‘liga olib jigarbandining istiqboliga chopadi. Bu ko‘hna yo‘lga necha bor qumlar to‘kilib, bolalarni urushga olib ketguvchi haligi mashina changitib ketgan tuproqlar qum ostiga berkindi. Mana, endi qumlar ustini tep-tekis asfalt ham qilishyapti. Lekin yo‘l yo‘lligicha qoldi, xayriyat. Himmatjon qaytsa shu yo‘ldan to‘g‘ri uyni topib keladi. Momo shundan umidvor. Ammo anavi hech narsani tushunmaydigan shovvozlarning “boshqa uyga ko‘ching” deyaverishlari yuragini g‘ash qiladi-da.
Qurilishlar oxiriga yaqinlashib, bu yer butunlay yangi qishloqqa aylandi. Bir-biridan chiroyli uylar, maktab, bog‘cha, shifoxona, eh-he, allambalo binolar qurildi. Hammasi go‘zal, hammasi risoladagidek. Biroq o‘rtaliqda faqat birgina hovli yap-yangi shoyiga yamalgan bo‘z yamoqdek xunuk ko‘rinib turardi. Norimovning ta’bini tirriq qilayotgan yagona narsa mana shu edi. Hademay viloyat hokimi Tohirovning shaxsan o‘zi kelib, qilingan jamiki ishlarni birma-bir qabul qilib oladi. Mana bu almisoqdan qolgan choldevorni ko‘rsa tepa sochi tikka bo‘lmaydimi? Dunyoga qachon kelganini ham hech kim bilmaydigan bir kampirga tushuntirolmagan qanaqa rahbarsiz, deb Norimovni yer bilan bitta qilmaydimi? O‘tgan safar kelganida hali qurilishlar avji pallasida davom etayotgan, hammayoq to‘s-to‘polon bo‘lib yotgani uchun bu uy ko‘zga tashlanmagan edi.
Norimov oyog‘i kuygan tovuqday tipirchilab, kampirni ko‘ndirishga chora axtarardi. “Axir, qanaqa tushunmaydigan, o‘zining foydasini bilmaydigan kampir ekan-a bu. Tovuqxonaga ham yaramaydigan vayronasini buzib, yap-yangi uy qurib beramiz deyapmiz-ku”, deya jig‘ibiyron bo‘lardi u. Tavakkal qilib buzdirib yuboray desa, avval boshida nima bo‘lganini biladi, kampirning qarg‘ishi yomon. Ustiga-ustak butun qishloqning gap-so‘ziga qoladi. O‘shanda quruvchilarning boshlig‘i momoni hech ko‘ndirolmagach, jahl ustida traktorchiga: “Kampirdan so‘rab o‘tiradigan axmoq bormi, buz mana bu devorlarni”, deb buyruq berdi. Traktorchi ham tap tortmasdan ishga kirishdi. Traktorning kuragi bilan ko‘cha tomondagi devorni bir urgan edi, devorning bir qismi qulab tushdi. Momo jon haybatida traktorning oldiga ko‘ndalang bo‘ldi. “Hah, uyimni buzganning qo‘llari sinsin iloyim”, deb qarg‘adi. Keyin shunday g‘azab bilan qaradiki, traktorchi yigit umri bino bo‘lib hali ayol zotining bunday nafratomuz nigohini ko‘rmagan edi. U oyoq-qo‘li qaltirab, traktorining ovozini o‘chirdi. Shoshib kabinadan tushayotgan edi, oyog‘i bir temirga ilashib, pastga qo‘li bilan yiqilib tushdi. Chap qo‘lini uqalagancha voy-voylab yotib qoldi. Momo unga yuragi achib, yoniga borib o‘tirdi-da, qo‘lini ushlab ko‘rdi.
– Hay, attang, yomon tushdingmi, bolajonim? Enang o‘rgilsin, men seni qarg‘amadim, mana bu traktiringni qarg‘adim. Qo‘ling qonayapti-ku, bolam, kel, mana buni bog‘lab qo‘yay, – deya momo boshidagi ro‘molini yechib, traktorchining qo‘lini bog‘lamoqchi bo‘ldi.
– E, oling chirigan lattangizni, qo‘lni yedingiz-ku, – deb yigit traktoriga ham qaramasdan, afti burishib nari ketdi.
Momo yigitga achina-achina o‘ziga o‘zi gapirib, devorning bo‘laklanib ketgan kesaklarini yordamlashgani chopib kelgan evarasi bilan birga o‘rniga qaytadan omonatgina qilib qalab qo‘ydi. Shundan beri bu hovlining devorini buzishga hech kim jazm etmaydi.
Tohirov bajarilgan ishlar bilan tanishish uchun kelgan kuni qurilishlar oxiriga yetay deb qolgan, faqat yo‘laklarni tekislash, ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish, yo‘l chetlariga ko‘chatlar ekish kabi ishlar qolgan edi. Quruvchilar yana bir zo‘r berib ishlashsa, bu yumushlarni ham yaqin orada yakunlay olishadi. Tohirov shularni kuzatarkan, ko‘ngli ancha ko‘tarildi. Bir payt yangi qurilgan imoratlarning o‘rtasida so‘ppayib turgan eski uyga ko‘zi tushib, atrofidagilarga savol nazari bilan qaradi. Norimov avvaliga nima deyishni bilmay kalovlanib qoldi. Keyin bor gapni tushuntirdi. Tohirov avzoyi buzilib, o‘sha uy tomonga yurdi. Uy ichkarisiga, qulab ketmasmikan, deganday hadiksirab qadam qo‘yishdi. Norimov momoga, balki ta’sir qilar degan umidda Tohirovning rutbayu obro‘yini aytib obdon tanishtirdi. Momo bu kattakonlarning qay maqsadda kelganlarini sezib turganidan ojizligini tan olgandek bir siqim bo‘lib o‘tiraverdi. Tohirov momoga sinchiklab razm solgach, yonidagilarga ma’noli ko‘z tashlagan edi, hammalari uni yolg‘iz qoldirib, tashqariga chiqib ketishdi.
– Oh, bu kampir hammamizni pichoqsiz so‘yadi-da, – dedi quruvchilarning boshlig‘i boshini chayqab. – Hozir xo‘jayinning kayfiyatini buzib chiqarsa bormi, shuncha qilgan mehnatimiz asfalasofinga ketadi.
Tohirov vaqtini ham ayamay momo bilan uzoq suhbatlashib o‘tirdi. Keyin uydan faromush qiyofada chiqdi. Faqat u chiqayotganda ortidan momoning: “Hech bo‘lmasa Himmatjonim kelgancha tursin, bolam”, degan iltijoli g‘amzada ovozi eshitildi.
Tohirov indamay eshikdan chiqdi. To mashinaga o‘tirguncha ham hech kimga bir og‘iz gapirmasdan jo‘nab ketdi. Norimovdan boshlab hammaning yuragiga g‘ulg‘ula tushdi.
– Tamom, kampir bitta o‘q bilan hammamizni o‘ldirdi, – dedi qurilish boshlig‘i tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib.
* * *
Momo shamol qulatgan kesaklarni joyiga terib qo‘ydi. Keyin ko‘chaga qarab uzoq termilib qoldi. Endi bu ko‘cha avvalgi ko‘cha emas. Bir-biridan go‘zal imoratlar qurilibdi. Har kungi mashinayu traktorlarning ham shovqini deyarli tinibdi. Yo‘l chetlariga daraxt ko‘chatlarini ekayotgan odamlar ko‘rinadi. Bir qatorga tizilgan ustunlarga rang-barang lentalar ilinibdi. Bayram boshlanadi shekilli? Momo asta uyi tomon yurdi. Kunchuvoqdagi qadrdon xarsang ustiga horg‘in o‘tirib, yo‘lga qaradi. Avvalgi tuproq yo‘ldan asar ham qolmagan, yap-yangi yo‘l ko‘rinib turibdi. Biroq shu yangi yo‘l ustida bironta odamning qorasi ko‘rinmaydi. Momo eshik tomon ojiz qadam tashladi. Devorga eski tayog‘ini suyab, ichkariga kirib ketdi. Momoning ana shu harakatlarini kuzatib o‘tirgan ikkala quruvchi mum tishlab qolaverdi.
Ertalab momoning uyidan yig‘i tovushi eshitildi. Butun qishloq o‘sha eski uyga qarab shoshildi. Har kim momo to‘g‘risida bilganicha gapirib kelardi.
– Kampirning o‘lgani to‘y bo‘lsa, buncha uvvos solib yig‘lashmasa, – dedi kimdir.
– Odam o‘ladiyu to‘y bo‘lar ekanmi?
– E, bu momoy u eshikdan bu eshikka yetguncha butun boshli bir asr o‘tib ketdi-ku…
Bu xabarni eshitgan Norimov endi qurilishda qanday burilish qilish kerakligini yashin tezligida chamalab chiqdi. Lekin avval rahbariyatning fikrini so‘rash kerak. Fursatni boy bermay Tohirovga qo‘ng‘iroq qildi. Kampirning vafot etganini aytishi bilan Tohirov afsus bilan: “Eh, – deb yubordiyu so‘ng chuqur xo‘rsinib, – mayli, Yaratganning irodasi, joylari jannatda bo‘lsin. Kutib turinglar, yetib boraman”, – deya go‘shakni qo‘ydi.
Odatda har bir daqiqani qadrlaydigan rahbarlar og‘zidan chiqqan gapni og‘ishmay bajaradilar. Tohirov aytgan vaqtiga yetib keldi. Ko‘cha boshida uni ko‘pchilik bo‘lib kutib olishdi. U g‘amgin qiyofada edi. Shunday bo‘lsa ham Norimov qachondan beri ichida saqlab turgan bir gapni aytib olmoqchi bo‘ldi.
– Rejadagi ishlarning hammasi bitdi, qishloq tap-tayyor. Bittagina shu hovli boshog‘riq bo‘lib turgan edi. Bunga ham, mana, yo‘l ochilib turibdi. Endi quruvchilarga yana bir-ikki hafta javob bermay tursak, bu uyni ham boshqatdan qurib, chiroyli qilib topshirishadi-da. Yoki bu joyni tekislab, bundayroq stadion qurib yuborsak ham yomon bo‘lmaydi nazarimda, – dedi u jo‘yali taklif aytganday salmoqlab.
Tohirov unga yovqarash qildi-da, xaloyiq yig‘ilgan hovliga qarab tez-tez yurib ketdi. Janozadan oldin qishloq oqsoqoli odamlarga yuzlanib xitob qildi:
– Aziz birodarlar, – dedi u ko‘zida yosh bilan, – Zaynab ona faqatgina o‘z farzandlarining emas, hammamizning onamiz edi. U kishi bilan bugun vidolashyapmiz. Halizamon mana bu uylari buzilib, o‘rni ham bilinmay ketar. Lekin Zaynab onamizni aslo unutmaylik.
– Yo‘q, hech qachon buzilmaydi, – dedi Tohirov qat’iy ohangda bu mavzuga so‘nggi nuqtani qo‘yib. – Bu uy shu muhtaram onaxonning sadoqatiyu matonatidan yodgorlik bo‘lib qoladi.
Quruvchilar kimsasiz mung‘ayib qolgan uyning bir dona kesagiga ham tegmadilar. Faqat ko‘cha tomondan boshqa yangi imoratlarga mos qilib naq-shinkor temir eshikli baland devor ko‘tarishdi. Go‘yo mana shu devor ikki asrni, ikki zamonni o‘rtasidan ajratib turuvchi mo‘jizaga o‘xshaydi. Devorning bir tarafida iztirobga to‘la urush davrlarini yodga soluvchi g‘arib sukunat, ikkinchi tarafida esa inson aqlu zakovati va tinchlikning kuch-qudratini anglatuvchi saodatli hayot manzarasi. Bir-biridan xushsurat binolarning o‘rtasidan yangi, ravon yo‘l qurilgan. Shu yo‘ldan bayram kuni gul ko‘targan o‘quvchilar saf tortib tepalikdagi ko‘p yillar avval qurilgan xotira maydoniga borishadi va urushda shahid bo‘lgan askarlarni yod etish uchun o‘rnatilgan ramziy qabr toshlari ustiga gullar qo‘yishadi. Bu qabr toshlariga urushda bedarak ketgan Himmatjonning ham ismi o‘yib yozilgan. Biroq bu xabarni necha yillardan beri hech kim Zaynab momoga aytmadi… ayta olmadi.
“O‘zAS”, 2019 yil, 19-son