So‘nggi qo‘ng‘iroq sadosi yangradi-yu, hamma o‘quvchilar birvarakayiga qiyqirishdi. Hatto qo‘ng‘iroq jarangini ham ana shu qiyqiriq bosib ketdi. Ayniqsa, bitiruvchilarning shodliklari ichiga sig‘masdi, Kimdir sho‘x-xandon kulgan, kimdir sog‘inch hissini hozirdanoq tuyib ko‘z-yosh qilgan, hali ustozlariga guldastalar tutishadi, hali zavqlanib chapak chalishadi… Tantana yakuniga yetay demas edi. Nihoyat bitiruvchilarga oq yo‘l tilandi va so‘nggi olqishlar yangradi. Keyin o‘quvchilar tarqalish. Bitiruvchilar esa to‘p-to‘p bo‘lib maktab bog‘i tomonga o‘tishdi.
Kechagina quyosh hamma yoqni kuydirayotgan, issiqdan yurak lohas bo‘layotgan edi. Bugun esa osmonni quyuq bulut qoplagan, yengil shabada go‘yo yomg‘ir hidin olib kelayotganga o‘xshardi. Bog‘ning salqini dilga yanada xush yoqadi. Bu yerga kamtargina dasturxon tuzalgan, bitiruvchilar xayrlashuv asnosida birozgina suhbat qurishni mo‘ljallashgan edi. Ular davralariga sinf rahbarini va maktab direktorini ham taklif etishdi. Mana, hamma jamul-jam bo‘ldi. Magnitofondan mayin kuy taralar, o‘rik, gilos, olma daraxtlari yaproqlarining yengilgina shitirlashi kuyga jo‘r bo‘layotgandek tuyulardi.
-Hamma keldimi, safimiz to‘ldimi? – dedi sinf rahbari Aziza Safoyevna davraga ko‘z yugurtirib.
-Hamma shu yerda, ustoz, – javob berishdi bolalar.
-Hamdam qayerda? Nega u ko‘rinmayapti?
Bolalar bir-birlariga qarab olishdi. Ustozning bu savoli xush yoqmaganidan hatto ayrimlar aftlarini bujmaytirishdi. Sinf rahbari Nozimjonga qaradi. U sinf sardori, ushbu davrani tashkil etishda ham u bosh-qosh bo‘lgan.
– Biz Hamdamni bu yerga atay chaqirmadik, – dedi gapni lo‘nda qilib. – Ustoz, o‘zingiz bilasiz, u har doim sinfimizni orqaga tortib kelgan. Qaysi bayramlarda sinfimiz bilan yig‘ilgan bo‘lsak, u doim buzg‘unchilik qilgan. Hech bo‘lmasa mana shu oxirgi o‘tirishimizni xotirjam o‘tkazaylik, deb uni taklif qilmadik.
Muallima nima deyishini bilmay bir zum taraddudlanib qoldi. U hammani bezor qilib yuborgan o‘sha Hamdamni ming martalab tartibga chaqirgan. Deyarli har kuni uning dastidan sinfda biror noxushlik yuz berardi. Goh oyna sinadi, goh eshikning tutqichi yo‘qoladi, kimningdir burni qonaydi… Shuning uchun bir necha o‘qituvchilar bu sinfga rahbarlik qilishdan bosh tortishdi. Shuncha tashvishlarga chidagan faqat mana shu muallima bo‘ldi.
Hamdam bu paytda bog‘ni o‘rab turgan devor orqasida bolalarning chug‘urlashlariga quloq tutib, yer chizib o‘tirgan edi. Hoziroq ularning oldiga borib hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilgisi, bitta-ikkitasining burnini qonatgisi kelib, devorni mushtladi. Lekin yana biroz sabr qilib, musiqa aralash eshitilayotgan gaplarga quloq soldi.
-Men birinchi sinfga borganimda Doniyor doska oldida turgan bo‘rni, ma, qurut ye, deb menga bergan, – dedi Adiba kulib. – Men bo‘lsam ung chippa-chin ishonib, bir-ikki tishlam yebman. Qanaday ekan ta’mi, deb so‘ragan u. Bemaza qurut ekan, deganman. O‘shandan beri “qurut” so‘zini eshitsam ko‘nglim buzuladigan bo‘lib qolgan.
– Men esa ariqdan qo‘limni yuvayotganimda Kamol suvga itarib yuborgan. Ust-boshim loyga belanib, rosa yig‘laganman, – deya esladi Muazzam.
Bolalar kulgiliyu ginali voqealarni eslay ketishdi. Direktor opa ularning gapini bo‘ldi.
-Qadrli o‘quvchilar, – dedi direktor samimiyat bilan, – kelinglar, o‘tgan hamma arazu ginalarni, noxush voqealarni unutib, bugun hammamiz faqat yaxshi ishlarimizni, fazilatlarimizni eslaylik. Shunda bir umr bir-birimizni faqat quvonch bilan eslab yuramiz hamda sog‘inib yashaymiz.
Hamma bir ovozdan direktor opaning gapini ma’qulladi. Keyin biri olib-biri qo‘yib yaxshi voqealarni eslay boshlashdi.
-Esingdami, Nozim, – deya gap boshladi Munisa, – oltinchi sinfda o‘qib yurganimizda men kasal bo‘lib yotib qolgan edim. O‘shanda sen butun sinfni boshlab borgan eding. Bir talay kitob sovg‘a qilgan edinglar. Kitoblar juda qiziqarli edi. O‘qishga berilib ketganimdan kasalimni ham unutib yuborganman. Hatto tuzalganimdan keyin ham bir hafta maktabga bormagan edim. Oxirgi kitobni o‘qib tugatay, deganman-da.
Bolalarning sho‘x kulgilari, shirin xotiralari bir-biriga ulanib ketaverdi. Bularni devor ortida tinglab o‘tirgan Hamdamning esa battar jahli chiqardi. U ho‘v nariroqdagi ariqdan bir botmon loy olib devor osha otsammikan, deya o‘yladi. Rosa alomat ish bo‘lardi-da. Qizlar qo‘rqib ketib chinqirib yuborishadi. Hamma har yoqqa to‘zg‘ib ketadi. Qarabsizki, shirin xotiralar tumanday ko‘tarilib, davra bir zumda muzlaydi. Ammo u bir dam o‘ylab turgach, kutilmaganda fikridan qaytdi. Oyoq-qo‘llari bo‘shashib, boshi aylandi. U to‘qqiz yil mana shu bolalar bilan bir sinfda o‘qidi. Endi hamma xayrlashuv davrasiga yig‘ilib, bir-birlaridan ko‘rgan yaxshiliklarini eslayotgan bir paytda u ham o‘tgan kunlarini xayolidan o‘tkazdi. Ko‘zi oldidan faqat janjal-to‘palonlar, o‘qituvchilarning qon qaqshab urishishlari, direktorning “maktabdan haydaymiz” deya kuyib-yonishi, sinfdoshlarning undan yuz o‘girib qochishlari o‘taverdi. U doim bolalarning do‘stligiyu xushhol davralarini buzib keldi. Hozir devor osha loy otsa nima bo‘ladi? Unga shox bitadimi? Yana bir marta davra to‘zg‘iydi, xolos. Keyin-chi? Shu bilan sinfdoshlik tamom. Hamma har yoqqa ketadi. Ularning ba’zilari bilan keyinchalik ham yonma-yon yashar, biroq ayrimlarini ehtimol qayta ko‘rish nasib etmas. Har kim o‘z yo‘lini topib yashaydi, hayot daryosiga qo‘shilib ketadi. U-chi? Shu choqqacha bitta do‘st topmagan yigitga keyinchalik bironta inson qadrdon bo‘larmikan? U ana shularni o‘yladi-yu, xo‘rligi keldi. Shu lahzada sinfdoshlarning birortasi uni ko‘rib qolsa bormi, rosa kulgi bo‘lardi-da. Chunki shu paytgacha hali hech kim uning ko‘ziga yosh qalqiganini ko‘rmagan. U bo‘shashib, uyi tomon ketdi. Lekin uyga kirgisi kelmadi. Hovli etagidagi bedapoyaga yotib, o‘yga toldi. Yuragi siqilib, chuqur-chuqur uh tortdi…
Maktab bog‘ida esa bayram avjida edi. Bolalar bir-birlaridan ajralgilari kelmas, shirin suhbatlar qizigandan qizirdi. Yoqimli tarona ularga yana ham hayajon baxsh etar, ular galma-galdan raqsga tushishardi. Bir payt kimdir ularga yaqinlashib kelayotgan Hamdamni ko‘rdi-yu, hammaning diqqatini u tomonga qaratdi. Bolalarning kayfiyati tushib ketdi. Davra bir zumda soviganday bo‘ldi. Hozir bironta buzg‘unchilik ro‘y beradiganday hamma karaxt bo‘lib turardi. Hamdam stol yoniga keldi-da, ularga birma-bir razm solib, bir zum serrayib qoldi. Sukunatni muallima buzdi.
-Marhamat, Hamdamjon, mening yonimda o‘tir, – dedi u samimiy tabassum bilan. – Kelganing juda yaxshi bo‘ldi. Biz ham xavotir olib seni kutib o‘tirgan edik.
Hamdam muallimaning yonidagi stulga o‘tirdi. U xotirjam edi. Odatda u o‘tirishlarga o‘zicha pishqirib, bezovtalik bilan kirib kelar, har yoqqa alanglar, so‘ng bir ishkal chiqarib, hammaning ko‘nglini xufton qilib ketardi. Bugun esa bolalar uning haddan ziyod xotirjamligini ko‘rib, uni taniyolmay qolishdi. Bu xotirjamlikning ortida biror kattaroq xatar yo‘qmikan, degan xavotir ham ularni bezovta qila boshladi. Shunday bo‘lsa ham uni ko‘rmaganga olib, yana qizg‘in suhbatga kirishib ketishdi. Nihoyat, Hamdam bir nimani gapirmoqchidak og‘iz juftlab o‘rnidan turdi. Hamma unga qaradi. Shabadaning esishi, barglarning shitirlashi, bir-ikkita yomg‘ir tomchisining adashib tushishini hisobga olmaganda bog‘ jim-jit bo‘lib qoldi.
-Meni hech kim bu davraga taklif qilgani yo‘q, – dedi Hamdam hamon o‘sha xotirjamlik bilan. – Men o‘zim chaqirilmagan mehmonday kelaverdim. Avvallari ham hech kim meni taklif qilmagan. Lekin doim davralaringizga kirib borganman. Azbaroyi ichimni alam tirnaganidan, xursandchiliklaringizni buzib huzur qilishni xohlaganimdan. Bugun esa unday emas. Bugun men sizlar bilan tanishgani keldim. Negaki, hozir bu yerda faqat yaxshiliklar eslanayapti. Agar yomonliklar eslanganida, bu mavzuda birortangiz mening oldimga tusholmasdingiz. Ammo yomonliklarning hammasi unutilib tashlanmoqda. Mening esa esga olinadigan bironta yaxshiligim yo‘q. O‘zim ham qancha o‘ylamayin, hech biringizga yaxshilik qilganimni eslay olmadim. Yomonliklarni unutar ekansiz, demak men ham shu bugunoq unutildim. Shuning uchun ham men oldingizga yangi odam bo‘lib keldim. Ehtimol yana o‘n yildan so‘ng qayta uchrashish nasib qilsa, o‘shanda mening ham esga oladigan xotiralarim bo‘lar. Men otasiz, onasiz o‘sdim. Amakimning qaramog‘ida yashayman. Amakimning ichkilikka muk tushib, har kuni tuproqqa belanib yotishini ko‘rsam, avvaliga xo‘rligim kelardi. Keyin esa diydam qotib, ko‘nikib ketdim. Uyda yeganim kaltak, eshitganim so‘kish edi. Kimdandir alamimni olgim kelardi. Shuning uchun sinfda eng yomon bola men bo‘lib qolgan bo‘lsam kerak. Nozimning hadeb yangi kostyum-shim kiyib kelishi, hatto qo‘liga qimmatbaho soat ham taqib kelgani, Botirni hamma muallimlar odobli deb maqtashi, Munisaning hech kimga yordam bermay, faqat o‘zi “besh” olishi, Kamolning tashkilotchiligi, hammasi g‘ashimni keltirardi. Endi esa… Mayli, sizlar hamma yaxshiliklaringizni eslanglar, meni esa yangi tanishimiz deb qabul qilinglar. Mening ismim Hamdam. Salom, do‘stlar.
Bolalar avvaliga Hamdamga ishonqiramay qarashdi, biroq uning ko‘zlarida yosh miltillaganini ko‘rib, ishonishdi va qiyqirib chapak chalishdi. Inson fe’li shunaqa, goho otashin so‘zlaru iltijolar yorib o‘tolmagan uning ko‘nglidagi shubhaning metin devorini bir tomchi ko‘zyosh oniy lahzada yakson qilishga qodirdir. Bolalar Hamdamni davralariga olishdi. Muallima ham kutilmagan bu hodisadan behad mamnun bo‘ldi. Bolalar o‘ynadilar, kuldilar, shirin tilaklar aytdilar. Garchi Hamdam ular eslayotgan yaxshi xotiralarni jim turib tinglayotgan bo‘lsa-da, endi ularga begona emas.
O‘ynab tomchilayotgan yomg‘ir nihoyat zabtiga ola boshladi. Shundan so‘ng bolalar bog‘ni tark etishdi. Hamma uy-uyiga tarqaldi. Toshloq yo‘lda ketayotgan Hamdamni savalamoqchidek yomg‘ir sharros quyardi. Ammo yomg‘irni pisand etmay, xotirjam va mamnun qadam tashlab borardi. Mayning so‘nggi yomg‘iri uning izlarini yuvmoqda edi.