Onam Menglixol Xoliyor qiziga bag‘ishlayman.
QATNAShUVChILAR:
MANGUQUT – oltmish besh-etmish yoshlarda.
TONGYoRUG‘ – birinchi qismda yigirma-yigirma besh,
ikkinchi qismda qirq-qirq besh yoshlarda.
KUNYoRUG‘ – birinchi qismda yigirma-yigirma besh,
ikkinchi qismda qirq-qirq besh yoshlarda.
YoLG‘IZ MERGAN – Tongyorug‘ning o‘g‘li. O‘n sakkiz yoshda.
MANGUHAYoT – Kunyorug‘ning qizi. O‘n sakkiz yoshda.
ALPOMISh
BARChINOY
YoDGOR
LUQMONI HAKIM
BO‘LGAN KAL
HUDAYChI
Voqealar sasi hamon qonimizda ovoz beradigan olis moziyda kechadi.
MUQADDIMA
Sahna qorong‘i. Sibiziq qadimgi bir kuyni nola qilyapti. Sibiziqning bir o‘zi bu nolaga kuchi yetmasligini bilib, unga chanqovuz qo‘shiladi. So‘ng ularga do‘mbira jo‘r bo‘ladi. Do‘mbirani jo‘shib chalayotgan baxshining ichi toshib, “E-ha-a!”, “Ha-a-ya-a!” degan avjlanishlari eshitiladi. Sahna nim yoriydi. Yog‘du zindonda tik turgan Alpomishni yoritadi. Uning qo‘lida g‘oz.
ALPOMISh: G‘oz! Jonivor! Sen yarador bo‘lib, mening zindonimga yiqilding. Men umidlarim bilan yarangga malham bosdim, sen bilan suhbatlashib ko‘nglimni yozdim. Tangri qudrati bilan qanotingga kuch kirdi. Qanotlaring holsizlikdan uyg‘onib, uchish zavqini tuyib – to‘lg‘onib turibdi. Men ham o‘zimni umidga chog‘ladim, qanotingga “Boysun-Qo‘ng‘irotga yetkazgin” deb xat bog‘ladim. Shu xatni yurtimga yetkaz! Baland uch, o‘q tegmasin, ko‘rinmay uch, ko‘z tegmasin! Horisang, qorli-qorli tog‘larga qo‘n, toshli-toshli soylarga qo‘n – odamlardan xoli joylarga qo‘n. O‘zingni ehtiyot qil! Sen omon qolsang, Alpomish ham omon qoladi. Xatim yetsa, Qo‘ng‘irotdan meni izlab keladigan odam topilar, yomonlikning bo‘yni chopilar. Men bu chohdan chiqsam, Boysun Boysun bo‘ladi, Qo‘ng‘irot Qo‘ng‘irot bo‘ladi, yurt obod bo‘ladi. Yovlarning rangi somon bo‘ladi, bu kunlarimiz doston bo‘ladi! Uch, jonivor uch! Odamlarning ko‘ziga tushma! Odamlarning nazaridan nari uch! (U g‘ozni osmonga otadi. G‘oz g‘ag‘illagancha, falakka ko‘tariladi) Uch, jonivor! Uch! Ehtiyot bo‘l! Odamlarning ko‘ziga tushma!.. Ehtiyot bo‘l!
Sahna qorong‘ilashib…
1
…yorishganda, dunyo charx kabi aylanayapti. Uning bir chetida bir kapa – xuddi mangulik kabi “qilt” etmay turibdi. Kapaning yonida o‘choq. O‘choqda qozon. Olislardan g‘ag‘illayotgan g‘oz ovozi eshitiladi. Ichkaridan Yolg‘iz mergan chiqadi. U g‘ozning ovoziga biroz quloq solib turadi. Sahnaga Tongyorug‘ kirib keladi. U g‘ayrat bilan yurib kelyapti. Bu ayol hamisha shu g‘ayratda – ildam yuradi. Boshida po‘ta, yurish oson bo‘lishi uchun qo‘ng‘irot ayollarining tarzida belini bog‘lagan: bir qo‘lida tayoq, bir qo‘lida suv to‘la kadi. Kadidagi suvni o‘tov oldidagi o‘choqqa o‘rnatilgan qozonga ag‘daradi. So‘ng ichkariga ildam kiradi. Bir zumdan keyin o‘tovning eshigi oldida ko‘rinadi.
TONGYoRUG‘: Qatiqli ovqat qilsam, ichaverasanmi?
YoLG‘IZ MERGAN (olislardan kelayotgan g‘oz ovoziga butun vujudi bilan quloq tutib): Ena, shu g‘ag‘illayotgan g‘ozmi?
TONGYoRUG‘ (eshitmaganday): Qatiqli ovqat ichasanmi, deyapman?
YoLG‘IZ MERGAN: Ena, shu g‘ag‘illayotgan g‘ozmi?
TONGYoRUG‘: Men eshitayotganim yo‘q.
YoLG‘IZ MERGAN: Nega eshitmaysiz? (Quloq tutib) Ana… Ana…
TONGYoRUG‘: Eshitmayapman… Bu tog‘da saratonning o‘rtasida g‘oz nima qiladi? Bahor bo‘lsa, qish bo‘lsa, boshqa gap – ko‘chmanchi uchishlarida bir qo‘nib, o‘tib ketishaveradi.
Yolg‘iz Mergan o‘tovning ichiga shoshib kiradi-da, parli o‘q-yoy olib chiqadi va yoy qayishining tarangligini sinab ko‘rarkan:
YoLG‘IZ MERGAN: Ena, g‘ozning g‘ag‘illashini tanimay o‘ldimmi? Quloq soling!.. Ana!.. Quloq soling!
TONGYoRUG‘ (quloq solib): Eshitmayapman…
YoLG‘IZ MERGAN: E Xudoyim! Tog‘ning narigi tarafida bir maysa qimirlasa eshitasiz-ku… (O‘qlarni sadog‘idan chiqarib, ko‘zdan kechiradi. O‘qlar tig‘ini shu yerdagi xarsang toshga qayray boshlaydi)
TONGYoRUG‘: Eshitmasam, nima qilay? Eshitdim deyinmi?
YoLG‘IZ MERGAN: Bir yaxshilab tinglab ko‘ring! Jon ena!..
TONGYoRUG‘ (quloq tutgan bo‘lib): Eshitilmayapti… Sen, bola, o‘qu yoyingni qo‘lingga bekor olding! Uyda bir oylik go‘shtu yog‘ni g‘amlagansan…
YoLG‘IZ MERGAN: Uf! Nima bo‘ldi sizga, ena? Men ovchiman-ku. Xudo bergan shakaman merganman. Bu tog‘larga dunyo bir aylanganda keladigan qush, menga eshittirib g‘ag‘illab tursa-yu, qarab turamanmi?
TONGYoRUG‘: E, qulog‘ingga bir gap bo‘lgan! G‘oz-poz yo‘q!… (Yana quloq tutgan bo‘lib) Qarg‘aning qag‘illashi ham eshitilmayapti.
Haqiqatdan ham g‘ozning ovozi tingan.
YoLG‘IZ MERGAN (rosa quloq solib, hafsalasi pir bo‘ladi): Ha, eshitilmayapti. Ovozi o‘chdi. Lekin eshitganim rost! Zo‘r qushning ovozi edi! Ko‘kragini to‘ldirib g‘og‘oladi! Qo‘shiqning zo‘ri nolishidan, qushning zo‘ri tovushidan bilinadi deb ko‘p aytgansiz…
TONGYoRUG‘: Sen zo‘rini otib tashlayverasan-da! Zo‘r bu dunyoda kun ko‘rmasligi kerak-da!.. A?
YoLG‘IZ MERGAN: Ena, gapni burmang-da endi!
TONGYoRUG‘: E, bursam, burmasam shu! Bu dunyoda zo‘r yashamaydi! Otiladi! So‘yiladi! Quvg‘indi qilinadi!..
Tongyorug‘ o‘g‘lining yoyini, o‘q solingan sadog‘ini o‘tovning ichiga olib kiradi.
YoLG‘IZ MERGAN: Ena!..
TONGYoRUG‘ (o‘tovdan chiqib): Senga gapim bor. Tangriga ming shukur, yelkamga dunyolardan ortiq yuk bo‘lgan gapni endi senga aytish mavridi yetdi.
YoLG‘IZ MERGAN: Qanday gap?
TONGYoRUG‘: Shoshma-da, bolam!.. Avval qutlay! Bugun o‘n sakkizga kirding! O‘n sakkiz yil Tangri seni balolardan asradi. O‘z erkingda kezding. Birovga qul bo‘lmading. Odamlarning ko‘zidan xoli – omonxona joylarda yashading. Bilagingga kuch kirdi, yuragingga g‘ujur. Endi so‘ray: nimaga bu yerlarda sarson-sargardon bo‘lib odamlardan yashirinib yurganimizni bilasanmi? Nega qush quvganday darbadar ko‘chib yurganimizni tushunasanmi?
YoLG‘IZ MERGAN: Aytgansiz… Bilaman… “Bu tog‘lar sehrli tog‘lar! Agar aytganimga ko‘nib, yo‘rig‘imni bajarib yashasang, o‘n sakkiz yoshingda senga qutlug‘ bir gapni aytaman”, degansiz! Boshqa hech narsa demagansiz!
TONGYoRUG‘: Chunki norasida eding… Eshitadigan gaplaringning yukidan sinib ketasan, deb qo‘rqdim. Bir lahzada hasratdan qarib-qartayib qolasan deb cho‘chidim…
YoLG‘IZ MERGAN: Ena, aytadigan gaplaringiz shuncha… dahshatlimi?
TONGYoRUG‘: Dahshat, o‘g‘lim! Odam ko‘tarolmaydigan darajada og‘ir! Endi mendan so‘ra: “Otam qani, tug‘ishganlarim qani”, degin! “Elim qani? Yurtim qani”, degin.
YoLG‘IZ MERGAN: Otam qani? Tug‘ishganlarim qani? Elim qani? Yurtim qani?
TONGYoRUG‘: Ular yo‘q, bolam!.. Ularni bu ajdarho dunyo domiga tortgan! Otang, tug‘ishganlaring, elu yurting mana shu qora tuproqning tagida yotibdi!
YoLG‘IZ MERGAN: O‘z… ajallari bilanmi?
TONGYoRUG‘: O‘z ajali bilan ham bir butun el yo‘qlikning qa’riga tushib ketadimi?
YoLG‘IZ MERGAN: Ena, aytsangiz-chi, ularga nima bo‘lgan?
TONGYoRUG‘: Oltoydan Hazargacha ot surgan eling bor edi, Yolg‘iz Mergan. Qishlovdan yaylovdan ko‘chsa, yilqilarning tuyog‘i tagida qolib ketmaylik deb boshqa uluslar ko‘z ko‘rinmas joylarga o‘zlarini olardi. Elingning bag‘rikeng, qudratining cheki yo‘q – davlatining shavkatiga yetti iqlimning podshohlari ta’zim qilar edi! Shunday el yo‘q bo‘ldi!
YoLG‘IZ MERGAN (besabr): Nega yo‘q bo‘ladi?
TONGYoRUG‘: Biz baxtli – birovning himmatiga qarab qolmagan el edik. Barcha ellarni o‘zimizga teng ko‘rib, keng dunyo barchaga barobar deb o‘ylardik. Ammo elimizning baxtu taxtini ko‘rolmaydiganlar topildi. Bu shonu shavkatga, bu molu davlatga egalik etmoqchi bo‘ldilar. Do‘st deb bilganlarimiz dushman chiqdi. Ular bizdan yashirin til biriktirib, tegramizni halqaday o‘rab oldilar-da, mo‘r-malaxday yopirilib keldilar. G‘aflatda qoldik! Yetti yil jang-jadal bo‘ldi. Yetti yil! Ne-ne arslon yigitlar jangda halok bo‘ldi. Ne-ne mardlar “voh, yurtim” deb jon berdi. Dushman hech kimni ayamadi. Keksalarni qilichdan o‘tkazdi, ayollarni chopdi, bolalarni qo‘yday bo‘g‘izladi. Beshikdagi go‘daklargacha qilichladi. Qayerda birov omon qolgan bo‘lsa, quvib yetdi. Bo‘rilarday o‘rtaga olib, tilka-pora qildi. El yo‘q bo‘ldi! Yurt yo‘q bo‘ldi! Bir eldan otang bosh bo‘lib olti kishi qoldik.
YoLG‘IZ MERGAN: Otam kim edi?
TONGYoRUG‘: Otang alp Eltug‘u. U biz omon qolishimiz uchun bizlarni quvib kelayotgan dushmanlar bilan bir o‘zi uch kecha-kunduz jang qildi. Biz tog‘lardan oshib, izlarimizni shamol uchirib ketguncha savashdi. Qo‘limizda ikki yoshlik senu ammangning bir yarimga kirgan qizi bor edi. Qolganlarimiz – bobong, ammang, men – sizlarni asrab qolish uchun odam oyog‘i tegmagan joylarga bosh olib ketdik…
YoLG‘IZ MERGAN: Otam balki omon qolgandir?
TONGYoRUG‘: Yo‘q. Omon qolmagan. Otang bizning borimizni ming kunlik yo‘l narisidan ham bilar edi. O‘lmasa, topib kelar edi-da! U bu dunyoda ikkalamizni tentiratib qo‘yarmidi?.. Voh! Ichim yonib ketyapti! Kuyib ketdim! Bir tutam tutun bo‘lib, bu dunyoda yuribman!
YoLG‘IZ MERGAN: Ena!..
TONGYoRUG‘: Menga bu dunyo taqdir emas, olovxona berdi! Jizg‘anak bo‘lib ketdim! Parvardigor! Otam qani! Onam qani! Qani qavmu qarindosh! Elu yurtim qani! Ularga shunday keng dunyodan bir parcha yer topilmadi! Shunday katta el, shunday ulug‘ yurt yerga botib ketdi!.. Dushmanlik ham shunday bo‘ladimi? Beshafqatlik shunday kuchlimi? Qani baxt?! Qani erk?!.. Mening hatto o‘lishga ham haqqim yo‘q!..
YoLG‘IZ MERGAN: Nimalar deyapsiz? Hech gapirmagan gaplar tilingizga kelyapti… Ena!..
TONGYoRUG‘: Eshit! Eshit!.. Biz bir oy yurib, yovdan xalos bo‘lganimizni sezganimizdan keyin yana falokat yuz berdi. Bobong – otangning otasi Manguqut jon berdi. U menga va ammangga o‘limi oldidan vasiyat qildi…
Yana sibizg‘a bo‘zlaydi. Sahna teskari aylanadi. Kunlar va tunlar almashadi… Bo‘lib o‘tgan voqealar jonlana boshlaydi.
2
Tog‘lardagi bir ungur. Manguqut xarsangga suyanib arang turibdi. Tongyorug‘ va Kunyorug‘larning qo‘llarida chaqaloqlari, uning qarshisida tik qotishgan.
MANGUQUT: Ena qizlarim! Menga jonimni topshiradigan damlar yetganga o‘xshaydi. Endi yig‘lamasdan, yaxshilab tinglanglar!
KUNYoRUG‘ (yig‘lar ekan): Yig‘lamaymiz!… Yig‘lamaymiz!
TONGYoRUG‘ (izillab): Hech yig‘lamaymiz! Hech qachon…
KUNYoRUG‘: Faqat siz yotib oling! Yaradorsiz… Oyoqda arang turibsiz…
MANGUQUT: Hozir aytadigan gapim juda izzat-hurmatli lafz. Tik turib aytmasam, bo‘lmaydi… Biz necha kishi qoldik?
TONGYoRUG‘: Olti kishi…
KUNYoRUG‘: Akam yetib kelsa, olti kishi…
MANGUQUT: Akang yetib kelmaydi…
Og‘ir sukunat cho‘kadi. Faqat sibizg‘ami, chanqovuzmi, yoki do‘mbirami, xullas, allaqanday dard bo‘zlaydi.
Kunyorug‘, akang yetib kelmaydi… Tongyorug‘ kelinim, sen ham Eltug‘udan umidingni uz! U ortimizdan tushgan yov yo‘lida – bizga qalqon bo‘lib, halok bo‘lgan.
TONGYoRUG‘: Qayerdan bildingiz?
MANGUQUT: Biz bu yerda tirik yuribmiz-ku! U fido bo‘lmaganda, tirik yurarmidik. Yov allaqachon bizga yetib olgan bo‘lar edi…
Yana sukunat. Yana tosh dunyolarni eritib, musiqa nola qiladi.
TONGYoRUG‘: Balki…
MANGUQUT: O‘zingni aldama. Bu dunyo o‘zlarini aldaydiganlarni kechirmaydi. Buning ustiga, eshitdim! “Otajon” degan jonachchiq nolasini shamol ko‘nglimga uchirib yetganday bo‘ldi… Xullas, jon topshirarimda, sizlarga vasiyatim bor. Men hozir o‘laman. Meni dafn etganlaringdan so‘ng, tez xayrlashinglar. Tongyorug‘, sen o‘g‘lingni olib kunbotarga qirq kun yur. Sen, Kunyorug‘, kunchiqar tarafga qirq kun yur. O‘sha taraflarda kun ko‘ringlar… Bir joyda ko‘p qolmanglar. Odamlarning ko‘ziga ko‘rinmanglar! Bolalaringni asranglar…
KUNYoRUG‘: Otajon, nega birga bo‘lmasligimiz kerak?
MANGUQUT: Dunyoni ko‘rib turibsan-ku! U shafqatni bilmaydi. Atrof yov. Agar falokat yuz berib, dushman ikkovlaringni barobar bosqin etsa, Tongli xalqidan hech kim qolmaydi. Bu olamdan shonu shavkatimiz, g‘ururimiz, boru yo‘g‘imiz – qaro yerning tagiga kirib ketadi. Men bu xalq omon qolishini istayman. Bu juvonmarg xalqni saqlab qolish mas’uliyati endi sizning zimmangizda qoldi. Farzandlaring o‘n sakkiz yoshga to‘lganda, bundan olti oylik yo‘l naridagi Boysun-Qo‘ng‘irotning Asqar tog‘ida uchrashasizlar. Farzandlaringni “o‘zingdan ko‘payib, bir xalq bo‘l” deb yaxshi niyat bilan bir-biriga uylanglar. Sizlar esa hozir, toki farzandlaringni o‘n sakkiz yoshida uchrashtirmaguncha, boshlaringga osmon yiqilsa ham, o‘lmaslikka va’da beringlar!
TONGYoRUG‘: Va’da beraman!
KUNYoRUG‘: Va’da beraman!
MANGUQUT: Qattiqroq aytinglar, bu bag‘ri tosh dunyo eshitsin! Qattiqroq aytinglar!..
TONGYoRUG‘: Dunyo, eshit!
KUNYoRUG‘: O‘zingni karlikka olib turma! Eshit!
TONGYoRUG‘: Men Tongli elining qizi, Tongyorug‘, bolalarimiz o‘n sakkiz yoshida ko‘rishguncha o‘lmaslikka qasam ichaman!
KUNYoRUG‘: Men Tongli elining qizi, Kunyorug‘, otam vasiyatini ado etmaguncha o‘lmayman deb qasam ichaman!
MANGUQUT: Endi oxirgi vasiyatim! O‘lsam, ustimga shox-shabba tashlanglar-da, bu yerdan tez ketinglar! Bu gapim ham vasiyat! Yov yetib qolishi mumkin!.. Tangrim! Shu qirg‘in bo‘lgan elni o‘zing yorlaqa! Shu ikki norasida ildizlarini asra! Ular ko‘karsin! Daraxt bo‘lsin! Bog‘ bo‘lsin! Bir ulug‘ xalq yana dunyoni tutsin! Mana bu ikki jafokash ayolga ham sabru toqat ber! Ko‘k Tangrim! Meni eshityapsanmi, Ko‘k Tangrim!.. Ko‘k Tangrim!.. Tangrim deyapman!..
Manguqut o‘q tekkanday yiqiladi. Yana odmi cholg‘ular insonning mangu dardini ayta bo‘zlaydi. Ikki ayol yig‘lay-yig‘lay, chaqaloqlarni bir chetga avaylab qo‘yadilar-da, marhumning ustiga daraxtlarning novdalarini tashlay boshlaydilar. Bu ishlarni bajarib, bir-birlarining qarshilariga kelib to‘xtaydilar.
TONGYoRUG‘: Tongli elining Kunyorug‘ qizi! Boshimda soya bo‘lgan alp Ertug‘uning singlisi! Jigarim! Bu dunyolarda yolg‘iz qolgan yolg‘izim! Endi men ketaman!..
KUNYoRUG‘: Tongli elining Tongyorug‘ qizi! Akamday erning ko‘ngli topgan pokiza gul! Ayriliqlarda eslab yuradigan yolg‘iz qarindoshim! Endi men ham ketaman!..
TONGYoRUG‘: O‘n sakkiz yoz, o‘n sakkiz qish o‘tguncha xayr!
KUNYoRUG‘: O‘n sakkiz ko‘klam, o‘n sakkiz xazon o‘tsa, albatta, ko‘rishamiz!..
TONGYoRUG‘: Ayriliqqa chidaymiz!
KUNYoRUG‘: Boshimizga tosh yog‘sa ham sabr qilamiz!
TONGYoRUG‘: Faqat elimizning bu ikki ildizini omonlikda qo‘kartirsak, bas.
KUNYoRUG‘: Hali ular daraxt bo‘ladi!
TONGYoRUG‘: Daraxtlar boqqa aylanadi!..
KUNYoRUG‘: Oltoy tog‘laridan Hazar dengizigacha Tongli eli o‘rmonday shovullab turadi.
TONGYoRUG‘: Elimizning shonu shavkati olamni tutadi.
KUNYoRUG‘: Endi ko‘rishguncha yig‘lamaymiz ham!
TONGYoRUG‘: Endi o‘n sakkiz yil yosh to‘kmay yashaymiz.
KUNYoRUG‘: Toshday yashaymiz.
TONGYoRUG‘: Toshga aylangan ikki tomchi yoshday yashaymiz.
KUNYoRUG‘: Omon boring!
TONGYoRUG‘: Omon bo‘ling!
Ular ikki tomonga yuradilar. To‘xtaydilar.
KUNYoRUG‘: Tongli elining Tongyorug‘ qizi!
TONGYoRUG‘: Tongli elining Kunyorug‘ qizi!
KUNYoRUG‘ (ovozi yig‘idan qaltirab): Elimdan qolgan yodgorim!
TONGYoRUG‘ (betovush yig‘lar ekan): Men… keyin… yig‘lamayman!.. Sabrim qolmadi! Oxirgi marta! Oxirgi marta!..
KUNYoRUG‘: Yanga…
TUNYoRUG‘: Qiz! Egachim!..
Ular ho‘ngragancha, bir-birlarini bag‘riga bosadilar. Shu payt musiqa ham ko‘ngil bo‘lib ho‘ngraydi. Chaqaloqlar ham bezovtalanib, yig‘lashga tushadilar. Ikki ona yugurib borib, chaqaloqlarini oladilar va… bir majbur yurishda, bir-birlariga qaray-qaray, dunyoning ikki tarafiga qarab ketadilar.
3
Yana Yolg‘iz Mergan va Tongyorug‘. Ular suhbatlarini davom ettiryaptilar.
YoLG‘IZ MERGAN (ajib bir sururli ohangda, so‘zning mazasidan rohatlanib): Tongli… Tongli…
TONGYoRUG‘ (noxos baxtdan cho‘chib tushganday): A? Qaytar… Yana ayt!.. Qaytar!..
YoLG‘IZ MERGAN: Tongli…
TONGYoRUG‘: Tongli… Tongli! Yana ayt, bolam, ayt!
YoLG‘IZ MERGAN: Tongli!.. Tongli!..
TONGYoRUG‘: Eshitar kun bor ekan-ku! Tongli, noming o‘chmagan ekan-ku! Mana, o‘g‘lim aytib turibdi… Mening o‘g‘lim nomingni aytayapti. Ayt, bolam, ayt! Qattiqroq ayt! Dunyo esiga tushsin! Tongli degan xalq tirikligini eshitsin! Baralla ayt! Baqirib ayt! Bu kar dunyo tinglasin!
YoLG‘IZ MERGAN: Tongli!.. Tongli!.. Tongli!..
TONGYoRUG‘: Yolg‘izim! Yolg‘iz merganim! Sen omon bo‘lsang, Tongli bu dunyoda ildiz otadi. Biz Asqar tog‘damiz. Ammang Kunyorug‘ farzandini olib bu tomonga jo‘nagan. Kelib qolishadi. Kelishsa, ammangning qizini senga unashtiraman! To‘rtalamiz – barcha Tongli ulusi yig‘ilib – katta to‘y qilamiz! Sizlar o‘n o‘g‘il ko‘rasizlar! O‘n qizli bo‘lasizlar! O‘n kelin olasan! O‘n kuyovli bo‘lasan!.. Men, huv, cho‘qqiga chiqib, atrofga qarayman. Kelishayotgan bo‘lsa, ko‘zlari tushar…
YoLG‘IZ MERGAN: Men bora qolay… Zuv etib borib, zuv etib kelaman.
TONGYoRUG‘: Yo‘q, ular erkakni ko‘rishsa cho‘chishadi…
YoLG‘IZ MERGAN: Nega?
TONGYoRUG‘: Erkaklarning bag‘ri tosh… Odamlarning mana shu toshmehr dunyosini ular qurgan!.. (Tashqariga yo‘naladi) Men hozir kelaman… Hozir!..
Shu payt yana g‘ozning g‘ag‘alashi eshitiladi.
YoLG‘IZ MERGAN (dunyoni unutib): O, tovushingdan! Yana keldingmi?.. Xudo seni menga buyurgan! Ko‘nglim sezib turibdi! Ajaling quvib, yonimga kelyapsan!… (Ichkariga yugurib kiradi-da, o‘q-yoyini olib chiqadi). Hozir boraman! Chaqirishingni qara!
TONGYoRUG‘: O‘g‘lim! Hech qanaqa g‘oz yo‘q!
YoLG‘IZ MERGAN: E, ena bir g‘ozning tarafini shuncha olasizmi? Nega eshitib turib, “eshitmadim”, deysiz!
TONGYoRUG‘: Bolajonim, shu ishingni qo‘y! G‘ozning ovozi emas…
YoLG‘IZ MERGAN: E, ena-ya! Sochingizga oq tushganda aldamchi bo‘lib qoldingizmi? Ana, uchib kelib naq peshonamizga – Ko‘ktoshning ustiga qo‘ndi. Qarang!.. Qarang!
TONGYoRUG‘ (sukut saqlab): Ko‘rdim, bolam, ko‘rdim!.. Ammo shu g‘ozga teginma!
YoLG‘IZ MERGAN: Nimaga? Nimaga? Men ovchiman! Tangri jami jonivorlarni ovlash uchun yaratgan!
TONGYoRUG‘: Bilaman… Bolam, bilaman… Ammo shu g‘ozga omonlik ber! Shu g‘oz omon qolsin!.. Ana, uchib ketdi!..
YoLG‘IZ MERGAN: Meni ahmoq qilyaptimi bu qush? Bir paydo bo‘ladi, bir yo‘q bo‘ladi…
TONGYoRUG‘: Diltang bo‘laverma! Foydasi yo‘q. Uchib ketdi – bo‘ldi-da!.. Mabodo qaytib kelsa ham, unga teginma! Men esa hozir yugurib boraman-da, ho‘v, cho‘qqidan atrofga bir qarab qaytaman… Ammang Asqar toqqa yetdim deganda, adashib ovora bo‘lib yurmasin! (Tashqariga yo‘naladi.)
YoLG‘IZ MERGAN: Ena…
TONGYoRUG‘: (to‘xtab): Nima deysan?
YoLG‘IZ MERGAN (zo‘riqib): Ena…
TONGYoRUG‘: So‘rayver, nima gaping bor?
YoLG‘IZ MERGAN: Ammamning qizini ismi nima?
TONGYoRUG‘ (negadir quvonib): Aytmadimmi?
YoLG‘IZ MERGAN: Yo‘q… Aytganingiz yo‘q…
TONGYoRUG‘: Ammangning qizining ismi… juda chiroyli! Manguhayot!
YoLG‘IZ MERGAN: Manguhayot?..
TONGYoRUG‘: Ha, Manguhayot!
YoLG‘IZ MERGAN: Haqiqatdan chiroyli ekan!
TONGYoRUG‘: Ismi ham chiroyli, o‘zi ham chiroyli!..
YoLG‘IZ MERGAN: Uni ko‘rmagansiz-ku… Qayerdan bilasiz?
TONGYoRUG‘: Bilib qo‘y, o‘g‘lim, dunyodagi eng chiroyli xalq Tongli xalqidir. Chunki Tongli xalqi xiyonatni bilmaydi. Bu xalq xiyonatni bilmagani uchun qaro yerga kirdi. Tonglilarning erkaklari mard, pahlavon; ayollari dunyodagi eng go‘zal ayollardir. Bilib qo‘y! Hech qachon unutma! Eng chiroyli xalq Tongli xalqidir! Chunki u xiyonatni bilmaydi!.. Men ketdim, bolam. Hozir kelaman…
U yugurgilab chiqib ketadi.
YoLG‘IZ MERGAN: Manguhayot… Mangu…hayot!
Yolg‘iz mergan bu ismni takrorlarkan, dunyo allaqanday o‘zgaradi. Ayolning sog‘inch va g‘uluga to‘la so‘zsiz qo‘shig‘i qaylardandir eshitiladi. Unga erkakning, ehtimol Yolg‘iz Merganning ovozi jo‘r bo‘ladi. Yolg‘izlikning ko‘yida dard bilan to‘lgan tovushlar… Shu payt yana g‘oz g‘og‘olab qoladi.
(G‘ozning ovozini eshitmay) Manguhayot… Buncha chiroyli! Manguhayot!… Yana g‘oz sayraydi. (Nogoh eshitib to‘xtaydi). G‘oz sayradi! (Quloq tutadi.) Suv quyilganday hamma joy jim-jit!.. Ammo g‘oz sayradi. Aniq eshitdim… Tavba, meni birov sinayotganday. Butun vujudim titrab ketyapti. Ko‘nglim o‘ljani sezdi. Dahshatli o‘lja! Xuddi taqdirday katta o‘ljaga o‘xshayapti… Ana, yana sayradi!.. Bu g‘oz meni masxara qilyapti! Ovchi emassan deyapti! Otolmaysan deyapti! Yolg‘iz mergan ming qadamdan uchgan qushning ko‘zidan urishini hali bilmaydi!.. Yana sayradi! E, toqatimni toq qilding! (U otilib chaylaga kiradi-da, o‘q-yoyni olib chiqadi.) Qayerdasan? G‘oz, qayerdasan? Menga seni Tangri taolo ro‘baro‘ etyapti! (Atrofga sinchiklab nazar tashlaydi.) Bilib qo‘y! Men Yolg‘iz Merganman! Yetti yoshimdan buyon otgan o‘qim xato ketmagan! Mo‘ljalga bexato urganman!.. Bexato urishimni bilmaysan! O, yana sayrading! Men bilan bekor o‘ynashayapsan! Bekor!.. (U atrofga aylanib qarab, g‘ozni izlaydi.) Voh, qudratingdan! Tangrim! Bu g‘oz juda o‘zidan ketdi! Ana, gazadan oshib, tikka men tomonga uchib kelyapti! Meni o‘ynatayapti! Naq manglayimga kelib qo‘nganini qarang! Mening kimligimni bilmaydi bu jonivor… (Yoyni olib, o‘qni sadog‘idan oladi.) Kimligimni bilmaydi! Bilmaydi…
TONGYoRUG‘ (olisdan): Otma! Bolam, otma!
YoLG‘IZ MERGAN (mo‘ljalga olishga hozirlanib): Uchib ketma! Joyingda tur! Joyingda tur!
TONGYoRUG‘ (ovozi endi yaqindan eshitiladi): Otma deyapman senga! Otma!
YoLG‘IZ MERGAN: Enamni nima ishi bor bu g‘oz bilan! Sen enamning gapiga quloq tutma!.. Joyginangda tur! Mana, hozir! Mana, hozir!.. (U mo‘ljalga olib, o‘q tiralgan yoyning tasmasini torta boshlaydi.) Sahnaga Tongyorug‘ otilib kiradi.
TONGYoRUG‘: Otma! Otma!
YoLG‘IZ MERGAN: Xalaqit bermang! Xalaqit bermang! O‘zi keldi! O‘zi talab qilib, uchib keldi! Otib olmasam, o‘lib qolaman! O‘lib qolaman!..
TONGYoRUG‘: Otma!
YoLG‘IZ MERGAN: Ena, shu g‘oz o‘g‘lingizdan azizmi? Tarafini olmang! Men sizga “shu g‘ozni otib olmasam, o‘lib qolaman” deyapman! O‘lib qolaman.
TONGYoRUG‘: Otma, deyapman, bolasi tushmagur! Otma!
YoLG‘IZ MERGAN: Ena!..
TONGYoRUG‘: (g‘oz qo‘ngan tarafga qarab): Ho, kish!.. Kish!.. Qush bo‘lmay o‘lgur, uchsang-chi! Toshday turaverasanmi? Kish!..
YoLG‘IZ MERGAN: Men o‘lib qolaman deyapman! O‘lib qolaman! Mendan biror jonivor qochib ham, uchib ham qutulmagan!.. Qutulsa, o‘lganim!…
TONGYoRUG‘: Kish!.. Kish!..
Yolg‘iz mergan yoyni tortadi. Ayni o‘q otiladigan payti Tongyorug‘ o‘g‘lining qo‘liga turtib yuboradi. G‘ozning cho‘chib, g‘og‘illagani eshitiladi. Uning ovozi borgan sari olislab boradi. Sukunat cho‘kadi.
YoLG‘IZ MERGAN (holsizlanib): Ena… O‘qim tegmadi…
TONGYoRUG‘ (quvonganidan o‘g‘liga e’tibor bermay): Tegmadi!.. G‘oz omon qoldi!.. Omon qoldi! Elchi g‘oz omon qoldi!..
YoLG‘IZ MERGAN: Ena… Qanaqa elchi g‘oz?..
TONGYoRUG‘: “Meni dushmanga qoldirma, Boysun-Qo‘ng‘irotgacha qanotimni toldirma”, deb uchib ketdi? Uchib ketdi!
YoLG‘IZ MERGAN: Ena, deyapman! Qanaqa elchi g‘oz?..
TONGYoRUG‘: Bu joylar, mana shu Asqar tog‘ – Boysun-Qo‘ng‘irotning yerlari, bolam! Alpomish zindonga tushib, elu yurti ultontozlarga qolib ketdi! El Alpomishni o‘lgan deb o‘ylaydi. Bu g‘oz Alpomishdan yurtiga noma olib ketayotgan elchi qush. Qanotiga noma bog‘langan! Elchiga o‘lim yo‘q!.. Endi Alpomish qaytadi! Qo‘ng‘irot ozod bo‘ladi!.. Bu dunyoda bir elu yurt taxtu baxtli yashaydi!
YoLG‘IZ MERGAN: Siz qayerdan bilasiz bu gaplarni?
TONGYoRUG‘: Hasratda yashagan odam nimalarni bilmaydi, bolam! Bu gaplarni qushlardan eshitdim! Hasratdan himillab turgan havolar aytdi. Qayg‘udan engashib qolgan osmon so‘zladi! Yolg‘izligimiz jami tiriklikning tilini anglashni o‘rgatdi menga!
YoLG‘IZ MERGAN (tobora holsizlanib): Ena, endi menga nima bo‘ladi?
TONGYoRUG‘ (o‘g‘liga e’tibor berib qarar ekan): Senga… Senga… Nima bo‘ldi?
YoLG‘IZ MERGAN: Men g‘ozni otolmadim!.. G‘oz uchib ketdi!
TONGYoRUG‘: Aytdim-ku, bu g‘oz…
YoLG‘IZ MERGAN: Siz menga cho‘pchak aytayapsiz… Mening esa, bu dunyoda turgiligim qolmadi… O‘zingiz aytgansiz: “Er kishining o‘qi xato ketgani, o‘lgani”, degansiz…
TONGYoRUG‘: Aytganman… Ha, aytganman!
YoLG‘IZ MERGAN: O‘qim xato ketdi… Ichimdagi o‘q tomirim uzildi, ena!.. Ena!.. (u holsizlanib, xarsangga suyanadi.) Ena…
TONGYoRUG‘ (o‘g‘lining qoshiga yugurib boradi. Yuz aylanib, ming o‘rgiladi): Unday dema! Unday dema, jonim bolam! Yolg‘izim mening!
YoLG‘IZ MERGAN: Mendan bir g‘ozni enamki avlo bildi, paymonam to‘lgan ekan, gulim ochilmay so‘lgan ekan… Voh! G‘oz uchib ketdi! Qaytib kelmaydigan bo‘lib ketdi! O‘lganim yaxshi!..
TONGYoRUG‘ (jonholatda kalovlanib): Nima deyapsan? Hech qachon! Hech qachon o‘lmaysan!..
YoLG‘IZ MERGAN: Voh, jonim! Ena, butun vujudim ezilib ketdi!
TONGYoRUG‘: To‘shakka yur… To‘shakka yur!.. (O‘g‘lini suyagancha, kapa tarafga boshlaydi.)
YoLG‘IZ MERGAN (sudralib qadam tashlaydi): Holim qolmadi! Holim qolmadi! G‘oz uchib ketdi!
TONGYoRUG‘: U g‘oz…
YoLG‘IZ MERGAN: (cho‘kkalab qoladi). Bir g‘ozni mendan ayadingiz… Ena, men endi odam bo‘lmasam kerak.
TONGYoRUG‘: Bolam! Bolam!..
YoLG‘IZ MERGAN: Ena… Dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘lyapti!..
Yolg‘iz Mergan qaddi bukilib, asta yerga yiqiladi. Tongyorug‘ yugurib borib, o‘g‘lining boshini tizzasiga oladi:
Bolam!.. Ko‘zingni och! Ko‘zingni och! Sen o‘lmasliging kerak! Eshityapsanmi, bolam, sen o‘lmasligin kerak!.. Voh, Tangrim menga yordam ber! Bir xalqdan qolgan yodgorga yordam ber! Uni qaro yerga kirgizma! U bu olamdan ketsa, Tongli ulusi izi bilan bu dunyodan o‘chadi! Tangrim!..
Sahna qorong‘i tortadi…
4
…Dunyoda kun-tun almashyapti. Tunu kun oralab, sahnadan Tongyorug‘ pirillabgina yurib o‘tib ketyapti, o‘tib ketyapti… Kun-tun almashyapti. Sahnaning bir tarafidan qo‘lida uzun irg‘ay tayoq ushlab olgan Bo‘lgan Kal, bir tarafidan Tongyorug‘ halloslab kirib kelyapti.
BO‘LGAN KAL (sahnaga kiriboq): Qayt! Egachim, qayt! Men fol ochishni tashlaganman. Kelgan izingga qayt deyapman! Qayt!
TONGYoRUG‘: Bo‘lgan inim! Ming afsunga to‘lgan inim! O‘g‘lim olti oydan buyon kasal bo‘lib, ko‘zini ocholmay yotibdi. Shamolday yeldim, olti oylik yo‘lni olti nafasda bosib keldim! Bolamning dardiga davo izlab, biyaday bo‘zlab qoshingga yetdim!..
BO‘LGAN KAL: Holingdan xabarim bor! Holingdan xabarim bo‘lmasa, bu dunyoda nega Bo‘lgan Kal nomimni o‘rtaga qo‘yib fol ochib yuribman! Ammo yaqinimga kelma! Lovullab yonayapsan! Men ham olovingga qo‘shilib yonib ketaman! Yonimga kelma!.. Qayt!
TONGYoRUG‘: Qayt, dema! Jonimni olsang, ol! Molimni olsang, ol!…
BO‘LGAN KAL: Egachim, molingni ololmayman – talonchi emasman, joningni ololmayman – Ko‘k Tangri emasman! Yaqinimga kelma! Men fol ochishni tashlaganman! Ochgan folim teskari chiqyapti! Faqat Tangridan umid kut!
TONGYoRUG‘: Tangridan shu bolamning umrini so‘rab beradigan odam kerak. Mening zorimni Tangrim eshitmayapti… Hech bo‘lmasa, bir sirni ayt, Bo‘lgan inim, men Tangriga nima yomonlik qildimki, yolg‘iz bolamni, ko‘zimning oqu qarosini bedavo dardga duchor qildi?..
BO‘LGAN KAL: Tangrining ravishi faqat o‘ziga ma’lum…
TONGYoRUG‘: Iloyo, dunyo turguncha turgin! Meni marhamatingdan nari tutma! Tushun, o‘g‘lim Tongli ulusining so‘nggi ildizchasi! Men uni o‘n sakkiz yil asrab-avayladim. U juvonmarg bo‘lsa, bus-butun el qayta ko‘karmaydi – dunyodan beiz yo‘qoladi. Qaro yerga kirib ketadi!..
BO‘LGAN KAL: Yig‘latma-da meni!.. Bu qismatni bilmasam, folchiman deb bu dunyoda lof urib yuramanmi?
TONGYoRUG‘: Inim, sen yana bir gapni bilasan…
BO‘LGAN KAL: Egachim, senga xudoyimning sinovi tugamaganga o‘xshaydi! Mendan so‘rab nima qilasan? Sen fidokorning ishini qilding. O‘g‘lingning jonini jabborga berib, elchi g‘ozni uchirding! Ana, Qo‘ng‘irot elida necha oyki, to‘y! Baxtu taxti qaytib kelgan… Sen ulug‘ odamsan! Bir xalqqa ozodlik berding! G‘ozga aylanib, uchib ketayotgan erkning ko‘ksini o‘q tuyrab o‘tmadi. Ozodlikning yo‘li kesilmadi. Alpomish qaytib, Boysun-Qo‘ng‘irot baxtini topdi! Egachim, butun dunyo bilgan gapni qayta aytay: sen fidokorlik qilding. Bu dunyoda fidokorning ishi og‘irdir! Qaysi fidokorning manglayi yarqirab, bu dunyodan o‘tdi? Sen bu dunyoni mard deb o‘ylama! Ket, egachim! Ket! Mendan najot kutma! Men kimmanki, senga yordam beray!
TONGYoRUG‘ (so‘nggi umid bilan, ko‘z yoshlarini tiyolmay): Hech yordam berolmaysanmi?
BO‘LGAN KAL: Egachim, meni qiynayapsan. Ket!..
TONGYoRUG‘: Inim! Qarshimda qaro kunlarimdagi bir sitim yorug‘ bo‘lib turibsan! Meni ko‘p qaqshatma! Birgina fol och!
BO‘LGAN KAL: Ocholmayman…
TONGYoRUG‘: Seni umrim bo‘yi olqayman! Yolvoraman! Shu bolamga fol och!
BO‘LGAN KAL: Egachim!..
TONGYoRUG‘: Meni qaqshatma!..
BO‘LGAN KAL: Ochadigan folimni o‘ylasam, qo‘rqib ketyapman. Turishingni qara! Sen hech narsadan qaytmaysan! Sen joningni ayamaysan! Egachim! Joni sabil qolgan odamsan! Bilib qo‘y, sen ham osmonni ko‘tarib turgan odamsan!
TONGYoRUG‘: Qanaqa osmon?
BO‘LGAN KAL: Bu dunyoning osmoni ko‘p. Birini sen ko‘tarib turibsan.
TONGYoRUG‘: Allaqaydagi gaplarni gapirma! Xudo qarg‘agan xalqning Xudo qarg‘agan bir mushtipari bo‘lsam…
BO‘LGAN KAL: Unday dema! Unday dema!.. Sen eng ulug‘ odamsan!
TONGYoRUG‘: Inim, mening o‘lishga haqqim yo‘q. Bo‘lmasa…
BO‘LGAN KAL: Endi ket! Dunyo bilan gaplashishimga xalaqit beryapsan. Ko‘nglimni bo‘shashtirib yuboryapsan. Senga qarab, yuragim ezilib ketyapti… Dunyo bilan gaplashishda qattiq bo‘lmasang, bo‘lmaydi. Bo‘shashsang, bu dunyo ezib tashlaydi. Sen buni bilasan…
TONGYoRUG‘: Bilaman. O‘n sakkiz yil yolg‘iz boshim bilan dunyoga sir bermadim. Tikka gaplashdim. Boshqa ilojim yo‘q edi.
BO‘LGAN KAL: Endi ham bo‘shashma! Avvalgiday ko‘ziga tik qarab ishingni qilaver! Endi bor…
TONGYoRUG‘ (qaqshab): Bolam… Yolg‘izim nima bo‘ladi?
BO‘LGAN KAL: Voh, o‘zini o‘ylamagan, egachim!.. Tangrining aytgani bo‘ladi! Tangrining aytgani bo‘ladi! Ket!.. Meni qiynama!..
TONGYoRUG‘ (keta boshlaydi): Ko‘k Tangrim! O‘zing najot ber! Najot ber! Yolg‘izgina bolamni xazon qilma! Axir, unga bir gap bo‘lsa, bir xalq bu dunyodan beiz yo‘qoladi! Qaysi gunohimiz uchun bizni bu dunyongdan haydab yuboryapsan!.. Sinovingni ko‘tarolmayapman! Yerga kirgizib yuboryapti meni sinovlaring! Chidayolmayapman! Sabrim tugayapti! Tangrim! Tangrim! Ovoz bersang-chi! Nega jimsan? Axir, bundan ortiq xoru zorlik bo‘ladimi? Tangrim! Ozgina najot ber!..
Tongyorug‘ yig‘lay-yig‘lay chiqib ketadi. Bo‘lgan Kal uning fig‘onlariga toqat qilolmay qotib turibdi.
BO‘LGAN KAL: Tangrim! Qoyilman, Tangrim! Qanday bandalaringni yaratgansan! Qanday g‘aroyib bandalaring bor!.. Yo qudratingdan! Yo qudratingdan! Qanday bandalaring bor!.. Qoyilman…
Sahnaga qorong‘ilik tushadi…
5
…yorishganda, sibizg‘a yig‘lab, do‘mbira bo‘zlab, Yolg‘iz Merganning holidan yana bayon etib turibdi. Kapadan sudralib, qiynalib, ingranib chiqayotgan Yolg‘iz Mergan ko‘rinadi. U bir dam sudralgach, behollikdan to‘xtab qoladi. Yo qimirlashga majoli yetmayapti yoxud bu dam hushidan ketgan… Yolg‘iz o‘ziga kelib, yana ingragancha, sudraladi. Oxir sahnaning to‘ridagi xarsang toshga ming azobda yetib boradi. Unga ko‘ksini yerdan uzib, suyanishi ham ming azobda kechadi. Ana, Yolg‘iz Mergan xarsangga suyangancha, dunyoni tomosha qilyapti. Dam osmonga, dam tog‘larga qaraydi, dam yonidagi maysani suygan odamining sochini silaganday silaydi… Tongyorug‘ kiradi. O‘g‘lini tashqarida o‘tirganini ko‘rib, to‘xtab qoladi.
TONGYoRUG‘: Tashqariga… qanday qilib chiqding?
YoLG‘IZ MERGAN: Chiqdim. Emaklab, sudralib…
TONGYoRUG‘: Sen… Sening tobing yo‘q. To‘shakda yotishing lozim. Gapimga kirmaysan…
YoLG‘IZ MERGAN: Kapa qafasga o‘xshadi. Dunyoni bir ko‘ray deb chiqdim.
TONGYoRUG‘: Bolajonim! Nimalar deyapsan? Hali bu dunyoni ko‘p ko‘rasan!
YoLG‘IZ MERGAN (uning gapini eshitmaganday): Dunyo boshqacha ekan…
TONGYoRUG‘ (birdan tutoqib): Men dunyoni bilaman! U… o‘ljasini ta’qib etayotgan bo‘riga o‘xshaydi. Xalqimizni yov beto‘xtov bosqin etgandan buyon u bizni ta’qib etadi… Hozir menga yetib kelgan! Tishlari bo‘g‘zimga botib ketayotganini his qilib turibman…
YoLG‘IZ MERGAN: Sen aytayotganing boshqa dunyo…
TONGYoRUG‘: Dunyo bitta! Boshqa dunyo yo‘q. Tongli elini qirgan, lak-lak odamlarning qonini daryo-daryo oqizgan, bolalaru ayollarni qo‘yday so‘ygan dunyo…
YoLG‘IZ MERGAN: Boshqa dunyo bor… Masalan, siz boshqa dunyosiz!..
TONGYoRUG‘: Men?
YoLG‘IZ MERGAN: Ha… Men bemajollikda yotib, o‘ylayverib-o‘ylayverib topdim. Siz boshqa dunyosiz…
TONGYoRUG‘: Qanaqa dunyoman?
YoLG‘IZ MERGAN: Siz o‘zingizdan ko‘ra boshqalarni ko‘proq o‘ylaydigan odamsiz. Bu dunyoda boshqalar ham emin-erkin – o‘zining baxtu taxti bilan yashashini xohlaysiz…
TONGYoRUG‘: Shu ishim yomonmi?
YoLG‘IZ MERGAN: Yaxshi… Ammo bir g‘ozni o‘g‘lingizdan ayadingiz…
TONGYoRUG‘: Bolam! Bolajonim!..
YoLG‘IZ MERGAN: Menga esa odamlarning ko‘ziga ko‘rinma, ular qirg‘in va o‘lim olib keladi, deb o‘rgatdingiz…
TONGYoRUG‘: Boshqa ilojim yo‘q. Sen elingning ichida yashayolmayapsan-da! Na suyanching bor, na tayanching! Havodasanu uchishga qanoting yo‘qday… Odamlar yolg‘izu kuchsizni ayab o‘tirmaydi! Seni asrab qolish uchun bu gaplarni aytishga majbur bo‘lganman. Chunki senga bir gap bo‘lsa, elimiz yo‘q bo‘ladi.
YoLG‘IZ MERGAN: Meni xato qilishga haqqim yo‘qligini, har otgan o‘qim mo‘ljalga aniq tegishi kerakligini uqtirgansiz. Tinmay mashq qildirgansiz! Xato qilish yigit uchun o‘lim degansiz.
TONGYoRUG‘: Ha, ha!.. Aytganman! Aytganman, bolajonim! Sen bir xalqdan qolgan yagona erkak bo‘lganing uchun boshqa nima deyin? Xato qilsang, tuzatadiganing yo‘q – yovga yem bo‘lasan…
YoLG‘IZ MERGAN: Faqat joningni asra degansiz…
TONGYoRUG‘: Boshqa nima deyin? Sen Tongli ulusini qayta yaratguvchisan!..
YoLG‘IZ MERGAN (bemajol o‘rtanib): Ena! Ena…
TONGYoRUG‘ (farzandiga girgitton bo‘lib): Jon!..
YoLG‘IZ MERGAN: Baribir… Boshqa dunyo bor ekan. Or-nomus tiriklikdan baland ekan, ena!..
TONGYoRUG‘: Bolajonim! Nomusu orlim!..
YoLG‘IZ MERGAN: Xato qildim… G‘oz uchib ketdi! Yashashga kuchim yetmayapti!..
TONGYoRUG‘: Shuncha orsizlar dunyoda yashab yuribdi-ku!..
YoLG‘IZ MERGAN: Ularning dunyosi keng bo‘lsa kerak! Mening dunyom esa torgina – hadeb o‘zimga duch kelaveraman. O‘zimga qarayman-da, qora yerlarga kirib ketaman. Bir g‘ozni otolmagan noshud, bir elni qanday yaratsin!
TONGYoRUG‘: Bolam!
YoLG‘IZ MERGAN: O‘lganim yaxshi, ena! Ammo boshqa dunyo! Qanday go‘zal! Osmonni qarang! Shunchalar cheksiz! Ranglarining tozaligini! Har kun ko‘radiganim anov archani qarang! Hayotni ufurib, shamolda g‘uvullaydi!.. Buncha chiroyli!.. Qarab to‘ymayapman, ena!
TONGYoRUG‘: Hali ko‘p qaraysan! Hali qancha daraxtlarni ko‘rmagansan! Hammasini tomosha qilasan! O‘, sen Tongli ulusining osmonini ko‘rmagansan! Osmonimiz shunday baland ediki!.. (Armonli, sururli sukut cho‘kadi.) Endi, bolam, ichkari kirib bir mizg‘ib ol! Men Luqmoni Hakimning oldiga borib kelaman!
YoLG‘IZ MERGAN: Ena, ovora bo‘lmang. Dardimga davo yo‘q…
TONGYoRUG‘: Shu gaplaringni qo‘y. Dardingga davo topmasam, enang bo‘lib nima qildim…
YoLG‘IZ MERGAN: “Dori” deb berganingizni yedim, “ich” deganingizni ichdim… Foydasi yo‘q… “Luqmoni Hakim olti oylik yo‘l narida”, deyotgan edingiz, ena! Siz qaytib kelguncha…
TONGYoRUG‘: Xudo xohlasa, men qaytib kelguncha, hamma narsa omon-omonlikda bo‘ladi. Olti oylik yo‘lni olti nafasda bosaman!
YoLG‘IZ MERGAN: Foydasi yo‘q…
TONGYoRUG‘: Hamma narsaga shak keltiraverma. Kasal borki, davosi bor! Luqmoni Hakim bilmagan davo bormi?
YoLG‘IZ MERGAN: O‘limdan boshqa hamma narsaning davosi bor…
TONGYoRUG‘ (cho‘chib tushib): Nima? (O‘tirib qoladi. Ho‘ngrab yig‘laydi.) Men seni bu yorug‘ dunyodan qo‘yib yubormayman! Eshityapsanmi? Qo‘yib yubormayman…
Qorong‘ilik tushadi…
…Dunyoda kun-tun almashayapti. Tunu kun oralab, sahnadan Tongyorug‘ pirillabgina yurib o‘tib ketyapti, o‘tib ketayapti… Kun-tun almashayapti. Nihoyat, Tongyorug‘ sahnaga kiradi-da, taqqa to‘xtab qoladi. Sahnaning nariga tarafidan Luqmoni Hakim, ko‘zi tushgan jonivorlaru o‘t-o‘lanlar bilan gaplashgan ko‘yi, kirib kelayapti. Soqoli ko‘ksiga tushgan, ko‘rganning aqli uchgan – o‘z aqlidan o‘zi toshib, har naqlidan so‘zi toshib kelayapti.
LUQMONI HAKIM: Sen, jirg‘anoq, sharbat bo‘lasan… Qariqiz, sen bemorlarni terlatasan… Yulg‘un, pismiq, nega yashirinasan? Arilarga asalni kim beradi, tentak?.. Afsonak, zaharliman deb xafamisan? Zaharing ham dori-ku! O‘savermaysanmi? Do‘lana, toqqa chiqib ketma! Pastroq tush! Yo qadringni sinayapsanmi? Mayli, ko‘ngling to‘lsin! “Toqqa chiqmasang, do‘lona qayda”, deb qo‘ya qolamiz…
TONGYoRUG‘ (ikki bukilib salom beradi): Assalomu alaykum!
LUQMONI HAKIM (to‘xtab): Vaalaykum assalom!.. (Ayolga razm solib.) Nega menga ta’zim qilding, odamlarning ulug‘i?
TONGYoRUG‘: Odamlarni ne-ne xastalikdan forig‘ etgan sizday donishmand zotga ta’zim qilmay, kimga ta’zim qilaman?
LUQMONI HAKIM: Men senga ta’zim etishim lozim, Tongli elining ulug‘ farzandi! Men mingta, ha ana, maqtansam, o‘n mingta odamning hayotini saqlab qolgandirman. Sen esa… E-he!.. (U ikki qo‘lini yoyib, dunyoni qamrab ko‘rsatadi.)
TONGYoRUG‘: Men qanday ulug‘ bo‘lay, Luqmoni Hakim otajon! Bir bolamning dardiga davo topmasam…
LUQMONI HAKIM: Boysun-Qo‘ng‘irotday doston yurtga dorilomonlik bergan zot ulug‘ bo‘lmay, men ulug‘ bo‘laymi? Ezgulik yo‘lida hatto farzandingni ham ayamading, odamlarning ulug‘i! Farzandingni ham!.. Qanday ulug‘ zotsan!..
TONGYoRUG‘: Bu ko‘rgiliklarni qayerdan eshitdingiz?
LUQMONI HAKIM: Olamga doston bo‘lding-ku! Uchib kelgan qushlar aytdi, yugurib o‘tgan hayvonlar aytdi, g‘uvullab o‘tgan shamollar aytdi. Sen haqingda o‘t-o‘lanlar shamolda tebranib qo‘shiqlar aytganini bir eshitsang edi.
TONGYoRUG‘: Siz ularni tilini qaydan bilasiz?
LUQMONI HAKIM: Men sirlarni bilishga intildim, Tangri esa sirlarini ochdi… Intilganga Xudo yor!
TONGYoRUG‘: Yana bir urining, Luqmoni Hakim ota! Iloyo, bu dunyoning yomonidan yomon yashay! Iloyo, ming dardning ming bir og‘rig‘ida to‘lg‘onay! Faqat bolam armonda ketmasin!..
LUQMONI HAKIM: Sen, Tongli elining yolg‘iz qizi, olam ko‘rmagan fidoyilik ko‘rsatding!.. Endi chidamoqdan boshqa yo‘l yo‘q… Chida! Neki boshga tushsa, qanoat et!.. E, falak! E, dunyo!..
TONGYoRUG‘: O‘g‘lim bu olamni tark etsa, Tongli ulusi beiz yo‘qoladi… Butun bir xalq beiz ketadi!.. Sadag‘ang ketay, Luqmoni Hakim ota!.. Xudo nazari tushgan odamsiz! Farzandim o‘n gulidan bir guli ochilmasdan, xazon bo‘lmasin! Bu guldan hali qancha gullar ildiz olishi kerak!.. Hali undan qancha daraxtlar o‘sib chiqadi!.. Bu yigit hali bog‘ bo‘ladi!.. Tongli eli dunyoda qayta tug‘iladi. Oltoydan Hazargacha ot surib, dovruq soladi!.. Farzandimni o‘limga topshirolmayman! Men va’da berganman!.. (Luqmoni Hakimning poyiga o‘zini tashlab) Luqmoni Hakim otajon! Xudo siylagan zot! Shu o‘g‘limning umrini Tangridan so‘rab bering!..
Ayolning zorillashlarini Luqmoni Hakim bosh egib, o‘rtanib eshityapti.
LUQMONI HAKIM (sokin): Odamlarning ulug‘i, o‘zingni bosib ol! G‘amga siringni berma!.. Tur o‘rningdan! Bu yoqqa kelishingda, o‘g‘ling – Yolg‘iz Mergan nima dedi? Oxirgi gapini esla…
TONGYoRUG‘ (o‘zini tutib olishga urinar ekan): U.. U… “o‘limdan boshqa… hamma ishning… davosi bor…” dedi.
LUQMONI HAKIM: Aqlli yigit ekan… (Sukunat. Luqmoni Hakim og‘ir o‘yga cho‘mgan. Nihoyat bosh ko‘tarib) O‘g‘ling tuzaladi.
TONGYoRUG‘ (quloqlariga ishonmay): Nima? Nima dedingiz?
LUQMONI HAKIM: O‘g‘ling tuzaladi!
TONGYoRUG‘: Luqmoni Hakim otajonim! Tillaringizdan aylanay, nima dedingiz? Yana birgina qaytaring?
LUQMONI HAKIM: O‘g‘ling tuzaladi. Faqat… (U ilojsiz bir gapni aytayotganday gapdan to‘xtaydi.)
TONGYoRUG‘: O‘g‘lim tuzaladi!.. O‘g‘lim tuzaladi!..
LUQMONI HAKIM: Odamlarning ulug‘i, quloq tut!..
TONGYoRUG‘: (bu xushxabarni barbod etadigan biror bir narsa bo‘lib qolishidan cho‘chiganday) Tuzalsa, bo‘ldi!.. Tuzalsa, bo‘ldi! Endi men boray! Umid bergan tillaringizga jonim sadag‘a! Endi borib, o‘g‘limga bu xushxabarni yetkazay!.. (Luqmoni Hakimga ta’zim qilib.) Qulluq, hakimlarning hakimi! Qulluq, donishmandlarning donishmandi!..
LUQMONI HAKIM: Eshit! Odamlarning ulug‘i, eshit! O‘g‘ling tuzaladi. Faqat… (Tongyorug‘ uni ma’qullab turadi.) faqat o‘sha g‘ozni otib olsa…
TONGYoRUG‘: O‘sha… g‘ozni… otib olsa… tuzalib ketadi?.. Shundaymi?
LUQMONI HAKIM: Shunday, odamlarning ulug‘i, shunday.
TONGYoRUG‘: U g‘oz qayerda?
LUQMONI HAKIM: Xudo biladi! Bir kelgan, ketgan-da!
TONGYoRUG‘: Ha.. Xudo biladi… Bir kelgan… ketgan… Uni… qanday topaman?!
LUQMONI HAKIM: Tangridan so‘ra!
TONGYoRUG‘: Tangrim! Shu g‘ozni qaytarib yubor! Asqar toqqa qo‘ndir! Bolam o‘rnidan turib ketsin! Axir, u bir ildiz! Ko‘karishi kerak! Ko‘karishi kerak!..
LUQMONI HAKIM: E falak!.. E kajraftor!..
Sahna qorong‘ilashadi…
6
…yorishganda, hanuz sibizg‘a yig‘lab, do‘mbira bo‘zlagancha, Tongyorug‘u Yolg‘iz merganning holidan bayon etayapti. Ularning yolg‘iz kapasi ham qunishibgina turibdi.
TONGYoRUG‘ (tashqaridan): Kish! Kish! Ket deyapman! Qanoting singur, boshqa joyda aylan! Bu yerdan ket! Kish! Kish!..
O‘tin orqalagan Tongyorug‘ kiradi. U bir qo‘li bilan yelkasidagi o‘tinning bog‘ini ushlagan, bir qo‘li bilan osmondagi nimagadir tahdid qilyapti.
Ket bu yerdan! Kish! Kish! (o‘tinni o‘choqboshiga tashlab, qo‘llarini silkitganicha, quzg‘unni haydaydi.) Osmonda boshqa joy qurib qolganmi?! Bu joyga soyang ham tushmasin! Miyasi aynigan quzg‘in ekansan! (Erdan tosh olib, osmonga otadi.) Bu yerda nima bor? Nimaga ketmaysan? Axir, mening bolam soppa-sog‘! Hozir kapada uxlab yotibdi! Kish! Kish! Bu yerda o‘lim yo‘q! Eshitib ol, bu joyda o‘lim yo‘q! Men bor ekanman, bu yerga o‘lim kelolmaydi! Kish!.. Kish!.. (Yana osmonga tosh otadi.) Osmon o‘yilib, osmonsiz qolgur, kish! Kish!.. Bu joyga o‘lim kelolmaydi! Yaxshilab eshitib ol, o‘lim kelolmaydi! Iloyo, o‘limni sog‘ingan ko‘zlaring o‘yilib tushsin!.. Kish! Kish!.. Ketsang-chi!.. O, xayriyat ketdi!.. Ketdi!.. Bolam! Yolg‘iz Merganim! Quzg‘un ketdi!. (Chopqilab, kapaning ichiga kiradi. Ichkaridan ovozi eshitilib turibdi.) Bolam! Ko‘zlaringni birgina och! Bir og‘iz so‘z, de! “Ena” degan tovushingni sog‘indim! Chaqaloqday nafas olib yotibsan! Quzg‘un ketdi! (Yolg‘iz mergan bilan suhbatini davom ettira, kapadan chiqadi. Qozon atrofida kuymalanar ekan, o‘g‘li bilan gaplashishda davom etadi.) Quzg‘un bu joylarga adashib kelgan! Bu yerda o‘lim nima qiladi? Bu joylarga o‘lim kelolmaydi! Hech bo‘lmasa, uyaladi! Bir xalqdan birgina yigit omon qolsayu, u qaysi yuz bilan unga ro‘baro‘ keladi. Keyin, har ish navbat bilan-da! Meni yutmasdan, bolamga o‘lim o‘tib ketolmaydi! (Birdan tiz cho‘kib, nola qiladi.) Tangrim! Qanday kunlarga qoldim! Bizlarga rahming kelsin! Shafqat qil!.. Shu g‘ozni qaytarib kel! Boysun-Qo‘ng‘irotga rahmat nuringni sochding-ku! Tongli elidan qolgan birgina norasidaga ham shafqat et! Shu g‘ozni qaytarib yubor! Tangrim!.. Qaytarib yubor! Tangrim!..
U ho‘ngrab yig‘laydi. Qaddini ko‘tarolmay yig‘laydi. Qaro yerni mushtlab, yig‘laydi. Ammo birdan yig‘idan to‘xtab, sukunatga quloq tutadi. Olislardan g‘ozning sayrashi avval elas-elas eshitiladi.
G‘oz!.. G‘oz!.. G‘oz keldi!.. Keldi!.. (Endi u quvonib, beovoz titranib, ko‘zyosh to‘kadi.) Tangrim! Tangrim! Zorimni eshitdingmi? Dunyoni to‘ldirib sayrayver! Sayrayver! (U quvonchidan raqs tushayotganga o‘xshash bir harakatlar qiladi.) G‘oz keldi!
Kapaning eshigida o‘mganlagancha, sudralib kelayotgan Yolg‘iz Mergan paydo bo‘ladi. U bo‘sag‘ada ko‘ksini ko‘tarib, kapaning kesakisi – yog‘ochga osilib, suyanib – qaddini rostlaydi.
YoLG‘IZ MERGAN: Ena!..
TONGYoRUG‘ (o‘g‘liga endi ko‘zi tushib, beqiyos quvonchda): Yolg‘izim!.. Yolg‘iz merganim! Voy, o‘zingga keldingmi? O‘rningdan turdingmi? Tangriga ming shukur! Kelgan dard, ketadi deb, momomlarim aytar edi… Aytganlari bo‘ldi!..
YoLG‘IZ MERGAN: G‘oz keldimi?
TONGYoRUG‘: Keldi, Yolg‘izim! Keldi! Otib olaver! Endi yelkangga bo‘riday yopishgan xastalikni, boshingdan aylantirib ot! Odam yetmas cho‘llarga tushsin, qaytishi yo‘q yo‘llarga tushsin!.. Eshit! Eshit!.. Sayrayapti! G‘oz sayrayapti! Eshit!..
YoLG‘IZ MERGAN: Ena… Sayramayapti…
TONGYoRUG‘(quloq tutib): Ha… sayramayapti.
Chindan ham g‘ozning tovushi tingan.
YoLG‘IZ MERGAN: O‘zi.. sayragan edimi?
TONGYoRUG‘: O‘zim eshitdim! Mana shu quloqlarim bilan eshitdim!
YoLG‘IZ MERGAN: Men ham eshitganday bo‘ldim… Birdan qimirlamay, zil bo‘lib yotgan tanamga mador kirdi. Ko‘zlarimni ochishga ham kuchim yetdi… G‘oz keldi deb o‘ylabman!..
TONGYoRUG‘: Keldi! Keldi! Senga o‘zim eshitdim, deb aytayapman-ku!
YoLG‘IZ MERGAN: Agar kelgan bo‘lsa, yana ovoz berar… A, ena?…
TONGYoRUG‘: Ovoz beradi! Ovoz bermay, qayoqqa boradi? U bizni intizor qilayapti faqat!
YoLG‘IZ MERGAN: Agar keladigan bo‘lsa… Meni ana u xarsangga suyab yotqizing! Men tayyor turay! Men!..
TONGYoRUG‘: Hozir… Hozir!.. Tangrim! O‘zingga shukur! Nolamni eshitganingga shukur!
O‘g‘lini ming mashaqqatda xarsangga suyab o‘tqazadi.
YoLG‘IZ MERGAN: Endi o‘qu yoyimni olib chiqing…
TONGYoRUG‘ (yugurgilab borar ekan): Hozir olib kelaman… Hozir… Tangrim! G‘ozing ovoz bersin! Ovoz bersin! (Kapadan o‘q-yoyni olib chiqadi.)
YoLG‘IZ MERGAN: Ena, endi o‘q-yoyni qo‘limga ushlatib qo‘ying…
Yolg‘iz Merganning qo‘liga Tongyorug‘ o‘qu yoyni tutqazadi.
(Qo‘llarida yoyni sezib) Ena, badanimga titroq kirdi. Bilagimga g‘ujur…
TONGYoRUG‘: Erkakning qo‘lini Ko‘k Tangri o‘q-yoy ushlasin, deb yaratgan. O‘q – erkak qo‘lining davomi… Qo‘ling butunligini sezding, bolam!..
Sukunat cho‘kadi. Faqat dunyo qadimgi cholg‘ularda bir intizorlik musiqasini chalayapti. Tongyorug‘ o‘g‘lining yoniga tiz cho‘kadi. Ikkalasi g‘ozning sayrashini kutishmoqda.
TONGYoRUG‘ (tinglar ekan): Ana, sayradi!..
YoLG‘IZ MERGAN: Yo‘q, sayramadi. Ko‘ktoshdan naridagi qari tol shamolda ovoz berdi!
TONGYoRUG‘: Xuddi g‘ozning ovozini o‘zi… Qurimagur qari tol, meni o‘ynatadi-ya!..
Yana sukunat cho‘kadi.
YoLG‘IZ MERGAN: Ena, sayramadimi? Nimadir ovoz berdi…
TONGYoRUG‘: Yo‘-o‘-o‘q… Sukunat jaranglayapti.
YoLG‘IZ MERGAN: Kelmaydi… Shu g‘oz kelmaydi… Bu g‘oz men o‘lgandan keyin keladi.
TONGYoRUG‘: Nimalar deb aljirayapsan? Keladi! Nimaga kelmas ekan? Keladi!.. Sen, bola, og‘zingga kelganini gapiraverma!
Shu payt g‘oz sayraydi.
(Tantana qilib) Ana!.. Ana!.. Keldi!
YoLG‘IZ MERGAN: Ena! O‘q yetmaydigan joydan sayrayapti! Men borishim kerak! Yaqinroq borishim kerak!
TONGYoRUG‘: Borishing kerak! Borishing kerak!.. Tur, o‘g‘lim! Tur, qarchig‘ayim!..
YoLG‘IZ MERGAN: Yo‘q, men emaklab boraman! G‘oz hushyor qush! Ikkalamizning bu talpanglab yurishimizda uchib ketadi! Uchib ketmasin!.. Uchib ketmasin!..
TONGYoRUG‘: Bolam!.. (G‘oz ovozi kelayotgan tarafni ko‘rsatib) Qara!.. Qara! G‘oz tikka biz tarafga uchib kelayapti!
YoLG‘IZ MERGAN: Ha, ana! Ko‘ktoshdan ham uchib o‘tdi.
TONGYoRUG‘: Ko‘klam gazaning beliga qo‘ndi!.. Bolam, harakatingni ko‘r!..
YoLG‘IZ MERGAN: Hozir!.. Hozir!..
O‘q-yoyni qo‘liga oladi. Mo‘ljalga keltirib, yoyni tortadi). Shu payt g‘oz sayrab qoladi. G‘ozning tovushi endi aniq – yaqqol eshitiladi. Mergan yoyni o‘sha holida tutgan ko‘yi qushning sayrashiga quloq tutadi va hafsalasi pir bo‘lib, yoyni bo‘shashtiradi.
YoLG‘IZ MERGAN Ena…
TONGYoRUG‘: Ot, bolam! Ot! Nega bo‘shashding! Tezroq bo‘l!
YoLG‘IZ MERGAN: Ena… bu g‘oz…
TONGYoRUG‘: Nima deyapsan? Ko‘nglingni bo‘lmasdan, ot! Otsang-chi!..
YoLG‘IZ MERGAN: Bu g‘oz boshqa g‘oz…
TONGYoRUG‘: Tilingni tiy! Boshqa g‘oz emas! O‘shani o‘zi! Tezroq ot! Uchib ketadi! Ketadi! Tezroq.
YoLG‘IZ MERGAN: Eshitib ko‘ring!.. Ana, yana sayradi! Yaxshilab quloq soling!
Ikkalasi ham g‘ozning tovushiga quloq tutadi.
TONGYoRUG‘: O‘sha g‘oz… emasmi?.. A?
YoLG‘IZ MERGAN: U emas…
TONGYoRUG‘: Bolam, yaxshilab eshitaylik… Balki adashayotgandirmiz? Balki o‘sha g‘ozning ovozi o‘zgargan…
YoLG‘IZ MERGAN: Ena, biz xato qilmasligimiz lozim. Biz o‘layotganda ham halol bo‘lishimiz kerak. Unutmang, biz halol, mard va bir so‘z Tongli elining farzandlarimiz.
TONGYoRUG‘: To‘g‘ri aytasan…
YoLG‘IZ MERGAN: O‘zingizning o‘gitlaringizni qaytardim.
TONGYoRUG‘: Sen haqsan… (Sukunat cho‘kadi.) Ha, bu qush o‘sha g‘oz emas…
Nihoyatda og‘ir, suyaklarni sirqiratadigan sukunat cho‘kadi. Oxiri musiqa chiday olmaydi, avval do‘mbira, so‘ng sibizg‘a bo‘zlab cho‘kadi.
YoLG‘IZ MERGAN (og‘ir nafas olib): Ena…
TONGYoRUG‘: Nima deysan, jonim bolam?
YoLG‘IZ MERGAN: Sovuq bir shamol badanimga o‘tib, tomirlarimga yugurdi… Nazarimda, o‘lim kelganga o‘xshaydi… U shu atrofda yuribdi… Sezdingizmi?
TONGYoRUG‘: Sezdim. U shu atrofda yuribdi. Ammo sen unga sir berma.
YoLG‘IZ MERGAN: U kuchli ekan, ena. Peshonamdan sovuq ter chiqib ketdi.
TONGYoRUG‘: Mahkam bo‘l! O‘zingni qattiq tut! U bo‘shashganni bir damda yamlaydi!
YoLG‘IZ MERGAN: Ena, qarab turganim yo‘q! Kurashayapman!..
TONGYoRUG‘: Jonim bolam!.. Jonim bolam!..
YoLG‘IZ MERGAN: Men yashash qiyin deb yurgan ekanman… Jon topshirish dahshatli ko‘rinayapti ko‘zimga.
TONGYoRUG‘: Chida, bolam!.. Tishingni tishingga qo‘y!.. Kurash!.. Sen kuchlisan! Sen o‘lmasliging kerak! Hali sening farzandlaring bir el bo‘ladi. Oltoydan Hazargacha ot surib yuradigan el bo‘ladi! Dovrug‘i olamni tutadi.
YoLG‘IZ MERGAN: Ena, chidayapman!..
TONGYoRUG‘ (birdan o‘rnidan sakrab turadi): Bolajonim! Erkatoyim! Sening qo‘lingdan har ish keladi. Sen o‘limni ham yengasan!.. Men zuv etib Boysun-Qo‘ng‘irotga borib kelaman. Alp Alpomishdan ko‘mak so‘rayman! Bir yordami tegar!.. Axir, to‘qson ming uyli ulusning biyi! Baxshilarning tilida doston bo‘lgan zot!.. Hech bo‘lmasa, biror yo‘l ko‘rsatar… Sen esa chida! Sabr qil!..
YoLG‘IZ MERGAN: Xavotir olmang!.. Kelguningizcha, o‘lim bilan jon talashib turaman. Yengilmayman!..
TONGYoRUG‘: Yengilma!.. (Keta turib, ming iltijo bilan o‘g‘liga burilib qaraydi.) Yengilmaysan-a? O‘zingni hushyor tut. Hushingdan ketma! O‘limning, hushdan ketkazib, ongda keladigan odati bor… Hushyor bo‘l!..
YoLG‘IZ MERGAN: Ena, tezroq boring! O‘lim juda kuchli! Tezroq…
Tongyorug‘ pildiraganicha, chiqib ketadi. Qorong‘ilik tushadi…
7
…Dunyoda kun-tun almashayapti. Tunu kun oralab, Tongyorug‘ pirillabgina yurib o‘tib ketayapti, o‘tib ketayapti… Mana, u oxir Boysun-Qo‘ng‘irotga yetgan – Alpomish va Barchinoy bilan gaplashib turibdi.
ALPOMISh: O‘zimning egachim! Mard egachim! Elimni el, yurtimni yurt qilgan egachim! Xush kelibsiz! Mana bu toju davlat, mana bu shonu shavkat aslida sizniki! Boysun-Qo‘ng‘irot to dunyo turguncha, sizni alqab o‘tadi! Xush kelibsiz!
TONGYoRUG‘: Boysun-Qo‘ng‘irotning ulug‘ biyi – alp Alpomish! Alpomish ko‘nglining qanoti buvish Oybarchin! Qoshlaringga bir xizmat bilan keldim…
BARChINOY: Xizmat bo‘lsa qochmas. Avval mehmon bo‘ling! Ko‘nglingizni oching. Egachim, qirqin qiz bir bazm qilsin. Chanqovuz chalib, muqom qilsin; do‘mbirani chertib, ko‘ngildan aytsin!
ALPOMISh: Siz yurtimizga taqdiru iqbol bergan muhtaram zotsiz! Sizga qancha qilsak arziydi! Aziz mehmonimiz bo‘ling!
TONGYoRUG‘: Qulluq, alp Alpomish! Qulluq! Qulluq, buvish Oybarchin! Men sizga ortiq xizmat qilganim yo‘q! Azbaroyi to‘g‘riligimdan, taqdir g‘ozini o‘limdan asrab qoldim! Endi senga bir xizmatim bor…
ALPOMISh: Bir emas, ming xizmatingiz bosh ustiga!
TONGYoRUG‘: Taqdir g‘ozini otolmagan mergangina yolg‘iz bolam or-nomusda qovrilib, bu dunyodan sovrilib ketayapti. Shu bolamning dardiga davo topib beringlar deb, bo‘sag‘alaringga bosh urib keldim…
BARChINOY: Tavba! Sizday odamni ham qismat sarson qildimi?
TONGYoRUG‘: Sarson qildi! Ammo mayli, umrim sarson-sargardonlikda o‘taversin! Mayli!.. Faqat bolam omon qolsa bo‘ldi!
ALPOMISh: Mushkul gapni aytding-ku, egachim! Juda og‘ir gapni aytding! Men bor-yo‘g‘i Qo‘ng‘irotning biyiman, ammo olamning yaratguvchisi Ko‘k Tangridan quyiman!..
TONGYoRUG‘: Unday dema! Unday dema! Eshitgansan! Tongli elini yov qirg‘in qildi! Men shu eldan qolgan bir bebaxt yaproqman. O‘g‘lim esa bu elning norasida bir ildizginasi. Oxirgi ildizi! U omon qolib ko‘karsa, daraxt bo‘ladi! Daraxt nihol tarab, boqqa aylanadi. Bog‘ esa ko‘payib, ko‘payib, bir kunmas bir kun o‘rmonga aylanadi… Tongli eli yana Oltoydan Hazargacha o‘rmonday shovullab turadi…
ALPOMISh: Voh, odamning farishtasi! Voh, odamning ulug‘i!
BARChINOY: Tongyorug‘ opa, bir qarang, bu dunyoning baland tog‘lari belingizdan ham kelmay turibdi!..
ALPOMISh: Qo‘ng‘irotning suruv-suruv qo‘ylari, otar-otar mollari sizniki!
TONGYoRUG‘: Qulluq. Elingga buyursin, biy, elingga buyursin.
ALPOMISh: Otar-otar yilqilari ham sizga tortiq, egachim!
TONGYoRUG‘: Qulluq. Yurtingga buyursin, alp, yurtingga!..
ALPOMISh: Lak-lak qo‘shinlarim ham sizniki, egachim!
TONGYoRUG‘: Qulluq. Shonu shavkatingga buyursin!
ALPOMISh: Xazinadagi jami javohiru tillalarimni oling!
TONGYoRUG‘: Qulluq. To‘ylaringga buyursin!
ALPOMISh: Toju taxtimni oling!
TONGYoRUG‘: Aziz boshingga buyursin!
ALPOMISh: Nima qilay? Boshqa hech narsam qolmadi…
TONGYoRUG‘: Men bolamning omonligini so‘rab kelganman… Umrini so‘rab kelganman…(Sukunat cho‘kadi.)
BARChINOY: (Yig‘lay deb yuborayotgan sukunatni yengib): Biy bobomning uli… Bir ilojini toping!..
ALPOMISh: Nima qilay?
BARChINOY: Bir ilojini toping…
Yana sukunat cho‘kadi. Bezabon bu ilojsizlikning dardini goh chanqovuz, goh do‘mbira, goh sibizg‘a aytib yig‘layapti.
ALPOMISh: Agar jonim kerak bo‘lsa, beraman…
Yana sukunat. Dorga borayotganlar eshitadigan sukunat.
BARChINOY: Shu yerda…
ALPOMISh: Nima?
BARChINOY: Bo‘lgan Kal folchi tog‘dan tushib, shu yerda yuribdi.
ALPOMISh: Uning shu joydaligidan nima foyda bor?
BARChINOY: Bir fol ochirsak… bo‘lmaydimi? Shu Kalga ham xudo bergan – aytgani to‘ppa-to‘g‘ri chiqadi.
ALPOMISh: E, Ko‘k Tangri!.. Ha, mayli! Ha, degan tuyaga mador!.. Ey, hudaychi!
O‘tovga hudaychi kirib, ta’zim qiladi.
Bo‘lgan Kalga ko‘zing tushmadimi?
HUDAYChI: Tashqarida… Qirqin qizga fol ochib, hiringlab o‘tiribdi.
ALPOMISh: Bu yoqqa boshlab kel!
Hudaychi chiqib ketadi.
(Tongyoruqqa) Joningizga rahmingiz kelsin! Yig‘layverib, ado bo‘lib ketmang. O‘limdan boshqa narsaning iloji bor.
TONGYoRUG‘: O‘lim? Qo‘ng‘irotning biyi, o‘lim kelgan! Bolam Asqar tog‘ida o‘lim bilan jon talashib yotibdi… O‘lim kelgan…
BARChINOY: Qayerdan bilasiz?
TONGYoRUG‘: Bu dunyo menga faqat o‘limni ro‘baro‘ qildi. Ko‘z oldimda bus-butun Tongli eli jon berdi. Men o‘limni yaxshi taniyman. U shunday yonimdan, o‘g‘lim tarafga o‘tib ketdi! Uni to‘xtatib qolishga kuchim yetmayapti! Alpomish bo‘lsang, o‘g‘limni jonini so‘rab ber! Birgina bolam omon qolsin!
Shu payt hudaychi Bo‘lgan Kalni sudrab olib kira boshlaydi.
BO‘LGAN KAL (ortiga tislanib): E, men o‘z erkidagi odamman! Alpomishingning oldida nima qilaman. Podshoh bo‘lsa o‘ziga! Men ham o‘zimga podshohman! Qo‘yib yubor! Hudaychiman deb sudrab kelaverasanmi?
HUDAYChI: Ulusning biyi chaqirdi, nodon! Biy Alpomish chaqirdi!..
BO‘LGAN KAL: Alpomish bo‘lsa o‘ziga! Biy bo‘lsa, yurtiga biy! Men shamolday bir erkin odamman!..
ALPOMISh: Hay, hay, Bo‘lgan aka! Sizga bir ishimiz tushdi-da! Odamga odamning ishi tushadi!..
BO‘LGAN KAL: Ana shu gaping yoqdi menga!.. Barchamiz odammiz! Ko‘k Tangrining bandalarimiz! Barchani ikki qo‘li ikki oyog‘i, birgina boshi bor!.. Ayt, kimning ikki boshi bor, Alpomish? Podshohning boshi ikkitami?
ALPOMISh: Kalta qayting, Bo‘lgan aka! Kalta qayting! Shaytonga hay bering!
BO‘LGAN KAL: Yo‘q, avval ayt, podshohning boshi ikkitami?
ALPOMISh: Podshohning boshi bitta, aka! Bitta!..
BO‘LGAN KAL: Barakalla! Hammamizning boshimiz bittadan bo‘ladigan bo‘lsa, bu shotirlaringga ayt, folimning qiziq joyidan buzib, qirqin qizning shirin suhbatidan uzib, meni biy oldiga sudrab kelmasin! Men erkin odamman! Shamolday xohlagan tarafimga esaman, bilib qo‘y!
ALPOMISh: Bildik, aka, bildik! Endi bir iltimosimiz bor… Shu Asqar tog‘idan Tongotar egachimiz kelgan ekan…
BARChINOY: Shu opamga bir fol ochib qo‘ymaysizmi?
BO‘LGAN KAL (ovozini sekinlatib, erkalatib): Keldimi? Shu yerdami? (Tongyoruqqa ko‘zi tushib) Assalomu alaykum, osmonni ko‘tarib turgan inson! Assalomu alaykum!..
TONGYoRUG‘: Vaalaykum assalom!
BO‘LGAN KAL: Sen… Sen bu yerda nima qilib yuribsan? Men senga nima degan edim, odamlarning ulug‘i!.. Bor, farzandingning qoshiga bor! U arslonning bir o‘zi o‘lim bilan olishib yotibdi!..
TONGYoRUG‘: O‘g‘lim menga va’da bergan! Men borguncha o‘limga yon bermaydi.
BO‘LGAN KAL: O‘lim kuchli!
TONGYoRUG‘: U Tongli elining farzandi! Aytganining ustidan chiqadi.
ALPOMISh: Shu egachimizning mushkulidan bir fol oching.
BO‘LGAN KAL: Yo‘q, men Tongli elining shu qiziga aytganman, bu mushkulotdan fol ochmayman.
BARChINOY: Bo‘lgan og‘a, yo‘q demang! Biz sizning hech bir gapingizni ikki qilmaganmiz! “Bo‘lgan aka shamolday odam, kim uning yo‘lini to‘ssa, Boysun-Qo‘ng‘irotning dushmani” deb, biy bobomning uli butun olamga e’lon etgan!
BO‘LGAN KAL: Alpomish! Oybarchin! Men shu folni ochmay!
ALPOMISh: Oching, aka…
BARChINOY: Baraka topgur, fol oching!
TONGYoRUG‘: Menga ozgina ilinj bering. Ozgina…
BO‘LGAN KAL: Folimga chiqqan narsani ko‘tarolmaysizlar-da!..
ALPOMISh: Men shu egachim uchun dunyo boshimga tushsa ham, ko‘taraman, Bo‘lgan aka!
BO‘LGAN KAL: Sen oson o‘ylama!.. Yaxshisi, men ketdim! Shamol odamman! Bo‘g‘ilib ketdim! Bu egachimga (Tongyorug‘ni ko‘rsatib) fol ochishni tashlaganman, deb aytganman! Yana meni majbur qilmanglar! Nafasim ichimga sig‘may qolyapti!..
BARChINOY: Bo‘lgan og‘a, qancha og‘ir bo‘lsa ham bir fol oching!
BO‘LGAN KAL: Aylanay Barchinoy, sen aralashma! Boysarining qizi, bu folga chiqadigan gap ayol ko‘taradigan gap emas! Sen aralashma!..
TONGYoRUG‘: Mening bolam o‘lib ketaversinmi, Bo‘lgan aka! O‘lib ketaversinmi?
BO‘LGAN KAL: Obbo!.. Meni qiynayapsizlar!.. Ruhimni tanimdan ayirmay, do‘zaxga tashlayapsizlar!..
ALPOMISh: Bo‘ling, aka! Fol oching!
BO‘LGAN KAL: Qo‘ymadinglar, qo‘ymadinglar… Endi Alpomish, o‘zlaringdan ko‘ringlar!..
ALPOMISh: Biz doim o‘zimizdan ko‘rganmiz, aka!
BO‘LGAN KAL: Shu gaping menga yoqdi. Endi eshitinglar!.. Agar o‘sha o‘q tegmagan g‘oz qaytib kelsa, Yolg‘iz Mergan uni otib olsa, hech narsa ko‘rmaganday, kasaldan xalos bo‘ladi. O‘ynab-kulib ketadi…
ALPOMISh: U g‘oz qayerda?
BO‘LGAN KAL: Tangrining g‘ozi-da!.. Bir kelganu ketgan!
BARChINOY: Qayerga ketgan?
BO‘LGAN KAL: Aytayapman-ku, g‘oz Ko‘k Tangrining g‘ozi – qayerdaligi faqat unga ayon…
TONGYoRUG‘: U g‘oz yo‘q! U g‘oz yo‘q! Bor bo‘lsa, men topmasmidim…
ALPOMISh: Bu mushkulni yechishning boshqa yo‘li yo‘qmi?
BO‘LGAN KAL: Bor.
ALPOMISh: Ayting, Bo‘lgan aka!
TONGYoRUG‘: Ayting, hayallamay ayting. Bolam jon talashayapti, axir! Tezroq ayting!
BO‘LGAN KAL: Barchin buvish, aytaveraymi?
BARChINOY: Ayting! Tongyorug‘ opamni zorillatmang, baraka topgur! Tezroq ayting!
BO‘LGAN KAL: Aytsam, aytdim!.. Alpomish! Barchin buvish! Qo‘ng‘irot erlarining sarasi, ko‘zlaringning oqu qorasi – yakkayu yolg‘iz farzandlaring alp Yodgorni Ko‘k Tangri yo‘lida qurbonlikka topshirasizlar! Shunda Tongyorug‘ning o‘g‘li Yolg‘iz Mergan xastalikdan forig‘ bo‘ladi, ko‘zlariga dunyo yorug‘ bo‘ladi!
Jimlik cho‘kadi.
Fol och deysizlar, fol och deysizlar…
ALPOMISh: Nima deding?.. Yodgorni…
BO‘LGAN KAL: Xuddi shunday, Alpomish, Yodgorni… Shu ishni qilsalaring, Yolg‘iz mergan omon qoladi, Tongli eli dunyoga sig‘maydigan xalq bo‘ladi!..
BARChINOY: Shunday bo‘ladi de, tilingga teskan chiqqur!.. Shunday bo‘ladi de…
ALPOMISh: Oybarchin! Buvishim!.. O‘zingni bos! (Uzoq tin olib) Boysun-Qo‘ng‘irotdan hech kim noumid ketmagan. Biz uchun o‘g‘lini o‘limga topshirayotgan shu egachimiz ham noumid ketmasin. Murodiga yetsin!.. Biz hamisha mardga mard bo‘lganmiz! (Barchinga) Sen nima deysan, buvishim?…
TONGYoRUG‘: Nima deyapsizlar! Nima deyapsizlar! Oybarchin! Qo‘ng‘irotning lochin qizi! Hech qachon “xo‘p” dema! Hech qachon!..
ALPOMISh: Buvishim…
BARChINOY: Biz hamisha mardga mard bo‘lganmiz, a?
ALPOMISh: Ha, buvishim! Ha!..
BARChINOY: Biy bobomning uli… Biy bobomning uli, siz Boysun-Qo‘ng‘irotning elining biyisiz, yurtning or-nomusisiz… Nima desangiz shu!.. Nima desangiz shu!..
ALPOMISh: Hudaychi, alp Yodgorga bo‘ladigan gapni tushuntirib, bu yoqqa olib kelinglar!
Hudaychi chiqib ketadi. Jimlik. Tongyorug‘ yer bilan bitta bo‘lib yotibdi. Faqat yig‘i zarbidan vujudi titranadi. Oybarchin tik turgancha olamga qarab turibdi, faqat ahyon-ahyon ko‘zyoshlarini artib qo‘yadi.
Alpomish yerga qaragan. Shamolda qolgan daraxtday tebranadi, ba’zan chidayolmay, “A-a!.. I-im-m!..” deya ingrab qo‘yadi.
BARChINOY (ohista): Biy bobomning o‘g‘li…
ALPOMISh: Nima deysan, buvishim? Nima deysan…
BARChINOY: O‘zingizni yig‘ishtirib oling… “Oh”ingizni olam eshitmasin.
ALPOMISh: Qulluq, buvishim, qulluq…
Yana jimlik. Yana Barchin dunyoga tik qarab, ahyon-ahyon yoshini artib turibdi, Tongyorug‘ yerga qapishib beovoz yig‘layapti. Alpomish shamolda qolgan daraxtday tebranadi…
BO‘LAR KAL (toqati toq bo‘lib): E dunyo! Odamlaringni buncha qiynaysan! Shu sitamlarning nima keragi bor? Yashagim kelmay qolyapti! Nega shamol bo‘lay desam, qo‘ymaysan? Nega?
Yodgor kiradi.
YoDGOR: Keldim, ota.
ALPOMISh: Senga aytishdimi?
YoDGOR: Aytishdi, ota.
ALPOMISh: Nima deysan?
YoDGOR: Mardning o‘g‘li mard bo‘ladi.
ALPOMISh: Barakalla, Yodgorbek (Tongyoruqqa.) Egachim, siz tufayli yurtimda dorulomonlik bo‘ldi. Dilingizda armon qolmasin! Bolamni – Yodgorimni xayri xudo yo‘liga buyurdim!..
TONGYoRUG‘: Yo‘q, yo‘q!..
ALPOMISh: Yodgor g‘oz qo‘ngan gaza ustiga chiqib, o‘zini qurbon qiladi. O‘g‘lingiz esa, Ko‘k Tangrining inoyati bilan xastalikdan xalos bo‘ladi!..
TONGYoRUG‘ (O‘zini bosib, o‘rnidan turadi. Qaddini tik tutib, nihoyatda sokin ovozda gapiradi): Alpomishbek, Oybarchin buvish! Men mushtipar bir ayol bo‘lsam ham, siz aytgan yo‘lga yurolmayman. Farzand dog‘i nima ekanligini men bechora bilmasam, kim biladi! Yodgorbekni tinch qo‘yinglar, Barchinning baxtiga sog‘-omon yashayversin! Faqat bir iltimosim bor. Hozir hammangiz chin ko‘ngildan Tangridan so‘rangki, mening, hech bo‘lmasa, birgina zorim Yaratganning qulog‘iga yetsin! Chin ko‘ngildan so‘rang!..
ALPOMISh (qo‘llarini falakka cho‘zib): Ko‘k Tangri, shu egachimizning birgina zorini eshit!
BARChINOY (u ham Alpomishning harakatini takrorlab): Birgina zorini ijobat et!
BO‘LGAN KAL (qo‘llarini baland ko‘tarib): Ey, Ko‘k Tangrim, shu ayolning zorini eshitmasang, kimning zorini eshitasan! Unga shafqat qil! Birgina istagini murodiga yetkaz!
Hamma qo‘llarini baland ko‘targancha, tiz cho‘kadi. Sahna qorong‘ilashadi…
8
…Sahna yorishganda, Tongyorug‘ kapaga ro‘baro‘ bir gazada o‘tiribdi. U kapaga ko‘z tikkancha, Xudoga munojot etmoqda.
TONGYoRUG‘: Tangrim! Mening nolamga ham bir quloq sol! Umrim elu yurtimni qismatini o‘ylab o‘tdi. Bir farzand o‘stirdim. Bir g‘ozni – taqdir qushini o‘limdan saqlab qoldim! Endi, ana, farzandim chaylada o‘lim bilan olishib yotibdi. Bu gazadan pastga tusholmay turibman. Qo‘rqamanki, benajot qaytganimni ko‘rgan bolaginamning bu dunyoda qarori qolmaydi! Shu bilan Tongli ulusi olamdan beiz yo‘qoladi!.. Ko‘k Tangrim! O‘zing qo‘llagin! Rahmat nurini boshimga soch! Meni g‘ozga aylantir-da, keyin inon-ixtiyorimni o‘zimga ber! Tangrim! Tangrim! Meni g‘ozga aylantir!…
Birdan sahnada shamol guvullaydi. Chaqmoq chaqadi. Olamni qorong‘ilik bosadi. Tongyorug‘ qorong‘ilikka va shamolga go‘yo aralashib ketadi.
(Qorong‘idan ovozi eshitiladi.) Tangrim! Tangrim! Men g‘ozga aylanib boryapman! G‘ozga aylanib boryapman! Nolamni eshitganing uchun qulluq, Tangrim! Men o‘sha g‘ozga aylanib boryapman! Bolam, qara, men g‘ozga aylandim!
Birdan uning tovushi g‘ozning g‘og‘olashiga almashadi. Sahnada Tongyorug‘ning o‘rniga g‘ira-shira o‘sha g‘oz ko‘rinadi. U qanotlarini qoqib, sayrab turibdi. Kapaning ichidan qo‘lida o‘q-yoy ko‘tarib, o‘lim bilan olishaverib ado bo‘lgan Yolg‘iz Mergan gandiraklaganicha chiqadi. U kapaning kesagasiga – yog‘ochga suyanib, atrofga qaraydi. Nihoyat, g‘ozga ko‘zi tushadi.
YoLG‘IZ MERGAN: O, kelar ekansan-ku! Kelar ekansan-ku, telba dunyoning ajalberdi g‘ozi! Meni or-nomusda o‘ldirgan g‘oz! O‘lim, bo‘g‘zimdan tutganda yetding-a? Hozir… Hozir… (U o‘qni yoyning tasmasiga qo‘ymoqchi bo‘ladi. Ammo yog‘ochdan qo‘lini olgach, gandiraklab yiqilib tushadi. Turishga urinadi – bu ish uning uchun juda mushkul). Ajal, shoshma!.. Shoshmay tur!.. Bir o‘q uzishga qurbim yetsa, bo‘ldi – mendan yengilasan! Yengilasan! ( U ming azobda o‘mganini ko‘taradi. So‘ng o‘zini madorsizligi bilan kurasha-kurasha cho‘kkalaydi.) Hozir… Hozir… G‘oz, seni otib olsam, ajal mendan arslondan quyon qochganday qochadi! Hozir… Hozir… (U bir amallab, o‘qni yoyning tasmasiga qo‘yadi. Yoyni tortib, mo‘ljalga oladi.) Yo, Tangrim o‘zing qo‘lla! Yo tangrim!.. (O‘q uchib ketadi. G‘ozning jon achchiq chinqirishi eshitiladi. G‘oz qanotini bir silkib, qunishib qoladi. Yolg‘iz Mergan birdan kasallikni unutib, o‘rnidan sakrab turadi. Yugurib g‘ozning yoniga boradi.) Ena! Qayerdasiz? G‘ozni otdim!.. Ena… Sog‘ayib ketdim!.. O‘limni yengdim! Ena!.. Sog‘ayib ketdim! (Yolg‘iz Mergan borib g‘ozning ko‘ziga termiladi. Negadir ovozi pasayadi, xavotir paydo bo‘ladi.) Ena… Ena… Enajon… (U nimanidir tushunadi va jon-jahdi bilan qichqiradi.) Ena!.. Ena!…
Sahna qorong‘ilashadi…
9
…Bu voqealardan necha kunlardir o‘tgan. Yolg‘iz Mergan kapasi yonida tanho – bosh eggancha, o‘ziga cho‘kib o‘tiribdi. U endi bu dunyoda yolg‘iz. Qadim dunyoning qadim cholg‘ulari uning dardidan aytib, tog‘u dashtda izillab yuribdi. Sahnaga Manguhayot kiradi. U cho‘chib, atrofga olazarak boqib, ming bir xavotirda kelyapti. U Yolg‘iz Merganni ko‘rib, to‘xtaydi. Yolg‘iz Merganning ham unga ko‘zi tushadi.
MANGUHAYoT (qimtinib): Keldim.
YoLG‘IZ MERGAN (o‘rnidan qo‘zg‘alib, tik turadi): Keling… (Negadir juda avaylab) Men Manguqutning nevarasi, alp Eltug‘uning o‘g‘li Yolg‘iz Merganman. Tongli ulusining farzandiman…
MANGUHAYoT: Men Jonqobilbiyning nevarasi Elmurod botirning farzandi Manguhayotman. Tongli ulusining farzandiman.
YoLG‘IZ MERGAN (quvonib, lazzatlanib takrorlaydi): Tongli!..
MANGUHAYoT (u ham quvonib): Ha, Tongli!.. Tongli!..
YoLG‘IZ MERGAN: Ismingiz ham chiroyli ekan… Manguhayot!.. O‘zingiz ham chiroyli ekansiz!..
MANGUHAYoT: Qayerdan bilasiz?
YoLG‘IZ MERGAN: Enam – Tongli elining qizi Tongyorug‘ aytganlar. Aytganlarki, Tongli eli dunyodagi eng chiroyli xalq…
MANGUHAYoT: Chunki u xiyonatni bilmaydi.
YoLG‘IZ MERGAN: Shuning uchun ham u xiyonatning qurboni bo‘ldi.
MANGUHAYoT: Shuning uchun ham u qaro yer tagida yotibdi…
Ular jim qoladilar.
YoLG‘IZ MERGAN: Bu gaplarni… senga kim aytdi?
MANGUHAYoT: Enam… Tongli xalqining Kunyorug‘ degan qizi.
YoLG‘IZ MERGAN: Ammam! Ammam!…
MANGUHAYoT: Ha, ammangiz…
YoLG‘IZ MERGAN: Ammam… qanilar?
MANGUHAYoT: Ammangiz… kelolmaydilar. Ovchilar, odamlarni asir olib, qullikka sotadigan kaslar bizni ta’qib qilishdi. Enam menga Asqartoqqa boradigan yo‘lni ko‘rsatdi-da, Tangriga iltijo etib, kiyikka aylandi. So‘ng ovchilarni ortidan ergashtirib, tog‘ma-tog‘ yugurgilab ketdi. Uch kun o‘tib, shamollar aytdilarki, enam – Kunyorug‘ bu dunyodan ketgan…
YoLG‘IZ MERGAN: Mening enam esa g‘ozga aylandi…
Yana jim qoladilar.
MANGUHAYoT (qimtinib): Xullas, keldim…
YoLG‘IZ MERGAN: Xush kelibsiz… (Bir nozik jimlik cho‘kadi.) Enam Tongyorug‘… “egachilarim kelsa, katta to‘y qilamiz”, der edilar.
MANGUHAYoT (ovozi titrab): “To‘rtovimiz yig‘ilsak, dunyolarga sig‘maydigan to‘y bo‘ladi” der edi ammangiz…
YoLG‘IZ MERGAN: Endi ular yo‘q…
MANGUHAYoT: Bu yorug‘ dunyoda bir ulusdan faqat ikkalamiz qoldik.
YoLG‘IZ MERGAN: Endi butun Tongli ulusi – ikkalamiz yig‘ilib, to‘y qilamiz!.. Men sening… qo‘lingni va ko‘nglingni so‘ramoqchiman. Ishon, Tangri guvohligida va’da beraman: menga ko‘ngil bersang, bir umr kokillaringni taraydigan shamoling, kunlaringni yoritadigan oftobing bo‘laman; kechalari osmoningda yulduzday porlayman; o‘rtansang “oh”ing, kulsang kulging bo‘laman; ko‘nglingda orzu, joningda g‘ulu bo‘laman. Yov senga yetmaydi, g‘am senga yetmaydi – umring bo‘yi yoningda qalqoning bo‘laman!..
MANGUHAYoT: Boshingga kulfat tushsa, g‘aming singiydigan tuprog‘ing, kulsang kulging o‘rlaydigan osmoning bo‘laman; qozoningda ovqating, yelkangda kiyiming bo‘laman; ketsang o‘ying, qaytsang uying bo‘laman. Men senga o‘n o‘g‘il, o‘n qiz tug‘ib beraman! O‘nta kelin olamiz, o‘nta kuyovimiz bo‘ladi…
YoLG‘IZ MERGAN: Ikki yolg‘iz ildiz qo‘shilib daraxt bo‘lamiz…
MANGUHAYoT: Daraxt boqqa aylanadi…
YoLG‘IZ MERGAN: Bog‘ o‘rmonga…
MANGUHAYoT: Shamollarda dunyoga sig‘may shovullaymiz…
YoLG‘IZ MERGAN: Tongli ulusi Oltoydan to Hazargacha ot suradi…
MANGUHAYoT: Ha, Oltoydan Hazargacha…
YoLG‘IZ MERGAN: Manguhayot…
MANGUHAYoT: Yolg‘iz… Yolg‘izim…
YoLG‘IZ MERGAN: Manguhayot…
Ular bir-birlariga tikilib qoladilar. So‘ng ohista yurib yaqin keladilar. Qo‘llarning barmoqlari beixtiyor bir-birlarini topadi va parda tusha boshlaydi.
TAMOM
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 1-son