Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylag‘ay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylag‘ay.
Navoiy
Ko‘klam keldiyu hovlidan bir qushcha ketmas bo‘ldi. Avvalari e’tibor qilmagan ekanmi, Husan endi unga kunda ko‘zi tushadi: qushcha goh u, goh bu daraxtga tanda qo‘yadi. Gullash paytida esa boshiga oq ro‘mol tashlagan o‘rikdan ayrilmay qoldi. Bo‘shadi, deguncha deraza qarshisida mixlangancha o‘tiradigan, uzun-uzun xayollar suradigan sherigini Hasan o‘ng‘ay har fursatda bir yanib oladi. Hozir ham shunday bo‘ldi: “Hm-m, tag‘in qo‘zg‘ab qoldimi darding? Undan ko‘ra majlisni o‘ylamaysanmi? Shayx Ahmad Junayd hazratlari bilan uchrashuv hayotingda burilish yasashi mumkin, Husan! Hoy, kimga gapiryapman men? Devordan farqing qolmabdi-ku!.. – deya jirilladi u. Lekin muhatobining parvosiz o‘tirganini ko‘rib umidsiz qo‘l siltadi. – Qo‘y-e, go‘yo jannatga yo‘llanmasi bor odamdek tutasan o‘zingni?..”
Husan bunday gaplarga ko‘p-da e’tibor bermaydi. Ammo ilgari haq talashardi – eslaydi. Kunlardan bir kun qattiq tortishib ham qolishgandi. O‘shanda aka-uka nafl namozi uchun tahorat olib, chog‘lanib turishganda qo‘shnining bolasi chiqib, qandaydir yumushga bir zumlik yordam so‘ragandi. Husan shu ketgancha kech qaytgandi. “Avval ibodat, keyin madad” degandi Hasan qofiyasini kelishtirib. Husan ham nedir javob aytgandi, o‘rtada jiddiy bahs chiqib, jo‘jaxo‘rozlardek toza jig‘illashgandi.
– Mutaassib bo‘lma, Islom – bag‘ri keng din. Hatto namoz o‘qiyotgan vaqtingda yon-veringda chayon ko‘rib qolsang, oldin otiyomonni o‘ldirib, so‘ng ibodat qilishga ruxsat bor unda, – degandi Husan qizishib.
– To‘g‘ri, – degandi javoban Hasan, – lekin bunday gaplar ko‘pincha farzlarni mukammal ado etolmaslikning orqasidan kelib chiqadigan bahonalardir. – So‘ng u Qur’oni karimni keltirib, Husanning arabchani tuzukkina bilishiga qaramay, so‘zma-so‘z, hijjalab tarjima qilgach, sharhlashga o‘tgan, choharyorlaru sahobalar hayotidan misollar keltirib uqtirgan edi. Husan ham bo‘sh kelmay, avliyolar hikmatlaridan o‘z tavrining himoyasiga dalillar aytib, muqaddas kitobni har kim o‘z dunyoqarashiga yarasha tushunadi, butun yer yuzida iymoni bir xil kuchga ega musulmonni topolmaysan, u kimda quvvatli, kimda zaif bo‘ladi, nega sen boshqalarning ichidagini o‘z qariching bilan o‘lchamoqchi bo‘laverasan, Hasan? – deya bo‘g‘ilgandi.
Goho esa mana shunaqa munozaralar cho‘zilib ketar va Husanning yuragi xunolud tortib, tashqariga chiqar, hovlidagi daraxtlar ostida soatlarcha kezinib, o‘rni kelganda ularga dardini aytib yengillardi. Keyin… keyin u ana o‘sha qushchaga duch kep qoldi!.. Duch keldiyu negadir Hasan bilan munoqasha qilishni istamay qo‘ydi, ajab. Shunda u Hasanga “kechir men lodonni, bilmay talashib yurgan ekanman, do‘ppini olib o‘ylab ko‘rsam, hujjatning bari sen tomonda ekan, dediki, bu iqror jigargo‘shasini ko‘p to‘lqinlantirdi, kelib Husanni quchdi, iymoningga hamisha mana shunday sohib chiq!”, dedi ko‘zlari namlanib. So‘ng ular orasida vulqondek otilib turadigan olovli mubohasalar go‘yo tindi, Husan din borasida Hasan aytganga ko‘ndi. Ko‘ndiyu, buni qarangki, Husan ham o‘zgarmadi: avval qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldi. Hasan chizgan yo‘ldan yursa ham o‘sha Husan o‘sha Husancha yashayverdi. Qiziq-a?.. ***
Qushcha ba’zan novdada jimgina o‘tirardi. Shunda chappor urib gullagan o‘rik daraxti bahaybat quchog‘i bilan uni go‘yo yashirib olardi. Lekin qushcha har doim ham bir joyda tek turmay, pirillab uchib qolar, shu bois Husan uni tamosha qilishga ko‘p-da ilhaq bo‘lmasdi. Hozir ham lip etib bir shoxdan boshqasiga o‘tdiyu ko‘rinish berdi. Husan uni ko‘zlari bilan tutvoldi. Keyin qochirib yubormaslikka tirishganidan butun vujudi ko‘zga aylandi. Qushcha o‘tirgan o‘rnida xushxon ovoz bilan sayray boshlaganda esa Husanning borlig‘i quloqqa do‘ndi. Qushcha berilib, atrofni unutgancha yayrab-yayrab xonish qilardi. Bunga sayin Husanning zavqi oshar, o‘tirgan o‘rnida tashqaridan toshdek qotganga o‘xshasa ham ichkarida mumdek erirdi. Kuylay-kuylay qushcha, nihoyat, tin oldi, bejirim boshchasini u yoq – bu yoqqa tez-tez qaratdi, shunda Husan uning o‘ynab turgan, qop-qora hurkak ko‘zlarini ko‘rib qoldi. Nazaricha, qushchaning ko‘zi ham o‘ziga tushdi. Tushdiki, yana pir etib daraxtning narigi – ko‘zdan yiroqroq tomoniga qochib ketdi. Husan endi qushchani ko‘rmas bo‘ldi. Ammo ko‘p kuttirmay qushcha yana sohir ovoz bilan tarona boshladi…
– Tur-e, qanaqa odamsan o‘zi? Hayotni derazaga qarab sob qilasan-ku bunaqada? – jerkidi Hasan qo‘lida kitob bilan tashqariga – daraxtlar ostiga chiqib ketarkan. – Qachon majlisni o‘ylaysan? Unaqa-bunaqamas, naq arabistonlik shayx hazratlari qatnashadigan majlis bo‘lsa! Hey, o‘zimizni ko‘rsatsak bormi, xorijda o‘qish yo‘llanmasi naq cho‘ntagimda deyaver.
Shu choq Hasanning qo‘l telefoni jiringlab qoldiyu “alo” degancha nari ketdi. So‘ng bir pas o‘tib ma’yus bir qiyofada qaytib keldi. “Otam betob emish”. Husanning diqqati bo‘lindi. “Nima?..” “Qulog‘ing tom bitganmi sening, otam yotib qopti, deyapman, – jahli chiqdi Hasanning – garang!..” “Voy, – kapalagi uchdi Husanning. Jiddiy emaskanmi, ishqilib?” – Turib sherigining qoshiga keldi. “Bilmadim… Nima qildik, Husan? Bu yoqda majlis…” – bo‘shashdi Hasan. “Nimalar deyapsan, Hasan?.. Ziyoratga boramiz”, – dedi qat’iy Husan. ***
Ertasiga saxarmardonda egizaklar yelkalariga yengil xaltalar osib, olis viloyatga otlanishdi. Uydan chiqisharkan, Husanning e’tiborini bir emas, kamida ikki qushning munis, dilpazir xonishlari tortdi. Bir lahza to‘xtab, alangladi. Chindanam, daraxt shoxida bir-biriga quyib qo‘ygandek o‘xshash ikki qushcha paydo bo‘lgandi. Qay biri hamishagi qushchayu qaysisi uning mehmoni, bilib bo‘lmasdi. “Qara, Hasan, qushchalar bir juft bo‘p qolibdi, go‘yo ular ham egizakdek”, – hayrati oshdi Husanning. “Ke, Husan, ertalabdan asabga tegmagin, yo‘limiz uzoq…” – sherigining yonidan shitob bilan o‘tarkan, tanbehladi Hasan… ***
Yarim soat o‘tar-o‘tmas, egizaklar taksiga o‘tirishdiyu ota yurtlariga jo‘nab ketishdi. Taxminan uch soatlardan keyin esa ular mingan mashina yo‘l chetidagi chog‘roq kafe qarshisida to‘xtadi.
– Ovqatlanamizmi? – Haydovchi hammadan burun indiyu shashlikchiga qarab yo‘rg‘aladi. Ortidan er-xotin yo‘lovchilar ergashdi, sizlar-chi, degandek bularga qarab ham qo‘yishdi. “Ishtaham yo‘q”, dedi Husan. “Yur, namoz o‘qib kelamiz”, deya eshikni ochdi Hasan.
Ular kelib tushgan joy bag‘oyat xushmanzara ekan. Tog‘ yon bag‘ri deng, yonginalarida sharqirab soy oqayapti, bo‘ylari unchalik baland bo‘lmagan daraxtlar, oddiy tolmi yo majnuntol – birdaniga ajratish qiyin… Shu daraxtlar ostidayam suv oqib yotibdi. Husan ariq labiga cho‘kkalab, yuziga suv urgan edi, seskanib ketdi.
– Oh, muzdek!..
– Tog‘niki-da, – saslandi tug‘ishganining shundoq biqiniga kelib tiz bukkan Hasan. – Tahorating bormi?
– Borlikka bor, lekin uyga yaqin qoldik, bemalolroq o‘sha yerda o‘qirdik…
– Vaqtida o‘qish kerak. Nazariyasini besh qo‘ldek bilasanu amalga kelganda taysalaysan-a, Husan. Kecha sen bormagan amrima’rufda yaxshi gap aytishdi, – dedi Hasan qo‘llarini kichik sochiq bilan yaxshilab artarkan. – Bir yo‘lovchi aeroportda namoz o‘qib qolib reysidan kechikibdi. Saldan keyin esa u o‘tira olmagan samolyot halokatga uchrab, bitta ham tirik jon qolmagani haqida xabar kelibdi. Namoz qutqaribdi uni…
– Bunday misollar bilan namozni sharaflashga urinmaslik kerak, – tortishmayman degan qarorini bir lahza unutib bahsga kirishdi Husan. – O‘sha samolyotda ehtimol savobi ko‘proq, qalbi pokroq insonlar ham bo‘lgan bo‘lishi mumkin-ku. Yoki norasida, begunoh go‘daklarga nima deysan?.. Bu – qismat, peshonaga yozilgan yoziq. Namozning ahamiyatini bu tarzda bo‘rttirib ko‘rsataman dema, Hasan… Istasang, men ham senga shunga o‘xshash bir hikoya aytib beray, – joynamozni yerga to‘shab Hasanga yuzlandi Husan. – Bir ishbilarmon yigit xorijga ketadigan bo‘p qopdi. Uyda yolg‘iz qolayotgan onasi zorlanibdi: “Negadir yuragim g‘ash, bolam, shu gal bormagin…” O‘g‘il bir ishini, bir onasining gapini o‘ylab, axiyri ketishga qaror qilib, aeroportga jo‘nabdi. Lekin kechikibdi: samolyotga o‘tqazish jarayoni yakunlanib, eshiklar yopilgani uchun chor-nochor uyga qaytib, o‘z xonasiga kirib yotib olibdi. Ona bu xonada televizor ko‘rib o‘tirgan ekan, “Xabar”larda o‘g‘li kechikkan samolyotning havoda portlab ketgani to‘g‘risida aytib qolishibdi.
Onaizor hayajon bilan qo‘shni xonaga – o‘g‘lining qoshiga chopibdi.
– Qara, bolam, aytmabmidim ko‘nglim g‘ash deb, sening samolyoting… – onaning gaplari bo‘g‘zida qotibdi: ne ko‘z bilan ko‘rsinki, navqiron yigitning joni chiqib, polda sulayib yotgan ekan… – Hasan, hamma gap taqdiri azalda. Odamning qazosi yetgan bo‘lsa, samolyotdami, yerdami, farqi yo‘q… O‘sha namozxonning tirik qolishida namozning emas, lavhi mahfuzning…
– Ko‘chadagi iymonsizning gapini gapirma, Husan! – Jahli chiqdi Hasanning. – Kim aytadi seni Islom universiteti tolibi deb? Dunyoda hech bir narsa bejiz sodir bo‘lmaydi. O‘sha namozxonning joni faqat namoz tufayligina tirik qolgani kundek ravshan-ku! Hammasi ochiq-oshkor bo‘lib turgandayam iymon keltirmay, payg‘ambarimizga dalil ko‘rsat, deb tixirlik qilgan mushriklarga o‘xshama!..
– Olloh asrasin, de Hasan! – Husan boshqa e’tiroz bildirmay joynamozga borib turdi.
– Nauzubilloh, ukajon, nauzubilloh, – deya takrorladi Hasan. ***
Egizaklar daraxt poyida ibodat qilishar ekan, tuyqusdan tepalarida vijir-vijir boshlanib qoldi. Husanning diqqati bo‘linib, pichirlab aytayotgan oyatlar tiliga kelmay, tutildi. Ortdagi Hasan uni tuzatib turdi…
Namoz bitishi bilan esa Husan o‘tirgan ko‘yi boshini burib qushlarni qidira ketdi.
– Bu ketishda yo aqldan ozasan yo yana bir baloning o‘qiga yo‘liqasan, noshud! – deya po‘ng‘illadi Hasan joynamozlarni yig‘ishtirib olarkan. – Har kuni besh marta takrorlaydigan oyatlarniyam esidan chiqaradimi odam! Xayoling qayerda o‘zi? Shayx Ahmad Junayd nima deydi, eslaysanmi? Farzlarni ado etishdagi eng kichkina xato ham iymon ustunini liqillatib qo‘yarkan. Sen bo‘lsa… – Hasan ortiq gapirmadi. Husanning parishonligidan qattiq ranjiganidan qo‘lini odaticha “bor-e” degandek siltab nari ketdi.
Hasanning sovuq sulukoti Husanning parvoyiga kelmadi; uning fikru zikri qushlarda edi. Lekin shu berilib qidirsa-da, parrandalar ko‘zga darrov ilinaqolmadi. Keyin daraxtdan andak uzoqlab boqdi. Hayriyat, shu yerda ekan: qushchalar inja tumshuqlari bilan bir-birlarining boshu bo‘yinlarini yengil cho‘qishar va yana allaqanday tovush chiqarib maxmurlanishardi.
– Yana nima bo‘ldi? Ba’zan ja-a oshirvorasan-da, – saslandi olisdan buni kuzatib turgan Hasan.
– Bu yoqqa ke, Hasan, – deya shoshib, hayajon bilan gapirdi Husan. – Anavilarga qaragin, ertalab Toshkentda ko‘rmovdikmi?..
– Be-e! Nimalar deyapsan? – Hasan qiyo ham boqmasdan mashinaga kirib o‘tirib oldi. Husan esa qushchalarga yaqin borib chug‘urlariga quloq tutdi.
– Nimalar deb g‘ujurlashyapti ekan bular, – xayolidan kechdi uning, – qani endi ularning jivildoq tilini bilsam. – “Nega ular biz bilan yo‘lga chiqdi ekan? Nomi nimaykin bularning, qaldirg‘och bo‘lib qaldirg‘ochmas, bulbul bo‘lib bulbul. Bir aftlari momosovg‘aga o‘xshaydi, boshqa tarafdan to‘rg‘ayni yodga soladi. O‘zimizing beozor musichayu qumridan ham nimadir bordek. Lekin, ajab, ularning hech biri emas. Hammasiga o‘xshasayam baribir boshqa qush bular! – Husanning taajjubi ortgandan ortdi. – Muncha choroyli bo‘lishmasa, g‘ujurlarida qanday ma’no bor? Bizni tark etmay ta’qib etayotganlarida-chi?!.. ***
Ko‘p o‘tmay egizaklar manzilga yetib kelishdi. Otalari uyda yotgan ekan, do‘xtirlarning aytishicha, qon bosimi o‘ynabdi. “Yoshi bir joyga borib qolsayam tinchimaydi, ketmon ko‘tarib hali tomorqaga, hali boqqa jo‘nab qoladi, mol-holgayam o‘zi qarasa-da”, koyinadi qo‘rqib ketgan onalari. “Ha, endi boshqacha yasholmasam, mehnatsiz turolmasam nima qilay”, deydi o‘zini oqlab otalari.
Tarovatli ko‘klam emasmi, hayhotdek hovli-bog‘dagi chug‘urlashgan murg‘larning xilini sanab adoq qilolmaysan, kishi. Otasining sog‘lig‘idan ko‘ngli to‘lgan Husan bog‘ aylanib yurishni odat qildi. “Ha, nimani yo‘qotding daraxtlarda?” deb qo‘yardi Hasan unga ko‘zi tushgan kezlari. Bu esa parvo qilmas, o‘sha antiqa juftlikni ixlos bilan qidirardi. “Bog‘ to‘la qush bo‘lsayam menikilar hech qaysisiga o‘xshamaydi, kelgan bo‘lsalar, albatta topaman”, deb o‘ylardi u. Aytganidek, najib qushchalar etakdagi ertagullar bodomning xiyol egilgan novdasida yonma-yon o‘tirishib olgancha bir-biridan o‘zib nola qilishardi. Husan daraxtga yovuq keldi, lekin parrandalarni cho‘chitib yubormaslik uchun masofa saqlab to‘xtadi. Bir pas shu ko‘yi qotdiyu, oyoq ostiga qarab o‘tirgani joy izladi. Kesilgan daraxt to‘nkasiga bor ekan, yaxshilab joylashib olgach, qulog‘ini ajib qushlar sayrog‘iga berdi. Hovlidagi turli-tuman va judayam ko‘p qushlarning ovozi o‘ziga xos simfoniyani hosil qilgandi. Buni Husan ancha muddat o‘tgachgina tuydi. Ha, avval-boshda tartibsiz eshitilgan tovushlar tinglay bergani sayin hayratangiz yo‘singa tushdi-qoldi. “Tavba”, dedi Husanning lablari. Keyin o‘z qushchalarining tavallosiga tavajjuh qildiki, bu ulug‘vor xor aro ularning ham alohida o‘rni bormikan, deb. Sir birdaniga yuz ochmadi, balki asta-asta yigitning qalbida ayon bo‘la bordi. U shundan iborat ediki, bir juft qushning sehrli xonishlari hovlini tutib ketgan ajabtovur simfoniyani boshqarib, yo‘naltirib turardi go‘yo. Shu choq antiqa qushchalar tuyqus tin oldi va Husanning nazarida bog‘dagi jamiki qushlarning umumiy qo‘shig‘i chok-chokidan so‘kilib, parokandalikka yuz tutdi. Xuddi shuni bilgandek qushchalar yana tashabbusni qo‘lga oldilar: bir maromda mayin kuylay boshladilar… Husanning qalbida yoqimli bir farog‘at va yana allaqanday rizvoniy saodat tuyg‘ulari qorishib, ulkan bir mazmun-mohiyatga aylandi… ***
Haytovur, ikki-uch kun ichida bemor yurib qolib, xeshu taborning yuzi kuldi. Tahsillaridan qolmasin, deya ota Hasan-Husanni yoniga chaqirib, hamishagidek tilak bildirdi: bolalar, hayotda qutqular ko‘p bo‘ladi, iymonlaringga mahkam bo‘linglar!.. – So‘ng birin-ketin palaponlarining peshonasidan o‘pib xo‘shlashdi…
Aka-ukalar xursand bo‘lib ota uyidan chiqishib, shahar markazidan poytaxtga qatnaydigan ulovga o‘tirishgandi, kun choshgoh bo‘lmay dovonga dorishdi.
– Tog‘ning nonidan olvolaylik, shaharda so‘raganlar ko‘p, – taklif qip qoldi Husan.
Lekin mashinadan hammalari tushishdiyu Husan negadir non sotiladigan uzun rastaga emas, nariroqda g‘uj o‘sgan tollarga qarab yurdi.
– Hoy, non bu yoqda, – qichqirdi Hasan.
– Hozir kelaman, sen tanlab tur. – Husanning ikki ko‘zi tol shoxlarida yugurib qoldi. “Qani ular?” – der edi dili. Negadir qushchalar yo‘q edi va bu narsa Husanning kayfiyat daraxti ildiziga bolta urdi. “Namuncha ularga o‘rganib qoldim?” – o‘zidan o‘pkalay ketdi so‘ng. – Qush – parranda, men esa odam naslidan bo‘lsak, qayerdan paydo bo‘ldi bu ko‘rinmas rishta? Nega o‘zimni u bilan baxtli his qila boshladim, nega usiz yashagim kelmay qoldi?..” – Husan bu yoqda o‘z xayoliga cho‘mib, gir aylanib turganda, u yoqda Hasan non, turshak va qurut xarid qilib, mashina yukxonasiga joylab ham bo‘ldi.
– Husan!..
Husan qidirganini topolmay, noiloj, ruhsiz bir alfozda mashinaga qarab yurdi va eshikni ochar asnoda naq boshi ustida qushlarning chug‘ur-chug‘urini eshitib ko‘kka boqdi: – Marhamatingdan o‘rgilay, Xudoyim, – xayolidan o‘tdi uning. So‘ng shirin bir entikdi. Qushchalar teparoqda charx urib o‘z tilida nimalarnidir so‘ylashgancha aylanishardi… ***
Tahorat olib hovlidan qaytayotgan Hasan es bo‘ldi:
– Jumadan kech qolamiz, qanaqa gap uqmas palpissan? Namozdan keyin majlisga borishimiz kerak, unutdingmi?
– Hozir, mana… – Husan poygakdagi obdastani qo‘liga ilgancha chopib tahoratxonaga o‘tib ketdi.
Xiyol o‘tib egizaklar uydan chiqishdiyu yo‘l boshidagi masjid tomon odimlashdi. Shu barobarida o‘rik shoxidagi kunda shundalar sayrashni bas qilgancha ko‘kka talpinishdi.
Hasan-Husanlar shoshib borisharkan, yo‘l chetidagi bozor darbozasi oldida bir to‘da yosh-yalangning to‘planib olib, yoshi qaytganroq yolg‘iz kishini do‘pposlayotgani ustidan chiqib qolishdi. “Iya, Hasan, anavilarga qara”, – Husan yo‘lni shu yoqqa oldi. “Husan, esing joyidami? Ular bir to‘da ekan”, – norozi bo‘lib to‘ng‘illadi Hasan. Lekin Husanni yakka tashlab ketmadi, ergashdi. “Hoy-hoy, bu nima qilganlaring, uyalmaysizlarmi?” – ham yugurar, ham xitob qilardi Husan. O‘zlari tomon oshig‘ich kelayotgan ikkita dovongir yigitni ko‘rgan bezorilar tiraqaylab qochib qolishdiyu jabrdiyda bebiliska qutildi. “Yur endi, – Husanning yengidan tortdi Hasan, – ish oson ko‘chdi”. “Shoshma bir pas”, – Husan tuproqqa belanib yotgan mazlumning yelkasidan tutib tiklamoqqa urindi.
– Qoch nari!.. – xaloskorini siltab tashladi mazlum. Keyin oyoqqa turaman dediyu munkib, yuzi bilan tuproqqa surinib ketdi. Undan atrofga aroq, qo‘lansaga aylanib ketgan ter hidi va yana allaqanday chirkin, achiqimtir bo‘y anqib yotardi.
– Tfuu! – deya burnini jiyirdi Hasan, – yur bu yerdan, ko‘rmayapsanmi, iymonini boy bergan odam bu! – kafti bilan yuzini to‘sgancha uzoqlashdi.
Husan nima qilishini bilmay serrayib turib qolgandi, ko‘k yuzida paydo bo‘lgan qushchalarning vijir-vijiridan sergak tortdi. Qarasa, Hasan masjid tomon odimlab, qushlar ham o‘sha yoqqa uchib borayapti ekan… ***
Masjidda tumonat. Namozga ancha vaqt boru amrima’rufdan kech qolmay degan o‘shancha. Hasan-Husan hamishalik joylariga – imomga yaqin safga o‘zlarini urishdi. Ushbu jome’ masjididagi voizni eshitaman deb, ulkan shaharning turli mavzelaridan erinmay keladigan shunchalar serobki, andak hayallasangiz, o‘tirgani bir qarich joy topolmaysiz. Hasanning yonib-kuyib Husanni shoshirib-qistashlari aslida shundan. Hozir ham old qatorga oshiqishib, to‘rtinchi safdan arang joy olishdi, shular bilan deyarli bir paytda kirib kelgan cho‘qqisoqol yoshulli egizaklarning o‘rtasiga tushib qoldi. Hammalari indamay o‘tirishdi-da, butun vujudlari quloqqa aylanib tinglay boshlashdi…
Imom shirador, vazmin ovozda namoz to‘g‘risida bir tekis gapirar edi: Birodarlar, hamisha yodda tutmog‘imiz kerakki, namoz dinning ustunidir. Ustun bo‘lmasa nima bo‘ladi? Imorat qulaydi. Hech qanday vaj-bahona namozni tark etishimizga sabab bo‘lolmaydi. Rivoyat qiladilarki, Hazrati Umarning “Bog‘i eram”dek muhtasham bog‘i bor ekan. Kunlardan bir kun u bog‘ning tarovatiga mahliyo bo‘lgancha asr namozini unutibdi. Esiga tushgan vaqtda esa jamoa bilan namoz qilishga kechikkani ayon bo‘libdi. Hazrati Umar iymon egasi edi, hap senimi, debdiyu bog‘ni miskinu benavolarga hadya qilibdi. Qarang, qancha og‘ir bo‘lmasin, u namozga eltuvchi yo‘ldagi g‘ovni bartaraf etmoqda. Musulmonlar, aytishga oson-u aslida bunday ish tutish judayam qiyin. Sizu biz payti kelsa, hashamdor bog‘ u yoqda tursin, bitta daraxtdan mahrum bo‘lsak, ichimizdan oylab qirindi o‘tib yuradi. Hazrati Umar-chi, iymoniga soya tashlab turgan sababning ildiz-pildizi bilan qo‘porib tashlamoqda. Fikr qilguvchi inson bo‘lsangiz, o‘ylab ko‘ring, jamoa…
Shu chog‘ masjidning shiftga yaqin yerida joylashgan darchadan pir etib bir juft qush uchib kirdiyu Husanning xayoli bo‘lindi. Qushchalar bino toqida bir-birovini quvlashib uchishar va jonolg‘uchi ovozlari bilan biyron sayrashardi. “Tavba, bu qanday qushlar bo‘ldiykin”, o‘yladi tag‘in Husan. – Ularda bir sir bor-ov. Yo‘qsa, biz bilgan biron qush zotidan bo‘lib chiqardi. O‘zini tutishlari, sayrashlari, uchishlari – hamma-hammasi boshqacha…” Lekin Husan yana sarsor solsa, o‘zidan o‘zga hech kimning qushchalar bilan ishi yo‘q edi, hammaning diqqat-e’tibori imomga qaratilgandi.
Hasan ham jon qulog‘i bilan imom og‘zidan uchib chiqayotgan hikmatlarni tinglar va go‘yo yod aylardi.
Aka-ukalarning o‘rtasida bir xil vaziyatda o‘tiravergan qariyaning oyoqlari tolib uyushib qoldi, shekilli, dam sayin qo‘zg‘alib qo‘ya boshladi. Yana anchagacha shu zayilda vaqt kechirib, axiyri, tagiga yig‘ilgan ozg‘in oyoqlariga dam berish maqsadida ro‘parasiga uzatdiyu yengil tortib, “shukur” dedi. Ammo xuddi shuni kutib turgandek bir quchoq narsa tepadan yoshullining uzatgan oyog‘i ustiga tap etib tushdi… Kuchli og‘riqdan bo‘lsa kerak, qariya ohlab yubordi. Tushgan narsa bino shipiga bezak uchun yopishtirilgan ganj ekanki, o‘z og‘irligini ko‘tarolmaganidanmi yo naridan beri yopishtirilganidanmi, har holda vaqt-soati kelgan ekanki, ko‘chibdi. Bir pasda g‘ala-g‘ovur boshlandi. “Nima bo‘ldi?” deya shu tomonga bo‘ynini cho‘zdi imom. “Tepadan ganch tushdi”, deyishdi yaqin-verda o‘tirganlar birvarakayiga. “Hech kimga ziyon yetmadimi?” yana so‘radi voiz. “Aytarli hech gap yo‘q,” dedi negadir ovozini baland qo‘yib Hasan. Xuddi lat yedi, desa amrima’ruf to‘xtab, hamma uy-uyiga tarqaydigandek. “Nega unday deysan, Hasan, qaragin, oyog‘i singanga o‘xshaydi”, dedi bo‘lib o‘tgan voqeadan ta’sirlanib, shoshib qolgan Husan. “Meni tashqariga obchiqib qo‘yasizlarmi yigitlar”, o‘zini qo‘lga olishga tirishib iltimos qildi yoshulli. “Albatta, – Husan o‘rnidan qo‘parkan, qariyaning qo‘ltig‘idan tutdi. – Sen ham u tomondan ko‘maklash”, dedi Hasanga. Tizilib o‘tirgan odamlarning olddagilari egilib, orqadagilari tisarilib yo‘l berishdi.
– Anavi joyda daraxt bor ekan… – yoshulli qo‘lini ko‘tarib ishora qildi.
Qariyani ariq qiyisida o‘sgan o‘rik daraxti poyiga avaylab yotqizishdi.
– Voy-bo‘o‘! – xitob qilib yubordi Hasan uzatilganda yon tomonga ikki buklam bo‘p qolgan oyoqqa ko‘zi tushib. – Yomon sinibdi-yu!..
– Mayli yigitlar, sizlar masjidga qaytaveringlar, baraka topinglar, – qariya uzalib, sinib-qiyshaygan oyog‘ini to‘g‘rilab qo‘ydi. Bu bilan go‘yo o‘tgan-ketganning ko‘zi tushib qo‘rqmasin, dedi.
– Nimalar deyapsiz, amaki, bu ahvolda sizni tashlab ketib bo‘ladimi? – Husan olazarak yo‘lga boqdi.
– Yo‘q, bolam, meni deb namozdan qolmanglar, singan sindi endi, qaytarib bo‘lmaydi, – dediyu yoshullining rangi o‘chib, lablari gezardi… o‘ng qo‘lini ajriqqa uzatgan ko‘yi boshini unga asta qo‘ydi.
Havoda esa muazzinning ogohlantiruvchi sasi yangradi…
– Yur, Husan, namoz boshlanib qoldi, – yana hov boyagidek sherigining yengidan masjid tomon tortdi Hasan. – Hali majlisga borish kerak. Amakiga boshqalar yordam berar endi, a?
– O‘ylab gapiryapsanmi? Ko‘rmayapsanmi holini, hushidan ketib boryapti, mashina to‘s, kasalxonaga tez yetkazish kerak… – Husan ariqdagi bo‘tana suvga dastro‘molini ho‘llab yoshullining yuziga bosdi. – Hozir amaki, hozir, ozgina sabr qiling…
Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbar, Ashhadu anla ilaha illalloh, ashhadu anna Muhammadar Rasululloh…
– Namoz boshlanib qoldi, Husan! – toqatsizlandi Hasan. – Namoooz!..
– Hasan, qara amakini… hushini yo‘qotdi…
– Namoz deyapman men senga, Husaaan! – Baqirdi Hasan, – iymoningni boy berma!..
– Agar o‘laman deb yotgan shu kishiga hozir yordam bermasam, iymonimni aniq boy beraman, Hasan!.. – ovozini baland qo‘ydi Husan ham. – O‘zingni o‘tga cho‘qqa urganing bilan iymon Ollohdan! U bersa bor, bermasa, yo‘q ekan, tushundingmi!..
– Kofir bo‘lma! Yur namozga! Iymonimizni saqlab qolaylik!..
– O‘zing kofir bo‘lma! Yur, anavi kishining jonini saqlab qolaylik!..
– Shayx hazratlari aytadiki… – so‘zlari og‘zida qoldi Hasanning.
– Shayx hazratlarini qo‘y, Hasan, sen o‘zing nima deysan, shuni gapir! Qachon sen Hasanning gapini aytasan?!.. – bo‘g‘ildi Husan. – Birovning iymoni bilan yashash mumkinmi?.. Tavba… qarab tursam, sening musulmonliging masjidning ichidagina bor, darvoza hatlab tashqariga chiqishing bilan esa kimligingni bilib bo‘lmaydi, Hasan!..
– Og‘zingga qarab gapir, Husan!.. – asabiy qichqirdi Hasan…
Shu choq oppoq gullab, go‘yo hajdan qaytayotgan hojidek ehrom – oq libosga burkangan o‘rik daraxti tepasida ikki qushcha paydo bo‘ldiyu bezovta bir ohangda vijirlay boshlashdi. Ular dam charx urib masjid tomonga borib kelar, dam ko‘cha boshiga dovur uchib, tag‘in yoshullining oldiga qaytardi. Na bir dam qanotlari tinardi, na tillari: pir-pir, vijir-vijir…
Hasan-Husanlar hayron bo‘lishib ko‘kdagi qushchalarga bir qarab qo‘yishdiyu so‘ng javdiragan ko‘zlarini yana amakiga olishdi.
Havoda hamon muazzinning ovozi jaranglardi:
HayYa ’alas-solaaaaaaaah… (Namozga kelinglar,) HayYa ’alal-falaaaaaaaah…(Najotga kelinglar), Qod qomatis solah (Namoz boshlanib qoldi).
Hasan bir sulayib yotgan cholga, bir esa azon saslari kelayotgan masjidning lang ochiq darvozasiga qarab dovdirardi. Shu dovdirashi barobarida dam masjid tomonga ikki-uch odim bosar, dam esa cholga qarab intilardi. Ayni damda qushchalarning biri uning boshi ustida uvalo solib aylanar, chug‘urlashida ham allabir xavotir, norozilik bordek edi. Havoda “Saflarni tekislang”, degan ogohlantirish yangradiyu Hasan shitob bilan masjidga qarab yurdi. Shunda… shunda e voh, qushcha pastroqqa tushib, go‘yo uning yo‘lini to‘smoqchi bo‘lgandek harakat qildi: g‘alati, chiyillashga o‘xshagan tovush chiqarib, Hasanning naq tumshug‘i ostigacha parillab keldi. Hasan qo‘lini zarda bilan siltadi: “kisht-e!..” Barmoqlarining uchi qushchaning qayerigadir tegib o‘tdi. Qushcha zarbdan uchib yerga quladi, ikki-uch momiq pati esa havoda hilpirab qoldi…
Hasan chopib ichkariga kirib ketdi…
Husan bo‘lsa bu orada ko‘chadagi mashinalarga qo‘l ko‘tarardi…
Hushini batamom yo‘qotgan yoshullini nihoyat, azza-bazza quchoqlab ko‘targancha mashinaning orqa o‘rindig‘iga yotqizdi, o‘zi bo‘lsa shoshib haydovchi yoniga cho‘kdi. “Iltimos aka, tezroq haydang…” Oppoq mashina shitob bilan qo‘zg‘aldi.
Boyadan beri masjid, qiyg‘os gullagan o‘rik va shovqinli ko‘cha ustida charx urib aylanayotgan qushcha yana vijir-vijir qildi. Havoda “Ollohu akbar”, degan sas yangraganda shuytib masjid tepasiga bordi-da, bir charx urib, so‘ng yengil harakat bilan boyagi bayzo mashina ketgan yoqqa yeldi…
Masjid darvozasi yonida qo‘riqchi askarlardek qaqqayib turgan tilanchi ayol va qopqora bolakayning yerda challak-pallak bo‘lib yotgan ikkinchi qushchani ko‘rib qolib, “tutaman”, deya qilgan astoydil harakatlari zoye ketdi. O‘zi tomon bostirib kelayotgan xavf-xatarga ko‘zi tushgan qushcha bir siltandiyu o‘nglandi, so‘ng qanotlarini tekislagancha havolandi… Uchib borib esa o‘rik shoxiga qo‘nib oldi… ***
Bir mahal ibodat tugab, namozxonlar qofila-qofila bo‘lib masjidni tark eta boshlashdi. Ular orasida Hasan ham chiqib kelib o‘rikning ostida bir bahya oyoq ildi. Dam kasalxona tomonga, dam esa qarshi tomonga taraddud ichida boqdi. “Majlis bor edi-ku, Husan!” deya pichirladi afsus bilan. So‘ng shayx Ahmad Junayd bilan bo‘lajak uchrashuv sururi qalbini bir entiktirdi. Entikdiyu shu hayajon to‘lqiniga o‘zini topshirdi…
Ayni damda boyatdan beri jimgina o‘tirgan qushcha pir etib havoga ko‘tarilgandi, titroq novdalardan duv etib o‘rik gullari to‘kildi. So‘ng qushcha shitob bilan yurib ketayotgan Hasanning bosh ustiga uchib borgancha g‘alati bir siyoqda saslanib charx urmoqqa tushdi. Ko‘rgan kishi “Nimasini yo‘qotdi ekan bu qushcha?”, deb o‘ylashi tayin edi. Lekin Hasan nechundir qushchani ko‘rmadi. Ehtimol, ko‘chadan viz-viz o‘tayotgan mashinalar shovqini halaqit bergan yoki yigit qalbida jo‘sh urayotgan orzular g‘alayoni mone’lik qilgandir. Nima bo‘lgandayam, qushcha yana bir muddat o‘sha ko‘yda uchib, chunon bezovtalik ichra chug‘urladi-da, birdan hech qanday parranda zotiga xos bo‘lmagan shiddat ila ko‘kka tik parvoz qildi… Ko‘p o‘tmay esa osmonning rangiga singib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi…
Darvoqe, qushcha uchganda titrab qolgan shoxga qo‘shilib endi butun daraxt gullarini to‘kishga kirishgan, aftidan, u bu ishni novdalarida bitta ham chechak qolmay, batamom ship-shiydam bo‘lguncha davom ettirgudek alfozda edi. Ammo daraxt hali navqiron yoshda bo‘lib, ildiziga qurt tushmagan yoki boshiga biron qiron mo‘r-malaxday yog‘ilmasa, qaragan kishi uning kelgusi ko‘klamda yana kurtak tugishiga ishonar, ishongisi kelardi.
Daraxt gullashdan charchamasa, qushcha ham qaytib qolar, axir…