1
– Inson hayotining mazmuni nimada? Biz qaydan keldigu o‘limdan keyin qayerga boramiz? – degan savol bashar ahlining doimiy so‘roqlaridan biri bo‘lib kelgan. Har bir davr, har bir soha – mifdan tortib dingacha, dindan to ilmgacha – hamma-hammasining bag‘rida fikrlovchi inson ushbu savolga baholi qudrat javob izlagan. – Professor auditoriyaning eng oxiridagi o‘rindiqlardan birida ma’ruzani berilib tinglab o‘tirgan talabaning ko‘zlariga qarab gapirardi. – Zamonaviy dunyoda mazkur savolni ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, o‘z-o‘ziga bermaydigan, hayotini, kechmish va kechayotgan kunlarini shu savol bilan tinmay qamchilab yashamaydigan, shunga ehtiyoj tuymaydigan odam o‘zini to‘laqonli insonman, deb hisoblashi o‘rinsizdek tuyuladi menga. Chinakam adabiyotning asos masalalaridan biri ham aslida shu. Lekin bugungi inson…
Shu yerga kelganda professorning ma’ruzasi bo‘lindi. Dars avvalidayoq boshlangan visir-visir sekin-asta kuchaygandan kuchayib shovqinga aylangan ko‘yi auditoriyani tutib, sal lofi bilan aytganda, professorning og‘zidan chiqayotgan so‘zlarni uning o‘z quloqlari eshitmay qoldi. Bilanihoya, u sukut saqlashga majbur bo‘ldi. Auditoriya o‘qituvchining jimib qolganini ham payqamadi: kim yonida o‘tirgan sherigi bilan gaplashsa, kim engashib olib qo‘l telefonida bemalol suhbat qurar, kim esa zerikkanidan dam oynadan tashqariga, dam esa soatiga qarab xomuza tortar, kim katta xolasining uyida o‘tirgandek bamaylixotir mudrar, xullas, noxush bir manzara professorning ko‘z oldida qad kergandi.
Auditoriyani kuzatar ekan, professorning yodiga lop etib o‘zining talabalik chog‘lari tushib ketdi. Tushdiyu qotmadan kelgan yuzida allaqanday nur jilva qildi. O‘qituvchining og‘zidan chiqayotgan har bir so‘zni muborak kalomdek bitta-bitta yozib olar edi xayolda paydo bo‘lgan yosh talaba. Professor bir muddat o‘sha talabadan ko‘ngil ko‘zini uzolmay turib qoldi, shirin xotira uning lablariga tabassum rasmini chizdi. Bu tabassum esa, o‘zining sirliligi bilan kutilmaganda butun auditoriya e’tiborini jalb etdi. Birdan u suv quygandek jimidi.
– Biz jamiyat hayotida gumanitar fanlarning, shu jumladan, adabiyotning o‘rni naqadar ahamiyatli ekanligini tushunib yetishimiz kerak. Axir, atrofga bir qarang: kim kim bilan osmondagi oyga ega chiqish uchun kimo‘zar poygasi o‘ynamoqda, kim kim bilan bir parcha tuproq deb qirpichoq bo‘lmoqda, kim kim bilan diniy nizo tufayli bir-birining sirtiga tig‘ urmoqda… Xullas, kechqurun ishdan borib “Yangiliklar”ni ochishga yuraging dov bermay qolgan. Nega?.. Buning sabablaridan bittasi, nazarimda, dunyo jamiyatlarida, yuqorida ta’kidlangandek, ijtimoiy-gumanitar fanlar hissasining keskin kamayib, ta’lim-tarbiya saviyasining tushib ketganligidadir.
Gap aylanib, ta’lim-tarbiyaga yetganini uqib qolgan auditoriya professorning yuzida paydo bo‘lgan tabassumning sir-miri yo‘q degan xulosaga keldi va bir musht bo‘lib tugilgan barmoqlar ochilib sochildi: g‘alag‘ovur boshlandi. Professor orqa o‘rindiqdagi o‘sha bir juft nigohga qarab, unga suyanib mulohazalarini yakunlashga kirishdi:
– Insonning miyasiga, qalbiga nimani quysak, alaloqibat, u o‘sha bo‘ladi. Nega keyingi chorak asr ichida butun dunyo ta’lim dargohlaridan gumanitar fanlar siqib chiqarilyapti? Nega buning ayanch oqibatini manaman degan siyosatdonlar ko‘ra olmayapti yoki ko‘rgilari kelmayapti?..
Auditoriya g‘alayonga keldi.
– Nega bular eshitishmaydi? – deya o‘ziga o‘zi savol berdi professor, – Nega yildan yilga quloqsiz bo‘lib borishyapti? – U birpas sukut saqlab derazadan ko‘k yuzasida suzib yurgan qora bulutlarni kuzatdi, – havoning avzoyi buzuq. Nimadir yog‘moqchi. E-e, yog‘sa yog‘ib o‘tib ketsin edi tezroq. Turib qolgan tushuniksiz dim havoni yomon ko‘raman, – professor auditoriyaga yuzlandi. – Endi qanday yo‘l tutsam ekan? Axir, dars tugashiga hali yarim soatcha vaqt bor. Borlikka bor-u, eshitadigan quloq qani? Aslida, yetmish juft quloq o‘tiribdi qarshimda. Har gal ulardan atigi bittasigina gaplarimni tushungandek menga boqib turadi. Qolgani-chi? Axir, men bu yerda maymun o‘ynatayotganim yo‘q-ku! Qaytaga, maymun o‘ynatsam, effekti yaxshiroq bo‘larmidi?.. – Professor chuqur uh tortdi. – Jim! – dedi auditoriyadagi shoqinnni bosib tushadigan baland va qalin ovoz bilan minbarga shapatilab, – jim!..
Auditoriya pasaydi. Lekin bir yigit begona yurtda karvondan ajralib qolib qo‘rquvdan dodu faryod ko‘tarayotgan yo‘lovchidek bo‘ldi-qoldi: hamma jim bo‘lganda uning ovozi baralla yangray boshladi.
– Sarvar! Sarvar, dedim!..
– Ha!..
– Turing o‘rningizdan!..
Sarvar nima bo‘layotganini dabdurustdan tushunmay, u yoq – bu yoqqa qarab o‘rnidan turdi.
– Endi chiqib keting! Chiqing, darsga xalaqit bermang!..
Auditoriya suv quygandek jim bo‘ldi.
Sarvar professorga bir muddat g‘alati-g‘alati qarab turdi-da, shoshmay sumkasini yelkasi ildi: “Marhamat, professor, sizga shu kerakmi!” dedi, so‘ng o‘qituvchining mensimasligini sollana-sollana yurishi bilan namoyish etgancha auditoriyani tark etdi.
– Yaxshi ish qilmadingiz, domla!.. – dedi Sarvarning yonida o‘tirgan yigit.
– Jim! – Professor minbarni qattiq mushtladi.
O‘z shovqinidan o‘zi charchagan auditoriya rang-baranglik uchunmi, hartugul birpasga tinchlandi. Professor ma’ruzaning kelgan joyidan davom ettirdi:
– Lekin bugungi inson o‘zi bilan o‘zi o‘ralashib qoldi. Uning uchun o‘z ehtiyojlaridan boshqa va shu ehtiyojlardan balandda turadigan hech nima yo‘qdek go‘yo. Zamondosh insonning ko‘zlari ruh va uning kamoliga emas, badan va uning jamoliga tikildi. Bas, u shu yerda yo‘lini yo‘qotdi. Alam qiladigan joyi shuki, zamondosh inson yo‘qotilgan yo‘lni qaytib qidirmayapti. Avvallari – ming yillar davomida qidirgan edi. Qidira-qidira halokatli chohlardan eson-omon qutilib qolgandi. Qutulib qolib shu kunlarga qadar eson-omon yetib keldi. Endi-chi? Endi vaziyat tamomila boshqacha! Endi yo‘lsizlikning o‘zi zamonaviy inson uchun birdan bir yo‘lga aylangandek. Aylandimi?.. Bu so‘roqning javobi mushkul… Shunday paytda adabiyotning qo‘lidan nima keladi? U insonga, adashib-uloqib yurgan bani odamga o‘sha yo‘qotilgan yo‘lni topishda biron bir ko‘mak bera oladimi yoki bashar ahlining chohga qulashini jimgina kuzatib turadimi? Balki adabiyot deganimiz chohga tomon jadal odimlayotgan sho‘rlik inson qo‘lidagi ermak – pista-bodomdir va yohud og‘izda saqichdek chaynalguchi ikki pulga qimmat xirgoyi? Bular o‘z-o‘zidan sodir bo‘lyaptimi yoki hammasining ortida kimdir, nimadir bormi?.. Mana, masala qayerda!..
Professor sarosor solsa, auditoriyadagi ahvol yana boyagi-boyagi – boyxo‘janing tayog‘iga aylanayozgan – hamma o‘zi bilan o‘zi band bo‘lib, sen nima deyapsan, deydigan hushyor aql qolmagandi hisob. Shunda professor ko‘z yugurtirib, auditoriya oxirida o‘tirgan o‘sha bir juft ko‘zni topdi va unga qaragancha so‘zlashda davom etdi…
2
Auditoriyadan chiqdiyu professor avtobus bekatiga qarab yurdi. Uyga shoshayotganidan emas, yo‘q, ichida allaqanday his uni tashqariga kuch bilan yetaklab, bu yerdan olis-olislarga olib ketmoqchi bo‘lganidan shunday qildi. O‘zi ham shu hisning izmiga tushib qolganidan ixtiyorsizlanib-garangsib borardi. Kafedraga kirib o‘qituvchilar bilan odatdagidek besh-o‘n daqiqa choylashib, gaplashib o‘tirish esa ko‘ngliga sig‘madi. Bekatga eng yaqin yo‘l universitet binosi yonidagi avtoto‘xtov orqali o‘tardi. Yo‘lni shu yoqqa qarab soldi. Aksiga olib avtoto‘xtovda boya darsdan chiqarib yuborilgan Sarvar va uning uch-to‘rtta sheriklariga duch kelib qoldi. Sarvar kursdoshlari bilan mashinaga endi o‘tirmoqchi bo‘lib turgan ekan.
– Iya, propessor, o‘zlarimi! O‘tiri-i-i-i-ng, – dedi Sarvar istehzo bilan, – uyizga oborib qo‘yamiz!
– Rahmat… – professor mashinaning yonidan tezgina o‘tib ketmoqchi bo‘ldi, ammo Sarvar ikki-uch odim otib, shartta yo‘lini to‘sib chiqdi.
– Ma’naviya-ya-yat, adabiyo-yo-yot, deysiz. Nima qilib berdi o‘sha ma’naviyatu adabiyot sizga? Yoshiz ellikni qoralabdiyu bitta valasapid olib minolmeysiz, propessor! – talaba bu so‘zni shunaqa ohangda talaffuz qildiki, professorning ichi naq muzlab ketdi. Birdan qahri keldi. Shartta Sarvarning yoqasidan olmoqchi, hatto qanshariga bir musht tushurib unini o‘chirmoqchi bo‘ldi, lekin shaytonga hay berdi, o‘zini bosdi.
– Gap ulovda emas. Sarvar, gap…
– Nimada bo‘lmasa, muhtaram propessor, nimada? Siz nimeiz bilan menga, anu bollaga o‘rnak bo‘lasiz, a, nimeiz bilan?! – talaba mashinada o‘tirgan kursdoshlariga qo‘li bilan ishora qildi. – Maqtana oladigan hech vaqoiz yo‘q-ku, yana meni auditoriyadan haydaysiz! Sizdi izizdan borishimiz uchun, ayting, o‘ziz jamiyatda e’tibor topdizmi, a, topdizmi?.. Menga qarang, hoy, propessor! O‘ziz tushunib yetdiyzmi-yo‘qmi, bilmadim-u, lekin bugun siz kopeyka bo‘lib qolgansiz, eshityapsizmi, kopeyka! – talaba qo‘lini bigiz qildi va “bigiz”ni professorning ko‘ksiga qo‘yib bir nuqidi-da, qayrilib mashinasi tomon ketdi. Professor turgan o‘rnida toshdek qotdi. Boyagina botinida tug‘ila kelayotgan qahr dunyo yuzini ko‘rmadi – o‘sha yerda bo‘g‘ilib o‘ldi. Uning o‘rnida alam, o‘kinch, tushkunlik qorishmasidan iborat nedir tuyg‘u paydo bo‘ldi. Shu asno Sarvarning mashinanasi professorning yonidan o‘taturib ilkis to‘xtadi. Sarvar mashinaga qattiq-qattiq gaz bergan edi, temir matoh turgan o‘rnida bir necha bor ko‘tarilib tushdi, so‘ng bir silkindi-da shamoldek yelib ketdi. Orqasida ko‘tarilgan chang va tutun kelib professorning yuziga, oppoq ko‘ylagiga urildi…
3
Kechasi professor allamahalgacha mijja qoqmadi. “Men qanday holga tushib qoldim? Boshqalar-chi? Kim to‘g‘ri yo‘lda o‘zi – menmi, boshqalarmi?” degan savol miyasini parmadek o‘yib tashladi. Ag‘darildi, turib o‘tirdi, yurdi, so‘ng yana yotdi. Nihoyat, tongoldi ko‘zi ilinib, tush ko‘rdi. Unda ulkan izdihom – odamlar oqimi bir tomondan ikkinchi tomonga qarab xuddi bir narsadan quruq qolayotgandek oshig‘ich harakatlanib borayotgan emish. Professor tushunibdiki, butun odamiyzod shu izdihomda to‘planganmish. Jamiki irq, jamiki din, jamiki millatu elat, borliq kasbu kor vakillari, erkagu ayol, yoshu qari – hamma-hamma shu oqim bag‘rida odimlab borarmish. Professorning o‘zi ham oqimning avvalida – yon tomonda bo‘lib, odamlarga yuzlangan ko‘yi bir nimalarni tinmay uqtirar, odamlar esa uning gaplariga sira quloq solmas, aksincha, kim oshkora, kim miyig‘ida kularu hech kim yo‘lidan qolmasmish. Bunga sari professor ovozini boricha baqirarmish: “Axir, bu yo‘lning adog‘ida tubsiz jarlik bor, eshityapsizlarmi, tubsiz jarlik?!..”
Professor o‘z ovozidan cho‘chib uyg‘onib ketdi. Ammo hushiga kelolmay anchagacha shu birgina jumlani o‘ngu tush oralig‘ida takrorlab yotdi: “Axir, bu yo‘lning adog‘ida tubsiz jarlik bor, eshityapsizlarmi, tubsiz jarlik?!..” So‘ng birdan o‘ngi g‘olib keldiyu so‘zlashdan tindi. Qo‘zg‘alib o‘tirdi. Yaxshiyam xotini yonida yo‘q ekan. Yo‘qsa, uning o‘takasi naq yorilardi-ya! U kompot yopaman deya oshxonada kuymalanayotgandi, hali ham o‘sha yerda chog‘i. Professorning xayolida yana tushdagi voqea gavdalandi. “Tavba, yo‘l boshida tubsiz jarlik bor esa va men buni bilganim holda nega gumroh odamlar bilan birga o‘sha yoqqa odimlab boryapman ekan, boz ustiga, jarlik bor, deya jar solishim nimasi? Axir, jarlikdan xabari bor kishi yo‘lini boshqa tomonga solmaydimi?..” dedi o‘ziga o‘zi. Qarasa, sovuq terdan usti boshi shalobba bo‘layozibdi. Turib yuvinib keldi. So‘ng boshdan oyoq kiyimlarini almashtirib yana o‘ringa uzandi…
Ko‘zi endi ilinibdi hamki, xotini choyga chaqirib kirdi.
– Vaqt allamahal bo‘ldi, dadasi. Darsiz bormidi? Turing, nonushta tayyor.
– Ishtaham yo‘qroq. Mensiz ichaveringlar… – ko‘zlarini ishqadi professor.
– Ha-a, bo‘pti, – norozilanib xonadan chiqdi xotini.
Professor yuvindi, kiyindi, portfelini olib eshikka qarab yo‘naldi. Birpasdan so‘ng bekatga keldi. Ko‘ngliga quloq solib, ishxonaga oyog‘i tortmayotganini his qildi. Axir, yana o‘sha tarbiyasiz, olifta va tayinsiz talabalarning qoshiga boradimi? Borib nima qiladi? Nima deydi? Ularning ma’nodan xoli ko‘zlariga – nigohsiz ko‘zlariga behuda boqib, ma’no qidiradimi? Talaba emish yana bular! Qani endi shularning oldiga bormasa! Bormaslikning iloji bo‘lsa!.. Yelkalarini bosib turgan tiriklik va tirikchilik degan yuklar, bularning qarshisidagi burch va mas’uliyat degan “askar”lar ko‘ngilning etagini tutib ketishga yo‘l qo‘maydi-da! Yo‘qsa, nima qilishni o‘zi bilardi… “Mayli, yozga, ta’tilga ham oz qoldi. Bir kelsin, toqqa, dalalarga chiqi-i-ib ketaman. Hammasini unutaman. O‘zimga kelaman. Axir, otalar va bolalar o‘rtasidagi tushunmovchilik bobomning zamonidan beri bor. Ehtimol, hammasi juda-a-a men o‘ylaganchalik emasdir. Oshirib yuborayotgandirman. Ehtimol, xotin tinimsiz javrab qulog‘imga quyib kelayotganidek, hamma gap o‘zimdadir: o‘zim zamondan orqada qolgan, o‘zim charchagan bo‘lsam kerak. Bolalarda ayb yo‘qdir, ular bilan bahslashish, talashish emas, ularga quloq solish, tushunish va yon bosish yo‘lidan borishim to‘g‘riroqdir…”
Shularni o‘ylarkan, professor universitetga eltadigan avtobusga chiqib oldi.
4
Darslari doimgidek kechdi – talabalar yo bir-birlari bilan gaplashib yo o‘zlari bilan – o‘z xayollari bilan band bo‘lishdi. Professor esa o‘zini qayta tarbiyalamoqqa urindi: o‘tishi kerak bo‘lgan darsni o‘tib, aytishi lozim bo‘lgan gapni aytdi, “quloqsiz” yoshlarning kurakda turmaydigan gap-so‘zlariga, xatti-harakatlariga e’tibor bermaslikka harakat qildi. Bilasizmi, uddasidan chiqdi-ey!.. Nihoyat, mashg‘ulotlar tugab, uyiga qaytar ekan, o‘z-o‘zidan mamnun bo‘lib ketdi: “Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq!” deganlari balki shudir, – pichirladi gapiraverib quruqshab qolgan lablari. Axir, xotinim ham ming yildan beri qulog‘imga shuni uqtiradi-ku…
Biroq… biroq kechasi bilan tuzukroq uxlay olmay bosinqirab chiqdi professor. Qalbiga quloq tutsa, o‘zidan, kechagi qilmishidan chunon norozi ekan. Shunda yonida pishillab uxlab yotgan xotinini bir turtib uyg‘otib, zamonga boqqan-boqtirgan ko‘zlarini o‘yib olgisi keldi. Turib vannaxonaga kirdi, uzoq, juda uzoq cho‘mildi. Butun badanini ikki qayta, uch qayta, o‘n qayta sovun surib yuvdi. Go‘yo vujudiga shilimshiq va qo‘lansa bir nima tekkanu uni ming qayta yuvib tashlasa ham arimayotgandek, tanasiga qo‘shilib, uning bir qismiga aylanib ketgandek tuyulaverdi.
Ishtahasi bo‘lmasa ham achchiq ko‘k choy ichib o‘ziga kelmoq qasdida oshxonaga kirdi – borib o‘z o‘rniga cho‘kdi.
– Assalomu alaykum! – avval qizi, ketidan o‘g‘li salom berib kirib joylariga o‘tirishdi.
– Vaalaykum assalom! – bolajonlarim, yaxshimisizlar? – so‘radi ota.
– Ha, dada, yaxshimiz, – javob berdi o‘g‘il.
– O‘ziz ham yaxshimisiz? – shirinlanib so‘radi qiz.
– Shukur, yaxshiman, qizim.
Bolalar shosha-pisha non ushatib, choy quyushar ekan, professor gap qotdi:
– Qarab tursam, kap-katta bo‘p qopsizlarmi. Hademay, litseyni bitirib, institutlarga kiraman, dersizlar. Qani o‘g‘lim, avval sen ayt-chi, kim bo‘lmoqchisan?
O‘g‘il otasiga bir qarab oldi-da, xotirjam ohangda:
– Kompyuter dasturlovchisi, – dedi.
– Hmmm, – dedi ota. So‘ng qiziga yuzlandi: – sen-chi, oyim qizim?
– Vrach-kosmetolog.
– I-ya!..
– Kelib-kelib endi so‘raysizmi? Qanaqa otasiz o‘zi?.. – javradi choy quyayotgan xotini.
Professor jim bo‘lib qoldi. Bolalar esa hech nima bo‘lmagandek apir-tapir nonushta qilishdi-da, “biz ketdik” degancha turib kiyinish uchun o‘z xonalariga yo‘nalishdi.
– Og‘zizga talqon solib olganmisiz, nega indamaysiz? – yandi erni xotin.
– Nima dey, xotin, nima? – qo‘llarini ikki yonga yozdi professor. – Bollardan loaqal bittasi kasbimning etagidan tutarmikan, deb shirinxayol bo‘lib yurganim alam qilib ketyapti, bilsang!..
– Sizning sohangiz?! – ajablandi ayol. – O‘ylab gapiryapsizmi, nima bor ekan yoshlarga, nomiyam, suprasiyam qurib qolgan sizning sohangizda?
– Ha-a-a, – dedi professor cho‘zib, – nima bor ekan yoshlarga mening sohamda?.. Men buni bolalarning o‘zidan so‘rayman, sendan emas, tushundingmi! – professor shaxt bilan qo‘zg‘alib o‘g‘lining ortidan xonasiga kirdi…
– Keling, dada, – hayron bo‘ldi o‘g‘il otasidagi taraddudni ilg‘ab.
– O‘g‘lim, nega aynan kompyuter sohasini tanlamoqchisan? Mening soham-chi? Qara, umrim bo‘yi qancha kitob yiqqanman, qanchadan qancha o‘ylab qo‘ygan loyihalarim bor. Ularning hammasiga mening umrim yetmaydi. Balki davom ettirarsan, deb yurgan ekanman, – negadir aybdorona qaradi ota o‘g‘lining yuziga.
– Dada… – dabdurustdan kerakli so‘zni topolmay kalovlandi o‘g‘il, – dada men yo‘limni tanlab bo‘lganman…
– Shoshma, o‘g‘lim, shoshma! Avval yaxshilab o‘ylab ko‘r…
– Dada, to‘g‘ri, bilaman, ishizni yaxshi ko‘rasiz, lekin meniyam tushuning, achchiq bo‘lsa ham aytaman, hozir zamonbob soha emas sizning sohangiz. Men jamiyat so‘rayotgan sohani tanladim. E’tibor berib, e’tibor ko‘rib yashashni xohlayman, odamdek ya’ni… dada…
Professor nima deyishini bilmay qoldi. O‘g‘lining yelkasiga asta urib qo‘ydi-da, xonadan xomush chiqdi.
– Nima, biz odamdek yashamadikmi?.. – lekin bu savolni professor o‘g‘liga emas, xayolidagi o‘ziga berardi. Chunki o‘g‘lining gaplari unga juda og‘ir botgandi. Shuning uchun ham u bilan suhbatni davom ettirolmadi. Axir, bugungi yoshlarning deyali hammasi o‘g‘liga o‘xshashmaydimi? O‘xshagani uchun ham professorning darslariga begona ular! Tavba-a-a, hayo-huyt deguncha dunyo qanchalar o‘zgarib ketdi-ya!.. Tofflerning “Uchinchi to‘lqin”idan esyaptimi deyman bu sovuq shabadalar? Balki sovuq emasdir. Menga shunday tuyulayotgandir. Davronim o‘tib, usti-boshim yupqalashib qolgandir mening. Nahotki, chindan ham zamonim o‘tgan bo‘lsa? Ana, taraqqiyotning cho‘qqisiga chiqqan Yaponiyadek davlatining cho‘ng rahbarlaridan biri gumanitar fanlarni oliy o‘quv yurtlarida o‘qitishning hojati yo‘q, depti. To‘rttagina universitet rektori uning gapiga qarshi chiqibdi. Qolganlari-chi? “Xo‘p” depti-ey, xumparlar! Shunaqasiyam bo‘ladimi? Nimaymish, gumanitar fanlardan jamiyatga real foyda yo‘qmish. Hayotga progmatik qarash kerakmish! Jamiyatga jaraq-jaraq pul olib keladigan, uni moddiy-texnik jihatdan rivojlantiradigan sohalarga e’tibor qaratish kerakmish… Bu yaxshi, kerak. Lekin insonni kim tarbiyalaydi? O‘sha jaraq-jaraq foydani qo‘lga kiritgan insonda insonlik bo‘lmasa, u o‘ta xavfli maxluqqa aylanmaydimi?.. Buni o‘ylaydigan qoldimi o‘zi dunyoda? Foyda ketidan quvaversak, quv-quv poygaga aylanib, bizni huv ana o‘sha chohga olib borib qulatmaydimi?..
Professor o‘ylab o‘yining oxiriga yetolmasdi.
Endi mana shu takasaltanglarga yengilib, orqasidan ergashishimiz kerakmi? Insoniyat ming yillar davomida misqol-misqol to‘plagan madaniyat, ma’naviyat, ezgulik, oqibat, san’at, adabiyot… degan tushunchalarning bari endi keraksiz matohga chiqadimi?..
Professor ichida shularni o‘ylashga o‘ylardi-yu, ammo zohiran talabalarning g‘ashini keltirmaslikka harakat qilardi: ularga tanbeh bermas, tanqid qilmas, darsdan quvib solmaslikning payidan bo‘lardi. Shovqin juda kuchayib ketsa, so‘zlashdan tinib birpas kutardi. So‘ng yana ma’ruzasini davom ettirardi. Shunday qilsa, hammaga yaxshi bo‘ladi deb o‘yladi: rahbariyatga ham, talabalarga ham, hatto o‘ziga ham. Rahbariyatga shuning uchunki, ishxonada muammo chiqmaydi, “Bog‘dodda tinchlik” bo‘ladi. Talabalarga shuning uchunki, ularning kayfiyati buzilmaydi, har kim ko‘ngil royishiga ko‘ra yuraveradi. O‘ziga shuning uchunki, bor-yo‘qligi bilinmay ishlayotgan o‘qituvchidan hozirgi rahbariyat ham, hozirgi talaba ham rozi bo‘ladi, natijada professorning ish faoliyatiga “yaxshi”, hatto “yuqori” baho beriladi. Demak, u ishini yo‘qotib qo‘yishdan cho‘chimay ishlay oladi. Ko‘rib turibmizki, kelushuv deganlari hamma tomonga birdek foydali chiqib qoldi. Negadir professor bu haqda ilgari sira o‘ylamagan ekan. Hayot majbur qildiki, endi o‘ylay boshladi: “Dunyo deganlari asli yon bosiladigan, murosai madora qilinadigan joy ekan! Miliyon yillardan beri kun bilan tun, yer bilan ko‘k, oy bilan quyosh, ezgulik bilan yovuzlik, erkak bilan ayol… bir-birlariga mudom yon bosmadimi! Ya’ni tun chekinganda kun chiqdi, yovuzlik taslim bo‘lganda ezgulik maydonga tushdi va h.k… Men ham shunday yashayman, tamom-vassalom! Mana, hayotning siri nimada ekan!..”
Ammo professor kechasi o‘sha qo‘rqinchli, o‘sha qora tushni uzoq, juda uzo-o-o-oq ko‘rdi. Ertalab lablariga uchuqlar toshib uyg‘ondi. Kelishuv haqida o‘ylagan kundan boshlab Xudoning bergan tuni o‘sha tushni ko‘rdi, ko‘raverdi. Har gal guras-guras oqib borayotgan izdihomga qarab: “Axir, bu yo‘lning adog‘ida tubsiz jarlik bor, eshityapsizlarmi, tubsiz jarlik?!..” deb hayqirar ekan, cho‘chib uyg‘onib ketaverdi. Xotinini ham uyg‘otib yuboraverdi. Keyin to tonggacha bolaxonaga o‘tib, u yoqdan bu yoqqa yurib chiqaverdi. So‘nggi paytlar xotinini qo‘rqitib yubormaslik uchun hatto bolaxonada, shundoq pol ustida uxlashni odat qildi. Tush esa… o‘sha qo‘rqinchli tush bolaxonaga ham bostirib kirib kelaverdi…
5
– Ustoz, assalomu alaykum!
Professor ortiga burilib shogirdini, auditoriyaning oxirgi o‘rindig‘ida o‘tirib uning ma’ruzalarini jon-qulog‘i bilan tinglaydigan talabani ko‘rdi.
– Vaalaykum assalom! Yaxshimisiz?
– Ustoz, maylimi sizni bekatgacha kuzatib qo‘ysam?
– Mayli.
Ular odamlar orasidan birpas indamay yurishdi.
– Biron narsa so‘ramoqchi bo‘lsangiz, tortinmay so‘rayvering, – dedi nihoyat professor sukutni buzib.
– Ha, so‘ramoqchiman, ustoz, – yuzi qizarindi shogirdning.
– Qulog‘im sizda.
– Ustoz, ijtimoiy-gumanitar fanlarning kam o‘qitilishi va o‘qilishi bilan dunyoning keyingi chorak asrdagi ayanchli holi o‘rtasida bog‘liklik bor, deyapsiz. U holda, o‘sha fanlardan biri bo‘lmish adabiyotning jamiyatdagi konkret vazifasi nimada? Uning bugungi dunyodagi o‘rni, roli, ahamiyati nimalardan iborat?
– Hamma gap shunda-da, mana shu savolning javobida! – dedi professor, – javobning qoniqarsiz ekanligida. Dunyo xaritasini ko‘z o‘ngingizga keltiraolasizmi?
– Mana, keltirdim, – jilmayib dedi talaba.
– Xaritadagi yer shari, bizning, butun insoniyatning umumiy uyimiz, a! Lekin ana shu shar bugun jiddiy xavf ostida turibdi. Bugun yer sharida uchinchi dunyo urushini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan beshta real urush o‘choqlari bor, deyilmoqda. Gap sonda emas, lekin xavfning borligi fakt, to‘g‘rimi?
– Hmm, – saslandi talaba.
– Xo‘sh, qayerdan kelmoqda shuncha xavf, shuncha tahlika?
– Sabablari ko‘p-ku, ustoz.
– To‘g‘ri. Lekin o‘sha sabablarning ham sababi bor bo‘lib, oti – jaholat. Jaholat ma’naviyatsizligu ma’rifatsizlikdan keladi. Hammaga kerak bo‘lgan chin adabiyot esa, ana shu ma’naviyatu ma’rifatning, insoniylikning – gumanizmning asos poydevoridir.
– Axir, o‘zingiz aytar edingiz-ku: “insoniyat ma’rifatchilik davrini yashab o‘tdi. Bu davrda hamma ma’rifatli bo‘lsa, kun kelib ular orasidan saylangan shoh ham ma’rifatli bo‘ladi va dunyoda hal qilinmagan biron muammo qolmaydi. Lekin vaqtlar o‘tib, bu g‘oya ham xomxayol ekanligi ayon bo‘lgan”, deb.
– To‘g‘ri. Bu ham bir bosqich edi. Lekin e’tibor bergan bo‘lsangiz, ana shu davrlarni boshidan kechirgan millatlar bugun jahonda har jihatdan ilg‘or bo‘lib turibdi. O‘tmishga murojaat qilsangiz ham, muqaddas dinlar mag‘ziga e’tibor bersangiz ham bitta haqiqatga duch kelaverasiz: o‘qigan bilan o‘qimagan, bilgan bilan bilmagan, ma’rifatli bilan ma’rifatsiz… hech qachon teng bo‘lmagan.
– Gaplarimni og‘ir olmangu, ustoz, ammo bir gapni sizga aytishim kerak.
– Marhamat!
– Sizning ma’ruzalaringiz boshqacha… qandaydir sirli sehrli, xuddi ertakka o‘xshaydi. Menga yoqadi ular. Ammo… ammo dunyo bilan sizning ma’ruzalaringiz o‘rtasidagi aloqani ko‘pincha topolmay qiynalaman. Dunyo allaqachon boshqa o‘lchovlar bilan yashayapti. U siz aytayotgan ma’naviyatga ham, uning poydevori deganingiz adabiyotga ham etak siltgan. – Talabaning ko‘zlarida, gapirish ohangida ustozini ayash, asrash, unga achinish hislari yashirin edi.
– Buni bilaman. Lekin gap butun insoniyatning hayoti haqida ketyapti. Kimlargadir mening gaplarim kulguli bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin gapning naqdi shuki, bugun dunyo qutqaruv halqasiga ehtiyojmand bo‘lib turibdi. Dunyoni bir o‘zim qutqaraman, degan balandparvoz fikrdan tamomila yiroqman. Bir o‘qituvchida bunday imkon nima qilsin! Ayni damda, shu narsa haqiqatki, bugun dunyoning insoniyatni turli baloyu qazodan xalos qilishga bel bog‘lagan millionlab fidoyi va bilimdon o‘qituvchilarga ehtiyoji bor. Dunyoni qutqarsa, insonning ilmi, ma’rifati, ma’naviyati, ezgulik tomonda turishi qutqaradi. Lekin u o‘z holicha hech kim! O‘qituvchi auditoriyasiz hech kim! Ya’ni men sizsiz, sizlarsiz hechkimman! Auditoriya – misli qanot. O‘qituvchining ezgu niyatlari shu qanotlar yordamidagina ko‘kka parvoz qila oladi. Bugun hech kim bir o‘zi hech nima qila olmaydi. Bir inson nima ham qila olardi? U – ojiz, shunchalarki, kezi kelganda, Iskandardek yarim dunyoni egalladim deb turganda bitta chivinning chaqishidan oyoq-qo‘lini uzatib qolishi mumkin. Shu bilan birga, o‘sha bitta odamning ham qo‘lidan keladigan ko‘p ish bor. Hamma ham o‘sha bitta odamga o‘xshab ish tutsa, butun olam bitta yaxlit mushtga aylanadi-da mavjud muammoning basharasiga kerakli zarbani berishga qodir holga keladi.
– O‘sha Iskandarning ham ustozi bo‘lgan – Arastu! Lekin bu narsa shogirdning jahongirlik da’vosidan qutqarib qololmagan-ku. Natijada qanchadan qancha begunoh odamlarning qoni to‘kilgan, ustoz.
– Arastu – buyuk ustoz. Dunyoga kelib-ketgan jiddiy olimlarning deyarli hammasi qaysidir ma’noda, – bevosita yoki bilvosita, – uning shogirdlari hisoblanadi. Lekin bugungi dunyo Arastu zamoniga qaraganda tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketgan. Bugun inson qo‘lida bir necha daqiqalar ichida yer yuzini kunpakun qilishga qodir qurollar to‘plangan. Ilgari o‘zga bir mamlakatni vayron qilish uchun butun boshli qo‘shin yuborish kerak bo‘lsa, bugun bitta johil podshohning buyrug‘i bilan bosiladigan tugmachaning o‘zi yetarli bo‘lib qoldi. Bas, shunday ekan, bugungi o‘qituvchining zimmasidagi mas’uliyat yanada og‘ir. Chunki o‘sha johil podsho ham qachonlardir bir yoki bir necha o‘qituvchining shogirdi bo‘lgan-da…
Bu orada ular bekatga yetib bo‘lishgan, professorning avtobusi ham qiyshaygancha g‘ildirab kelardi. Professor ulovga chiqib, oynadan talabaga ma’yus tabassum qildi. Talaba qo‘lini “xayr”ga ko‘tarib, jilmayishga urindi. Ammo uning yuzida shunday bir achinish ifodasi muhrlanib qolgandiki, jilmayish bilan uni aritib bo‘lmasdi. Professor buni sezdi, lekin nima ham qila oladi, uning bo‘lgani – shu, u boshqacha yashay olmaydi, ikki dunyoda ham…
6
Kechki ovqatdan so‘ng professor qizining xonasiga ozgina ishonch, ozgina umid va ozgina ilinj bilan kirib bordi. Chunki o‘g‘lining kasb borasidagi keskin javobidan so‘ng otaning ko‘ngli og‘rib qolgandi. “Qizbola yumshoq keladi, tushunadigan bo‘ladi”, deb o‘yladi.
– Qizim, balki sen mening izimdan borarsan? Ot izini toy bossa yaxshida. Chunki hammasini boshdan boshlashingga to‘g‘ri kelmaydi, aksincha, tayyor ishni davom ettirasan-qo‘yasan. O‘zim senga yordam beraman. Mening, bilasanmi, o‘h-ho‘-o‘-o‘, qancha “bismillosi”ni aytib qo‘ygan ishlarim, rejalarim bor…
– Dada-a-a! – Qiz bu so‘zni shunday ohangda aytdiki, “bir!” deganda otaning ozgina ishonch, ozina umid va ozgina ilinjining hammasi tutdek to‘kilib oyoqlari ostiga tushdi. Bu so‘z ohangidan professor: “Nimalar deyapsiz, dada? Shu zamonda ham odam adabiyotning boshini tutadimi? Mundo-o-oq atrofga qarasangiz-chi! Qarab, odamlar qanday yashayapti, nimalarga intilyapti, qiziqib ko‘rsangiz-chi! Kitob titib, chang yutib, ustiga ustak, bitta tuzukroq uyda yashamay, bitta tuzukroq kiyim kiymay, hammaga masxara bo‘lib, hammaning qo‘liga qarab o‘tishni menga ravo ko‘rasizmi?!..” degan ma’noni uqdi. Nayzasi sinib, qalqoni teshilgan bahodirdek siniqib qizining stoli ustiga qaradi so‘ng: allaqanday rang-barang idishlar, bo‘yoqlar, yana biologiya, kimyoga oid kitoblar, modaga tegishli jurnallar. Ochiq turgan notbukda ham allaqanday qimyoviy tenglamalar ko‘zga tashlanadi. Axir, u vrach-kosmetolog bo‘lmoqchi-ku!… Professor qizining xonasidan o‘g‘lining xonasidan qochganda-da tezroq qochib chiqdi. O‘zini yop-yolg‘iz his qilib chiqdi. Voh, atrofi to‘la olam, lekin uni tushunadigan biron zot yo‘q ekan bu olamda! O‘y va hisda bir bo‘lmasa, tanalarning birga bo‘lishi, birga yurishi, bir uyda istiqomat qilishi insonni yolg‘izlikdan xalos etmas, etolmas ekan. Buni professor shu yoshga kirib endi tushundi. Eng yaqinlari deb bilgan oilasi, o‘g‘li, qizi, yana qanchadan qancha talabalariga yuzma-yuz kelib tushundi: u chindan ham yolg‘iz ekan, yop yolg‘iz!..
– Nahotki, zamondan orqada qolib ketgan bo‘lsam? Ammo qanday qilib? Axir, zamon bilan hamqadam kelayotgan, zamon bilan hamnafas edim-ku! Nima sodir bo‘ldiki, qisqa vaqt ichida men va zamon o‘rtamizda mana shunday choh paydo bo‘ldi? – Professor qalbining tub-tubida bu savollarning javobiga o‘xshagan nimalarnidir his qilardi-yu, lekin buning javob bo‘lib- bo‘lmaganini aniq bilmasdi. – Ehtimol, bu bor-yo‘g‘i otalar va bolalar, ularning yoshi, dunyoqarashi o‘rtasidagi tafovutdir. Vahima qilishning, xuddi oxirzamon kelgandek titrab-qaqshashning hojati yo‘qdir. Axir, insoniyat esini tanigandan buyun shunday – otalar bolalardan, bolalar esa otalardan norizo bo‘lib kelmadimi? Keldi. Xo‘sh, nega bugun ayyuhannos solish kerak ekan?..
Professor ushbu mushohadalarining g‘oyat mantiqli ekanini bilar, lekin o‘z zamonining holi eski zamonlarnikidan qiyos qilib bo‘lmaydigan darajada qaltis ekanini ham tushunib ezilardi. U ham bo‘lsa, o‘tgan zamonlarda insoniyat qo‘lidagi qurol bugungidek ko‘p va xo‘p emasdi. Yer yuzi aholisi ham bugungidek urchigandan urchib, yo‘lda yursa, birining yelkasi ikkinchisinikiga tegib ketadigan darajada bir-biroviga yaqin kelib qolmagandi u vaqtlar. Gapning indollosi, bir joyda urush chiqib, o‘sha yer aholisi butunlay qirilib ketsa ham, boshqa joylardagi aholi bundan tamomila bexabar emin-erkin yashab yurishaverardi. Endi-chi? Endi dunyo ulkan, yaxlit bir maydonga aylanib bo‘ldi. Endi uning bir burchagida kichik bir yong‘in chiqsa, narigi tomoni ham baravar kuyib kul bo‘ladi. Urush chiqsa ham natija shunday – dunyo ostin-ustun bo‘ladi-ketadi. Eng yomoni – dunyoni ko‘z ochib yumguncha ostin-ustun qilib yuboradigan qurol-aslahalar boshqaruviga ma’rifatsiz, dinu iymonsiz, manqurt odamlar tobora yovuqlashib bormoqda. Mana – nima professorning o‘ylatadi, dahshatga soladi…
7
Professor ma’ruzadan chiqib, kafedraga kelsa, u yerda bundan sakkiz-o‘n yillar burun universitetni bitirib, akademiyada tizimida ishlayotgan shogirdlaridan biri kutib o‘tirgan ekan. Bag‘irlashib quyuq so‘rashishdi.
– Bormisiz, shogird? Anchadan beri ko‘rinmaysiz, kamnomasiz? Gapiring endi, qandoqsiz? – sevinganidan baland ovozda paydar-pay savol berardi professor.
– Ustoz, mumkin bo‘lsa, hovliga – ko‘shkka chiqaylik, gapim bor, – dedi javoban qimtinib shogird.
– Yuring.
Ular birgalashib kafedradan chiqishdi.
– Bilasizmi ustoz, hammasi judayam yomon, – dedi shogird ular ko‘shkka kelib joylashgandan so‘ng ustozining ko‘ziga tik qarab. – Sandiqda chang bosib yotgan diplomimni olib kelib yirtib, mayda-mayda qilib, universitet darvozasi oldiga otsammi, deb o‘ylab yuribman…
– Iya-iya, ish shunchalar chatoqmi? – tashvishlandi professor.
– Battar, ustoz, battar! – bir yutinib olib davom etdi shogird. – Ishsiz, ish axtarib, topolmay yurganimga bir yil bo‘ldi. Boshqa, zamonbob, jamiyatbob sohalarda o‘qimaganimchun ming-ming pushaymonlar yeb yurganimga esa ko‘p bo‘ldi. Lekin bu hali hammasi emas. Ammo hammasi shundan boshlandi.
– Nima bo‘ldi, yana?
– Adabiyot deymiz, ma’naviyat deymiz, u nima beradi insonga, ustoz? U hayotning o‘zi emas-ku!
– Hayotning o‘zi emas, lekin hayotdan tashqarida ham emas. Unda hayot bor.
– Bularning hammasi chiroyli gaplar!
– Aslo unday emas!
– Nega unda men yo‘limni topib ketolmadim? Nega ishsizman, nega ruhim cho‘kib ketgan, nega yashagim kelmay qolgan? Xotinim o‘g‘limni olib meni tashlab ketgan. “Sadqai erkak ket!” – deya qarg‘ab ketgan. Endi ko‘ring holimni: sadqai ota ham ketib turibman – bittagina bolamning alimentiga ham pul topolmayapman. Yo‘q, men noshud emasman, dangansa ham emasman, men bor-yo‘g‘i o‘z ishini jonu dilidek sevadigan bitta mutaxassisman. Men shu kasb uchun o‘n yillar davomida o‘qidim, zahmat chekdim. Endi boshqa ish qilolmayman, axir, ustoz!..
– Boshingga tushgan ko‘rgiliklarda adabiyotning aybi yo‘q.
– Bor! Bo‘lganda qandoq!..
– Qanday ayb ekan?
– Adabiyotni hayot deb o‘ylabman. Bilsam, hayot boshqayu adabiyot boshqa ekan!
– Adabiyotni tirikchilik manbaiga aylantirmaslik kerak.
– Tirikchilik manbai?!.. Men uni tiriklik manbai deb yanglishdim, ustoz! U na unisiga va na bunisiga yaramay qoldi bugun, tushunyapsizmi, yaramay qoldi!..
– Chuqur ketish hamma sohada yanglishlarga, boshi berk ko‘chalarga olib boradi, unutma! Hatto dinda ham ahvol shu.
– Eslayman: bir vaqtlar kursdosh do‘stlarimiz bilan adabiy davralarda “Adabiyot hammaning ishi emas! U xoslar uchun. Adabiyot odamlar orasidan sog‘lom yuraklilarni tanlab oladi-da barini tuzalmas dard ila siylaydi. Sog‘ayishni istaganlar – xiyonatkorlar. Chinakam adabiyot doimiy dardmandlikdir!” deya yurgich edik. Endi ko‘ring holimni: o‘sha gaplar g‘irt oliftagarchilikdan o‘zga narsa emasligi qismatim tomonidan peshonamga o‘yib bitildi. Menga kerak emas ekan bunday bemorlik. Men oilamni qaytib kelishini, o‘g‘limni bag‘rimga olib, otalik mehrimni berishni istayman. Oshxonadan ayolimning kuymalanayotganini, u yerdan hayotning isi taralib turishini, uyimni qabriston sukunati emas, hayotning shovqini tutib ketishini istayman! Ustoz, mana men istagan adabiyot, mening adabiyotim!
Professor indamay quloq solardi.
Olloberdini eslaysiz-a, ustoz? Kursda eng yaxshi o‘qir, zo‘r she’rlar yozardi.
– Olloberdini, uning she’rlarini eslamay bo‘ladimi? Aytgandek, qayerda u?
– Yaqinda ko‘rib qoldim.
– Xo‘sh?
– Katta bir mahallaning imomi bo‘lib ketipti. Hayoti zo‘r!.
– She’r nima bo‘pti, she’r?
– She’rniyam, adabiyotni ham, kasbni ham tashlabdi, ustoz. Adabiyot na bu dunyomga yaraydi, na unisiga. Dinning yo‘rig‘i boshqa, u har ikki dunyomga asqotadi, deydi.
– Nega shunday qilasizlar, a? Nega adabiyotni, adabiyot ishini, adabiyot bilan bog‘liq kasbni dinga qarshi qo‘yasizlar? Axir, adabiyot har qanday yumush bilan shug‘ullanayotgan insonning ko‘ngil holi-ku! Hatto o‘sha Olloberdining hayotida, ko‘nglida yuz bergan o‘zgarishlar ham adabiyot aslida! – ranjib dedi professor.
– Bilaman, ustoz, men qarshi qo‘yayotganim yo‘q.
– Xo‘sh, nega unda Olloberdiga, olloberdilarga havas qilib kelding?
– Havas ham qilayotganim yo‘q, ustoz. Men o‘z ishim bilan shug‘ullanib, odamdek yashasam, deyman! Lekin tanlab olgan sohamda rag‘bat yo‘q. Rag‘batning yo‘qligi menga o‘xshagan ming-minglab yoshlarning umidlarini chippakka chiqaryapti. Hozirgi inson – realist. U atrofga tik qaraydi. Kim jamiyatning to‘ridayu kim poygakda? – ko‘radi, kuzatadi, tahlil qiladi, xulosalar chiqaradi. Agar yaxshi tarbiya ko‘rgan inson jamiyatda qadr topayotgan bo‘lsa, u ham yaxshi bo‘lishga harakat qiladi. Aksi taqdirda, yaxshilik qilishdan, yaxshi bo‘lishdan qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga uradi. Shunday emasmi, ustoz?..
– Nazariyada shundaydir. Lekin sen amalga boq. Amal bilan ana shunday savil nazariyalarni sindirib yasha!.. Taslim bo‘lish kerak emas! Ayniqsa, erkak kishi. Adabiyot bu sening ko‘nglingda yashaydi. Haqiqiy adabiyotning joyi o‘sha yerda. Qo‘ling nima ish bilan band bo‘lsa bo‘lsin, u adabiyotning ishini qiladimi, dinningmi va yoki ketmon chopib, g‘isht uradimi, bo‘yinbog‘ taqib yurtni boshqaradimi, farqi yo‘q, muhimi ko‘ngilni pok tut! Ko‘ngil – muqaddas dargoh, Ollohning nazari tushadigan joy. Chin adabiyot ham o‘sha yerda tug‘iladi va yashaydi…
Ustoz-shogird yana anchagacha ko‘shkda gurunglashib o‘tirishdi. Bu gurung shogirdning bag‘ridagi toshni asta-sekin erita boshladi. Toshning erib, ko‘ngilning yumshagani shogirdning ko‘z soqqalarida paydo bo‘lgan namlikda akslanib turardi…
8
Ertasiga professor auditoriyaga kirdi. Talabalarning joylashib-tinchishib olishlarini birpas kutdi. So‘ng tomoq qirib ma’ruzani boshladi. Shu lahza auditoriyadagi muhit xuddi hayotdagi manzarani yodiga solib yubordi: unda tinchlik ham, shovqin ham, e’tibor ham, loqaydlik ham, shivir-shiviru g‘ivir-g‘ivir g‘am, turli ma’nodagi qarashlar, xatlashishlar, xo‘rsinishlar, zavqlanishlar… hamma-hammasi bor edi. Auditoriya go‘yo ulkan yer yuzining kichik bir maketi edi. Professor shuncha yil dars berib bunday ma’jozga ilk kez duch kelib turardi. Bu ma’jozning zimnida hayot deb atalgan ummonning borliq qatlamlari yastanib yotardi. Professor buni teran angladi, chuqur his qildi. Bu shunday anglash, shunday his qilish ediki, endi u hech qachon, hech bir holatda o‘z ishidan chalg‘imaydi. Zero, auditoriya bu hayot edi, uning hayoti!.. Endi u auditoriyani shovqin bosib ketsa ham darsni to‘xtatmaydi, nima qilsa qiladiki, lekin vazifasini ado etadi – ma’ruzani o‘qiydi. Axir, hu-u-uv ana, ulkan auditoriyaning burchagida bir talaba butun borlig‘i quloqqa aylanib professorni tinglab o‘tiribdi. Bir oy, yarim oy burun o‘sha talaba ham yo‘q edi. U loqayd talabalarning safida edi. Endi esa yo‘q! Endi u professor orzu qilgan, uning xayolidagi talabalarning safida. Professor ana o‘sha uchun, qolganlarning ham o‘shanga aylanishi uchun dars o‘tadi.
U ma’ruzani boshladi.
“Dunyo ulkan darsxonadir. Unda har kim bir paytning o‘zida ham o‘qituvchi, ham o‘quvchidir. Muhimi – kimdan bo‘lmasin, nimani o‘rganishda va kimga bo‘lmasin, nimani o‘rgatishda! Yana hayot mobaynida nimaga amal qilishda, kimning, nimaning yonida turishdadir. Har kimning qarshisida mana shunday tanlov – yo‘l turadi. Biz yo‘lni tanlar ekanmiz, o‘zimizni tanlaymiz. O‘zimizni tanlab esa, dunyoni, dunyomizni saylaymiz! Bas, shunday ekan, hayotimizning qanday bo‘lishi ana shu tanlovimizga bog‘liq! Magar yer yuzini jannatga aylantirsak, demak, jannatga, magar unda do‘zaxni barpo etsak, demak, do‘zaxga munosib bo‘lamiz…”
Professor darsni yakunlar ekan, auditoriyaning boshqa bir burchida yana bir talabaning nigohida uchqun sachraganini ko‘rib qoldi. Oh, bu qanchalar ulug‘ hodisa edi u uchun! Xuddi olamni qayta yaratgandek his qildi o‘zini! Demak, u to‘g‘ri yo‘lda! Shuncha xizmatlari, mehnatlari va zahmatlari behuda ketmapti, suvlarga oqmapti. Ular mana shu talabaning yuragidagi muzni eritish va erigan muz o‘rnida muborak olov – ma’rifat olovining yoqilishiga sabab bo‘lipti! Bu nigohlar avvaliga yo‘q edi, keyin bittasi tug‘ildi, mana endi ikkinchisi. Endi umid qilsa bo‘ladi. Endi dunyoning o‘z o‘rnida qoim turishi va bu sobit dunyoda insonga munosib hayotni yaratish uchun butun auditoriyaning nigohida ana shunday ma’rifat olovlarini yoqadi. U buning uchun tunu kun mehnat qiladi!..
Professor uyiga shirin o‘ylar bilan qaytdi. Yo‘l-yo‘lakay marketga kirdi, erinmay bozorlik qildi. O‘z qo‘llari bilan osh pishiraman, deya oshxonaga kirib, xotiniga ko‘tarinki ovozda “bugun siz pishir-kuydirdan ozodsiz!” deya e’lon qildi. To palovxonto‘rani pishirib dasturxonga tortgunga qadar ovozini o‘sha pardada baland qo‘yib qiziq-qiziq gaplardan gapirib turdi, hazil-mutoyibalar qildi. Endi uning ko‘zlariga ota kasbini emas, zamon talab qilgan kasbni tanlagan o‘g‘il-qizining tutumlari xunuk ko‘rinmay qoldi. Oshni suzib, hammalari dasturxon atrofida jam bo‘lishganda ham ana shu kayfiyat uni sira tark etmadi. Ammo kechasi… kechasi tushida yana o‘sha yo‘lni, yana o‘sha izdihomni, yana o‘sha jarlikni ko‘rdi va qichqirib yubordi: “Axir, bu yo‘lning adog‘ida tubsiz jarlik bor, eshityapsizlarmi, tubsiz jarlik?!..” Professor mundoq sarosar solsa, odamlar oqimida o‘g‘li, qizi, xotini, shogirdlari, talabalari, xullas, hayotda tanigan-bilgan kimki bor bo‘lsa, hammasini ko‘rdi. Ular o‘sha izdihomning ichida odimlardi. Professor xushiga kelganda yana jiqqa sovuq terga botib qolgandi.
– Siz ertalabdan bi-i-ir do‘xtirga boring. Yo‘q, tong otsin, yaxshisi o‘zim olib boraman! – deya narigi omonga o‘girilib yotib oldi xotini.
– Ertaga darsim bor, boshqa kuni, – dedi asta professor va xalatini kiyib bolaxonaga o‘tdi.
Ishtahasiz qilingan nonushtadan so‘ng professor portfelini ko‘tarib yana yo‘lga tushdi. Ikki tirband avtobusni almashtirib, nihoyat, universitetga yetib keldi. Bekatda tushib odimlab borarkan, o‘ziga o‘zi pichirladi: “Taslim bo‘lish yo‘q! Men o‘ngimdagi auditoriyani isloh qila olsam bas, tushimdagisi o‘z-o‘zidan isloh bo‘ladi. Buning uchun hech qanday do‘xtir-po‘xtir kerakmas. Men o‘z dardlarimning tabibiman. Odam 40 yoshdan keyin o‘ziga o‘zi tabab bo‘lmasa, holiga maymunlar yig‘lasin! Faqat taslim bo‘lish yo‘q, professor, taslim bo‘lish yo‘q, dedim senga!..”
Professor ana shunday qat’iy qaror bilan auditoriyaga kirdi. U yerdagi vaziyat har doimgidek tumanli edi. Ammo professor ana shu tumanni tarqataman, vaziyatni o‘nglayman, deb keldi, axir! Bas, u o‘z qaroriga munosib kayfiyatda bo‘lishi kerak. Nafsilamrini aytganda, dunyoning holi ham mana shu auditoriyadan sira farq qilmaydi. Ayni o‘zginasi deyavering. Unda ham yaramaslar, g‘alamislar, urushqoqlar, pismiqlar, adolatsizlar, buzuqlar… to‘lib-toshib yotibdi. Lekin huv anavi ikki juft nigoh yanglig‘ dunyoni isloh qilaman degan pokdomonlar ham bor. Buni unutmaslik kerak! Mana shu auditoriya professorga ajratilgan chekdir! Dunyoni tuzataman degan zot borki, tafakkur qilsa, muhaqqaq ravishda uning ham taqdiriga yozilgan bir auditoriyasi borligini ko‘radi. Faqat har kimning tabiati, dunyoqarashi, ta’lim tarbiyasiyu intilishlariga yarasha auditoriyasi bo‘ladi. Dehqonning dalasi – uning auditoriyasi, farrosh uchun ko‘chalar ana shunday auditoriya, har qanday din peshvosining, har qanday ijod ahlining auditoriyasi – inson qalbi, professorniki esa, mana, qarshisida turibdi, prezident auditoriyasi yana o‘ziga xos – u butun boshli mamlakat. Hamma o‘z chekiga tushgan auditoriyani yaxshi tomonga isloh qilishi lozim. Har kimning o‘z auditoriyasini isloh qilishi dunyoni isloh qilishiga teng! Inson, hazrati inson degani ana shunday yashaydi!..
– Assalomu alaykum, azizlarim! Bugungi darsimiz “Jahon adabiyotining zamonaviy muammolari” deb ataladi. – Professor shu bir jumlani aytishga aytdiyu ilkis to‘xtab qoldi. Chunki uni tinglab o‘tiradigan ikki juft nigohdan bittasi yo‘q edi. O‘sha – birinchisi, professorni hech kim eshitmagan vaqtda ham eshitgan ilk nigoh bor-ku, o‘shanisi yo‘q edi. Talaba o‘tirgan o‘rindiq bo‘sh, xuddi tashlab ketilgan uydek huvillab turardi.
– Ana bu yerda o‘tirgan talabamiz qani? – dabdurustdan so‘rab qoldi professor ma’ruzani to‘xtatib.
– U… u bir yilga akademta’til olib ketdi, – javob berdi kurs sardori o‘tirgan o‘rnidan.
– Nega bir yilga ketadi? – Shoshib qoldi professor.
– Sharoiti og‘ir. Ishlaydi, ishlashga majbur u.
Professorning ichi shig‘illab, oyoqlari bo‘shashdi. Axir… axir shu choqqacha o‘sha talabaning bitta o‘zi professor uchun butun boshli auditoriya emasmidi! Axir, necha bor o‘sha talabaning bir o‘zi uchun dars o‘tib chiqib ketgan edi u. O‘sha bitta talaba uchun qo‘shimcha adabiyotlar o‘qib, alohida tayyorgarlik ko‘rib kelardi. Endi-chi? Endi nima bo‘ladi?.. Auditoriya suv quygandek jim-jit, hammaning nigohi qulog‘i yanglig‘ professorga qadalgandi. U gapirishi, vaziyatni qo‘lga olishi kerak edi. “Taslim bo‘lish yo‘q! Men o‘z ishimni sidqidildan ado etishda davom etaveraman. Kun kelib, ta’tilga ketgan talaba ham yana o‘z o‘rniga qaytadi, tinglovchi nigohlar soni ko‘payadi, u butun boshli auditoriyaga aylanadi!” dedi ichida va ma’ruzaga qaytdi: “Bugungi darsimiz “Jahon adabiyotining zamonaviy muammolari” deb ataladi. Aytish joizki, zamonaviy muammolar bevosita zamondosh insonning hayoti, qismati, ko‘ngli bilan bog‘liqdir…”
Dars tugab, professor portfelini ko‘tarib binodan chiqdi. Ammo uyga borgisi kelmasdi. Chunki… chunki professorning bag‘ri uzu-u-un bir yig‘iga to‘lib ketgandi. Kuni kecha bir shogirdi kelib, uning ma’naviy ko‘ksiga boshini qo‘ygan ko‘yi dardlarini to‘kib, yengillab ketgandi. Endi uning o‘zi shunday bir do‘stga, shunday bir bag‘irga ehtiyoj sezib turibdi. Lekin qani o‘sha mehribon do‘st, qani o‘sha tasalli berguvchi bag‘ir?!.. Uyiga boray desa, xotini ham, o‘g‘liyu qizi ham ko‘chani to‘ldirib yurgan million-milion odamlardan sira farq qilmaydi: ular zamonning farzandlari – professorni, uning dardlarini tushunmaydi. Bolalarining tomirlarida uning – otaning qoni oqib tursa ham, lekin o‘y-u xayollarida yangi zamonning kayfiyati oqmoqda. Shuning uchun o‘rtada qandaydir begonalik, tushunmovchilik bor. Ha-ha, bor! Tushunmagan ko‘krakka bosh qo‘yiladimi? Unga ko‘ngil ochilib, ko‘z yosh to‘kiladimi?.. Aslo! Xo‘sh, qayga borsin unda?..
Professor portfelini qo‘ltiqlagancha azim kent ko‘chalarini aylanib yurdi. So‘ng shaharning u chekkasidan bu chekkasiga qatnaydigan katta-katta avtobuslarga chiqib olib kezdi. Vaqt allamahal bo‘lib ketdiyam, na uyga borishni istadi va na biron boshqa go‘sha axtardi. Axir, ko‘ngilga quloq solsa, u yerda hech kim yo‘q, atrof-javonib nihoyatda begona bo‘lib ketgan. U o‘z dardlarini, ko‘zyoshlarini yot quchoqlardan, yot bag‘irlardan qizg‘onib kelmadimi? Qizg‘onib keldi, hanuz qizg‘onadi. Shuning uchun ham ularni yot odamlarning nigohsiz ko‘zlariga emas, yo‘llarga – uzun va beminnat yo‘llarga sochishni afzal bildi. Ammo bularning hammasiga qarama qarshi, tinmay yo‘l bosayotgan professorning lablaridan bir tilak duodek to‘kilardi: “Hali hammasi yaxshi bo‘ladi, hali dunyo ulkan bir auditoriyaga aylanadi va men ham unda ma’ruza o‘qiyman!..”