Qishloqda tug‘ilib o‘sganim boismi, tabiatni juda yaxshi ko‘raman. Shahardan uy olayotganimda ham shunga e’tibor qilganman. Ya’ni, uy shaharning so‘limroq, avtoulovlar kamroq qatnaydigan, serdaraxt joyidan bo‘lishini istaganman. Shunday joyni topib, o‘zimga ma’qul uyni sotib ham olganman. Keyin esa… keyin nimayam qilardim, yashay boshlaganman el qatori…
Yashash degani biz tomonlarda ish… keyin uy… undagi oila-ro‘zg‘or yumushlariyu bola-chaqa tashvishlariga sho‘ng‘ish degani… Chekimizga tushgani shu bo‘ldi. Taqdir deyishadi-ku uni hamma joyda ma’noli qilib. U tamg‘adek gap — peshonangga bir bosildimi, tamom-vassalom, qabrga qadar shunday ketaverar ekansan… Taqdirni o‘zgartirish mumkin emasmi? — deya umrimda bir emas, Xudoning har kunida ming bor o‘ylaganlarim — chin. Lekin… ko‘rib turibsizki, hammasi yana – boyagi-boyagi, boyxo‘janing tayog‘i. Taqdir-ku qudratli — buni ozmi-ko‘pmi bildik — tag‘in sirliyu sehrli! Axir, sen Eshmat bo‘lsang, qanday qilib Toshmatga aylanishing mumkin? Plastik amaliyot ¬orqali mumkin demoqchimisiz? Bu judayam xususiy gap. Qolaversa, yuz ko‘rinishingni o‘zgartirganing bilan o‘zing qolasan-ku ichkarida. U yerda sen har doim o‘sha-o‘shasan: Eshmat bo‘lsang, Eshmatsan, Toshmat bo‘lsang, Toshmat! Ishonmaysizmi? Unda eshiting. Fursatingizu istagingiz bo‘lsa, o‘z taqdirimdan biroz, so‘zlab beray…
O‘shanda men taqdirimning o‘zini emas, uning atigi bittagina chizig‘ini o‘zgartirmoqqa ahd qildim. Chunki men hayotimning aynan shundayligidan, ya’ni qanday bo‘lsa, o‘shandayligidan juda-juda charchagandim. U go‘yo mening tepamda turib olib, tinimsiz og‘ir ish buyurayotgan badjahl va beshafqat xo‘jayinga o‘xshab borayotgandi. Mayli, derdim ichimda, mayli, u menga topshiriqlarni bir qog‘ozga yozib bersin, qolganiga aralashmasin, men esa barini bitta ham qo‘ymay ado etay. Lekin manavindaqa qilib boshimda turib olib, xuddi arpasini xom o‘rgan kishiga o‘qraygan kabi go‘layishi, baqirib-chaqirishi, ¬savalashi, sannashi… jon jonimdan o‘tib ketdi-da…
Men ana shunday o‘ylar ilinjida o‘n yillar yashadim. Bu vaqt mobaynida qismatimning biron chizig‘iga tahrir kiritgan bo‘lsam, o‘lay agar. Xohlamadim emas, xohladim, lekin bu istak ichimdagina qoldi. Shunday kechayotgan, ya’ni men ishdan uyga, uydan ishga bo‘zchining mokisidek qatnab yurgan, bir-biriga ikki tomchi suvdek zerikarli kunlarimning birida, bilasizmi, nimaga duch kelib qoldim: daryoga! “Shaharda daryo pishirib qo‘yibdimi?” deya iddao qilmoqchi bo‘lsangiz, aytib qo‘yay, kech qoldingiz. Sizdan oldin mening xayolimga kelgan bu.
— Uyimizning biqinida daryo borakan-a!? – dedim o‘sha kuni kela solib xotinimga. U esa menga uzoq vaqt hayron bo‘lib tikilib qoldi. – Ha, — dedim mening ham ensam qotib, — nega ¬angrayib qolding?..
— Ayolim indamay kelib peshonamga qo‘lini tekizib ketdi. Shundayam savolimga javob bermadi. Aksincha, butunlay boshqa mavzuda gap ochdi:
— O‘g‘lingizning maktabiga borishingiz kerak edi, ota-onalar majlisiga, bormabsiz, sinf rahbari telefon qilgan edi, yer yorilmadi, yerga kirmadim. Rosa tayinlagan edi bechora…
— A-a-a! – dedim og‘zim ochilib. Jin ursin, chindanam yodimdan ko‘tarilibdi-ku!
– Anuv kun qizingizni shunaqa ahvolga ¬soluvdingiz, ko‘chada dugonasi bilan sizni ¬kutaverib simyog‘ochga aylanishgandi. Bugun daryo deysiz? Qanaqa daryo? Huv anuv ko‘cha yuzidagi iflos, tagida bilakdek suv arang oqadigan ¬ariqni aytayotgan bo‘lmasangiz…
Men indamadim. Chunki o‘ylab qarasam, ayolim yuz bor haq. Daryoni qo‘yib turaylik, chunki u ham ko‘rmagandir menga o‘xshab. Ariq!.. Negadir eslay olmadim. Bo‘lsa bordir. O‘zi ishimning ko‘pligidan hali uni, hali buni yodimdan chiqarib yuradigan odam bo‘lsam. O‘ylashimcha, bu parishonxotirlik ham emasdi. Xayolim turli-tuman, bo‘lar-bo‘lmas yumushlar bilan shunchalik bandki, asti qo‘yaverasiz. Keyingi vaqtlarda bir parcha qog‘ozga ishlarimni yozib, ko‘rga hassadek qo‘limda olib yuradigan odat chiqarganman. Boshqachasiga sira bo‘lmayapti, ulgurmayapman. ¬Ishonmasangiz, mana bittasi. O‘qib ko‘ring.
1. Eshikning qulfiga til. 2.Sarvarning to‘yiga to‘yona. 3. Yo‘l-yo‘lakay ishxonaga el. choynak (kecha kuyib qolgan edi). 4.O‘g‘ilning kompyuterini ustaga eltish. 5. Elektr pulini to‘lash. 6. Poliklinikadan spravka (qiz fiz.mashg‘ulotlariga qatnashmaydi). 7. Bozor (kartoshka, piyoz, sabzi, go‘sht, non, yog‘…). 8. Mashina shinalarini damlatish. 9. Yunusoboddagi qarindoshdan hol so‘rash (bobosi qazo qilgan). 10. Keksayib qolgan qo‘shnini Qorasuvdagi tabibga olib borib kelish (otaxonning o‘zi qattiq iltimos qilgan). 11. “Gap”ga borish…
E’tibor beringki, ro‘yxat faqat bugunga atalgan. Erta uchun uni boshqatdan tuzaman. Ado etilganlarini tushirib qoldirib, qolganlarini yangilariga qo‘shib yozib chiqaman. Bunday yo‘l tutayotganimga ham ancha bo‘lgan. Lekin har qancha yozmay, savil ish tugamaydi. Ro‘yxat ham kundan-kun uzun bo‘layaptiki, aslo qisqaray demaydi. ¬Lekin baribir, xotinimning iddaolarida jon bor: ota degani bittagina o‘g‘liyu yagona qiziga tegishli ishlarniyam unutadimi? Ota-onalar majlisi-ku mayli, chidasa bo‘lar, ammo tunov kun bozor ro‘parasida sinfdoshi bilan birga kutgan qizimni unitib qo‘yganim chatoq bo‘ldi-da. Eslasam, haligacha g‘alati bo‘p ketaman… Nimayam derdim, ular avvalboshdanoq ro‘yxatda yo‘q edi-da. Shuning uchun ham yodimdan ko‘tarilgan.
Aslida, ro‘yxatdagilar mening asosiy ishlarim emas, balki qo‘shimcha, yo‘l-yo‘lakay bajariladigan bachki yumushlarimdir. Asosiy ishim, u boshqa. Men ertalab soat 9.00 da ishxonaga qadam bosishim bilan anavi ro‘yxatni kissamga solib qo‘yaman. Chunki ishxona xodim uchun… dargoh. Unga oilayu ro‘zg‘or, oshna-og‘aynichiligu shaxsiy ehtiyojlar bilan bog‘liq ivir-shivirlarni aralashtirib bo‘lmaydi. Soat kechki 18.00 ga yetdimi, mana, ishxonadan chiqiboq, cho‘ntakdan qog‘ozni chiqaraman. Va… marhabo, ey dunyoning ikir-chikirlari!.. Yana-chi, telefonimda ham talay eslatmalar turadi. Ro‘yxatdan endi boshimni ko‘targanimda “tiring-tiring” etadiyu yana ekranda yumushlar qisqartirilgan nomlari ko‘rinadi. Masalan, “met. 10” deganim soat 10.00 da metro oldida bo‘lishim kerak degani. Va hokazo…
O‘sha kuni ishxonadagiyu qog‘ozdagi bo‘lib barcha yumushlarimni deyarli pok-pokiza ado etib uyga qaytayotgan edim. Qo‘qqisdan mashinam og‘irlashib, bir tomonga og‘ibroq g‘ildiray boshladi. Darrov sezdim: balon qo‘yvorgan. To‘xtab qarasam, aytganimdek bo‘lib chiqdi. Zahiradagi balonni chiqarib qo‘ydim. Teshilganini bo‘lsa ertaga yamatishga topshiraman, demak, ro‘yxatga birinchilardan bo‘lib tirkashim kerak. Qog‘oz-qalam olib darhol qayd etay deya qarasam, qo‘lim qoraga chaplanibdi. Doim olib yuradigan plastmassa idishimdagi suv bo‘lsa sob bo‘pti. Alanglab atrofga qaradim va… Xoh ishoning, xoh yo‘q, shundoq yonboshimda salobat bilan oqib turgan suvga ko‘zim tushib qoldi-yov! Ajabo!.. Hayratimning chek-chegarasi yo‘q edi. Axir… axir, men uyimdan yuz qadamcha berida turar edim. “Nahotki, shuncha vaqtdan beri?..”, deyman o‘zimga-o‘zim to‘tiqushdek. Chindan ham, nahotki, shuncha vaqtdan beri men uni ko‘rmagan bo‘lsam? Axir, u shunchalar to‘liqib, shunchalar buralib, sollana-sollana, shiddat-la oqardiki, ta’rifiga so‘z ojiz edi. Men bo‘lsam tabiat shaydosi edim. Shaydoligim hayf, magar uni shuncha fursatdan buyon biron marta ko‘rmagan bo‘lsam? Buni kimga aytmay, uning ishonmasligini bilardim. Lekin to‘g‘risi ham shu edi: men qariyb o‘n yil mobaynida uyimning yonginasidan oqib o‘tayotgan anhorni, yo‘q-yo‘q daryoni ilk bor ko‘rib turar edim!..
Suvning jonbaxsh sehrini unga tashna bo‘lganlargina biladi. Mening butun borlig‘im zumda ana shunday tashna yurakka aylandi va o‘zimni anhorning bo‘yiga otdim. Birdaniga yuzimga, qo‘l va oyoqlarimga, butun vujudimga suvning orombaxsh salqini urildi, lablarimni “oh!” degan xitob yorib chiqdi. Kela solib engashdim va hovuchimni suvga to‘latib-to‘latib to‘lqinlanib oqayotgan anhorga socha boshladim. Botayotgan quyoshning arg‘uvoniy ranglari suv zarralari bilan qo‘shilib, anhor yuzasida bir lahzalik kamalak paydo qilganida esa baxtiyorlik va mastlikdan boshlarim aylanib ketdi. Men bir zumda yosh bola bo‘lib qolgandim. Bolalikning -ranginu zavqin olamiga sho‘ng‘idim go‘yo. Yuzada sokin, ¬tubanda esa to‘lg‘onib oqib turgan suv yuragimdagi og‘riqlarni yuvib ketayotganini his qilganimda telbalardek qichqirgim keldi. Buni judayam aniq his qildim. Chunki turmush tashvishlaridan bino bo‘lgan o‘sha og‘riqlar yuzimgacha toshib chiqqandi, toshib chiqib o‘zining dahshatli naqshini solgandi, solib meni qari kishiga aylantirib ulgurgandi. Anhor esa bunga chek qo‘ydi, ha! Suvda jimirlab turgan aksimda men bolaligim liqosini ko‘rib qoldim. Ha, bolaligim yuzini!.. Baxtu iqbolim had-hududi yo‘q edi. Shu boismi, vaqtni unutdim. Suv bo‘yida qoldim-ketdim. Unga tikilar ekanman, men negadir dunyoga kelishu ketish haqidagi o‘ylarga, yuragimning tub-tubida g‘imirlab qo‘yadigan, lekin o‘zining borligini hech qachon oshkora namoyish etmagan-etmaydigan o‘ylarga ro‘baro‘ kelardim. Buni o‘ylaganda esa qilib yurgan ishlarim birdaniga judayam mayda, judayam bachkana tuyulib ketdiki, o‘zimni qo‘yarga joy topolmay tipirchiladim. O‘zimdan, ishlarimdan, qismatimdan ozorlandim. Ko‘nglimda boshqacha yashash, boshqacha ishlash, hayotimda neki bo‘lsa, hamma-hammasini o‘zgartirish istagi takror tug‘ilib kelayotganini his qildim. Bu qo‘shiqda inson bilan bog‘liq nimaiki bo‘lsa, barchasi mujassam edi. Suvning qoshidan ketgim kelmasdi. Qaytaga, yechinib, o‘zimning uning bag‘riga otish istagida yonardim. Chunki bilardimki, shunday qilsamgina men o‘zga odamga aylanib, suvning poklovchi qo‘ynida kirlanib ketgan butun borlig‘imni tozalab olardim. ¬Busiz mening yangilanishga qaratilgan jamiki o‘ylarim o‘z kuchini yo‘qotardi…
O‘shanday hol ta’siridami, negadir turib avval ko‘ylagimni yechdim, so‘ng maykamni boshimdan chiqarishga tutingan chog‘imda mashina signalizatsiyasining kutilmagandagi asabiy ogohlantirish tovushidan cho‘chib tushdim. Shu barobari atrof-javonibni hushtakning chiyillashi bosib ketdi. Bu ham yetmagandek, quloqlarim ostida “Mashina siznikimi?” degan dag‘dag‘ali ovoz yangradi.
— Nima, hali bu yerda cho‘milmoqchimidingiz? Esingiz joyidami o‘zi? – davom etdi o‘sha ¬nazoratchi ovoz. – Mumkin emas!
Men maykamni qayta kiyib, ko‘ylagimni ¬egnimga tashladim-da suv bo‘yidan noiloj ayrildim. Birdaniga nima gapligini anglay ¬olmadim, suv va ko‘cha o‘rtasida xiyol garangsib turdim…
— Qani, hujjatlaringizni bering-chi?
Men mashinaga yaqin borib, so‘ralgan qog‘ozlarni chiqarib, DAN xodimi qo‘liga tutqazdim.
— Nima ayb qildik, komandir? – dedim endi hushimni yig‘ib.
— Aybingiz katta , — dedi xodim hujjatlarni ko‘zdan kechirarkan. – To‘xtash mumkin bo‘lmagan joyda turibsiz-ku, go‘yo o‘zingiz bilmaysiz? Yana mumkin bo‘lmagan joyda cho‘milyapsiz? — xodim menga qarab kinoyali iljaydi.
— Ikkinchisi sizning xizmat doirangizga kirmaydi! U butunlay boshqa hol. Qolaversa, men suvga tushganim ham, tushish niyatim ham yo‘q edi. Tuhmat qilmang! – dedim meniki ham tutib va butunlay ko‘cha odamiga aylanib.
— Hali shunaqami? – xodim sumkasidan toza blanka chiqarib nimalarnidir yoza boshladi. – Sizga birinchisi ham yetib ortadi…
Shunday qilib talondan ayrildim. Ilgari guvohnomamni oldirgandim. Endi esa bunisi ketdi. Rasvo bo‘ldi. Ustiga-ustak, xodimning qo‘rs va mensimaganday ohangda “Haydang mashinani, keting bu yerdan!” degani hammasidan oshib tushdi. Boyagi kayfiyatimdan asar ham qolmadi. ¬Talonni olib qo‘ygani uchun emas, shu keyingi gapi uchun xodim bilan xumordan chiqquncha mushtlashgim keldi. Keldiyu uyaldim. Axir, nima degan gap, kap-katta odam bo‘lsam, ustiga-ustak, qoidani buzib turgan esam, yana nima?..
Shalpayib mashinaga o‘tirdimu motorni o‘t oldirdim…
* * *
Uch kun o‘tmay mashinaning o‘rni bilindi. Qo‘limda yana siz bilgan o‘sha ro‘yxat, miyam ish bilan, turli-tuman tashvishlar bilan band, lekin muammolarni hal qilishda ko‘maklashadigan asosiy vosita – ulov, dastyor yo‘q. Ko‘rgiliklar shundan boshlandi. Bir hafta o‘tmay ro‘yxat qariyb ikki baravarga uzaydi. Xotin norozi, o‘zim xunob… lekin nima qilay, ulgurmayapman. Ro‘zg‘or — g‘or, deya rosa topib aytishgan ekan. Bor-yo‘g‘i to‘rtta jo‘jabirday jonmiz-ku, ehtiyoju istaklarimizning adog‘i yo‘q: bayramga o‘qituvchilarning hammasiga sovg‘a olish kerak, maktabga bayramona tusda borish uchun o‘g‘il-qizni boshqatdan bozorga eltish zarur, onamning tug‘ilgan kuni yaqin, o‘tgan yil ham borolmaganman, bu safar qoldirib bo‘lmaydi, xotin uyda betob, o‘rniga qog‘ozlarini ishxonasiga tashlab o‘tish, keyin o‘zimning ishxonam, ish… qaytishda dori-darmon degandek… sanayversam, boshim g‘ovlab, ko‘zlarim tinib ketadi. Turib-turib daryoni yomon ko‘rib ketaman. Axir, u tufayli tushmadimi mening bechora boshimga shuncha g‘alva? Daryoga mahliyo bo‘lmaganimda chalg‘imas edim, ha, chalg‘imas edim! Men o‘z yo‘limda qiynalib bo‘lsa-da ravon ketayotgan edim. Hamma ishlarimga vaqt -topayotgandim, uddalayotgandim. Ota-onam, ayolim, do‘st-birodarlarim, atrofimdagi yana qanchadan-qancha uzoq-yaqinlarim mendan minnnatdor edi. Daryoga duch keldimu hammasi ostin-ustin bo‘lib ketdi, ha!..
* * *
Hademay, ko‘chadagi muammolarim ichimga ko‘chib o‘tdi: almoyi-aljoyi tushlar ko‘radigan odat chiqardim. Ayniqsa, nazoratchi hushtagining yoqimsiz tovushi naq miyamni parmadek teshib o‘tadigan bo‘ldi. Shu boismi, o‘nggimdayu tushimda ilgarigidan-da hushyorroq bo‘lishga tirisha boshladim. O‘ngimga-ku mayli, lekin tushlarimgayam qorovul bo‘lishga urinishim o‘zimga juda g‘alati tuyuladi. Axir, shohdir-gadodir, tushning qarshisida baravardirlar, tushga hech kim hukm o‘tkazolmaydi. Men bo‘lsam… Nima qilay, axir, o‘ngimda yetmaganidek, tushlarimda ham cho‘chib chiqaman: chunki tushlarimga daryo kiradi, mening esa uning bo‘yiga borgim keladi. Borgan chog‘imda… Hamma balo shu asno ro‘y beradi: allaqayoqdan hushtak ovozi bostirib keladi-da sovuq terlarga g‘arg‘ob holda ko‘zlarimni ochaman. So‘ng tonggacha mijja qoqmay o‘tirib chiqaman. Keyin o‘zimni ish bilan chalg‘itishga, u bilangina andarmon bo‘lishga harakat qilaman. Chunki shunday qilinganda qattiq charchab tush-pushsiz uxlab turaman. Shunday damlar jiddiy o‘ylanib qolaman: inson nima uchun dunyoga keladi, nima uchun yashaydi, nima uchun kuyib-pishadi — bilmay qolaman. Chunki hammasining tagida faqat va faqat mashaqqatli, hech qachon arimas, bitmas mehnatni ko‘raveraman. Mehnat insonni ulug‘laydi! Esli-hushli odam bunga hech qachon, hech bir davrda shubha qilmasa kerak. Lekin mehnatda ham mehnat bo‘larkan. Men mana shu haqda ko‘p o‘ylayman. ¬Zamonaviy insonning kundalik hayoti haqida tinimsiz bosh qotiraman. U o‘z atrofida qanday dunyoni barpo etdiki, endi o‘zi uning bandisiga aylanib o‘tiribdi! Natijada u bir umr uy qurish bilan ovora bo‘lmoqda: loy qoradi, g‘isht quyadi, suvoq qiladi… Eh-he, bu sanoqning adog‘i bormi? Go‘yo qachondir, qaydadir bu ishning loyihasi chizilayotgan damda aytilganlarning hammasi hisobga olingan, “Bu uy hech qachon bitmagay” deya darj qilingandek. Ammo bani odamning o‘zi bundan – uyning hech qachon bitmasligidan bexabar – faqat kuyib-pishaveradi. Shunday kezlar afsonaviy Sizif xayolimga tushadi. Siz ham eslasangiz kerak uni. Tog‘ cho‘qqisiga og‘irdan og‘ir toshni dumalatib olib chiqishga behuda chiranayotgan (murodiga yetolmasligi taqdiriga bitilgan) Sizifni bilmagan bormi, axir! Turib-turib, “Sizif har birimizning ko‘ksimizda joylashgan, u bizning o‘zimiz, Sizif – bizning har birimiz!..”, deya olamga jar solgim keladi. Ammo bu o‘ylarimni tashqariga olib chiqmayman, ular ichimda qoladilar. Axir, hamma buni biladi, lekin hech kim shu bilgani oldida to‘xtab, hayotiga nazar solmaydi. Xuddi men daryoning bo‘yida to‘xtamaganim, to‘xtay olmaganimdek. Chunki hammaning ichida bir hushtak mudom chalinib turadi: chur, churrr!…
* * *
O‘sha DAN xodimi bilan bog‘liq voqeadan keyin oradan ancha suvlar oqib o‘tdi. Men amallab imtihon topshirdim va haydovchilik guvohnomamni qayta olvoldim. Yana hayotim ilgarigi iziga tushgandek bo‘ldi, men tag‘in yumushlarim ummoniga g‘arq bo‘ldim: ostimda mashina, qo‘limda ro‘yxat, boshimda esa fuqarolik, farzandlik, otalik, erlik, jo‘ralik kabi burchlardan bino bo‘lgan yo‘riqnoma…
Ha, mayli, nima bo‘lgandayam endi mening na nazoratchilar bilan ishim bor, va na daryo ¬bilan. Yo‘ldan ham, u yetkazgan zahmatdan ham uzoqroq bo‘lardim. Axir ozmuncha ozor chekdimmi? Hayotim ostin-ustin bo‘layozdiku…
* * *
Oradan yana yugurik suvdek shoshib yillar o‘tdi.
Men boshqa chalg‘imadim…
Ostimda mashina, qo‘limda ro‘yxat, xayolimda esa zimmamga tushgan burchni bekamu ko‘st bajarish majburiyati…
Shahar markazida, uyimning shundoq biqinidan oqib turgan o‘sha daryoni bo‘lsa, allaqachon unutib yubordim…
Faqat… faqat bir kecha hamma toat-ibodatimning kuli ko‘kka sovrildi…
Uzun ro‘yxatni bexato bajarib kelgan kunim kechasi bir tush ko‘rdim. Unda… unda men yana o‘sha daryoga duch kelib qoldim…
Va uning so‘lim sohili kimsasiz, nazoratsiz edi…
Va u to‘lib-toshib, buralib-eshilib, emin-erkin oqardi…
Va u meni kutayotgan edi…
Va men ham uni judayam-judayam sog‘ingan ¬ekanman!..
Shoshib, jo‘shib, hayajonimni qult-qult yutib sohilga bordim. Engashib hovuch-hovuch olib ¬simirdim. Yana shunchasini shu’lalar bilan o‘mbaloq oshib o‘ynayotgan daraxt barglariga ¬sepdim. Tag‘in kamalak paydo bo‘ldi: rango-rang!..
Va u olamni tutdi!..
Va olam ham kamalak ranglariga qo‘l berdi!..
Va men beixtiyor o‘rnimdan turdim… Turdimu negadir qo‘ynimga qo‘l solib, undan bir parcha qog‘oz chiqardim. Qog‘ozda ertangi qiladigan ishlarimning nomlari yozilgan ekan: u-zuuu-n! ¬Xuddi shu mening aziz daryom kabi.
Va men… qog‘ozni hech bir taraddudsiz ¬daryoga otdim.
O‘zimni qafasdan qutulgan ozod qush misol sezdim! Dimog‘im samolar bo‘yini his qildi…
Daryoning o‘rkach-o‘rkach to‘lqinlari ro‘yxatni yutib ketdi, g‘arq etdi.
Va men yana qo‘ynimga qo‘l soldim. Unga hushtak ilashib chiqdi. O‘ylanib ham o‘tirmay “chap” ettirib suvga tashladim. Oh, bu lahzalardagi lazzatimning aqalli bir soniyasini his qilsangiz edi!.. Yuragimdagi og‘riqlar, xavotirlar, malollar… hamma-hammasi o‘sha savil hushtak bilan qo‘shilib oqib ketdi! Ha, oqib ketdi!
Men qo‘ynimga takror qo‘l solganimda u yer — ko‘ksim, vujudim, yuragim top-toza edi.
Va men yengil tortdim…
Ro‘paramda daryo qoldi: qo‘shiq aytayotgan ¬muazzam daryo!…
Va shu asno men… uyg‘onib ketdim… Uyg‘ondimu negadir shosha-pisha qo‘ynimga qo‘l soldim…