Keng osmonni xira bulut bossa, Nigoraxonning oydek chehrasiga qora soya tushib, ruhi horg‘in tortadi. O‘l-a qolsin-a, bugun ham shu ahvol: ertalabdan hovlining yuzi ham xira osmondan rang olibdi, yozning o‘ninchi kunida-ya! Non hidi ufurib turgan qo‘lini paxsa qilib, osmonga, qo‘rg‘oshinrang bulutlarga qarab, eri Mamajonni eslab, ko‘ngli o‘ksidi. Tog‘u toshda, kimsasiz archazorlar orasida, g‘orda yashagandan ko‘ra kattagina hovlisiga qaytsa, hah savil-a, bir joyi kamayib qolardimi?! Bironta odam: “Nigoraxon, ering bir yildirki, tog‘dan beri kelmaydi, yordam beraylikmi”, demaydi-ya! O‘zi ham bir emas, to‘rt-besh bordi, yalindi, yolvordi, izini o‘pgudek bo‘ldi, ammo avvalgi Mamajondan “m” harfi ham qolmagan. “Nigor, sendan roziman, uyga boraqol”, dedi.
Bugun ham ko‘nglida ilinj bilan yana boryapti, balki bu safar gapga ko‘nar; o‘rtada bolalari, norasidalari bor. Ko‘kqishloqda bosh ko‘tarib yurishi – bir azob, “Eri uydan bezor bo‘lgan ekan-da” degan mish-mishlar – o‘n azob, bolalarning “Otam qachon uyga keladi?” deb xarxasha qilishi – ming azob. Tunov kuni qarindosh-urug‘dan uzilib qolmay deb, oltmishga to‘lgan Ahad tog‘asining yubileyiga bordi. Negadir oyog‘i tortmagandi – hamma unga qaraydi, deng: xotin-xalaj, bola-chaqa; o‘qraygan ko‘zlar, qosh-qovoqli kishilar; uyatdan yer yorilmadi, yerga kirib ketsa! Qizardi, bo‘zardi, quloqlari toshga aylandi, a’zoyi badani cho‘g‘dek qizib, kelinchak paytlari tiktirgan “safsar ko‘ylagi” jiqqa ho‘l bo‘ldi. Bo‘lmasa, deng, ertalabdan boshlangan afg‘on shamoli hamon esar, kun issiq emasdi, lekin o‘sha kun ham osmondagi xira bulutlardan yuragi bir titratdi, bir titratdiki, o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi. Yana deng, yasan-tusan xeshu tobar ayollar orasiga o‘zini urganda, oldiga qo‘yilgan oshga pashsha tushgandek, dilini siyoh qilishganiga nima deysiz. Teshik quloq eshitadi, eshitmasa ham boshqa edi, osmondagi bulutlarga ham e’tibor bermagan bo‘lardi, lekin olifta yangasi, Ahad tog‘asining xotini Mo‘tabarxon: “Nigormi?! Baqqa o‘tkaz uni, hov ana farrosh ayollar minan o‘tirsin! O‘qiganlar orasida pishirib qo‘yibdimi unga!” deganda miyasiga bolg‘a tushgandek bo‘ldi. Beli zirqirab og‘rib, tili kalimaga kelmay qoldi. Hah, yangasi-ya, yangasi! Undan bu gapni kutmagan edi. Odamning dili vayron bo‘lsa, to‘kin dasturxon tatirmidi?! Tatimaydi-da! Ostidagi yumshoq ko‘rpacha ham toshdek botib, o‘tirgan joyida depsindi. Ayollarning hiring-hiring kulgisidan boshi zirqirab, varaja tutgandek, a’zoyi badani qaltiradi. Bunday paytlarda eng sabrli odam ham uyga sig‘may qoladi. Picha o‘tiray, deb harchand o‘zini bosdi, ammo sabri chidamadi va oxiri toza havoga chiqib kelay, degan bahona bilan o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Uning tumshayib qolganini sezgan ovsini Mahbuba ham ortidan ergashdi. Hovlida uni chertga tortib: “Hey, Nigor, nima bo‘ldi sanga, birdan ranging somon qaytdi, tinchlikmi ishqilib?!” deb so‘radi xavotirlanib. Nigora avvaliga dardini ichiga yutib, yashirishga urindi, ammo Mahbuba qistovga olgach, yorildi qo‘ydi.
Gul yuzida yotqan ikki nozanin
bemori bor.
Mahbuba miyig‘ida kuldi, ammo bu holati Nigoraga bir oz og‘ir botganini sezmadi. Ko‘chada bir yigitning: “Ahad akanikida bazmu jamshidmi?! Undan ko‘ra, Mamajonni o‘ylasa bo‘lmaydimi!” degani quloqqa chalinganda, Nigora labini burdi va o‘ksib: “Kelmasam bo‘larkan, ovsin!” dedi.
Hammasi o‘sha mudhish kundan boshlandi, o‘lgan o‘lib ketdi, endi iloji yo‘q, beva qoldim, peshonam sho‘r ekan, deya taqdirga tan bergan edi, lekin Mamajon eri olamdan o‘tgan kunning ertasi Ko‘kqishloq keng osmonu falakdan tosh yog‘ilgandek, bir emas, yuz qalqib tushdi: ertalab qorovul ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qabr o‘pirilib ochilib qolgan, jasad joyida yo‘q, ammo qabr atrofida oyoq izlari bilinib turardi. Bu – Mamajonning izi edi, qorovul anoyi emas, darhol cho‘tladi, o‘ng yon oyog‘ida ziyodi bor, o‘zi qabrga qo‘yayotganda, kafan ochilib, shunga ko‘zi tushgani esida. Qorovul kelib, ajabtovur voqeadan elni xabardor etgach, darhol mahalla posboniga ma’lum qilishdi. Yuzi ketmonday katta posbon silliq boshini qashib: “Obbo! – dedi homuza tortib. – Toza mashmasha-ku bu! Bir zamonlar Charli Chaplin dunyoga doston bo‘lgandi, endi Mamajon dangozaga navbat yetibdi, shekilli!”
E birodarlar, ajab zamonda yashayapmiz-da: posbon bilib aytgan ekan, shu kuni qishloqdagi barcha telefonlar bu xabarni olamga yoydi. Bir zumda Ko‘kqishloq dunyoga mashhur bo‘lib ketganiga nima deysiz. Ana, bizning otash zamon!
Endi Mamajondan eshiting: uch deganda, iztopar itlar hid olib, to‘rt posbon va Nigorni Hisor tog‘ining ichkarisiga, Garob buva degan ziyoratgohdagi g‘orga boshlab bordi. Oltingugurt hidi ufurganidan avvaliga iztopar it bir oz garangsib qoldi. “Izni yo‘qotdi, la’nati, – dedi posbon chirt tupurib. – Mamajonning o‘ligini shu tomonlarga keltirib tashlashgan bo‘lishsa, enamizdi ko‘ramiz hali!” Nigoraning lablari titradi va “nahotki? Erimning dushmani yo‘q edi-ku!” deb ko‘zi namlandi.
Lekin bo‘ribosar Sirtlon yana izni topdi va chopdi, to‘g‘ri g‘adir-budir tog‘ bag‘ridan otilayotgan oltingugurt sharshara yonidagi fil barobar keladigan g‘or og‘zida turib vovulladi. Bu vovullash ohangida sal maqtanchoqlik sezilib turardi! Shunisi Mamajonga yoqmadi shekilli: “Itingni ol, uka!” deya g‘ordan chiqib keldi: ajabo, oq ko‘ylak-ishton kiyib olgan ediki, arvohday ko‘ringani uchun hamma hayiqdi. Nigora: “Voy, dadajonisi!” deya dodlab yubordi.
Posbonning yonidagi ingichka mo‘ylov yigit qo‘lidagi telefoni bilan uni shu turishda bir necha bor rasmga oldi, Sirtlon pastga tushib, baland tut daraxti soyasiga uzala tushib, qip-qizil tilini osiltirib, uvladi.
Posbon chirt tupurib:
– Aka, bo‘laqoling, oldimga tushing! – dedi beozor ohangda.
G‘or og‘zida turgan Mamajon:
– Ruh oliy hilqatdan uzilib, begona unsurga tushgan, foydasi yo‘q, – deya qosh qayirdi. Bu qanaqa odam o‘zi, oldida jufti haloli, hamqishloqlari tursayu tarang qilsa, g‘ashingizga tegmaydimi?!
Posbon uning yoniga chiqib bordi.
– Aka, odamni gapga qo‘ymang, Xudo sizga yana tiriklik ato etibdimi, shukr qiling!
– Mashoyixlar: “Narsalarning tabiatiga yarasha yasha!” degan. Shu qoidaga amal qilib yashamoqchiman, uka, aravangni orqaga tortib ketaver! – dedi Mamajon osmondan ko‘z uzmay.
Oddiy odamning qaysarligi posbonning g‘ashini keltirdi:
– Heh, aka, tarang qilmang buncha, indamay oldimga tushing! Hech bo‘lmasa, yangani hurmati!
– Kim sizlarga o‘limni dahshat, deb aytdi! Nega o‘zingiz bilmaydigan narsadan qo‘rqasiz?! Bu dunyoda bizni doimo betoblik, qahru g‘azab ta’qib etadi. To‘rt tarafdan quvg‘inga uchragan bandalarmiz. Bunday holat begona uyida yashayotganingizda sodir bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, nega o‘z uyingizga qaytishdan qo‘rqasiz?
Posbon bosh barmog‘ini chekkasiga qo‘yib “tomi ketib qolibdi buning!” degandek sheriklariga ishora qildi.
– Hey, aka, bunday telba-tersik gaplar minan boshni qotirmang! Sizdan boshqa tashvishlarim ko‘p! Qani, oldimga tushing: tomingiz ketib qolgan bo‘lsa, davolatamiz!
Mamajon aka xotiniga qaradi:
– Hech bo‘lmasa, sen tushunarsan meni!
Nigora nozik qo‘lini oriq ko‘ksiga bosib pichirladi:
– Bilaman, dadasi, bilaman!
Mamajon aka yana ko‘kka boqdi:
– Men buyuk qullik yo‘lini tanladim! Endi adashsam, halokat!
Posbon yana chirt tupirdi:
– Ey aka, go‘rdan chiqib, faylasuf bo‘p ketibsiz! O‘zingiz bir oddiy tirraktorchi bo‘sangiz, oliftaligingizga o‘laymi?! Xudo umringizni qaytarib berganiga shukr deya bola-chaqaning yoniga qaytsangiz bo‘lmaydimi?!
– Menimcha, qo‘pollik ildizi ilmsizlikka borib taqaladi.
– Meni ilmsiz deyapsizmi?! O‘ylab gapiring, aka, men xizmatdaman, posbonni haqorat qilganlari uchun…
Mamajon aka qo‘lini paxsa qildi:
– Hey, uka, shaytonning gapini vaysama, bor, yo‘lingdan qolma, men Mamajonning arvohiman, xolos! Boshingizga tushgan ish peshonangizga yozilgan bo‘ladi. Odamlar orasiga qaytmoqchi emasman, uka! Men bezganman ulardan! Nigora, seni va bolalarni Xudoning panohiga topshirdim!
It g‘ingshib ulidi. Ovozi allaqanday sehrli, jozibali, ammo g‘amgin edi.
Nigoraning yuragi titrab, jigari ezildi. “Dadasi!” – dedi zorlanib va uyatdan qizarib, titroq qo‘llari bilan yuzini to‘sdi. Ammo qo‘llarini olib eri tomonga qaraganda, g‘orning og‘zi bo‘m-bo‘sh edi: Mamajon yerga kirdimi, osmonga uchdimi, bilmay qoldi.
Posbon chirt tupurgancha: “Bo‘pti, o‘zi biladi!” – dedi va sheriklariga “ketdik” degandek ishora qildi.
– Opa, yuring, ketdik, eringizning chindan ham tomi ketib qolganga o‘xshaydi, do‘xtir yuborarmiz! – dedi achingan ovozda.
Nigora bo‘g‘riqib dedi:
– Dadasi!
Ichkaridan Mamajonning ovozi keldi:
– Aql ojizlik qilgan joyda vaqt yordamga keladi!
– Unaqa demang, dadasi, yuring uyga ketamiz, o‘zim sizni olib ketgani keldim!
G‘or ichida bir narsa yerga tushib, chil-chil sindi:
– Ey onasi, narigi dunyodan birorta insonning qaytib kelganini ko‘rganmisan?!
Nigora jim bo‘lib qoldi, tili tosh qotgandek, harchand o‘zini zo‘rlamasin, javobga so‘z topolmadi.
Posbon yigit uning yengidan tortib:
– Opa, yuring, befoyda, do‘xtirlarni jo‘natsak, o‘zlari biladi, – deya shivirladi.
Nigora ayol-da, ojiza, ko‘z yoshlarini tiyolmadi, g‘ordan pastga tushib, sharsharaning kumushday suviga yuzini chaydi, gup etib urilgan oltingugurt hididan boshi aylanib, ko‘ngli aynidi. G‘or tomonga xavotirli qarab qo‘ydi-da, oriq bo‘ynini egib yo‘lga tushdi.
…Keyin nima bo‘lganini anchagacha bilolmay yurdim, chunki o‘sha kunning ertasi Toshkentga qaytgandim, faqat tunov kuni Sariosiyodan kelgan tanish yigitdan Mamajonni so‘radim. Uning aytishicha, asab kasalliklari shifoxonasidan bir guruh mutaxassislar Nigora bilan birga g‘orga borib, Mamajonni topisholmabdi. Yerga kirganmi, ko‘kka chiqqanmi, hech kim aniq bir gap aytolmagan emish. Buni eshitib, o‘ylanib qoldim: chindan ham, narigi dunyodan hech kim ortga qaytmagan, ammo Mamajonga imkon berilgan edi-ku, nega u oilasi va do‘stlari bag‘riga qaytishni istamadi? Yoki rostdan ham uning miyasi suyulib qolgan edimi?!
“O‘zAS”dan olindi.