(Birovga aytib bergan edim, «o‘lay agar, ishonmadim», dedi. Mayli, ishonmasa ishonmasin, ammo o‘lmasin.)
Yo‘qqulobodda kim ko‘p, omad quyoshi kulib turganlar ko‘p. Voyqul ham shularning biri. Omadi kulmasa, yuk mashinasi sotib olardimi? Yo‘qqulobodda omadi bor odamning xo‘rozi ham tuxum qiladi, deyishganday, hosil ham mo‘l bo‘ldi-yu Voyqul bir mashina sara qovun bilan «Qaydasan, Kengqosh!» deb yo‘lga tushdi. Qo‘lida Xotinxo‘jasi yozib bergan otning belidek bo‘lmasa ham, dumi qadar uzunlikdagi ro‘yxat. Shu ro‘yxat bo‘yicha Kengqosh bozorlarini ovlashi kerak. Ming turli orzular bilan ketayotuvdi, bir yigitcha ola tayog‘ini ko‘tarib «To‘xta!» dedi. Aytmoqchi, bunaqa azamatlarni Maskov tomonlarda ilgari “GAI” deyishardi, Yo‘qqulobodda birov «yo‘llaringdan aylanay, sen salom bergin, alik olmagan – nomard” deydi, yana birovi qisqagina qilib, “VOI”. Ola tayog‘idan ham nomi uzayibdi, baraka topgurlarning. Topish-tutishi ham shu nomiga qarab uzaysa mayli-ya! “VOI bola”, hujjatlarni tekshirgisi kelib turgan ekan, Voyqul hamma qog‘ozlarini berdi. «Aka, hamma hujjatingiz joyida ekan, eson-omon borib keling, Xudo bozoringizni bersin», deyishini kutib, u nodongina: «Yangangiz bilan dehqonchilik qiluvdik, endi mehnatning rohatini ko‘radigan bo‘lib turibmiz» deb yubormaydimi? «Ie,- dedi «VOI bola»,- hali yangam bilan birga dehqonchilik qildingizmi? Buning hujjati yo‘q-ku?» Voyqul, homkalla, xotini bilan birga dalada ishlagani haqida qog‘oz qilib olmagan ekan. «VOI bola» «bu hujjatsiz sizga shaharga yo‘l yo‘q»,- deb turib oldi. Yaxshiki, Voyqulning kallasi ishlab qoldi. «Bolangdan aylanay, VOI bola, ikkita qovun bersam, o‘sha hujjatning o‘rnini bosadimi?» dedim. “VOI bola” «Nima, men poraxo‘rmanmi!»- deb uni jerkib berdi. Voyqul voy-voylab o‘tirmay, savdoni baribir pishitdi. «VOI bola»ning kitobidagi qoida bo‘yicha o‘n donagina qovun poraga kirmas ekan, o‘zi tanlab olib, Voyqulga «oq yo‘l» tiladi. Yo‘lda «VOI bola»lar ham ko‘p ekan. Hammasiga ola tayoq yetkazib berganlarga ham qoyil qolish kerak. Hammasi Voyqulni ko‘rishi bilan tayog‘ini o‘ynatib qolsa-ya! Bittasi: «dalada birga ishlaganingiz chin xotiningizmi yo o‘ynashingizmi, nega hujjati yo‘q», desa ikkinchisi: «o‘sha ayolingiz xotin jinsidan ekaniga ginekologdan hujjat olishingiz kerak edi»,- deydi. Ammo bularning orasida bittasi ham poraxo‘r emas ekan, shunisi aj-joyib! Voyqul o‘nta-o‘nta qovun bilan ishlarini hujjatlashtirib boraverdi. Kengqoshga yetay deganida mashina tepasiga chiqib qarasam, xuddi atay sanaganday o‘ntagina qovun qolibdi. Niyat – xolis-da! Bu qaysi baxti kulganga nasib qilganiykin, deb turuvdi, yana bitta «VOI bola» keldi. Qog‘ozlarni o‘qib chiqib: «Hujjatga qaraganda mashina erkak kishiniki ekan», dedi. «O‘sha erkak – akang qarag‘ay bo‘ladi, akasi jonidan»,- dedi Voyqul. U esa Voyqulga yaxshilab qarab olib: «Bu yerda erkakligingiz haqida hujjat yo‘q-ku?»- dedi. «Erkakligimni ko‘rib turibsan-ku?» desa, bola paqir, «Men ko‘rib turganimga ishonmayman, hujjatga ishonaman»- dedi. Xullas, qolgan o‘nta qovun evaziga erkakligiga ishontirdi. Qovun ketsa ketsin, obro‘ ketmasin, dedi-da!
Shahargacha kelib, orqaga qaytib ketavermay, deb bir aylangisi keldi. Yaxshi hamki xotini qovun sotilguncha pattachi-mattachiga ishlatib turarsiz, deb picha pul bergan edi. Shahar ichida ham olatayoqlar ko‘tarilib turar ekan. Har ko‘tarilganda cho‘ntak qoqilaverdi. Oxiri yutqizgan nochor qimorvoz xotinini tikkanday, Voyqul ham mashinaning bittadan bo‘lagini tashlab ketaverdi. To‘rtta g‘ildirakka qanoat qilgan “VOI bola»ning insofi bor ekan, qoq suyagi qolgan mashina «skleti»ni yo‘lovchi «Kamaz»ning kajavasiga ortib berdi. Qovun ortib Kengqoshga kelayotganida qadrdon bo‘lib qolgan “VOI bola»lar qaytishini intiq kutib turishgan ekan, Voyqul ularni ham quruq qo‘ymadi. Qishloqqa kiraverishda yelkasida bitta to‘n-u, qo‘lida mashinaning kalitigina qolgan edi. Oxirgi «VOI bola», otasiga rahmat, kalitni olmadi, «sizga bizdan esdalik bo‘lsin», dedi ammo to‘nini oldi. «Eskiroq bo‘lsa ham sizniki tabarruk, itimning tagiga solaman»,- dedi.
Voyqul “Sarguzashtlarimga uydagilar ishonishmas», deb xavotirlangandi, yo‘q, kalitni dalil qilgach, xotini darrov ishondi. Ammo hech kim ranjimadi. Yo‘qqulobodda tug‘ilib-o‘smagan Afanda bitta taqa topib olib, «yana to‘rtta taqa topilsa, tepasiga bittagina eshak topsam bas», degan ekan. Voyqulda kalit bor, to‘rtta g‘ildirag-u, bitta motor, yana kuzov deganlariday… topish qiyin ekanmi? Lekin keyingi yil Borqandga borishni mo‘ljal qilib qo‘ydi. O‘ylab qarasa, shu shaharni ko‘rmagan ekan. Tijorat bo‘lmasa ziyorat, deganlar, a, labbay?

Biz bu bayonni yozib o‘tirganimizda Voyqul shoshib turgan edi. «Qayoqqa ketyapti?» deysizmi? Xotinining qaynonasiga qiz ekani, o‘zining esa qaynonasining kuyovi ekani haqida hujjat olib qo‘yishi kerak. Yana kim biladi, yo‘l uzoq…