(Baliqchining to‘ridan tushib qolgan hangoma)
Bulutsiz osmonda bir chaqin chaqdi-yu Yo‘qqulobodda aql bovar qilmas ishlar boshlanib ketdi. Hayratomuz voqealar avvaliga o‘rmonda boshlandi: tulkining ishqi filga tushdi. Fil esa toshbaqani sevib qoldi. Qarg‘a “begonaga uylanmayman, xotin qarindoshdan bo‘lsin”, deb bulbulga ko‘ngil qo‘ydi. Chuvalchang ilonning sovchilarini haydab chiqardi. Eshak otga uylandi-yu ertasigayoq uning yoli bilan dumini qirqtirib tashladi. Maymun qoplonga uylanmoqchi edi, kindigini ochib yurishga ko‘nmagani uchun undan aynidi…
O‘rmonda shunday g‘alat voqealar sodir bo‘layotganda teshik tog‘orani yostiq qilib yotib olgan Yalqqul pashsha qo‘rish bilan ovora edi. Bechora yana nima qilsin? Yomg‘ir chog‘i chakka o‘tishi hisobga kirmasa, binoyidek uyi bor. Darz ketgani inobatga olinmasa, qozon-tobog‘i ham yo‘q emas. Olov nimaligini esdan chiqarib qiyshayib qolgan tandiri ham mavjud.
Yerliklar lafzida “Bekorchidan Xudo bezor” degan maqol bor. Yo‘qqulobodliklarda bu sal boshqacharoq yangraydi: “Bekorchi choldan kampiri bezor”. Bekorchini Xudo kechirishi yoki holi qo‘yishi mumkindir-u, biroq, bekorchi cholni o‘z holiga qo‘yadigan kampir o‘n sakkiz ming olamning besh ming yillik tarixida ham yo‘q. Shunday bo‘lgach, Yalqqul qancha vaqt yalpayib yotishi mumkin? Har nechuk bir uyquni olishga ulgurmay, kampirshoning ovozi yangrab qoldi. Bu yangroq ovozning nimalarni bayon etganini batafsil bayon etmoqqa qalam ojiz. Yarim soat yangragan ovoz yerliklar tiliga o‘girilsa, tahminan bu mazmun hosil bo‘lur: “Sizga tekkuncha itga tegsam bo‘lmasmidi. Hatto it ham uyiga bitta suyak ko‘tarib keladi…” Bunaqa dadil gapni Yerda aytish mumkin, Yo‘qqulobodda bechora xotinlar bunday deyishga jur’at qilisholmaydi. Chunki qarindoshga tegish qat’iyan man etilganini hammalari yaxshi bilishadi. Xullas, yarim soatlik debochadan so‘ng kampirsho Yalqqulga to‘rni olib, baliq ovlab kelishga amr etdi. “Xotin amri – vojib!” bo‘lgach, Yalqqul dodini kimga aytsin? Bir paytlar baliq tutuvchi to‘r bo‘lib yaralgan, endi esa chirib, uzulib, uvadaga aylangan matohni sudrab dengiz bo‘yiga bordi. Suv tizza bo‘yi bo‘lgach, to‘rni tashladi. Bir ozdan so‘ng dengiz mavjlanib, Yalqqulni hayrat olovi chulg‘ab oldi. Avvaliga qochmoqchi edi, lekin uvada holidagi to‘rini tashlab ketishga ko‘ngli bo‘lmadi. To‘rni tortgan edi… Vo, ajab! Bir baliqcha… Baliqcha bo‘lganida ham naq oltin baliq! Tipirchilaydi-yu biroq, to‘rdan chiqib ketgisi kelmaydi.
– Hoy nodon,-dedi Yalqqul,-bu to‘rning teshigidan timsoh ham qutilib ketsa bo‘ladi, sen nega qochmaysan?
– To‘rdan-ku, qochib ketarman, akaxon, ammo taqdirdan qochib ketib bo‘lmaydi-da. Taqdirimda shu to‘rga tushish, sizga sidqidildan xizmat qilish bor ekan.
– Voy, nodon-e, menga qanday xizmat qilishing mumkin?
– Ko‘nglingiz nima istasa shuni, tilang tilagingizni?
Yalqqul qanday tilakni so‘rasam ekan, deb o‘ylab o‘tirmadi. Kampiri har kuni tog‘oraning teshikligidan nolirdi “Qo‘lingdan kelsa, yangi tog‘ora olib bera qol”, dedi. Oltin baliqcha “uyingizga boravering, tilagingiz amalga oshdi. Yana xizmatim lozim bo‘lib qolsa, shu yerga kelib chaqiring”, dedi-yu, to‘rning teshigidan o‘tib g‘oyib bo‘ldi.
Yalqqul bu mo‘jizaga bir ishonib, bir ishonmay uyiga qaytib, qarasaki, hovlida yap-yangi tog‘ora oftob nurida jilvalanib yotibdi. Kampirsho esa unga hayratlanib qarab turibdi. Yalqqul bo‘lgan voqeani unga aytdi-yu qoldi baloga:
– Hoy, miyasi achigan chol, kelib-kelib tog‘ora so‘raysizmi?!-deb naq to‘qson olti daqiqa javrab bersami! To‘qson yettinchi daqiqaga yetganda malomat toshlari tugab, amr etildi:-Boring, baliqchangizga ayting, bu kulbada men bit boqib yashashni istamayman, saroy koshonasida umr kechirishni xohlayman!
Yalqqul bordi. Oltin baliqchani chaqirdi. Tilagini aytdi. Kampir amri bajo keltirildi. Biroq, iziga qaytishi bilan kampirsho uning “miyasi achigan chol” ekanini eslatib, yangi istagini bildirdi: malika bo‘ldi! So‘ng unga saroy xazinasidagi boyliklar kamlik qilib buyurdi:
– Dengiz ham mening hukmimga bo‘ysunishi kerak. Oltin baliqchangga borib ayt: bugundan boshlab u menga soliq to‘lasin!
Yalqqul bu amrni yetkazgan edi. Oltin baliqcha chuqur o‘yga toldi. So‘ng birdaniga g‘oyib bo‘ldi. Yalqqul qarasa, dengiz mavji so‘nib qolibdi. Uvada to‘ri esa sohilda yotibdi. U ajablangan holda to‘rini sudrab uyiga qaytdi. Qarasa, saroy ham yo‘q, malika ham yo‘q. O‘sha o‘zining vaysaqi kampiri teshik tog‘oraga hayrat bilan qarab turibdi.
Bu ajabtovur voqeani Yo‘qqulobodda birov bildi, birov esa bexabar qoldi…