Tog‘aymurod Shomurodov. Yo‘lovchi (hikoya)

Traktorchilarning bugun ham ishlari unmadi. “Tuf” desa tupuk muzlaydi. Yer metin bo‘lib qotgan, yarim tanob haydalmasdan lemex yo qayrilib qoladi, yo plug sinadi. Temirga qo‘l urilsa chippa yopishadi. Traktorchilar to‘rt kishi – uncha-buncha sovuqni pisand qilmaydigan chiniqqan odamlar. Ayrimlari issiq paxtalik shim, fufayka, qalin paytava o‘rab, kirza etik kiyib olishganiga qaramay, kabinada bir zumda dildirab qolishadi.
Boshpana – paxsadan qurilgan, biydek dasht o‘rtasidagi na tuynugi, na derazasi bo‘lgan mana shu omonatgina uycha. Shishasi qorayib ketgan fonus xira nur sochadi. O‘rtadagi yero‘choqdan chiqqan achchiq tutun dimoqni achishtirib, ko‘zni yoshlantiradi. Xo‘jalik markazidan ellik kilometr uzoqdagi bu tog‘ uchastkasiga traktorchilar amallab yetib kelishganiga bir hafta bo‘ldi. Tog‘ orasidagi qishloq va otarlar olis bo‘lgani uchun shu uychada qo‘nim topdilar. Bu uchastkada jamoaning yilqilari, otar­lari boqiladi, tog‘ etagiga tutash ming gektarcha past-baland lalmi yerga g‘alla ekiladi. Yog‘in-sochin mo‘l bo‘lgan yili nari borsa gektaridan to‘rt-besh tsentner g‘alla olinadi. Qurg‘oqchilik yillari shu ham yo‘q. Xo‘jalik yer haydash, ekish, urug‘lik, o‘rim-yig‘im xarajatlariga kuyib qolaveradi.
Traktorchilar tashvishlanib qolishdi: oziq-ovqat, yonilg‘i tugayapti. Ikki kun avval xo‘jalikka ketgan mexanikdan darak yo‘q. Uvadasi chiqqan ko‘rpaga o‘ranib olgan, har xil voqealarni kiftini keltirib aytishga usta G‘ani yaqinda tog‘dagi qishloqda bo‘lgan voqeani hikoya qilayapti. Lekin bu hamkasblarining qulog‘iga kirmaydi. Ularning xayoli raisning shudgorni birinchi fevralgacha tugallang­lar degan topshirig‘i bilan band. Har biri kamida ikki yuz ellik gektardan yer haydashlari kerak. Qahraton sovuq esa bunga yo‘l bermaydi.
Tashqariga chiqqan Ernazar uycha tomon qoqinib-surinib kelayotgan kishini ko‘rdi. “Mexanikmikan, mashinasi qorga tiqilib qolgan bo‘lsa, piyoda kelayaptimikan” degan o‘y o‘tdi xayolidan. Yo‘lovchi Ernazar ro‘parasiga kelib qaddini rostladi, begona kishi ekan. U qarshisida turgan traktorchini ko‘rib, dovdirab qoldi.
– Kechirasiz! – u sovqotib qolganidan salomlashishga ham lablari qovushmay g‘udrandi.
Uning ahvolini ko‘rgan Ernazar surishtirib o‘tirmay ichkariga taklif qildi.
– Sovqotib qolibsiz, qani, ichkariga marhamat!
Yigit biroz xavotir bilan uning ortidan uychaga kirdi. Ko‘zi nimqorong‘ilikka ko‘nikmay eshik yonida turib qoldi. Traktorchilar “bu kim bo‘ldi ekan”, deyishganday unga qarashdi. Yigirma besh yoshlardagi istarasi issiqqina yigit, ustida qalin chopon, boshida do‘ppi, ustidan qalin jun ro‘mol o‘rab olgan. Ko‘zlarida allaqanday hadik zohir.
– Mehmon, – deb qo‘ydi Ernazar izoh berganday.
– Bunday sovuqda yaxshi xo‘jayin itini tashqariga chiqarmaydi, – dedi traktorchilar brigadiri Rahmat aka. – Qanday shamol uchirdi, biz tomonlarga? Qani, o‘tiring!
– Tog‘ orasidagi Toshkamar qishlog‘idanman, – dedi yigit xijolatomuz, o‘choq yoniga cho‘kar ekan. – Qo‘shni qishloqqa qarindoshlarnikiga boruvdim, hali yorug‘-ku, yetib olarman, degandim, bo‘ron qo‘zg‘alib yo‘ldan adashtirdi, dashtga chiqib ketibman…
– Hechqisi yo‘q, omadingiz bor ekan, bizga duch keldingiz, Xudo ko‘rsatmasin, holdan toyib muzlab qolishingiz, yo bo‘rilarga yem bo‘lishingiz hech gap emasdi, – dedi Rahmat aka.
– Mana, shohona bo‘lmasa-da, boshpana kulbamiz bor, biz bilan tunaysiz, tanishib olamiz, gurunglashib chiqamiz, ertaga Xudo poshsho, bir gap bo‘lar, – dedi Ernazar.
Hikoyasi chala qolgan G‘ani o‘choqda qaynab turgan choynakdan temir krujkaga choy quyib uzatdi. Dasturxondagi sindirilgan qotgan nonni oldiga surib qo‘ydi. Endigina ko‘rpasiga kirgan Yusuf traktorchi mehmon tomonga o‘girilib qarab: “Qiziq!” deb qo‘ydi. Qattiq sovuqdanmi, achchiq tutundanmi yigitni yo‘tal tutib qoldi. O‘qchib-o‘qchib yo‘talib, anchagacha o‘ziga kelolmadi.
– Mana bunga o‘ranib oling, isiysiz, – dedi Ernazar unga to‘nini uzatib.
– Rahmat!
Oraga jimlik cho‘qdi. Traktorchilar uning kimligini surishtirib o‘tirishmadi. Hamma yana o‘z xayollariga berildi. Jimlikni Ernazar bo‘ldi.
– G‘ani, hali tog‘dagi qishloqda nima bo‘libdi, deyayotganding?
– Ha, tog‘dagi qishloqda sochi taqimini o‘padigan suluv qiz bor ekan, – deya davom etdi G‘ani hikoyasini eshitmoqchi bo‘lishganidan ruhlanib. – Oy desa og‘zi, kun desa ko‘zi bor ekan, ko‘rgan kishining aqli shosharkan…
– Baxshi bo‘lib ket-e, – luqma tashladi vujudi quloqqa aylangan Ernazar. – Bunday qo‘shib-chatmay indallosini ayt, qo‘y-da!
Boshqalar ham quloqlarini ding qilishdi. Faqat o‘choqdagi olovga ko‘ksini tob­lab o‘tirgan mehmon yigitning yuzida hech qanday o‘zgarish sezilmadi.
– Gapni beliga tepma-da, – norozi bo‘lgan G‘ani biroz jim qoldi.
– Bo‘pti, bo‘pti, gapir!
– O‘sha hurliqoning oshiqlari ko‘p ekan, – davom etdi G‘ani. – Lekin u armiyaga ketgan bir yigitga so‘z beribdi. Ammo sovchilar eshik turumini buzib kelavergach, ota-onasi boshqa yigitga unashtirib qo‘yishibdi. Qizning zor-zor yig‘lagani ham otaning ahdidan qaytara olmabdi. Endi buyag‘ini eshiting!
– Eshitayapmiz, eshitayapmiz!
– Yaqinda qiz bilan ahdu paymon qilgan yigit armiyadan qaytibdi. Voqeani eshitib o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolibdi, bechora oshiq. Qanchalik urinmasin, sevgilisi bilan uchrashishning iloji bo‘lmapti. Payt poylab, yarim tunda devor oshib qizning uyiga kiribdi, olib qochmoqchi bo‘lsa kerak-da.
– Ofarin, jasur yigit ekan, – Ernazar zavqlanib guvranib qo‘ydi.
– Muhabbat otashi kishini nima ko‘yga solmaydi, – dedi xo‘rsinib Rahmat aka. – O‘zingni o‘tga ham, suvga ham urishdan toymaysan.
– Bu deyman, sizni ham jigardan urgani bo‘lganmi, aka, – kuldi Ernazar.
– Jim bo‘l-ey, sen sevgini tushunarmiding, – dedi Rahmat aka. – G‘ani, davom et!
– Qiz yotgan to‘shak boshiga kelib, sekin… qulog‘iga “men keldim, jonim”, deb shivirlabdi. Qo‘rqib uyg‘onib ketgan qiz dod solib yuboribdi. Boshqalar ham uyg‘onib qiy-chuv bo‘lib ketibdi. Otasi “o‘g‘rini ushlang”, deb yigitga tashlanibdi. Voqea bunday tus olishini kutmagan yigit sarosimaga tushib nima qilishini bilmay qopti. Keyin hushini yig‘ib olgach, qizning otasini changalidan yulqinib chiqibdi-da, dag‘-dag‘ titrab turgan qizning yelkasiga yoyilib to‘lg‘anib turgan sochlarini tutamlab shartta tubidan kesib olibdi. “Bu menga sendan yodgorlik” deb uydan oti­lib chiqib, devordan oshib g‘oyib bo‘libdi. Hozir militsiya qidirib yurganmish. Unashtirilgan yigit “qiz badnom bo‘ldi”, – deb uylanishdan voz kechibdi…
– Qiz mabodo sizning qishlog‘ingizdan emasmi? – Mehmon yigitga o‘girildi Rahmat aka. Lekin javob bo‘lmadi. Yigit o‘choq yonida choponga o‘ralib g‘ujanak bo‘lib uxlab qolgan edi.
– Rosa holdan toygan ekanmi, – deb qo‘ydi Ernazar. Keyin G‘aniga yuzlanib qitiq patiga tegdi.
– Mabodo voqea ustida bo‘lmaganmiding? Cho‘pchakni qotirib qo‘yding-da o‘zing ham.
– Nima, men ichimdan to‘qibmanmi, odamlardan eshitganimni aytdim-da, – dedi G‘ani ranjib.
– Vaqt ham allamahal bo‘ldi, yigitlar, qani biz ham endi yotib uxlaylik. Qayg‘uli voqea ekan, bo‘lsa bo‘lgandir, – dedi Rahmat aka o‘rnidan qo‘zg‘alib.
Yigit qattiq charchagan ekan, qotib uxlabdi. Tong g‘ira-shira yorishganda tetiklanib uyg‘ondi. Traktorchilar hali xurrak otib uxlab yotishardi. U shoshib o‘rnidan turdi-da, qo‘ynidagi soch o‘ramini paypaslab ko‘rdi. Joyida ekanligiga ishonch hosil qilgach, ohista uychadan chiqib ketdi. Tashqarida sovuq zabtiga olgan, izg‘irin uvullab, qor bo‘ralab yog‘ardi.