Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)

Birlashgan Millatlar Tashkiloti
a’zosi — Ozod O‘zbekiston
uchun bitdim.
MUALLIF.

BIRINChI BOB

1

Men farg‘onachi Jamoliddin ketmon nabirasi bo‘laman.

2

Bobomiz hovlisi Farg‘onada bo‘ladi.
Dalasi Farg‘ona adog‘ida bo‘ladi.
Bobomiz dalasi oldidan bir ariq suv oqadi.
Suv gavhar zilol-gavhar zilol suv bo‘ladi.
Suv egilmish tollar majnun-majnun sollanadi.
Ariq o‘ngida shahardan kelajak yo‘l bo‘ladi.
Yo‘l ariq yoqalab o‘tadi. Yo‘l majnuntol soyalab o‘tadi.
Bobomiz ana shu yo‘ldan sahar-sahar dalalaydi.
Tolga xurjun iladi. Tahorat oladi. Qiblalatib belbog‘ yoyadi.
Cho‘lpon yulduz poyida quloq qoqadi. Cho‘lpon yulduz poyida sajda etadi.

3

Bobomizda nima bo‘ladi — ketmon bo‘ladi. Ketmon emas — bir baloi bad bo‘ladi!
— Jamoliddinni ketmoni dalasiday keladi! — deydi el.
El qayerda qanday ulkan nima ko‘rsa bo‘ldi—bobomiz ketmoniga nisbat beradi.
— Ol-a, Jamoliddinni ketmoniday keladi-ya! — deydi el.

4

Bobomiz urmish ketmonni o‘zidan o‘zga yerdan tortib ololmaydi.
Bobomiz kalima qaytarib-qaytarib ketmon chopadi. Xudoni yodlab-yodlab ketmon chopadi. Xudoga shukrona aytib-aytib ketmon chopadi.
Yo‘ldan o‘tkich-ketkichlar bobomizga hormang etadi.
Bobomiz yo‘lga qiyo-da boqmaydi. Daladan bosh ko‘tarmayin bor bo‘ling, etadi.
Shu bois, yo‘ldan kim o‘tadi-kim ketadi — bilmaydi. Bilgisi-da kelmaydi. Kim bo‘lsa-da — bir mo‘min, musulmon-da, deydi.

5

Saraton jingirtob-jingirtob kuydirmish bir mahal yo‘ldan ajabtovur ovozlar eshitiladi.
Ajabtovur ovozlar o‘z yo‘lida keta beradi. Bir og‘iz hormang etmaydi.
Shunda, bobomiz ketmonini yer botiradi. Engashmish ko‘yi tizzalariga kaft tiraydi. Yer ostidan yo‘lga ko‘z tashlaydi.
Bobomiz ko‘zimga ter tomdi-yov, deya o‘ylaydi. Qo‘li yuzi bilan ko‘zlarini artadi.
Bobomiz boshqatdan qaraydi.
Vo darig‘o, shu ko‘rinmish ajina bo‘ldimi? Ha, yo‘g‘-a! Umri shu dalada o‘tdi — bir nima-da ko‘rmadi.
Yo, shu ko‘rinmish tush bo‘ldimi? H-a, yo‘g‘-a! O‘lik-tirik sergak vaqt-a!
Musichalar uzib-uzib ku-kulaydi.
Kun yonadi.
Saraton sap-sariq tovlanadi.
O‘tkinchi balolar saratonday sap-sariq bo‘ladi.
Saraton balolardan sariq bo‘ladi, balolar saratondan-da sariq bo‘ladi.
Bobomiz qad rostlab qaraydi. Yo‘lga betma-bet bo‘lib qaraydi. O‘ng kaftini qoshi uzra soyabon qilib qaraydi.
Bobomiz pichir-pichir kalima qaytaradi. Ketmonini yelka ola-ola qadamlaydi.
Ariq labida yuvinib-chayinadi. Xurjunidan tushligini oladi. Ariq bo‘yida yoyadi.
Bobomiz chordona qurib o‘tiradi. Ariqqa non botirib-non botirib tushlik qiladi. Ariqdan qo‘shhovuchlab-qo‘shhovuchlab suv olib tushlik qiladi.

6

Kun qiyomdan-qiyom bo‘ladi.
Yo‘ldan Salohiddin bo‘yrachi o‘tadi.
Bobomiz bo‘yrachini gapga soladi.
— Sizdan oldin ashiyoqqa bir balo o‘tdi, — deydi bobomiz.
Salohiddin bo‘yrachi ariq o‘ngida oyoq iladi.
— Ajina bo‘lib ajina bo‘lmadi, odam bo‘lib odam bo‘lmadi, — deydi bobomiz.
Bo‘yrachi ariq bo‘yida soyalaydi. Bobomiz bilan muqobil bo‘ladi.
— Ko‘rdim, Ketmon, ko‘rdim, — deydi bo‘yrachi. — O‘zimni yo‘ldan chetga olib turdim.
— Nega-nega?
— G‘ayridinlar bilan yo‘lim bir bo‘lmasin, dedim-da.
— Bizning ko‘chamizda g‘ayridinlar… yeb yuribdimi?
— E-e, Ketmon, Ketmon. Senga ketmon bo‘lsa bo‘ldi. Sen ham odamday bo‘lib, ketmondan bosh ko‘tarsang ekan, dunyodan xabardor bo‘lsang.
— Mana, ketmondan boshimni olib o‘tiribman?
— Qorning ochgandir-da. Bo‘lmasa, ketmondan bosh ko‘tararmiding.
Salohidin bo‘yrachi shunday deya, yo‘l bosh-adog‘iga qarab oladi. Bobomiz, oldiga lik etib sapchib o‘tadi. Bobomiz qabatiga cho‘kadi. Bobomiz bilan yelkama-elka bo‘ladi.
— Farg‘onag‘a Oqposhsho keldi, — deya pichirlaydi.
— Mullalar Oqposhsho bizni ololmaydi, deyatib edi-yu?
— Olibdi-da.
— Qo‘qondan Olimquli lashkarboshi Chimkanga lashkar tortib ketibdi, deyatib edi-yu?
— Olibdi, olibdi. Ololmas ekan-u, Buxoro amiri Muzaffarxon o‘tirib qo‘yibdi. Olimquli lashkarboshi Chimkanda Oqposhsho yelkasini yerga tekkizibdi. Oqposhsholilarni bitta qo‘ymay qilichdan o‘tkazmoqchi bo‘lib tursa, Muzaffarxon bizning Qo‘qonga daf’a qilibdi.
— Bo‘laman degich el, bir-birini botirim deydi, bo‘lmayman degich el, bir-birini etini yeydi.
— Olimquli lashkarboshi g‘azot maydonini tashlab, o‘zimizning Qo‘qonni o‘zimizning Buxoro amiri bilan mudofaalash uchun qaytib kelibdi. Oqposhsho bundan foydalanibdi. Chalajon oq lashkarlar tag‘in daf’a qilibdi. Oldin Chimkanni olibdi, keyin Toshkanni olibdi.
— Ha, tavqi la’natlar! Toshkanniyam olibdimi-a?
— Olibdi, Toshkanniyam olibdi. Saidazimboy degich savdogar boy Oqposhshoga Toshkanni sotibdi. Toshkanda Kaykovus degich ulkan bir ariq bor ekan. Toshkan yolg‘iz ana shu Kaykovusdan suvlar ekan, Saidazimboy Oqposhshoga ana shu Kaykovusni chippa bo‘g‘ib, Chirchiqqa burib yuborishni maslahat beribdi. Oqposhsho Saidazimboy gapi bilan Kaykovusni chappa qayirib, Chirchiqqa oqizibdi. Ana shundan Toshkan qirq ikki kecha-kunduz suvsiz qolibdi. Xalq holdan toyib, Toshkanni mudofaa qilolmay qolibdi. Oqposhsho saharlayin Toshkanni bosibdi.
— Ila-bila, Qo‘qongacha kelibdimi-a?
— Toshkan bilan Qo‘qon orasi ikki qosh oralig‘iday keladi. Yetib keladi-da. O‘zimizning Qo‘qon xoni he yo‘q, be yo‘q, shahar darvozasini ochib beribdi. Marhamati uchun Oqposhshodan «Aslzoda» faxriya unvoni olibdi, nishon olibdi…
Bobomiz chaparasta-chaparasta so‘kadi:
— He, ena…!

7

Xudo bermish kun bo‘ladi — yo‘lda Oqpodsho bo‘ladi.
Bobomiz Oqpodshoga ket burib ketmon chopadi. Bobomiz Oqpodshoga ters bo‘lib ketmon chopadi.
Bobomiz Oqpodsho betini ko‘rmayin-da, kuymayin-da, deydi.
Oqpodsho arava minib o‘tadi. Oqpodsho soz chalib o‘tadi. Oqpodsho ashula aytib o‘tadi. Oqpodsho hushtak chalib o‘tadi.
Bobomiz shunda-da Oqpodsho betiga qayrilib qaramaydi. Enkaymish ko‘yi butlari orasidan mo‘ralaydi.
Oqpodsho oyoqlari osmonda bo‘lib ko‘rinadi, boshlari yerda bo‘lib ko‘rinadi.
Oqpodsho olabo‘ji bo‘lib ko‘rinadi!
Bobomiz tushlikda-da Oqpodshoga ket burib o‘tiradi.
Dalasiga yuz solib-yuz solib tushlik qiladi.
Oqpodsholik arava ariq yoqasida oyoq iladi.
Aravadan tap-tap Oqpodsho tushadi.
Bobomiz Oqpodsho tarafga ko‘z qirida qaraydi. Shunda ajab sinoat ko‘radi.
Bir juft oqbadan-oqbadan olabo‘ji dala oralab boradi. Oldin-ketin boradi. G‘oz-g‘oz boradi.
Oqbadan olabo‘jilar boradi-boradi — dala kindigida oyoq iladi. G‘oz turadi-turadi — uzala tushib yotib oladi.
Bobomiz ko‘zlarini yumib-ochib qaraydi. Bobomiz ko‘zlarini pirpiratib qaraydi.
— Yo, tavba-a! — deydi.
Bobomiz ohista-ohista to‘rkaladi. Ketmonini yelka oladi. So‘qmoq bo‘ylab boradi.
Bobomiz bir kapa joyni kaftday pollab edi. Tuprog‘ini kaftlarida ezib-ezib maydalab edi. Kepakday-kepakday muloyimlab edi. Kepak tuproqqa don sepib-sepib tashlab edi. Chumchuq terib ketmasin deya, kepak tuproq uzra un misol tuproq sepib-sepib qo‘yib edi.
Ana shu kepak tuproqda, ana shu un tuproqda bir juft Oqpodsho yalpayib-yalpayib yotadi!
Oqpodsho qip-yalang‘och yotadi! Oqpodsho onadan endi tug‘ilmishday yotadi!
Erkakzot Oqpodshoda aqalli bir enlik lungi bo‘lmaydi.
Ayolzot Oqpodsho mammalari osma qovunday-osma qovunday osilib yotadi.
Bobomiz bilaklari bilan betlarini bekitadi.
— Iyya-iyya! — deb chappa buriladi. Oqpodsholar ana shunda kalla ko‘tarib qaraydi.
Yonbosh yotib qaraydi. Ko‘z qisib qaraydi. Erkakzot Oqpodsho kaftida tuproq o‘ynaydi.
— Tuprog‘ingni biz uchun muloyimlab qo‘yibsan, minnatdorchilik bildiramiz, — deydi.
— Yurib-yurib, oxiri sening tuprog‘ingni tanladik. Baxting bor ekan, — deydi ayolzot Oqpodsho.
— O‘ziyam bizbop tuproq bo‘libdi-da.
— Ana endi, quyoshda mazza qilib toblanib yotamiz.
— Nima uchun yuzingni yashirasan? Sen ham quyoshda toblan.
Bobomiz shu zayli lo‘killab-lo‘killab qayta beradi.
Bobomiz ariq labida muztar bo‘lib-muztar bo‘lib o‘tiradi. Betlarini changallab-changallab o‘tiradi.
Bobomiz nima ko‘rdi, qachon ko‘rdi — aqli-da bovar etmaydi.
Oqpodsholar joyidan jiladi. Dalani qoq oralab keladi. O‘zlarini suvga tashlaydi.
Oqpodsholar suv shaloplatib-suv shaloplatib cho‘miladi.
Oqpodsholar bobomizga taqlidan bilaklari bilan betlarini bekitadi.
Iyya-iyya! — deya, bobomizni mayna etib-etib suv g‘arqob bo‘ladi. — Iyya-iyya! — deya xoxolashib-xoxolashib suv g‘arqob bo‘ladi.
Oqpodsholar qiyqirib-qiyqirib cho‘miladi.
Tollarda tushlamish chumchuqlar gurr-gurr uchadi.
Gavhar suv bo‘tana bo‘ladi.

8

Shu-shu bo‘ladi — bobomiz dalasi yuzini qaytib ko‘rmas bo‘ladi.
— Toqqa ketaman, — deydi bobomiz. — Tog‘dan yer olaman.
— Tog‘ olis-da, — deya ming‘illaydi momomiz.
— Olis bo‘lsa bo‘lar. Ana, tog‘dan yer olib ishlayaptilar. O‘lib qolmayaptilar.
— Endi deyman-da, olisni sho‘rvasidan yaqinni yovg‘oni, deyman-da.
— Dalamda musulmon oyoq bosar yer qolmadi. Dalamda dehqon oyoq bosar yer qolmadi. Bo‘ldi, endi qaytib oyoq bosmayman.
— Dalada nima ayb.
— Kofir yumalab yotar dalada fayz qoladimi?
Momomiz quvvatlamish bo‘lib bosh irg‘aydi.
— Tanasida mana muncha libosi bo‘lsa, o‘lsin agar! — deydi bobomiz. — Bir joylari dalamda mana bunday dirkillab turibdi!
Momomiz og‘zini ushlab-ushlab kuladi.
— Bir yotsa, yotibdi-da.
— Bo‘ldi, endi u daladan baraka ko‘tarildi.
— Bosib-bosib suvlang. Suv nimalarni yuvmaydi.
— Suv? Suv qoldimi! Oq to‘ng‘izday ariq ag‘nay berib, suvni-da haromladi! It-da ariq labidan yalab-yalab suv ichadi! Oqpodsho bo‘lsa, oq to‘ng‘izday ariq ag‘nadi!
Momomiz gap bilan andarmon bo‘lib bilmaydi.
Ko‘ylak etaklari yig‘iladi-yng‘iladi — tizzalab boradi. Tag‘in yig‘iladi-yig‘iladi— tizzadan sonlab-sonlab boradi.
Momomiz lozim ulog‘lari namoyish bo‘ladi. Bobomiz bo‘sh piyolani zarda bilan to‘ntarib tashlaydi. Lik etib joyidan turadi.
— Etagingizni yopsangiz bo‘lmaydimi? — deya o‘shqiradi. — Nima, Oqposhshomidingiz?

9

Bobomiz tog‘lab borolmay qoladi.
Hufton vaqti-hufton vaqti guzardan achchiq-achchiq baqiriq-chaqiriq keladi.
Bobomiz nima gap, deya chopqillab-chopqillab boradi.
Guzar olato‘polon bo‘ladi. Guzar olatasir bo‘ladi.
— G‘azot, g‘azot!
— Muhoraba, muhoraba!
Bobomiz o‘z dardini o‘zi tuyadi. Bobomiz o‘z kuyigini o‘zi tuyadi.
Gap yo‘q, so‘z yo‘q — qinidan pichog‘ini oladi.
Birov pichoq oladi. Birov tayoq oladi. Birov tosh oladi.
El oqkaltak-qorakaltak bo‘ladi.
El mulla Namozni oppoq kigiz soladi. Kigiz to‘rt burchidan oladi.
El kigiz ko‘tarib-ko‘tarib takbir aytadi. El kigiz ko‘tarib-ko‘tarib zikri samo’ aytadi.
El ushbu kigizdayin oppoq ot yetaklab keladi.
El mulla Namozni ana shu oppoq kigizdan ana shu oppoq otga mindiradi.
— Pirim, yo‘l boshlasinlar! — deydi. Mulla Namoz oq otda kaft ochadi. El yoppa baraka omin qiladi. Mulla Namoz oq otda yo‘l oladi.
El ko‘tariladi. El oq otliq ketidan yo‘l oladi.
Yo‘lda ushoqday Ibodin soqov qatiq sotadi. Elga kadida qatiq tutadi. «Ap-ap-ap», deydi.
«Qatiqdan ichib ketinglar, qatiqdan», demoqchi bo‘ladi.
Alvir-shalvir Ibodin soqov Hayotxon degich momoning yolg‘iz o‘g‘li bo‘ladi. Tug‘ma soqov Ibodin iljayib-iljayib yuradi. Baqrayib-baqrayib yuradi.
Elg‘iz o‘g‘il Ibodin, soqov o‘g‘il Ibodin, qatiq sotib ona boqadi.
El Ibodin soqovni aylanib o‘tadi. El Ibodin soqovni yo‘ldan qoch, deya turtib o‘tadi.
Ibodin soqov keti bilan o‘tirib qoladi.
Bobomiz ushoqday Ibodin soqovni dast ko‘tarib, chet oladi. O‘ngiri bilan bet-boshini artadi. Qatig‘ini bir ko‘tarishda ichadi. Qo‘liga chaqa beradi. Yelkasiga qoqa-qoqa uyiga jo‘natadi.
El Oqpodsho qarorgohilab kelgunichayin olaqaroq tun bo‘ladi.
El o‘qlog‘day-o‘qlog‘day cho‘yan panjaralar bilan o‘ralmish qarorgohni o‘rab oladi.
Oq otliq qarorgoh eshigidan ot qo‘yadi.
Oqkaltak-qorakaltak el-da o‘zlarini eshik uradi.
Eshikog‘alar dang qotib qoladi. Otishlarini-da bilmaydi, otmaslarini-da bilmaydi.
Eshikdan boshlab qon to‘kiladi.
El ikkita eshikog‘ani-da pichoqlab o‘ldiradi.
El ichkarida oyoq uzatib yotmish Oqpodsholarni joyida bosadi.
El Oqpodshoni bo‘g‘ib-bo‘g‘ib o‘ldiradi. El Oqpodshoni bo‘g‘izlab-bo‘g‘izlab o‘ldiradi. El Oqpodshoni pichoqlab-pichoqlab o‘ldiradi.
Qarorgohda tirik jon qolmaydi.
Ana endi qarorgohga o‘t qo‘yib yuborajak bo‘ladilar.
— Minba’d, musulmonlar, minba’d! — deya amr beradi oq otliq. — Bu imoratni Oqposhsho Peterburgdan olib kelmadi! Bu imorat o‘znmizning imoratdir! Onqadarkim, Oqposhsho kelib joylashib oldi! Shunday ekan, minba’d imoratga ziyon bermangiz.
El tutantiriqni oyoq ostiga tashlaydi. Tepkilab-tepkilab o‘chiradi.
— Musulmonlar — zafarona daydi oq otliq. — Mana, Oqposhshoni yer bilan yakson etdik! El-yurtimizni Oqposhshodan ozod etdik! Alhol, endi o‘z yurtlaringizga o‘zlaringiz bek bo‘lib kun kechirgaysizlar!
El shod-xurramligini shoyi etish uchun karnay-surnay yo‘qlaydi.
Zim-ziyo tunda karnay-surnay qani?
Shunda el hovuchlari bilan karnay chaladi. Hovuchlari bilan surnay chaladi. Hovuchlari bnlan sibizg‘a chaladi.
G‘aflatda yotmishlar uylaridan tashqarilaydi. Alang-jalang bo‘ladi.
— Nima bo‘ldi? — deydi.
El zafarlarini shoyi etadi:
— O‘z yurtimizni qaytib oldik!
— Oqposhshoni pichoqdan o‘tkazdik!
El ana shunday kayfiyatda tarqaladi.

10

Oqposhsho keladi — ana endi keladi!
Farg‘onani Oqpodsho bosadi.
Oqpodsho shahar oralaydi.
Shaharda tirik jon bo‘ladi — guzar haydaydi.
Oqpodsho bobomiz uyini-da bosadi. Momomiz bilagidan olib otadi.
Momomiz jalp etib tashqari tushadi.
Momomiz uvvos-uvvos yig‘laydi. Momomiz yer tayanib turayin, deydi — turolmaydi.
Oqpodsho momomiz sochidan buraydi. Oqpodsho momomiz sochidan sudraydi.
Momo yer quchib-quchib yig‘laydi. Momomiz yer tirnab-tirnab yig‘laydi.
Momomiz qonqora qaqshaydi.
— O‘ldim, o‘ldim-a!.. — deya vovaylo etadi.
Momomiz nimkala soz-nimkala soz oyoq oladi. Momomiz munkib-munkib odimlaydi. Momomiz alpon-talpon odimlaydi.
Ketidan ushoq o‘g‘lonlari iyaradi.
Oldilaridan Ibodin soqov kelib qoladi. Qo‘ltig‘ida bir kadi qatiq bo‘ladi.
Ibodin soqov elga iljayib-iljayib o‘tadi. Ibodin soqov Oqpodshoga baqrayib-baqrayib o‘tadi.
Oqpodsho birov-biroviga qarab oladi. Ajabona-ajabona yelka qisadi.
— Ey, chuchela, yo‘l bo‘lsin? — deydi. Ibodin soqov iljayib-iljayib o‘ta beradi.
— Ey, chuchela, senga aytayapman?!
Ibodin soqov Oqpodshoga qayrilib-da qaramaydi. Baqrayib-baqrayib o‘ta beradi.
Oqpodsho otini yo‘rttirib boradi. Ibodin soqov oldini oladi.
Ibodin soqov ot tumshug‘iga iljayib qaraydi. Otliq podshoga iljayib qaraydi. Otliqni aylanib o‘tarman bo‘ladi.
Shunda, boshqa bir otliq to‘g‘anoq bo‘ladi.
Ibodin soqov bir o‘ng otliqqa iljayadi, bir chap otliqqa iljayadi. Bo‘sh qo‘lini guzar taraf «nish» etadi. «U-u-u», deydi:
«Hay, anavi guzarga ketayapman».
So‘g‘in, qo‘ltig‘idagi qatiqqa ishora beradi:
«Qatiq olib ketayapman».
Oqpodsho qatiqqa egilib qaraydi.
— Qatig‘ini olib ichamizmi? — deydi.
— Qo‘y-e, bularni qatig‘ini ichib bo‘ladimi!
— Kim biladi, enasini sog‘ib qatiq qiladimi! Oqpodsho qamchi sopini Ibodin soqov peshonasiga nuqilaydi.
— Oldimga tush! — deya zug‘umlaydi.
Ibodin soqov elga bir qarab oladi. Boshini sarak-sarak etadi. «Pa-pa-pa», deydi:
«El oldidan o‘tdim, biroviyam qatiq so‘ramadi».
Ibodin soqov iljayib-iljayib tura beradi. «Av-av-av», deydi:
«Endi guzarga boraman. Guzarda qatiq ketadi».
Oqpodsho kadiga egilib qaraydi. Qatiqqa tupuradi. Balg‘amlab-balg‘amlab tupuradi:
— Tuf, ah, tuf!
Oqpodsho etik uchi bilan Ibodin soqov iyagiga turtadi.
— Bo‘ldimi, chuchela? — deydi. — Qani, endi yur.
Ibodin soqov bir qatiqqa qaraydi, bir Oqpodshoga qaraydi. Lablarini buradi-buradi…ho‘ngrab yig‘lab yuboradi. Qatig‘ini ko‘rsatib-ko‘rsatib yig‘laydi: «Ea-ea-ea», deydi:
«Endi, ayamga nima deyman?»
Ibodin soqov yig‘laydi-yig‘laydi… qatig‘ini Oqpodshoga sepib yuboradi. Zabt bilan uyi taraf qochadi.
— To‘xta, chuchela!
— To‘xta deyman!
Ibodin soqov pir-pir chopib qo‘ya beradi.
Shunda, Oqpodsho miltiq peshlaydi. Ibodin soqov chuydasini ko‘zlaydi.
O‘q dol nishonlaydi.
Juldur-juldur Ibodin soqov chalpak bo‘lib uchadi.
Oqpodsho ot yo‘rttirib boradi.
Irkit-irkit Ibodin soqov yuzlari iljaya-iljaya so‘ladi.
Irkit-irkit Ibodin soqov ko‘zlari baqraya-baqraya so‘nadi…
«Endi… ayamga nima deyman?»

Asarning to‘liq variantini saqlab oling.

Kitobni MP3 formatda tinglang.