“Rassom va tabiat” ko‘rgazmasi may oyi oxirlarida ochildi. Ibrohimning asarlari oldida san’atsevarlar to‘planishdi. Uni suratga olishdi, radio, televizor orqali beriladigan suhbatga tortishdi. U boshqa rassomlarning asarlarini ham ko‘rib, zalni aylanib chiqqanda xorij vakolatxonalaridan kelganlar qurshab olishdi.
– Menga asarlaringiz yoqdi, – dedi o‘rta bo‘yli, oq-sariq yuzli yigit. – Men Amerika elchisiman, kartinalaringizdan hayratlandim, bunaqa manzara, ko‘cha, binolar, har bir millat yukini ko‘tarib turadi, ammo davr o‘yinlari ichida ular asta-asta yo‘qolib ketishi mumkin. Kartinalaringiz odamlarga “Ogoh bo‘ling, dovdirab qolmang, o‘zligingizni yo‘qotmay saqlab qoling”, deyotgandek. XXI asr tasvirda tasodiflarni ham uyg‘otmoqda, siz ularda millat hayotini ko‘rsatishga usta ekansiz.
– Rahmat, janob, – dedi Ibrohim. – Biz milliy rassommiz, asarlarimiz faqat shaxsimizni emas, millat hayotini ham ko‘rsatishi kerak-da!
– Gapingiz to‘g‘ri, – dedi elchi. – Shu asarlaringiz ichida sotiladigani bormi?
Ibrohim o‘ylanib qoldi. Nima deyish kerak? Agar “bor” desa chet elliklar juda arzonga olishadi, degan gapni eshitgan, uning bunga xohishi yo‘q. “Yo‘q” deyishga ko‘ngli chopmayapti.
– “Yo‘q” ham, “Bor” ham, – dedi nihoyat.
Elchi qo‘lini bigiz qilib uchta kartinani ko‘rsatdi:
– Mana shularni sotib olishim mumkin, nima deysiz? Agar rozi bo‘lsangiz, Amerikaga borib kelasiz, bizda ham ko‘rgazmangiz ochiladi. To‘g‘risini aytsam, bizda modernizm, avangard rassom xayolida tug‘iladigan ko‘cha, binolarni bezab, cho‘ntagini tejab, ko‘zni o‘ynatadigan, dunyo aylanadigan e’lon asarlar sochilib yotibdi. Lekin Sharq sir-sinoatini namoyon qiladigan kartinalar yo‘q. Asarlaringizni ko‘rsa, Sharq san’atining shaydolari xursand bo‘lsa ajabmas.
– Men rozimanu, lekin Amerikaga borib kelishga imkoniyatim yo‘q, – dedi Ibrohim.
– Mana shu uchta kartinaga uch ming dollar beramiz, yo‘lkirangizga, yotog‘ingizga yetadi, ko‘rgazmani o‘zimiz uyushtiramiz, rozimisiz?
Ibrohim boshini egib, elchiga qo‘lini cho‘zdi. Bir necha kun o‘tgach, Nyu-Yorkda bo‘ladigan ko‘rgazmaga tayyorgarlik boshlandi…
Ibrohim Nyu-Yorkda o‘n kun bo‘ldi, mehmonxonada yashadi, shaharni aylanishga vaqti yetadi. Ko‘rgazma ochilishida jinsi kiygan, sochlari patila bir gala yosh yigit-qizlar, kamtarona bo‘yinbog‘ taqqan allaqanday janoblar, uzun ko‘ylak kiygan kaltasoch xonimlar, oppoq tishlari yaraqlab jilmaygan qop-qora kishilar qatnashishdi. Bir soat ichida ko‘rgazma zalida sanoqli odam qoldi. Ba’zi rassomlar kartinalar oldida kulib, yayrab turishdi-yu, unga hech narsa demay chiqib ketishdi. Xaridor yo‘qligidan sotuvchi zerikdi. Ko‘ngli cho‘kkan Ibrohim shahar aylanishga jo‘nadi. U osmono‘par imoratlarga qarasa do‘ppisi yerga tushib ketguday, ko‘p qavatli binolar tepasidagi bulut yomg‘ir to‘kishdan charchamaydi. Bu ahvolda shahar aylanib bo‘ladimi? Ko‘zingni o‘ynatib, miyangni o‘ylatib qo‘yadigan manzara ko‘rinmasa, havo bir ochilib, bir qovog‘ini osiltiradi, xuddi dengiz ustingga yopirilayotganday panaroq joyga yugurasan.
Quyoshdan darak yo‘q, yomg‘ir tomchiladi, ko‘chalardagi yakkam-dukkam daraxtlar boshini egib, binolarga yopishtirilgan e’lonlar ko‘zni o‘ynatib yonardi. Bahaybat bino yonidan o‘tayotganda Ibrohim magazinda ayollarga mo‘ljallangan buyumlarga ko‘zi tushdi. Yonidagi puli bujmayib qolganiga qaramay xotiniga bir nima olgisi keldi. Hamma narsa qimmat, arzonlari ko‘zga ilinmas, uning yonida faqat to‘rt yuz dollar qolgan, u na ko‘ylakka, na ayollar paltosiga yetadi. Bir vaqt manekenga kiygazilgan chiroyli ich ko‘ylakka ko‘zi tushdi-yu, shartta to‘rt yuz dollarni kassaga to‘ladi. Chiroyli ich ko‘ylak ming dollarliklardan qolishmaydiganday tuyuldi, “Xotinim hoynahoy, xursand bo‘lar, bu narsa bizning sevgi dardimiz, hech bo‘lmasa gardimizni tozalar”, dedi-da, ich ko‘ylak o‘ralgan chiroyli bog‘lamni bag‘riga bosib magazindan chiqib ketdi.
…Xotini chamadonni titkilar ekan, buklasa bir siqim keladigan, xitoy qog‘oziday yupqa, ro‘molchaday silliq, mayin ich ko‘ylakni ko‘rdi. Ibrohimning: “To‘rt yuz dollarga oldim, senga ja yarashadi”, – deganini eshitib, ich ko‘ylakning qanchalik bejirimligini sezsa-da, uni yelkasidan pastga qarab o‘lchadi-da, birdan qovog‘i osildi.
– Shu ich ko‘ylakni to‘rt yuz dollarga olgandan ko‘ra pulingizni qaytarib olib kelsangiz bir nima bo‘larmidi?
– Seni xursand qilay dedim, onasi, – dedi Ibrohim.
– To‘rt yuz dollar hozir bir million so‘mdan ko‘p-a, tavba, o‘ylab ish qildingizmi? Pulingiz bo‘yoq, mato, mo‘yqalamga yetmasa! Ich ko‘ylak o‘rniga konditsioner olib bersangiz bo‘lmasmidi? Xonalarimiz na yozda soviydi, na qishda isiydi.
– Shuncha yilda bitmagan ro‘zg‘or shu to‘rt yuz dollarga qarab qoluvmidi, hamma narsa navbat bilan-da!– dedi Ibrohim.
– Navbat o‘lsin, – zorlandi xotini. – To‘rt oydan keyin ellikka kirasiz, shaxsiy ko‘rgazmangiz bo‘ladi, zora asarlaringiz sotib olinsa. Ko‘rgazma navbat bilan ochiladi, deysiz. Sanatoriylarda dam olaylik desam, bizga navbat kelmagan deysiz, Siz hayotdagi hamma ishlar navbati oxirida turasiz, navbatimiz uzun-da deysiz!
– Mehribonim, bu nima, ichingdagi dardlarni men Amerikaga borib kelishimga saqlab yurganmiding, – dedi Ibrohim. – Ko‘nglingni ko‘taraman deb shuncha yo‘ldan ich ko‘ylak olib kelsam, uniyam, meniyam dabdala qilmoqchimisan? Rahmat, yana chiroyli narsalar olib bering, desang bir joying kamayib qoladimi?
– Kamaygan! Bundan besh battari bo‘lmaydi. Qaysi ayolda to‘rt yuz dollarlik ich ko‘ylak ko‘rgansiz? Bitta ich ko‘ylak olib keldim, deb tilimni qichitmoqchimisiz yoki og‘zimni bog‘lamoqchimisiz? Vaqtida ko‘zim ochilmagan ekan. Rassomlar g‘alati bo‘ladi, ba’zilari bo‘yoqlar ichida uxlashadi, oila, ro‘zg‘ordan ko‘ra tog‘-toshlarni, yomg‘iru qorni, gullarni yaxshi ko‘radi, keyin yalang‘och ayollarga o‘ch bo‘ladi, deyishsa, ishonmay yuribman-a!
– Jon ayasi, – yalindi Ibrohim. – Shu bugun diydiyoni qo‘y. Yaxshi narsalardan gaplashaylik. Ertaga nima desang, xo‘p. Ich ko‘ylak to‘g‘ri kelmadi, desang, mayli. Ko‘zim seni faqat shu ko‘ylakda ko‘raqolsin. Hozir bir kiyib chiq, tomosha qilay!
Ular tezda yarashib olishdi, oralaridagi dilxiralik sho‘rvaga tushgan pashshaday ancha vaqt bujmayib qoldi.
Kun o‘tgan sari ich ko‘ylak unutildi, Ibrohim so‘ramas, xotini churq etmasdi. Ibrohimning ellik yilligiga ochiladigan shaxsiy ko‘rgazmasiga yaqin qolganda u kechasiyu kunduzi ishladi. O‘tgan ko‘rgazmada faqat manzara, etyud, natyurmortlarini, qishloq, shahar manzaralarini namoyish etib Amerikaga borib kelgan bo‘lsa, bu gal barcha asarlarini to‘pladi, yangi kartinalar yaratdi, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xivaning qadimiy ko‘cha, bino ko‘rinishlariga rang-barang jilo berdi, tasvirlarida xalq ijodiyoti, miniatyura yo‘llariga ko‘z tashladi. Nihoyat, kutilgan kun yetib keldi.
Bugun soat beshda Ibrohimning shaxsiy yubiley ko‘rgazmasi ochiladi. Xotini odatda uning har bir ko‘rgazmasiga bir oy o‘zicha tayyorgarlik ko‘rardi, tanish-bilish, qarindosh-urug‘largacha xabar qilib chiqardi. Bugun esa nonushta paytida:
– Ibrohim aka, – dedi. – Bugun bayramingiz, ko‘rgazmangiz ochiladi, hammaning sizga ko‘zi tushadi, shunga yarasha ko‘rinishingiz kerak.
– Masalan, qanday? – so‘radi Ibrohim.
– Qanaqa bo‘lardi, – javob berdi xotini. – Hozir vannada yaxshilab cho‘milasiz. O‘zingiz ishlagan asarlarday yonib turing. Istambuldan keltirilgan charm plashniyam kiyib olasiz, ko‘rinishingiz mashhur rassomlarday chiroyli bo‘lsin, men yana uyalib qolmay! Insonda ellik yosh bir marta bo‘ladi, sizni quvib yetay desam yetaklamaysiz, bir og‘iz gap aytsam ertaklaysiz.
– Bugun hamma so‘zim-so‘z, bajarishingiz tap-tapu, xo‘p-xo‘p, maylimi?
– Ibrohim aka, to‘yimizda sizni yaxshilab kiyintirmaganmiz. Endi siz mevali daraxtsiz, men sizning soyangizman.
– Jonginam, qanaqa daraxt soya solganda yonidan shunday atirlar taraladimi, nima desang shundan mast bo‘lib, umr bo‘yi yo‘ldoshing bo‘lishga qasd qilganman.
– Yo‘ldoshmi, yo yo‘ldagi oshmi? – so‘radi xotini. – Endi gapim oxirini eshiting, bugun chiroyli kiyinasiz.
– Albatta, kostyumim tozalashxonadan olib kelindimi?
– Hojati yo‘q.
– Nega?
– Chunki, kiyadigan kostyumingiz yangi. Jahlingiz chiqmasa aytaman. Siz opkelgan ich ko‘ylakni kiygim kelmay to‘rt yuz dollarga sotdim, bir tadbirkorning xotini sotib oldi. Puliga yiqqanlarimni ko‘rasiz, butunlay boshqa odam bo‘lib ko‘rinasiz.
– Axir u senga sovg‘a edi-ku!
– Meni ham sizga sovg‘a qilgim keldi, ishingiz yurishib, biror asaringizni sotib oluvchi topilsa, puliga paxtadan tikilgan ich ko‘ylak olib berasiz, xo‘pmi?
Ibrohim o‘zini divanga tashlab ko‘zini yumib, boshini changalladi. Xotini shim bilan ko‘ylakni dazmollar ekan:
– Men tayyor bo‘lguncha sartaroshxonaga kiring, – dedi e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda. – Sochingiz yelkangizga savatday o‘sib tushibdi. G‘ashga tegmaydigan qilib oldiring, maylimi? Boraqoling. Keyin tez qaytib keling, yana ustaxonangizda qolib ketmang!
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 6-son