Tuman shifoxonasiga og‘ir kasal keltirildi. O‘n uch — o‘n to‘rt yoshlar chamasidagi o‘smir qornini changallab, tinimsiz ingrardi. Uni darhol jarrohlik bo‘limiga yotqizishdi. Shu kuni institutni yaqinda bitirib kelgan yosh jarroh Qosimjon navbatchi edi. U kasalning qornini obdon tekshirib ko‘rdi. «Qayering og‘riyapti? Mana shu yermi? Yoki bu yermi?» deb so‘radi, dunyo ko‘ziga qorong‘u ko‘rinayotgan bolakay esa gapirishga majoli yetmay, boshini asabiy silkitar edi. Qosimjon tashxis qo‘yishda bir to‘xtamga kelolmay, bolalar bo‘limida ishlaydigan hamkasb do‘sti Osimjonni chaqirtirdi.
— Sen ham bir ko‘r-chi, — dedi kushetkadan chetlanib. — Balki ko‘richakdir, balki…
Osimjon kasalga engashib, barmoqlari bilan paypaslandi, u ham o‘sha savollarni berdi. Keyin ikkilanibroq gap qotdi:
— Har holda, ko‘richak bo‘lsa kerak. Yana…bilmadim…
Bu orada kasalning og‘rig‘i battar kuchaydi. G‘ujanak bo‘lgancha qornini ushlab baqira boshladi. Peshonasidagi terni artib, boshini silab-siypab turgan hamshira do‘xtirlarga asabiy qarab qo‘ydi.
— Xo‘sh, nima qildik endi?
— Qosimjon boshini qashlab turib qoldi.
— Tezroq operatsiya qilish kerak, aks holda ko‘richak bo‘lsa yorilib ketishi mumkin, — dedi Osimjon. — Darvoqe, bosh jarroh Abduqahhor akani chaqirmadingmi?
— Ta’tilda ekan, hali qaytmabdi.
— Unda o‘zing operatsiya qilasan.
— Yo‘g‘-e? Nimalar deyapsan? Hali biron marta operatsiya qilganim yo‘q-ku!
— Axir qachondir boshlashing kerak-ku! Diplomli jarrohsan har holda!
— Baribir yuragim dov bermayapti-da, og‘ayni.
— Kasal kutib turarmidi? Tezroq harakatingni qil, bola…og‘irlashib qolishi mumkin.
— Unda, iltimos, sen yonimda turgin…
— Mayli, qo‘rqma, bir amallarmiz.
Hamkasblar operatsiyani boshlashdi. Qosimjon qaltiroq qo‘llari bilan ko‘richakni qidirishga tushdi. Ammo uvvalo urinmasin, ko‘richak hadeganda topilavermadi. Noiloj yonidagi sherigiga yuzlandi:
— Ko‘richak deganlari qayerda bo‘lardi o‘zi?
— Ie?! — dedi Osimjon hayratlanib. — Nima, ko‘richakni ko‘rmaganmisan?
— Ko‘rgan bo‘lsam sendan so‘rab o‘tirarmidim? — dedi Qosimjon to‘ng‘illab. — Ko‘richak o‘tilgan darsda qornim og‘rib… Xo‘sh, o‘zing nega bilmaysan?
— Men jarrohlik bo‘limida o‘qimaganman-da, — dedi Osimjon o‘zini oqlab. Qo‘lingdan kelmas ekan, nega operatsiyaga qo‘l urding?
— «Bir amallarmiz» deganingga ishonib…
— Men ham seni bunchalik noshud deb o‘ylamagandim!
Jarrohlarning antiqa gaplaridan ajablanib turgan hamshira yuzidan niqobini tushirib, jahl bilan xitob qildi:
— Hoy dumbullar! Kasal bu ahvolda yotibdi-yu sizlar…Yaxshiyam narkozda, hushiga kelib, bu gaplaringni eshitib qolsa tiraqaylab qochib ketardi.
— Narkoz bekorga qilinmaydi-da, opa! — dedi Qosimjon tap tortmay.
— Tezroq biron chorasini topinglar, agar bolaga biron kori-hol bo‘lsa kallanglar ketadi-ya!
— Kallasi bo‘lsa ketadi-da! — Osimjon do‘stini ayab o‘tirmadi.
Qosimjon hamshiraning gapidan sergak tortdi. Yagona maslahatchisi bo‘lgan sherigiga mo‘ltirab qaradi.
— Xo‘sh, endi nima qildik?
— Bilmasam…
— Qayta tikib qo‘ya qolamizmi?
— Bu senga kashta emaski qayta tiksang.
— Unda…
— Tezda borib Abduqahhor akani topib kelish kerak.
— Esing joyidami? Ungacha kasal shu holida yotadimi?
— Boshqa ilojimiz yo‘q. Qani ketdik.
Abduqahhor aka mahallasidagi choyxonada jo‘ralari bilan ulfatchilik qilib o‘tirgan ekan. Hamkasblarining iltimosini eshitib, ensasi qotdi.
— Men dam olishdaman, yigitlar, — dedi chayqalib. — O‘zinglar pishirgan osh endi o‘zlaringga havola.
Osimjon gapning po‘stkallasini aytmasa bo‘lmasligini sezdi. Do‘stini yuz-xotir qilib o‘tirmadi.
— Abduqahhor aka! — dedi qo‘lini Qosimjonga bigiz qilib. — Bu ahmoq kasalning qornini yorib qo‘ygan, u yog‘ini eplolmay boshi qotib o‘tiribdi. O‘zingiz bormasangiz bo‘lmaydi.
Abduqahhor akaning ko‘zlari moshdek ochildi, kayfi tarqab ketdi. Jo‘ralari bilan xayrlashishni ham unutib, shosha-pisha yo‘lga tushdi. Yo‘lovchi mashinani shoshilinch to‘xtatib, bir zumda kasalxonaga yetib kelishdi.
Jarrohlik bo‘limiga kirishganda negadir kasal ko‘rinmas, bosh hamshira Fozila opa qo‘llarini sovunlab yuvayotgan edi. Qosimjon ko‘ngli bir noxushlikni sezgandek, xavotir bilan so‘radi:
— Opa, bu yerda bir kasal bola yotuvdi, ko‘rmadingizmi?
— E-ha, haligi …qorni yorib tashlab qo‘yilgan bolani aytayapsizmi? — dedi hamshira kesatib. — U sizlardan… qochib qutildi. O‘zim yordamlashvordim.
Hamma angrayib qoldi. Abduqahhor aka jahl bilan hamkasblariga o‘qraydi:
— Bu nima maynavozchilik?! Meni laqillatib…
— O‘lay agar, mana shu yerda yotuvdi. Qiziq, qayoqqa yo‘qoldiykin? O‘zim uni… — Qosimjon dovdirab qoldi.
— To‘g‘ri, o‘zi amallab qornini yorgan, — deya izoh bera boshladi Fozila opa. — U yog‘iga ilmi yetmay qolib, sizdan yordam so‘rashga majbur bo‘lgan. Hamshira voqeadan xabardor qilgach, kelib qarasam, bechora bolakay o‘sal bo‘lib yotibdi. Achinib ketdim. Qarab ko‘rsam, hech qanday ko‘richak bo‘lmagan. Qornini o‘zim qayta tikib qo‘ya qoldim. Oradan ko‘p o‘tmay bolapaqir o‘ziga keldi. Dalada mol boqib yurganda dovuchcha yeb, orqasidan sovuq suv ichib qo‘ygan ekan. O‘zi aytib berdi. Og‘rig‘i shundan ekan. Hozir qo‘shni palatada yotibdi. Ahvoli durust.
— Hmm, tushunarli, — andak yengil tortgan Abduqahhor aka Qosimjonga zaharxanda yuzlandi:
— Otang nima kasb qiladi?
— Otam…qassob … — Qosimjon nimkosani payqamay javob berdi.
— Endi gap bunday, uka! — dedi Abduqahhor aka Qosimjonning yelkasiga qo‘lini tashlab. — Sen yaxshisi ota kasbini qil! Ammo bilib qo‘y – qassoblik qilish uchun ham uquv kerak!
Qosimjon mulzam bo‘lib, yer chizib qoldi.