Kuz edi. Mungli va muztar kuz… Daraxtlar kelajak izg‘irin kunlarga tayyorgarlik ko‘rayotgandek tumtayib olgan, rutubatli kunlar edi.
Bugun negadir qishloqning kungay betidagi nuray-nuray deb turgan do‘kon oldida ham sukunat. Do‘kon oldidagi ikkita tut daraxti o‘rtasiga mahkamlangan yog‘och o‘rindiq ham bo‘m-bo‘sh. Ertadan kechgacha ezmalanib o‘tiradigan chollar, qishloqning nomi dunyoga doston uch-to‘rt takasaltanglari ham bugun negadir ko‘rinmaydi.
Uzoqdan paypanglab kelayotgan kampir ikkilanib qoldi. Nahotki do‘kon yopiq bo‘lsa… Odamlar qani? Shu payt do‘kondan uch-to‘rt bolakay yugurib chiqdi. O, do‘kon ochiq ekan. Kampir do‘konga yo‘naldi.
– E, assalomu alaykum, keling xola! – dedi peshtaxta ortida turib pul sanayotgan Amir tabassum bilan.
– Amirjon bolam, yaxshimisan, kelin tuzukmi?
– Rahmat, xola! Nima kerak bo‘lib qoldi? – Amir qo‘lidagi pulni yonidagi qutiga tashladi-da, kampirga yaqinlashdi.
– Shu… odatdagiday yaxshi qand-qurslaringdan bir hovuch-bir hovuch olsam degandim-da. Kecha pensiyani berdi baraka topgur Karim pochtachi, – dedi kampir siniqqina iljayib.
– Yaqinda oluvdingiz-ku, xola? Darrov yeb qo‘ydingizmi?
– Qayoqda deysan, bolam. Hamsoyam Bibigulning to‘rt nevarasi ostonamdan nari ketmaydi. Mayli, shularning boriga shukur! Rustamjon kelib qoladimi deyman-da bolam, a, nima deding!
– Keladi xola, albatta keladi!
– O‘tgan hafta Yangibozordagi romchiga borib keldim. O‘g‘lingiz tirik, katta odam bo‘lib ketgan, tez kunlarda kirib keladi, dedi, – kampir beo‘xshov iljayib qo‘ydi. – Rostdan ham katta odam bo‘lib ketgan deb o‘ylaysanmi, Amir? Bu romchini hamma narsani biladi deyishyapti-ku!
– Xola, oldingi safar ham aytdim-ku, Rustam o‘ladigan bola emas. Xizmatga ketmasdan oldin ham bir o‘zi beshtasiga bas kelardi. Bizdan ikki sinf pastda o‘qisa ham, gap talashib-tortishgani qo‘rqardik. Sog‘-omon qaytib kelsa, ziyofatning boshida o‘zimiz turamiz-da.
– Haligi… aytganing ham rostmidi, bolam?
– Qaysi?
– Allaqayoqda bir soldatning nobud bo‘lganidan keyin uch oy o‘tib uyiga kirib kelgani…
– Ha, umi, albatta to‘g‘ri, xola! Gazetada o‘z ko‘zim bilan o‘qidim. Gazet yolg‘on gapirmaydi, xola.
– Chin-chin, gazetning gapi-gap. Rustamjon kelsin, xudoyi qilib, qo‘y so‘yaman. O‘tgan bozor Mamajon qassobga iltimos qilib, boqib yurgan qo‘yimni kattarog‘iga almashtirib keldim.
– Chollarga xudoyi, bizga ziyofat! – dedi iljayib Amir.
Kampirning yuzi yorishdi, yog‘och hassasini qo‘ltig‘iga tirab, ikki kaftini duoga ochdi:
– Iloyim, aytganing kelsin, bolam. O‘g‘lim eson-omon kirib kelib, uyim to‘yxona bo‘lsin. Sen ham bola-chaqangning orzu-havasini ko‘rgin.
Amir duoga qo‘shilib, yuziga fotiha tortdi.
So‘ngra:
– Amir, – dedi kampir og‘ir tin olib, – Sen menga ko‘p yaxshilik qilding, har doim ko‘nglimni ko‘tarasan, senga inimday ishonaman. Bu qishdan eson-omon chiqamanmi, yo‘qmi, buni O‘zi biladi. Shunga…
– E, xola, yaxshi niyat qiling!
– To‘xta, sen gapni eshit, – dedi kampir qat’iy qilib. – O‘lsam, senga bir omonat qoldiraman. Shu omonatni egasiga topshirasan, xo‘pmi?
– Nima u, xola? Tilla-pilla emasmi?
– Vaqti kelganda bilasan, – dedi kampir. So‘ngra indamay tashqariladi.
Amir buruqsitib sigaret tutatar ekan, kampirning ortidan chuqur xo‘rsinib qo‘ydi.
* * *
Kampir yangibozorlik folbinning uyiga yetib kelganida, kun peshindan oqqan edi. Yog‘och darvozani sekin ochib, ichkariga mo‘raladi. To‘rtta temir ustun ustiga shifer tashlab omonat qilingan soyabon tagidagi o‘rindiqda o‘tirgan xotin kampirga o‘girildi.
– Tezroq kirib, darvozani yoping. Odam kirib chiqqanini melisa ko‘rib qolmasin ekan.
Xotin o‘rnidan turib, kampir bilan so‘rashdi. O‘rindiqda yig‘ilib qolgan to‘shakni to‘g‘riladi. Kampir omonatgina o‘tirib duo qildi.
Garchi ko‘ngli sezib tursa-da, xotindan “folbinning uyi shumi?” deb so‘radi, tasdiq olgach, xotirjam bo‘ldi.
– Ichkarida birov bormikin, bolam?
– Bir xotin kirib ketuvdi, bir soat bo‘ldi, nima qilyapti, hayronman! – xotinning fig‘oni falakka chiqdi. So‘ngra kampirga yuzlandi.
– Uzoqdan kelyapsizmi, xola?
– Ha, qizim. Ertalab yo‘lga chiqdim. Uchta aptovuz almashib keldim. Uyi ancha ichkarida ekan. So‘rab-so‘rab topdim. Xotinlar “yangi chiqdi, aytgani keladi” deyishgandi, shunga kelaverdim-da, bolam.
– Xudo mushkulingizni oson qilsin! – dedi xotin yig‘lamoqdan beri bo‘lib, so‘ngra o‘zi gap boshlab qoldi. – Xola, hozirgi qizlardan qo‘rqish kerak ekan. Peshonamda tilab-so‘rab olgan yolg‘iz o‘g‘lim bor. Dadasi bilan papalab o‘stirdik, o‘qitdik, tanish-bilish bilan yaxshi ishga joylashtirdik. Patinka fabrikada hisobchi bo‘lib binoyiday ishlab yuruvdi. Bir qizga ilakishdi-yu, hamma narsani esdan chiqardi. Uylansam, shunga uylanaman, deb turib oldi.
– Qizim, yoshlar shunaqa-da. Bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan bo‘lsa…
– E, xola, kelib-kelib gulday bolam shu qizga ko‘ngil qo‘yadimi-a? Borib mahallasidan surishtirdim. Bir qo‘shnisi tayin gap aytmadi. Uch uy naridagi qo‘shnisidan so‘rasam, “bir-ikkitasi bilan oldin yaxshigina “yurgan”, onasi ham ziqna, past xotin, dedi. Qizni ko‘rsangiz, andiga o‘xshaydi.
– Qo‘ying, birovning qizini unday demang. O‘g‘lingizga yoqsa, qarshilik qilmang, aylanay.
– Yo‘q, bu yerda boshqa gap bor. Hozir rasmga qarab “o‘qiydigan”, “issiq-sovuq” qiladigan odamlar ham chiqqan. Bolamning ahvolini ko‘rib, darrov kallam ishladi. Ikkita folbinga borib qaytariq qildim, foydasi bo‘lmadi. Qani bunisini ham bir ko‘ray-chi, deb keluvdim.
Kampir jimib qoldi. Eh, Rustamjon kelsa, o‘zi tanlagan qizini olib beradi. Andi bo‘lsa ham mayli, o‘ziga yoqsa bo‘ldi-da! Bu yil yigirma to‘qqizga kirdi-ya. Sinfdoshlarining oldi ikki bolalik bo‘lishdi. Yo o‘sha yoqlarda uylanib olganmikan? Bir safar Uchko‘prikdagi folbin “uylangan, bola-chaqasi ham bor” degandi. Xotini qanaqa bo‘lsa? O‘ris bo‘lsa-ya? Mayli, o‘sha megajin chulchit bo‘lsa ham! Kampir bir amallab tilini ham, ko‘nglini ham o‘rganib oladi.
Shu payt uydan yuz-ko‘zlari qizarib ketgan, semiz bir ayol chiqib qoldi. Kampirga diydiyo qilayotgan xotin “dik” etib o‘rnidan turdi-yu, yoshini hurmat qildimi yoki boshqa xayolga bordimi, hartugul navbatini kampirga berdi.
– Xola, mayli, siz kira qoling, – dedi u muloyimgina qilib.
* * *
Kampir do‘kondan olib kelgan qand-qurslarini tokchaga joylar ekan, beixtiyor devorga osib qo‘yilgan xaltaga qarab qo‘ydi. Mana, o‘n ikki yildirki, bu xaltaning og‘zi ochilmaydi. Unda tarashadek qotib qolgan ikkita non bor. Rustamjon tishlab ketgan non! O‘g‘limning uydan rizqi uzilmasin deb, o‘g‘li harbiyga ketar kuni shu ikkita nonni tishlatib qolgan edi. Shundan buyon ona o‘g‘lini eslaganda shu xaltaga bir qarab qo‘yadi.
Devordagi boshqa mixlarda qalampirmunchoq, ko‘ztikan, yana allaqanday tumorlar, tugunlar osib tashlangan. Kampirning odati shunday: to‘y-ma’rakalarda “ilingan” ne’matlar, unga atalgan nasibalar tugunda yetib kelib mixga ilinganicha qolib ketgan.
– Aya, uydamisiz?
Kampir beixtiyor cho‘chib tushdi. So‘ngra yoqasiga “tuf-tuf”lagancha tashqariga yo‘naldi.
– Kiravering, kim u?
Darvoza ochilib, Ozoda muallima ko‘rindi. Uning ortida supurgi, belkurak, paqir ko‘targan bir to‘da bolalar turardi.
– Kelinglar, aylanaylar, kelinglar!
Bolalar birin-ketin kampirga salom berishdi.
– Sinfimiz bilan kelishib, sizni mahallamizning keksa onaxoni sifatida otaliqqa oldik. Endi bolalar bilan tez-tez kelib xabar olib, uy ishlarida qarashib turamiz. Darslar tushdan keyin bo‘lganligi sababli ertalabdan kelaverdik-da, aya!
– Ming rahmat, faqat bolalarni ovora qilibsiz. Hovlidagi ishlarga mahallaning yosh-yalangi bor, baraka topishsin. Qizim ishga o‘tganda-qaytganda hol so‘rab turadi.
– Mayli-da aya, ozgina foydamiz tegsa ham xursand bo‘lamiz. Bir tomondan, bolalar yoshligidan mehnatga o‘rganadi. Suhbatingizni oladi.
Kampir muallimani uy sahnidagi chorpoyaga taklif qilib, o‘zi ichkariga kirib ketdi. Sal o‘tmay tol savatchada sabzavotlar, kosada guruch, lagancha va pichoq ko‘tarib chiqib, muallima oldiga borib o‘tirdi. Bolalar esa darrov ishga kirishishdi. O‘g‘il bolalar tomorqaga, qizlar hovliga suv sepib supurgani ariqqa chopishdi.
– Ayajon, dasturxonga ovora bo‘lmang, – dedi Ozoda muallima. – Bolalar ham, men ham uydan nonushta qilib kelyapmiz. Yoki biror mehmon kutayapsizmi?
– Mehmon kelib bo‘ldi, qizim. Sizlar mehmon bo‘lmay kim? Bolalar ishlab qorni ochadi, uyga borib choy ichmay, darsga yugurishadi. Tushliklari bugun shu yerda bo‘ladi. Rayhon solib, mastava qilib beraman. Aksiga olib go‘sht sal hidlanib qolibdi. Sizga malol kelmasa, guruchni bir qarab bering, qarichilik, ko‘zim o‘tmay qolyapti.
Kampirning ra’yini qaytarolmasligiga ko‘zi yetgan muallima kosani qo‘liga oldi.
Kampir hovlida qiy-chuv qilib yurgan bolalarga qararkan, Ozoda muallimaga yuzlandi:
– Bolam, Rustamjonni ham o‘qitgansiz-a?
– Bilaman, aya! Rustamjonning ham sinf rahbari o‘zim bo‘lganman-ku. O‘g‘lingiz faqat sinfning emas, butun maktabning faxri edi.
– Shunday bolamni necha yillardan beri ko‘rmadim, Ozodaxon. Bolamni sog‘indim, – kampirning kirtayib qolgan ko‘zlari yoshlandi. – Har kuni besh-olti marta chiqib yo‘l qarayman. Kecha-yu kunduz darvozani qulflamayman. Ko‘chada mashina to‘xtasa, yuragim shuvillab ketadi. Kechalari ko‘zim ilinmaydi, o‘zim bilan o‘zim gaplashib chiqaman. Ko‘rpa-to‘shaklarini yangilab qo‘yganman, yoz bo‘ldi deguncha kun ora oftobga yoyib, qaytarib to‘shayman. Kelmayapti, Ozodaxon, kelmayapti…
Ozoda muallima ko‘zini olib qochdi. Nima qilsin? Nima desa, kampirning ko‘ngli joyiga tushadi? Haqiqatni aytsinmi? O‘sha “temir quti” uyingizga shunchaki kelmagan, Rustamjon rostdan ham xizmat vazifasini o‘tayotgan paytda baxtsiz hodisadan vafot etgan desinmi? Buni qanday aytadi? Buni aytgan bilan kampir ishonadi deb o‘ylaysizmi? Axir o‘n yildan oshibdiki uni bu gapga hech kim ishontirolgan emas. Ozodaning xayolini yana kampirning yurakni o‘rtaguvchi savollari bo‘ldi.
– Meni sog‘inmadimikin?
– Aya, nimalar deyapsiz? Rustamjon unaqa yigitlardan emas.
– Hah, bolam-a! Unga Xudoning zorini qildim: armiyaga borma! Urishdim, yalindim, baribir ko‘nmadi-da!
Muallima noqulay ahvolda qoldi. Ko‘zlaridan shashqator yoshlar oqib, yuragining tubida yillab yig‘ilgan hasratlarini to‘kayotgan kampirni yupatishni ham, jimgina qarab o‘tirishni ham bilmasdi.
– O‘lganiga ishonmayman, ichimda nimadir “bolang tirik” deb aytadi. Kutaman, faqat kutaman. Otasining ham shu hasratda ko‘zi ochiq ketdi. Yoshim saksondan oshdi, qaddim bukildi. Besh kunligim bormi, yo‘qmi, Xudoning o‘zi biladi. Faqat Rustamjonim ko‘zim yumilgan kunning ertasiga kirib kelsa-chi? Men bolamning ko‘zlarini ko‘rmay ketsam, bolam kelib meni topolmasa, ruhim shu hovli tepasida chirqirab yuraveradimi? Shularni o‘ylab, Xudodan erta-yu kech ozgina, yana ozgina umr ber deb so‘rayman.
– Xafa bo‘lmang, aya. Hali keladi, bag‘ringiz to‘lib, bu kunlaringiz esdan ham chiqib ketadi.
Ozoda muallima ko‘z yoshlarini artdi. Ro‘molini yechib, qayta o‘radi.
* * *
Zamharir qish edi. Biroq o‘sha kuni kutilmaganda ertalabdan quyosh charaqlab chiqdi. Ammo bundan hech kim xursand emasdi. To‘g‘rirog‘i, Sanam kampirni bilganlar, taniganlar, hamdard bo‘lganlarning ko‘nglini zamharirning charaqlagan quyoshi ham yoritolmadi. Pastakkina hovli darvozasiga tumonat odam yig‘ildi. Ichkaridan xotin-xalajning qiy-chuvi baralla eshitilar, deraza yonida ikkita qotgan nonni quchoqlagancha Amir do‘konchi yum-yum yig‘lab turardi.
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 2-son.