Sarvar To‘rayev. Zarchopon (hikoya)

O‘g‘lim, bildim, haqiqat
Qahrdan qotib yotar.
Shamol bo‘lib hayqirgan,
Bir kun uni uyg‘otar.
Qutlibeka

– Tunlari g‘o‘daygan bu cho‘qqilardan pastga qishlog‘u shaharlarga qarasam, ko‘nglim buziliblar ketadi…
Barot kengliklarni ishg‘ol qilgan uylar chiroqlarining jimir-jimiridan qochib, ularga ters qarab yana yonboshladi. U qaragan tomonlarda osmonga bo‘ylagan, zimiston kechada osmon bilan sarhadlarini ajratib bo‘lmaydigan hur qoyalar bor edi. Biri yonboshlagan, boshqasi cho‘nqayib olganlarga falakning va cho‘qqilarning birlashib ketgan joyi ko‘rinmas, anglanilmas ediki, bunga ularning yaqinginasida ko‘kka o‘rlayotgan, cho‘pon bola yoqqan olovning yorug‘i ham sabab edi.
– Onamning zarchoponiga o‘xshaydi.
U bu gapni ovoz solib aytdimmi-ya, deb o‘zini o‘zi koyiy boshladi. Boshqalar eshitdimikan… biror she’riy satrga yoki qo‘shiqqa yo‘yishayotgan bo‘lsa yaxshiydi.
Bu gap uning ko‘ngil tubida ancha mahallardan buyon qamalgan, fursati kelibmi… tuyqus… sirg‘alib dunyoga kelgandi.
U shaharda ham ko‘p qavatli uyning ayvonida turib uzoqlarga yoyilib ketgan bu kabi chiroqlarga qarab shunday xayollanardi.
Gurung-gurungga ulanadi. Yoqilgan gulxan cho‘qqa va so‘ngra kulga aylana boradi. Borliq zulmatning qoq o‘rtasi tomon shoshadi.
Bir mahal qorong‘ilik qa’ridan cho‘ponning iti huradi, otarning boshqa bir tomonidan ikkinchi bir it unga jo‘r bo‘ladi.
– Shu enag‘ar jonga tegdi o‘ziyam, – cho‘pon qo‘zg‘alib o‘tirib oladi-da, yana deydi: – O‘lib o‘lmaydi, qolib qolmaydi.
Mehmonlar bir muddat diqqat qilib ro‘paradagi qoya tomondan kelayotgan shox-shabbalarning shitirlashini, mayda shag‘al toshlarning shovullab tushayotgan ovozini eshitdilar.
“Hu-hu”lagan qandaydir ovoz atrofdagi metin sukunatni buzdi. Tog‘ning turli tomonlaridan itlar hurdi, cho‘ponlarning “ol, ha”, – degan qiyqirig‘i uzun darani tutdi.
– Bu ayiqmi? – mehmonlardan biri ovozida hadik bilan so‘radi cho‘pondan.
– Ayiq, xuddi shunday ovozda sayraydigan qush ham bor. Bizning tog‘ ahli u qushni hilol deydi.
Qayoqqadir bir muddat g‘oyib bo‘lgan cho‘pon bola paydo bo‘lib, gulxanni qayta alangalatdi.
– Ayiq daraning narigi tomonidami?
– Yo‘q, dara bizga aks-sado qaytaryapti. Bu daralarda go‘shtxo‘r ayiqlar bo‘lmasdi. G‘amu tashvishimiz ham kam edi.

* * *

Sahar turib cho‘ponlar gulxan yoqadi. Qoravoyda suv qaynaydi. Tong uyg‘onadi. Hayot ham qaynay boshlaydi. Bobotog‘dan bosh ko‘targan quyoshning ilk zarrin nurlari Surxontoqqa tushadi. Ana shu ikki tog‘ orasidagi keng vohada yashovchilar cho‘ponlardan-da bir muddat keyinroq uyg‘onadilar. Ana shu tog‘larda tunlari izg‘igan jonzotlar o‘z inlari tomon shoshadilar.
Cho‘pon qirning tumshug‘ilab yuqoriga o‘rlardi. Otar archazor oralab o‘tlab borardi. Shu payt itlar allaqanday shovqinnimi, hidnimi payqab oldinga otildi. Otarning bir qismi ularning yugurigidan hurkib, pastga enib qoldi. Cho‘pon ham ovoz solib oldinladi-da, baland xarsangtosh ustiga chiqib, itlar ketgan tomonga tikila boshladi. Ro‘parada archazor yastanib yotardiki, payqash qiyin edi. Nihoyat, o‘sha tomonda cho‘pon avval o‘z itlarini, so‘ngra undan oldinroqda lapang­lab ketayotgan ayiqni va uning bolalarini xira-shiralikda zo‘rg‘a payqadi.
Yuqoridagi qo‘shni otarning itlari ham vovullab pastga endi, cho‘ponlar ham ularni shunday qilishga undashdi.
Ikki tomondan borgan itlar ona ayiq va uning bolalarini o‘rashdi. Ona ayiqning metin toqatiga, vazminligiga ham darz keta boshladi. Ortiga qaytib, itlarga tashlandi-da o‘kirganicha ularning qurshovini bir zumda yorib tashladi. Ikki it ilojsiz g‘ingshib, pastroqda qolaverdi.
Qolgan uch it ayiqvachchalardan biriga tashlanganida g‘oyat jahllangan ona ayiq u tomon shoshdi-da, kuchuklar ortga chekinarkan, bolasini tezroq yurishga undab, tumshug‘i bilan turtdi. Ona oldinladi, bolalari mag‘rur ergashdi. Itlar ularni izma-iz ta’qib etib kelaverdi.
Ona ayiq birdan cho‘nqayib o‘tirgan ko‘yi oyog‘i ostidagi katta-kichik toshlarni pastga turtib yubora boshladi. Bexosdan… u ko‘rmadimi, unutdimi, hayvon ekanligidanmi… ayiqvachchaning shundoqqina tepasidagi yirik xarsangtoshni qo‘porib tashladi va kech payqab qolib, o‘zi ham pastga otildi. Katta-kichik toshlar, shag‘allar bilan birga ayiqning bolalaridan biri ham dara tubiga tushib ketgan edi. Ona ayiq o‘kirganicha pastladi-da, hamon izidan qolmayotgan itlardan biriga chang solib bir urib, pastlikka otib yubordi.
Ayiq… uning ketidan ayiqvachchalar ovoz solganicha dara tubi tomonga enib ketishdi.
Cho‘pon bu kabi hodisotlarni ko‘p ko‘rgandir, shundan so‘ng hali otarga yetib kelmagan ikki itiga ham achinmagandir, biroq o‘shanda o‘z bolasini o‘ldirib qo‘ygan ona ayiqni o‘ylab diliga xiralik qo‘ngan edi.
Tushga yaqin suvloqqa kelgan qo‘shni cho‘ponlar ham bo‘lgan voqeani tinglashgach: “Yaxshi bo‘lmabdi-da”, – deya afsuslangan edilar. Shu kuni bu darada hech kim qorasini ko‘rsatmadi. Ikki o‘tinchiga ham cho‘ponlar tomonidan boshqa yo‘l va tomonlar ko‘rsatib qo‘yildi. Shu kech borliqqa sukunat cho‘mganida tog‘dagi cho‘pon-cho‘liq daradan elas-elas kelayotgan ona ayiqning mungli nolasi ostida, g‘amnok, shu bilan birga biroz hadik bilan tayoqlarini, ov miltiqlarini mahkam tutgancha uyquga ketishdi. Ertasi tongda cho‘pon hali otarini haydab chiqmasidan avval, uning qo‘shida qishloq ovchilaridan biri paydo bo‘ldi:
– Shomda eshitib kechasi bilan uyqum kelmadi. Sizga o‘xshagan cho‘ponlardan biri o‘lib yotgan bo‘rining yonidan o‘tib ketib, falonchining itiga o‘xsharkan, dermish. Daraga tushib bormadingizmi? U bolasini qo‘riqlab yotarmidi… ketadi-da.
Ovchi daraga enib ketdi, shu ketishda uni hech kim ko‘rmadi. Qishloqdan qaytgan cho‘pon bolalardan biri ovchini tuman markazidagi kasalxonaga olib ketishganini, ikki gapning birida o‘g‘liga ona ayiq yarador bo‘lganligini, tezda o‘lishini, o‘lganida uning terisi-yu, tirnog‘igacha o‘zi egalik qilishi kerakligini ta’kidlayotganligi haqida gap topib keldi.
– Balki… shundan… ona ayiqning nolakor ovozi kuchaygandir, – xayollangandi cho‘pon. Biroq boshqa hech kim bu tomonlarga yelkasiga miltiq osib, ona ayiqni otaman, boylik topaman, deb kelmadi.
Birodar, farzandidan judo bo‘lgan onaning g‘amnok, ko‘pchilikka tanish bo‘lmagan, so‘zini hech kim yozmagan va unga hech kim musiqa bastalamagan nolakor qo‘shig‘ini tinglaganmisiz? Buni faqat ona his qiladi va ayta oladiki, bu xoh ovoz, hoh nola, hoh o‘kirish bo‘lsin, tirik jonni, odamzodni shiddatli evrilishlariga sabab bo‘lmasdan qolmaydi.
Bir kuni dara tepasida o‘laksaxo‘r qushlar aylana boshlaganida, cho‘ponlar ona ayiqni o‘lganga yo‘yishdi. Biroq o‘sha tun ham odatiydek, o‘sha tanish ovoz darani larzaga to‘ldiraverdi.
– Darada ayiqning bolasidan asar yo‘q! – dedi uning yoncho‘ponlaridan biri. – Lekin qoyaning shundoqqina ostida do‘mpaygan toshlar uyumi bor, tushunishimcha ayiq o‘z bolasini toshlar bilan ko‘mgan.
– Bo‘lsa bordir! – pichirlaydi cho‘pon.
Odatda bu kabi jonivorlar ovga chiqishsa, hammaning, hamma narsaning hattoki, osmondagi samolyotning ham o‘z yo‘li bo‘lganidek o‘zlarining o‘rganib qolgan yo‘llari bo‘ylab yurishadi.
Keyingi paytlarda o‘sha ayiq qirlar ortidan o‘kirib yalangliklarga chiqar va daraga enib ketardi. Bir muddatdan so‘ng yana paydo bo‘lib, qo‘tonning shundoqqina tepasidan o‘z yo‘lida davom etib ketaverardi.

* * *

– Onamning zarchoponi!!!
Bu chopon qachon sandiqning tubiga joylanganini ko‘rmagan, eslolmaydi ham.
Bir kuni onasi to‘shaklar taxlamini tushirib, sochpopugiga doim osib yuradigan kalitcha bilan sandiqni ochganida bu yalt-yult qilayotgan narsaga ko‘zi tushgan, e’tiborini tortgan, nima ekanligini so‘rashga og‘iz juftlaganida ikki taqsimchada qand-qurs tutqazib: “Zing‘illab dadangga yetkaz. Mehmonlarga salom berib kir”, – deya jo‘natgandi.
O‘sha bolakay shu kuni uyga kelgan mehmonlarning kim ekanligini, qanday gurunglar bo‘lganligini, salom berib kirdimi, yo‘qmi, ular alik olishdimi, aniq eslolmaydi.
– Ena, anov to‘nmi? – u onasi sandiqni yopib olmasidan shoshib uyga kirgandi, chunki doimo qulfloqlik turadigan sandiqning ichidagi noyob narsalar uni qiziqtiradi.
Ona sandiqning tubidan zarli to‘nni avaylab oldi, uzoq hidladi, entikib-entikib nafas oldi. Shunda to‘nning ichidan bir qog‘oz sirg‘alib tushdi. Bola uni qo‘liga oldi-da, dedi:
– Ichidan manovi rasm tushdi.
U gazetadan qirqib olingan surat parchasi bo‘lib, unda urushga ketayotgan tank­lar karvoni, ularning har birining ustida jilmayib turgan xushro‘y askar yigitlar aks etgandi.
Onasi bolasining qo‘lidagi gazeta parchasini olarkan, rangi oqarinqiradi. Tuyqus ko‘zlarida yosh ko‘rindi.
– Xotin! Piyola ham keltirsang-chi, uyda bo‘lmasa, ana, qo‘shninikida bordir! – Otasining hazilomuz ovozi keldi qo‘shni xonadan.
Ayol to‘nni sandiq ichiga tashlab, qopqog‘ini shosha-pisha yopdi-da, tashqariga otilib chiqib ketdi.
Shu bilan o‘g‘il shaharga o‘qishga ketdi-yu, sandiqning tubidagi yaltiroq to‘nni unutib yubordi.
Oradan yillar o‘tib, bolakay yigit bo‘lib, qishloqqa qaytganida ona taxmonni ag‘darib o‘sha zarchoponni olib chiqdi. Onaning ko‘zlarida tasvirlab bo‘lmaydigan xushnudlik zohir edi.
– Buni senga deb atab qo‘ygandim!
– Eh-he! – dedi yigit to‘nni qo‘llariga olib, aylantirib ko‘rarkan. – Amir Olimxonning zarbof to‘nimi, bu deyman…
– Shuni bir kiyib ko‘rgin, senga loyiq kelar, – ona sabrsizlik bilan o‘g‘lini uni kiyishga undardi.
– Daqqiyunusdan qolgan to‘nni-ya, ena.
– Bo‘yginangga bo‘ytumor, bolaginam, bu to‘nni yigirma ikki yildan buyon asrab kelaman. Uni har ko‘rganimda, ko‘nglimga qavilayotgandek ignalar urilib keladi-ya!
– E, bundoq atrofga qarang, hozir to‘n-do‘ppi kiyadigan zamonmi? To‘n-do‘ppining kiyiladigan joyi – janozaxonada-ku.
O‘g‘il istamaygina uni kiydi. Loyiq keldi.
– Kuyov bo‘lsam kiyarman, asrab qo‘yavering-chi! – dedi.
Ona esa o‘g‘lining: “Ena, bu juda chiroyli to‘n ekan-ku, shu bois ham yashirib qo‘ygan ekansiz-da. Avvalroq chiqarib bersangiz ham maza qilib, ko‘z-ko‘z qilib kiyib yurardim”, – deyishini kutgandi. Demadi.
Oradan yillar o‘tib, tuman markazidan qishloqqa eltadigan mashinalar turar joyida o‘g‘il bir ayol bilan paydo bo‘ldi.
Toqqa tomon o‘rlab borayotgan avtobusning o‘rta qatorida o‘tirgan o‘g‘il yo‘lovchilar orasida bo‘layotgan shivir-shivirlarga ham quloq tutgan, ayol esa tabiatning betakror go‘zalligidan sarmast, purviqor qoyalarni, daralarni tomosha qilib borardi.
– Tegirmonchining o‘g‘limi? O‘zgarib ketibdi-a… Bir zamonlar odamlar o‘qiyapti, qishloq xalqiga yordami tegar deyishardi, mana, salomini ham bermadi-ku.
– Nega unday deysiz, o‘zi yemay yedirgan, ichmay ichirgan Abduhazrat tegirmonchiga kelin olib borayapti-ku, – deydi ikkinchisi kinoyaomuz jilmayib.
– Bunday kelinni… eng avvalo o‘g‘ilni… – qo‘l siltaydi birinchi otaxon.
Shunda uchinchi birov Barotning eshitib ketayotganini payqaydi va gapni boshqa yoqqa burib yuboradi.
Ota va ona o‘g‘ilu kelinni yaxshi kutib olishdi. Ona o‘zida yo‘q xursand, to‘yga deb yiqqan bir sandiq matohlarini inqillab-sinqillab narigi xonadan sudrab chiqdi.
– Bu sizga, kelinjon, sizga deb ataganidim.
U sandiqdagi bor bisotini uy o‘rtasiga ag‘dardi.
– Buning hammasi sizga.
Ona kelinining: “Oyi, rahmat sizga”, – deyishini juda-juda kutgandi. Hatto qurg‘ur choli ham: “Kelining senga hali shunday deydi”, – degandi ham. Demadi. Uning mato uzatayotgan qo‘llarini o‘zidan qaytarib; “Yo‘q, shaharda bunaqasidan kiyishmaydi”, – dedi. Onaning qo‘llari sandiq tubidagi zarchoponga tegib, uni ham oldi, doimgidek to‘yib-to‘yib hidladi.
– Buni o‘g‘lim kiyadi… – dedi nihoyat. – Kiymasa, kiydirasiz, kelinjon.
– Shu yetmay turuvdi… – uzun qo‘ndirma tirnoqlari qo‘porilib tushmasin degandek, qo‘l uchida to‘nni tutgan kelini o‘g‘liga qarab istehzoli jilmaydi-da, yana dedi:
– Ishxonaga kiyib borsangiz-a?
O‘g‘il va kelin miriqib kulib olishdi.
Ona o‘g‘lining bu gal ham zarbof to‘nni kiymaydigandek tuyulganidan so‘ng, xomush tortib choliga bir nima desangiz-chi, degandek iltijoli boqdi.
– Onasi… kiyadi, olib ketadi! – dedi chol qat’iy ohangda.
Shunda onaning ko‘ngli borliqda yomg‘irdan so‘ng chiqqan quyoshdek yashnab ketdi.
– Voy, bizni haydayapsizlarmi? – daf’atan so‘radi kelin ulardan.
– Nega haydarkanmiz? Sizlarning bosgan izingiz ko‘zimizga to‘tiyo-ku, bolajon, – girdikapalak bo‘ldi ona.
Cholning polvonlik ori kelib, yuzini osmonga bo‘ylagan tog‘larga qaratib mum tishlab o‘tirardi. U shu kunlarda yanada munkayib qolgandek tuyuldi.
Kelganlar ketishga taraddud ko‘radi. Ona sandiqda asraganlari bilan ularning tugunini qappaytiradi. Kelin lab burib ayvonda o‘tiraveradi. Chol ziyrak ko‘z bilan yonboshlagan ko‘yi: “O‘g‘lim, qayerda bo‘lsang ham boshing toshdan bo‘lsin!” – deydi-da, ketayotganlarni kuzatgani ham chiqmaydi.
Kampir esa o‘g‘li va kelinini avtobusgacha kuzatib qo‘yarkan, uning holati tilla topgan gadoyni eslatardi. Avtobus o‘rnidan jiladi. Kampir uning ortidan qo‘l silkib ancha joygacha chopib boradi. Qishloq odamlari ularga ham tomosha, ham biroz achinish bilan boqadilar.
Oradan kunlar o‘tib, ona ko‘rpa-to‘shaklar orasidan kelini “Olib ketayapman”, – deya aldagan o‘sha zarchoponni topib olib, ko‘zida yosh halqalandi, o‘krab-o‘krab yig‘ladi.
– Qo‘y, yig‘lama, nevaralar kiyar, hali bularing hayotni qand deb, uni yeb yurganlardan… Esi kirib, qadrlab qolar. Qadr topibdi-yu, qadrlashni bilmabdi-da, – yupatadi chol.
O‘g‘ilning shu bilan, o‘zining aytishicha, ishi ko‘payganligidanmi, katta bir tashkilot og‘zidan chiqadigan gapga qarab turganligidanmi, o‘sha tomonlarda ildiz otib, o‘sha ildizlarni shaqirlatib olib kelishga kuchi yetmayotganligidanmi, “gadoy topmas bu tomonlardan” oyog‘i butunlay uzilib ketdi.
Cholni keksalikmi, kasallikmi, o‘ylovmi, tomoqmi, to‘shakka yiqitdi. Olis shaharda yashayotgan o‘g‘liga bu xabarni yetkazish ham ancha dushvorliklarni keltirib chiqardi. “Biz eringizning qishlog‘idanmiz, gap bor”, – deyishganida xotini, “Biz Barotjonning qishlog‘idanmiz, u kishini chaqirib bering”, – deyishsa kotiba qiz telefon go‘shagini tashlab qo‘yaverdi.
O‘sha shaharda o‘qiydigan, faqat televizorda ko‘rgan bo‘lsa-da, Barot Abduhazratovich bizning tomonlardan deb faxrlanib yuradigan talaba yigit ishxona eshigining oldida kuta-kuta tushlik payti bo‘lganda ko‘rib, otaning kasalligini aytdi-da, bir vaqtlar tanishishni maqsad qilib qo‘yganidan voz kechib tez-tez yurgancha ketib qoldi. O‘g‘il bugun boraman, ertaga boraman, deb yurdi-da, otasining janozasiga ham yetolmadi.
– Ozroq kutaylik, bitta o‘g‘lidan bo‘lak kimi bor, yo‘ldadir! – dedi kimdir.
Olomon norozi, past ovozda chuvillashdi.
– Bir hafta kelmagan, endi uchib kelarmidi…
– Sadqai farzand ket-e, ona ayiq o‘z bolasini ko‘mganida… eh, odamzod!
O‘g‘il xorijda chiqqan yengil mashinada qishloq ko‘chalarini changitib kirib kelganida, odamlar qabristondan bosh chayqab-bosh chayqab qaytib kelishayotgan edi.
Barot ma’raka kunlari qishloqda qolganida, kelib-ketayotgan odamlar xuddi sinchiklab tikilayotgandek, o‘zi tug‘ilgan uyning xarobaga aylanganligidan uyalib ketdi. Axir Barot Abduhazratovich shu mahallada tug‘ilgan, deb eshitganman deyishsa, shu choldevor uyni ko‘rsatishadimi…
Hovlida shahardan olib kelinayotgan qurilish materiallari xirmondek uyi­lib qoldi.
– Hashar qil! El-ulus yordam qiladi, – dedi ona.
U yaqinlarni, qarindosh-urug‘ni hasharga aytdi. Birov kelmadi. U peshonasiga bir shapati tushirdi-da, dedi:
– Eh… odamlar… otamning ma’rakasiga kelib ovqatlanib ketishni biladi, hasharga chaqirsa, joni chiqqudek bo‘ladi. Pul bu – dunyo ekanligi rost gap-da!
U shahardan mardikor ishchilarni yollab keldi-da, tez kunlarda qishloqdagi eng hashamatli uyni tiklatdi.
Kunlardan birida kampir uydan unutilib ketgan zarchoponni yana ko‘tarib chiqdi.
– O‘g‘lim, buni kiyib yurgin, sen tug‘ilmasligingdan oldin niyat qilgandim.
– Endi, ena, biz to‘n kiyadigan paytdan ham, yoshdan ham o‘tdik. Ana, Xayrullaga bering, kiyib yuradi, – deya kampirga qarash uchun o‘z uyiga ko‘chirib keltirgan jiyaniini ko‘rsatdi.
O‘g‘il yana o‘zining ta’biri bilan aytganda madaniylashmagan, qoloq qishloqdan taraqqiy topgan, ziyolinamo shaharga yo‘l oldi.
Birodar, er ayoli uchun payg‘ambaridek gap. Bir zamonlar Sulaymon podshoning qilichidek kesgir va chaqqon bu ayol endi o‘sha payg‘ambarning qurt tushgan hassasidek yemirilib borardi.
Kampir to‘shakka yotmadi. Qishloq odamlarining ta’biri bilan aytganda, “Azroil oson qildi-yu”, hech kimga bu dunyoning yashirin sirlaridan gapirmay, vasiyat ham qilmay, xayr-xushlashmay qo‘l siltadi-ketdi. Birov bildi, birov bilmadi.
Birodar, ota-ona kishiga ko‘rinmas ustun. Ulardan keyin nimaga suyanishni bilmay, holi bir muddat harob bo‘larkan odamzodning. Ana shunda kichkinagina, o‘zing yasagan sun’iy suyanchiqlaring ham mo‘rt chiqsa, aldanib loyga yiqilib olomonga kulgi bo‘larkansan.
O‘g‘ilning ahvolini charxpalakning suvni yuqoriga olib chiqib, so‘ngra uni suv yo‘liga to‘kib bo‘lgach, bo‘shab qolgan chelagiga qiyoslasa bo‘lardi.
Mast-sarmast gurunglarning birida xotini: “Hamma narsaga men tufayli erishdingiz, yoki gapim noto‘g‘rimi? Dadamning birgina qo‘ng‘irog‘i bilan ishga joylashdingiz, mansabingizni ham ko‘tarishdi. Uy va mashina olib berishdi. Sizning rahbar bo‘lishingiz ham dadamning uylaridagi bir banketda hal bo‘lgandi…”
Ana shunda bu oilaning ustunlari darz ketdi. Aslida ham bu oilaning poydevori mustahkam emasdi. Ko‘p o‘tmay ishdan ham bo‘shatishdi.
Odamlar avvallari birinchi bo‘lib uning qo‘lini olishni istagan bo‘lishsa, endi yangi rahbar tomonga qo‘l qovushtirib ketishadigan, uning qo‘llari esa havoda muallaq qoladigan bo‘ldi.
Barchasidan voz kechdi. O‘zida yashirinib yotgan, ota-bobosidan o‘tgan polvonlik g‘ururi oz bo‘lsa-da bor ekan, birodar. Qo‘l siltadi. Dunyoning bu kabi ishlarini tushunib, anglagan odamlar uchun esa uning bu holati g‘oyat achinarli, bechorahol ko‘rinardi. Ko‘ngliga hech narsa sig‘magan bir paytda, tog‘lar orasidagi do‘ppidekkina qishloqda qolib, hech bo‘lmaganida atrofdagi ikki-uchta qishloqda ham nomi chiqmay umrining ko‘pini yashab qo‘ygan do‘stlari uni topib kelishdi.

* * *

– Ota-ona degani odam uchun puflab shishirilgan sharga o‘xshaydi. Bir kuni paq etib yorilarkanu, hech vaqo qolmaskan. Bizdan oyoq uchida uzoqlashib ketishaverarkan. Bizni uyg‘onib, bezovta bo‘lmasin, derkan-da. Ulardan so‘ng odamzodning aksari g‘aflatda qolib, ayuhannos solarkanki, unda kech bo‘larkan.
– Jo‘ra, onang umrining oxirgi paytlarida bir zarchoponni egnidan qo‘ymay kiyib yurdi. Vafot etishi arafasida ham bu to‘nni tobutimning ustiga tashlang degan ekan, aytganidek qildik.
– Onamning o‘zi kiyibdi, – xayollandi u chuqur bir g‘amda o‘rtanib.
– O‘sha to‘nning ham alohida siri bor. Barotboy, siz bilasizmi shuni?
U shu damda boshqalar bilgan, biroq o‘zi bilmagan o‘sha to‘nning tarixini, ne sababdan qadrli ekanligini bir bor so‘ramaganligiga juda afsuslandi.

* * *

Insoniyat tarixida sabab so‘ralmaydigan, so‘ralganda ham yelka qisib qo‘ya qolinadigan nomli va nomsiz urushlar ko‘p bo‘lgan. Barotning tog‘asi harbiy xizmatdaligida ana shunday urushlardan biri boshlanib, uni ham o‘sha yoqqa olib ketishadi. Harbiy xizmatga ketmasligidan avval unga sinfdosh qizni unashtirishgan. Urushdan uning o‘zi emas, halok bo‘lganligi haqida bir parcha qog‘oz keldi. Barcha kuydi.
Birodar, bu dunyo o‘lmaganniki, deb to‘g‘ri aytishgan ekan.
Hamma narsa unutilarkan. Qiz boshqaga erga tegar bo‘ldi va negadir yigitni eslatadigan barcha narsaga o‘t qo‘ydi. O‘shanda Barotning onasi yetib kelmaganida, akasi kiyib ko‘rgan, to‘yga deb asralgan kuyovlik to‘ni ham yonib ketardi va balki bizning sizga aytajak bu hikoyamiz ham bo‘lmasmidi…
O‘shanda… Barotning onasi o‘shanda shunday xayollangandi: “Erimga kiydiraman, undan so‘ng bolamga, nabiramga shu to‘nni kiydiraman. Odamlarning ko‘ngli o‘shanda ana shu to‘ndek lovullasin”.

* * *

Yana bir tong otdi. Bu tongni tog‘ cho‘qqilaridan birida ottirgani uchunmi u Barot uchun o‘zgacha edi. Pastda yastanib yotgan ulug‘ vohaning quyoshni qarshi olishini tomosha qilib o‘tirdi. Otar qo‘tonida bir o‘zi qolgan, cho‘pon birga kelgan qishloqlik jo‘ralarini o‘zi bilan ergashtirib ketgan edi. Uning xayolini eshakning hangrashi buzdi. “Aytgancha, axir u jiyanining eshagini minib toqqa chiqib kelgan edi-ku”.
O‘rnidan turib, o‘tgan oqshom cho‘pon bola tomonidan arqonlangan joyda jonivorni ko‘rdi. “Ana u, xayriyat-e, kechagi ona ayiq… teginmabdi. Hartugur, birovning mulki…”
Hayvonning juli bir tomonga og‘ib qolgan, avvallari shunday holatni ko‘rishganlarida, bolalar bir-birlariga qarata: “Falonchiboy, eshagingiz sumkasini olib qayoqqa ketayapti”, – deya sho‘x qiyqirishardi.
O‘sha damlarni eslab, bolalikka qaytgisi, hammasini boshidan boshlagisi keldi.
Eshakni o‘tli tomonga yetaklab borib, gulmixini yerga qadadi. Jonivorning julini tekislab jullamoqchi bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, bolalikni yanada ko‘proq eslamoqchi bo‘lib, eshakning beltortig‘ini bo‘shatdi. Va uning ustiga kichraytirib maxsus tikilgan jullarni birin-ketin tashlab, taxlay boshlarkan, ko‘zlari eshakning ustidagi o‘sha tanish zarchoponga tushdi. Zarchoponga uzoq tikilib qoldi. So‘ngra uni silay boshladi va nihoyat, yosh bolalar singari o‘ksib-o‘ksib yig‘lashga tushdi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 8-son