Said Anvar. Ko‘rib turibman (hajviya)

— Rasulqori akamlar bilan to‘yga borib qoldik, men doirada, u kishi tanburda, — Olimjon aka hikoyasini boshlaydi. Eshituvchilar yuzida sal kulgi o‘ynaydi. Chunki mashhur hofiz Rasul qori Mamadaliyev haqidagi hikoyalarining hammasi ana shu so‘zlar bilan boshlanadi-da.
Muxtorali amakim darrov luqma tashlaydi:
— Olim yolg‘on topolmay qolsa, har zamonda rost ham gapirib turadi!
Olimjon aka o‘rtog‘ining gapiga parvo qilmay davom etadi:
— To‘yxonada odam hech qayerga sig‘maydi. Rasul qori akamlarning ko‘zlari yaxshi ko‘rmaydi, ammo buni tan olgilari kelmaydi. To‘yboshilar o‘ngda qolib, chap tomonga qarab, qo‘llari ko‘ksida, ta’zim qildilar: «Assalomu alaykum, to‘ylar muborak bo‘lsin!» Ustaning qulog‘iga sekin shivirladim: «Aka, to‘yboshilar bu tomonda». Qori akam, «Ko‘rib turibman!» deb jerkib, o‘ng tomonga yurdilar.
U zamonlarda stol-stul degan narsalar yo‘q, odamlar sholchalarni yozib, ko‘rpachalarni solib, chordonani qurib, shavla yeb o‘tirgan ekan, Rasulqori akam ular tomonga, «Qimirlamanglar, o‘tiraveringlar, ko‘rishganimiz — so‘rashganimiz», deya shahdam qadam tashlab, tovoqdagi shavlaga o‘ng oyoqlarini qo‘ydilar! «Usta, shavlani bosdin-giz!» dedim shosha-pisha. «Ko‘rib turibman!» deya qori akam chap oyoq-larini ikkinchi tovoqqa bosdilar.
— Qori aka bilmasdan shavlaga oyoq qo‘ysa, qo‘ygandir, ammo «ko‘rib turibman» degan so‘zni o‘zingdan qo‘shding, — deydi amakim jiddiy. — Ustangdan ham senga faqat ana shu «ko‘rib turibman» yuqqan, xolos.
Amakimning gaplarida jon bor. Olimjon akaning biror narsa o‘qiyotganini (ammo bu voqea ham juda kamdan-kam bo‘ladi) kuzatsangiz, chap ko‘zlarini yumib, o‘ng ko‘zlarini kitobga shunaqangi yaqinlashtiradiki, harflarni kipriklari bilan paypaslab ko‘rib bilyapti, deysiz!
O‘zlarining ta’riflari bilan aytganda, butun boshli maktabning bosh musiqa muallimi hisoblanishadi.
Amakim kulimsiraydi: «Sendan boshqa musiqa o‘qituvchisi bo‘lmasa, bosh bo‘lmay oyoq bo‘larmiding?!»
Maktabning bir emas, ikki xonadan iborat mehmonxonasi bor. Birinchi xonada sho‘rva pishirilsa, ikkinchida ichiladi. Sho‘rva! Shu boisdanmi izlagan o‘qituvchingizni shu yerdan topasiz. Xonalarning o‘rtasida bitta eshik bor. Eshikni ochib-yopish uchun har ikki tomoniga mix qoqib, qayirib qo‘yilgan. Mixning qoqilganiga necha yillar bo‘lgan, ammo uning o‘rniga ushlagich o‘rnatish hech kimning esiga kelmaydi, ko‘nikib ketishgan.
Amakimni izlab mehmonxonaga kirsam, xuddi o‘sha mixlarni sug‘urib tashlab, ushlagich o‘rnatayotgan ekan.
— Ie, kel, kel! — dedi u kishi men bilan so‘rashib. — O‘tirib tur, hozir birga sho‘rva ichamiz.
Amakim ishini tugallab chiqib ketdi-da, ikki kosada sho‘rva bilan kirib keldi. Hol-ahvol so‘rashib, sho‘rva ichishni boshladik.
— Ie, iye, iye! Toshkentlik kelibdi-yu! — deya eshikdan Olimjon akaning qorasi ko‘rindi. — O‘tiraver, keyin so‘rashamiz! — u kishi paltosini «Sho‘rva navbati» ro‘yxati osilgan mix ustiga ildi. Ol-dimdagi kosani olib, tashqariga yurdi. Eshik oldida paypaslanib, nimanidir qidirganday bo‘lib turdi-da, ortiga qaytib, kosani stolga qo‘ydi.
— Bu o‘qituvchilaringdan hech narsa qolmaydi-da! Shuniyam sug‘irib ketishibdi-ya! — dedi amakimga yuzlanib.
Amakim uning so‘zlarini javobsiz qoldirib, sho‘rvasini simirib-simirib ichdi. Olimjon aka paltosini olib, stol ustiga tashlab, mixni sug‘irdi. «Sho‘rva navbat» uchib, stol ostiga kirib ketdi.
— Bitta mix qancha turadi, axir o‘ylagin! — kuyunib javragancha tashqariga chiqib, qo‘lida bolta bilan ortiga qaytdi. Eshikni yopib, mixni qoqa boshladi.
Amakim Olimjon akani menga ko‘zi bilan imlab, kuldi.
Aka mixni qoqib bo‘ldi. Boltani tashqariga qo‘yib, oldimizdagi kosani oldi.
— Endi kim mana shu mixni sug‘irsa, bolta bilan kallasiga solaman! — dedi qo‘lini siltab. — Ushlagich-a, ushlagich u! — deya tashqariga yurdi.
— Hov, ko‘rib turibman! — dedi amakim uning ortidan. — O‘sha qoqqan mixingning bir qarich tepasiga qara-chi, ushlagich bormikan?
Olimjon aka butun diqqatini eshikka qaratdi, ushlagichni ko‘rdi, uni ushlagancha qiyqirib kuldi.
— Ko‘rib turibman, de! Ko‘rib turibman de, ko‘r! — amakimning kuchli ovozi uning kulgisini bosib ketdi.