Said Ahmad. Guvala (hajviya)

Hazil

Rayon sovetining sessiyasida maktablarda ishlab chiqarish ta’lim masalasi ko‘rilar edi. Rayon maorif bo‘limining mudiri bu masala yuzasidan juda yaxshi doklad qildi. Ammo u o‘n to‘rtinchi maktabda politexnika ta’limi ustaxonalari haligacha qurilmagan, rayon qurilish boshqarmasi bu ishga yuzaki qarayotganini tanqid qildi. Ana shundan keyin shu maktab direktorining o‘ziga so‘z berildi. Direktor kurilish trestiga qo‘shilib tanqid qilinganiga chidamay o‘tirgan edi. U qizishib gapga tushib ketdi:
— Mayli, trestdagi o‘rtoqlar shunday mas’uliyatli ishga panja orasidan qarab kelgan ekanlar. Bu alohida gap. Ammo biz ichki imkoniyatlardan to‘la foydalanib, politexnika ta’limi ishlarini yaxshi qo‘yib yuborganmiz. Men bunga konkret misollar keltirib, o‘z ishlarimizni namoyish qilishim mumkin.
Zal birdan jimib qoldi. Ustaxonasi yo‘q maktabda kanday kilib politexnika ta’limi yo‘lga qo‘yilishi mumkin ekanini bilishga qiziqib, qo‘llarini quloqlari orqasiga tutib, direktorning og‘ziga tikilishdi.
— Hamma qilgan ishlarimizni aytib vaqtingizni olmayman. Ammo eng xarakterlilari bilan tanishtirishim mumkin. O‘tgan birinchi chorak davomida to‘qqiz va o‘ninchi klass bolalari o‘qituvchilarning uylari, uchastkalariga borib qirq mingdan ortiq xom g‘isht, o‘n besh mingdan ortiq guvala quyib berdilar. Guvalalar sifatli kuyilgani bizni quvontiradi. Sakkizinchi klass bolalaridan to‘rt kishi fizika o‘qituvchisining yangi hovlisiga bir kir o‘ra, bir savzi o‘ra va bir chuqur o‘ra qazidilarki, bu sifatli o‘ralarni alohida qayd etmasdan o‘tolmayman. Hozir shu uchala o‘ra muvaffaqiyatli ravishda ekspluatatsiyaga topshirildi. Imtihon komissiyasi o‘ralarning chuqurligi va kengligini o‘lchab ko‘rib, besh baho qo‘yishni lozim topdi.
Qizlarimiz ham mashg‘ulotlarga muntazam qatnashib turiptilar. Ayniqsa, sakkiz, to‘qqiz va o‘ninchi klass qizlari maktab ma’muriyati xodimlarining uylariga borib, ro‘zg‘or ishlariga qarashmoqdalar. Qizlarimiz tashabbusi bilan o‘qituvchilarimizning uylarida o‘ttizdan ortiq ko‘rpa qavildi. Kir yuvish, dazmol bosish, qozon-tovoq yuvish ixtisoslari bo‘yicha durust natijalarga erishmoqdalar.
Boshlang‘ich maktab bolalarini ham politexnika ta’limidan chetda qoldirayotganimiz yo‘q. Ularga ham o‘zlariga bop ish topganmiz. Masalan, ular o‘qituvchilarimizning yosh bolalarini opichib, hovlilarini supurib bermoqdalar.
Endi kelgusi rejalarimizdan gapiraman. Qurilish tresti shunday sustkashlik qilar ekan, bunga ham chora topganmiz. Masalan, o‘quvchilar kuchi bilan maktab darvozasi biqiniga poyafzal remont qiladigan masters-koy, bir sartaroshxona quramiz. O‘g‘il bolalar sartaroshlik va tufli yamashni o‘rgansalar, qizlarimiz kassirlikni mashq qiladilar.
Ammo ishlarimizda nuqson bormi, bor. Masalan, ushbu masterskoylarimiz hali bo‘lmagani uchun biz boshka tashkilotlarga bola yuborib, hunar o‘rganishga majbur bo‘lmoqdamiz. Hozir shahar hammomida to‘rt bola xodimgarga shogird berildi. «Xush kelibsiz» qabristonining starshiy go‘rkovi ikki bolamizga o‘z mutaxassisligini tinmay o‘rgatyapti. Katta mahalla g‘assoli ikki o‘quvchimizni qunt bilan tarbiyalamoqda.
Katta ko‘chadagi komxoz kesib ketgan teraklarning to‘nkasini yaqinda umumiy o‘quvchilarimizning yordami bilan kovlab oldik. Yetti va sakkizinchi klass o‘quvchilarining tashabbusi bilan to‘nkalar sarjin qilindi. Biz mana shu yo‘l bilan o‘z o‘qituvchilarimizni qishki o‘tin-ko‘mir, ya’ni yoqilg‘i bilan to‘la ta’minlay oldik.
Shu payt choy olib kirgan chol luqma tashladi:
— Umiringdan baraka top, bolam. Men ham qarib qoldim. Ayniqsa, obed paytida choyxo‘rlar shoshirib qo‘yishyapti. O‘quvchi bolalaringdan menga ham choy tashiydigan shogird ber.
O‘tirganlar orasida g‘ovur-g‘ovur boshlanib ketdi. Bular rayondagi turli tashkilotlarning vakillari edi. Direktorni esankiratib qo‘yishdi.
— Chorrahani asfalt qilishga ishchi kuchi yetishmayapti. Yigirmata bola yuboring.
— Saksovul skladiga qirq bola.
— Qushxonaga qo‘y haydab kelish uchun o‘n besh bola.
— Tug‘uruqxona devorini oqlashga olti bola.
— Oshxonalar trestiga karam tuzlash uchun o‘n bola. Shu payt qo‘lida portfel bilan o‘n to‘rtinchi maktab
zavxozi kirib keldi. Uning afti-basharasi qop-qora edi.
— O‘rtoq direktor, o‘n uch mashina ko‘mir olib keldim. Shofyorlar dod, deb miyamni achitib yuborishdi. Ilmiy mudiringiz, uchinchi klass bolalari tushirib beradi, deyapti. Bo‘lmaydi, o‘ninchi bilan to‘qqizinchiga ruxsat bersangiz.
— Hozir, hozir, — dedi direktor. — O‘rtoqlar, biz politexnika ta’limini mana shu yo‘l bilan olg‘a surdik. Savollar bo‘lsa, marhamat. Ammo savollar yozma ravishda berilsa, yaxshi bo‘lardi.
Ana shundan keyin unga yozma savollar yog‘ilib ketdi. Minbarga yog‘ilgan qog‘ozlar orasida uning ishdan olingani yozilgan maorifning buyrug‘i ham bor edi. Politexnika ta’limida ham gap ko‘p-da. Direktorni o‘ninchi klass bolalaridan to‘rttasi chalpak qilib zaldan opchiqib ketishdi.