Safar Kokilov. Bir qultum suv (hikoya)

…Navbatdagi snaryadni otganimizdan so‘ng komandirning baqirgani eshitildi. — Hamma panaga! Okopga!
…O‘zimni torgina okopchamiz tagiga tappa tashladim. Qinidan chiqib ketguday bo‘lib urayotgan yuragim ham asta-sekin tinchiy boshladi. Boshimdan kaskamni yechdim-da, tagida g‘ijim bo‘lgan va terdan nam pilotkam bilan yuzimni artdim. Tepaga quloq solaman, nemis pulemyoti bizning o‘t ochish nuqtamizni o‘qqa tutyapti. Boshimizga qum va kesaklar to‘kiladi. Chor-atrofimizdan osmonga chang-to‘zon ko‘tarilmoqda. Biroq bu pulemyot o‘qlari bizga unchalik xavfli emas.
“Erga yaqinroq bo‘l, yer himoya qiladi. Okopni chuqurroq qazinglar”, deb komandirimiz javragan mahallarda okop qaziyverish malol kelgan paytlar ham bo‘lgan. Mana endi bilyapmizki, okopning chuquri jonning panohi ekan. Faqat dushman anavi chiyildoq olti og‘izli minomyotlaridan o‘q yog‘dirib qolmasa bo‘lgani. Shuni o‘ylasam, ko‘nglimga yana vahima aralash noxush bir xijillik oralay boshlaydi.
…Ishimiz o‘ngidan keldi. Biz hozirgina o‘zimizga topshirilgan vazifani uddaladik. Qirq besh millimetrlik to‘pchamiz bilan qarshimizdagi dushmanning portlovchi o‘q otadigan katta kalibrli pulemyot nuqtasini yakson qilib, piyodalar hujumiga yo‘l ochdik. Endi navbatdagi buyruqqacha dam olib tursak bo‘laveradi. Joyimizni payqab qolib, halidan beri akillab yotgan dushmanning boshqa bir pulemyoti ovozi ham nihoyat o‘chdi.
Yozning tip-tiniq osmoni. Okopga quyosh nuri tushib, qizdira boshladi. Tanamiz soyada bo‘lsa ham boshimiz qizib ketdi. Komandirimiz — starshina Fredkov bukchaygancha okopning soya tomoniga o‘tib o‘tirdi.
— Boplading-a, ablahlarni, — dedi u mamnunlik bilan kularkan, soqoli o‘sib, chang o‘tirib qolgan yuzi tirishdi. — Kombat ishni uddalasanglar, har biringni “Jasorati uchun” medaliga taqdim etaman degan. Medali yo‘qlar gimnastyorkasidan teshik hozirlayversin. Kombat bir so‘zli…
Hamma askar ham, ayniqsa, (hech qanday mukofot olmagan bo‘lsa) medal olsa o‘zida yo‘q xursand bo‘ladi. Xizmating taqdirlanayotganini his qilib turish yoqimli-da. Menda-ku ikkita medal bor, lekin manavi oshnalarim Fedotov bilan Xripinning ham gimnastyorkasiga bittadan nishon osilsa, zap ish bo‘lardi-da…
— Ha, bari bekor gap, qiziqtirish uchun aytaveradi-da. Bunday ochiq maydonda medal olaman deb o‘lib ketish hech gap emasligini o‘ylashmaydiyam…
— Nafasingni issiq qil-e. Mana, uddaladik-ku. Berishadi. Hozir mudofaada turibmiz. Bunday payt ish tez bitadi. Faqat diviziya komandiri qo‘l qo‘ysa bo‘ldi. Mana ko‘rasan, beradi, — dedi Fredkov shimining yon cho‘ntagidan tamaki xaltasini olarkan, so‘ng jiddiy ohangda so‘radi:
— Xripin, qalaysan? Ahvoling yaxshimi? Kechgacha chiday olasanmi?
Yuzi bo‘zargan, ko‘zlari ich-ichiga botib ketgan Xripin tagidan qon sizib allaqachon qip-qizil bo‘lib qolgan bint bilan o‘ralgan boshini quyi solganicha qunishib o‘tiribdi.
— Chidayman, …Faqat rosa chanqadim, — dedi u hirqiragan ovozda, chang, loy qotib qolgan lablarini yalab tamshandi.
Hamma beixtiyor kamarida osig‘lik suvdonga qo‘l yugurtirdi-yu, yana jim qoldi. Hech kimda suv qolmagan. Men belimga tomon siljib ketgan suvdonni paypaslab oldimga surdim-da kamarimdan yechib oldim. Chayqab ko‘rgan edim, tagida ozgina suv chayqalganday bo‘ldi. Idishning qopqog‘ini burab ochib, Xripinga uzatdim.
— Ma, ich. Ozroq borga o‘xshaydi…
— Yo‘g‘-e, ozroq bo‘lsa o‘zing ichaqol, — dedi u biroz o‘ng‘aysizlanib, lekin tuproqqa belangan, tirnalgan qo‘lini uzatdi. Ko‘zlari pirpirab, burun kataklari asabiy titrardi. Unga nisbatan qalbimda iliq bir mehr jo‘sh urganini sezdim.
— Ol, oshna, men chanqaganim yo‘q, ich, hammasini ich, — dedim mehribonlik bilan o‘zimning ham tanglayim qaqrab turganini his qilarkanman. Bechora oshnamizning jang avvalidayoq omadi chopmadi. Daydi o‘qdan boshi jarohatlandi. Ko‘p qon yo‘qotgani uchun ancha holsizlanib turibdi. Xripin suvdonni qo‘liga olib, ohista chayqatdi va og‘ziga olib bordi. Darrov qaytardi.
— Ich, yana ich.
— Ichdim. Rahmat. Maza qildim, — dedi u jilmayishga urinib.
— Suvni tejash kerak. Hali kechgacha o‘tiramiz. Qorong‘i tushgach, ovqatga borib kelasizlar, — dedi komandirimiz.
— Nomoz, menga ham uzat-chi. Bir xo‘play, — dedi Fedotov yonboshlab yotganicha qo‘lini uzatib.
Fedotov ham suvdonni chayqab ko‘rdi-da menga bir qarab qo‘yib, labiga tekizdi. So‘ng suvdon Shutimovga o‘tdi. Okop devoriga orqasi bilan suyanib oyoqlarini cho‘zib o‘tirgan Shutimov ham suvdonni boshiga ko‘tarib, bir xo‘pladi-da, komandir tomon uzatdi. Og‘zi-burnidan ko‘kimtir tutun chiqarib tamaki chekib o‘tirgan Fredkov ham og‘ziga bir tekkizdi-yu, suvdonni Obedkinga cho‘zdi. U ichmayman degandek bosh chayqadi. Suvdon o‘zimga qaytdi. Uni labimga olib borayotib, ichida Xripinga uzatayotganimda qancha suv bo‘lsa hali ham o‘shancha suv turganini his qildim. Do‘stlarim suvdondagi oxirgi tomchi suvni bir-biriga ilinib ichmasdan, faqat labini ho‘llabgina qaytarishgan edi. Men ham suvdonim tagidagi suvni ichib qo‘yishdan o‘zimni tiyib, qopqog‘ini yaxshilab qotirdim-da, kamarimga taqib qo‘ydim…

 “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 19-son